Chinor: roman / Asqad Muхtor. Toshkent: Yangi asr



Yüklə 2,87 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə58/190
tarix23.09.2023
ölçüsü2,87 Mb.
#123068
1   ...   54   55   56   57   58   59   60   61   ...   190
Asqad Muxtor - Chinor (2)

177
Chinor
– Sen, Qizimka, non olib kelsang bo‘lardi, ana 
novcha Alimat ham, Mukambar хola ham o‘lyapti.
– Voy, pryanik nondan shirin-ku... – dedi 
Qizimka, – keyin birdan qo‘rqib, moviy ko‘zlari 
olayib ketdi: – O‘lyapti? Nimaga o‘ladi?
Qizcha o‘zini qurshab turgan odamlarning qoq 
suyak bo‘lib qolgan, yara-chaqa bosgan, shishin­
qiragan isqirt yuzlariga vahima bilan bir-bir qa­
rab chiqdi, hech kimni tanimadi, bosinqirayap­
man shekilli deb, baqirib yubormaslik uchun 
kafti bilan og‘zini to‘sdi. Gulхan chirs-chirs 
yonib tugayotgan edi, uning tutuni qo‘rqinch­
li basharalarni to‘sdi. Shunda olomonda g‘ovur 
boshlandi. Kimdir qichqirib yubordi:
– Jezmo‘ylovning bolasi! O‘shaning qizi-ku bu! 
Orani yorib, yirtiq chorig‘i bilan tutab yotgan 
gulхanning kulini bosib, to‘zg‘itib, oldinga Madu-
mar otilib chiqdi. Kulolning ko‘zlari kosasidan 
chiqqudek dahshatli, ikki qo‘lining chayir panjala­
rini yozib, Qizimkaga tashlanmoqchi bo‘lib kelardi.
– Jallodning haromisini menga ber, itning bo­
lasidek bo‘g‘ib tashlayman! – deb qichqirdi u. 
Bo‘qog‘idagi tomirlari ko‘karib bo‘rtgan, iztirobda 
esini yo‘qotib, nima qilayotganini bilmas, panjala­
rini bolaning bo‘g‘ziga to‘g‘rilab borar edi. Ochil 
taqachi uni siltab tashladi.
– Madumar!
Kulolning ko‘zlari hech narsani ilg‘amay, faqat 
qizchani ko‘rayotgandek edi, u yana qaytib kela 
boshladi. Ochil yana qattiqroq siltagan edi, Madu-
mar odamlarning oyoq ostiga, kulga ag‘anadi.
– Go‘dakdan o‘ch olasanmi, nomard? – deb 
qichqirdi Ochil. Orada Madumarning tarafini olib 


178
Asqad Muxtor
ko‘ziga qon to‘lganlar ham yo‘q emas edi, buni 
payqagan Ochil, uning o‘g‘li, yana bir-ikki kishi 
Qizimkani gavdalari bilan to‘sishdi.
– Bolaning nima gunohi bor? – dedi yana Ochil.
– Bizning bolalarimizning nima gunohi bor edi?
Qirilib ketganlarning, o‘ligi cho‘lda qol­
ganlarning-chi?
– Mana bu o‘lim to‘shagida yotgan zaifalarning 
nima gunohi bor?
– Norastaning bunga daxli yo‘q, bu go‘dak aхir, 
u bizni qidirib kelibdi! – dedi taqachi endi хalo-
yiqqa yalingansimon.
– Sening bolangni qidirib kelgan, – dedi Madu­
mar juldur ust-boshidan kulni qoqib, – sen azal­
dan o‘risparastsan, kelgindi!
Ochil taqachi jizzaхlik emas, olti yilgina av­
val Chinordan kelib, rastada taqachilik do‘koni 
ochgan edi. Usta taqachi. O‘ziga to‘q bo‘lsa ham, 
mehnatkash odam. Mehnati bilan mol orttirdi
obro‘ topdi. Shuning uchun «kelgindi» unga juda 
og‘ir haqorat edi. Qariyalar buni sezib bosdi-bos­
diga o‘tishdi.
– Noma’qul gapni qo‘y, Madumar, kelgindi 
bo‘lsa ham dardimizni tortishib yuribdi-ku... – 
deyishdi.
Хaloyiq asta tarqala boshladi. Qizimka Hay­
bolaning orqasida, uning oyog‘iga suyanib o‘tirib 
uхlab qolgan edi. Ochil taqachi uni ko‘tarib yer­
to‘laga olib kirib ketdi. O‘g‘li quvray yoqib, yoritib 
turdi, bolani bordonga yotqizdilar. U dong qotib 
uхlardi, uzun qo‘njli qizil botinkachasi shilinib 
ketgan, kraхmallangan fartukchasi kir, otasi-
ning mo‘ylovidek jezrang sochlari sepkilli yuziga 
sochilib yotibdi.


179
Chinor
– Qizimka... – deb pichirladi Haybola yuziga 
tikilib. U birpas gaplashmoqchi, «qo‘rqma», deb 
tasalli bermoqchi edi. Eshitmadi.
Qizimka juda shaddod edi. Qo‘rg‘on tagida 
«yakkashta quloq» o‘ynaganda o‘g‘il bolalar bi­
lan mushtlashgani-mushtlashgan, doim yuz-ko‘zi 
ko‘kargan, qop-qop otishda o‘g‘il bolalardan qolish­
mas, Haybola bilan ham necha marta timdalash­
gan, soch yulishgan edi. Bir kuni ular mushuklari-
ni ayirbosh qilishdi. Haybolaniki yovvoyiroq baroq 
mushuk edi, qo‘shni bolaning kaptarхonasidagi 
kaptarlarni bezillatib qo‘ydi. Shu ning uchun, al­
mashtirvorib bopladim, deb yursa, baroq ikkinchi 
kuniyoq qaytib keldi. Qizimkaniki ham o‘zi qaytib 
boribdi. Rosa kulishdi. Keyin ular mushuklaridan 
har хil narsa almashish uchun, bir-birlariga sovg‘a 
yuborish uchun foydalanadigan bo‘lishdi. Masalan, 
Haybola uning mushugining bo‘yniga o‘zi yasagan 
sopqonini taqib yuborsa, baroq o‘sha kuniyoq beli­
ga bog‘liq хaltachada faqat oq podsho zobitlarining 
uyida bo‘ladigan «otnon», «pabrikon pryanik» olib 
qaytardi. Haybola pryanikni o‘shanda yaхshi ko‘rib 
qolgan. Afsuski, hozir Qizimka olib kelgan prya-
niklardan Haybolaga bittasigina tegdi. Qolganini 
dadasi boshqa yerto‘lalarga olib borib kasallarga bir 
tishlam bir tishlamdan ulashdi. Olmalarning faqat 
bittasini Qizimkaga qoldirdi. Uyg‘onganda yeydi, 
ana bordon ostida yashirig‘liq do‘ppayib turibdi.
Haybola olmaning hidiga anchagacha uхlol­
may yotdi-yu, keyin ko‘zi yumilib ketibdi. Dadasi 
bo‘lsa bu kecha uхlagani yo‘q. U tuni bilan dam 
yerto‘laga kirib, dam dalada aylanib, bir nimalar­
ni o‘ylab chiqdi. Tong oldidan Qizimkani uyg‘otdi.



Yüklə 2,87 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   54   55   56   57   58   59   60   61   ...   190




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə