O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta ta’lim vazirligi denov tadbirkorlik va pedagokika unversiteti


Nodira ijodida ishq – muhabbatning yoritilishi



Yüklə 101,08 Kb.
səhifə3/6
tarix21.10.2023
ölçüsü101,08 Kb.
#130009
1   2   3   4   5   6
Mashhura

1.2 Nodira ijodida ishq – muhabbatning yoritilishi
Nodira , avvalo, yuksak salohiyatli shoira edi. Uning she’rlarini e’tirof etish, unga naziralar yozish, muxammaslar bog‘lash o‘z zamonasidayoq boshlangan. Uning faoliyatiga, ijodiga oid ma‘lumotlar bir qator tarixiy va adabiy asarlarda uchraydi. Xxasrdan boshlab, u haqda maxsus ilmiy tadqiqot ishlari paydo bo‘la boshladi. Shoiraning “Nodira”, “Komila”, “Maknuna”(yashirin) taxalluslari bilan o‘zbek va tojik tillarida ijod etgani va asarlarining umumiy miqdori o‘n ming misra atrofida ekani aniqlandi. Nihoyat, u haqda adabiyotshunos M.Qodirovaning maxsus monografiyasi maydonga keldi.
Nodira she’riyati qizg‘in va hayajonli, boy va mazmundor, ayni paytda fojialar bilan to‘la hayotining o‘ziga xos sharhlaridan iborat. Bu she’riyatning bosh mavzui ishqdir. Uning har bir satridan ishq hidi anqiydi. Nodira she’riyatining bosh qahramoni ko‘pincha Amir Umarxondir. Barcha ta‘rif va tavsiflar, ishtiyoq va intilishlar ungadir. “Ey!” deb boshlanadigan barcha xitoblar unga qaratilgandir. Bu she’riyatning ijodkori goh baxtidan masrur, goh baxtsizligidan mahzun Nodirabegimdir.
Shoira sig‘inadigan yagona Alloh – ishq .5 Uning toat-u ibodati, namoz-u niyozi ham – muhabbat. U o‘z she’rlarida “ishq namozini ado” etishini aytadi. Hatto bir she’rida muhabbatni odamiylikning asosiy o‘lchovi hisoblashini bildiradi:
Muhabbatsiz kishi odam emasdur,
Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et.

Zamondoshlari Amir Umarxon bilan Nodirabegim turmushining baxtli kechganini xabar qiladilar. Umarxon ko‘p jihatdan mukammal bir kishi bo‘lgani ma‘lum. U shoir sifatida “Amir”, “Amiriy” taxallusi bilan go‘zal she’rlar bitgan, devon tartib qilgan edi. Shijoati va botirligi shundan ham bilsa bo‘ladiki, tarixiy manbalar uning arslon bilan yakkama- yakka olishib, yengib chiqqanini malum qiladi. Shoiraning umr yo‘ldoshi bu qadar suyishi va undan iftixor etishi bejiz emasdi. Yorning o‘zi u yoqda tursin, xabarchisi ham unga bir dunyo quvonch bag‘ishlardi:


Marhabo, ey payki sulton, marhabo,
Hudhudi mulki Sulaymon, marhabo,
Tal’atning farrux, muborak maqdaming
Qildi kulbamni guliston, marhabo.
Xo‘b kelding, yaxshi keltirding xabar,
Aylading dardimga darmon, marhabo…

Yorning o‘ziga esa, shoira joni – jahonini fido qilishga tayyor:

Ne g‘amdur menga ishq aro, Nodira,
Agar bo‘lsa, jononga jonim fido.

Sharq she’rshunosligida ijodkorlarning iste’dodi, kamolot darajasi va mahorat miqyoslariga baho berilganda, odatda, uning devon yaratgan- yaratmaganligiga asoslanishgan. Chunki so‘z san’atkorlari yaratgan asarlari miqdori devon tartib etishga yetib borgan bo‘lsa-da, she’r yozish mahoratlari, malakalari yetilgan, badiiy uslublari sayqal topgan davrlardagina devon yaratishga jur’at etganlar. Bunday yetuk shoilarni “sohibi devon” iborasi bilan ardoqlashgan. Mohlaroyim Nodira ham sohibi devon shoira edi. Nodiraning zullisonaynlik fazilati ham uning badiiy mahoratidan dalolat beradi. Ikki til egasi bo‘lish til bilishnigina emas, balki ikki xalq madaniyatini o‘zlashtirganlikni ham anglatadi. O‘z tuyg‘u- kechinmalari, o‘y – fikrlarini ikki tilda barobar badiiy tasvirlash zullisonaynlik mahoratini taqozo etadi. Nodira shunday mahoratli shoira edi va buni uning o‘z faxriyasi ham tasdiqlaydi:


Bo‘lubdur Nodira mumtozi ma‘ni,
Kalomi ravshanu ash’ori farrux.

Chindan ham Nodira ma‘ni mumtozi, so‘zi ravshan, she’rinurafshon so‘z san’atkori edi. Nodira badiiyat ilmidagi san’atlarni mukammal o‘rgangan va she’riyatiga tabiiy tatbiq eta olgan shoiradir. U badiiy usul imkoniyatlaridan foydalanib, aqlni hayratga soluvchi manzaralar ijod qilgan. Ayniqsa, mubolag‘a san’atini go‘zal ma‘nolarni suvratlantirishga mohirona safarbar etgan:

G‘amimni sharhini yuz mingidan birini dedim,
Falak ani ko‘tarurda xam ayladi qomat.

Shoira qismatiga tushgan g‘am yuki shu qadar og‘irki, uning yuz mingdan bir ulushi izhor etilganida, falak ko‘tarolmay, qaddi bukilib qolgan ekan. Bunday mubolag‘a vujudga kelishiga osmonning egilgan holatdagi ko‘rinishi asos bo‘lgan. Yerdagi ohning ko‘kkacha yetib borishi-chi? Bu ham mubolag‘a vujudga mo‘jizasi, albatta:

Ohim o‘qig‘a qadim kamondur,
Bu o‘qni nishonidur Surayyo.

Ushbu bayt zamiridagi tashbih – naqadar xayoliy qudrat mahsuli! Shoiraning ohlari koinotni o‘rtaydigan ohlar bo‘lganini bir tasavvur qilaylik! Bu ohlar g‘am – alam epkinidan tarkib topgan shoira qaddi kamonidan falakka otilgan otashin o‘qlardir. Bu o‘qlar Surayyo sayyorasini mo‘ljalga oladi va bexato uradi. G‘am yuklaridan egilgan qomatni va iztiroblarga to‘lgan qalbni bundan-da tiniq, aniq, go‘zal tasvirlash mumkinmi? G‘am yuki og‘irligidan alifdek qomat yoysimon shaklga kiradi, yoydek egilgan qad kamonidan falakka g‘am o‘qlari otiladi, olamdan oshgan ohlarning mingdan bir ulushini ko‘tarolmay, falakning qaddi kamondek egiladi! Nodiraning mazkur baytlari Lutfiy hamda Mashrabning quyidagi baytlari bilan hamohanglik va hamdardlikda bahslasha oladi. Lutfiy yozadi:

Hijron kechasi charxi falakka yetar, ey moh,
Ohi saharim, xoh inon, xohi inonma.

Lutfiy g‘azaliga tazmin bog‘lagan Mashrab so‘zini ustozdan-da o‘zdiradi:

G‘am shomi firoqingda kabob etti falakni,
Ohi saharim, xohi inon, xohi inonma.

Nodira ijodida Turdidek isyonkor shoirlar bilan ham hamovozlik yaqqol yangraydi. Turdi “Joy osoyish emas hech kimga bu ko‘hna ravoq” deya dunyo va dunyoparastlikni rad etsa, Nodira:

Jahon, ey Nodira, el maqtalidur,
Emastur joyi osoyish bu maslax,- deya hasrat chekadi.6

Mubolag‘aga muqobil san’atlardan biri kuchaytirish bo‘lib, uning Nodira devonida qo‘llanish mahorati ham she’rxon idrokini sehrlaydi:

Belining borlig‘in qildi kamarbandi ayon,
Og‘zi yo‘q erdi, ani qildi padidor hadis.

Sharqda belning ingichkaligi, og‘izning torligi tashqi go‘zallik belgilaridandir. Maqsad insondagi mana shu nazokatni tasvirlash. Nodira g‘azalidagi manzurning beli ko‘z ilg‘amas darajada nozik ekanki, uni kamarbandi, ya‘ni turkona aytganda, belbog‘i sezdirib qo‘yibdi. Og‘iz yo‘q darajada pinhon emishkim, borligini so‘zlagan so‘zlari oshkor etibdi.


Nodira o‘z she’rlarini quyuq falsafiy fikrlar bilan yo‘g‘irishga harakat qilarkan, badiiyatidagi nazmiy ko‘p ma‘nolikni yuzaga chiqaruvchi san’atlarni ishga soladi.Jumladan, shoira tajnis, ya‘ni bir jins yo shakldagi so‘zlarni bir necha ma‘noni ifodalashga bo‘ysundirish usulini erkin qo‘llaydi. 7
Nodira muhabbat tasvirining fidokor ustasidir. Uningcha, odam muhabbat ixtiyor etganidagina chinakam komil inson qiyofasini kasb etishi mumkin. Shoiraning ixlos e’tiqodicha, “gul sayri” ham, “fikri bahor”ham, jahonning jami huzur – halovatlari ham “vasli yor” vositasida muyassar bo‘ladi:

Na gul sayr ayla, na fikri bahor et,


Jahondin kech, hayoli vasli yor et.

Muhabbatsiz kishi odam emasdur, Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et... Kuyib, ey Nodira, olam elig‘a Muhabbat shevasini oshkor et. Nodira yona – yona ta‘rifu tavsif etgani qanday muhabbat o‘zi? Shoira mana bu baytda o‘zi ishqqa qisqa, ammo aniq, teran ta‘rif bergan:

Ma‘ni muhabbat na qilursan manga,
Ramzi haqiqat erur ishqi majoz.

Nodiraning ushbu sharhi ko‘pgina ulug‘ mutasavvuf shoirlarning mumtoz adabiyotdagi ishqqa bergan izoh va ta‘riflariga muvofiq keladi. Darhaqiqat, barcha mutasavvuf shoirlardagi singari, Nodira ijodida ham ishqi majoz, ya‘ni insonning insonga bo‘lgan muhabbati ramziy ma‘noga ega. Uning she’rlarida ishqi majoz haqiqiy, ya‘ni ilohiy ishqning ramzidir.


Mumtoz adabiyotimizda ikki xil ishq – majoziy ishq va haqiqiy ishq tushunchalari mavjud. Majoziy ishq – insonning insonga, tabiatga, borliqqa hayotiy, dunyoviy sevgisini anglatadi. Haqiqiy ishq esa insoning vujudi Mutlaqqa, Yaratganga, Ollohga muhabbat tuyg‘ularini ifodalaydi. Bu ikkala ishq turini alohida ajratish yoxud bir – biriga qarama- qarshi qo‘yish kabi yanglish nuqtai nazar, afsuski, hamon davom etmoqda.
Mohiyatan, yaratilmishga ishq bog‘lash Yaratuvchiga muhabbatning ramzi edi. Negaki, zarrada quyosh aks etganidek, yaratilmisgda yaratuvchi jamoli jilvagar va mujassamdir. Ya‘ni, majoziy ishq haqiqiy ishqning ramziy bir ko‘rinishi, xolos. Navoiy aytmoqchi, nazari pok, ruhan va ma‘nan barkamol insongina majoz ishqini ishqi haqiqiy darajasiga ulug‘ hamda mo‘tabar tuta oladi. Bunday kishi uchun majoz ishqi Haq ishqining o‘zginasidir, chunki zarraga muhabbat uning asl manbai bo‘lmish Quyoshga muhabbatni ham aynan anglatadi. Insoniy ishqni kuylashdan maqsad ilohiy ishqni ulug‘lashdir. Tasavvuf ahli uchun bu bir yo‘l, uslub edi. Majoziy ishq Haq muhabbatini qozonish yo‘lidagi bir bosqich bo‘lib, solik ishqi haqiqiy ishqqa shu bosqichorqali yo‘l topgan. Savol tug‘iladiki, moddiy dunyoda yashagan, oila qurgan va farzandlariga mehr – muhabbat bilan yashagan ijodkorlar nahotki faqat Haq yodi bilan ijod etgan yoxud tanho Tangri taolo vaslinigina kuylab o‘tgan bo‘lsalar? Ayniqsa, Nodira singari oilaparvar siymolar ijodidagi ilohiy ishq talqini shunday qaltis savolga duchor kelishi mumkin. Bunga javoban aytish mumkinki, quyoshga muhabbat uning zarrasiga bo‘lgan ishqni inkor etmaydi, aksincha, quyoshga muhabbat zarralarga muhabbatni ham qamrab oladi. Yaratuvchiga bo‘lgan muhabbat uning ijodiga, ya‘ni yaratilmishga bog‘langan muhabbatning takomillashgan, barkamol, oliy namunasidir. Navoiy ta‘kidlashicha, oshiq majoz orqali haqiqiy ishqqa yo‘l topadi. Haqiqiy ishq shaydolari bo‘lmagan kishilargina majoziy ishqni ham inkor etadilar.
Nodira nazdida ishqsiz dinu mazhabga berilish komil musulmonlikka olib bormaydi. Ishqu muhabbat oshiqning dinu mazhabiga aylansagina u kamolot qozonadi:

Qil, Nodira, muyassar sho‘ri junun jahonda,


Ishqu muhabbat o‘ldi oshiqqa dinu mazhab.8

Shoiraning lirik qahramoni parvonavor oshiqlik talabgori. Uningcha, chinakam oshiq quruq da‘vo bilan cheklanmasdan, shamdek kuymoq, parvonadek olovda o‘rtanmoq xislatiga, qudratiga ega bo‘lishi kerak. Shunda uning muhabbati husni ishq darajasiga ko‘tariladi, kuli ko‘zlarga to‘tiyo bo‘ladi:

Husni ishq aylar sening xokistaringni to‘tiyo,
Sham’din kuymakni kasb et, mazhabi.

Xo‘sh, “mazhabi parvona” – ishq o‘tida parvonavor o‘rtanmoq nimadan iborat? Bu sof tasavvufiy tushuncha bo‘lib, uning tavsifini Alisher Navoiyning ishqi haqiqiy nizomnomasi yanglig‘ bitilgan falsafiy- badiiy dostoni – “Lison ut- tayr”dan topish mumkin. Asarda “Parvonalar majma‘i sham’i haqiqiy sharhida” sarlavhali qism bor. Unda tasvirlanishicha, parvonalar to‘dasi bir kecha haqiqiy sham’ (ya‘ni, Haq taolo) vasliga erishmoqchi, uning nuridan nishon izlamoqchi, asl zotini aniqlamoqchi bo‘ladilar. Ulardan bir nechalari birin- ketin sham’ huzuriga parvoz qiladilar, uning nuridan ko‘zlarini munavvar etadilar. Sham’ xosiyatini olamga yoyish uchun o‘rtanib so‘zlaydilar. Ammo, ular qanchalik ravshan yonib so‘zlamasinlar, sham’ning mohiyatini boshqa parvonalarga yetkaza olmaydilar. Shu ko‘yi boshqa parvonalar ham o‘zlarini sham’ga uradilar, qanot- quyruqlarini kuydiradilar, ammo sham’ shu’lasini sharhlay olmaydilar. Zotan, shu’lani til sharhlayolmas, kuymasdanturib, uning mohiyatini anglamas, shu’la nuriga yo‘g‘rilmasdan oshiq poklanmas, vujudi yona-yona kulga aylanmay turib, haqiqiy sham’ vasli mohiyatiga yetolmas, u bilan birlik hosil etolmas ekan. Demak, mazhabi parvona – butkul fidoyi oshiq bo‘la olish san’atidir.


Tasavvufda parvonadek kuymak olam eliga muhabbat shevasini oshkor etmak demakdir. Nodira lirik qahramoni ruhiyatida bu omonat, o‘tkinchi, foniy dunyoga qattiq mehr bog‘lamaslik, uning huzur- halovatlaridan voz kechish, asl moyaga intilish, Tangri diydoriga talpinish tamoyili kuchli. Bunday qarashning nozik badiiy ifodasini quyidagi misralarda ko‘rish mumkin:

Ey ko‘ngul, fig‘oningdin tiyradur falak qasri.


Bu binoni vayron qil, ishq uyini obod et.

Nodira ishq-muhabbat, ilm-ma‘rifat, el-yurt, do‘stlik, osoyishtalik, obodonlik va maishiy farovonlik haqida asarlar yaratgan edi. Albatta, uning bevosita mamlakat va xalq hayoti bilan aloqador bo‘lgan she’r va g‘azallari aholining turli qatlam- lari, jumladan, mehnatkash tabaqalar “marhabo”siga musharraf bo‘lgan; uning “Shoh uldurki, raiyatga tarahhum qilsa” degan so‘zlari, “Shod qilgin bandalarning ko‘nglini ehson etib” degan iboralari xalqqa ma‘qul tushgan va Nodiraning shoira sifatidagi muborak ovozini xalq ovozi, xalq istakorzusi bilan ma‘lum darajada hamohang qilgan.


Masalan, u xonni adolatparvarlikka chaqirib, bunday degan edi:

Bo‘yla kim mumtoz erursen barcha sultonlar aro,


Shod qilg‘il bandalarning ko‘nglini ehson etib…
Fuqaro holig‘a boqmasa harshoh, anga
Hashmatu saltanatu raf’atu shon barcha abas.
Shoh uldurki raiyatga tarahhum qilsa,
Yo‘q esa qoidai amnu omon barcha abas…

Nodira davlat boshlig‘ining shunday bo‘lishini orzu qilar edi. U ba‘zan adolatsiz shohdan shikoyat qilardiki, shubhasiz, bu shikoyat ma‘lum darajada uning o‘z atrofidagi muhitidan shikoyati edi:


Doda keldim, ey salotin sarvari, dodim eshit,
Sen shohu men benavo, lutf ayla faryodim eshit…
kabi misralari Nodiraning bevosita shaxsiy arz-dodi, o‘z his-tuyg‘ulari ifodasiday ko‘rinsada, bunda “shohdan lutfu marhamat” tilab, arz qilgan kishining “dod-faryodlari” ham o‘z ifodasini topgan. Chunki shoira, bir tomonda saroy saltanati va hashamatini, ikkinchi tomonda qashshoq va xor-zor, g‘arib va benavo kishilarni ko‘rdi. Mana shu qashshoq va g‘arib kishilarga achindi, ularning farovon va osoyishta yashashini istadi.
Nodira aristokrat tabaqaga mansub bo‘lishiga qaramay, kishilarga shafqatli, xayrihoh va mehribon edi. Binobarin, u kishilarni xo‘rlagan muhitidan, shafqatsiz va bevafo kishilardan, qisman bo‘lsa ham, shikoyat qiladi. Masalan, u odamlarda “vafo” yo‘qligidan va o‘z tevaragidagi dunyodorlarning makkorligi, aldamchiligidan shikoyat qilib bunday degan edi:

Olam elida vafo topilmas,


Bu gavhar erur jahonda noyob…
* * *
Jahon makkora zoli bevafodur,
Vafo birla ko‘nglini qilmadi shod…
“Olam vahmu gumon” (qo‘rquv va shubha) bilan to‘lib- toshganligi shoiraga ma‘lum darajada ayon bo‘ladi:
Bordir olam binosi vahmu gumon,
Ey ko‘ngil, vahm ila gumondin kech…

Shoira she’rlarida Umarxonni madh etadi, uni mubolag‘a bilan maqtab ta‘riflaydi. Unga bo‘lgan muhabbati to‘g‘risida yozgan baytlaridan “Lazzati she’ri Umar sohibqiron” anqib turajagini aytadi:

Nodira qilg‘ach muhabbat nash’asidin guftu-go‘
Lazzati she’ri Umar sohibqirondan berdi yod…

Bu bayt, bir tomondan, Nodiraning sevgisini ifodalasa, ikkinchi tomondan, uning she’riyatda Umarxondan ta‘lim olgani- ni anglatadi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Nodiraning she’riyati mafkuraning ba‘zi tomonlari, e’tiqodi bilan Umarxonning dunyoqarashi va adabiy-estetik didiga ma‘lum darajada zid keladi. Xo‘sh, shoiraning o‘zi hukmron doiralarga mansub bo‘la turib hayotdan va zamondan nima uchun shikoyat qiladi? Buning asosiy sababi, bir sharoitda turib, hayot voqea-hodisalarini turli xil mushohada qilish, turlicha anglash va ularga turli xil munosabatda bo‘lishdadir, albatta. Umarxonning hukmronligi jabr-zulmga asoslangan edi. U minglab begunoh kishilarni qonga beladi, qurbon qildi. Umarxon o‘z she’rlarida bular ning hammasidan ko‘z yumdi, ular haqida hech narsa demadi. Nodira esa bunday qilmadi. Chunki u janglarda va boshqa paytlarda qurbon bo‘lgan hamda qilich va xanjarlar zarbidan jarohatlangan son-sanoqsiz kishilarga duch keladi; xon ov va harbiy safarda yurganda Nodira ko‘pincha xonning farmonlari Qo‘qonda, saroyda va zindonda qanday ijro etilishini ko‘radi, begunoh kishilarni o‘limga sudrovchi jallodlarning vahshiyona harakatlariga shohid bo‘ladi; dunyoga aql-idrok ko‘zi bilan qaragan, har bir hodisa va voqeaning mohiyatini anglashga intilgan Nodira bu dahshatli manzaralardan ta‘sirlanmay qolmaydi, indamay o‘tib ketavermaydi. O‘ylaydi, hayron qoladi, o‘ziga-o‘zi savollar beradi, javob axtaradi, qiynaladi va o‘z o‘ylarini she’riy misralar ipiga shodalab:

Hisob etmoqqa charx anjumlarin bor ehtimol anda,
Mening dog‘i dilimni lek bo‘lmaydi hisob aylab…

deb yozadi va “tab’i noshodi” ni bayon etish uchun ba‘zan tongdan oqshomgacha g‘am-g‘ussa bilan to‘lib-toshgan g‘azallar yozadi, xonni adolatga, saroy ahlini aql-donish bilan rahmdil bo‘lib ish ko‘rishga chaqiradi.


Nodira, bir tomondan, badavlat hayot kechirayotganligi uchun o‘zini baxtiyor deb biladi va ikkinchi tomondan, qashshoq, yalang‘och va azobu uqubatda parcha nonga zor va xor bo‘lib yashayotgan kishilarni ko‘rib, ularning baxtsizligiga achinadi. Nodiraning ko‘pchilik g‘azallari muhabbat mavzusida yozilgan bo‘lib, u ijtimoiy-axloqiy fikrlarni, zulm-zo‘rlikdan norozilik tuyg‘ularini mazkur g‘azallarga singdirib yuboradi. Shoira muhabbat haqidagi qarashlarini ifodalaganida o‘z zamona sidagi voqea va hodisalarga, ko‘zga yaqqol chalinib turgan faktlarga ham ishora qilib o‘tadi.
Nodira muhabbatni odam uchun eng aziz va eng muborak, pok va samimiy tuyg‘ular mujassami, oshiqning ma‘shuqaga, ma‘shuqaning oshiqqa nisbatan iliq sevgisi, ikki dil va ikki tilning xohish va irodada, hurmat va samimiyatda birligi, hamjihatligi deb biladi.
Shoira muhabbatsiz kishilarni odam qatoriga ham qo‘shmaydi:

Muhabbatsiz kishi odam emasdur,


Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et…

Shoiraning fikricha, “kimda osori muhabbat” bo‘lsa, uning mahbubasi, ya‘ni uning samimiy sevgisiga loyiq ma‘shuqasi ham bo‘ladi:

Har kimda bor esa osori muhabbat,
Aylar anga mahbublar izhori muhabbat…9

“Haqiqiy ishq binosi rohat” keltirishi, “soyai devori muhabbat” esa osudalik, oroyish, orom bag‘ishlashi lozim.


Rohat tilasang ishq binosini panoh et,
Osuda erur soyai muhabbat…



Yüklə 101,08 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə