Ijtimoiy fanlar fakulteti ijtimoiy ish kafedrasi


Bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatlarga qarshi ko‘rilayotgan qonuniy choralar



Yüklə 222,3 Kb.
səhifə6/8
tarix11.12.2023
ölçüsü222,3 Kb.
#148314
1   2   3   4   5   6   7   8
Bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabat belgilari aniqlash va yordam ko‘rsatish usullari

2.2. Bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatlarga qarshi ko‘rilayotgan qonuniy choralar
“Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhkamasi uchun portalga joylandi. Hujjat Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi hamda UNICEF hamkorligida ishlab chiqilgan. “Gazeta.uz” hujjat sharhini taqdim etadi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi 5 ta bob, 49 moddadan iborat. Uni ishlab chiqishda Germaniya, Fransiya, Daniya, Singapur, BAA , Vengriya, Bolgariya, Albaniya, Filippin, Gruziya davlatlari tajribasi o‘rganildi.
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan muvofiqlashtiriladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi komissiyaning ishchi organidir. Qolaversa, agentlik qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organi ham hisoblanadi. Hujjat bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik shakllariga tarif berilib, ularni sodir etishni taqiqlash hamda qonunga binoan ta’qib qilishning huquqiy asoslari mustahkamlash taklif etilmoqda.
Zo‘ravonlik shakllari:

  • jismoniy zo‘ravonlik;

  • jinsiy zo‘ravonlik;

  • ruhiy zo‘ravonlik;

  • g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik;

  • majburlash (ekspluatatsiya qilish);

  • zo‘rlik qilish (bulling);

  • kamsitish.

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning umumiy chora-tadbirlari quyidagilardan iborat:

  • qonunchilik hujjatlari, standartlar, davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

  • oilalarini mustahkamlash va qo‘llab quvvatlash, ota-onalik ko‘nikmalarini rivojlantirish, bolalarda zo‘ravonlik holatlariga qarshi hayotiy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

  • bolalar uchun xavfsiz va zo‘ravonlikdan xolis bo‘lgan muhitni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

  • zo‘ravonlikning sabablari hamda shart-sharoitlari bo‘lgan omillarni tahlil qilish, o‘rganish va bartaraf etish;

  • aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot olib borish;

  • bolalarni o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi, shuningdek himoya qilish kafolatlari haqidagi axborot bilan ta’minlash maqsadida axborot-ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish;

  • bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining statistik hisobi va hisobotini yuritish, ularni davlat statistika organlariga taqdim etish hamda zo‘ravonlik holatlarini oldini olish chora-tadbirlarini rejalashtirishda ulardan foydalanish;

  • bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash va himoya qilishning samarali huquqiy mexanizmlarini joriy etish;

  • aybdorlarni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish.

  • Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga doir quyidagi yakka tartibdagi chora-tadbirlar belgilanmoqda:

  • profilaktika suhbatini o‘tkazish;

  • bolalarga himoya orderini berish;

  • bolani ota-onadan (ularning biridan) yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan olish;

  • individual himoya rejasini tuzish;

  • zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlaridan o‘tish;

  • jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarning huquqlarini cheklash.

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning yakka tartibdagi chora-tadbirlarini qo‘llash uchun — zo‘ravonlik qurbonining murojaati, jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari, zo‘ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish faktlarining tegishli davlat organlari va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi, OAVlar, internet, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar xabarlari, davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan kelib tushgan ma’lumotlar asos bo‘la oladi.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:

  • zo‘ravonlik to‘g‘risidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat etish;

  • maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali tekin huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish;

  • himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilish;

  • yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensatsiyasini talab qilish;

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar — Vazirlar Mahkamasi, Bolalar ombudsmani, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, prokuratura va ichki ishlar organlari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ishlar agentligi, davlat boshqaruv organlari va ta’lim muassasalari, hokimiyatlar, MFY va boshqalardan iborat. Ularning vakolatlari (8−21-moddalarda) aniq belgilab berilmoqda.
Bundan tashqari, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, shuningdek o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash, ularni hisobini yuritish hamda zarur hollarda ularga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar qo‘llanilishini ta’minlash bo‘yicha vazifalar yuklatilmoqda.
Quyidagilar zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalar hisoblanadi:

  • yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar;

  • hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan yoxud ta’minlash, tarbiyalash, ta’lim berish va parvarishlash talablariga javob bermaydigan sharoitda bo‘lganlar;

  • ota-onasi yashash joyi bo‘yicha vaqtincha bo‘lmaganda yoki ularning ota-onalik majburiyatini vaqtincha bajara olmasligi davrida vasiy yoki homiy tayinlanmaganlar;

  • nazoratsiz yoki qarovsiz qolganlar;

  • ijtimoiy jihatdan og‘ir ahvolda bo‘lganlar;

  • nogironligi bo‘lganlar, shu jumladan aqliy va jismoniy rivojlanishida muammolari bo‘lganlar;

  • otasi yoki onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) ruhiy asab kasalliklari dispanseri yoxud narkologiya muassasalarida hisobda turganlar;

  • ikkala ota-onasiga yohud biriga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilganlar;

  • otasi yoki onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) Jinoyat kodeksining 118−122−1, 125−1, 126, 126−1, 127, 127−1, 128, 128−1, 129, 130, 130−1, 131, 135, 148−1- moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 188, 188−3 va 190-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlar;

  • g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir etganlar;

  • fohishalik bilan shug‘ullanayotganlar;

  • vakolatli organ tomonidan aniqlanadigan boshqa toifadagi bolalar.

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar, sudlar, jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish xavfi ostida bo‘lgan bolalar haqidagi faktlar yoki bolalarga nisbatan zo‘ravonlik alomatlari aniqlangan taqdirda bu haqda vakolatli organ — agentlikka hamda tegishli ichki ishlar organlariga darhol xabar qilishi shart.
Ichki ishlar organlari zo‘ravonlik to‘g‘risida og‘zaki yoki yozma xabar olganda bunday harakatlarga chek qo‘yish va ularning oldini olish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar ko‘rishi hamda bu haqda vakolatli organga xabar berishi shart.
Xavf ostida bo‘lgan bolalar himoya rejasi
Vakolatli organ — murojaat kelib tushgandan keyin zudlik bilan bolaning hayotiy vaziyatini baholaydi. Bolaning hayoti yoki sog‘lig‘i bevosita xavf soluvchi omillar aniqlansa, darhol ularni bartaraf qilish choralari ko‘riladi. Birlamchi baholashdan so‘ng, zo‘ravonlik fakti bolaning hayoti yoki sog‘lig‘i bevosita xavf solmasligi haqida xulosaga kelinsa, vakolatli organ 14 kun ichida jabrlanuvchi yoxud xavf ostida bo‘lgan bolalarning hayotiy vaziyatini kompleks baholaydi. Uning natijasiga ko‘ra, himoya rejasi ishlab chiqiladi.
Bolalarning hayotiy vaziyatini baholash tartibi va mezonlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Himoya rejasi jabrlanuvchiga nisbatan yakka tartibda qo‘llaniladigan chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi. U jabrlanuvchi (xavf ostidagi) bolalar va ularning qonuniy vakillari hamda davlat organlari vakillari ishtirokida tayyorlanadi.
Himoya rejasini tugatish vaziyat o‘zgarishiga qarab hal etiladi, undan oldin esa monitoring ishlari olib boriladi. Tugatish uchun esa zo‘ravonlik oqibatlari yoki xavf omillari bartaraf etilgani, bolaning 18 yoshga to‘lgani yoki bolaning vafot etgani asos bo‘ladi. Himoya rejasini ishlab chiqish, amalga oshirish va monitoring qilish tartibi hukumat tomonidan belgilanadi.
Agentlik zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, uning qonuniy vakili yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsning murojaati yoxud sodir etilgan zo‘ravonlik holati yuzasidan ma’lumotlar kelib tushgan paytdan boshlab 24 soat ichida zo‘ravonlik xavfi darajasini baholaydi va natijasiga ko‘ra himoya orderini beradi yoki himoya orderini berishni rad etadi.
Himoya orderi 30 kungacha beriladi va ushbu order rasmiylashtirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Himoya orderini topshirish va ijrosini ta’minlash ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi. Zo‘ravonlikning yakka tartibdagi profilaktikasisha javobgar IIO mansabdor shaxsi himoya orderi kelib tushishi bilan darhol uni ijroga qaratishi shart.
IIO xodimi zo‘ravonga himoya orderining shartlari hamda uni bajarmaslik oqibatlari va zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlaridan o‘tish zarurligi to‘g‘risida xabar qiladi. Zo‘ravon himoya orderini olish to‘g‘risidagi tegishli hujjatni imzolashni rad etgan taqdirda, himoya orderini topshirayotgan vakolatli organ xodimi tomonidan xolislar ishtirokida dalolatnoma tuziladi.
Bu holatda IIO xodimi jabrlanuvchiga himoya orderi berganidan keyin bir ish kuni ichida zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘qish yoki ish joyiga bevosita aloqani taqiqlash bo‘yicha taqdimnoma yuboradi. Bordiyu, zo‘ravon yoki shunga moyil shaxs jabrlanuvchi o‘qiydigan/ishlaydigan tashkilot rahbari bo‘lsa, undan yuqori turuvchi tashkilotga tegishli taqdimnoma kiritiladi.

  • tazyiq o‘tkazishni va zo‘ravonlik sodir etishni taqiqlash;

  • Zo‘ravon va jablanuvchining aloqasini taqiqlash (ish joyi va ta’lim muassasalarida jabrlanuvchi va zo‘ravon bilan bilvosita aloqasiga yo‘l qo‘yiladi);

  • jabrlanuvchi va zo‘ravonning bir xonada yoki transport vositasida birga bo‘lishini taqiqlash;

  • zo‘ravonga qurol (bundan xizmat quroli mustasno) saqlash va olib yurishni himoya orderi vaqtida yoki belgilangan muddatga cheklash yoxud taqiqlash, shuningdek qurol sotib olish uchun ruxsatnoma olishga doir huquqini taqiqlash.

  • Himoya orderi muddatini uzaytirish davomida sud quyidagi cheklovlarni ham qo‘yishga haqli:

  • zo‘ravonning muayyan joylarga borishini taqiqlash;

  • narkologik kasallikdan ambulatoriya yoki statsionar sharoitlarda davolanish kabi majburiyatlardan birini yoki bir nechtasini zo‘ravon zimmasiga yuklash;

Zo‘ravonning jabrlanuvchi uy-joy maydonidan yoki uning bir qismidan foydalanish, jabrlanuvchining o‘qish yoki ish joyiga yoxud u joylashgan boshqa joylarga yaqinlashish huquqini vaqtinchalik cheklash. Himoya orderi muddati uzaytirilsa, zo‘ravonga xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturidan o‘tishi to‘g‘risidagi shart majburiy tartibda kiritiladi.
Agarda, himoya orderini berish yo muddatini uzaytirishda jinoyat alomatlari aniqlansa, huquq-tartibot idoralari tomonidan zo‘ravonga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi, shuningdek o‘zlariga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalarga quyidagilarni o‘z ichiga olgan zarur huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam ko‘rsatiladi:

  • bola kechirgan ruhiy va jismoniy jarohatning uning kelgusi rivojlanishiga salbiy ta’sirini kamaytirish;

  • hayot sifatini oshirish va psixoemotsional farovonligini ta’minlash;

  • xulq-atvorida og‘ishishlar yoki oila a’zolari, tengdoshlari bilan munosabatlaridagi buzilishlar paydo bo‘lishini oldini olish va (yoki) oqibatlarini tuzatish;

  • sog‘lig‘ini tiklash va mustahkamlash;

  • bolani jamiyatga, shu jumladan, tengdoshlari jamoasi, oilaviy muhitiga reabilitatsiyasi va ijtimoiy moslashuvini yengillashtirish;

  • yuridik yordam ko‘rsatish, huquqiy axborot bilan ta’minlash va huquqiy maslahatlar berish;

  • bolaning vaqtincha xavfsizligini ta’minlash, uning parvarishi va g‘amxo‘rligini amalga oshiradigan shaxsni belgilash;

  • xavfsiz boshpana bilan ta’minlash va boshqalar.

Jabrlanuvchi va xavf ostidagi bolalarning eng ustun manfaatlarini ta’minlash maqsadida ularning oila a’zolariga, shu jumladan zo‘ravonga nisbatan xavf omillarini bartaraf etishga qaratilgan oilani mustahkamlovchi va qo‘llab-quvvatlovchi xizmatlar ko‘rsatiladi. Bu maqsadda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlardan tegishli soha mutaxassislari jalb etilib quyidagi xizmatlar ko‘rsatiladi:

  • zo‘ravondagi emotsional barqarorlikni ta’minlash, ota-onalik salohiyati, mas’uliyati va ko‘nikmalari hamda zo‘ravonlik oqibatlarini anglashi uchun psixologik, pedagogik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish;

  • oila a’zolarining huquqiy savodxonligini oshirish;

  • zo‘ravonda ruhiy-asab buzilishlar kuzatilganda majburiy tibbiy davolash choralarini ko‘rish;

  • spirtli ichimliklar, giyohvand, psixotrop yoki kuchli ta’sir etuvchi boshqa moddalarni muntazam iste’mol qiladigan ota-onalarni ixtisoslashtirilgan diagnostika va davolash muassasalarida majburiy davolanishini ta’minlash;

  • zo‘ravonlikka bilvosita ta’sir qilgan iqtisodiy qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun oilaning moddiy barqarorligini ta’minlash (ish bilan yoki o‘zini-o‘zi band etish, kasb va hunarga o‘qitish) choralarini ko‘rish.14

Zo‘ravonlik sodir etish xavfidan kelib chiqib xavf omillarini bartaraf etish uchun oilani mustahkamlash va qo‘llab quvvatlashga qaratilgan qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa chora-tadbirlar ko‘rilishi mumkin.
Bolaning hayoti va sog‘lig‘i bevosita xavf ostida qolganda vakolatli organ bolani ota-onadan (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslardan) yoki ularning biridan, o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan zudlik bilan olishga haqlidir. Bolani zudlik bilan olish MFY dalolatnomasi asosida amalga oshiriladi.
Bola olinganda vakolatli organ tezda prokurorga xabar berishi, bolani vaqtincha muayyan yerga joylashtirishi va MFY dalolatnomasi tuzilgandan keyin 7 kun ichida ota-onani ota-onalik huquqini cheklash to‘g‘risida sudga da’vo kiritishi shart.

  • bolaning eng ustun manfaatlariga muvofiq sharoit yarata oladigan ota-onaning birinikiga;

  • bolaning qarindoshlarinikiga;

  • bolaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish istagini bildirgan shaxsnikiga;

  • vakolatli organda hisobda turgan shaxslarnikiga;

  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus markazlarga;

  • bola sog‘lig‘ida muammo bo‘lganda tibbiyot muassasasiga;

  • voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlariga.

Bolani oilaga joylashtirishning imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, uni ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirish oxirgi choradir.
Sudning ota-onani ota-onalik huquqini cheklash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingach, bolaning boshqa joyda yashab turishi muddati himoya rejasida belgilanadi.
Qo‘llanilgan jazo chorasidan, sudlanganlik holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan hamda o‘ziga nisbatan amnistiya yoki afv etish akti qo‘llanilganligidan qat’i nazar jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi. Jinsiy zo‘ravonlarning reyestri yuritiladi, ular reyestrda bo‘lgan davrda ichki ishlar organlari tomonidan profilaktik hisobga olinadi. Reyestrga kiritilgan shaxslar yashash joyi va ish joyini o‘zgartirganda bu haqda tegishli ichki ishlar organlariga xabar berishlari shart. Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatgan shaxslarga ma’lum bo‘lib qolgan barcha shaxsga doir ma’lumotlar shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik bilan qo‘riqlanadi.
Zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining shaxsiga doir ma’lumotlari ishonib topshirilgan yoki kasbiy, xizmat va mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan bu ma’lumotlar o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan shaxslar ushbu ma’lumotlarni oshkor etgan yoki oshkor etilishga yo‘l qo‘ygan taqdirda qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. Ta’lim muassasalarida intizomiy jazo chorasi sifatida zo‘ravonlikni har qanday shakli, shu jumladan jismoniy jazo va boshqa shafqatsiz xatti-harakatlarni amalga oshirish yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi. Ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari bo‘yicha mas’ul shaxslar belgilanadi.
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ta’lim muassasasi rahbariyati zo‘ravonlikka olib keluvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni bartaraf etishi, ta’lim muassasasida inson huquqlari va qadr-qimmatini hurmat qilishga asoslangan zo‘ravonliksiz munosabatlarni shakllantirishi, xavfsiz va ijobiy psixologik muhitni tashkil etishi va uni ta’minlash choralarini ko‘rishi shart.
XULOSA
Xulosa qilib, milliy qonunchiligimizda bola huquqlari bilan bog‘liq bo‘lgan qonun hujjatlari soni 40 dan, qonunosti hujjatlari soni 500 dan ortiqni tashkil etadi. Bu esa o‘z navbatida, bola huquqlari sohasidagi qonunchilik bilan ixtisoslashgan holda ish olib borish hamda uning ijrosi bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni yaratish zaruriyatini yuzaga keltirdi.
Bir guruh deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega. Qonun loyihasida Bolalar ombudsmanini saylash tartibi, vazifalari, huquqlari va majburiyatlari, faoliyatining asosiy jihatlari, murojaatlarni ko‘rib chiqish tartib-taomillari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi belgilanmoqda. Shuningdek, Bola huquqlari bo‘yicha vakil har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rioya qilinishi holati haqida ma’ruza taqdim etishi nazarda tutilmoqda.15
Yana bir muhim jihat, loyihada Bola huquqlari bo‘yicha vakilning bolaga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olishga doir faoliyati alohida moddada keng tarzda bayon etilmoqda. Albatta, bolalarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq munosabatlar asosan hududlarda amalga oshiriladi. Shu nuqtayi nazardan, Bola huquqlari bo‘yicha vakilning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi belgilanmoqda. Bolalarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan murojaatlarni ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud. Shuning uchun, qonun loyihasida Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan arizalar, takliflar, ayniqsa, shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartib-taomillari batafsil mustahkamlanmoqda.
Yana bir tashvishlanarli holat – keyingi vaqtlarda bolalar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, bolaga qarshi jinoyatlar uchramoqda. Ushbu holatlarda bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning kafili bo‘lishi nuqtayi nazaridan Bola huquqlari bo‘yicha vakilning tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ, surishtiruv, dastlabki tergov organlari, prokuratura va sud bilan hamkorligi ham belgilab qo‘yilmoqda. Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida Norvegiya, Daniya, Shvetsiya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Kanada, Avstriya, Rossiya, Qozog‘iston kabi xorijiy mamlakatlarning tajribasi o‘rganildi.
Albatta, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi Bolalar ombudsmani bolaning huquq va erkinliklarini hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim kafili bo‘ladi. Shu bilan birga, bolaning shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy huquqlarini ta’minlanishiga xizmat qiladi. 


Yüklə 222,3 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə