Buxoro davlat universiteti


Ingliz bolalar adabiyotining jahon sahnasiga chiqishida J.K.Roulingning qo`shgan hissasi



Yüklə 337,52 Kb.
səhifə2/6
tarix18.06.2018
ölçüsü337,52 Kb.
#49552
1   2   3   4   5   6

2. Ingliz bolalar adabiyotining jahon sahnasiga chiqishida J.K.Roulingning qo`shgan hissasi

XX asr Angliya bolalar adabiyotiga razm soladigan bo`lsak, unda fentezi janri boshqa janrlardan ko`ra sezilarli darajada ustunlik qilganini ko`rishimiz mumkin. Fentezi (inglizcha “fantasy” – fantaziya) – fantastik adabiyot janri bo`lib, janr talablariga ko`ra voqealar biz yashaydigan “real” dunyodan butunlay farq qiladigan sehrli dunyoda sodir bo`ladi. Bu “ikkilamchi” dunyoning o`z qonun-qoidalari mavjud bo`lib, ular oddiy mantiq va tabiat qonunlariga to`g`ri kelmaydi. Uning ilmiy fantastikadan farqi shundaki, fentezi janrida voqealar sodir bo`ladigan dunyoning qonun-qoidalarini ilmiy jihatdan tushuntirishga urinish mavjud emas. Vaqtlar almashinuvi hamda turli xayoliy qirolliklar fentezi dunyosida tez-tez uchrab turadiga hodisa. Bu xayoliy dunyoga qahramonlar turli yo`llar orqali o`tishlari mumkin: uxlab qolib yoki tush ko`rayotib, quyon uyasiga tushib ketib (“Alisa mo`jizalar mamlakatida”), shkaf orqali (“Narniya saltanati”-“The chronicles of Narnia”), loviya poyasiga tirmashib (“Jek va loviya poyasi”) yoki tornado quyuniga tushib qolib va hkz. Shuningdek, bu g`ayrioddiy dunyo oddiy dunyoning ko`z ilg`amas, yashirin qismi bo`lib, unda sehrli va g`ayritabiiy kuchlar (kelajakni bashorat qilish, hayvonlar va o`liklar bilan suhbatlashish, inson qiyofasidan boshqa mavjudot qiyofasiga o`ta olish va hkz.) mavjudligi bilan ham ajralib turishi mumkin. Janrning xususiyatlaridan yana biri fantastik dunyoda g`alati jonzotlar ham hayot kechirishadi (so`zlovchi buyumlar va hayvonlar, afsonaviy jonzotlar, ritsarlar, sehrgar-u afsungarlar, bo`ri-odamlar, elflar, arvohlar, ajdarholar va shunga o`xshash boshqa mavjudotlar).

Fentezi adabiyotining uzoq tarixi davomida uning ko`plab ichki janrlari shakllandi, uning bolalar adabiyotiga xos asosiy subjanrlari esa quyidagilar:

1) hayvonlar va o`yinchoqlar fentezisi;

2) g`alati va g`ayritabiiy kuchga ega qahramonlar fentezisi;

3) epik fentezi;

4) kulgili (komik) fentezi;

5) gotik (qo`rqinchli, qora) fentezi.

Adabiyotning bu janri boshqa janrlarga o`xshab, kundalik hayotning tashvishlaridan qutulish va hayotning turli talqinlarini qidirishda yaxshi vosita sanaladi. Ba’zi fentezi asarlari aql bovar qilmas sarguzashtlarning shunchaki ketma-ketligidan iborat bo`lsa, ba’zilari hayotning eng chuqur falsafiy tomonlarini ham ko`rsatib beradi. Piers aytganidek: “Fentezi uni yozadigan va o`qiydiganlarga tarixdan olingan ba’zi eng kuchli g`oyalar, qahramonlar va voqealarni boshqa kontekstga qo`yib, alohida elementlari o`zgartirilganda uni qanday fosh qilishlarini ko`rish imkonini beradi”.1 Fentezi janrining sifatli namunalari bolalarning tasavvuri va ijodkorligini oshirishda eng yaxshi mashg`ulotlardan biri sanaladi. Shuningdek, ular jiddiy axloqiy fazilatlarni ham o`zida mujassam etadi: ezgulik va yovuzlik o`rtasidagi kurash, do`stlarga sadoqat, qaror qabul qilish mas’uliyati, shaxsiy burch va vazifalar fentezi asarlarida eng ko`p uchraydigan mavzular bo`lib kelgan.

Fentezi janri uzoq tarixga ega bo`lib, uning ildizlari grek-rim mifologiyasiga borib taqaladi. Xususan, Homerning “Odissey” epopeyasida ham ushbu janrning ilk xususiyatlari namoyon bo`ladi. Qadimgi ingliz epik poemasi “Beovulf”, o`rta asr ritsarlik afsonalaridan biri bo`lgan “Qirol Artur haqidagi afsona”, Shekspirning “Bo`ron” tragikomediyasi, Jonatan Sviftning “Gulliverning sayohatlari”, Lyuis Kerrolning “Alisa mo`jizalar mamlakatida” asarlari fentezi janri xususiyatlari Britaniya adabiyotida ham asrlar davomida shakllanib kelganidan dalolat beradi.1

Fantastik adabiyotning mustaqil janri sifatida fentezi XIX asrda shotlandiyalik yozuvchi Jorj Makdonald ijodi bilan ajralib chiqa boshladi. Uning kelt motivlari asosida yozgan “Phantastes: Faery Romances” asarida yosh yigitning ertak mamlakatga borib, u yerda turli sarguzashtlarni boshidan kechirib, uyga qaytishi haqida hikoya qilinadi. Janrning keyingi rivojiga Uilyam Morris o`zining antik va o`rta asr mavzulari yoritilgan epik poema va romanlari bilan o`z hissasini qo`shdi. Morris tomonidan yaratilgan shriftlar to`plami va sahifalarni bezash usuli fentezi asarlar nashriyotida o`ziga xos madaniyatni vujudga keltirdi. XX asrda Jorj Makdonald va Morris boshlab bergan an’anani Edvard Danseni davom ettirdi. Uning “The king of Elfland’s daughter” (“Elflar qiroli qizi”) romani qadimgi kelt afsonasi asosida yaratilgan bo`lib, unda yerda yashovchi qirol va qorong`u elflar mamlakati malikasining muhabbati haqida hikoya qilinadi.

20-yillarga kelib fantastik reallikni ko`rsatishda til vositalarining roli oshdi. Lingvist va qadimgi tillar o`qituvchisi Erik Edison o`zining “The Worm Ourborous” (“Uroboros chuvalchangi”, 1922) asarida qadimgi ingliz tili uslubini qo`llaydi. Keyinroq Jon Ronald Tolkin ham uning usulini qo`llab, asarida o`zi yaratgan “o`rtayer” dunyosining “ishonarliligini” isbotlash uchun o`rta asr ingliz tilidan foydalanadi.2

XX asrning o`rtalariga kelib, janrning xususiyatlari qamrovi kengaydi, bunda, ayniqsa, Tolkinning adabiy xizmatlari beqiyos. Uning yer markazidagi xayoliy dunyoda sodir bo`ladigan voqealar tasvirlangan “Hobbit”(1937) va “Uzuklar hukmdori”(1954-1955) roman-epopeyasi fentezi va ushbu janrda ijod qiluvchi bolalar adabiyoti yozuvchilari uchun kuchli turtki bo`ldi. Ushbu asarlar nafaqat bolalar adabiyotining, balki fentezi janrining ham keyingi rivojlanish yo`lini belgilab berdi.

Oradan 40 yildan ortiqroq vaqt o`tib, ya’ni 1997-yilda ingliz adibasi Joan Rouling o`zining fentezi janrida yozilgan “Garri Potter” asarini chop ettirdi va tez orada bolalar adabiyotidagi eng shov-shuvli va eng ko`p tilga tarjima qilingan asarlardan biri bo`ldi. Garri Potter fenomeni butun dunyoni qamrab oldi. Axborot va fan-texnika taraqqiy etib, bolalar va o`smirlar kitobdan uzoqlashgan bir paytda dunyo yuzini ko`rgan bu asar bolalarni yana kitob dunyosiga qaytardi. 11 yoshli sehrgar bola Garri Potterning sehrgarlik va afsungarlik maktabi Hogvartsdagi sarguzashtlarini butun dunyo bolalari qiziqish bilan o`qib chiqishdi. Bunga o`xshash voqealar tasvirlangan asarlar Meri Frensis Zembreno va Diana Uins Jons kabi fentezi yozuvchilari tomonidan yozilib, omma e’tiboriga taqdim qilingan bo`lsa-da, ularning hech biri Joan Rouling asaridek kitobxonlar e’tirofiga sazovor bo`la olmadi.1 XX asr oxiri va XXI asr boshlariga kelib ham ma’lum ma’noda Roulingning ko`magi bilan fentezi janri hamon bolalar adabiyotida yetakchi janrlardan biri bo`lib kelmoqda.

Butun dunyoga “Garri Potter” asari muallifi sifatida tanilgan Joan (Joanna) Ketlin Rouling 1965-yil 31-iyulda Angliyaning Glostershir shahrida samolyotsozlik muhandisi Piter Jeyms Rouling va Anna Roulinglar xonadonida dunyoga keldi.

Rouling ilk ta’limni abolitsionizm tarafdori Uilyam Vilberfors va ta’lim islohotchisi Hanna Mor tomonidan tashkil etilgan Muqaddas Maykl boshlang`ich maktabida olgan. Maktab direktori Alfred Dan “Garri Potter” asaridagi Hogvarts - sehrgarlik va afsungarlik maktabi direktori Albus Dambldor roli uchun prototip bo`lgan degan fikrlar ham bor.1

Bolaligidanoq Rouling hikoyalar yozib turar va ularni singlisiga o`qib berardi. “Haligacha singlimga uning quyon uyasiga tushib ketgani va u yerda quyonlar oilasi uni qulupnay bilan mehmon qilgani haqidagi hikoyani so`zlab berganimni eslayman. Mening eng birinchi yozgan hikoyam (o`shanda besh yoki olti yoshda edim) Quyon nomli quyon haqida edi. Unga qizamiq toshadi va Miss Bi (Ari xonim) nomli bahaybat ari bilan boshqa do`stlari uni ko`rishga kelishadi.”

Rouling o`smir chog`ida o`z ta’biri bilan aytganda “unga mumtoz filologiyani o`rgatgan va hamisha bilimga chanqoqlikni qo`llaydigan” katta ammasi unga Jessika Mitfordning avtobiografik asari “Hons and Rebels” (“Ulug`lar va inqilobchilar”)ning eski nusxasini sovg`a qiladi. Kitobni o`qigan kundan boshlab Mitford Roulingning qahramoniga aylanadi va u yozuvchining hamma kitoblarini birma-bir o`qib chiqadi.

Rouling o`zining “Nyu Yorker” gazetasiga bergan intervyusida o`smirlik yillarini eslab, shunday deydi: “Men o`zimni baxtli his qilmaganman. O`ylashimcha, o`sha yillar hayotimning eng yoqimsiz davri bo`lgan”.2 Chunki onasining kasalligi va otasi bilan munosabatlarining yomonligi oilaviy hayotni murakkablishtirib yuborgan edi.

1982-yilda Rouling Oksford universitetiga kirish imtihonlarini topshiradi, ammo omadi kelmay o`qishga kira olmaydi. Shundan keyin Ekseter universitetiga o`qishga kirib, fransuz tili va mumtoz filologiya yo`nalishi bo`yicha tahsil oladi. Parijda bir yil davomida tahsil olib qaytgach, 1986-yilda Rouling Ekseter universitetini tugatadi. Keyin esa Londonga kelib, Xalqaro amnistiya tashkilotining tadqiqot bo`limiga kotiba bo`lib ishga kiradi.

1990-yilda Rouling Manchestrga ko`chib o`tadi. O`sha yili Manchestrdan Londonga qatnovchi poyezdda keta turib, xayoliga sehrgarlik maktabida o`qiydigan bola haqidagi hikoya g`oyasi keladi. Yozuvchi “The Boston Globe”ga bergan intervyusida “To`g`risi, bu g`oya menga qayerdan kelganini bilmayman. Avvaliga Garri obrazi, keyin esa boshqa barcha qahramonlar va voqealar tasviri birma-bir ko`z o`ngimdan o`ta boshladi”, deydi.1 Rouling o`z saytida “Garri Potter”ning yaralishini shunday izohlaydi:

“Men yolg`iz o`zim yo`lovchi to`la poyezdda Londonga ketayotganimda, to`satdan Garri Potter g`oyasi xayolimga keldi. Olti yoshimdan buyon yozish bilan muntazam shug`ullangan bo`lsam ham, hech bir g`oya meni bunchalik hayajonga solmagan edi. O`z sehrgarligidan bexabar bu ko`zoynakli qorasoch bola tasviri ko`z oldimda borgan sari yaqqol namoyon bo`la boshladi. Afsuski, yonimda o`sha paytda ruchkam yo`q edi. Kelayotgan bu g`oyalarni tezda qog`ozga tushirmasam, balki ularning ancha-munchasini keyinroq unutib yuborishim mumkin edi. Shu kuniyoq “Falsafa toshi”ni yozishni boshlab yubordim”.2

O`sha yili dekabr oyida Roulingning onasi o`n yillik xastalikdan so`ng vafot etadi. Yozuvchi bunday yo`qotishdan qattiq qayg`uga tushadi, uning o`sha paytdagi ruhiy holati asarga ham ta’sir qilmay qolmaydi. Yo`qotish azobini boshidan kechirgan Rouling, birinchi kitobda Garrining yo`qotishlarini batafsil tasvirlab beradi.

“Guardian” gazetasida berilgan e’lonni o`qigach, Rouling Portugaliyaning Porto shahriga ingliz tili o`qituvchisi bo`lib ishga boradi. Kechki paytda o`qituvchilik qilsa, kunduzlari asar yozishda davom etardi. O`sha paytda u portugaliyalik journalist Jorj Arantes bilan tanishib, 1992-yilda u bilan turmush quradi. Oradan bir yil o`tib, 1993-yil 27-iyulda qizlari Jessika Izabel Rouling Arantes dunyoga keldi. Afsuski, ularning turmushi uzoqqa cho`zilmadi, o`sha yili noyabr oyida ular ajrashishga qaror qilishadi. Rouling qizi va “Garri Potter”ning uch bobini olib Edinburgda yashaydigan singlisinikiga ko`chib boradi. Turmushi buzilib, qo`lida chaqalog`i bilan ishsiz qolgan kunlarini Rouling aslida muvaffaqiyatsizlikdan qutulish davri bo`lgan, deb eslaydi: “Muvaffaqiyatsizligim aslida keraksiz narsalardan xalos bo`lish davrim edi. O`sha paytdan boshlab men o`zimni aldashni bas qildim va endi bor kuchimni men uchun ahamiyatli bo`lgan asarimni tugatishga sarflay boshladim. Agar o`sha davrda boshqa sohada muvaffaqiyatga erishganimda, hozir aslida menga yoqadigan ish bilan shug`ullanmayotgan bo`lar edim. Men ozod bo`lgandim, chunki men eng qo`rqqan voqea allaqachon sodir bo`lgandi. Ammo men haliyam tirik edim, menga kuch beradigan qizim, eski mashinkam va buyuk g`oyam bor edi. Shunday qilib, muvaffaqiyatsizligim hayotimni yangidan qurishim uchun asos bo`ldi”.1

Xuddi shu davrda Roulingga shifokorlar klinik depressiya tashxisini qo`yishadi, yozuvchi bergan intervyusida o`sha paytda xayoliga o`z joniga qasd qilish fikri kelganini tan oladi. Asarning uchinchi kitobida tasvirlangan ruh so`ruvchi dementorlar g`oyasi o`sha ruhiy holatini eslaganda kelgan. Ammo o`zini qo`lga olishga kuch topa olgan Rouling 1995-yilda Edinburg universiteti qoshidagi Morey ta’lim maktabida o`qituvchi tayyorlash kurslarida tahsil oladi. Bu vaqtga kelib, u hali ham davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy himoya hisobiga kun ko`rardi. Rouling “Garri Potter”ning birinchi kitobini yozib bo`lgach, uni nashr qildirish uchun 12 ta nashriyotga yuboradi, biroq hech bir nashriyot asarni qabul qilmaydi.2 Bir yil davomida asarini nashr qildirolmay yurgan Rouling Londondagi Bloomsbury nashriyoti tahrirchisi Berri Kanninghemdan kitobni chop etishga ruxsat oladi. Nashriyot kitobni chiqarishga ruxsat bergan bo`lsa-da, Kanninghem yozuvchiga bolalar uchun asar yozishdan ko`p daromad kelmasligini aytib, tezda boshqa qo`shimcha ish ham topishi kerakligini maslahat beradi. Oradan ko`p vaqt o`tmay, 1997-yilda Shotland san’at kengashi Roulingga asarni yozishni davom ettira olishi uchun 8000 funt taqdim etishadi.

1997-yil iyun oyida “Harry Potter and the Philosopher’s stone” (“Garri Potter va falsafa toshi”) 1000 nusxada bosib chiqariladi, shundan 500 nusxasi kutubxonalarga tarqatiladi. Besh oy o`tgach, kitob birinchi mukofot “Nestle Smarties Book Prize”ni qo`lga kiritadi, fevral oyida esa “British Book Award”, keyinroq “Children’s Book Award” kabi kitob taqdimotlarda “Yil kitobi” nominatsiyasi bo`yicha mukofotlanadi. 1998-yilda o`tkazilgan auksionda Scholastic Inc. nashriyoti 105.000 dollar pul tikib, kitobni AQSHda nashr etish huquqini qo`lga kiritadi. Oktabr oyida kitob “Harry Potter and the Sorcerer’s stone” (“Garri Potter va sehrgar toshi”) nomi bilan nashrdan chiqdi. Birinchi kitobda muallifning o`z ismi Joanna Rouling to`liq yozilgan edi. Ammo o`g`il bolalarning ayol yozuvchilar tomonidan yozilgan kitoblarni o`qishni xushlamasliklarini hisobga olib, noshirlar adibadan ismi o`rniga ikkita initsial ishlatishini maslahat berishdi. Shuning uchun Rouling keyingi kitoblarni J.K.Rouling taxallusi ostida nashr ettirdi.

Asarning davomi “Harry Potter and the chamber of secrets” (“Garri Potter va maxfiy xona”) 1998-yil iyul oyida dunyo yuzini ko`rdi. Bu safar ham Rouling kitobi uchun “Nestle Smarties Book Prize” mukofotini qo`lga kiritdi. Oradan bir yil o`tib chop etilgan uchinchi kitob “Harry Potter and the prisoner of Azkaban” (“Garri Potter va Azkaban mahbusi”) ham yuqoridagi mukofot bilan taqdirlangach, Rouling mukofotni uch marotaba ketma-ket qo`lga kiritgan birinchi yozuvchi bo`ldi. “Garri Potter”ning to`rtinchi kitobi “Harry Potter and the goblet of fire” (“Garri Potter va olovli jom”) Buyuk Britaniya va AQSHda bir kunda, 2000-yil 8-iyulda sotuvga chiqarildi. Buyuk Britaniyada birinchi kuni 400 mingga yaqin, AQSHda esa 48 soat ichida 3 million nusxada sotilgan kitob eng tez sotilgan kitoblar rekordini yangiladi. Ammo yozuvchi to`rtinchi qismni yozish davrida ijodiy inqirozga duch kelganini tan oladi: “To`rtinchi kitobning yarmiga kelganimda, syujetda jiddiy xatoga yo`l qo`yganimni angladim. Shunda bitta bobni o`n uch marta qayta yozishimga ham to`g`ri kelgan. Biroq kitobni o`qiganlar u aynan qaysi bob ekani va menga nechog`lik qiyinchilik tug`dirganini bilishmaydi”.1 Aynan shu kitob uchun 2000-yilda Rouling British Book Awardsda “Yil yozuvchisi” unvoni bilan taqdirlandi. Kitobning beshinchi qismi “Harry Potter and the order of phoenix” (“Garri Potter va qaqnus ordeni”) oradan 3 yil o`tib, 2003-yilda nashrdan chiqdi. 2005-yil iyulda oltinchi kitob “Harry Potter and half-blood prince” (“Garri Potter va shahzoda tilsimi”) sotuvga chiqqach, birinchi kuniyoq 9 million nusxada sotildi va yana rekord natija o`rnatildi. Asarning so`nggi yettinchi kitobi “Harry Potter and the deathly hallows” (“Garri Potter va ajal tuhfalari”) 2007-yil 21-iyulda Buyuk Britaniya va AQSHda sotuvga chiqdi, bu galgi natija avvalgi rekordlarni yana yangiladi: kitob bir kunda 11 million nusxada sotildi. Shunday qilib, 1997-yildan nashr etila boshlangan “Garri Potter” 2007-yilga kelib o`z nihoyasiga yetdi. Hozirda “Garri Potter” ommaviy brend sanalib, uning qiymati 15 milliard dollar deb baholangan. Kitobning oxirgi to`rt qismi eng tez sotilgan kitoblar sifatida rekord o`rnatgan.

2012-yilda Roulingning agentligi o`z saytida yozuvchining kattalarga mo`ljallangan asari yaqin orada nashrdan chiqishi haqida e’lon qildi. Yangi asar taqdimotiga bag`ishlangan jurnalistlar bilan uchrashuvda Rouling “Garri Potter”ni yozishdan benihoya zavq olgan bo`lsam-da, yangi kitobim avvalgisidan umuman farq qiladi” deydi. Roulingning bu yangi asari “Casual vacancy” (“Tasodifiy bo`sh o`rin”) deb nomlanib, unda sinfiy, ijtimoiy va siyosiy muammolar ko`tarib chiqilgan. Kitob sotuvga chiqarilgach, uch hafta davomida 3 million nusxada sotilib, yilning bestseller asarlari qatoridan joy oldi.



I bob bo`yicha xulosa

Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, Angliya bolalar adabiyoti mustaqil adabiyot sifatida ajralib chiqqanidan buyon salkam to`rt asr vaqt o`tgan bo`lsa-da, u allaqachon dunyo bolalar adabiyotining eng ko`zga ko`ringanlari qatoridan mustahkam o`rin egallashga ulgurdi. Bu asrlar davomida uning janr, mavzu, g`oya va tuzilishi soddalikdan murakkablik ko`rinishini olib kelaverdi. Daniel Defo, Jonatan Svift, Charlz Dikkens, Lyuis Kerrol, Redyard Kipling, J.R.R.Tolkin kabi zabardast yozuvchilar tomonidan yaratilgan asarlar hozirga qadar jahon bolalar adabiyoti durdonalari safida egallagan o`rnini yo`qotgan emas. O`zining puxta ishlangan syujeti, takrorlanmas obrazlari va qiziqarli sarguzashtlari bilan kitobxon bolalarni sehrlab olgan “Garri Potter” asari orqali Rouling Angliya bolalar adabiyotining badiiy salohiyati kuchini barchaga namoyon etdi. Bir necha yil ichida 60dan ziyod tillarga tarjima qilinib, uning asosida filmlar suratga olingan “Garri Potter” nomi tanish bo`lmagan, bugungi kunda asar kirib bormagan xonadon kamdan kam topilsa kerak.



II BOB

GARRI POTTER” – BUTUNJAHON BOLALARI KITOBI



1. “Garri Potter” asarida zamon va makonning ifodalanishi

Ma’lumki, badiiy asarda tasvirlanayotgan voqealar ma’lum bir makon va zamonda kechadi. Makon va zamon badiiy asarlarda tasvirlangan voqealar rivojida asosiy omillardan biri hisoblanib, ular ham syujet, obraz, mavzu va uslub kabi badiiy asarning muhim unsurlaridir. Chunki badiiy asar u yoki bu darajada borliqni, obyektiv voqelikni ifodalaydi, zamon va makon esa borliqning asosiy shakllaridir; shuningdek, hech bir voqea yoki hodisa muayyan hudud va vaqtdan tashqarida sodir bo`la olmaydi.

Makon (voqea joyi) tushunchasi insonda borliqning obyektiv shakllari, makon va vaqt haqidagi tushunchalarining kengayishi, shuningdek, badiiy asarning uslubi, turi va janriga qarab o`zgarib borishi mumkin. Makon kategoriyasi asosan his-tuyg`ular tasviriga qaratilgan lirik janrda unchalik ahamiyatga ega emas. Ammo shoirning o`y-kechinmalari bilan bog`liq tashqi dunyoni tasvirlaydigan lirik hissiyot asosiy o`rin tutadigan lirik janrlar va asarlar bundan mustasno. Inson hayotidagi turli voqea-hodisalar va shart-sharoitlar bayon qilinadigan epik janrdagi asarlar uchun makon eng muhim badiiy unsur hisoblanadi. Bunda voqealar aniq makonda sodir bo`lib, ma’lum hollarda qahramonlar hamda ularning sa’y-harakatlarini xarakterlovchi omil ham sanaladi.1 Qahramonlarning xatti-harakati, ularning o`y-kechinmalari, asarda tasvirlanayotgan kishilarning yurish-turishi, kiyinishi, turmush tarzi bevosita ular yashab turgan makon va zamonning ta’siri ostida bo`ladi. Masalan, naturalism yo`nalishi vakili Emil Zolyaning asarlarida makon va zamon eng muhim ahamiyat kasb etadi, chunki yozuvchining ishonishicha, qahramonlarninig qandayligini ularni o`rab turgan atrof-muhit belgilab beradi. Ba’zi hollarda esa, asardagi butun voqealar rivoji ular sodir bo`layotgan makon bilan belgilanadi. Gyustav Floberning “Bavari xonim” asari uchun Parij makon qilib olinsa noto`gri bo`lardi, chunki qahramonning fojiali hayoti va o`limi sababi u yashab turgan qishloq muhitiga borib taqaladi. 2

Voqealar aniq geografik hududda yoki xayoliy makonda ham sodir bo`lishi mumkin. Hayotiy haqiqatga naqadar mos kelishiga ko`ra makonni ikkiga: real va noreal (xayoliy) makonga bo`lish mumkin. Realistik asarlarda voqealar ma’lum bir geografik hududda sodir bo`lsa, fentezi kabi janrda yozilgan asarlarda voqealar asosan noreal yoki xayoliy makonda yuz beradi. Masalan, Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” asarida 1805-1812-yillar oralig`ida rus jamiyatining Napoleonga qarshi kurashi davri aks ettiriladi. Ko`rinib turibdiki, voqealar aniq vaqtda va aniq makonda sodir bo`ladi. Fentezi janrida yozilgan “Uzuklar hukmdori” trilogiyasida esa Tolkin butun boshli xayoliy dunyo yaratadi, bu dunyoning o`z tarixi, alohida bo`lingan hududlari, turli tillarda so`zlashuvchi xalqlari-yu ularning ko`rinishlarigacha aniq ishlab chiqilgan edi. Roulingning “Garri Potter” asarida esa voqealar faqatgina tashqi tomondan bizning dunyoga o`xshash dunyoda, aniqrog`i Angliyada bo`lib o`tadi. Garchi voqealar va ular sodir bo`ladigan hududi butunlay muallif badiiy to`qimasi mahsuli bo`lsa-da, kitobda voqealar sodir bo`ladigan payt aniq ko`rsatilgan. Birinchi kitobda hikoya 1980-yilda Garrining dunyoga kelishi bilan boshlanadi, 1991-yilda esa o`n bir yoshli Garri Hogvarts maktabiga birinchi bosqich o`quvchisi bo`lib boradi. Asarning har bir kitobi Garri hayotining bir yilini qamrab olib, Garrining sarguzashtlari o`rta maktabni tugatgungacha bo`lgan davr 1991-yildan 1998-yilgacha davom etadi.

Yuqorida asar voqealari bizning dunyomizga o`xshash dunyoda sodir bo`lishini aytib o`tgandik, Rouling tasvirlagan dunyoning real dunyodan farqi shundaki, unda oddiy odamlar (Rouling bu o`rinda “magl” so`zini qo`llaydi) bilan birga sehrgarlar va afsungarlar ham hayot kechirishadi. Ular turli afsunlar o`qib, sehrli tayoqchalari yordamida xohlagan ishlarini bajara olishadi, ammo oddiy odamlar, ya’ni magllar o`zlari bilan yondosh yashayotgan bunday kishilar borligidan butunlay bexabar. “Chunki ular hech qachon hech nimaga e’tibor berishmaydi.”

How come the Muggles don’t hear the bus?’ said Harry.

Them!’ said Stan contemptuously. ‘Don’ listen properly, do they? Don’ look properly either. Never notice nuffink, they don’.’1

Rouling Tolkindan farq qilgan holda butunlay xayoliy dunyo yaratmay, aksincha, real hayotning ayrim ko`rinishlarigina o`zgartirilgan sehrgarlar dunyosini tasvirlagan. Qiyoslab ko`radigan bo`lsak, sehrgarlar yashaydigan dunyoda ham xuddi biznikidagidek maktab, kasalxona, turli idoralar, temiryo`l, hatto gazeta va jurnallar ham bor. Vaqt-vaqti bilan sehrgarlarning o`ziga xos sporti – kviddich bo`yicha musoboqalar ham o`tkazib turishadi. Sehr va afsunlar yordamida hamma ishga qodir bu sehrgarlar oddiy odamlar foydalanadigan texnikani o`z hayotlarida qo`llashmaydi. Ularning magllar ishlatadigan texnikaga munosabati Viktoriya davridagi munosabatdan farq qilmaydi, hattoki texnikaning sehrgarlar dunyosiga kirib kelmasligi Sehrgarlik ishlari vazirligining maxsus qo`mitasi tomonidan qattiq nazorat qilinadi. Jumladan, “Garri Potter va maxfiy xona” qismida hech qachon telefondan foydalanib ko`rmagan Ron Uizlining Garriga qo`ng`iroq qilishi lavhasi o`quvchida kulgu bilan birga hayrat uyg`otadi. Nahotki, ko`pgina hayratlanarli ishlarga qodir sehrgarlar oddiy telefondan foydalana olishmasa? Bunga o`xshash voqealar asarda yana ko`plab topiladi. Masalan, ular pochta o`rnida xat tashuvchi boyqushlardan, yozuvda esa ruchkalar o`rnida pat va siyohdan foydalanishadi. Elektr toki va elektr uskunalar sehrgarlar dunyosi uchun umuman begona: maktab va uylar sham bilan yoritiladi, chunki afsun va sehr texnik asboblarni ishdan chiqarib, sehr-jodu qo`llaniladigan hududlarda elektr toki ham ishlamay qoladi.

Maktablarni solishtiradigan bo`lsak, Angliyada o`quvchilar olti yil davomida boshlang`ich maktabda tahsil olishgach, o`n bir yoshda o`rta maktabga o`tishadi. Hogvarts sehrgarlar va afsungarlar maktabiga ham sehrgarlik qobiliyati bor o`quvchilar o`n bir yoshdan qabul qilinadi. Shu o`rinda aytib o`tish joizki, Hogvarts maktabi Angliyada bir necha asr mobaynida faoliyat yuritib kelgan maktab-internatlarga o`xshash – unda ham o`quvchilar yotoqxonada turib, faqat bayram va ta’tillardagina oilalariga qaytishadi. Hogvarts sehrgarlik va afsungarlik maktabi bo`lgani uchun unda ona tili, matematika, tarix va shunga o`xshash fanlar o`rniga sehrgarlik tarixi, qora kuchlarga qarshi afsun, kelajakni bashorat qilish, sehrli ichimlik va dorilar tayyorlash kabi fanlar o`qitiladi. Maktab devorlarida osilgan suratlarda tasvirlangan kishilar doim harakatlanib turishadi, ular o`quvchilar bilan salomlashib, ba’zida o`quvchilarning savollariga javob ham berishadi. Eng qizig`i suratdagi insonlar bir-birlarini ko`rgani borib turishadi.

It was also very hard to remember where anything was, because it all seemed to move around a lot. The people in the portraits kept going to visit each other and Harry was sure the coats of armour could walk.1

Hogvartsda qulflar o`rniga parol so`rovchi suratlar ilib qo`yilgan bo`lib, bunday eshiklarni hech qanday sehr va afsun yordamida ochishning iloji yo`q. Bundan tashqari, maktabning har yerida kezib yurgan arvohlarga ham duch kelish mumkin. Sehrgarlik tarixi fanidan ham vafot etganiga bir necha yillar bo`lgan professorning arvohi dars beradi. Maktabga ilk bor kelgan o`quvchilarni yanada hayratlantiradigan yana bir holat bu zinalarning doimiy harakat qilishidir. Maktabda bunday zinalar soni bir yuz qirq ikkita bo`lib, ularning qay paytda qay yo`nalishda harakatlanishini eslab qolish boshida biroz qiyinchilik tug`diradi. Shuningdek, maktabning shunday qismlari mavjud ediki, ularga qadam qo`yish o`quvchilarga ta’qiqlangan edi. Yana shunday xonalar bor bo`lib, ularning qayerda ekani va qanday ochish mumkinligini hatto professor o`qituvchilar ham bilishmasdi. “Maxfiy xona” (“Chamber of secrets”) ham xuddi shunday yashirin xona bo`lib, u aynan qayerda joylashgani va unda nima borligidan hech kimning xabari yo`q. Ko`pchilik bu xonani faqat afsona deb o`ylab, uning borligiga ishonishmaydi.

Slytherin, according to the legend, sealed the Chamber of Secrets so that none would be able to open it until his own true heir arrived at the school. The heir alone would be able to unseal the Chamber of Secrets, unleash the horror within, and use it to purge the school of all who were unworthy to study magic. 2

Afsonaga ko`ra, maxfiy xona Salazar Slizerin tomonidan yaratilgan bo`lib, uni faqat Slizerinning haqiqiy merosxo`ri ocha oladi. Garri do`stlari Ron va Germiona yordamida maxfiy xonaga kirish yo`lini topadi hamda u yerda bir necha asrlardan buyon yashab kelayotgan dahshatli vasilisk ilonini yo`q qiladi.

Hogvartsda juda ozchilikka ma’lum yana bir sehrli xona mavjud bo`lib, uni Bor-Yo`q xona (“Come and Go Room”) yoki “Darkor xona” (Room of requirement”) deb atashadi. Bu xonaga faqatgina kuchli ehtiyoj tug`ilgandagina kirish mumkin, shuning uchun u ba’zida paydo bo`lsa, ba’zida umuman yo`qoladi.

It is known by us as the Come and Go Room, sir, or else as the Room of Requirement!...It is a room that a person can only enter,’ said Dobby seriously, ‘when they have real need of it. Sometimes it is there, and sometimes it is not, but when it appears, it is always equipped for the seeker’s needs.1

Mabodo sehrgar bunday xonaga kirishga muvaffaq bo`lsa, u yerdan o`zi ehtiyoj sezgan hamma narsani topa oladi. Garri Potter tuzgan Dambldor armiyasi aynan mana shu xonada o`z mashqlarini olib borishadi.

Sehrgarlar dunyosining transport vositalari ham o`ziga xos. Ular bir joydan ikkinchi joyga borish uchun asosan transport vositalari o`rniga sehrli usullardan foydalanishadi. To`g`ri, asarning boshida Garri Hogvartsga yetib olish uchun boshqa bolalar qatori Hogvarts-ekpress tezyurar poyezdida jo`naydi, lekin poyezd o`zi yuradimi yoki boshqaruvchisi bormi bu haqida muallif biror ma’lumot bermagan. Lekin keyinroq Garri o`zi yashayotgan bu g`aroyib dunyoda uchish uchun mo`ljallangan sehrli supurgilar borligidan xabar topadi. Sehrli supurgilar sehrgarlar dunyosida mashhur bo`lsa ham, unda uzoq masofaga borish juda qiyin, shuningdek, oddiy odamlar ko`rib qolish ehtimoli kuchliligi sabab bu vositadan ko`p hollarda faqat sport o`yinlarida foydalaniladi.

Afsungarlar dunyosida eng ko`p qo`llanadigan yana bir vosita bu kaminlar tarmog`i orqali kerakli joyga borish. Bunda sehrgar kaminga sehrli sayohat kukunini sepib, olov ichiga kiradi va aniq qilib kerakli joy nomini aytadi, natijada esa bir necha soniya ichida aytilgan manzilga yetib olinadi.



He took a pinch of glittering powder out of the flowerpot, stepped up to the fire and threw the powder into the flames. With a roar, the fire turned emerald green and rose higher than Fred, who stepped right into it, shouted, ‘Diagon Alley!’ and vanished.

You must speak clearly, dear,’ Mrs Weasley told Harry, as George dipped his hand into the flowerpot. ‘And mind you get out at the right grate ...’ 1

Agar manzil nomi aniq va ravon aytilmasa, adashib qolish ham hech gap emas. Rouling bu usul bilan o`quvchilarni kitobning ikkinchi qismi “Garri Potter va maxfiy xona” qismida tanishtiradi.

Sehrgarlarning xohlagan manzillariga yetishda qo`llaydigan vositalaridan yana biri bu portaldir. Portal – sehrgarni oldindan mo`ljallab qo`yilgan vaqtda bir joydan boshqa joyga olib o`tishga xizmat qiladigan sehrlangan buyum. Portalning sayohat kukunidan afzallik tomoni shundaki, juda uzoq masofaga ham bir zumda yetib olish va zarur holatlarda portal yordamida bir necha kishini aniq manzilga o`tkazish mumkin. Portal birinchi marta “Garri Potter va olovli jom” kitobida tilga olinadi: “…we use Portkeys. They’re objects that are used to transport wizards from one spot to another at a prearranged time. You can do large groups at a time if you need to.” 2 Unda Garri va Uizlilar oilasi Sehrgarlik ishlari vazirligi tomonidan o`rnatilgan portal orqali kviddich bo`yicha jahon chempionatiga borishadi. 1994-yilgi kviddich bo`yicha jahon chempionatiga tayyorgarlik vaqtida vazirlik butun Angliya bo`ylab, strategik jihatdan muhim nuqtalarda 200dan ortiq potrallar o`rnatib chiqqan edi. Portal faqatgina vazirlik tomonidan o`rnatilishi mumkin bo`lib, sehrgarlarning o`zlari portal yaratishlari ta’qiqlangan.

Kitobning xuddi shu qismida transgressiya yoki boshqacha nomi apparatsiya (apparatsiya-havoda yo`qolib, kerakli joyda paydo bo`lish) usuli ham tilga olinadi. Harry knew that Apparating was very difficult; it meant disappearing from one place and reappearing almost instantly in another.1

Ba’zi joylarda apparatsiyani qo`llash ta’qiqlangan, bundan tashqari, hamma sehrgarlar ham bu usuldan foydalana olishmaydi. Faqatgina voyaga yetgan va uzoq vaqt (bir necha oy davomida har haftalik mashg`ulotlar) mashq qilib, maxsus ruxsatnomani qo`lga kiritgan sehrgarlargagina ruxsat berilgan. Hogvarts sehrgarlar va afsungarlar maktabida oltinchi kursni tugatgan talabalar pullik kurslarda apparatsiya qilish usullarini o`rganishadi. Kurs oxirida esa transgressiyani o`rgangan talabalar imtihon topshirib, undan muvaffaqiyatli o`tishsa, apparatsiya qilish uchun ruxsatnomani qo`lga kiritishadi. Ruxsatnomaga ega bo`lmagan va voyaga yetmagan sehrgarlar transgressiyani qo`llashsa, Sehrgarlik ishlari vazirligi tomonidan qattiq jazoga tortiladi. Chunki mabodo transgressiya muvaffaqiyatsiz amalga oshirilsa, bu sehrgarning hayotiga xavf solishi mumkin.

The Department of Magical Transportation had to fine a couple of people the other day for Apparating without a licence. It’s not easy, Apparition, and when it’s not done properly it can lead to nasty complications. This pair I’m talking about went and splinched themselves….They left half of themselves behind,’ said Mr Weasley, now spooning large amounts of treacle onto his porridge 2

Bu usulni qo`llay oladigan sehrgar o`zi bilan boshqa kishini ham kerakli joyga olib o`ta oladi. Masalan, “Garri Potter va shahzoda tilsimi” qismida Albus Dambldor apparatsiya vositasida Garrini ham kerakli joyga o`zi bilan birga olib o`tadi. Bu Garrining apparatsiyadagi birinchi tajribasi edi. Xuddi shu kitobning 27-bobida Garrining o`zi mustaqil ravishda apparatsiyani qo`llaydi, bu safar Garri Dambldorni o`zi bilan birga kearkli joyga olib o`tadi.

Bundan tashqari “Garri Potter”da sehrgarlik transportining uchar gilam, uchar mototsikl va uchar mashina kabi boshqa turlarini ham uchratish mumkin.

“Garri Potter” dunyosining yana bir o`ziga xos jihatlaridan biri unda oddiy hayvonlar emas, balki sehrli mavjudotlar yashaydi. Masalan, kentavrlar (asosan o`rmonda yashaydigan juda mag`rur yarmi ot, yarmi odam mavjudotlar), goblinlar (odamlarga o`xshab ketadigan, bo`yi pastroq mavjudotlar), xonaki elflar (sehrgarlarning uylarida xizmatkorlik vazifasini bajarishadi, ammo ba’zi sehrgarlik imkoniyatlari sehrgarlarnikidan ko`ra kuchliroq), qaqnuslar, ajdarlar, hippogriflar va hkz.

“Garri Potter”ning sehrli dunyosida barcha sehr va afsunlar faqatgina sehrli tayoqchalar yordamida amalga oshiriladi. Sehrli tayoqchalar uni ishlatadigan sehrgarning afsun kuchini yanada kuchaytira oladi, lekin boshqa sehrgarga tegishli yoki o`g`irlangan tayoqchalar aksincha afsun kuchini kamaytirib yuboradi. Chunki tayoqcha ilk bor tanlanganda u va sehrgar o`rtasida rishta paydo bo`ladi. Shuning uchun hech bir sehrgar o`z sehrli tayoqchasidan boshqasini ishlatishni xohlamaydi. Lekin sehrli tayoqcha jang paytida mag`lub bo`lgan sehrgardan tortib olinsa, u yangi xo`jayiniga sodiqlik bilan xizmat qiladi.

“Garri Potter” dunyosida asosan sehrgarlar hayot kechirishadi. Sehgarlar sehr va afsunni qo`llay olish qobiliyati bilan tug`ilgan insonlardir. Sehrgarlar orasida katta bo`layotgan bolada uning qobiliyati to`rt-olti yoshlarida namoyon bo`la boshlaydi. Oddiy odamlar orasida o`sayotgan bola esa o`z qobiliyatidan umuman bexabar bo`lishi mumkin, faqat ma’lum vaziyatlardagina (masalan, qattiq ruhiy ezilganda yoki xavf tug`ilganda) uning ba’zi qobiliyatlari namoyon bo`ladi. Sehr va afsunlarni aniq va samarali qo`llash uchun sehrgarlik va afsungarlik maktablarida ta’lim olinib, qobiliyat malaka va ko`nikmaga aylantiriladi.

Sehrgarlik qobiliyati aslida tug`ma bo`lib, bola yoki shu qobiliyat bilan tu`giladi, yoki umuman bunday qobiliyatga ega bo`lmasligi mumkin. Sehrgarlik va afsungarlik qobiliyatini ta’lim orqali o`zlashtirishning iloji yo`q. Qobiliyati bor bolalargina sehrgarlik maktablarida ta’lim olib, o`z qobiliyatlarini kuchaytirish imkoniga ega bo`lishadi. Sehrgarlik qobiliyati olingan ta’limning sifati va davomiyligi, sehrgarning ta’lim olishga bo`lgan tayyorgarligi va ishtiyoqining kuchliligi hisobiga o`sib borishi mumkin. Ba’zi sehrgarlarda boshqalarda uchramaydigan noyob qobiliyatlar ham kuzatiladi. Masalan, Hogvartsning Slizerin kolleji asoschisi Salazar Slizerin (shuning uchun Slizerinlarning ramzi ilon), yovuz sehrgar Voldemort va Garri Potterda ilonzabonlik qobiliyati bor edi, ya’ni ular ilonlar tili (parseltang yoki serpantargo)ni tushunishadi va unda so`zlay olishadi. Bu qobiliyat faqatgina sanoqli sehrgarlarda uchraydi. Ilonzabonlik qobiliyatining aynan yovuz sehrgar sifatida tanilgan Salazar Slizerin va Voldemort kabi sehrgarlarda uchrashi va ko`p hollarda ilonlardan qora sehr uchun foydalanishlarini inobatga olib, ko`pchilik sehrgarlar ushbu qobiliyat faqat yovuz sehrgarlarga beriladi deb ishonishadi. Agar parseltang faqat yovuz sehrgarlarning qobiliyati bo`lsa, u holda Garri Potter qanday qilib ilonlar tilida so`zlashish qobiliyatiga ega bol`di degan savol tug`iladi. Aslida, ilonzabonlik Garrida tug`ma qobiliyat emas, Garrini yo`q qilish uchun unga qarg`ish afsunini yuborgan Voldemort o`zi bilmagan holda unga o`zining shu qobiliyatini ham o`tkazib yuboradi. Asar so`ngida Voldemort mahv etib, yo`q qilingach Garrining ilonzabonlik qobiliyati ham o`z-o`zidan yo`qoladi.

Shuningdek, ba’zi sehrgarlarda animaglik qobiliyati bo`lib, ular istagan vaqtlarida o`zlari tanlagan mavjudot qiyofasiga o`ta olishadi. Bu qobiliyat tug`ma emas, balki unga mashq qilish orqali erishib bo`ladi. Lekin sehrgarlar dunyosining qoidalariga ko`ra sehrgar animaglik qobiliyatiga ega bo`lsa, u vazirlik ro`yxatidan o`tishi kerak. Professor Minerva Makgonagol ham animaglik qobiliyatiga ega, ammo u ro`yxatdan o`tgan yagona animag sehrgar. Bundan tashqari, metamorf sehrgarlar, ya’ni tana shakli va ko`rinishini o`zgartira oladigan sehrgarlar (Nimfadora Tonks) ham mavjud. Ular vaziyat taqozosi bilan yuz tuzilishlari, sochlarining uzunligi va rangini tezlik bilan o`zgartira oladilar.

Shunday qilib, Garri Potterda ham odamlarning ko`rinishi, kiyinishi bizning dunyodan farq qilmasa ham, ular ishlatadigan o`ziga xos so`zlar (afsunlar, buyum nomlari, sport turlari va hkz.), transport vositalari, pul birliklari, turli mavjudotlar va kishilarning ijtimoiy guruhlari bizning dunyodagidan butunlay farq qiladi. Sehrgarlar dunyosi oddiy odamlar dunyosi bilan yondosh, ammo uning ko`zga ko`rinmas qismi bo`lib, ba’zi hollarda oddiy insonlar sehrgarlar dunyosi hodisalariga guvoh bo`lib turishadi. Masalan, kitobning birinchi qismi boshida janob Dursl ishga ketayotib, xarita o`rganayotgan mushukka ko`zi tushadi. Keyinroq esa g`alati rido kiyib olgan to`p-to`p kishilar uning e’tiborini tortishadi, chunki bunday kiyimli kishilarni London ko`chalarida bu paytgacha uchratmagandi. O`sha kuni mamalakat bo`ylab ko`plab boyqushlarning kunduz paytida uchib yurgani aholining e’tiborini tortadi. Aslida sehrgarlar magllar e’tiborini tortmay yashashga harakat qilishadi, chunki oddiy insonlar baribir ularni to`g`ri qabul qilishlariga ishonishmaydi. Faqatgina sehrgarlik qobiliyati bilan tug`ilgan oilalarning a’zolari va mamlakat bosh vaziri bunday dunyoning mavjudligini bilishadi, xolos.

Rouling yaratgan dunyo voqealari bizning dunyoda, biz yashayotgan davrda va asosan maktabda (garchi u sehrgarlar maktabi bo`lsa-da) bo`lib o`tishi asarning ishonarliligi va shu bilan birga o`ziga xosligini ta’minlagan.



Yüklə 337,52 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə