Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida



Yüklə 2,1 Mb.
səhifə13/33
tarix01.10.2023
ölçüsü2,1 Mb.
#125256
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   33
312 07.06.2022

7-§. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga professional va oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalarining ta’lim to‘lov-kontrakt summasining bir qismini to‘lab berish tartibi
35. Respublikamizdagi professional ta’lim tashkilotlarida ta’lim olayotgan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha oliy ta’lim tashkilotlarida (davlat, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiallarida) bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki shaklida, magistraturaning kunduzgi yo‘nalishida ta’lim olayotgan o‘quvchi-talabalarga to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
Ushbu xarajatlarni to‘lab berish yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda ushbu Nizomga 8-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi (ikkinchi va undan keyingi mutaxassislik, qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotganlar bundan mustasno).
36. O‘quvchi-talabalar to‘lov-kontrakt xarajatlarining bir qismini to‘lab berishni so‘rab Vasiylik kengashiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt) nusxasini taqdim etishi lozim.
Kontraktda o‘qishning belgilangan muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi talab etiladi.
Taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi va haqqoniyligi uchun ariza beruvchi javobgar hisoblanadi.
Hujjatlar taqdim etilgandan so‘ng Vasiylik kengashi uch ish kuni ichida murojaatni unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga ariza beruvchi yashab kelayotgan mahalladagi yoshlar yetakchisiga ko‘rib chiqish uchun yuboradi.
Mahalladagi yoshlar yetakchisi besh ish kuni ichida to‘lov-kontrakt xarajatlarini qoplash haqidagi tavsiyanoma yoki rad etish to‘g‘risidagi xabarnomani Vasiylik kengashiga yuboradi. Bunda to‘lov-kontrakt xarajatlarini qoplashni rad etish haqida xabarnoma yuborilganda rad etish sabablari asoslanishi talab etiladi.
Agar mahalladagi yoshlar yetakchisi murojaatni unga tushgan paytdan boshlab besh ish kuni ichida ko‘rib chiqmasa yoki subsidiya ajratishni asossiz rad etish haqida xabarnoma bersa, ariza beruvchining murojaati ushbu paragraf talablariga muvofiq bo‘lganda Vasiylik kengashi uning murojaatini qanoatlantirish huquqiga ega bo‘ladi.
37. Murojaatni o‘rganish natijalari bo‘yicha Vasiylik kengashi tomonidan to‘lov-kontrakt xarajatlarini qoplash haqida qaror qabul qilingandan so‘ng uch ish kuni ichida belgilangan miqdordagi to‘lov-kontrakt mablag‘lari professional ta’lim yoki oliy ta’lim tashkilotining hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.
8-§. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga zamonaviy kasblarni egallashi, axborot texnologiyalarini o‘rganishi va ularni xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi
38. Yoshlarga zamonaviy kasblarni egallashi, axborot texnologiyalarni o‘rganishi va ularni xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha olti oygacha muddatli o‘quv kurslari uchun har oyda BHMning 4 baravarigacha miqdorda yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ushbu Nizomga 9-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq subsidiya ajratiladi.
Bunda ariza beruvchiga “1+1” tamoyili asosida bir vaqtning o‘zida zamonaviy kasb yoki axborot texnologiyalar o‘quv kursi bilan birgalikda xorijiy til o‘quv kursida o‘qish xarajatlari uchun ham subsidiya ajratilishi mumkin.
Mazkur bandda nazarda tutilgan xarajatlarni qoplash uchun Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan ham qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda subsidiya ajratilishi mumkin.
39. Ariza beruvchi subsidiya ajratishni so‘rab Vasiylik kengashiga o‘zi va nodavlat ta’lim tashkiloti o‘rtasida tuzilgan shartnoma nusxasini taqdim etadi.
Shartnomada nodavlat ta’lim tashkilotining nomi, STIR, o‘qitiladigan zamonaviy kasb, xorijiy til turi yoki axborot texnologiyalar yo‘nalishi, o‘quv kursining bir oylik to‘lovi miqdori va umumiy muddati ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi va haqqoniyligi uchun ariza beruvchi javobgar hisoblanadi.
Hujjatlar taqdim etilgandan so‘ng Vasiylik kengashi uch ish kuni ichida murojaatni unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga ariza beruvchi yashab kelayotgan mahalladagi yoshlar yetakchisiga ko‘rib chiqish uchun yuboradi.
Mahalladagi yoshlar yetakchisi besh ish kuni ichida subsidiya ajratish haqidagi tavsiyanoma yoki rad etish to‘g‘risidagi xabarnomani Vasiylik kengashiga yuboradi. Bunda, subsidiya ajratishni rad etish haqida xabarnoma yuborilganda rad etish sabablari asoslanishi talab etiladi.
Agar mahalladagi yoshlar yetakchisi murojaatni unga tushgan paytdan boshlab besh ish kuni ichida ko‘rib chiqmasa yoki subsidiya ajratishni asossiz rad etish haqida xabarnoma bersa, ariza beruvchining murojaati ushbu paragraf talablariga muvofiq bo‘lganda Vasiylik kengashi uning murojaatini qanoatlantirish huquqiga ega bo‘ladi.
40. Murojaatni o‘rganish natijalari bo‘yicha Vasiylik kengashi tomonidan subsidiya ajratish haqida qaror qabul qilingandan so‘ng uch ish kuni ichida o‘quv kursi uchun belgilangan mablag‘lar ariza beruvchining o‘qiganligini tasdiqlovchi hisob-faktura va dalolatnomaga asosan nodavlat ta’lim tashkilotining hisob raqamiga o‘tkazib boriladi.
41. Mahalladagi yoshlar yetakchisi ariza beruvchi tomonidan haqiqatda o‘quv kursida o‘qiyotganligini har oyda kamida bir marta monitoring asosida o‘rganadi.
O‘rganish jarayonida ariza beruvchi tomonidan o‘quv kursida o‘qimayotganligi aniqlangan taqdirda, yoshlar yetakchisining taqdimnomasiga asosan o‘quv kursi uchun subsidiya berish to‘xtatiladi.
9-§. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj iqtidorli yoshlarning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi o‘quv kurslari uchun subsidiya ajratish tartibi
42. Yoshlarning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi olti oygacha muddatli o‘quv kurslari uchun har oyda BHMning bir baravarigacha miqdorda mahalladagi yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ushbu Nizomga 10-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq subsidiya ajratiladi.
Mazkur paragrafda nazarda tutilgan xarajatlarni qoplash uchun Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan ham qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda subsidiya ajratilishi mumkin.
43. Ariza beruvchi o‘quv kursida o‘qish uchun subsidiya ajratishni so‘rab Vasiylik kengashiga o‘zi va nodavlat ta’lim tashkiloti o‘rtasida tuzilgan shartnoma nusxasini taqdim etadi.
Shartnomada nodavlat ta’lim tashkilotining nomi, STIR, o‘qitiladigan ta’lim turi, o‘quv kursining bir oylik to‘lovi miqdori va umumiy muddati ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi va haqqoniyligi uchun ariza beruvchi javobgar hisoblanadi.
Ushbu bandda nazarda tutilgan hujjatlar taqdim etilgandan so‘ng Vasiylik kengashi uch ish kuni ichida murojaatni unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga ariza beruvchi yashab kelayotgan mahalladagi yoshlar yetakchisiga ko‘rib chiqish uchun yuboradi.
Mahalladagi yoshlar yetakchisi besh ish kuni ichida subsidiya ajratish haqidagi tavsiyanoma yoki rad etish to‘g‘risidagi xabarnomani Vasiylik kengashiga yuboradi. Bunda, subsidiya ajratishni rad etish haqida xabarnoma yuborilganda rad etish sabablari asoslantirilishi talab etiladi.
Agar mahalladagi yoshlar yetakchisi murojaatni unga tushgan paytdan boshlab besh ish kuni ichida ko‘rib chiqmasa yoki subsidiya ajratishni asossiz rad etish haqida xabarnoma bersa, ariza beruvchining murojaati ushbu paragraf talablariga muvofiq bo‘lganda Vasiylik kengashi uning murojaatini qanoatlantirish huquqiga ega bo‘ladi.
44. Murojaatni o‘rganish natijalari bo‘yicha Vasiylik kengashi tomonidan subsidiya ajratish haqida qaror qabul qilingandan so‘ng uch ish kuni ichida o‘quv kursi uchun belgilangan mablag‘lar ariza beruvchining o‘qiganligini tasdiqlovchi hisob-faktura va dalolatnomaga asosan nodavlat ta’lim tashkilotining hisob raqamiga o‘tkazib boriladi.
45. Mahalladagi yoshlar yetakchisi ariza beruvchi haqiqatda o‘quv kursida o‘qiyotganligi to‘g‘risida har oyda kamida bir marta monitoring asosida o‘rganadi.
O‘rganish jarayonida ariza beruvchi tomonidan o‘quv kursida o‘qimayotganligi aniqlangan taqdirda, yoshlar yetakchisining taqdimnomasiga asosan o‘quv kursi uchun subsidiya berish to‘xtatiladi.
10-§. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi olimpiada, tanlov va musobaqalarda qatnashish xarajatlari uchun subsidiya ajratish tartibi
46. Yoshlarning ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishlaridagi olimpiada, tanlov va musobaqalarning mahalliy bosqichlarida qatnashish uchun ishtirokchilarning yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun BHMning 4 baravarigacha hamda ushbu olimpiada, tanlov va musobaqalarning xalqaro bosqichlarida qatnashish xarajatlari (ishtirokchilarning yashash va transport xarajatlari) uchun BHMning 40 baravarigacha miqdorda “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ushbu Nizomga 11-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq subsidiya ajratiladi.
Mazkur paragrafda nazarda tutilgan xarajatlarni qoplash uchun Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan ham qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda subsidiya ajratilishi mumkin.
47. Olimpiada, tanlov va musobaqalarning mahalliy va xalqaro bosqichlarida qatnashish xarajatlari uchun subsidiya ajratishni so‘rab ariza beruvchi Vasiylik kengashiga olimpiada, tanlov va musobaqalarda ishtirok etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni (sportni rivojlantirish bo‘limi, madaniyat bo‘limi, xalq ta’limi bo‘limi yoki tegishli sport federatsiyalarining Vasiylik kengashi nomiga rasmiy xati va boshqalar) taqdim etadi.
Taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi va haqqoniyligi uchun ariza beruvchi javobgar hisoblanadi.
Bunda ushbu subsidiyani berish uchun mahalladagi yoshlar yetakchisining tavsiyasi talab etilmaydi.
Vasiylik kengashi talabgorning arizasini uch ish kuni ichida o‘rganib chiqib qaror qabul qiladi.
48. Vasiylik kengashi qaroriga asosan ariza beruvchining transport (temiryo‘l, avia hamda viloyatlararo va shaharlararo qatnovchi avtobus) xarajatlari:
havo transportida — iqtisodiy klass tarifi bo‘yicha;
temir yo‘l transportida — 2-klass tarifi bo‘yicha qoplash uchun chipta realizatsiya qiluvchi tashkilotlarning hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.
49. Olimpiada, tanlov va musobaqa davomidagi yashash xarajatlari vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar xodimlari O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga xizmat safariga yuborilganda xizmat safari xarajatlari uchun mablag‘lar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (2015-yil 19-noyabr, ro‘yxat raqami 2730) 1-ilovada belgilangan summalarda (transport xarajatlarini qo‘shganda ushbu Nizomning 46-bandida belgilangan miqdordan oshmagan holda) qoplanadi.
Vasiylik kengashi tomonidan uch ish kuni ichida zarur chora-tadbirlar belgilanadi va mablag‘lar o‘tkazib beriladi.
11-§. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga ta’lim, madaniyat va san’at, sport, axborot texnologiyalar sohasiga va fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan nodavlat ta’lim tashkilotining noturar joy ijara xarajatlarini qoplash tartibi
50. Yoshlarga ta’lim, madaniyat va san’at, sport, axborot texnologiyalar sohasiga va fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan nodavlat ta’lim tashkilotining uch oy muddatgacha noturar joy ijara xarajatlari uchun BHMning 50 baravarigacha miqdorda mahalladagi yoshlar yetakchisining ijobiy tavsiyasi asosida “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ushbu Nizomga 12-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq ijaraga beruvchi tashkilotga qoplab beriladi.
Bunda nodavlat ta’lim tashkilotida o‘qiyotgan jami fuqarolarning eng kamida beshdan bir qismi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar bo‘lsa, o‘quv markaziga ushbu imkoniyatdan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
Mazkur paragrafda nazarda tutilgan xarajatlarni qoplash uchun Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan ham qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda subsidiya ajratilishi mumkin.
51. Noturar joyning ijara xarajatlarini qoplash uchun nodavlat ta’lim tashkiloti nomidan ish yuritish vakolatiga ega shaxs — ariza beruvchi Vasiylik kengashiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
tadbirkorlik subyekti guvohnomasi nusxasi;
ijara shartnomasining soliq organlarida hisobga qo‘yilganligi haqidagi bildirishnoma;
ijara shartnomasi nusxasi. Bunda, ijara shartnomasida ijaraga beruvchining nomi, STIR, ijaraning bir oylik to‘lovi miqdori ko‘rsatilishi lozim;
nodavlat ta’lim tashkilotida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning umumiy soni va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar soni to‘g‘risida ma’lumot.
Taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlarning to‘g‘riligi va haqqoniyligi uchun ariza beruvchi javobgar hisoblanadi.
Ushbu bandda nazarda tutilgan hujjatlar taqdim etilgandan so‘ng Vasiylik kengashi uch ish kuni ichida murojaatni ilova qilingan hujjatlar bilan birga ariza beruvchi faoliyat yuritib kelayotgan mahalladagi yoshlar yetakchisiga ko‘rib chiqish uchun yuboradi.
Mahalladagi yoshlar yetakchisi besh ish kuni ichida ijara xarajatlarini qoplash haqidagi tavsiyanomani yoki rad etish to‘g‘risidagi xabarnomani Vasiylik kengashiga yuboradi. Bunda ijara xarajatlarini qoplashni rad etish haqida xabarnoma yuborilganda rad etish sabablari asoslanishi talab etiladi.
Agar mahalladagi yoshlar yetakchisi murojaatni unga kelib tushgan paytdan boshlab besh ish kuni ichida ko‘rib chiqmasa yoki ijara xarajatlarini qoplashni asossiz rad etish haqida xabarnoma bersa, ariza beruvchining murojaati ushbu paragraf talablariga muvofiq bo‘lganda Vasiylik kengashi uning murojaatini qanoatlantirish huquqiga ega bo‘ladi.
52. Murojaatni o‘rganish natijalari bo‘yicha Vasiylik kengashi tomonidan ijara xarajatlarini qoplash haqida qaror qabul qilingandan so‘ng ariza beruvchi bino va inshootdan foydalanayotganligi to‘g‘risida ijaraga beruvchi bilan har oy yakuni bo‘yicha tuziladigan va keyingi oyning 5-kunigacha taqdim etiladigan hisob-fakturaga va dalolatnomaga asosan Vasiylik kengashi bino va inshootning ijara haqi uchun to‘lovni uch ish kuni ichida ijaraga beruvchining hisob raqamiga o‘tkazadi.
53. Mahalladagi yoshlar yetakchisi ijaraga olingan bino va inshootning ijaraga oluvchi tomonidan haqiqatda foydalanilayotganligini har oy mobaynida kamida bir marta monitoring asosida o‘rganadi.
O‘rganish jarayonida ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga olingan bino va inshootdan foydalanilmayotganligi aniqlangan taqdirda, yoshlar yetakchisining taqdimnomasiga asosan ijara to‘lovi uchun subsidiya berish to‘xtatiladi.

Yüklə 2,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   33




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə