Muhandislik-texnologiya



Yüklə 2,19 Mb.
səhifə39/193
tarix11.12.2023
ölçüsü2,19 Mb.
#146521
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   ...   193
Falsafa

Baholash. Aksiologiyaning asosiy kategoriyalari qatoriga qadriyat bilan bir qatorda hajman juda keng tushuncha «baholash» ham kiradi. Baholash buyumning inson faoliyati, uning ehtiyojlarini qondirish uchun ahamiyatini anglab etish vositasi. Baholash sub’ektning o’z hayoti va faoliyati uchun hodisalarning ijtimoiy ahamiyatini aniqlashidir. U insonga hodisalar dunyosida mo’ljal olish imkonini beradi, uning faoliyatini yo’lga soladi. Baholash universaldir: u sezgilar va aql-idrok darajasida, emotsiyalar va tuyg’ular, tasavvurlar, idroklar, mulohazalar, mayllar, istaklar, intilishlar, afzalliklar va albatta, faoliyat ko’rinishida royobga chiqib, inson hayot faoliyatining barcha turlariga ta’sir ko’rsatadi.
Baholashning mohiyatini teranroq anglab etish uchun uni «qadriyat» bilan solishtirish o’rinli bo’ladi. Baholash va qadriyat bir-biri bilan uzviy bog’liq bo’lgan tushunchalar, lekin ularning o’rtasida jiddiy farq ham mavjud. Xo’sh, bu farq nimalarda ko’rinadi?
Birinchidan, qadriyat biz baho berayotgan narsa, ya’ni baholash predmeti bo’lsa, baholash bu baho berish jarayoni, ya’ni aqliy faoliyat bo’lib, uning natijasi o’laroq borliqning muayyan predmeti biz uchun qanday qimmatga ega ekanligi aniqlanadi. Predmetni yoki uning xossasini foydali, yoqimli, yaxshi, chiroyli deb topib, biz baholashni amalga oshiramiz.
Ikkinchidan, faqat ijobiy ahamiyat kasb etuvchi qadriyatlardan farqli o’laroq («salbiy qadriyatlar» bo’lishi mumkin emas), berilgan baho ijobiy bo’lishi ham, salbiy bo’lishi ham mumkin. Biz muayyan predmetni yoki uning xossasini foydali emas, balki zararli deb, topishimiz, muayyan xatti-harakatni yomon, axloqqa zid deb, baholashimiz, ko’rilgan filmni mantiqsiz deb, qoralashimiz mumkin. Bunday fikrlarning barchasi baholash hisoblanadi.
Uchinchidan, qadriyat amaliy munosabat mahsuli sifatida ob’ektiv hisoblanadi. Baholash esa, sub’ektivdir. U ob’ektiv qadriyatning sifatigagina emas, balki baholovchi sub’ektning ijtimoiy va individual fazilatlariga ham bog’liqdir. Ayni shu sababli, ayni bir hodisa ayni bir davrda yashayotgan odamlar tomonidan turlicha baholanishi mumkin.
Ehtiyojlar va qadriyatlar. Insonga nima muhim? Muhimliklar dunyosi qadriyatlar dunyosi bilan ayniymi? Inson faoliyatining birinchi manbai va harakatlantiruvchi kuchi ehtiyojlardir. Inson ehtiyojlari uning hayotini,xususan jismoniy, aqliy, ma’naviy, ishlab chiqarishga doir, oilaviy hayotni saqlash yoki o’zgartirish zaruriyatining ifodasi sifatida vujudga keladi. Ijobiy yoki salbiy aloqalar va munosabatlarning butun rangbarangligi tegishli ehtiyojlarni u yoki bu tarzda vujudga keltiradi. Inson bu ehtiyojlarni anglashi yoki anglamasligi yoinki noto’g’ri anglashi mumkin. Ammo, har qanday sharoitda ehtiyojlar insonni faoliyatga da’vat etadi. Bu faoliyat samarali yoki samarasiz, puxta oylangan yoki spontan va tartibsiz bo’lishi mumkin. Ehtiyojlar tashqi muhit predmetlari va sharoitlariga yoki ichki, ma’naviy uyg’unlikka erishishga muhtojlik sifatida anglanadi. Ular tashqi dunyo bilan muayyan munosabatlarda namoyon bo’lib, ob’ektlarni, o’zlari yo’naltirilgan mavjud borliqni ham, o’z manbai sanalgan sub’ektning muhim xususiyatlarini ham tavsiflaydi. Shaxs faolligining teran asosi sanalgan ehtiyojlar inson faoliyatini ularni royobga chiqarishga yo’naltiruvchi mo’ljallar, mayllar va manfaatlarda o’z rivojini topadi. Aynan ehtiyojlar inson ongining nisbiy mezoni, uning mayllari, manfaatlari, didlari va ideallarining poydevori hisoblanadi. Inson ehtiyojlari o’zgaruvchan, harakatchan, o’zaro bog’langan va bir-birining o’rnini bosishga qodir. Ularning ayrimlari vujudga keladi, ba’zilari yo’q bo’ladi, ayrimlari aktuallashadi, ba’zilari ikkinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Inson ehtiyojlari sifat jihatidan cheksiz va kengayishga qodir, zero, ularning shakllanishi individlarning bir-biri va jamiyat bilan ijtimoiy aloqalarining ko’p sonliligi va intensivligini aks ettiradi. Ijtimoiy hayotning, ijtimoiy munosabatlar majmuining murakkablashuvi va differensiatsiyalanishi, moddiy va ma’naviy hayotning o’z meyorlari va qadriyatlari bilan rivojlanishi, inson ma’naviy hayotining jo’shqinligi bularning barchasi uning ehtiyojlari o’zgarishi va rivojlanishini belgilaydi. Garchi, qadriyatlar ehtiyojlar bilan bevosita bog’liq bo’lsa-da, lekin ular bilan uzviy emas. Ehtiyojlar harakatchan, qadriyatlar nisbatan barqarordir; ehtiyojlar ierarxiyaviy bo’lib, ularning ierarxiyasi muntazam ravishda o’zgaradi, qadriyatlar esa nisbatan o’zgarmas va individ tomonidan uning ijtimoiylashuvi jarayonida o’zlashtiriladi. Bu hayotning har qanday sohasida yuz bergan yangiliklarga nisbatan ancha keng tarqalgan muxolifatni izohlaydi. Masalan, rim imperatorlari xristian dinining qimmatini tan olgunlariga qadar xristianlar asrlar mobaynida quvg’in qilinganlar. Belorusiyalik mashhur rassom Mark Shagalning o’ziga xos ijodi, garchi butun dunyoda yuksak baholangan bo’lsa-da, o’z vatanida hanuzgacha tan olinmagan va uncha ma’lum emas. Sezann ijodi rassomning o’limidan keyingina tan olingan, uning tiriklik paytida esa mazkur buyuk musavvirning asarlari Parijdagi zamonaviy san’at ko’rgazmalarida biror marta ham namoyish etilmagan, chunki nufuzli hay’at uning asarlarini diqqatga sazovor deb hisoblamagan va shu kabilar. Ayni hol shu bilan izohlanadiki, ehtiyojlar anglanishi yoki anglanmasligi yoinki noto’g’ri anglanishi mumkin. Shu sababli amalda muhim hodisalar qadriyatlar sifatida idrok etilmasligi, amalda qimmatga ega bo’lmagan narsa esa, yanglish tarzda qadriyat sifatida tasavvur qilinishi mumkin.
Jamiyat va inson hayotida qadriyatlarning roli. Ularni quyidagi uch guruhga ajratish mumkin:

  1. Inson va jamiyat uchun ikkinchi darajali ahamiyatga ega bo’lgan qadriyatlar. Bu shunday qadriyatlarki, ularsiz jamiyat va insonning normal faoliyati izdan chiqmaydi.

  1. Kundalik hayot va ehtiyojlar bilan bog’liq bo’lgan qadriyatlar. Bu guruhga aksariyat moddiy va ma’naviy qadriyatlar kiradi. Bular insonning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish, jamiyatning normal faoliyat ko’rsatishi va rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo’lgan qadriyatlardir.

  1. Oliy qadriyatlar bu o’z ahamiyatiga ko’ra eng yuksak darajada turuvchi, odamlarning fundamental munosabatlari va ehtiyojlarini aks ettiruvchi qadriyatlardir. Oliy qadriyatlarsiz nafaqat inson shaxs sifatida kamol topa olmaydi, balki jamiyat ham normal hayot kechira olmaydi. Oliy qadriyatlarning mavjudligi doimo individning shaxsiy hayoti chegarasidan chetga chiqish bilan bog’liq. Ular individni uning o’zidan yuksak bo’lgan, uning hayotini belgilaydigan, uning taqdiri uzviy bog’liq bo’lgan narsalar bilan oshno etadi. Ayni shu sababli oliy qadriyatlar odatda umuminsoniy xususiyat kasb etadi.

Insonning o’zi qadriyat hisoblanadimi, degan savolning ikki tomoni bor 1) inson uchun boshqa odamning va umuman insonning qimmati nimada? 2) uning o’z hayotining qimmati nima bilan o’lchanadi? Tafsilotlarga berilmay shuni qayd etamizki, bu savollarga javoblar aniq va uzil-kesil bo’lishi mumkin emas. Gap shundaki, individning boshqa odamlarga qiziqishi odamlar qandayligigagina emas, balki uning o’zi qandayligiga ham bog’liq bo’ladi. Bunga yana shuni qo’shimcha qilish joizki, inson hayotining va insonning qimmati to’g’risidagi masalaning qoyilishi tarixiy sharoitlar bilan bevosita bog’liq. Masalan, O’rta asrlarda feodal o’z krepostnoyini o’ldirishi jinoyat hisoblanmagan va jazoga tortilmagan. Hozirgi vaqtda har bir kishining yashash huquqi tan olingan va odam o’ldirish u yoki bu tarzda jazolanmaydigan mamlakat mavjud emas. Xullas,inson alohida, mutlaq qadriyat. Qolgan barcha qadriyatlar inson manfaatlari nuqtai nazaridan baholanadi. Har bir shaxs hayotda ma’lum bir maqsadni ko’zlab harakat qiladi. Biroq uning maqsadi ma’no va mazmuni jihatdan har xil bo’lishi mumkin.
Qadriyatlar ierarxiyasi. Qadriyatlar shaxs va jamiyat ehtiyojlari, manfaatlari bilan belgilangani bois, ular murakkab tuzilishga va alohida ierarxiyaga ega bo’ladi. Qadriyatlar ierarxiyasi zamirida tirik mavjudot sifatidagi inson hayoti uchun zarur bo’lgan fundamental qadriyatlar (tabiiy boyliklar, moddiy yashash sharoitlari turar joy, oziq-ovqat mahsulotlari, sog’liqni saqlash va sh.k.) va insonning ijtimoiy mohiyatiga, uning ma’naviy tabiatiga bog’liq bo’lgan oliy qadriyatlar yotadi. Birinchi guruhga moddiy (utilitar) qadriyatlar, ikkinchi guruhga esa ma’naviy qadriyatlar kiradi. qadriyatlarning birinchi guruhi insondan tashqarida yotuvchi maqsad bilan belgilanadi, ikkinchi guruh ichki asosga ega. Moddiy, utilitar qadriyat vositaning qimmatidir, zero, narsaning foydaliligi u nimaga xizmat qilishga mo’ljallangan bo’lsa, shu vazifa bilan belgilanadi. O’z vazifasini bajargach, bu narsa qadriyat sifatida o’z ahamiyatini yo’qotadi. Moddiy, utilitar qadriyatdan farqli o’laroq, ma’naviy qadriyat o’ziga to’q xususiyat kasb etadi va o’zidan tashqarida yotuvchi motivlarga muhtoj bo’lmaydi. Utilitar pragmatik qadriyatlar faoliyat maqsadini belgilasa, ma’naviy qadriyatlar inson faoliyatining mazmunini belgilaydi.
Shunga mos ravishda shaxsning ma’naviy dunyosi ham o’z ierarxiyasiga ega bo’ladi. Inson ma’naviyati uchta: ma’rifiy, axloqiy va estetik asoslarni o’z ichiga oladi. Ularga ma’naviy ijodkorlarning uch tipi: donishmand (biluvchi), taqvodor (avliyo) va san’atkor mos keladi. Bu asoslarning o’zagi ma’naviyatdir. Bilim bizga haqiqatning tagiga etish uchun imkoniyat yaratib, to’g’ri yo’l ko’rsatsa, axloqiy va estetik asos insonning o’z egoistik «Meni» chegarasidan chetga chiqib,ezgulik urug’ini sochish qobiliyati va ehtiyojini nazarda tutadi.Ma’naviy qadriyatlarning o’ziga xos xususiyati shundaki, ular noutilitar va noinstrumental xususiyat kasb etadi: ular boshqa biror narsaga xizmat qilmaydi, aksincha, boshqa barcha narsalar ularga boysunadi va oliy qadriyatlar bilan bog’liq holdagina muayyan mazmun kasb etadi. Oliy qadriyatlarning yana bir xususiyati shundan iboratki, ular muayyan xalq madaniyatining o’zagi hisoblanadi. Madaniyatda odamlarning fundamental umuminsoniy qadriyatlari: tinchlik, salomatlik va insoniyat hayoti mujassamlashadi. Madaniyatda muloqot qadriyatlari (do’stlik, mehribonlik, ishonch, oila), turmush tarzi qadriyatlari (ijtimoiy adolat, erkinlik, inson huquqlari va shu kabilar haqidagi tasavvurlar) o’z ifodasini topadi. Oliy qadriyatlar yo’l tanlash vaziyatlarining cheksiz to’plamida royobga chiqadi.
Shunday qilib, qadriyatlar tushunchasi shaxsning ma’naviy dunyosi bilan uzviy bog’liq. Aql-idrok, oqilonalik, bilimlar insonning maqsadga muvofiq faoliyatini belgilovchi ongning eng muhim elementlari hisoblansa, ular negizida shakllanuvchi ma’naviyat o’z hayot yo’lini, o’z faoliyatining maqsadlari va mazmuni hamda ularga erishish vositalarini tanlash to’g’risidagi masalani u yoki bu tarzda echayotgan inson hayotining mazmuni bilan bog’liq bo’lgan qadriyatlar qatoriga kiradi.
Yurtimizda bunday jamiyatni barpo etish barkamol inson shaxsini shakllantirishni talab etadi. O’z navbatida, ma'naviy yetuk avlod jamiyat taraqqiyotiga salmoqli hissa qo'shadi. Bugun bizning bosh strategik maqsadimiz bozor iqtisodiyotiga asoslangan, qonun ustuvorligiga tayangan, erkin, demokratik jamiyat barpo etishdir. Undagi «erkinlik», «demokratiya», «qonun ustuvorligi» so’zlariga e'tibor qaratish kerak. Bu tushunchalar O’zbekiston qurayotgan jamiyatning qanday umuminsoniy tamoyillarga, qadriyatlarga asoslanishini ko’rsatadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda yashaydigan barcha insonlar uchun millati, tili va dinidan qat’i nazar, munosib hayot sharoitini yaratib berish, rivojlangan demokratik davlatlar kabi kafolatlangan turmush darajasi va erkinliklarini ta’minlash davlatimiz siyosatining falsafiy mazmun-mohiyatini ifodalaydi. Bu — xalqimizning asriy an’analariga, insonparvarlik mohiyatiga, milliy qadriyatlarimizga sodiq qolgan holda rivojlangan davlatlar tajribalaridan shunchaki nusxa ko’chirmasdan, o’zimizga xos va o'zimizga mos yo’lni izchil davom ettirishni anglatadi. Bu jamiyat hayotini demokratlashtirish va erkinlashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, mamlakatimiz siyosiy hayotining barcha sohalarini, davlat va jamiyat qurishni erkinlashtirish, aholining siyosiy faolligini oshirish, siyosiy hayotda haqiqiy ma'nodagi ko’p partiyaviylikni qaror toptirishni bildiradi. Bu mahalliy hokimiyat va fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari faoliyat doirasini kengaytirish, ularga davlat vakolatlarining bir qismini bosqichma-bosqich o’tkazib borish, nodavlat va jamoat tuzilmalarining huquq va mavqeini oshirishni ko’zda tutadi.
O’zbekistonda demokratik jamiyat qurilishi jarayonlarining huquqiy asosini O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ko’ramiz. Konstitutsiya o’ziga xos falsafiy mazmunga ega bo’lib, unda O’zbekistonda qurilayotgan demokratik jamiyatning ustuvor maqsadlari, tamoyillari, inson huquq va erkinliklari o'zining yaqqol ifodasini topgan.
Xulosa qilib aytish mumkinki O’zbekistonni mustaqil rivojlanish yo’liga o’tganligi yangi qadriyatlar tizimi shakllanishi va barqarorligini ta’minlaydigan asosiy omildir. Mustaqillik tufayli dunyoga eshik ochish, jahon maydoniga, taraqqiy etgan davlatlar qatoriga sobitqadamlik bilan kirib borish, o’zaro iqtisodiy, madaniy, ilmiy, savdo va boshqa sohalarda qizg’in hamkorlikni yolga qo'yish, O’zbekistonni, uning boy otmishini, madaniyatini, hozirgi kunini va bu yerda amalga oshirilayotgan ozgarishlar jarayonini dunyoga tanitish imkoniyatlari ochildi.
Bugungi kunda yurtimizda yashayotgan va bizga zamondosh bo’lgan kishilar hayotida yangi davr boshlandi. Ya’ni mustaqil O’zbekistonimizning milliy istiqloliga asoslangan yangi qadriyatlar tizimini barqaror qilish, bu tizimda qadriyat shakllarining dialektik uyg’unligiga erishish, inson qadri, qobiliyati, iste’dodini namoyon qilish uchun keng imkoniyatlar yaratish borasidagi dolzarb vazifalar hozirgi avlod umrining mazmuniga aylandi.

Falsafa tarixida insonga murojaat etmagan, inson moddiy va ma’naviy borlig’ining turli tomonlarini bevosita yoki bilvosita tahlil qilmagan faylasuf yoki falsafiy yo’nalishni topish deyarli mumkin emas. Aksariyat falsafiy va diniy tizimlar, katta olam yoki makrokosmga zid o’laroq, insonga mikrokosm yoki kichik Koinot sifatida qarab, uni butun olamni tushunish kaliti, deb hisoblaganlar. Faylasuflar inson sirining tagiga etish borliq jumbog’ining tagiga etish bilan barobar ekanligini qayta-qayta anglab yetganlar.


Inson muammosi falsafaning azaliy mavzularidan biridir. Odamzotining dunyoga kelishi, boshqa jonzotlardan farqi, tabiat va jamiyatdagi o’rni, insoniy fazilatlari, shaxsiy xususiyatlari to’g’risidagi masalalar hamma davr fayJasuflarining diqqat markazida turgan. Fan sohasida odamning jismoniy tuzilishi, tabiiy-biologik xususiyatlarini o’rganish hamon davom etmoqda. Ijtimoiy fanlarda esa shaxs kamoloti, ijtimoiy, ma’naviy qiyofasi bilan bog'liq ji hatlari tadqiq qilinmoqda. Xullas, odamzod uchun o’zi va o’ziga o’xshagan boshqa kishilar, ularning xususiyatlari, jamiyatdagi o’rni, qadri, o’tmishi va kelajagi bilan bog’liq muammolar azalazaldan eng asosiy tadqiqot va kuzatish obekti bo’lib kelmoqda.
Inson avvalo tiriklikning eng oliy mo’jizasi, boshqa jonzotlardan ajralib turuvchi ijtimoiy mavjudot sifatida, tabiiy-tarixiy qadriyatdir.
Insonni ontologiya grekcha — borliq, nazariya, ta’limot va antropologiya grekcha — inson, ta’limot nuqtayi nazaridan, ya’ni insonni borliqning bir qismi sifatida talqin qilish ontologiya va uni vujudga kelishi, ijtimoiy xususiyatlarining shakllanishi bilan bog’liq tadqiqotlar (antropologiya) hamon davom etmoqda. Inson — tarixiy taraqqiyot jarayonida turli xislatlar, sifatlar va xususiyatlarga ega bo’lgan, ma’naviy-axloqiy jihatlarni qiyofasida aks ettirgan ijtimoiy mavjudot sifatida jamiyatdagi asosiy qadriyatdir. Shu bilan birga u olamga ijtimoiy munosabatda bo’lish, odamlar bilan muomala va aloqaga kirishish, mehnat qilish asosida moddiy va madaniy boyliklarni vujudga keltirish, tafakkuri, his-tuyg’ulari, fikrlarini tili vositasida ifodalash kabi xususiyatlarga ega bo’lgan umumijtimoiy vujud hamdir.
Inson jamiyatsiz yashayolmaganidek, jamiyat ham insonsiz mavjud bolmaydi. Nag qanday jamiyat o’zini tashkil qilib turgan kishilar faoliyati, o’zaro munosabati va umrguzaronligi bilan tirikdir. Shu ma’noda inson — har qanday jamiyat bor bo’lishini ta’minlab turadigan asosiy ijtimoiy elementdir. Bunday ta’minlab turish insonni individual — shaxsiy ishtiroki orqali, ya’ni biror guruh, qatlam, sinf, qavm, elat, xalq yoki millat doirasidagi faoliyati, oila va turmushdagi xatti-harakati, amalga oshirgan ishlari, yaratgan boyliklari, o’ziga va o'zgalarga nisbatan munosabati orqali namoyon bo'ladi.
Insonning kelib chiqishi eng murakkab va jumboqli fenomenlardan biri hisoblanadi. Qadim zamonlardan boshlab ushbu fenomenni tushuntirishda bir-biriga qarama-qarshi bo’lgan ikki paradigma mavjud: insonning xudo tomonidan yaratilganligi g’oyasi va tabiiy tarixiy evolyusiya g’oyasi.
Yaratish nazariyasi. Ibtidoiy miflarda odamlarning kelib chiqishi ko’pincha mifik qahramonlarning transformatsiyasi, totem ajdodlar, butun mavjudot yaratilgan mifik davrdagi personajlarning transformatsiyasi natijasi yoki ularning ijod mahsuli sifatida tasavvur etiladi. Ayrim miflarda odamlarning paydo bo’lishi tasodifiy xususiyatga ega bo’lsa, boshqalarida demiurglar totem ajdodlarning ongli ishi sifatida aks ettiriladi.
Yangi Gvineyadagi papuaslarning tangu qabilasi miflarida afsonaviy qahramon odamlarni qapqonga ilingan to’ng’izlarning maydalangan bo’laklaridan yaratadi. Tasmaniyaliklarning tasavvurlariga ko’ra dastlabki odamlar Mopxerni nomli mifik mavjudot tomonidan dumli, bo’g’insiz oyoqlarga ega bo’lgan hayvon qiyofasida yaratilgan. Keyinchalik boshqa bir afsonaviy mavjudot Drumerdim ularning dumlarini kesib tashlagan va yog’lar yordamida tizzalarini bo’qiladigan qilgan. Avstraliya aborigenlari va Yangi Gvineyadagi papuaslarning marind-anim qabilasining afsonalariga ko’ra odamlar dastlab yarim odam, yarim hayvon qiyofasida, ko’zlarsiz va og’izsiz, oyoq-qo’llarining uchlari yopishgan holda mavjud bo’lgan. Demiurglar pichoqlar yordamida ularni hozirgi holatga keltirganlar.
Ancha keyinroq paydo bo’lgan miflarda birinchi odamning paydo bo’lishi xudolar tomonidan yaratilish g’oyasi bilan bog’lanadi. Jahon dinlarida mavjud bo’lgan yaratilish aktining barcha tasvirlari o’z ildizlariga ko’ra aynan mifologiyaga borib taqaladi. Masalan, jahon dinlarida keng tarqalgan insonning xudo tomonidan loydan yaratilganligi haqidagi tasavvurning mifologik ildizlarga ega ekanligi yaqqol ko’rinib turadi. Vavilonda yaratilgan poema "Enum Elish»da tasvirlanishicha dastlabki odam tartib xudolari va tartibsizlik (xaos) xudolari o’rtasida bo’lib o’tgan urushdan so’ng loy va qondan paydo bo’lgan. Qadimgi Misrdagi afsonalardan birida Xnum degan xudo odamni kulolchilik charxi yordamida loydan yasalganligi aytildi. Ayolning erkak kishining qovurg’asidan yasalganligi motivi Mesopotamiyada yaratilgan miflarga borib taqaladi. Insonning xudo tomonidan yaratilganligi haqidagi paradigma har doim diniy e'tiqodlar va ishonchlarga asoslangan. Fan antropogenez jarayonini yoritib bera boshlashi va dindan bu sohani tortib olishi munosabati bilan kreatsianizm o’z mavqeini mustahkamlay boshladi. Bu hol tegishli institularning yaratilishi, ilmiy anjumanlar o’tkazilishi, kreasinistik adabiyotlar va filmlarning paydo bo’lishida o’z aksini topdi.
Hozirgi zamon kreatsianizmi quyidagi yondashuvlarga asoslanadi:
Birinchidan, bu odamning azaldan mavjud bo’lganligi g’oyasidir va u odamning eng qadimgi davrlarga oid qazib topilgan hayvonlar (masalan, dinozavrlar) bilan bir paytda mavjud bo’lganligini isbotlovchi dalillarni qidirib topishda ifodalangan. XX asr 60-80 yillarda Texasdagi Palluks daryosi havzasida topilgan 120 million yil ilgari qoldirilgan bir izni ana shunday dalillardan (insonning eng qadimgi davrdagi izi) biri sifatida ko’rsatishga urinishlar bo’lgan edi. Ammo keyinchalik ma'lum bo’ldiki, u qadimgi kaltakesakning izi ekan.
Ikkinchidan, bu insonning va qazilmalar orqali topilgan primatlarning tadrijiy taraqqiyotida qandaydir oraliq bo’g’inlar bo’lganligini inkor etishdan iborat. Kreatsianistlarning fikricha, qazilmalar chog’ida topilgan barcha suyaklarni yoki odamniki, yohud maymunniki sifatida tasnif qilish lozim. Boshqacha qilib aytganda xudo hamma turlarni ular qanday bo’lsa shunday yaratgan va odam ham avval boshdanoq odam bo’lgan. Biroq, fanga ma'lum barcha qazilmalar chog’ida topilgan gominidlar bunday bir xillikka ega emas, chunki ularda maymunlarga xos xususiyatlar bilan odamga xos xususiyatlar birlashib ketgan.
Uchinchidan, bu yetarli ma'lumotlar bo’lmaganligi uchun gipoteza sifatida qaraluvchi antropogenezga oid bir qator nazariyalarning tanqid qilinishidir.
Kreatsianizm bugungi kunda ham keng tarqalgan. Bir qator mamlakat(davlat)larda insonning kelib chiqishi haqidagi kreatsianistik va evolyusion qarashlarni maktablarda o’qitish masalasida keskin kurash bormoqda. 1925 yilda (AQShning) Tennesi shtatidagi Dayton shahrida o’qituvchi Djon Skops ustidan o’tkazilgan sud bugungi kunda barchaga ma'lum. U o’quvchilarga Darvin nazariyasi va uning odamning maymundan kelib chiqqanligi haqidagi gipotezasi xususida so’zlab bergan edi. 1986 yilda esa Mobayla shahri sudi Alabama shtatining ta'lim boshqarmasiga qarshi da'vo bilan ish qo’zg’adi. Bunga ta'lim boshqarmasining «dinga va xudoga qarshi mazmundagi 45 darslikdan o’rta maktablarda foydalanishga ruxsat berganligi» sabab bo’lgan edi. Kaliforniyaning ayrim shaharlarida evolyusiya nazariyasini o’z ichiga olgan darsliklardan foydalanish taqiqlangan.
Shu sababli yaqinda amerikalik yirik 72 ta olimlar Nobel mukofotining sovrindorlari kreatsianistlarning insonning xudo tomonidan yaratilganligi g’oyasi va evolyusiya nazariyasini «teng huquqli» ravishda o’quv dasturlariga kiritish va o’qitish uchun urinishlariga qarshi chiqdilar. Bironta boshqa hujjat shunchalik ko’p sonli Nobel mukofoti sovrindorlari tomonidan nizolanmagan edi. Ularning mazkur qadami shu bilan taqozo etilgan ediki, zamonaviy, ilmiy bilishning yutuqlariga asoslangan ta'lim fan mezonlariga javob bera oladigan nazariyalarga asoslanadi. Bu eng avvalo, tegishli tarzda asoslab berish va isbotlashdir, kreatsianizm esa o’zining haqligini ko’rsatuvchi isbot-dalillarga ega emas.
Keyingi paytda «kosmik tajriba» nazariyalari paydo bo’ldiki, ularning markazida ham odamning yaratilganligi haqidagi g’oya turadi. Diniy talqinlardan farqli o’laroq, ushbu nazariyalarda inson qandaydir o’zga planetaga mansub sivilizatsiya tomonida yaratilgan deb tasdiqlanadi.
Ushbu konsepsiyaga ko’ra, yerdagi ko’plab noyob inshootlar (Misr ehromlari, Pasxa orolidagi toshdan yasalgan ulkan haykallar, faqat tepada qaraganda ko’rinadigan benihoyat ulkan rasmlar va hokazo) ana shu o’zga sayyoraliklar tomonidan yaratilgan deb hisoblanadi.
Fan o’zga sayyoralarda sivilizatsiyaning mavjudligini va ular yerga kelgan bo’lishlari mumkinligini prinsip jihatidan inkor etmaydi. Biroq, insonning o’zga sayyoraliklar tomonidan yaratilganligini tasdiqlovchi hech qanday dalillar mavjud emas. Bu mavzuga oid barcha mulohazalar hozirga qadar mushohada-gipoteza bo’lib qolmoqda.

Yüklə 2,19 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   ...   193




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə