Yerdagi endogen jarayonlar haqida umumiy tushuncha



Yüklə 30,36 Kb.
tarix11.04.2018
ölçüsü30,36 Kb.

Aim.uz

i.Yerdagi endogen jarayonlar haqida umumiy tushuncha.

ii.Yerdagi bo'ladigan jarayonlar; vulqon otilishi, zilzila, tog’ hosil bo'lishi, kabi ichki harakatlar endogen jarayonlar deb ataladi. Yerdagi behisob energiya ta’siridan jinslarning yotish holati va tarkibi o'zgaradi, burmali tog’lar, vulqon harakatlaridan orollar hosil bo'ladi. Yer qatlamlarini o'zgarishidan hosil bo'lgan har xil strukturalarni o'rganuvchi geologiyaning sohasi geotektonika deyiladi.

iii.Yer po'stidagi endogen harakatlar qatlami yoki qatlamsiz yaxlit yotqiziqlarni normal yotishini o'zgartiradi. Qatlamlar yon tomonidan siqilishidan burmalanadi, tik ta’sir qilgan kuchdan esa sinadi, darzlar hosil qilib bo'laklarga ajraladi va nihoyat bir qismi ko'tarilib, ikkinchi qismi cho’kishi mumkin.

iv.Qatlamlarning o’zgarishi ichki harakatga bog’liqdir. Bu harakatdan cho'kish, ko'tarilish, burmalanish, yer yorilishi, katta-katta palaxsalarning siljishi va boshqa xil tektonik strukturalar vujudga keladi. Tektonik harakatlar ikki xilga orogen va epeyrogen harakatga bo'linadi. Orogen harakatlar o'z navbatida plikativ (burmalanish) va diz’yunktiv (uzilma) turlarga bo'linadi.

v.Epeyrogen (tebranma) harakatlar yer po'stining asriy tebranishida o'z ifodasini topgan..

vi.Tektonik strukturalar orasida qatlamli, darz ketgan va ajralgan strukturalarni ko'rish mumkin.

vii.1. Qatlamli struktura deb dengiz, ko'l, quruqlikda to'plangan mexanik, ximiyaviy va organik jinslarning tabiiy buzilmagan formasiga aytiladi.

viii.Qatlamli strukturalarga jins qatlamlarining gorizontal yoki bir oz qiyshayib yotishi kiradi. Bunday holatni oldin tektonik harakatga aloqasi yo'q deb hisoblanar edi.Haqiqatda esa yotqiziqlarning yotish holati asosan yer po'stidagi harakatlarga bog’liqdir. Agar yer po'stining bir qismi asta-sekin cho'ksa yoki aksincha ko'tarilsa, shu joyga cho'kadigan jins qatlamlarning yotishi shu joyga moslashib qiya yoki gorizontal bo'ladi.

ix.Yer po'stidagi harakatlar tufayli dengiz goh quruqlikka bostirib kiradi, goh orqaga chekinadi, buning natijasida dengiz ostida to'planuvchi cho'kindilar biri ikkinchisiga nisbatan suv bostirib kirganda bir xil tartibni saqlasa, suv qaytganda aksincha holatda bo'ladi.

x.Yer po'stida hosil bo'lgan cho'kindilar qatlamlar shaklida yotadi. Qatlam deb usti va osti tomonidan chegaralanuvchi yuza bilan ajralgan, bir xil tarkibdan iborat bo'lgan yaxlit yotqiziqqa aytiladi.

xi.Qatlamning usti va ostki chegarasini birlashtiruvchi tik chiziqning uzunligi qavatni haqiqiy qalinligiga teng bo'ladi. Qavatning yer yuzasiga chiqib turgan qismi ko'ringan qalinlik deyiladi.

xii.Hosil bo'lgan har qanday birlamchi jins qatlamni normal holatdan o'zgarib qolganligini, ularning yotish burchagini va azimutini tog’ kompasi bilan aniqlanadi.

xiii.Yer po'stida tebranma — epeyrogen harakatlar. Bizga qattiq va mustahkam bo’lib ko'ringan yer po'stining ba’zi joylari ko'tarilib, boshqa joylari esa, asta-sekin cho'kib, ya’ni tebranib turadi. Yer po'stining bunday harakati epeyrogen harakat, jarayonning o'zi esa epeyrogenizm (grekcha -tugilish) jarayoni deb ataladi. Asriy tebranishlar yer yuzasining keng maydonida sodir bo'ladi.

xiv.Dengiz yotqiziqlarini qatlami hamma qit’alarda topilishi va ularning yotqiziqlari bilan qoplanganligi o'tgan geologik davrlarda bir necha marta yer po'stida asriy tebranishlari bo'lganligidan darak beradi. Bu harakatlar hozir ham davom etmoqda.

xv.Epeyrogen harakatlar qirg’oq chiziqlarning o'zgarishida ayniqsa yaqqol aks etadi. Dengiz sohillarining ba’zi yerlaridan suvning qaytishini kuzatish mumkin. Bunday hodisa yo dengiz sathining pasayishi yoki dengiz sohilining ko'tarilishida ro'y beradi. Quruqlikning cho'kishi yoki dengiz sathining ko'tarilishi natijasida dengiz tarnsgressiyasi vujudga keladi va quruqlikning bir qismini suv bosadi. Quruqlikdan dengiz suvi qaytsa regressiya deyiladi.

xvi.Transgressiya bilan regressiya jarayoni bir xilda bo'lmaydi. Bu hodisalar tektonik harakatlar natijasida yer po'stining ayrim joylarining cho'kishi yoki ko'tarilishida ro'y beradi.

xvii.Epeyrogen harakat yerlarda har xil vaqtda va turlicha tezlikda bo'ladi.

xviii.Yer po'sti harakatini ko’rsatuvchi eng yaxshi misollardan biri Apennin yarim orolining Serapis sohilidagi ibodatxona minorasida dengizda yashovchi molyuskalar o'ygan izlar, bu yerda bir necha marta dengiz bo'lib qaytganligini ko'rsatadi.

xix.Serapis sohillari hozir asta - sekin cho'kayotganligi sababli kasr ustun-larini 2,5 m gacha suv qoplagan. Bundan tashqari tarixiy materiallarga qaraganda, Skandinaviya sohillari 100 yilda 100 - 120 sm ko'tarilmoqda.

xx.Yer po'sti ba’zi joylarda ko'tarilsa, ikkinchi joyda cho'kadi. Masalan Boltiq dengizining janubiy sohili sekin-asta cho'kmoqda. Shimoliy dengiz, La-Mansh bug’ozi, Qora dengizning Suxumi atrofidagi sohillari va Shimoliy Amerikaning sharqiy sohillari hamda Avstraliya materigi sohillari ham cho'kmoqda.

xxi.Kongo daryosining Atlantika okeaniga quyiladigan qismi chuqur cho'kkan. Bu daryoning eski o'zani okean sathidan 3300 m chuqurlikda bo'lib, uning uzunligi sohildan okean ichkarisigacha 130 km ga boradi. O’zbekistonning tog’li rayonlari neogen davridan boshlab hozirgacha ko'tarilmoqda. Buni ellik besh yillik davlat nivelirovkasidan ko'rish mumkin, ya’ni Amudaryo boshi - Panj daryosining quyi oqimiga nisbatan shu o'tgan davr ichida 2,15 m ko'tarilgan.

xxii.Yer po'stining asriy tebranishi faqat dengiz sohillaridagina emas, balki materik ichkarisida ham kuzatiladi. Masalan, Fransiyaning ayrim joylari, Al’p tog’larining etaklari va Boden ko'li atrofi, Shimoliy Amerikada Michigan ko'li sohillari, Tinch okeandagi Marjon orollari ham asta - sekin cho'kmoqda. Bunday misollarni ko'plab keltirish mumkin.

xxiii.Yer po'stidagi hozirgi harakatlarni aniq o'lchashda geodezik asboblardan foydalaniladi. Tog’ jinslari qatlamlarining yotish holatini o'lchash bilan epeyrogen harakatlarining yer po'stiga bo'lgan ta’siri aniqlanadi. Geologik va geomorfologik kesimlar, tog' jinslarining yotish shakllarining tahlili ham katta yordam beradi.

xxiv.1862—1932 yillardagi nivelirlashlarning natijalarini tekshirib ko'rilganda, Himolay bilan Gang daryosi o'rtasida joylashgan Shimoliy Hindostonning ko'p qismi bir yilda 18,2 mm ko'tarilgan Banoras shaxrining shimoliy qismi eng ko'p ko'tarilgan.

xxv.Bunday ko'tarilishlar bo'ladigan joylarda suv ko'proq ish bajarib tik qirg’oqni qoyalarni vujudga keltiradi. Bu joylarda erroziya jarayoni tez bo'ladi va tik qoya rel'yefni paydo bo'lishiga sabab bo'ladi.

xxvi.Yer po'stining tik tebranma harakatidan tashqari, gorizontal harakati Pomir tog’lari janubdan shimolga tomon asta-sekin yiliga 2-3 m siljimoqda. Yer tarixida va rivojlanishida tektonik harakatlar muttasil, lekin goh tez, goh sust bo'lib turgan. Orogen harakatlar asosan ikkiga: burmalar hosil qiluvchi va ajratuvchi harakatlarga bo'linadi. Strukturalar qavatli cho'kindi yotqiziqlarning va ularni yon tomonidan siqilishi natijasida bukilib ketishidan hosil bo'ladi. Qavatlarni uzilmasdan buklanib hosil qilgan burmalariga burmalangan strukturalar deyiladi. Burmalangan strukturalarning morfologiyasiga qarab hosil bo'lish sabablari va ichki tuzilishi aniqlanadi. Bunday strukturalar tabiatda bir necha xil bo'lib asosiylari: antiklinal' va sinklinal' yoki qo'shoq burmadir. Qavatli cho’kindilar yon tomondan siqilishi tufayli qavariq va botiq shakl paydo bo'ladi. Bukilgan qavatlarni qavariq qismiga antiklinal', botiq kismiga sinklinal’ burma deb aytiladi. Antiklinal' va sinklinal' burmalar yonma-yon uchrasa, ularni qo'shoq burma deyiladi. Antiklinalning yadrosida qadimgi sinklinalning yadrosida esa, aksincha, yoshroq jinslar joylashadi.

xxvii.Antiklinal' va sinklinal' burmalar qanotlarning tutashgan qismi qulf deb ataladi. Bukilma qulf ularning o'rtasida qavariq yoki botiq qismida bo'ladi. Antiklinal' va sinklinal' qulflari orasidagi masofa burma balandligi deb ataladi. Burma qanotlarining o'rta qismi orasidagi masofa uning eniga teng.

xxviii.Burma qanotining yer yuzasi bilan kesishgan joyida uning burchagi hosil bo'ladi (qatlamning burchagi) Yotiq burmalarda yotish burchagi geometrik usulda tuzilgan ko'ndalang kesmalarga qarab aniqlanadi.

xxix.Burma qulfidagi qatlamlar bukilmasini tutashtiruvchi nuqtalarga sharnir deyiladi. Shuning uchun har qaysi burmaning tuzilishida nechta qatlam bo'lsa, shuncha sharnir o'tkazish mumkin.

xxx.Burmaning hamma sharniri orqali o'tuvchi chiziq, ya’ni uning geometrik o'rnini hosil qluvchi yuza tekislik deyiladi.

xxxi.Bu tekislikning muhim xususiyatlaridan biri shuki, u to'g’ri burmalarda simmetriya tekisligi bo’la oladi va uni teng ikki bo’lakka bo’ladi.

xxxii.O’q tekisligining yer yuzasi bilan kesishib hosil qilgan chizig’i burma o'qi deyiladi. Ko'pchilik xaritalarda va tektonik sxemalarda burmalarning tekislikda egallagan o'rni, ya’ni burma o'qi aks ettiriladi.

xxxiii.Burmalarninng tasnifi. O'q yuzasining gorizontal holatiga nisbatan tutgan o'rniga qarab burmalar to'g’ri, qiyshiq, ag’darilgan va yotiq bo'ladi.

xxxiv.O'q tekisligi va qanotlari bir - biriga parallel bo'lgan burmalar izoklinal burmalar hisoblanadi. Qanot tekisliklarini gorizontal enkayishiga qarab ular to'g’ri, agdarma va yotiq xillarga bo'linadi. Antiklinal' va sinklinallarda burma qanotlarining burchagi gorizontga nisbatan 90° dan katta bo'lsa, yelpig’ichsimon burma deb ataladi. Ularda o'q tekisligi pastga, yoki yuqoriga taram-taram bo'lib ketadi. Yelpig’ichsimon burmalar paydo bo'lganda, tog’ jinslarining yelpig’ichiga to'g’ri kelgan qatlamlari ko'pincha shunday siqiladiki, burmalar ichida orol tarzida tog’ jinslaridan bir qismi uzilib qoladi. Bu bukilmaning ezilgan yadrosi deb ataladi. Keng, tekisroq gumbazga va tik qanotga ega bo'lgan burmalar sandiqsimon yoki qutisimon burmalar deb ataladi.

xxxv.Antiklinal' burmalar kesmada qanday shaklda bo'lishidan qat’iy nazar, uning yadrosida har doim eng qadimgi jinslar, qanotlarda esa, yosh jinslar joylashadi. Sinklinallar yadrosida aksincha, yosh jinslar, qanotlarida qadimgi jinslar joylashgan bo'ladi.

xxxvi.Ko’ndalang kesmalarda burma sharnirlari har doim to'g’ri, groizontal chiziqlar bo'yicha bo'lavermaydi. Odatda ular to'lqinsimon bo'lib, bir joyda gorizont tekisligiga nisbatan cho'kkan, boshqa joyda ko'tarilgan bo'ladi. Sharnirning bunday to'lqinlanishi undulyatsiya deb ataladi. (kichikroq to'lqinlarning hosil bo'lishi burmalarning o'qlari ham har doim to'gri chiziq shaklida bo'lmaydi. Ularning egri-bugri shakldagisi geologiyada sigmoidlar deb nom olgan.

xxxvii.Sharnirlari gorizontal, o'k tekisligi vertikal burmalar normal burmalardir. Ularni gorizontal tekislikda kesilsa, qatlamni tashkil etgan jinslar yuzaga yo'l-yo'l shaklda chiqadi. Qarama-qarshi yo'nalishlarda cho'kkan antiklinal burmalar braxiantiklinal burma deb ataladi.

xxxviii.Bunday antiklinal burmalardagi qatlamlar ostida ko'pincha tuz to'plangan bo'lib, ularning gorizontal holdagi kesmasi doira shaklidagi konturlarga ega bo'ladi.

xxxix.Tog’ jinslari holatlari qalinligining o'zgarishini tekshirish katta amaliy ahamiyatga ega. Burmaning ko'tarilgan va cho'kkan (botgan) qismlarida jins qalinligi ortib boradi, bu hodisa biror qanot qalinligining kamayishi tufayli yuz beradi. Bunday hollarda burmalarning qanotlari shunday siqiladiki, natijada siqilgan qatlam qanotlari butunlay yo’qolib ketadi.

xl.Yer ichki harakatidan qatlamlarni yon tomondan siqilishi natijasida ular 15-40° gacha burchak hosil qilib sinadi va bir tomoni (qatlam) ikkinchi (yon qatlam) tomonga siljib chiqadi, bunga nadvig deyiladi.

xli.Burmalar ichida ximiyaviy - mexanik harakatlar natijasida plastik (osh tuzi, gips, plastik gil va boshqalar) massalarning qisilishdan o'ziga xos struktura kelib chiqadi.

xlii.Jins qatlamlari yadrosidan qisilgan massa uning ustiga oqib chiqib, yuzasida yotgan qatlamlar yon tomonga siqilib ko'tariladi va bunda diapir (diapir - grekcha - oqib chiqish) burmalar hosil bo'ladi. Oqib chiqadigan yadro shakllari ham har xil konussimon, taroqsimon, gumbazsimon, silindrsimon) bo'ladi. Diapir burmalarning balandligi 100 m va undan ko'p bo'ladi. Bunday burmalar cho'kindi jinslar orasida tuzlar yoki bo'shoq jinslar ko'p tarqalgan rayonlarda (Qashqadaryodagi yura davri yotqizig’ida) uchraydi va rel’yefda yaqqol ko'rinib turadi.

xliii.Fleksura deb ataluvchi burma gorizontal yotuvchi qavatlarning bir tekisda vertikal yo’nalishda harakat qilmasligidan paydo bo'ladi. U jins qavatlarining gorizontal yotishida ayniqsa yaqqol ko'rinadi. Fleksura — uzik burmalarga o'tish bosqichidir.

xliv.Darzlik va uzilmali (dizyunktiv) strukturalar. Tog jinslari qatlamlarning buzilishiga, ajralishiga dizyunktiv harakat deb ataladi. Bu bilan harakat tufayli qatlamlarni kesib o'tuvchi yoriqlar (darzlik) namoyon bo'ladi. Yoriqlar katta, kichik hamda sayoz va chuqur bo'lishi mumkin, kichik yoriqlar bir qatlamdan tashqariga chiqmasligi mumkin. Bunday darzlar jins qavati yuzasidagina bo'lib fizik kuch ta’sirida tog’ jinsini qarshiligiga (egiluvchanligi, chidamliligi, mo’rtligi) qarab, ajraluvchan va egiluvchan xillarga bo'linadi. Burmalangan struktura o'ziga parallel yo’nalgan darzlarga klivaj deyiladi.

xlv.Chuqur yoriqlar esa juda ko'p qatlamlarni kesib o'tib va minglab m gacha cho'ziladi. Masalan Janubiy Farg’ona chuqur yer yorig’i zonasi, sharqda Oldiyor (Fargona tog’i)dan Uralgacha boradi. Bunday yoriqlarga yondoshgan tog’ jinslari uning qanotlari deb ataladi. Gorizontga enkaygan yoriqlarda osma va yotiq qanotlar bir - biridan farq qiladi.

xlvi.Paraklaz (tog’ jinslari bir-biriga nisbatan siljib joylashgan tektonik) yoriqlar kattaligi va qanotlar siljishining yo'nalishiga hamda yoriq tekisligi enkayish burchagining kattaligiga qarab belgilanadi. Bu belgilarga qarab uzilmalar (sbros), siljishlar (sdvig) aniqlanadi. Paraklaz yoriqlarini ko'pincha siljish yoriqlari deb ham atashadi, chunki qanotlar shu yoriqlar bo'yicha ko’chadi. Qanotlar nisbiy ko'chishining kattaligi yoriq amplitudasi deb ataladi.

xlvii.Uzilma siljish deb shunday paraklazlarga aytiladiki, ular qanotlarining ko'chishi (50°dan ortik) qiya yo'nalishda ro'y beradi. Uzilma yoriqlaridan uziluvchi burchak tik yoki qiya bo'lishi mumkin. Agar uzilma yoriqlari pastga qanotlar tomoniga qiya bo'lsa, u normal uzilma deb ataladi.

xlviii.Ko'tarilgan qanotga qiya bo'lsa, aks uzilma yoki ko'tarilma deb ataladi.Agar uzilma qanotlari bitta yoriq orqali ko'chsa oddiy uzilma hosil bo'ladi. Murakkab uzilmalar ham uchraydi. Ikki yon tomoni cho'kmagan, parallel yoriqlar bilan chegaralangan, o'rtasi cho'kkan joy graben deyiladi. Oddiy graben ikkita uzilma bilan chegaralandi. Murakkab graben uzilmalar sistemasi bilan chegaralanadi. Grabenlarga O'lik dengizi, Baykal ko'li, Reyn vodiysi, Oxangaron daryosi vodyisi misol bo'la oladi. Katta va murakkab grabenlar sistemasi Sharqiy Afrikada Zambezi daryosi, Katta Afrika ko'llaridan Efiopiyagacha cho'ziladi. Keyin bu sistema Afrika bilan Osiyo orasidan o'tadi, uning markazi Qizil dengizga tug’ri keladi. Bu grabenning uzunligi taxminan 5000 km.

xlix.Qatlamlarning parallel yoriq bo'ylab uzilishidan cho'kmay qolgan o'rta qismiga gorst deb ataladi. Ikki tomondan uzilma bilan chegaralangan gorstlar oddiy, bir necha uzilma bilan chegaralangani - murakkab gorstlar deb ataladi.

l.Uzilma amplitudasi (tebranish balandligi) uzilgan qatlamlarning bir-biridan ajralgan qismi orasidagi masofaga teng bo'ladi.

li.Burmalar yo'nalishiga qarab bo'ylama, diagonal va ko'ndalang bo'ladi. Birinchisi burma bo'yicha cho'zilgan bo'ladi, ikkinchisi uni o'tkir burchak bilan, uchinchisi to’g’ri burchak bilan kesadi. Uzilmalar qatlamlarning qiyaligiga qarab turlicha bo'ladi. Qatlamlarning qiyaliklari va uzilma yuzasi bir tomonga yo'nalgan bo'lsa mos uzilma aksincha nomos uzilma (vzbros) ataladi.

lii.Tog’ jinslaridan uzilmaning harakat yo'nalishini unda paydo bo'lgan yuzaga qarab aniqlash mumkin. Bunday harakat natijasida yoriqlar yuzasi tekislinadi, o'tkir qattiq jinslar ularni tirnaydi, ariqchalar hosil bo'ladi va burmalar surilib ketadi.

liii.Yoriqlar devorlarining tekislangan yaltiroq oynasimon yuzasi “sirg’anish oynasi" (zerkalo skol'jeniya) deb yuritiladi. Sirg’anish oynasi yuzasining qarama-qarshi tomoni odatda g’adir-budur bo'ladi.

liv.Yer yoriqlari devorlarining birida paydo bo'lgan chuqurchalar qarama-qarshi devorda chiqib turgan qattiq jins yoki minerallarning bu devorni o'yishidan vujudga keladi. Agar bunday chuqurcha uchburchak shaklida bo'lsa, uchi harakat yo'nalishining old tomonida, yoy shaklida bo'lsa, uning qavariq tomoni harakat yo'nalishining orqa tomonida bo'ladi. Shunga ko'ra harakat yo'nalishini aniqlash oson..

lv. Paraklaz yoriqlari bo'yicha harakatning yo'nalishini aniqlashda “tektonik gil”ning ( Tog’ jinslarining bir-biriga ishqalanishi natijasida maydalangan uni) roli kattadir. Yoriqlarni to'ldiruvchi tektonik gil qatlamlarining ajralgan yuzasi yo'nalishiga tomon engashgan bo'ladi. Tektonik gillar yon jinslar tirnalishidan yoki yoriqlarda hosil bo'lgan minerallanishdan paydo bo'lganligini mikroskop ostida ko'rib aniqlash mumkin. Ajralgan strukturalarning geologik qidiruv ishlarida ahamiyati katta. Bu strukturalar rudaga boy gidrotermal suyuqliklarning harakatlanishi uchun eng qulay joy hisoblanadi. Shuning uchun ham geologlar ma’danlarni izlashda bunday tektonik strukturalarga katta ahamiyat berishlari lozim.

lvi.


Aim.uz




Dostları ilə paylaş:


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2017
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə