O’zbekiston respublikasi xududiga olib kirilayotgan va chetga chiqarilayotgan tovarlar, ularni majburiy sertifikatlashtirish tartibi mundarija kirish I bob. O’zbekiston respublikasida sertifikatlashtirish faoliyati


II.2 Sertifikatlashtirishni o‘tkazish tartibi



Yüklə 76,66 Kb.
səhifə12/17
tarix22.12.2023
ölçüsü76,66 Kb.
#153916
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17
Sertifikatlashtirish asoslari

II.2 Sertifikatlashtirishni o‘tkazish tartibi

8. O‘zbekiston Respublikasi sertifikatlashtirish Milliy tizimida mahsulotlarni sertifikatlash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:


a) Sertifikatlashtirish Organlariga sertifikatlash yuzasidan ariza berish va uni ko‘rib chiqish;
b) taqdim etilgan mahsulot me’yoriy hujjat va arizaga ilova qilgan boshqa hujjatlarni tahlil qilish;
b) intellektual mulk obyektlariga (tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari, tovar kelib chiqqan joy nomlari, geografik ko‘rsatkichlar va sanoat namunalari) bo‘lgan huquqlarga rioya etilganligini o‘rganish va tekshirish;
v) ariza bo‘yicha qaror qabul qilish;
g) sinov dasturini tayyorlash va tasdiqlash (6 va 9-chizmalardan tashqari);
d) namunalarni identifikatsiya qilish, tanlab olish va laboratoriyaga yetkazish (6 va 9-chizmalardan tashqari);
e) namunalarni akkreditatlangan sinov laboratoriyalarida sinovdan o‘tkazish (6 va 9-chizmalardan tashqari);
j) mahsulotni ishlab chiqarish sharoitlarini baholash (sertifikatlashning 3, 4 va 5-chizmalari uchun);
z) sifat tizimini baholash (5 va 6-chizmalari uchun);
i) mahsulotning muvofiqligini deklaratsiyalash (9-chizma);
k) olingan natijalarni tahlil qilish, muvofiqlik sertifikatini berish yoki uni berishni rad etish;
l) muvofiqlik sertifikatini O‘zbekiston Respublikasi sertifikatlashtirish Milliy tizimida Davlat reyestrida ro‘yxatga olish.
9. Taqdim etilgan mahsulot uchun me’yoriy hujjat me’yoriy hujjatda sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, fitosanitariya yoki ekologik talablar mavjud bo‘lganda, Sertifikatlashtirish Organlari sanitariya-epidemiologiya va veterinariya ekspertizalarini, fitosanitariya nazorati yoki ekologik ekspertizadan o‘tkazish zarurligini aniqlaydi.
Mazkur amallar sertifikatlashtirish sinovlari bilan bir vaqtning o‘zida o‘tkazilishi mumkin va arizachiga muvofiqlik sertifikatini berishdan avval, bu amallar tegishli hujjatlarni taqdim etilishi bilan tugallanishi lozim.
Sertifikatlashtirish Organlari, tadbirkorlik subyektlarining yozma arizasiga muvofiq, sertifikatlashtirishni o‘tkazishda davlat sanitariya nazorati idoralaridan, davlat veterinariya nazorati idoralaridan va o‘simliklar karantini bo‘yicha davlat idoralaridan, shuningdek tabiatni muhofaza qilish davlat idoralaridan barcha zarur xulosalarni olishga oid agentlik xizmatlarini ko‘rsatishga haqlidir. Bunda namunalarni to‘g‘ri tanlab olinganligi va ularni tegishli davlat idoralariga taqdim etilishida javobgarlik Sertifikatlashtirish Organlariga yuklatiladi.
10. Sertifikatlashtirish Organlari arizachining talabiga muvofiq, quyidagi axborotlarni tayyorlashi va taqdim etishi lozim:
majburiy tartibda sertifikatlanadigan mahsulot turlari ro‘yxati yoki bu ro‘yxatdan ko‘chirma;
Sertifikatlashtirish Organlarining akkreditatsiya doirasi bo‘yicha mahsulotni sertifikatlashtirish qoidalari;
sertifikatlashtirish xizmatlari bo‘yicha xizmatlariga haq to‘lash preyskuranti;
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan berilgan akkreditatsiya guvohnomasi.
11. Mahsulotni O‘zbekiston Respublikasi sertifikatlashtirish Milliy tizimida sertifikatlashtirishni o‘tkazish uchun arizachi mazkur Qoidalari arizani tegishli Sertifikatlashtirish Organlariga yuboradi.
Arizachi mahsulotni sertifikatlashtirish organi va sertifikatlash qoidalari to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lmagan taqdirda, bu to‘g‘risidagi ma’lumotlarni sertifikatlashtirish bo‘yicha Milliy idora dan yoki uning hududiy idorasidan olishi mumkin.
12. Chetdan keltiriladigan mahsulotni sertifikatlashtirishda quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:
ishlab chiqariladigan mahsulotga me’yoriy hujjat nusxasi;
mahsulot yorlig‘idan namuna yoki mahsulot to‘g‘risida ma’lumot;
mahsulotda qo‘llanilgan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi tegishli obyekt ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi muhofaza hujjati nusxasi yoki undan foydalanish to‘g‘risidagi litsenziya shartnomasi nusxasi (amalda bor bo‘lgan taqdirda);
mahsulotning O‘zbekiston Respublikasi bojxonasi hududiga kelganligi to‘g‘risidagi belgi qo‘yilgan tovarga qo‘shib jo‘natiladigan hujjat nusxasi (tovar-transport yuk xati, invoys, hisob-faktura);
amalda bor bo‘lgan taqdirda, davlat sanitariya nazorati idorasining laboratoriyasida o‘tkazilgan sinovlarning natijalarini o‘z ichiga olgan sanitariya-epidemiologiya xulosasi va sinov bayonnomalari, me’yoriy hujjat da belgilangan boshqa talablar (veterinariya va fitosanitariya xulosalari, ekologik ekspertiza);
Olib kirilayotgan mahsulotning aniq hajmi ko‘rsatilgan tashqi savdo shartnomasi va mahsulotni yetkazib beruvchi hamda qabul qiluvchi o‘rtasida tuzilgan kelishuvlar nusxasi.
Agar arizachi ayni vaqtda sanitariya-epidemiologiya xulosasini va muvofiqlik sertifikatini olishga ariza bergan bo‘lsa, bunday holda sanitariya-epidemiologiya xulosasining nusxasi uni belgilangan tartibda rasmiylashtirgandan keyin beriladi.
13. Majburiy tartibda sertifikatlashtiriladigan, chetdan keltirilgan mahsulotga respublikada me’yoriy hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda, sifat ko‘rsatkichlari va xavfsizlik bo‘yicha sertifikatlash sinovlari o‘xshash turdagi mahsulotga bo‘lgan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
Arizachi tomonidan chetdan keltirilgan mahsulotga zarur bo‘lgan me’yoriy hujjat yoki xavfsizlik bo‘yicha texnik tavsiflar taqdim etilmasa, mazkur mahsulotni sertifikatlash o‘xshash turdagi mahsulot hujjatlari bo‘yicha yoki identifikatsiya qilish orqali sanitariya-epidemiologiya xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Me’yoriy hujjatga ega bo‘lmagan, sanitariya-epidemiologiya xulosasi talab etilmaydigan, shuningdek, sinovlarni amalga oshirish uchun akkreditatlangan sinov laboratoriyalari mavjud bo‘lmagan taqdirda mahsulotlarni sertifikatlash identifikatsiya yo‘li bilan o‘tkaziladi.
14. Ishlab chiqariladigan mahsulotni sertifikatlash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etishi lozim:
ishlab chiqariladigan mahsulotga me’yoriy hujjatlar nusxasi;
mahsulot yorlig‘ining namunasi (mahsulot to‘g‘risida axborot);
mahsulotda qo‘llanilgan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi tegishli obyekt ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi muhofaza hujjati nusxasi yoki undan foydalanish to‘g‘risidagi litsenziya shartnomasi nusxasi;
amalda bor bo‘lgan taqdirda, davlat sanitariya nazorati idorasining laboratoriyasida o‘tkaziladigan sinovlarning natijalarini o‘z ichiga olgan sanitariya-epidemiologiya xulosasi va me’yoriy hujjatlarda belgilangan boshqa talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (veterinariya va fitosanitariya xulosalari, ekologik ekspertiza).
Agar arizachi ayni vaqtda sanitariya-epidemiologiya xulosasi va muvofiqlik sertifikatni olishga ariza taqdim etgan bo‘lsa, bunday holda sinov bayonnomalari bilan sanitariya-epidemiologiya xulosasi nusxasi uni belgilangan tartibda rasmiylashtirgandan so‘ng beriladi.
15. Arizada ko‘rsatilgan mahsulotni sertifikatlash uchun ariza berilgan paytda akkreditlangan Sertifikatlashtirish Organlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, ariza sertifikatlashtirish bo‘yicha Milliy idoraga yoki uning hududiy organiga sertifikatlash ishlarini tashkil etish va sertifikatlash sinovlari o‘tkaziladigan akkreditlangan sinov labaratoroyalarini aniqlashi uchun yuboriladi.
16. Arizada keltirilgan mahsulotni sertifikatlashtirish uchun bir nechta Sertifikatlashtirish Organlari mavjud bo‘lsa, arizachi o‘zining xohishiga ko‘ra ularning bittasiga murojaat qilishi mumkin.
17. Ariza berilgandan so‘ng Sertifikatlashtirish Organlari uni ko‘rib chiqib, taqdim etilgan hujjatlarni tahlil qiladi va arizani olgandan keyin ikki kundan kechiktirmay, arizachiga mahsulotlarni sertifikatlashning belgilangan tartibiga asoslanadigan sertifikatlashtirishning barcha asosiy shartlari, shu jumladan sertifikatlashtirish chizmasi va sertifikatlashtirishni amalga oshirish uchun me’yoriy hujjatlar, sinovlarni o‘tkazadigan akkreditlangan sinob labaratoriyalari ko‘rsatilgan qarorni ma’lum qiladi.
Sertifikatlashtiriladigan mahsulotning me’yoriy hujjatlarda gigiyenik, veterinariya, fitosanitariya yoki ekologik normalar va talablar mavjud bo‘lsa, qarorda sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, fitosanitariya, xulosalarni yoki ekologik ekspertizani olish zarurligi ham ko‘rsatiladi.
171. Sertifikatlashtirish Organlari tomonidan respublikada ishlab chiqariladigan hamda chetdan keltiriladigan mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonida intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarga rioya etilganligini o‘rganish va tekshirish.
Agar mahsulotni sertifikatlash uchun ariza berilganda mahsulotda qo‘llanilgan intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi tegishli obyekt ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi muhofaza hujjati nusxasi yoki undan foydalanish to‘g‘risidagi litsenziya shartnomasi nusxasi taqdim etilsa, bunday mahsulotlarni sertifikatlashtirish jarayonida intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarga rioya etilganligini o‘rganish va tekshirish amalga oshirilmaydi.
172. Sertifikatlashtirish Organlari tomonidan mahsulotda intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarga rioya etilganligini o‘rganish va tekshirish davrida quyidagilar amalga oshiriladi:
a) mahsulotni sertifikatlashtirish uchun arizani ko‘rib chiqish, shu jumladan namunalarni identifikatsiya qilish, tanlab olish va laboratoriyaga yetkazish jarayonida tegishli mahsulotda intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarga rioya etilganligini o‘rganish va tekshirish Sertifikatlashtirish Organlari tomonidan ikki ish kunida amalga oshiriladi. Bunda, sertifikatlashtirish sinovlarini o‘tkazish uchun tanlab olingan mahsulot namunalarida qo‘llanilgan belgi, nom va boshqa rekvizitlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Sanoat mulki muhofazasi portali”dagi mavjud ma’lumotlar bilan solishtiriladi.
b) o‘rganish va tekshirish davrida sertifikatlashtirish sinovlarini o‘tkazish uchun tanlab olingan mahsulot namunalarida qo‘llanilgan belgi, nom va boshqa rekvizitlarda qonunchilik hujjatlari bilan muhofaza qilinadigan intellektual mulk obyektllar bilan adashtirib yuboradigan darajada bir xil yoki aynan o‘xshash bo‘lgan belgilar aniqlansa, Sertifikatlashtirish Organlari tomonidan arizachiga asoslantirilgan rad javobi beriladi.
18. Mahsulotga (transport vositalaridan tashqari) muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish va berish muddati barcha zarur bo‘lgan hujjatlarni taqdim etilgan paytdan boshlab (sinov bayonnomalari, ishlab chiqarishni baholash dalolatnomasi, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, fitosanitariya, xulosalarni yoki ekologik ekspertizani) uch ish kunidan oshmasligi kerak.
Tez buziladigan mahsulotlarga muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish va berish barcha zarur hujjatlar (sinov bayonnomalari, ishlab chiqarishni baholash dalolatnomasi, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, fitosanitariya xulosalari) taqdim etilgan vaqtdan boshlab bir kun mobaynida amalga oshiriladi.
19. Sertifikatlashtirishda me’yoriy hujjatlarning barcha talablarini tekshirish zarurligini Sertifikatlashtirish Organlari har bir muayyan holda, o‘zidagi qo‘shimcha hujjatlarni (sifat tizimiga yoki ishlab chiqarishga sertifikat, vakolatli tashkilotlarda o‘tkazilgan sinov bayonnomalari, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, fitosanitariya xulosalari, ekologik ekspertiza, yetkazib beruvchining texnik hujjatlari va boshqalar)ni hisobga olib aniqlaydi.
Bunda, sanitariya-epidemiologiya xulosalarini Sertifikatlashtirish Organlariga taqdim etishda, unga davlat sanitariya nazorati idorasida bajarilgan sinov bayonnomalari bilan birga berilishi lozim.
Agar qo‘shimcha hujjatlarda akkreditatlangan sinov laboratoriyalarida muayyan ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘tkazilgan sinovlarning natijalari mavjud bo‘lsa, u holda Sertifikatlashtirish Organlari bu natijalardan qo‘shimcha sinovlarsiz muvofiqlikni baholashda foydalanishi mumkin. Bunda sinovlarning o‘tkazilgan vaqti hisobga olinib, ushbu muddat mahsulot me’yoriy hujjatlar bo‘yicha yaroqlilik muddatidan oshmasligi kerak.
20. Ixtiyoriy sertifikatlashtirishda Sertifikatlashtirish Organlari arizachining takliflarini inobatga olgan xolda sertifikatlashtiriladigan mahsulot tavsiflari ro‘yxatini va ularni aniqlash usullarini belgilaydi. Agar Sertifikatlashtirish Organlari tomonidan sinovlar uchun tanlangan tavsiflar ro‘yxati mahsulotga tegishli bo‘lgan me’yoriy hujjatlar talablaridan farq qilsa, u holda ariza bo‘yicha qarorda ushbu ko‘rsatilishi.
21. Sertifikatlashtirish maqsadida sinovlar akkreditatlangan sinov laboratoriyalarida o‘tkaziladi. Sertifikatlashtirish paytida tegishli akkreditatlangan sinov laboratoriyalari mavjud bo‘lmagan taqdirda, Sertifikatlashtirish Milliy tizimida sertifikatlashtirish organining murojaatiga asosan, sinov natijalarining obyektivligining ta’minlovchi sinovlarni o‘tkazish joyini va sharoitlarini aniqlaydi.
Mahsulotning muayyan turini sertifikatlash maqsadida sinov bayonnnomalarini rasmiylashtirish va berish muddati, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar bo‘yicha o‘tkaziladigan sinov usullariga muvofiq, ushbu mahsulotning barcha sinovlarining davomiyligidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
22. Sertifikatlashtirishni o‘tkazish uchun mahsulot namunalarini tanlab olish va identifikatsiya qilish ariza berilgandan ikki kundan kechiktirilmagan muddatda Sertifikatlashtirish Organlari tomonidan joyiga chiqqan holda amalga oshiriladi.
23. Namunalarning miqdori, tanlab olish, identifikatsiya qilish va saqlash tartibi majburiy tartibda sertifikatlanadigan mahsulotning me’yoriy hujjatlarda, shu jumladan sinash metodlarida belgilanadi.
24. Respublikaga chetdan keltiriladigan mahsulot to‘pidan sertifikatlash uchun tanlab olinadigan namunalar sonini sinash usullari belgilangan me’yoriy hujjatlarga muvofiq sinovlarni o‘tkazishni hisobga olgan holda Sertifikatlashtirish Organlari aniqlaydi. Bunda akkreditlangan organlar va laboratoriyalar Sertifikatlashtirish Milliy tizimida tomonidan chetdan keltirilgan mahsulotlardan namuna olishning cheklangan normalariga rioya qilishi zarur.
25. Sertifikatlashtirishga taqdim etilgan mahsulot namunalarini tanlab olishda identifikatsiya qilish amali, mahsulotni sertifikatlash qoidalariga muvofiq, ushbu Qoidalar namunalarni identifikatsiya qilish va tanlab olish dalolatnomasini rasmiylashtirgan holda amalga oshiriladi.
Agar identifikatsiya natijalariga ko‘ra arizachi tomonidan taqdim etilgan namunalar me’yoriy hujjatlar talablariga nomuvofiq yoki sertifikatlashtiriladigan mahsulot turi belgilangan namunada emasligi ma’lum bo‘lsa, namunalar tanlab olinmaydi va arizachiga asoslangan rad javobi beriladi.
26. Ishlab chiqariladigan mahsulot namunalarini tanlab olish va identifikatsiya qilish dalolatnomasi ikki nusxada rasmiylashtiriladi va ularning bittasi arizachiga beriladi.
Bojxonada saqlanayotgan import tovarlarni sertifikatlashtirish uchun namunalarni tanlab olish Sertifikatlashtirish Organlari tomonidan, bojxona organining mansabdor shaxsi va tovar egasi yoki uning vakili ishtirokida o‘tkaziladi. Bunda Sertifikatlashtirish Organlari vakili tomonidan namunalarni identifikatsiya qilish va tanlab olish to‘g‘risidagi dalolatnoma uch nusxada tuziladi va ikkinchi nusxasini bojxona idorasiga taqdim etiladi.
27. Arizachi o‘zining xohishiga ko‘ra sertifikatlanadigan mahsulotning texnik tavsiflarini taqdim etishi mumkin.
Arizachi, shuningdek Sertifikatlashtirish Organlariga mahsulotni yaratish va ishlab chiqarishni tashkil etishda o‘tkazilgan sinov bayonnomalarini yoki O‘zbekiston Respublikasining akkreditlash tizimidan akkreditlangan yoki tan olingan mahalliy yoki xorijdagi sinov laboratoriyalari tomonidan amalga oshirilgan sinovlar to‘g‘risidagi hujjatlarini taqdim etishi mumkin.
28. Arizachi yoki uning vakili iltimosiga ko‘ra, akkreditatlangan sinov laboratoriyalarida sinovlarni o‘tkazish sharoitlari bilan tanishish imkoniyati berilishi lozim. Arizachi mahsulotini sinashda ishtirok etish huquqiga ega. Bunda akkreditatlangan sinov laboratoriyalarida maxfiylikni ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rilgan bo‘lishi zarur.
29. Namunalarning sinovi sifati va natijalarning haqqoniyligiga, shuningdek, sinov bayonnomalarining saqlanishiga sinovlarni amalga oshirgan akkreditatlangan sinov laboratoriyalari mas’ul hisoblanadi. Sinov bayonnomalari sinovlarni bajarish bo‘yicha vakolatli mutaxassislar tomonidan imzolanadi va akkreditatlangan sinov laboratoriyalari rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
30. Sinov bayonnomalari arizachiga va Sertifikatlashtirish Organlariga taqdim etiladi. Agar mahsulotning sinovlari alohida parametrlar bo‘yicha turli akkreditatlangan sinov laboratoriyalarida o‘tkazilgan bo‘lsa, u holda mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligi bo‘yicha sinov natijalarining ijobiyligi, barcha ijobiy bayonnomalarning mavjudligi hisoblanadi.
31. Sinovlarning salbiy natijalari, shuningdek hujjatlar to‘plami to‘liq taqdim etilmagan taqdirda, Sertifikatlashtirish Organlari arizachiga qonunchilikning aniq normalarini ko‘rsatgan holda muvofiqlik sertifikatini berishni rad etganligi to‘g‘risida xulosa beradi.
Agar chetdan keltirilgan mahsulotning sifat va xavfsizlik talablari tasdiqlanmagan taqdirda Sertifikatlashtirish Organlari rasmiy ravishda murojaatchiga va Davlat bojxona qo‘mitasiga ushbu tovarni nomuvofiq ekanligi to‘g‘risida xulosa taqdim etadi.
32. Sinash davrida butunlay yoki qisman buzilgan, shuningdek sinash davrida buzilmagan mahsulot bo‘yicha hisobdan chiqarilganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma murojaatchi ishtirokida tuziladi.
33. Sertifikatlashtiriladigan mahsulotni ishlab chiqarish sharoitlarini baholash Sertifikatlashtirish Organlari tomonidan ishlab chiqilgan va Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan tasdiqlangan mahsulotlarni sertifikatlash qoidalarida belgilanadi.
O‘rganish natijalari bo‘yicha muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirib berishda foydalaniladigan dalolatnoma tuziladi.
34. Ishlab chiqarish sharoitlarini o‘rganish muddati namunalar tanlab olingan paytdan boshlab 10 kundan oshmasligi kerak.
35. Ishlab chiqarish sharoitlarini o‘rganish to‘g‘risidagi ma’lumotlar muvofiqlik sertifikatida keltiriladi.
36. Sertifikatlashtirish Organlari sinov bayonnoma, ishlab chiqarish sharoitlarini baholash va arizachi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqqandan keyin, muvofiqlik sertifikatini beradi yoki berishni rad etadi.
Sertifikatlashtirish jarayonini o‘tkazishning umumiy muddati, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar bo‘yicha o‘tkaziladigan sinov usullariga muvofiq, ushbu mahsulotning barcha sinovlarining davomiyligidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
361. Muvofiqlik sertifikati blanki raqamlangan, himoya qilish darajasiga ega, javobgarligi belgilangan hujjat hisoblanadi. Muvofiqlik sertifikati blanki Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan beriladi.
37. Sertifikat davlat yoki rus tillarida rasmiylashtiriladi. Rasmiylashtirilgan muvofiqlik sertifikati O‘zbekiston Respublikasi sertifikatlashtirish Milliy tizimida Davlat reyestrida ro‘yxatga olinadi. Ro‘yxat raqami mavjud bo‘lgandagina sertifikat haqiqiy hisoblanadi.
39. Muvofiqlik sertifikati: chetdan keltirilgan mahsulotga — mahsulotning yaroqlilik muddatiga;bitta tashqi savdo shartnomasi doirasida chetdan keltirilgan mahsulotga — bir kalendar yilidan oshmagan muddatga; seriyalab ishlab chiqariladigan mahsulotga esa — 3 yil muddatga beriladi.
Muvofiqlik sertifikati bir xil nomdagi yoki o‘xshash mahsulotlar guruhiga beriladi va uning amal qilishi haqiqatda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilgan mahsulotlarning miqdoriga taalluqli bo‘ladi, lekin muvofiqlik sertifikatida ko‘rsatilgan miqdordan ko‘p emas (bunda, bitta tashqi savdo shartnomasi doirasida — mahsulotning modeli, turi, artikuli va boshqa identifikatsiya belgilarini ko‘rsatgan xolda shartnoma bo‘yicha chetdan keltirilgan mahsulotning hajmiga).
40. Bahsli masalalarni hal etish, shuningdek Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan Sertifikatlashtirish Organlari faoliyatini inspeksiya nazorati maqsadlari uchun namunalarni tanlab olish dalolatnomalari, ishlab chiqarishni baholash dalolatnomasi, sinov bayonnomalarining nusxalari, muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddati davomida, yoki kamida bir yil davomida saqlanishi lozim. Sinov bayonnomalarning nusxalarini saqlash tartibi va muddatlari mahsulotlarni sertifikatlashtirish qoidalarida va Sertifikatlashtirish Organlari hamda sinov laboratoriyalarining hujjatlarida belgilanadi. Belgilangan saqlash muddatlari tugagan hujjatlar arxivga topshiriladi yoki yo‘q qilinadi.
41. Berilgan muvofiqlik sertifikati asosida, belgilangan sertifikatlashtirish chizmasini hisobga olgan holda, arizachiga muvofiqlik sertifikatini qo‘llash va muvofiqlik belgisidan foydalanish huquqini berish to‘g‘risida bitim tuziladi. Mazkur bitimda sertifikatlashtirilgan mahsulotni muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alash usuli va inspeksiya nazoratining shartlari kelishib olingan bo‘lishi kerak.
42. Sertifikatlangan, seriyali ishlab chiqariladigan mahsulot (qadoq, idish va yuk jo‘natuv hujjatlari) tayyorlovchi-tashkilotning mas’ulligi ostida muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alanadi.
43. Sertifikatlashtirilgan mahsulotning bir qismi, muvofiqlik sertifikatining nusxasi asosida, tayyorlovchi-tashkilot tomonidan realizatsiya qilinishi mumkin.
Sertifikat aslining egasi tomonidan berilgan nusxalar mahsulotga qo‘shib jo‘natiladigan hujjatga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Har bir nusxada uning qayd etilgan raqami, realizatsiya qilinadigan mahsulotning miqdori ko‘rsatiladi.
44. Muvofiqlik sertifikati amalda bo‘lgan davrda ishlab chiqarilgan mahsulot sertifikatlashtirilgan deb hisoblanadi va qayta sertifikatlashtirilmaydi. Mahsulot sertifikatlashtirilganligini tasdiqlovchi asos sifatida muvofiqlik belgisi va mahsulotga qo‘shib yuboriladigan va ekspluatatsiya hujjatlardagi ishlab chiqarish sanasi xizmat qiladi.
45. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotga berilgan muvofiqlik sertifikatining amal qilish muddati tugashidan kamida bir oy oldin, arizachi ishlab chiqarilayotgan mahsulotini qayta sertifikatlashtirish maqsadida Sertifikatlashtirish Organlariga ariza berish huquqiga ega. Bunda Sertifikatlashtirish Organlari inspeksiya nazoratining natijalarini hisobga olib, sertifikatlashtirish chizmasini o‘zgartirishi mumkin.
46. Mahsulot konstruksiyasiga yoki uni ishlab chiqarish texnologiyasiga mahsulotning tavsiflariga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan, sertifikatlashtirishda tasdiqlanadigan o‘zgartirishlar rejalashtirilganda tayyorlovchi-tashkilot bu to‘g‘risida to‘g‘irlovchi amallarni o‘tkazish zaruriyati yuzasidan qaror qabul qilish uchun Sertifikatlashtirish Organlarini xabardor qilishi lozim.
47. Seriyali ishlab chiqariladigan mahsulotga muvofiqlik sertifikatini bergan Sertifikatlashtirish Organlari bir yilda kamida bir marotaba mahsulotning sertifikatlashtirishda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida, sertifikatlashtirilgan mahsulot ustidan inspeksiya nazoratini o‘tkazadi. Inspeksiya nazoratida sertifikatlashtirishning chizmasiga qarab, mahsulotning sinovi va/yoki ishlab chiqarish sharoitlarini baholash amalga oshiriladi.
48. Inspeksiya nazorati natijalari bo‘yicha muvofiqlik sertifikatining amal qilishi va muvofiqlik belgisini qo‘llash tasdiqlanishi, to‘xtatilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
49. Sertifikatlashtirilgan mahsulot ustidan o‘tkaziladigan inspeksiya nazoratining hajmi, inspeksiya nazoratini o‘tkazish qoidalarida belgilanadi.
50. Sertifikatlashtirish Organlari sertifikatning amal qilishini to‘xtatilganligi yoki bekor qilinganligi va muvofiqlik belgisining arizachi tomonidan qo‘llanilishi to‘g‘risida tayyorlovchini va sertifikatlashtirish bo‘yicha Milliy idorani xabardor qilishi shart.
Sertifikatlashtirish Milliy tizimida tegishli davlat boshqaruv idoralariga va ommaviy axborot vositalariga bekor qilingan sertifikatlar to‘g‘risida ma’lumot berish zarurligini aniqlaydi.


Yüklə 76,66 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   17




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə