O’zbekiston respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligi atrof muhitni muhofaza qilish sohasida faoliyat ko’rsatayotgan xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi mustaqil ish



Yüklə 59,1 Kb.
səhifə1/2
tarix23.12.2023
ölçüsü59,1 Kb.
#157771
  1   2
YER VA SUV RESURSLARINI MUHOFAZA QILISHDA XALQARO HAMKORLIKNING AHAMIYATI


O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI EKOLOGIYA, ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISH VA IQLIM O’ZGARISHI VAZIRLIGI
ATROF MUHITNI MUHOFAZA QILISH SOHASIDA FAOLIYAT KO’RSATAYOTGAN XODIMLARNI QAYTA TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISH MARKAZI


MUSTAQIL ISH

Mavzu: YER VA SUV RESURSLARINI MUHOFAZA QILISHDA XALQARO HAMKORLIKNING AHAMIYATI



Topshirdi: __Raxmonov Zafarjon ____________________ _____________
(F.I.Sh) (imzo)


Qabul qildi: _O.Bo’tayev________________________________
(F.I.Sh) (imzo)



Guruh № 3.23


Toshkent-2023

YER VA SUV RESURSLARINI MUHOFAZA QILISHDA XALQARO HAMKORLIKNING AHAMIYATI
Reja:
1. Yer va suv resurslarini muhofazasi masalasida xalqaro hamkorlikning zaruriyati
2. Yer va suv resurslarini muhofaza qilish bo`yicha davlatlararo bitimlar.
3. Yer va suv resurslari muhofazasi bilan shug`ullanuvchi Xalqaro tashkilotlar va ularning faoliyati


Darsning maqsadi: Ona tabiat va uning boyliklarini, atrof muhit musaffoligini saqlab qolish, bir mamlakat doirasidan chiqadigan yoki global xarakterga ega bo`lgan ekologik muammolar borasida xalqaro hamkorlik qilish zaruriyati bu borada vujudga kelgan Xalqaro tashkilotlar faoliyati to`g`risida tushuncha berish


Tabiat muhofazasi masalasida xalqaro hamkorlikning zaruriyati
Inson tabiiy resurslarini o`zlashtirishi davomida tabiatni ma'lum darajada kabag`allashtiradi va yetkaziladigan bunday zararni kamaytirish, muhitni tozaligini saqlash bo`yicha ayrim xalqlar va mamlakatlar miqyosida olib borilayotgan ishlar chuqur tarixiy ildizga ega. Miloddan ancha ilgari Qadimgi Vavilonda hamda Xitoyda o`rmonlarni asrash, Hindistonda hayvonlarning asrash, Rim podsholigida suvlarni ifloslamaslik tartib-qoidalarining qonun kuchiga kiritilganligi, qonunga xilof ish tutganlarga og`ir tan jazosining tayinlanganligi ajdodlarimizning tabiatga qanchalik e'tiborli bo`lganliklaridan darak beradi.
Tabiiy boyliklarni tobora ko`p o`zlashtirish hisobidan kapitalistik jamiyatining rivojlanishi undagi ba'zi mamlakatlar hududida tabiiy resurslarining jiddiy kamayib ketishiga, suv havo va tuproqning ifloslanishiga olib keldi. Kapitalistik mustamlaka va karam mamlakatlarining tabiiy resurslaridan ayamasdan foydalandilar va u yerlarning tabiatiga jiddiy ziyon yetkazadilar. Shuning uchun ham ular oldiga tabiatdan foydalanish va uni muxofaza qilish ishlarini tartibga solish zaruriyati boshqalardan ko`ra ancha oldinroq ko`dalang bo`lib chiqdi. Buning uchun tabiiy resurslar, ularning turlari va zahiralarini o`rganish, ularni muhofaza qilish tadbirlarini ishlab chiqish asosiy masalalardan biriga aylandi. AQSH va Angliyada bu borada maxsus ilmiy tadqiqot institutlari tashkil qilinib, ularga keng ko`lamda ishlash sharoitlari yaratib berildi.
Rivojlangan mamlakatlarda tabiat muhofazasiga doir tartib va qonunlar boshqalarga ko`ra ancha ilgari kengroq va chukurroq tatbiq qilindi. AQSH va Ruminiyada neft konlaridan qat'iy qoida asosida foydalanish qonunining o`rnatilishi, Angliyada ov hayvonlarini ko`paytirish bo`yicha zakazniklar tashkil qilinishi, Avstraliya va Hindistonda tuproq eroziyasining oldini olish bo`yicha qat'iy choralarining belgilanganligi hayot taqozisidan kelib chiqqan bo`lib, taxsinga sazovor ishlardir. Lekin tabiat muhofazasining alohida olingan bir mamlakat hududida u yoki bu ma'noda bajarilishi yetarli samara bermaydi. Binobarin, sayyoramiz yagona va yaxlit bo`lib, uning tabiati va boyliklarining muhofaza etilishi umuminsoniy vazifadir.
Tabiatni muhofaza qilish masalalari o`zlarining katta-kichikligi va xarakteriga ko`ra lokal (kichik), milliy (umumdavlat) va global (umumjahon) mavkelarida hal qilinadi. XX asrning oxirlariga kelib u ko`pgina masalalar bo`yicha global mavkega ega bo`ldi va butun dunyo ahamiyatiga molik darajaga ko`tarildi. Atrof muhitning sofligini saqlash, atmosfera havosini va undagi ozon pardasini muhofaza qilish, issiqlik balansini saqlash, Dunyo okeanlarini ifloslanishdan asrash, kamyob o`simlik va hayvonlarning genetik fondini saqlab qolish kabi bir qator muammolar paydo bo`ldi-ki, bularni alohida olingan bir mamlakat va hatto ayrim bir qit'a miqyosida ham hal qilishning imkoni yo`q. Bunday global masalalar faqatgina umumjahon miqyosida fikr va kuchlarni birlashtirib, kelishib ishlagandagina hal etilishi mumkin.
Tabiat muhofazasi bo`yicha global masalalarni hal qilish ikki shaklda amalga oshiriladi:
-davlatlararo ikki yoki ko`p tomonlama hamkorlik shartnomalari va bitimlar tuzish;
-tabiat muhofazasi bilan shug`ullanadigan Xalqaro tashkilotlarni tuzish va ularning faoliyat ko`rsatishini ta'minlash.
Bu ikkala shakl o`rtasida ko`pincha ma'lum bir chegara qo`yilmay, ular baravariga olib boriladi. Binobarin, davlatlararo shartnoma va bitimlarning tuzilishida Xalqaro tashkilotlarning ta'sirchan roli bor.


Tabiatni muhofaza qilish bo`yicha davlatlararo shartnoma va bitimlar
Tabiatni muhofaza qilish bo`yicha davlatlararo shartnoma va bitimlar odatda bir xil geografik regionda joylashgan yoki tabiiy sharoiti va tabiatdan foydalanish bir-birigi o`xshash bo`lgan ikki yoki bir nechta davlat o`rtasida tuziladi. Global masalalarni hal qilishda Xalqaro tashkilotlar tashabbusi bilan davlatlararo deklaratsiya va konventsiyalar ham ishlab chiqilishi mumkin.
Davlatlararo dastlabki hamkorlik shartnomalari hayvonot dunyosini qo`riqlash va uning resurslaridan foydalanishni tartibga solishdan boshlandi. 1875 yilda Avstro-Vengriya va Italiya birgalikda qushlarni muhofaza qilish bo`yicha deklaratsiya qabul qilishdi. 1897 yilda Rossiya, Yaponiya va AQSH Tinch okeanida dengiz mushuklarini birgalikda qo`riqlash va ulardan foydalanish to`g`risida bitim tuzishdi.
Davlatlar o`rtasida hamkorlik ayniqsa XX asrning ikkinchi yarmida keskin rivojlandi. 1950 yilda Yevropa yovvoyi qushlarning barcha turlarini va ular yashaydigan joylarning tabiiy muhitini muhofaza qilish bo`yicha davlatlararo bitim imzolandi. Ma'lumki, qushlar o`zining mavsumiy ko`chib yurishida chegara bilmaydi – bir mamlakat hududida qishlagan ba'zi turlar yozda boshqa mamlakat hududiga borib yashaydi va ko`payadi. Ularning qishlov va yozlov manzillari orasidagi mo`l bir nechta mamlakatlarni kesib o`tadi. Bahor va kuzda qushlar ana shu mamlakatlar hududi orqali harakat qiladi va u yerlarda yo`l-yo`lakay ovqatlanib dam oladi. Bunday qushlarning alohida olingan bir yoki ikki mamlakat hududida qo`riqlanishi yetarli natijani bermaydi. 1971 yilda Eronning Ramsar shaxrida ko`pgina mamlakatlar ishtirokida suv va botqoqlik qushlarini asrash bo`yicha bitim tuzilib, unda bitimga qo`shilgan davlatlar hududidagi 400 ta ko`l va botqoqlik hududlarini alohida muhofaza ostiga olish belgilandi.
Ko`pgina davlatlarda ayniqsa kamayib qolgan hayvon turlarini birgalikda qo`riqlash to`g`risida bitimlarni tuzilishi bunday turlarni qirilib ketishdan asrash, ularning genofondini saqlab qolishda katta rol o`ynaydi. Bunday hamkorlikka 1974 yilda SSSR, AQSH, Kanada, Daniya va Norvegiya davlatlari o`rtasida tuzilgan Arktikada oq ayiqini muhofaza qilish to`g`risidagi bitim yaqqol misol bo`ladi.
XX asrning ikkinchi yarmida insonlar tomonidan qimmatbaho o`simliklarni yig`ish va chetga sotish, chet ellar uchun xaridorgir bo`lgan teri, shoh, tish va patlarga ega bo`lgan hayvonlarni ovlash avj oldi. Chetga sotish maqsadida ko`p miqdorda maymunlar, sayroqi va yirtqich qushlar, shuningdek toshbaqalar va boshqa hayvonlar tutildi. Brakonyerlarning bunday harakati Afrika, Osiyo va Janubiy Amerika tabiatni sezilarli darajada kambag`allashishiga olib keldi. Tabiiy boyliklar bilan bo`ladigan ana shunday noqonuniy savdo-sotiqning oldini olish maqsadida 1973yilda davlatlararo konventsiya tuzildi. Konventsiyaga ko`ra noqonuniy savdoga qo`yilishi mumkin bo`lgan o`simlik va hayvon turlari har bir davlat hududida o`sha davlatning harakatidagi qonunchiligi asosida qo`riqlanadi va ularni chetga sotish taqiqlanadi.
Hayvonlar muhofazasi bo`yicha tuzilgan Xalqaro bitimlarning ko`pchiligi baliq, kit va shu singari suv hayvonlarini ovlashni tartibga solishga qaratilgan. Bu masalada hozir yetmishdan ortiq shartnomalar tuzilgan. Ularning dastlabki 1882 yilda Rossiya, Novegiya, Shvetsiya, Angliya va Frantsiya ishtirokida Shimoliy dengizda baliq ovini tartibga solish masalasida tuzilgan edi. Hozirgi vaqtda bunday shartnomalar dunyo ekvatoriyasining katta qismini qamrab olgan. Masalan, 1958 yilda ochiq dengizlardagi tirik organizmlarni muhofaza qilish, 1966 yilda atlantika skumbriyasini, 1969 y. Janubiy-Sharqiy Atlantikadagi barcha turdagi suv hayvonlarini, 1957 yilda Tinch okeanidagi suv mushuklarini muhofaza qilish va shunga o`xshash ko`pgina davlatlararo shartnomalar tuzildi. 1959 yilda tuzilgan Xalqaro bitim Antarktida tabiiy komplekslarini muhofaza qilishda katta o`rin tutdi.
Ma'lumki suv transporti suvni ifloslovchi asosiy manba hisoblanadi. Suvni neft va neft mahsulotlari bilan ifloslanishdan saqlash hozirgi zamonning jiddiy masalalaridan biridir. Chunki 100 litr suvni ifloslash uchun 1 litr neft kifoya. Holbuki ehtiyotsizlik oqibatida yoki tankerlarning nazarda tutilmagan avariyalari sababli okeanlar suviga har yili millionlab tonna neft mahsulotlari bilan ifloslanishdan asrash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada ham davlatlar orasida tuzilgan bir qator bitimlar mavjud. 1954 yilda Londonda 20 ta davlat ishtirokida tuzilgan Konventsiya okean qirg`og`ining xar kaysi davlat chegarasidan 250 km. ichkarigacha bo`lgan masofada suvga neft mahsulotlari to`qishni taqiqlaydi. 1962, 1969 yillarda bu Konventsiya kuchaytirilib, suvga neft to`qishni taqiqlaydi. 1972 va 1973 yillari Londonda tuzilgan yangi Konventsiyaga ko`ra Dunyo okeanlarini nafaqat neft bilan, balki ularni hech bir chiqindi bilan ham ifloslamaslik belgilandi.
Davlatlararo bitimlarning muvaffaqiyati shundaki, ulardagi bandlarning bajarilishi bo`yicha davlatlar bir-birini nazorat qiladi va bajarishga majbur qiladi. Shuning uchun ham bunday bitimlar odatda, bajarilmay qolmaydi.
Davlarlararo bitimlar bilan biosferadagi boshqa tarkibiy qismlarning muhofazasi ham qamrab olingan. Bunga misol qilib atmosfera havosining birgalikda muhofaza qilinishini keltirish mumkin. Atmosfera oqimlari harakati bilan bir mamlakat havosiga chiqarilgan zaharlar boshqa mamlakatlarga ham tarqalishi mumkin. 1935 yilda AQSH bilan Kanada o`rtasida tuzilgan bitim Yevropa ittifokining «Havoni ifloslanishdan saqlash Deklaratsiyasi» printsiplariga misol bo`ladi.
Hozirgi kunning muhim vazifasi butun dunyoda tinchlikni saqlash, yer, suv va havodan harbiy maqsadlarda foydalanmaslikdir. Bu borada sobiq Sovet Ittifoqining xizmatlarini tan olmasdan bo`lmaydi. 1963 yilda Moskva imzolangan bitim atmosferada, kosmik fazoda va suv ostida yadro qurolini portlatmaslikni nazarda tutadi. Hozirgi paytda bu bitimga 100 dan ortiq davlatlar qo`shilgan. 1977 yilda sovet Ittifoqining taklifiga ko`ra Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assamblyayasi tabiiy muhitni ifloslamaslik va undan harbiy maqsadlarda foydalanmaslik to`g`risida muddatsiz Konventsiya qabul qildi. Bu ishlarning barchasi o`zimiz yashab turgan zaminimizni, biosferamizni omon-eson saqlab qolishga qaratilgan xayrli ishlardir.
O`zbekiston respublikasi o`z mustaqilligini qo`lga kiritgan dastlabki yillardanoq atrof-muhit muhofazasi bilan bog`liq bo`lgan ko`pgina Xalqaro Konventsiyalarda ishtirok etaboshladi. U 1993 yildan boshlab 1985 yilda Venada (Avstriya) qabul qilingan ozon qatlamini muhofaza qilish va 1992 yilda Nyu-Yorkda (AQSH) qabul qilingan iqlim o`zgarishi to`g`risidagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Konventsiyasida, 1995 yildan boshlab 1989 yilda Bazelda (Shveytsariya) qabul qilingan zararli chiqindilarni bir mamlakat chegarasidan boshqasiga olib o`tmaslik to`g`risidagi, 1992 yildi Rio-de-jayneyroda (Braziliya) qabul qilingan biologik xilma-xillik, 1994 yilda Parijda (Frantsiya) qabul qilingan cho`lanishga qarshi kurash Konvenntsiyalarida qatnashib kelmoqda (Xalqaro bitim va Konventsiyalarning to`liq ro`yxati matn oxirga ilova qilinadi).


Tabiat muhofazasi bilan shug`ullanuvchi Xalqaro tashkilotlar va ularning faoliyati.
Tabiiy resurslar tezkorlik bilan o`zlashtirilib, ulardan ajralayotgan chiqindilar miqdori tobora ko`payayotgan hozirgi sharoitda tabiat muhofazasi bilan dunyo miqyosida ish quruvchi tashkilotlarning mavjud bo`lishi muhimdir.
Bunday tashkilotlar ko`pchilik bo`lib, ularning eng yiriklari YUNEP, YUNESKO va MSOP hisoblanadi. Ulardan oldingi ikkitasi bevosita Birlashgan Millatlar Tashkilotiga tegishlidir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti o`zining ixtisoslashgan sessiya va qo`mitalarida tabiat muhofazasi bilan bog`liq masalalarni muhokama qilib boradi. Uning 1972 yildagi Stokgolm konferentsiyasida 1973 yildan boshlab «Atrof muhit Dasturi» ixtisoslashgan tashkiloti – YUNEP ni tuzish haqida qaror qabul qilindi. YUNEPning asosiy vazifasi atrof muhit holati hamda biosferadagi o`zgarishlarni kuzatib borish bo`lib, uning shtab-kvartirasi Keniyaning Nayrobi shaxrida joylashgan. U dunyo bo`yicha atrof muhitdagi o`zgarishlar haqida ma'lumotlarni to`plab borish bilan birga bu boradagi davlatlararo munosabatlarni muvofiklashtirib turadi, ularga keraklicha yordam ko`rsatadi va zarur hollarda qaror chiqarib u yoki bu davlatga ko`rsatma beradi hamda uning bajarilishini nazorat qiladi. Tabiiy muhitdagi o`zgarishlarni kuzatib borish maqsadida YUNEP ko`pgina davlatlar hududida biosfera qo`riqxonalarini tashkil qildirdi.
Birlashgan mamlakatlar Tashkilotining fan, texnika va madaniyat masalalari bilan shug`ullanuvchi tashkilot-YUNESKO tabiat muhofazasi to`g`risidagi ma'lumotlarni tarqatadi, atrof-muhit holatini o`rganish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish yo`llarini tashviqot qiladi. 1962 yil YUNESKO ning Parijda chaqirilgan Hukumatlararo konferentsiyasida bisofera resurslarini muhofaza qilish va ulardan unumli foydalanish dasturi qabul qilinib, bu dasturga «Inson va biosfera» (MAB) dastur nomi berildi.
1977 yilda YUNEP va YUNESKO hamkorligida Tbilisi shaxrida chaqirilgan Hukumatlararo konferentsiyada har bir davlatda aholining milliy xuxusiyati va jamiyatining rivojlanish darajasini hisobga olgan holda tabiat muhofazasi to`g`risida ta'lim berishni joriy qilish strategiyasi belgilandi.
Butun jahon tabiatni muhofaza qilish harakatini tashkil qilishda Tabiatni va tabiiy resurslarni muhofaza qilish Xalqaro ittifoqi-MSOP ning xizmatlari ayniqsa katta bo`lmoqda. 1923 yilda «Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro jamiyati» sifatida ish boshlagan bu tashkilot YUNESKO tavsiyasiga ko`ra 1948 yilda Parij yaqinidagi Fontenblo shaharchasida Ittifoq statusi bilan qayta tuzildi. Tabiatni muhofaza qilish xalqaro Ittifoqi o`ziga ko`pgina mamlakatlardagi davlat va milliy jamoatchilik tashkilotlari hamda xalqaro tashkilotlarni birlashtirgan. 1980 yil holatida uning a'zoligiga 51 davlat, 400 nodavlat va 28 ta xalqaro tashkilotlar kirgan edi. Hozirgi vaqtda bu raqamlar ancha kattalashgan. Sobiq Sovet Ittifoqidan MSOP ga 3 ta tashkilot a'zo edi. Bular-SSSR qishloq xo`jalik Vazirligi huzuridagi «Tabiatni muhofaza qilish, qo`riqxonalar, o`rmon va ovchilik Bosh Boshqarmasi», Butun rossiya tabiatni muhofaza qilish jamiyat va Turkmaniston tabiatni muhofaza qilish jamiyati. Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro Ittifoqining rahbar idorasi Shveytsariyaning Morj shahrida joylashgan bo`lib, uning oliy organi har 3 yilda bir marta chaqiriladigan Bosh Assambleyadir. 1978 yil Ashgabadda bo`lib o`tgan XIV Bosh Assambleyada olamshumul ahamiyatga molik bo`lgan hujjat-Butun dunyo tabiatni muhofaza qilish strategiyasi qabul qilindi. Bu hujjatda tabita muhofazasi to`g`risidagi bilimlarni keng tarqatish, tabiatni muhofaza qilish kursini maktabgacha tarbiya yoshidan boshlab, oliy o`quv yurtlarigacha o`qitish tavsiya etiladi.
MSOP faoliyatining asosiy yo`nalishlaridan biri Yer yuzidagi o`simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilishdir. Uning doimiy ishlaydigan 6 ta Komissiyalari mavjud. Ular-kamyob o`simlik va hayvon turlarini muhofaza qilish, milliy bog`larni muhofaza qilish, landshaftlarni muhofaza qilish, tabiat muhofazasi bo`yicha ta'lim ishini tashkil qilish, tabiat muhofazasi qonunchiligini ta'minlash va tabiat muhofazasida ma'muriy masalalar bilan shug`ullanish komissiyalaridir. Bu komissiyalar davlatlararo anjumanlar o`tkazib, turli masalalarni muhokama qiladi va tegishli qarorlar qabul qiladi. Bu qarorlarning bajarilishi garchi u yoki bu davlat uchun yuridik jihatdan majburiy bo`lmasada, lekin ular bajarilmay qolmaydi. Ana shunday qarorlar asosida Rossiyada 1976 yilda «Sterk operatsiyasi», o`tkazish boshlandi. Shuningdek Hindistonda «Yo`lbars operatsiyasi», yana boshqa hududlarda qoplon, yaguar, bugu, Prejevalsk otlari, dengiz toshbaqasi, timsohlar, kitlar va shu singari boshqa hayvonlarning kamyob turlarini muhofaza qilish bo`yicha turli tadbirlar o`tkazilmoqda.
Tabiatni va tabiiy resurslarini muhofaza qilish Xalqaro Ittifoqining yana bir olamshumul ahamiyatga molik ishi-uning kamayib ketayotgan va qirilib bitish xavfi bo`lgan o`simlik va hayvon turlari bo`yicha Qizil kitobni tashkil qilishidir. Bu fikr o`z vaqtida Komissiyaning raisi mashhur zoolog Piter Skott tomonidan ko`tarilib chiqilgan edi. Yer yuzidagi barcha kimyob turlarni o`z ichiga qamrab olgan bu Kitob 5 tomdan (sut emizuvchilar, Qushlar, suvda va quruqda yashovchilar hamda sudralib yuruvchilar, Baliqlar, Yuqori o`simliklar) iborat bo`lib, uning birinchi tomi 1963 yilda bosilib chiqdi. Butunjahon miqyosida bunday Kitobning chiqishi davlatlar va respublikalarning hududiy Qizil kitoblari tashkil qilinishga jiddiy turtqi bo`ldi. Shunga ko`ra sobiq SSSR Qizil kitobining birinchi nashri 1978 yildi, O`zbekiston respublikasining ikki tomdan iborat Qizil kitobi 1983 va 1984 yillarda bosilib chiqdi.
O`simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish bo`yicha Ittifoq tomonidan bajarilgan ishlarda ittifoqning vitse-prezidentlari lavozimida aktiv faoliyat ko`rsatgan mashhur rus olimlari G.P. Dementyev va A.G. Bannikovlarning xizmatlari katta bo`ldi.
Tabiiy muhofazasi bilan shug`ullanuvchi yuqorida keltirilgan yirik tashkilotlardan tashqari yana bir qator katta-kichik tashkilotlar ham bor-ki, ularning faoliyatida ham tabiat muhofazasi masalasi keng o`rin tutadi. Bularga misol qilib birlashgan Millatlar tashkilotining butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti (VOZ), Butunjahon meteorologik tashkiloti (VMO), Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi masalalari bilan shug`ullanuvchi tashkilot (FAO), Atrof muhit masalasi bilan shug`ullanuvchi Ilmiy qo`mita (SKOPE), shuningdek turli tizimdagi Xalqaro birlashmalar: suv havzalarini muhofaza qilish Xalqaro Kengashi, qushlarni muhofaza qilish Xalqaro Kengashi, Ovchilik bo`yicha Xalqaro muvofiqlashtiruvchi Kengash va boshqalarni keltirish mumkin.
Tabiat muhofazasi bilan shug`ullanuvchi Xalqaro Tashkilot va Fondlar ayniqsa keyingi paytlarda ko`payib bormoqda. Yevropa xavfsizligi va hamkorligi Tashkilot (OSCE), Yevropa iqtisodiy Komssiyasi (EEC), Xalqaro atom energiyasi agentligi (JAEA), Jahon banki, xalqaro EKOSAN Jamg`armasi, Yevvoyi tabiatni muhofaza qilish Xalqaro Fondi (WWE) va boshqa ko`pgina tashkilotlar bu xayrli ishda o`zlarining hissalarini qo`shmoqdalar.
Tashki muhitni muhofaza qilish va biosferadagi ekologik halokatning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1978 yildan boshlab har yilning 5 iyun kunini «Atrof muhitni muhofaza qilish Kuni» deb e'lon qildi.

Ilova


Atrof muhit muhofazasi bo`yicha tuzilgan Xalqaro Bitim
va Konventsiyalar ro`yxati (1995 yil yanvar holatida)

  1. Xavfli chiqindilarni bir mamlakat chegarasidan boshqa mamlakatga chiqarib tashlashni nazorat qilish Bazel Konventsiyasi.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1989y, Bazel, Shveytsariya
Qatnashchilar-71 davlat va EES (O`zbekiston 1995 yildan)

  1. Ozon qatlamini muhofaza qilish Vena Konventsiyasi.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1985y, Vena, Avstriya
Qatnashchilar-120 davlat va EES (O`zbekiston 1993 yildan)

  1. Biologik xilma-xillik to`g`risidagi Konventsiya.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1992 y, Rio-de-Janeyro, Braziliya
Qatnashchilar-167 davlat va YEES (O`zbekiston 1995 yildan)

  1. Suvdan suzuvchi qushlarning yashash muhiti hisoblangan suvlik va botqoqlik joylarni muhofaza qilish Ramsar Konventsiyasi.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1971 y, Ramsar, Eran
Qatnashchilar-61 davlat

  1. Yovvoyi tabiat fauna va florasining qirilib bitish xavfiga tushgan turlari bilan xalqaro miqyosdagi savdo-sotiq to`g`risida Konventsiya (SITES).

Qabul qilingan vaqti va joyi-1973 y, Vashington, AQSH
Qatnashchilar-119 davlat

  1. Havoning ifloslanishi va ifloslangan havoning mamlakat chegarasidan chiqib uzoq masofalarga tarqalishi haqidagi Konventsiya.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1979 y. Jeneva, Shveytsariya
Qatnashchilar-33 davlat va YEES

  1. Butundunyo madaniy va tabiiy meroslarini muhofaza qilish haqidagi Konventsiya.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1972 y. Parij, Frantsiya
Qatnashchilar-124 davlat

  1. Yovvoyi hayvonlarning ko`chmanchi turlarini muhofaza qilish to`g`risidagi Bonn Konventsiyasi.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1979 y. Bonn, Germaniya
Qatnashchilar-39 davlat va YEES

  1. Dengiz huquqlari bo`yicha BMT ning Konventsiyasi.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1982 y, Montego Bey, Yamayka
Qatnashchilar-157 davlat va YEES

  1. Cho`llanishga qarshi kurash Konventsiyasi.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1994 y. Parij, Frantsiya (O`zbekiston 1995 yildan)

  1. Boltiq dengizi hududida suv muhitini himoya qilish bo`yicha Konventsiya (XELKOM)

Qabul qilingan vaqti va joyi-1974 y, Xelsinki, Finlyandiya
Qatnashchilar-8 davlat

  1. Mamlakatlararo kontekstda tashqi muhitga o`tkazayotgan ta'sirni baholash bo`yicha Konventsiya.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1991 y, Espo, Finlyandiya
Qatnashchilar-27 davlat va YEES

  1. Qushlarni muhofaza qilish haqida Xalqaro Konventsiya.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1950 y, Parij, Frantsiya
Qatnashchilar-Yevropaning 10 ta davlati.

  1. Kit ovlashni tartibga solish bo`yicha Xalqaro Konventsiya.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1946 y. Vashington, AQSH
Qatnashchilar-44 davlat

  1. Birlashgan Millatlar Tashkilotining iqlim o`zgarish bo`yicha Konventsiyasi.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1992 y. Nyu-York, AQSH
Qatnashchilar –59 davlat (O`zbekiston 1993 yildan)

  1. Oq ayiqlarni muhofaza qilish to`g`risidagi Bitim.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1973 y, Oslo, Norvegiya
Qatnashchilar – 5 davlat

  1. Boltiq va Shimoliy dengizlardagi kichik kitlarni muhofaza qilish haqida Bitim.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1992 y, Nyu-York, AQSH
Qatnashchilar – 3 davlat (Germaniya, Shvetsiya, Birlashgan Qirolliklar ya'ni buyuk Britaniya Irlandiya)

  1. Davlatlar hududidan oqib o`tadigan daryolar va xalqaro ko`llardan foydalanish va ularni muhofaza qilish to`g`risidagi Bitim.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1992 y. Xelsinki, finlyandiya
Qatnashchilar – 24 davlat

  1. Arktika atrof muhitini himoya qilish Strategiyasi.

Qabul qilingan vaqti va joyi-1991 y, Rovaniyemi, Finlyandiya
Qatnashchilar – Arktika mintaqasining 8 davlati.

Yüklə 59,1 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə