Семинар дарси. Волейбол


Yuqoridan yon tomon bilan to‘p kiritish



Yüklə 1,53 Mb.
səhifə28/31
tarix20.05.2022
ölçüsü1,53 Mb.
#87424
növüСеминар
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   31
Волейбол лекция 2 сем СПС узб 2021 2022

Yuqoridan yon tomon bilan to‘p kiritish. Yuqoridan yon tomon bilan to‘p kiritish usulida o‘yinchi to‘rga nisbatan yon tomon bilan oyoqlarini tizzadan bukkan holda turadi (12-rasm). To‘p 1 m gacha balandlikda yelka ustiga tashlanadi. O‘ng qo‘l bilan zarba berilganda, u pastdan orqaga harakatlanadi, bunda yelka pastga tushirilib, gavdaning og‘irligi o‘ng oyoqqa o‘tkaziladi. Zarba beruvchi qo‘l orqadan-yuqoriga yoy bo‘yicha harakatlantirilib, zarba amalga oshiriladi. Gavda chapga buriladi va og‘irlik kuchi chap oyoqqa ko‘chiriladi. Bu harakat zarbaning kuchini oshirishga xizmat qiladi.

12-rasm.
Sakrab to‘p kiritish. Hozirda sakrab to‘p kiritish usuli keng qo‘llanilmoqda. Bu usulning asosi orqa (himoya) zonadan hujum zarbasini berishga o‘xshashligi sababli uning mohiyati quyiroqda yoritiladi.
Hujum zarbalari
Hujum zarbasi – jamoaning hujum harakatini yakunlovchi samarali usul hisoblanadi. Bu harakatlar to‘rning yuqori qismidan balandda amalga oshiriladi. Chunki undan pastroqda amalga oshirilgan hujum harakatlarining samarasi juda pastdir.
Hujum zarbalari yo‘nalishiga ko‘ra quyidagicha farqlanadi: to‘g‘ri yo‘nalish bo‘yicha (bunda zarba berilgan to‘p yo‘nalishi hujumchining yugurib kelish yo‘nalishiga mos tushadi) va yo‘nalishni o‘zgartirib (bunda zarba berilgan to‘p yo‘nalishi hujumning yugurib kelish yo‘nalishiga mos tushmaydi).
To‘pning uchish tezligiga qarab hujum zarbalari quyidagicha farqlanadi: zarba beruvchi qo‘lni orqaga nisbatan qisqa harakatlantirish bilan kuchli (tezkor), kaftli (tezlanishli) va aldamchi (sekin). Hujum zarbasini to‘g‘ri (to‘rga to‘g‘ri turgan holda) va yon tomon bilan (to‘rga nisbatan) bajarish mumkin.
To‘g‘ri hujum zarbasi berish 4 fazada bajariladi: yugurib kelish; sakrash; to‘pga zarba berish; qo‘nish (13-rasm).

13-rasm.
O‘z navbatida, bu fazalar ham bir qancha mikrofazalarga bo‘linadi. Yugurib kelish fazasida hujumchi ikkita asosiy vazifani hal etadi: balandroq sakrashga erishish va to‘pning uchish tezligi, yo‘nalishini to‘g‘ri aniqlash. Bunda hujumchi birinchidan, bir-ikki «qidiruvchi» qadamlar qiladi (to‘pni tezligi va yo‘nalishini aniqlash maqsadida) va ikkinchidan, sakrash uchun yugurish tezligini oshiradi. Sakrash fazasida hujumchi tovondan oyoq uchiga tomon katta qadam tashlab harakat qiladi, oxirgi qadamda oyoqlar juftlanadi, qo‘llar orqa tomonga harakatlantiriladi. Oyoqlar tizza qismida, gavda esa tos-son bo‘g‘imida bukiladi. Keyin esa qo‘llar oldinga-yuqoriga silkitiladi, oyoqlar tayanchdan uziladi, gavda oldinga bir oz egilib, vertikal holatga keltiriladi. Zarba beruvchi qo‘lning kafti bosh orqasiga o‘tib ketmasligiga va tirsak yelkadan bir oz yuqorida bo‘lishiga e’tibor berish lozim.
Zarba berish fazasida – o‘ng (yoki chap) qo‘l tirsak bo‘g‘imida to‘g‘rilanib, yuqoriga-oldinga cho‘ziladi. Zarba qorin, ko‘krak, qo‘l mushaklarining ketma-ket va keskin qisqarishi bilan bajariladi. Bunda zarba beruvchi qo‘l kafti to‘pning orqa-yuqorisiga uriladi. Zarba kuchi taktik vazifani hal qilish bilan belgilanadi. Boshlang‘ich o‘rgatish bosqichida hujum zarbasining kuchiga emas, balki uning o‘z vaqtida berilganligiga va yo‘nalishiga e’tibor qaratish zarur.
Qo‘nishda hujumchi oyoqlarini bukib yerga tushadi, chunki bu holatda tayanch-harakat apparati shikastlanishining oldi olinadi va keyingi o‘yin harakatlarini bajarishga qulay sharoit yaratiladi.
Jamoa hujumini faqatgina to‘g‘ri hujum zarbalari bilan yakunlash kifoya qilmaydi.
Shuning uchun hozirgi zamon voleybolida to‘p yo‘nalishini o‘zgartirib bajariladigan hujum zarbalari ahamiyatliroqdir (14-rasm).
To‘p yo‘nalishini o‘zgartirib bajariladigan hujum zarbalarining tuzilishi to‘g‘ri zarba berish texnikasiga o‘xshashdir. To‘p o‘ng tomonga yo‘naltirilganda, depsinishdan so‘ng gavda o‘ng tomonga burilib, bir oz chapga engashtiriladi, chap qo‘l yelkasi to‘rdan olib qochiladi.

14-rasm.
Biomexanika nuqtayi nazaridan, yo‘nalishi o‘zgartirilgan hujum zarbalarini berishda asosiy o‘rinni yelka, tirsak, kaft va barmoqlar egallaydi.
Himoya texnikasi
Himoya bu hujum harakatlariga qarshi harakat qilishdir. Himoya usullaridan foydalanib hujum harakatlari bartaraf etiladi.
To‘pni qabul qilish
To‘p o‘yinga kiritilganda, hujum zarbasidan so‘ng va to‘siqdan qaytganda amalga oshiriladi.
Hozirgi zamon voleybolida to‘pni qabul qilishning quyidagi usullari va variantlari mavjud: pastdan ikki qo‘llab (juda kam hollarda bir qo‘l bilan); yuqoridan ikki qo‘llab; son qismi bilan va orqaga dumalab bir qo‘llab pastdan; oldinga ko‘krak-qorin qismlari bilan yiqilgan holda bir qo‘llab pastdan.
O‘yinga kiritilgan to‘pni sifatli qabul qilish hujum harakatlarining qanchalik samarali bo‘lishini belgilaydi. O‘yinga kiritilgan to‘pni qabul qilishning eng ko‘p tarqalgan va samarali shakli bu to‘pni ikki qo‘llab pastdan qabul qilishdir. 15-rasmda ikki qo‘llab pastdan to‘p qabul qilayotgan o‘yinchining holati tasvirlangan.Oyoqlar bukilgan, bir oyoq oldinda, qo‘l kaftlari birlashtirilgan holda pastga tushirilgan. To‘pni qabul qilish vaqtida tirsaklarni bukish mumkin emas. Qo‘llar bilan oldinga-yuqoriga harakat qilinadi. To‘pga nisbatan kuchli qarama-qarshi harakat qilish kerak emas. Bunda qo‘llar to‘p tomon yaqinlashtirilib, uning tagiga kiritiladi. Oyoqlarni bukib-yozish bilan to‘pga kerakli yo‘nalish beriladi. To‘pni pastdan qabul qilishda eng asosiysi to‘pning yo‘nalishi, tezligini to‘g‘ri baholay olish va bog‘lovchi o‘yinchini kuzatish hisoblanadi. O‘yinchi zarur joyni egallay olmagan bo‘lsa-yu, to‘p o‘ng tomonga yo‘nalayotgan bo‘lsa, to‘pni qabul qiluvchi qo‘llarni to‘g‘ri oldinga chiqaradi va o‘ng qo‘lni yuqoriga chiqarib buradi, chap tomonga yo‘nalayotgan bo‘lsa, chap qo‘l yuqoriga chiqariladi.
To‘pni pastdan ikki qo‘llab qabul qilish hujum zarbasini qabul qilishda ham asosiy usul hisoblanadi. O‘yinga kiritilgan to‘p yoki hujum zarbasining sifatsiz qabul qilinishi (past trayektoriyada uzatish, bog‘lovchi o‘yinchiga yetkazib bermaslik) bog‘lovchi o‘yinchi tomonidan hujum uchun beriladigan to‘p uzatishni samarasiz bo‘lishiga olib keladi. Shuning uchun mashg‘ulotlar vaqtida turli tezlikda, yo‘nalishda va kuchlanishda kelayotgan to‘plarni pastdan ikki qo‘llab qabul qilishga katta e’tibor berish zarur.

15-rasm.
To‘pni bir qo‘llab qabul qilish tayanch holatda va yiqilib amalga oshiriladi. Tayanch holatda bajariladigan usul o‘yinchining yoniga tezlik bilan tushayotgan to‘pni qabul qilishda foydalaniladi. To‘pni qabul qilish yopiq holdagi kaft yuzasi bilan bajariladi.
Orqaga yoki yon tomonga yiqilib, bir qo‘l bilan to‘pni qabul qilish ko‘p hollarda ayollar voleyboliga xosdir. Harakat so‘nggida yon tomonga katta qadam tashlanib, qo‘l to‘p tomon to‘g‘ri uzatiladi. Bunda MOK (markaziy og‘irlik kuchi) keskin pasayadi.
To‘pga zarba berilgandan so‘ng, o‘yinchi tayanch oyoqning uchida yiqilish tomonga burilib, oyoq tovoni bilan o‘tiradi va do‘mbaloq oshadi (16-rasm).
Jarohat va lat yeyishning oldini olish maqsadida gavdaning orqa o‘rta qismi bilan emas, balki bir oz yonbosh bilan do‘mbaloq oshiladi, daxan ko‘krak qismiga tekkizib olinadi.

16-rasm.
Ko‘krak-qorin qismi bilan sirg‘alib yiqilgan holda bir qo‘l bilan to‘pni qabul qilish usuli erkaklar voleyboliga mansub usul hisoblanadi. O‘yinchi oxirgi qadamda (17-rasm) keskin harakat bilan gavdani pastga-oldinga 25˚-30˚ burchak ostida maydonchaga tashlaydi. Tayanchsiz holda kaftning orqa yoki oldi tomoni bilan to‘pga zarba berib, qo‘llarini oldinga cho‘zadi va qo‘llari maydonchaga tegishi bilan oyoqlarini tizza qismida bukadi, qo‘llar esa orqaga-yonga itarilishi bilan gavdaning gorizontal holatga kelishiga yordam beradi. Bosh o‘z vaqtida maksimal orqaga tashlanadi.

17-rasm.
To‘siq qo‘yish
To‘siq – raqibning hujum zarbasiga qarshi harakat qilishning eng asosiy usuli hisoblanadi. Texnik nuqtayi nazardan to‘siq qo‘yish eng qiyin o‘yin elementlaridan sanaladi. To‘siq qo‘yish elementini yuqori darajada egallash bilan o‘yinchi qarshi hujumni uyushtirish, to‘siqdan so‘ng qimmatli ochkolarni yutish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
To‘siq bir o‘yinchi tomonidan (yakka) yoki ikki-uch o‘yinchi tomonidan (guruhli) amalga oshirilishi mumkin. O‘yinchi to‘r yaqinida, yuqori turish holatida, qo‘llarni yelka sathida ko‘tarib, tovonlarini parallel holatda qo‘yib turadi (18-rasm). Hujum qilinayotgan joyning masofasiga qarab to‘r yaqinida yon tomonlarga qadam tashlash, yugurish, sakrash kabi harakatlarni bajarish mumkin.

18-rasm.
To‘siq qo‘yish uchun avval o‘yinchi oyoqlarini ko‘proq bukib, qo‘llarini qattiq silkib yuqoriga sakraydi. Qo‘llar tirsakdan bir oz bukilgan holatda to‘r tepasiga ko‘tariladi. Optimal kuchlangan (barmoqlar orasi ochiq) kaftlar to‘rning yuqori qismiga borganda, to‘r osha yuqoriga-oldinga harakatlantiriladi. Zarba vaqtida kaftlar to‘pga maksimal yaqinlashtiriladi va bilak bo‘g‘inlari hisobiga faol bukiladi. Bundan asosiy maqsad berilgan zarbani amortizatsiyalash va to‘pni raqib jamoasining maydonchasiga yo‘naltirishdan iboratdir.
Hujumchilar to‘r chekkalaridan hujum zarbalarini berishda to‘pni to‘siqdan maydon tashqarisiga chiqarib yuborishga harakat qiladilar. Shu sababli to‘siq to‘r chekkasiga yaqin bo‘lgan qo‘l bilan yopiladi va to‘pning maydonchadan chiqib ketishga yo‘l qo‘yilmaydi.
To‘siq qo‘yish texnikasining murakkabligi quyidagi uchta omilga bog‘liq: joy tanlash; turgan joydan yoki harakatdan so‘ng baland sakrash; qo‘lni to‘r ustiga ko‘tarish vaqtini aniqlash.




3- andoza

Yüklə 1,53 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   31




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə