Samarqand davlat universiteti


-ma’ruza: MAKTABGACHA ADABIY TA’LIMDA BADIIY ASARLAR USTIDA ISHLASH TEXNOLOGIYALARI. HAMKORLIK PEDAGOGIKASI TEXNOLOGIYASI



Yüklə 480,47 Kb.
səhifə29/80
tarix17.03.2023
ölçüsü480,47 Kb.
#102775
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   80
8b661b467baad283577aa48d96001b02 BOLALAR NUTQINI O`STIRISH NAZARIYASI VA METODIKASI

6-ma’ruza: MAKTABGACHA ADABIY TA’LIMDA BADIIY ASARLAR USTIDA ISHLASH TEXNOLOGIYALARI. HAMKORLIK PEDAGOGIKASI TEXNOLOGIYASI.
MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALARNING NUTQINI O`STIRISHDA BOLALAR ADABIYOTINING AHAMIYATI
Reja:

  1. Ta’lim texnologiyalari.

  2. Maktabgacha ta’lim tizimi badiiy asarlar bilan tanishish mashg‘ulotlarini tashkil etishda qo‘l keladigan texnologiyalar.

  3. Pedagogik sinergetika va uning o‘ziga xos xususiyatlari.

  4. Bolalar bog‘chalarida ta’limiy ishlarni hamkorlik asosida tashkil etish yo‘llari.

  5. Tarbiyalanuvchilarning intellektual imkoniyatlaridan ularning o‘zlari uchun samarali foydalanish zaruriyati.

  6. .Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar nutqining o’sishida bolalar adabiyotining o’rni,

7.Bolalarni badiiy nutqqa o’rgatish bo’yicha ish mazmuni hamda vazifalari 8 8.Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarni badiiy adabiyotni hikoya qilib berishga o'rgatishda foydalaniladigan usullar


Tayanch so‘zlar: pedagogik sinergetika, hamkorlikda o‘qitish texnologiyasi, sub’ekt-sub’ekt, sub’ekt-ob’ekt, ijodkorlik muhiti, ma’naviyatni sog‘lomlashtirish, mustaqil fikrlash, mustaqil faoliyat.


Pedagogika ilmida ta’limning bir qator texnologiyalari mavjud bo‘lib, maktabgacha adabiy ta’limda ulardan hamkorlik, erkin tarbiya, modulli va didaktik o‘yinlar texnologiyalari etakchilik qiladi. Talabalarga pedagogika kursidan ma’lumki, texnologiya so‘zi yunoncha “texne” – mahorat, san’at; “logos” – ta’limot ma’nolarini bildiradi. Bu so‘z dastlab sanoatda yoki qishloq xo‘jaligida tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayonida qo‘llanadigan usul va metodlar yig‘indisini anglatgan. Ta’lim jarayoniga nisbatan qo‘llanilganda, ya’ni “pedagogik texnologiya” deyilganda o‘qish va o‘qitishning o‘zaro uzviyligini, bosqichlararo aloqadorlikni, ta’lim-tarbiya jarayonida belgilangan maqsadga erishish uchun bajariladigan barcha ishlarni muvofiqlashtirish, rejalashtirilgan barcha ishlarni talab darajasida bajarishni nazarda tutadi. YA’ni, ta’lim texnologiyasi tushunchasi o‘zida ta’lim berish san’ati, o‘qitish mahorati ma’nolarini mujassamlashtiradi. SHundan kelib chiqqan «yangi pedagogik texnologiya» atamasi esa ta’lim berishning biz o‘rganib qolgan an’anaviy yo‘llaridan voz kechilib o‘qitishning yangicha, jahon andozalari darajasiga ko‘tarish metod va usulllarini ishga solib uni samarali tashkil etishni ifodalaydi.
Maktabgacha ta’lim muassasalari badiiy asar bilan tanishtirish mashg‘ulotlarini to‘g‘ri tashkil etish amaliyotida etakchilik qiluvchi ta’lim texnologiyalaridan asosiysi tarbiyachi va tarbiyalanuvchining birgalikdagi faoliyatiga tayangan hamkorlik texnologiyasidir. Ta’limning har qanday bosqichida, u maktabgacha ta’limda bo‘ladimi, boshlang‘ich sinflarda bo‘ladimi, yuqori sinflar yoki oliy maktabda bo‘ladimi, pedagog bilan ta’lim oluvchi orasidagi munosabatni tashkil etish muammosi barcha davrlarda ham o‘ta dolzarb masalalardan biri bo‘lib kelgan. Mazkur munosabatlarni hamkorlik darajasiga ko‘tarishning nazariy asoslari dunyo miqyosida pedagogik sinergetika doirasida tadqiq etilgan. Bu ta’lim beruvchi uchun ham, ta’lim oluvchi uchun ham o‘z faoliyatini mustaqil tarzda tashkil etishga oid nazariy yondashuv bo‘lib, tarbiyachi-tarbiyalanuvchi munosabatlarini davr talablari darajasida to‘g‘ri tashkil etish bilan bog‘liq yangicha dunyoqarashdir. Sinergetika (yunoncha sunergeia – hamkorlik, hamjihatlik) – tizimlarning o‘z-o‘zini mustaqil tarzda tashkil etish nazariyasi, o‘z-o‘zini boshqarish, dunyoviy hodisalarni yangicha izohlash, tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy murakkab tizimli jarayonlarning tabiatini mustaqil tarzda bilishga qaratilgan ilmiy yo‘nalish, tafakkur usulidir5.
Pedagogik sinergetika, ya’ni ta’lim jarayonidagi o‘zaro hamkorlik ilmiy yo‘nalish sifatida o‘tgan asrning 60–70-yillarida shakllangan. XXI asdagi pedagogik sinergetikani esa ta’lim-tarbiya jarayonining sub’ektlari (o‘qituvchi-o‘quvchi yoki tarbiyachi-tarbiyalanuvchi yoxud professor-talaba) hamkorligini anglashga ko‘maklashadigan nazariy-amaliy yondashuv sifatida talqin etish o‘rinlidir.
Hamkorlikda o‘qitish g‘oyasi dastlab Amerikadagi Xopkins universiteti professori R. Slavin, Minnesot universiteti professorlari R. Jonson, D. Jonsonlar, Kaliforniya universiteti professori SH. SHaronlar tomonidan ishlab chiqilgan6. Mazkur hamkorlikda o‘qitish g‘oyasi, asosan o‘quvchilarda DTS va fan dasturida qayd etilgan bilimlarni egallash, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishni nazarda tutadi. Isroil va Evropa olimlari tomonidan tavsiya etilgan hamkorlikda o‘qitish nazariyasi esa o‘quv materialini barcha o‘quvchilar tomonidan qayta ishlash, loyihalashtirishni bahs-munozara asosida tashkil etishni nazarda tutadi. Mazkur g‘oyalar bir-birini to‘ldirgan holda tarbiyashunoslikni didaktik jihatdan boyitadi va bir-birini taqozo etadi.
Hamkorlikda o‘qitish texnologiyasi Amerika qo‘shma shtatlari, Buyuk Britaniya, Kanada, Germaniya, Avstraliya, Niderlandiya, YAponiya, Isroil mamlakatlari ta’lim muassasalarida keng qo‘llaniladi. Tom ma’noda, pedagogik hamkorlik masalasi hamisha dunyo didaktlari va pedagoglarini qiziqtirib kelgan. Jumladan, rus olimi V. M. Myasishevning qarashlarida shaxs – o‘zaro hamkorlik va boshqalar bilan munosabat asnosida o‘zligini namoyon etishi ta’kidlanadi. O‘tgan asrning 80–90-yillarida B. F. Lomov: “Insonning individual xususiyatlari jamoa bilan hamkorlikdagi faoliyati asnosida namoyon bo‘ladi”, deya ta’kidlagan edi7.
A. V. Petrovskiy esa shaxslararo munosabatlar jamoadagi faoliyatdan kelib chiqishini o‘rgangan holda, ta’lim jarayonida o‘qituvchining o‘quvchilar bilan hamkorligini tashkil etish faqat ularning muloqot, muomalaga nisbatan ehtiyojini qondirish vositasi emas, balki o‘quv materialini o‘zlashtirishning ham muhim sharti ekanligini alohida qayd etib o‘tgan8.
Ta’lim jarayonini tashkil etishda ta’limiy-tarbiyaviy jarayondagi sub’ektlar hamkorligi yoki tarbiyalanuvchilarning o‘zaro hamkorligi masalasi kechagi jamiyat pedagogika ilmida chuqur o‘rganilmaganligi sababini quyidagilarda ko‘rish mumkin:

  1. pedagogik hamkorlik hodisasi milliy pedagogika va didaktika uchun yangi fenomen ekanligi;

  2. ta’lim jarayonini sub’ekt-sub’ekt asosida tashkil etish kechagi jamiyatda shakllangan talablar maqsadiga monand emasligi;

  3. pedagog va tarbiyalanuvchi faoliyatida sub’ekt-ob’ekt munosabatlari barqarorlashib qolganligi;

  4. ijtimoiy-siyosiy sabablarga ko‘ra soha mutaxassislarining e’tiborini jalb qilmaganligi;

  5. bu tushunchaning ta’lim tizimida o‘rganib qolingan pedagog hokimligi faoliyatiga mos tushmasligi;

  6. pedagogik faoliyatning tezkorligi, bilimlarni o‘zlashtirishda bola erkinligi ustuvorligini “hazm” qila olmaslik va hk.lardir.

O‘tgan asr oxirlarida boshlangan hamkorlikka asoslangan ta’lim jarayonida o‘qitish metod va usullari, o‘quv topshiriqlari variantlari ishlab chiqilgan, tajriba-sinovdan o‘tkazilgan hamda bu borada jahon pedagogikasi amaliyotida foydalanishga arzigulik yutuqlar qo‘lga kiritilgan. Ta’limiy ishlarni hamkorlikda tashkil etishda quyidagi asosiy holatlar mujassamlashgan:

  1. ta’limiy muammoning tarbiyalanuvchilar muhokamasiga dastlabki ko‘rinishda qo‘yilishi;

  2. shakllantirilgan muammo echimining qulay variantlarini tanlay olish imkoniyatiga ega bo‘linishi;

  3. tarbiyalanuvchilarning ta’limiy muammo tahlili va buning uchun zarur bilimlar haqida tasavvurga ega bo‘lishi;

  4. ta’limiy muammoni echish imkoniyatlarining aniqlanishi va chegaralanishi;

  5. tarbiyalanuvchi ongida uning shaxsiy dunyoqarashi va ilmiy-amaliy tushunchasi doirasida muammoni qayta shakllantirishga erisha olinishi;

  6. hamkorlikdagi faoliyatning asosiy bosqichlaridan o‘tilishi;

  7. qo‘yilgan muammo echimi talablariga asoslangan holda yondashuvlar yoki tayyor javoblarning bayon qilinishi9 va hk.

Ta’lim jarayoniga kirib kelgan bu yangicha yondashuvning ahamiyati shundaki, unda shaxslararo munosabatlar o‘zaro hamkorlik jarayonida yangi sifat ko‘rsatkichlariga ega bo‘ladi. Mazkur yondashuvlarda o‘qitish kechimidagi pedagog hokimligiga chek qo‘yiladi. Tarbiyalanuvchi ta’lim jarayonida o‘qitilishi kerak bo‘lgan, o‘zi o‘rganib qolgan ob’ektlik maqomidan chiqib sub’ekt darajasiga ko‘tariladi. YA’ni u berilgan bilimlarni mute tinglovchi bo‘lib o‘zlashtirishdan bilim, ko‘nikma va malakalarni o‘zi izlanib, o‘ylanib, mehnat qilib o‘zlashtiradigan sub’ekt darajasiga erishadi.
Mazkur holatga maktabgacha ta’lim muassasalari badiiy asar bilan tanishtirish mashg‘ulotlari misolida qaraladigan bo‘lsa, tarbiyachi bilan tarbiyalanuvchilarning bir maqsad yo‘lida o‘zaro birgalikdagi, sheriklikdagi harakati nazarda tutiladi.
Kuzatishlar ko‘rsatmoqdaki, nafaqat turg‘unlik, balki mustaqillikning dastlabki yillarida yaratilgan pedagogikaga oid darslik va ilmiy manbalarda ham «pedagogik hamkorlik» tushunchasi muammo sifatida ko‘tarilmagan. Maktab o‘qituvchilari ham, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari ham bugungacha pedagogik hamkorlik, uning dialektik tabiati, o‘ziga xos xususiyatlari, samaradorligi, bunday hamkorlikni tashkil etish yo‘llari haqida etarlicha tasavvur, bilim va tajribaga ega emaslar. Bularning barchasi mazkur hodisani har tomonlama tadqiq etish ehtiyoji mavjudligidan dalolat beradi. Vaholanki, pedagogik hamkorlik va uni o‘qitish kechimida qo‘llash zamonaviy ta’limda hal etilishi zarur bo‘lgan eng dolzarb muammolardan biridir.
Pedagogik hamkorlik jarayon sub’ektlari uchun o‘zligini namoyon qilish imkoniyatidirki, unda o‘qituvchi bilan o‘quvchining, tarbiyachi va tarbiyalanuvchining yoki o‘quvchi-tarbiyalanuvchilarning o‘zaro hamkorligi: o‘qituvchi-tarbiyachi hukumronligiga chek qo‘yish; o‘quvchi-tarbiyalanuvchining erkinligi; ijodkorligi; mustaqil tafakkuri va faoliyati singari jihatlarni yuzaga keltiradi.
Pedagogik hamkorlik jarayonida o‘qituvchi-o‘quvchi yoki tarbiyachi-tarbiyalanuvchi yoxud o‘quvchi-tarbiyalanuvchilarning o‘zaro faoliyati uyg‘unlashib, ijodiy xarakter kasb etadi. U ta’lim jarayoni sub’ektlaridagi har bir o‘ziga xos jihatni hisobga olishni, namoyon bo‘lishini taqozo qiladi. Pedagogik hamkorlikning yuzaga kelishi uchun o‘qituvchi va o‘quvchi, tarbiyachi va tarbiyalanuvchi bu jarayonning o‘zaro aloqador sub’ektlariga aylanishlari kerak. YA’ni o‘quv-biluv jarayonining shaxsga yo‘naltirilganligi markazida o‘quvchi-tarbiyalanuvchining ko‘r-ko‘rona ijrochilikdan teng huquqli ishtirokchi darajasiga ko‘tarilishi nazarda tutiladi. O‘qituvchi va o‘quvchi yoki tarbiyachi va tarbiyalanuvchi timsolidagi sub’ektlarning yangicha munosabatlari, teng huquqli hamkorligi yotadi. O‘quv-tarbiya jarayonidagi hamkorlik sub’ektlarning birgalikda yangi bilimlarni o‘zlashtirishlari va ularni o‘z faoliyatida ijodiy qo‘llashlariga ko‘maklashadi.
Ma’lumki, uzoq yillar davomida ta’lim tizimida ham turg‘unlikka yo‘l qo‘yildi. O‘qitish kechimidagi bu bir xillik o‘quvchi-tarbiyalanuvchini itoatkor tinglovchiga aylantirib qo‘ydi. O‘quvchi faoliyatining o‘qituvchi, tarbiyalanuvchi tutumlarining tarbiyachi tomonidan boshqarilishi ta’lim jarayonini bir tizim va bir qolipga soldi. Endilikda o‘quvchi-o‘qituvchi va tarbiyalanuvchi-tarbiyachi munosabatlariga bunday yondashuv ta’limning yangilangan maqsadiga javob bera olmasligi ayon bo‘lib qoldi.
Maktabgacha adabiy ta’limdagi pedagogik hamkorlik ham bilimlarni jamoa bo‘lib o‘zlashtirishni nazarda tutadi va uning asosiy maqsadi – ishtirokchilarning his-tuyg‘uga asoslangan mustaqil, obrazli tafakkurini shakllantirish, bilimlarni o‘zlashtirishda bevosita ishtirokini ta’minlashdir. Bu serqirra usuldan didaktik-ijodiy masalalarni echish, o‘quv-biluv muammolarini hal etish yo‘li sifatida foydalaniladi. Bu texnologiya tarbiyalanuvchi tomonidan badiiy asarlar bilan tanishish mashg‘ulotlarida o‘zlashtirilishi mo‘ljallangan o‘quv materialiga ijodiy yondashish imkoniyatini kengaytiradi.
Pedagogik hamkorlik jarayonida jamoa bo‘lib ishlash maktabgacha ta’lim tarbiyalanuvchilarida mavzu doirasida yangi, mushtarak g‘oyalar tug‘ilishiga zamin hozirlaydi. Tabiiyki, bu texnologiya ta’lim jarayonida samaradorligi sinalgan ilg‘or metodlardan foydalanishni taqozo etadi. Mashg‘ulotlarda badiiy asarlar ustida ishlash jarayonida ulardan vaqti va o‘rnida foydalanilsa, bolaning izlanuvchanlik qobiliyati muntazam rivojlanib borayotganini payqash mumkin. Hamkorlikda ishlaganda qo‘yilgan masalaning echimiga yo‘naltirilgan savol va topshiriqlardan foydalanish tarbiyalanuvchilarni yangi farazlar, his-tuyg‘uga asoslangan xulosalar chiqarishga undaydi va bunga ma’lum miqdorda erishiladi ham. Tarbiyalanuvchilar asta-sekinlik bilan o‘z ijodiy qobiliyatlarini namoyon etishga odatlanib boradilar.
Maktabgacha adabiy ta’lim hamkorlikda tashkil etilganda bilimlarni o‘rganish (o‘rgatish emas!)da e’tibor sub’ekt sifatida nafaqat muayyan bir bolaga, balki tarbiyalanuvchilar – sub’ektlar guruhiga ham qaratiladi. Bu o‘rinda tarbiyachi bilan tarbiyalanuvchi yoki bolalar guruhi o‘zaro sub’ekt-sub’ekt munosabatiga kirishadilar. Bu jarayonda tarbiyachi timsolida yo‘naltiruvchilik, tarbiyalanuvchilar faoliyatida esa izlanuvchanlik birgalikda amalga oshiriladi. Hissiy-obrazli muhokama va tanlov natijasida shaxslararo mustahkam birgalikdagi harakat vujudga keladi, hamkorlikka oid ishlab chiqilgan qat’iy talablar uni o‘quv jarayonida to‘g‘ri amalga oshirilishiga asos bo‘ladi. Mazkur murakkab va serqirra texnologiyadan maktabgacha ta’lim muassasalari badiiy asar bilan tanishtirish mashg‘ulotlarini tashkil etishda ko‘zlangan maqsad yo‘lida foydalanish tarbiyachidan yuksak darajadagi bilim, pedagogik-psixologik tayyorgarlik, mahorat va fidoyilikni talab qiladi. Agar ta’lim beruvchida shu jihatlarning birortasi etishmasa yoki qaysidir jihatida «kemtik»lik sezilsa, mazkur jarayon o‘rganish faoliyatiga aks ta’sir ko‘rsatishi ham hech gap emas.
Maktabgacha adabiy ta’limni pedagogik hamkorlik asosida tashkil etishning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri turlicha tabiatga, dunyoqarash, iqtidor va imkoniyatga ega bo‘lgan sub’ektlarning barcha xususiyatlarini ro‘yobga chiqara olishdir. Bu sohadagi dastlabki yondashuvlar shuni ko‘rsatadiki, pedagogik hamkorlik ochiq didaktik vaziyatlar, uning tarkibiy qismlari va murakkab tarbiya jarayonini qamrab oladi. Bugungi kunga kelib maktabgacha ta’lim muassasalari badiiy asarlar bilan tanishtirish mashg‘ulotlari jarayonidagi hamkorlik ta’limni rivojlantiruvchi ilg‘or g‘oya sifatida namoyon bo‘lmoqda. Zero, pedagogik hamkorlik tushunchasi ostida mustahkam nuqtai nazarga ega bo‘lgan pedagogik yondashuvlar, nazariyalar, qonuniyatlar hamda pedagogik tizimlar birlashadi, mushtaraklik kasb etadi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarni badiiy asarlar bilan tanishtirish mashg‘ulotlari jarayoniga pedagogik hamkorlik g‘oyasining tatbiq etilishi, an’anaviy pedagogik tafakkurdagi bir tomonlama qotib qolishga barham beradi. Bu nazariyani milliy tarbiyashunoslikning har bosqichi amaliyotiga joriy etish bugun alohida dolzarblik kasb etmoqda. Maktabgacha ta’lim jarayoni tarbiyalanuvchisida pedagogik hamkorlik asosida faoliyat ko‘rsatish ko‘nikma, malakalarini shakllantirish va rivojlantirishni uning ilk davridayoq tashkil etish maqsadga muvofiqdir. CHunki ta’limning mazkur bosqichida bolada ijodiy faoliyatning ilk ko‘rinishlari shakllanadi va o‘zining rivojlanish bosqichiga kiradi. Bolada ijodkorlik imkoniyatlarini yuzaga chiqarish va o‘z-o‘zini namoyon qilish ko‘nikmalari tarkib topadi. Tarbiyachi bilan do‘stona muloqotga kirishish, guruhdoshlari bilan hamkorlik, hamjihatlik ko‘nikmalarini ta’limning ushbu bosqichida shakllantirish nihoyatda zarurligini amaliy tajribalar yaqqol ko‘rsatmoqda.
Hamkorlikda faoliyat olib borishning asosiy g‘oyasi o‘quv topshiriqlarini nafaqat birgalikda bajarish, balki birgalikda o‘qish-o‘rganish hamdir. Hamkorlik jarayonid har bir bolani kundalik qizg‘in aqliy mehnatga, ijodiy va mustaqil fikr yuritishga yo‘naltirish, uning shaxsida onglilik, mustaqillikni tarbiyalash, har bir tarbiyalanuvchida shaxsiy qadr-qimmat tuyg‘usini vujudga keltirish, o‘z kuchi va qobiliyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashni, tahsil olishda mas’uliyat hissini shakllantirishni ko‘zda tutadi.
Maktabgacha adabiy ta’limni hamkorlik texnologiyasi asosida tashkil etish har bir tarbiyalanuvchining bilimlarni o‘zlashtirishdagi muvaffaqiyati ma’lum bir guruh muvaffaqiyatiga olib kelishini anglagan holda mustaqil va sidqidildan aqliy mehnat qilishga, o‘quv topshiriqlarini to‘liq hamda sifatli bajarishga, o‘quv materialini puxta o‘zlashtirishga, o‘rtoqlariga sherik bo‘lib, o‘zaro yordam uyushtirilishiga zamin tayyorlaydi.
Hamkorlikda faoliyat olib borishda maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilariga topshiriqni birgalikda bajarish uchun ko‘rsatma berilishining o‘zi etarli emas. Kichik tarbiyalanuvchilar tom ma’nodagi hamkorlikda ishlashlari, har bir bola qo‘lga kiritgan muvafaqqiyatidan quvonishi, bir-biriga sidqidildan yordam berish hissini tuyishi uchun qulay ijtimoiy-psixologik muhit vujudga keltirilishi zarur. Mazkur texnologiyada maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining bilimlarni o‘zlashtirish sifatini aniqlashda ularni bir-biri bilan emas, balki har bir bolaning jamoadagi kundalik yutug‘i avval qo‘lga kiritilgan bilimlari bilan taqqoslanadi. SHunda har bir bola o‘zining hamkorlikdagi faoliyati davomida erishgan natijasi o‘z jamoasiga foyda keltirishini anglagan holda mas’uliyatni his qilib, ko‘proq izlanishga, bilim, ko‘nikma va malakalarni o‘zlashtirishga intiladi. Albatta, buning uchun tarbiyalanuvchilar jamoasi bilimi, dunyoqarashi va saviyasi jihatidan bir-biriga yaqin a’zolardan iborat bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
O‘quv jarayonida o‘zaro hamkorlikka asoslangan do‘stona muhitni vujudga keltirish shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim jarayonini tashkil etish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega. Maktabgacha adabiy ta’limdagi o‘quv-biluv jarayoni tarbiyalanuvchining huquqlari va erkinliklarini himoya qilish asosida tashkil qilinishi lozim. Tarbiyachi bilan tarbiyalanuvchi orasida o‘zaro hamkorlik muhiti yaratilayotganda barcha bolalarning imkoniyatlari va ehtiyojlari hisobga olinishi juda muhimdir. Bu jarayonda o‘zaro tenglik muhiti hukmron bo‘ladi, bolalarning aksariyat muammolarini hal etishga ko‘maklashadigan ta’limiy-tarbiyaviy muhit tashkil etiladi. Ta’lim-tarbiya bog‘cha, ota-onalar, mahalla va tarbiyalanuvchilar jamoasi hamkorligida, demokratik va tolerantlik tamoyillari asosida amalga oshiriladi. Hamkorlikda faoliyat olib borish jarayonda tarbiyalanuvchilar oddiy ta’lim oluvchilar emas, ta’lim-tarbiya jarayonining teng huquqli, sheriklik asosida jipslashgan ishtirokchilari bo‘lishlariga erishiladi. Guruhdagi barcha bolalarga bir xil muomala va munosabat, tarbiyalanuvchi, tarbiyachi va ma’muriyat orasida do‘stona muhit ustuvorligi asosida sifatli ta’lim berish sharoiti vujudga keladi. Kichik tarbiyalanuvchilarga nisbatan do‘stona munosabat o‘zaro adolatli muhit zamirida yaratiladi. Adolat bor joyda haqiqat, haqiqat bor joyda o‘zaro hurmat hukm suradi.
SHuni alohida ta’kidlash lozimki, tarbiyachi o‘zi tashkil qilayotgan o‘quv-biluv jarayoni samaradorligi har bir tarbiyalanuvchining betakror yaratiq ekanligiga, uning ta’lim-tarbiyasi va oilaviy muhitiga, guruhdagi mavqei va ustozi munosabatiga, ruhiy kechinmalari va kayfiyatiga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘lishini unutmasligi maqsadga muvofiqdir. Har bir pedagog o‘z bilimi va mahorati bilan kichik tarbiyalanuvchilar qalbidan chuqur joy ola bilishi, ularning muhabbati, hurmat-ehtiromiga sazovor bo‘lishi, eng yaqin kishilaridan biriga aylanishi, quvonch va tashvishiga sherik bo‘lishi, muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olishi zarur. SHunday hamkorlik faoliyati jarayonida ta’lim-tarbiya oldiga qo‘yilgan maqsadga oson erishish mumkin bo‘ladi.
Maktabgacha adabiy ta’lim jarayonida tarbiyachi bilan tarbiyalanuvchilar orasidagi o‘zaro hamkorlik muhitini shakllantirish uchun quyidagilarni amalga oshirish kerak bo‘ladi:
− o‘quv jarayonida ijodkorlik muhitini vujudga keltirish;
− tarbiyalanuvchilar faoliyatini muayyan tartib asosida tashkil etish;
− bolalar orasida o‘zaro do‘stona muhitni vujudga keltirish va hk.lar.
O‘zaro hamkorlik va do‘stona muhitni vujudga keltirish uchun ta’lim-tarbiya jarayonining ochiq xarakter kasb etishi va o‘zaro axborotlar almashinuvi uchun qulay bo‘lishini ta’minlash muhimdir. Maktabgacha ta’lim muassasalari mashg‘ulotlari jarayonida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun tarbiyalanuvchilarda ongli faoliyat ko‘rsatish ko‘nikmasini tarkib toptirish, ularni mustaqil, ijodiy fikrlashga o‘rgatish alohida ahamiyatga ega.
Maktabgacha adabiy ta’limda tarbiyachi tarbiyalanuvchilarning o‘zaro faoliyatini hamkorlikda tashkil etishda bolalarning bor imkoniyatlarini ularning o‘zlari uchun maksimal darajada yuzaga chiqara bilishi muhim ahamiyat kasb etadi. YA’ni pedagog tarbiyalanuvchilarning jamiki imkoniyatidan oqilona va samarali foydalana bilishi zarur. Jumladan:
1) tarbiyalanuvchilar o‘zlarining yosh va intellektual imkoniyatlari darajasidagi muammolarni echishga maksimal darajada jalb etilishi, bu jarayonda ularda muayyan qiziqishlar hosil qila olishi;
2) mantiqiy mulohaza talab qilinadigan topshiriqlarni echish yo‘llarini to‘g‘ri tashkil eta bilishi va natijalarni tekshirishning adolatli tutumini vujudga keltirishi;
3) qo‘lga kiritilgan yutuqlar va natijalar, aksariyat hollarda, og‘zaki shaklda ifodalanishini unutmasligi lozim.
Maktabgacha adabiy ta’limda tarbiyalanuvchilar faoliyatini, dunyoqarashini har tomonlama o‘zgartirish tamoman yangi ilmiy-pedagogik asoslarga tayanishni taqozo etadi. Maktabgacha ta’lim muassasalari badiiy adabiyot bilan tanishish mashg‘ulotlari oldidagi maqsad va vazifalar, ularga erishish yo‘lida qo‘l keladigan texnologiyalarni amalga oshirish, nafaqat ta’lim mazmunini o‘zgartirishni talab qilmoqda, balki uning shakllari, metodlarini takomillashtirish, ayni zamonda tarbiyachi faoliyatini tubdan yangilashni taqozo etmoqda.
Bolalar bog‘chalarida faoliyat olib borish ishlarini tashkil etishdagi hamkorlikning muhim omili va bolalarning o‘zaro munosabati xususiyatini belgilovchi asos tarbiyachi bilan tarbiyalanuvchi sherikligining shakllaridir. Mazkur o‘quv faoliyati har ikkala sub’ekt munosabatlari, birgalikdagi xatti-harakatlarining alohida turidirki, u o‘zlashtirish ob’ektini, bilish faoliyatining barcha qismlarini qayta qurishni taqozo etadi.
Pedagogika-psixologiya fanida hamkorlikdagi faoliyatning quyidagi bosqichlari alohida ajratib ko‘rsatiladi:

  1. faoliyatga kirishish;

  2. tarbiyachi bilan tarbiyalanuvchi hamkorlikda bajaradigan mustaqil harakatlar;

  3. tarbiyalanuvchilarning o‘zaro birgalikdagi faoliyati;

  4. tarbiyachi harakatni boshlab beradi va unga tarbiyalanuvchini jalb etadi;

  5. taqlid harakatlari (bog‘cha opasidan ibrat olgan bola ana shu namuna asosida harakat qiladi);

  6. madad harakatlari (tarbiyachi tarbiyalanuvchiga oraliq maqsadni va unga erishish usullarini tanlashda yordam beradi hamda oxirgi natijani nazorat qiladi);

  7. o‘z-o‘zini boshqarish harakatlari (tarbiyachi faqat umumiy maqsadni ko‘rsatishda va oxirgi natijani baholashda ishtirok etadi);

  8. o‘z-o‘zini namoyish etuvchi va bilimlarni uyushtiruvchi harakatlar10.

Hamkorlik faoliyatining takomili kichik sub’ektlarda o‘zaro ta’sir o‘tkazish harakatini baholashdan o‘z-o‘zini baholash darajasiga ko‘tarilishi sodir bo‘ladi. Ushbu jarayon hamkorlik dinamikasidan dalolat beradigan eng muhim omil vazifasini o‘taydi.
Xulosa qilib aytganda, maktabgacha adabiy ta’limga xos bo‘lgan hamkorlik pedagogikasi pedagogik jarayon ishtirokchilari – tarbiyachi va tarbiyalanuvchilar, bolalarning o‘zaro insonparvarlik tamoyiliga asoslangan munosabatlardan iboratdir.
Xulosa qilib aytganda, maktabgacha ta’lim tashkilotlarii tarbiyalanuvchilarini kichikligidan oq-qorani, halol-haromni, to‘g‘ri-noto‘g‘rini farqlashga faqat nasihatlar va talablar bilan emas, balki badiiy asarlar, ularning qahramonlari xatti-harakati, o‘y-fikrlarining shu tariqa tahlili asnosida yo‘naltirish nisbatan foydaliroq, yoqimliroq, qiziqarliroq va «yuqumli»roqdir.

Yüklə 480,47 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə