1-mavzu. Statistika faniga kirish. Statistika predmeti va uslubi Reja



Yüklə 72,81 Kb.
səhifə5/17
tarix08.02.2023
ölçüsü72,81 Kb.
#100493
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17
Statistika fanidan

3. Statistika tarkibiy qismlari
Ommaviy hodisa va jarayonlar har xil sohalarda kuzatiladi va turli tumandir, ularning kyechish sharoitlari ham, tuzilishi ham turlichadir. Demak, bunday hodisa va jarayonlar ko‘pdan-ko‘p shakllarga va turlarga ega. Ayniqsa, ijtimoiy hayotdagi hodisa va jarayonlar o‘zining murakkabligi va juda ko‘p o‘zaro bog‘lanishlarga egaligi bilan ajralib turadi. Shu sababli statistik qonuniyatlar ham ularda har xil ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi va turli jihatlarini ta’riflaydi. O‘z-o‘zidan ravshanki, ularni qandaydir yagona bir usul yordamida o‘rganib bo‘lmaydi. Buning uchun maxsus usullar, yo‘llar majmuasi, bilim vositalari zarur.
Umuman olganda, uslubiyat so‘zi quyidagi lug‘aviy ma’nolarga ega: 1) bilimning ilmiy metodlari haqidagi ta’limot; 2) biror narsani nazariy tekshirish va amaliy bajarish usuli, vositasi; 3) ayrim fan tarmoqlarida qo‘llanadigan usullar, metodlar, yo‘llar, vositalar majmuasi; 4) ishlash va boshqarishdagi o‘ziga xos uslub, ya’ni maxsus yo‘llar, usullar majmuasi.
Ommaviy hodisa va jarayonlarning miqdoriy nisbatlarini aniqlash, ularda namoyon bo‘ladigan qonuniyatlarni oydinlashtirish maqsadida amalga oshiriladigan statistik tadqiqotlar bir necha bosqichlarga, ular esa fazalarga bo‘linadi. Bosqich va fazalar o‘zining maqsadi, vazifalari va xususiyatlari bilan bir biridan ajralib turadi. Shuning uchun har bir faza va bosqichda o‘ziga xos tekshirish usullari, yo‘llari, vositalari qo‘llanadi. Shu bilan birga o‘rganilayotgan soha va masalaning xarakteriga qarab, unga mos keladigan u yoki bu usul (yoki usullar to‘dasi) aniq tekshirishda, uning muayyan fazasi va bosqichida asosiy, yetakchi qurol sifatida ishlatiladi.
Statistik tadqiqot ikkita bosqich va bir necha fazalardan tashkil topadi va ularda o‘ziga xos usullar qo‘llanadi. Keng va to‘la ma’noda statistik tadqiqot ikkita bosqichdan tashkil topadi:
Tasviriy statistika bosqichi
Analitik statistika bosqichi.
Birinchi bosqichda quyidagi asosiy maqsad va vazifalar ko‘zlanadi: o‘rganilayotgan obyektlarni spetsifikatsiyalash, ular haqida ma’lumotlar to‘plash va qayta ishlash, ommaviy hodisa va jarayonlarning miqdoriy me’yorlarini tavsiflovchi ko‘rsatkichlarni hisoblash, ularni ko‘rkam va ixcham shaklda va zarur hollarda so‘z bilan tavsiflash. Ikkinchi bosqichda esa ko‘rsatkichlarni statistik tahlil qilish, ular orasidagi sabab-oqibat bog‘lanishlarni aniqlash va baholash, o‘rganilayotgan obyektlar taqsimotlaridagi qonuniyatlarni oydinlashtirish, ilmiy gipotezalarni ishonchlilik jihatdan baholash va statistik xulosalarni chiqarish va hokazolar asosiy maqsad va vazifalar hisoblanadi.
Har bir bosqichni, o‘z navbatida, fazalarga bo‘lish mumkin. Masalan, tasviriy statistika bosqichida quyidagi fazalar ajralib turadi: o‘rganilayotgan obyektlar to‘plamini, ommaviy hodisa va jarayonni spetsifikatsiyalash; ular ustida statistik kuzatish o‘tkazish; to‘plangan boshlang‘ich ma’lumotlarni ma’lum tartibga solish, umumlashtiruvchi ko‘rsatkichlarni hisoblash, ularni ko‘rkam va ixcham shakllarda tasvirlash. Analitik statistika bosqichida esa quyidagi fazalar odatda ko‘zga tashlanadi: o‘rganilayotgan obyektlarning turli belgilari asosida taqsimotlarini tuzib, ulardagi qonuniyatlarni o‘rganish, hodisalar o‘rtasidagi bog‘lanishlarni miqdoriy ifodalash, ularni zamonda rivojlanish tendensiyalarini o‘rganish, ilmiy gipotezalarni baholash va statistik xulosalar yasash, murakkab jarayon tomonlari orasidagi o‘zaro bog‘lanishlarni integral tizim shaklida bir butunlikda tahlil qilish.

U yoki bu bosqichning har bir fazasida ommaviy hodisa va jarayonlarni tekshirishning turli usullari, vositalari,yo‘llari qo‘llanadi. Masalan, obyektlarni spetsifikatsiyalash fazasida ularni oddiy yoki murakkab tasniflash, elementar yoki ierarxik birlashmalarini tuzib guruhlashlar, ikkilamchi (qayta) guruhlashning turli yo‘llari, klaster tahlil yo‘llari va hokazolar ishlatiladi. Statistik kuzatish jarayonida ishlab chiqarish yoki laboratoriya sharoitida tajriba-sinovlar o‘tkazish, hisobot yoki maxsus tekshirishlar va ro‘yxatlar amalga oshirish, anketa yoki tanlama usullarda kuzatish va boshqalar qo‘llaniladi. Hodisalar orasidagi o‘zaro bog‘lanishlarni o‘rganishda analitik guruhlash, parallel qatorlarni tuzish, ularning egri chiziqlarini diagrammalarda tasvirlash, balans usuli, korrelyatsion va regression tahlil usullari, dispersion tahlil usullari, ko‘p o‘lchovli tahlil usullari (omilli tahlil, bosh komponent usuli va h.k.) va boshqa usullardan foydalaniladi. Bundan buyon so‘z asosiy usullar ustida boradi.



Yüklə 72,81 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə