O‘zbekiston respublikasi



Yüklə 2,02 Mb.
səhifə16/42
tarix29.08.2018
ölçüsü2,02 Mb.
#65403
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   42

saylanishiga ruxsat etilishini, matbuot va uyushmalarga birlashish kabi erkinliklar

berilishini talab etdi. 1927-yilda «Saylangan musulmonlar

federatsiyasi» tashkiloti hamda «Jazoir ulamolari ittifoqi» tashkil topdi va

mustaqillik uchun kurashdi.

1929—1933-yillardagi jahon iqtisodiy inqirozi Jazoir iqtisodiyotiga katta

talafot yetkazdi. Bu esa xalqning turmush darajasi yanada yomonlashuviga

olib keldi. Buning ustiga to‘rt yil davom etgan qurg‘oqchilik oqibatida

chorva mollarining 80 foizi qirilib ketdi.

1936-yilda Fransiyada hokimiyat tepasiga kelgan Xalq fronti hukumati

mustamlakachilik tartibini yumshatishga qaratilgan qator o‘zgarishlarni joriy

etdi. Tez orada Jazoir xalqining milliy-ozodlik kurashiga rahbarlik qiluvchi

barcha kuchlarning umumjazoir yig‘ini — Musulmon Kongressi chaqirildi.

Kongress Xalq frontini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Ayni paytda

Kongress «Milliy xartiya» deb atalgan hujjat qabul qildi. Bu hujjatda mustamlakachilar

joriy etgan, jazoirliklarni tahqirlovchi «yerli aholi kodeksi»

ni bekor qilish talab etilgan edi.

1940-yilda Fransiya taslim bo‘lgach, Jazoir amalda fashistlarga qaram bo‘lib

qoldi. Bu hol milliy burjuaziya orasida bo‘linish yuz berishiga olib keldi.

Uning bir qismi Germaniya bilan, katta qismi esa Buyuk Britaniya va AQSH

bilan hamkorlik qilish tarafdori edi. Biroq bu holat uzoq davom etmadi. 1942-

yil noyabrida Shimoliy Afrikaga tashlangan ingliz-amerika qo‘shinlari nemisitalyan

qo‘shinlariga qaqshatqich zarba berdi. Fashist qo‘shinlari Jazoirdan

ham quvib chiqarildi. Lekin bu hodisa Jazoirni mustamlaka zulmidan ozod

etmadi. U Fransiya mustamlakasi bo‘lib qolaverdi.

Birinchi jahon urushi oxirigacha ham Marokashning

katta qismi hali mustamlakachilar tomonidan

amalda bosib olinmagan edi. Mamlakatning xuddi shu ozod qismida

bo‘ysunmas qabilalarning o‘z davlatlari mustaqilligini saqlab qolish yo‘lidagi

kurashi boshlandi.

1920-yilda Ispaniya Marokashning Rif viloyatini bosib olish niyatida

hujum uyushtirdi. Ispan bosqinchilariga qarshi kurashga Muhammad Abdul

Karim boshchilik qildi. 1921-yilning iyulida rifliklar ispan qo‘shinlarini

tor-mor etdilar. Sentabr boshlarida Rif Respublikasi tuzilganligi e’lon qilindi.

Abdul Karim Respublika prezidenti lavozimini egalladi. Bundan

Marokashning bir qismini bosib olgan Fransiya mustamlakachilari tashvishga

tushib qoldilar. Ular qo‘zg‘alon fransuz mustamlaka hududlariga ham tar-

Marokash


123

qalib ketishidan qo‘rqdilar. Endi Fransiya Rif Respublikasini tugatish payiga

tushdi. Shu maqsadda 1924-yilning yozida unga hujum qildi. Biroq Fransiya

o‘zi rejalashtirgan oson g‘alabaga erisha olmadi. Endi u Ispaniya bilan

birgalikda Rif Respublikasini qonga botirishga kirishdi. 1925-yilning

sentabrida bu ikki davlat armiyasi birgalikda Rif Respublikasiga qarshi hujum

boshladi. Urush harakatlari 1926-yilning may oyigacha davom etdi.

Kuchlar teng bo‘lmagan bu urushda Rif Respublikasi armiyasi yengildi.

Abdul Karim asir olindi. Shundan keyin ham qurolli qarshilik ko‘rsatish

to‘xtamadi va 1934-yilgacha davom etdi. 1934-yilda Marokash milliy burjuaziyasi

va ziyolilari «Mag‘ribchilar bloki» deb ataluvchi siyosiy tashkilot

tuzdilar. Bu tashkilot Marokash sultoni hokimiyatini kengaytirishni talab

etdi. Biroq mustamlakachilar bu talabni rad etdilar. 1937-yilda esa tashkilot

faoliyati taqiqlandi. Ispaniya Marokashida Franko diktaturasi o‘rnatildi.

1940-yilda Fransiya Germaniya tomonidan tor-mor etilgach, Fransiya

Marokashi Vishi hukumati nazorati ostiga o‘tdi. Shimoliy Afrikaga tashlangan

ingliz-amerika qo‘shinlari fashistlar qo‘shinlarini tor-mor etgach,

Marokashda Fransiya mustamlakachilik tartibi saqlanib qolaverdi.

XX asr boshlarida Tunis ham Fransiya mustamlakasi

edi. To‘g‘ri, mamlakatini nomiga bo‘lsada,

Tunis biyi boshqargan. Vatanparvar kuchlar 1920-yilda «Dastur» (Konstitutsiya)

deb atalgan partiya tuzdilar. Unda milliy burjuaziya yetakchi mavqega

ega bo‘ldi. «Dastur» Parij Tinchlik konferensiyasi Fransiyani Tunisda keng

islohotlar o‘tkazishga majbur etadi, deb umid qilardi. Shu maqsadda u o‘z

delegatsiyasini 1920-yilda Parijga yubordi. Biroq bu umid puchga chiqdi.

Tez orada «Dastur» mamlakatda juda katta obro‘ qozona oldi. Hatto, Tunis

biyi ham uning talablariga qarshi chiqmadi. Oxir-oqibatda Fransiya yon

berishga majbur bo‘ldi.

1922-yilning iyul oyida Fransiya hukumati Tunisda Konstitutsiyaviy

islohotlar o‘tkazish haqida dekret chiqarishga majbur bo‘ldi. Unga ko‘ra,

Tunisda Katta Kengash (parlament) tuzilishiga ruxsat etildi. Biroq unda

fransuzlarning vakillari ko‘pchilikni tashkil etishi belgilab qo‘yildi. «Dastur

» a’zolarining bir qismi bunga rozi bo‘lsa-da, advokat Habib Burg‘iba

boshchiligidagi guruh undan norozi bo‘ldi. Bu guruh 1934-yilda «Yangi

dastur» partiyasiga birlashdi. Tez orada partiya rahbarlari hibsga olindi.

1936-yilda Fransiyada Xalq frontining hokimiyat tepasiga kelishi mustaqil

mamlakatlardagi siyosiy partiyalarning ochiq faoliyat ko‘rsatishiga imkon

tug‘dirdi. Butun mamlakatni namoyish qoplab oldi. Namoyishchilar Tunisga

mustaqillik talab etdilar. Ayni paytda «Yangi dastur» partiyasining obro‘si

o‘sib bordi. Bu narsa Fransiya mustamlakachilarini cho‘chitib yubordi.

1938-yilning aprelida namoyishchilarga qarshi tanklar tashlandi. «Yangi

dastur» rahbarlari hibsga olindi va partiya faoliyati taqiqlandi. 1939-yilda

Tunisda qamal holati joriy etildi. Oldinda mustaqillik uchun kurashning

azobli yo‘llari turardi.

Tunis

124


SAVOL VA TOPSHIRIQLAR

1. Arab davlatlari haqida nimalarni bilib oldingiz?

2. Suriya xalqining milliy-ozodlik kurashi haqida so‘zlab bering. Yusuf Azma

kim edi?


3. Suriya qay tariqa mustaqillikka erishdi?

4. Iroq xalqining milliy-ozodlik kurashi haqida nimalarni bilib oldingiz? Ja’far

Abu Timman faoliyati qanday kechdi?

5. Misr qay tariqa mustaqillikka erishdi?

6. Suriya, Iroq va Misr xalqining ozodlik uchun kurash yo‘llarini taqqoslang.

7. Jazoir, Marokash va Tunisda mustaqillik uchun kurash qanday bordi?

JADVALNI TO‘LDIRING.

ARAB DAVLATLARIDA OZODLIK KURASHI

Davlatlar Ozodlik kurashi xususiyatlari

14-§. Tropik va Janubiy Afrika davlatlari

Tropik Afrika deganda Afrikaning shimoli va janubi

orasidagi o‘lka hudud tushuniladi. XVII—XIX

asrlar davomida bu hudud Yevropa davlatlari

tomonidan bosib olingan. Chunonchi, Dagomeya,

Kamerun, Senegal, Mali, Ruanda, Somali, Togo, Markaziy Afrika

Respublikasi, Gvineya, Gabon, Chad, Kongo, Niger, Mavritaniya, Madagaskar

va boshqalar Fransiya mustamlakalari edi. Buyuk Britaniya esa Gana,

Malavi, Nyasalend, Uganda, Sudan, Keniya, Nigeriya, Serra-Leone, Gambiyaga

egalik qilardi. Yevropaning biroz rivojlangan kichik davlatlari ham

mustamlakalardan quruq qolmagan. Masalan, Belgiya hozirgi Zair hududiga

(Belgiya Kongosi deb atalardi) egalik qilgan. Portugaliya esa Angola,

Mozambik, Gviniya-Bisauni bosib olgan edi. Italiya Eriteriya hamda

Somalining bir qismiga, Ispaniya esa Ekvatorial Gvineya hamda Ispan

Saxarasiga egalik qildi.

Janubiy Afrika davlatlariga bugungi Janubiy Afrika Respublikasi,

Zimbabve, Zambiya, Namibiya, Botsvana, Lesoto, Svazilend kabi davlatlar

kiradi. Ularning barchasiga Buyuk Britaniya egalik qilgan. Afrikada bosib

olinmagan rasmiy mustaqil ikki davlat qolgan edi, xolos. Bular — Efiopiya

va Liberiya davlatlari edi. Urushdan so‘ng Germaniyaning Afrikadagi mustamlakalari

Buyuk Britaniya, Fransiya, Portugaliya va Belgiya o‘rtasida

taqsimlandi. Ko‘pchiligi asosan Buyuk Britaniya va Fransiya mandati

nazoratiga berilgan. 1919-yil Parij sulh konferensiyasi qarorlariga muvofiq

Millatlar Ittifoqi mandatli nazoratga berilgan hududlar uch kategoriyaga

Birinchi jahon

urushidan keyingi

Afrika siyosiy xaritasi

?

125


bo‘lindi (A, B, D). Uning muallifi Janubiy Afrika Ittifoqi Bosh vaziri Yan

Smets edi. «A» kategoriyaga nisbatan rivojlangan davlatlar kiritilgan (Suriya,

Livan, Falastin, Iordaniya va Iroq). Afrikaning birorta davlati bu

kategoriyaga kiritilmagan.

«B» kategoriyaga Germaniyaning Afrikadagi sobiq mustamlakalari

(Janubi-g‘arbiy Afrikadan tashqari) kiritilgan. Bu kategoriyaga kiritilgan

hududlarni boshqarish mandatiga ega bo‘lgan davlatlar oldiga qator

shartlar qo‘yilgan: jumladan, qul, qurol, spirtli ichimlik savdosiga yo‘l

qo‘ymaslik; vijdon va din erkinligini kafolatlash, jamiyat va axloqiy

tartibni saqlash.

«D» kategoriyasiga eng qoloq hududlar kiritilgan. Ularni mandat berilgan

davlat o‘z qonunlari asosida boshqarish huquqiga ega bo‘lgan. Shu tariqa

Afrika hamon amalda mustamlaka holatida qolaverdi. Uni qoloqlik chulg‘ab

olgan edi. Milliy daromadning 90 foizi eng sodda mehnat qurollari

qo‘llaniluvchi qishloq xo‘jaligidan kelardi. Turmush darajasi dunyoda eng

past qit’a edi. Ochlik, qashshoqlik va kasallik afrikaliklarning kundalik qismati

edi. Afrikaning mahalliy aholisi har jihatdan kamsitilgan edi. Uning behisob

tabiiy boyliklari esa mustamlakachi davlatlar manfaatlariga xizmat qilar

edi. Bu davrga kelib «Britaniya imperiyasi otasi» Sesil Rodsning Qohiradan

Keyptaungacha yerlarni egallash haqidagi orzusi ushaldi.

Afrika xalqining haq-huquqlari uchun kurashi

Panafrika harakati deb atalgan harakatni vujudga

keltirdi. Bu harakatning tashabbuskori advokat G.

Silvestr Uilyam edi. Harakat negr xalqining manfaatlarini

himoya qilish maqsadida tuzildi. Uning kongresslarini tayyorlash

va o‘tkazishda doktor Uilyam Dyubua katta jasorat ko‘rsatdi. U dunyoda

o‘zining negrafrika tarixiga oid asarlari bilan mashhur edi. Harakatning 1-

kongressi 1919-yilda Parij shahrida chaqirildi. Unda 15 davlat (shu jumladan,

9 ta Afrika davlati) vakillari qatnashdi. Uning Afrika davlatini tuzish loyihasi

bor edi.


Kongress Parij konferensiyasini afrikaliklar manfaatini himoya qilishga

qaratilgan xalqaro kodeksni ishlab chiqishga chaqirdi. Kongress taklifida

yer va uning boyliklari afrikaliklar manfaati uchun xizmat qilishi; chet el

investitsiyasi Afrikani xonavayron qilmasligi; qulchilik, majburiy mehnatning

va tan jazosining bekor qilinishi; koloniyadagi bolalarga jamoat hisobidan

ta’lim berilishi; yerli aholiga oliy va o‘rta ma’lumot olish uchun sharoit

yaratilishi kabilar ilgari surilgan edi. Bundan tashqari, mahalliy aholi

vakillariga boshqaruv organlarida ishtirok etish huquqi berilishi ham qayd

etilgan edi. Shuningdek, Kongress Germaniya mustamlakalarining alohida

davlatlar nazoratiga emas, xalqaro tashkilot nazoratiga berilishini so‘ragan.

Bu davrda Panafrika harakatining avj olishiga garvizm ham sabab bo‘ldi.

Amerikalik negr Markus Garvi 1920-yilda «Orqaga, Afrikaga!» shiori bilan

chiqdi va o‘zini Afrikaning birinchi imperatori deb e’lon qildi.

Afrika xalqlarining

o‘z haq-huquqlari

uchun kurashi

126

Ikkinchi jahon urushigacha yana 3 ta Kongress o‘tkazildi. Kongress ilgari



surgan g‘oyalar keyinchalik milliy-ozodlik harakatining kuchayishida ma’lum

darajada ijobiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Yillar o‘tishi bilan Afrika davlatlarida

ham milliy burjuaziya va ziyolilar shakllandi. Afrika xalqlari ozodlik uchun

kurashdilar. Ular siyosiy partiyalar tuzilguniga qadar kurashning o‘ziga xos

shakllaridan, jumladan mustamlakachilikka qarshi kurashda xristian dinining

millatparvarlik g‘oyalaridan foydalandilar. Mustamlakachilarni ana shu

g‘oyalarga amal qilishga chaqirdilar. Vaqtli matbuot ziyolilar uchun o‘z

fikrlarini vatandoshlariga yetkazish vositasi bo‘lib xizmat qildi.

Ba’zi davlatlarda aholining mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan kichik-kichik

uyushmalari tuzildi. Ular mustamlakachi ma’murlar oldida mahalliy aholi

manfaatlarini himoya qildilar. Afrikada siyosiy partiyalar ichida yirigi 1912-

yilda Janubiy Afrika Ittifoqida tashkil topgan Afrika Milliy Kongressi edi.

20-yillarda mustamlakalar rivojlangan davlatlarning xomashyo bazasiga

aylanib qoldi. Har bir mamlakat asta-sekin ixtisoslasha boshladi. Tropik va

Janubiy Afrika dunyodagi olmosning 97 foizini, kobaltning 92 foizini,

oltinning 40 foizini, platinaning uchdan bir qismini berar edi. Talonchilik

avj oldi. Mustamlakalarda assimilatsiya kuchaytirildi. Tub joy aholisining

ahvoli og‘irlashdi. Aparteid va segregatsiya avj oldi.

Ayniqsa, Janubiy Afrika Ittifoqida bu narsa yaqqol ko‘rindi. Afrikaliklar

uchun ajratilgan yerlar (rezervatlar) mamlakatning 12 foizini tashkil qilib, bu

yerlar qishloq xo‘jaligi uchun juda noqulay edi. Rezervatlarda aholining zich

yashashi va yer kamligi ularni boshqa yerlarga borib ishlashga majbur qilardi.

Bundan tashqari «uy solig‘i» bo‘lib, uni to‘lash uchun pulni faqat «yevropacha»

xo‘jalikda ishlab topish mumkin edi. Afrikalik kishi oq fermerning yerida

unga bir yilda 90 kun ishlab bergandagina yashashi mumkin edi.

Shu bilan birga yevropalik ishchilar bilan afrikalik ishchilar o‘rtasida

raqobat kelib chiqdi. Chunki afrikaliklar arzon ishchi kuchi edi. Bu 1922-

yilda Vitvatersrandeda qurolli qo‘zg‘alon kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Bosh

vazir Yan Smets shaxtyorlarga qarshi artilleriya va aviatsiya qismi bo‘lgan

18 ming kishilik armiya tashladi. 5 kunlik qattiq to‘qnashuvda 500 ga yaqin

kishi halok bo‘ldi va yarador qilindi. 6000 shaxtyor qamoqqa olindi, 2 tasi

o‘lim jazosiga hukm qilindi.

1929—1933-yillardagi jahon iqtisodiy inqirozi davrida Afrika xalqining

ahvoli yanada og‘irlashdi. Janubiy Afrikada qurg‘oqchilik bo‘lib, rezervat

aholisi ochlikdan, kasallikdan qirila boshladi. Ustiga ustak jahon bozorida

olmos narxi pasayishi natijasida ko‘plab olmos konlari bekilib, minglab

shaxtyorlar ishsiz qoldilar.

1933-yilda Janubiy Afrika Ittifoqida koalitsion hukumat tuzildi. General

M. Gersog Bosh vazir, Ya. Smets esa uning o‘rinbosari bo‘ldi. Diskriminatsiya

kuchaydi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida Efiopiya, Italiya Somalisi va Eriteriya hududida

urush harakatlari bo‘ldi. 1941-yilda bu yerlarni ingliz qo‘shinlari qo‘lga oldi.

Lekin Afrikadan juda ko‘p odamlar, jumladan, Senegal o‘qchilari urushga olindi.

127


Gitler Germaniyasi Janubiy Afrikadagi fashistik tashkilotlarga, bur

millatchilariga va u yerda yashovchi bir necha o‘n ming nemislarga umid

bog‘lagan edi. Mamlakatda ish ko‘rayotgan «Sariq ko‘ylaklar» fashistik

tashkiloti to‘g‘ridan to‘g‘ri Berlindan boshqarilar edi. Mudofaa vaziri fashizm

tarafdori Pirou armiyani shunday holga keltirib qo‘ygan ediki, u endi jiddiy

harbiy operatsiyalarda ishtirok etishga qodir emas edi.

Janubiy afrikalik fashistlar, ayniqsa, 1941—1942-yillarda o‘z faoliyatlarini

kuchaytirdilar. Chunki bu davrda Afrikaning shimolida Germaniyaning

«Afrika korpusi» hujum boshlagan edi. Mamlakatda keng tarmoqli josuslik

yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, shaxtalar, temir yo‘llar, elektrstansiyalarda portlatishlar

o‘tkazildi.

Milliy partiya esa Germaniyaga qarshi urushda ittifoqchilar yengib

chiqolmaydilar deb, parlamentda urushdan chiqish masalasini qo‘ydi. Bu

davrda yana Bosh vazirlik lavozimini egallagan Yan Smets irqiy segregatsiyadan

voz kechish, ya’ni afrikalik askarlarni o‘t ochuvchi qurollar bilan

qurollantirish haqida qaror chiqardi. Chunki unga afrikaliklardan tayanch

kerak edi. Oldin afrikalik askarlarga o‘t ochuvchi qurollar berilmasdi. Ular

faqat nayza va cho‘qmorlar bilan qurollangan edilar. Armiyada 70 ming

afrikalik va 40 ming metis askar bo‘lib, ular Shimoliy Afrikadagi va

Yevropadagi harbiy harakatlarda ishtirok etdilar.

Urush davrida ishlab chiqarish kengaydi. Bronemashina va yirik kalibrli

minomyotlar ham ishlab chiqarila boshlandi. Ishchi kuchiga bo‘lgan talab

ortdi.

Shunday qilib, Janubiy va Tropik Afrika hali Yevropa davlatlariga qaram



va oldinda milliy-ozodlik harakatining mashaqqatli yo‘llari turar edi.

SAVOL VA TOPSHIRIQLAR

1. Birinchi jahon urushi Afrika xaritasiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

2. Panafrika harakati qanday harakat edi?

3. Mustamlakachilarning Tropik va Janubiy Afrikada olib borgan siyosatlari

haqida so‘zlab bering.

4. A, B, D kategoriyalar nima?

5. Afrikaliklar o‘z haq-huquqlari uchun qanday kurashdilar?

6. Rezervat nima? Segregatsiyani qanday tushunasiz?

7. Ikkinchi jahon urushida afrikaliklar ishtiroki haqida so‘zlab bering.

JADVALNI TO‘LDIRING. DARSLIK MATNI BILAN ISHLASH

Mustamlakachi davlatlar Mustamlakalar

?

128


Ikkinchi jahon

urushining

boshlanishi

3-bob. IKKINCHI JAHON URUSHI

15-§. Ikkinchi jahon urushi va uning yakunlari

Ikkinchi jahon urushi 1939-yilning 1-sentabridan

1945-yilning 2-sentabrigacha, ya’ni 6 yil davom

etdi. Bu urush dunyoning 61 davlatini o‘z domiga

tortdi. Ularda dunyo aholisining 80 foizi yashar edi. Armiya saflariga jami

110 mln kishi safarbar etildi.

Ikkinchi jahon urushi tarixda eng dahshatli, eng ko‘p talafot va katta

vayrongarchilik keltirgan urush sifatida iz qoldirdi. Chunonchi, maxsus

adabiyotlarda qayd etilishicha, bu urushda 65—67 mln kishi halok bo‘lgan.

Ularning yarmi tinch aholi edi.

Vayrongarchilikdan ko‘rilgan zarar va urush xarajati birgalikda 4 trillion

dollarni tashkil etdi. Bu urush ayni paytda eng dahshatli qurollar ishlatilgan

urush ham edi. Urush oxirida hatto raketa quroli hamda atom bombasi

yaratildi va ular insoniyatga qarshi ishlatildi. Fashizmning dunyoga hukmron

bo‘lishga intilishi va insoniyat boshiga keltirishi mumkin bo‘lgan kulfati

antifashistik kuchlarni birlashtirdi. Erksevar xalqlar birgalikda fashizmga qarshi

kurashdilar. Va, nihoyat, g‘alaba ham qozondilar. Biroq bu g‘alabaga osonlikcha

erishilmadi.

Avvalgi mavzuda qayd etilgandek, 1939-yilning 1-

sentabrida Germaniya Polshaga hujum qildi. Bunga

javoban Buyuk Britaniya va Fransiya Germaniyaga

qarshi urush e’lon qildilar va shu tariqa urush

boshlanib ketdi. Polsha armiyasi kam sonli va yaxshi qurollanmagan edi.

Shunday bo‘lsa-da, u jasorat bilan qarshilik ko‘rsatdi. Lekin kuchlar teng

bo‘lmagani uchun Polsha armiyasi ikki hafta ichida tor-mor etildi. 17-

sentabr kuni Polsha hukumati Prezident Ridz Smigli boshchiligida mamlakatni

tashlab, chet elga chiqib ketdi.

Xuddi shu kuni Germaniya bilan kelishuvga binoan sovetlarning 200

mingdan ortiq jangchi va zobitlari Polshaga bostirib kirdi hamda 28-sentabr

kuni Moskvada Sovet davlati va Germaniya o‘rtasida «Do‘stlik va chegara

to‘g‘risida» shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, mustaqil Polsha davlati tugatildi

va bo‘lib olindi. Ayni paytda G‘arbiy Ukraina va G‘arbiy Belorussiya Sovet

davlatiga berildi.

Polshaning Germaniya bilan chegaradosh bo‘lgan yerlari Germaniyaga

o‘tdi. U yerda nemis general-gubernatorligi tuzildi. 1939-yilning 28-

sentabrida imzolangan sovet-german shartnomasiga ko‘ra, sovet hukumati

Boltiqbo‘yi respublikalaridan Sovetlar armiyasini bu respublikalarda joylashtirish

va o‘zaro yordam to‘g‘risida shartnoma imzolashni talab etdi.

Boltiqbo‘yi respublikalarining bu talabga bo‘ysunmaslikka ilojlari yo‘q edi.

Ikkinchi jahon

urushi haqida

129


30-noyabr kuni sovet armiyasi Finlandiyaga hujum qildi. Bu qilmishi

uchun Sovet davlati Millatlar Ligasidan chiqarildi. (Millatlar Ligasiga 1934-

yilda qabul qilingan edi.)

Buyuk Britaniya va Fransiya Germaniyaga qarshi

urush e’lon qilgan bo‘lsalar-da, biroq faol harbiy

harakatlar boshlamadilar. Germaniya armiyasining

asosiy kuchlari Polsha bilan band bo‘lib qolgan paytda bunday

imkoniyat bor edi. Buyuk Britaniya va Fransiyaning bu pozitsiyasi 1940-

yilning bahorigacha davom etdi. Ularning faolsizligi urush tarixiga «g‘alati

urush» nomi bilan kirdi.

Buyuk Britaniya va Fransiya o‘zlarining qudratli harbiy-dengiz flotlari

kuchi bilan Germaniyani blokada iskanjasiga olishni rejalashtirgan edilar.

Ayni paytda ular Fransiya — Germaniya chegarasida Fransiya bunyod etgan

kuchli mudofaa inshootlari Germaniyaning g‘arbga hujumga o‘tishiga yo‘l

qo‘ymaydi, bordi-yu hujumga o‘tganda ham, uni yorib o‘ta olmaydi, deb

ishondilar.

Bu orada Sovet qo‘shinlari Finlandiya armiyasini mag‘lubiyatga uchratdi.

1940-yil 12-martda sovet-fin tinchlik shartnomasi imzolandi. Unga ko‘ra,

Kareliya bo‘g‘ozi Viborg shahri bilan birgalikda Sovet davlatiga o‘tdi. Aprel

oyida Germaniya armiyasi G‘arbiy frontda hujumga o‘tdi. 9-aprel kuni

Daniya va Norvegiya bosib olindi. 14-may kuni Gollandiya, 28-may kuni

esa Belgiya taslim bo‘ldi. Shimoliy Fransiyada joylashgan ingliz-fransuz

harbiy qismlari qurshovga tushib qoldi. Biroq ularning katta qismi ko‘p

talafotlar bilan Buyuk Britaniyaga o‘tib ketishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘z ittifoqchisi Germaniyaning birin-ketin zafarli g‘alabalaridan ruhlangan

Italiya 10-iyun kuni Fransiya va Buyuk Britaniyaga qarshi urushga kirdi.

Qisqa muddat ichida Fransiya qo‘shinining katta qismi tor-mor etildi.

14-iyunda nemislar Parijni egalladi. 22-iyun kuni Kompen o‘rmonida

Germaniya va Fransiya o‘rtasida yarash bitimi imzolandi. 25-iyun kuni

shunday yarash bitimi Italiya bilan Fransiya o‘rtasida ham imzolandi. Bu

bitimlarga, ko‘ra Fransiya harbiy harakatlarni to‘xtatdi. Armiya va flotni

qurolsizlantirdi. Pol Reyno hukumati iste’fo berdi.

Germaniya Fransiya hududining uchdan ikki qismini okkupatsiya qildi.

Parij shahri ham okkupatsiya hududi tarkibida edi. Okkupatsiya qilinmagan

hududda marshal Peten boshchiligida qo‘g‘irchoq hukumat tuzildi va uncha

katta bo‘lmagan Vishi shahrida joylashdi hamda Peten hukumati Germaniya

bilan hamkorlik qilish majburiyatini oldi.

Dastlab Fransiyaning barcha yirik siyosiy arboblari va mustamlakalardagi

ma’muriyatlar Peten hukumatini tan olishdi. Faqat u davrda hali

mashhur bo‘lmagan general de Goll yarash bitimini ham, Peten hukumatini

ham tan olmadi. U Buyuk Britaniyaga jo‘nab ketdi. U yerda «Erkin Fransiya»

harakatini tuzdi va barcha vatanparvar kuchlarni Germaniyaga qarshi

kurashga chaqirdi.

G‘arbiy


frontdagi ahvol

9 — Jahon tarixi

130

Shimoliy Afrikada



urush harakatlari

Asosiy raqiblari G‘arbiy frontda bandligidan

foydalangan Sovet davlati o‘z hududini yanada

kengaytirishga kirishdi. 1940-yilning 14—16-

iyunida Sovet hukumati Boltiqbo‘yi respublikalariga

ultimatum topshirdi. Unda hukumat tarkibini o‘zgartirishga va

Sovetlarning qo‘shimcha harbiy kuchlarini kiritishga rozilik berish talab

etilgan edi. Ular noiloj rozi bo‘ldilar. Sovet hukumati shu tariqa Boltiqbo‘

yini bosib oldi.


Yüklə 2,02 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   42




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə