21
Ya’ni o’zingizdan nega aynan u sizni xafa qilganini so’raysiz. Xo’sh, boshqasi
xafa qilishi kerakmidi? Yoki boshqasi sizga u aytgan gaplarni aytganda xafa
bo’lmasmidingiz? Sizga xatoyingiz haqida, aytaylik, yaqin do’stingiz aytsa, buni yengil
qabul qilasiz. Ammo siz unchalik suymagan odamdan buni eshitsangiz – tamom! Bu siz
uchun oxirzamon degani! Har xil odamdan eshitgan gaplarga har xil munosabatda
bo’lish – odam ajratishdan boshqa narsa emas. Axir, sizga dushmaningiz bo’lsa ham
xatoyingiz haqida gapirsa – bu uni to’g’rilashga imkon emasmi?
“U meni nega xafa qildi?”
Ya’ni u nega aynan sizni xafa qilgani. Bu holat – shaxsiy muhimlik tuyg’usi eng
junbushga kelgan holat. Rostdan ham, u nega sizdek beg’ubor, beozor va bekam odamni
xafa qildi? Men ham begunoh emasman deysizmi? Unda nimaga u sizni xafa qilmasligi
kerak? U boshqa birovni xafa qilganda bunchalik kuyunmagan bo’lardingiz –
shundaymi?
To’g’ri – ba’zida biz mutlaqo aybsiz bo’la turib, bo’xton qurboniga aylanib
qolamiz. Ammo juda ko’p hollarda bo’lib o’tgan voqeada bizning ham oz bo’lsa-da
hissamiz bo’ladi. Qars ikki qo’ldan chiqadi deb bekorga aytishmagan.
Eng qizig’i, biz boshimizga tushgan tashvishda taqdir va Yaratganni ham shunday
ayblab qo’yamiz. “Qaysi gunohim uchun?” kabi savollar aslida “Mendek beayb
bandangga qilmagan gunohi uchun nega jazo berding?” degani. Uni qarangki, juda kam
odam baxtga erishganda “Qaysi qilgan savoblarim uchun menga bu baxtni ato etding?”
deb so’raydi. Shunaqa – gunohlarimizni qisqa xotirada tutamiz-u, savoblarimiz temir
daftarga yoziladi. Olgan jazomiz sababini topa olmaslik quyidagicha savollarga olib
keladi:
“U meni nega xafa qildi?”
Ba’zida biz kutgan narsamiz bo’lmaganidan xafa bo’lamiz. Kimdandir maqtov
kutasiz-u, u sizni boplab tanqid qilib beradi. Kimdandir e’tibor kutasiz – u sizni tanimay
o’tib ketadi. Yana kimdandir mehr kutasiz – u sizga g’ayirlik qiladi yoki boshqa birovga
mehr ko’rsatadi. Shunda o’zingizga:
“U meni nega xafa qildi?”
deb savol berasiz. Axir, undan bir narsa kutgan siz. O’sha siz kutgan narsani bermasa –
bu u sizga nisbatan nohaqlik qilgani emas. Axir, u ham alohida shaxs, uning ham o’z
niyatlari va rejalari bor. Balki, u mutlaqo siz undan biror narsaga umidvor
bo’layotganingizni bilmas. Bu holatda biror kimdan xafa bo’lish mutlaqo o’rinsiz.
Yuqoridagi misollar sizni birov xafa qilgan holatda shaxsiy muhimlik tuyg’usi
o’zini qanday tutishini ko’rsatadi. Ammo bu tuyg’u hayotingizning har jabhasida sizni
boshqaradi. O’zingiz va odamlar bilan munosabatlaringizda shaxsiy muhimlik tuyg’usi
eng yetakchi kuchdir.
Shaxsiy muhimlik tuyg’usining eng oliy ko’rinishi – bu xudbinlikdir. Egoist odam
o’zini har kim va har narsadan ustun qo’yadi – o’z manfaatlari yo’lida har kimning his-
tuyg’ulari, orzu-umidlari va tinch hayotini qurbon qilishga tayyor. Ishonchim komilki,
siz bunday odam emassiz. Aks holda bu kitob sizning qo’lingizga kelib tushmas edi.
G’urur – shaxsiy muhimlik tuyg’usining boshqa bir ko’rinishi. U bizni o’ylamay
ish tutishga, birovdan asossiz xafa bo’lishga, o’z xatti-harakatlarimizni cheklashga
22
majbur qiladi. Hech hayotda istagan narsangizni qilishga g’ururingiz yo’l qo’ymagan
holat bo’lganmi? Aytaylik, siz o’zingizdan quyi hisoblagan odamga nisbatan xato
qildingiz va bu xatoyingizni anglab yetdingiz. Undan borib uzr so’rashga g’ururingiz
yo’l qo’yarmidi? Buni qilgan taqdiringizda ham, juda qiynalib, o’zingizni yengib o’tib
qilasiz.
Masalan, yosh o’qituvchi dars davomida bir tenglamani xato yozib ketsa-yu,
o’quvchisi buni ko’rsatib bersa – bu xatoni tan olish ustoz uchun qiyin bo’ladi. Juda
kuchli shaxsiyat egalarigina bunday holatlarda g’ururlarini jilovlab, o’z ayblariga iqror
bo’la oladilar.
Har qanday holatda ham o’z kamchiligingizni tan ola biling. Bu bilan siz zinhor
kimdandir pastroq ekaningizni tan olgan bo’lmaysiz. Aksincha, atrofdagilar sizdagi
shaxsiyat kuchi darajasidan hayratga tushadilar va o’zlari bilmagan holda sizning
ustunligingizga tan beradilar. Bu sirni yodda tuting.
Kibr va manmanlik – shaxsiy muhimlik tuyg’usining eng kulguli qiyofasi. Bunda
kishi o’zi arzimagan darajani o’ziga zo’r-zo’rakay ilib olgan bo’ladi. Bu xuddi yosh
qizaloq opasining uzun ko’ylagini kiyib olib maqtanishiga o’xshaydi.
Kibrli shaxslarning asl muammosi shaxsiy muhimlik tuyg’usi emas – balki
kuchsiz shaxsiyatdir. Ular o’zlarini aslida hammadan past deb biladilar va shu holatni
o’zgalardan yashirish uchun hammaga past nazarda qaraydilar.
Shaxsiy muhimlik tuyg’usi foydadan ko’p zarar keltiradi. Uning eng katta zarari –
u sizning hayotiy quvvatingiz asossiz sarflanishiga sabab bo’lishidir.
Xo’sh, undan qanday qilib qutulish mumkin? Buning deyarli iloji yo’q. Uzog’i
bilan, siz bu tuyg’uni nazorat ostiga olishingiz mumkin. Buni qanday qilish mumkinligi
haqida endi sirlashamiz.
Men – hech kim
Shaxsiy muhimlik tuyg’usini jilovlash yo’llari haqida gapirishdan avval men sizga
bir hayotiy misol keltirib o’tay.
Men bu kitobni yozishdan avval kitobxonlarga aynan nima kerakligini aniqlashga
qaror qildim. Shu maqsadda men internetda maxsus sayt ochdim. U orqali istagan odam
menga o’z hayotiy va ruhiy tashvishlari haqida savol yozib, maslahat va takliflar olishi
mumkin edi. Yuzlab xatlar ichida bir maktub menga juda qiziq tuyuldi. Unda quyidagi
savol berilgan edi:
Siz kimsizki, odamlarga qanday yashash kerakligini o’rgatsangiz? Sizga bunday
huquqni kim berdi?
Avvaliga shaxsiy muhimlik tuyg’usi bu savolga javob yozmaslikni buyurdi.
Ammo keyin aynan shu savol menga foydali ekanini anglab qoldim – u shaxsiy
muhimlik tuyg’usi hali ham qarorlarimga aralashayotganini ko’rsatib berdi. Ko’nglimni
bir joyga qo’yib, xat egasiga javob yozdim:
“Savolingiz juda o’rinli. Men – hech kim emasman. Hayron bo’lmang.
Agar siz odamlarga yashashni o’rgatish uchun kishi “kimdir” bo’lishi kerak deb
hisoblasangiz – unda men o’sha kimdir emasman.