Islomshunoslik


Rossiya imperiyasining Turkistonda olib borgan diniy siyosatining mazmun-mohiyati



Yüklə 212,5 Kb.
səhifə4/7
tarix29.01.2023
ölçüsü212,5 Kb.
#99666
1   2   3   4   5   6   7
Abduqahhor

Rossiya imperiyasining Turkistonda olib borgan diniy siyosatining mazmun-mohiyati

XIX asr o‘rtalarida yurtimizda Buxoro amirligi, Qo‘qon hamda Xiva xonliklari mavjud edi. Ayni shu davrda bu davlatlar uchun katta xavf vujudga kelgan edi. Yurtimizning qulay geografik hududda joylashganligi, ulkan iqtisodiy holati, ajoyib iqlimi hamda moddiy va ma’naviy boyliklariga ega chiqishni xohlagan Rossiya imperiyasi bor e’tiborini o‘lkamizni bosib olishga qaratdi. Ulkan imperiya qo‘shiniga qarshi turish uchun birdan-bir yo‘l bu mavjud bo‘lgan davlatlarning o‘zaro birlikda dushmanga qarshi kurashish edi. Lekin ming afsuslar bo‘lsinki, birlik g‘oyalari amalga oshmadi. Chor Rossiyasi davlatlarni alohida-alohida mag‘lub etib, o‘zining hukmronligini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. XIX asrning o‘rtalaridagi bu bosqinga xalqning qahramonona ko‘rsatgan qarshiliklari ham foyda bermadi. Bosib olish jarayonida yurtimiz hududida mavjud bo‘lgan turli osori-atiqalar, shahar va qishloqlar, masjid va madrasalar vayronaga aylantirildi. Keyinchalik esa bu inshootlar imperiya uchun o‘rxona yoki qurol-yaroq saqlaydigan omborxonalarga aylantirildi. Yurtimizning kattagina qismida Rossiya imperiyasi hukmronligi o‘rnatildi.
Rossiya imperiyasi bosib olgan hududlarda o‘zining siyosatini amalga oshirishga harakat qilgan. Xonliklarimiz va amirlikni mahalliy hukmdorlarni tayinlab, ularni o‘zlarining vakillari orqali boshqarishga harakat qilgan. Shuningdek imperiya hukumati tub aholisi vakillarini oliy va o‘rta boshqaruv idoralariga yaqinlashtirmasdan, faqat quyi mansablargagina tayinlar edi. O`zbeklar siyosiy huquqlaridan mahrum etilib, hukumat butunlay imperiya amaldorlari qo`lida edi. Turkistonda tuzilgan general gubernatorlik boshlig‘i ham juda katta huquq va imtiyozlarga ega bo`lib, uni hatto yarim podsho deb atardilar. Rossiya qoloqligi, zolimligi, kuchliligi bilan boshqa mustamlakachi davlatlaridan ajralib turar edi. Bu mamlakatda yakka xokimlik xukumron edi. Rus istibdodi bosib olingan xalqlarni zulm iskanjasida ushlab turardi. Ayniqsa Markaziy Osiyo xalqlari g‘oyat mushkul ahvolda yashar edi. Natijada asta-sekin o‘lka xalqlari o‘rtasida norozilik kuchaya boshladi, sinfiy ziddiyatlar vujudga keldi. 
Yurtimiz azaldan ilm o‘choqlaridan bo‘lib kelgan. Bu hududlardan ne-ne ulug‘ siymolar yetishib chiqqan. Ularning xalq ma’rifati uchun yozib qoldirgan bebaho asarlari davrlar osha o‘lkamiz musulmonlari uchun noyob, qadrli manbalar hisoblanib kelgan. Taassufki, yurtimizning mustamlakaga aylanishi natijasida, imperiya tomonidan ko‘plab madaniy meros obyektlari, xususan, nodir qo‘lyozmalar, noyob kitoblar, aholi qo‘l ostidagi ko‘pchilikka ma’lum va mashhur bo‘lmagan adabiyotlar Rossiya kutubxonalariga jo‘natildi. Ular orasida islom dini tarixi, shariat ahkomlari, aqida yo‘nalishlariga oid kitoblarning ham salmog‘i bisyor ekani insonni taajjubga soladi va bu jarayonni tahlil etishga undaydi. Ya’niki, imperiyaning bundan ko‘zlangan maqsadlari musulmonlarni dinidan uzoqlashtirish ekani namoyon bo‘ladi. Maxsus tayyorlangan imperiya ma’muriyati shahar va qishloqlar bo‘ylab aylanib yurganlar hamda mahalliy aholi o‘rtasida surishtiruvlar amalga oshirib, yig‘ilgan noyob yozma yodgorliklarni ekspertizadan o‘tkazganlar. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, imperiyaning asosiy maqsadi faqatgina o‘z kutubxonalarini yurtimiz noyob kitoblari hamda qo‘lyozmalari bilan boyitishgina bo‘lib qolmay, balki o‘lka musulmonlarining diniy-madaniy merosini tarixiy ildizlaridan mahrum qilish va buning oqibatida o‘lka aholisini osongina boshqarish bo‘lgan. Noyob qo‘lyozmalar orasida Jaloliddin Davoniyning “Aqoidi mulla Jalol Davoniy” , undan tashqari “Fatvoyi Ibrohimshohiy”, Rabg‘uziyning “Qissas ul-anbiyo” shuningdek “Tafsiri Qur’on” kabi noyob qo‘lyozmalar shuningdek kitoblari orasida Nizomiy qo‘lyozmalari, “Tarixi Vosifiy”, “Iskandarnoma”, Mavlaviy Rumiyning “Masnaviy” si, Navoiyning “Xamsa”si, Mirxondning “Ravzat us-safo”, “Dostoni Qosim” va “Go‘ro‘g‘li”, Abulg‘oziyn Bahodirxonning “Shajarayi turk” hamda arab, fors vao‘zbek tillaridagi boshqa asarlar bo‘lgan13.
Xususan, Xivaga yurishi paytida Kaufmanga hamrohlik qilgan sharqshunos A.L.Kun Sharq qo‘lyozmalari va hujjatlaridan iborat nihoyatda noyob kolleksiya (Sharq qo‘lyozmalaridan iborat 300 kitob, shulardan 129 tasi 140 jilddan iborat tarixiy asarlar, 20 muallifning 30 jildlik asarlari, huquqshunoslik va ilohiyot masalalari bo‘yicha 50 jilddan iborat 40 asar, 18 nusxa Qur’on va 50 darslik14) to‘plagan hamda uni 1873 yilda Imperator xalq kutubxonasiga topshirgan. General-gubernator Fon Kaufman tomonidan esa 1868 yilda Qur'oni karimning Usmon musxafi imperator kutubxonasiga jo‘natilganligi hammaga ma’lum15. Shu zaylda yurtimizdan noyob adabiyotlar, duniy-ma’rifiy asarlarning olib ketilishi natijasida o‘lka musulmon aholisining ilmiy saviyasining susayishiga olib keldi.
Mustabid hokimyat o‘lkaning boy madaniy, moddiy ma’naviy boyliklarini poymol qildi, diniy e’tiqodlari, qadriyatlari, madaniyatini tahqirladi. Eng avvalo mahalliy aholini siyosiy huquqlardan mahrum qilib o‘lkani mperiya siyosati asosida boshqarishni maqsad qildi. Markaziy Osiyo hududi aholisining aksariyat qismi musulmon aholi ekanini hisobga olgan holda, o‘lkada diniy siyosatga alohida ahamiyat qaratadi. Aholi orasida diniy, tarbiyaviy targ‘ibot-tashviqot ishlariga to‘sqinlik qilib, bu jarayonga ehtiyotkorona yondoshadi. Diniy ibodatlarni amalga oshirishda qattiq siquvlar amalga oshirdi.
Rossiya imperiyasi mustamlakachilikning dastlabki yillarida bosib olingan musulmon o‘lka hududlarida erklaridan mahrum bo‘lgan mahalliy dindorlarning qahr-g‘azabini ortib ketishini inobatga olib vaqf ishlari masalalariga aralashmaslik siyosatini olib borgan. Ammo asta-sekin o‘lkada mustahkamlanib olgan imperiya ma’murlari Markaziy Osiyo xalqlarining iqtisodiy, madaniy tarixi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan masjid, madrasalar, turli ijtimoiy ishlarga sarflanadigan vaqf muklarini o‘z xazinasini boyitishga xizmat qiladigan siyosat olib bora boshladilar. Natijada mahalliy xalqning ahvoli yanada murakkablashdi.
Islomiy ilmlardan yaxshi xabardor bo‘lgan, xalq orasida katta e’tiborga ega ulamolar doimiy nazorat va ta’qib ostida bo‘lishgan. XX asrning dastlabki o‘n yilliklari Politsiya departamenti va uning bo‘linmalari tomonidan ish olib borilgan eng muhim obyektlardan biri bu musulmonlar harakati bo‘ldi. Chor hukumati xorijda hamda imperiya hududida tobora tarqalib kelayotgan panislomizm g‘oyalaridan juda xavotirga tushgan .
Mustamlaka ma’muriyati Turkistonda jandarm va politsiya xizmatlarini nechog‘li kuchaytirmasin, o‘lkadagi ahvol omonatligicha qolaverdi. Shu bois chor hukumati mahalliy aholini faqat jazo va qurol yordamida ushlab turishga harakat qilgan. 1892-yilda o‘lkada joriy qilingan “kuchaytirilgan” yoki “favqulodda” qo‘riqlash holatining 1916-yil o‘rtalarigacha davom etgani bejiz emasdi. 1916- yilning ikkinchi yarmida Turkistonda boshlangan qo‘zg‘olonni bostirish uchun harbiy holat e’lon qilingan. Shuningdek, Turkiston qo‘riqlash boshqarmasi (oxranka) faoliyatidagi o‘ta jiddiy yo‘nalishlardan biri o‘lkada panislomizmning tarqalishiga qarshi kurash edi. Turkiston general-gubernatori S.Duxovskiyning 1899-yildayoq “Turkistonda Islom” deb nomlangan hisobotida Rossiya imperiyasi musulmonlarining soni 14 millionga yetganini ta’kidlangan edi. Bu Chernogoriya, Serbiya, Bolgariya, Gretsiya, Shveysariya va Norvegiya kabi davlatlarning umumiy aholisi sonidan ko‘p edi. Duxovskiyning fikriga ko‘ra o‘lkadagi rus ma’muriyati siyosatining butun mazmuni musulmonlarni xristian madaniyatiga “to‘la moslashtirish” zaruratidan kelib chiqib, “musulmonchilikka qarshi madaniy kurashdan” iborat bo‘lishi kerak edi.
Turkiston xalqlarini ma’naviy bo‘ysundirishning faol tarafdori bo‘lgan S.Duxovskiy bu vazifani bajarish uchun quyidagi choralarni taklif etgan: 1) missionerlik faoliyatida shoshilmaslik (garchi, Yevropaning mustamlaka davlatlarida bu asosiy vositalardan biri bo‘lsa ham), chunki “missionerlarning bu sohada haddan tashqari urinishlari musulmon muhitini missionerlikka qarshi undashi mumkin”; 2)Yevropa madaniyatiga jalb qilishning ta’sirchan quroli sifatida musulmonlar orasida tibbiy faoliyatni kuchaytirish; 3) musulmonlarning tili va ichki hayotini o‘rganish, rus tilini rasmiy aloqalarga kiritish, mahalliy aholini asta-sekin chorizm sud muassasalariga bo‘ysundirish, shu tariqa Turkistonni mustamlaka qilishni kuchaytirish va mustahkamlash; 4) o‘lkada aralash nikohlar sonini ko‘paytirishga intilish.
Bundan tashqari, “Qo‘riqlash boshqarmasi” milliy o‘zlikni anglashga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan maktab, madrasa va jadid maktablari ustidan qattiq nazorat o‘rnatgan. Imperiya ma’murlari tomonidan milliy maorif (maktab, madrasalar, qorixonalar) faoliyatini qat’iy nazoratda ushlab turishga doir siyosat olib borilgan. Turkiston o‘lkasining birinchi general-gubernatori K.P. fon Kaufman (1867-1882) o‘z siyosatini diniy urf-odat, marosimlarga aralashmaslik, lekin bir vaqtning o‘zida milliy maorif tizimiga nisbatan ma’lum ruslashtirish siyosatini olib borgan16. 1909-yilda Turkistonda diniy maktablarni doimiy ravishda nazoratini olib boruvchi maxsus komissiya tuzildi. Komissiya tez orada diniy maktablar foliyati yuzasidan qoida ishlab chiqdi. Unga ko‘ra diniy maktablar faqat imperiya ma’murlarining ruxsati bilan ochiladigan bo‘ldi.
Shu bilan birga, mahalliy tilda chop etilayotgan matbuot nashrlarining ko‘payishi mustamlaka ma’muriyatida alohida tashvish uyg‘otgan. Ayrim nashriyotlar o‘z nashrlarini obunasiz va bepul volost boshqarmalariga jo‘natib turgan. 1907-yilda ichki ishlar vaziri bunday pochta jo‘natmalarini egalariga yetkazib bermaslik hamda ularni yo‘q qilish uchun viloyat gubernatorlariga taqdim etish haqida buyruq beradi. Bu matbuot nashrlari ro‘yxatiga “Zarafshon”, “Samarqand” (Samarqand viloyati), “Vperyod”, “Taraqqiy”, “Russkiy Turkistan”, “Turkistan”, “Tashkentskiy kuryer”, “Xurshid” (Toshkent shahri) kiritilgan. 1908-yili Turkiston Qo‘riqlash boshqarmasi (TQB) tavsiyasiga ko‘ra “Shuhrat” gazetasini (muharriri A.Avloniy) nashr qilish taqiqlanadi. “Shuhrat” gazetasi yopilgandan so‘ng “Osiyo” gazetasini chiqara boshladi, biroq u ham “zararli yo‘nalishda bo‘lganligi sababli” yopildi. 1915 yilda “Al-Isloh” jurnalini yopish masalasi ko‘tarildi.
Ziyolilardan, islomiy ilmlardan puxta xabardor bo‘lgan Munavvar qori Abdurashidxonovning faoliyati qo‘riqlash bo‘limiga tinchlik bermagan. 1910-yili Turkiston o‘lkasi o‘quv muassasalari bosh noziri Turkiston general-gubernatoriga, u esa TQB rahbariga “Munavvar qorining hukumatga qarshi kayfiyati to‘g‘risida” xabar beradi. U birinchilardan bo‘lib Markaziy Osiyodagi udumlar, xalqlarning ziyoratgohlari va odatlariga bo‘lgan xurujlarga qarshi chiqadi. Natijada qo‘riqlash bo‘limi uning orqasidan kuzatuv o‘rnatgan. U haqda ma’lumot yetkazib turgan agentlardan biri Munavvar qori xizmat qilgan masjid doimiy namoz o‘qiydigan shaxs bo‘lgan.
Politsiya departamenti 1910-yil 18-dekabrdagi maxfiy sirkulyarda Rossiya imperiyasi guberniya jandarm boshqarmasi tuman va qo‘riqlash bo‘limi boshliqlariga quyidagilar to‘g‘risida buyruq beradi: 1) jadidlar harakati va tashkilotlarining “jinoiy faoliyatini” yoritish uchun maxfiy agenturani yaratishga jadal kirishish; 2) musulmon aholining kayfiyatini uzluksiz kuzatish, musulmon maktablarining pedagog xodimlari, mudarrislari va diniy ulamolar faoliyatiga alohida e’tibor bergan holda ular to‘g‘risida vaqti-vaqti bilan xabar berib turish; 3) panislomiy nashriyotlar va ular nashr etayotgan adabiyotlar ustidan kuzatuv o‘rnatish va polisiya departamentiga e'tiborga loyiq maqolalarni o‘z vaqtida taqdim etish17.
Ushbu masalalar bilan impriyaning yana bir idorasi – ma’naviy ishlar departamenti ham shug‘ullangan. Bu departament ham general-gubernator e’tiborini panislomizmning har qanday ko‘rinishlarini bostirish uchun ta’sirchan choralar ko‘rishga qaratgan. 1912-yili TQB boshlig‘i general-gubernator kotibyatiga Turkistonda rus hukumatiga qarshi faoliyat yurituvchi hamda panislomizm g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi musulmon tashkilotlarining mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘qligi haqida yozgan. Bunga javoban politsiya departamentining alohida bo‘limi bu fikrning xatoligini ko‘rsatgan holda “o‘lkada panislomiy harakatlar mavjudligi va bunga o‘ta jiddiy e’tibor qaratish lozim”ligini ta’kidlagan.
Chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida o‘lka xalqlarining diniy e’tiqodini buzish, ularni doimiy qullik asoratida saqlab turish yo‘lida rus missionerlari ham bor imkoniyatlarini ishga soldilar. Jumladan, 1913-yilning oxirlarida Peterburgda Davlat Dumasida zabh (hayvon so‘ymoq) masalasi ko‘tariladi. Bunga ko‘ra, butun imperiya xalqlari uchun hayvon so‘yishning yagona tartibini joriy qiluvchi qonun qabul qilinishi rejalashtirilgan edi. Qonun loyihasiga ko‘ra hayvon so‘yishda shariat talablari inobatga olinmasligi lozim edi. Vaholanki, shariat buyurganicha so‘yilmagan hayvon haromdir, deb e’tiqod qiluvchi Turkiston musulmonlari uchun bu g‘oyat tashvishli holat edi.
Shunday paytda Farg‘ona ulamo va jadidlari umumiy manfaat yo‘lida bir yoqadan bosh chiqardilar. Bunday qonunning qabul qilinishiga vodiydagi musulmonlar qattiq e’tirozlar bilan qarshi turdilar. Farg‘onaning ilg‘or taraqqiyparvarlaridan Ashurali Zohiriy bu xususda o‘z fikrlarini “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi sahifalari orqali bayon etib, kishilarni xushyorlikka chaqirdi. Shuningdek, Namangan ulamolari ham bu masalaga jiddiy yondoshgan holda, 1914-yil 18-may kuni Davlat Dumasining raisi va musulmon fraksiyasiga maxsus telegramma yo‘llab, bu qonunni qabul qilmaslikni talab qiladilar. Unda agar shu qonun qabul qilinsa, Rossiyadagi 30 millionga yaqin musulmonlar go‘sht yemoq va go‘sht bilan tijorat qilmoqdan mahrum bo‘lib qolishi, buning oqibati esa yomon hodisalarga olib kelishi mumkinligi ta’kidlanadi18.
Mustamlakachilar islom dini zaminida vujudga kelgan odob-axloq me’yorlari, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tizimini izdan chiqarishni ham o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan edilar. Bu xususda turli qonunlar ham chiqarilgan edi-ki, ular mahalliy xalq manfaatiga butunlay mos kelmasdi. Masalan, Turkiston general-gubernatorligida o‘rnatilgan tartib-qoidaga muvofiq, ilm va iste’dodidan qat’iy nazar, 25 yoshga yetgan turkistonlik fuqaro volost boshqaruvchisi yoki qozi bo‘lishi mumkin edi. Bu tartib yetarli ilmga ega bo‘lmagan kishilarning qozi, mudarris, imom bo‘lib qolishlar uchun zamin bo‘lib xizmat qildi. Holbuki, xonlar zamonasida diniy lavozimlarga shayxulislomning va boshqa ulamolarning ishtirokidagi imtihondan so‘nggina kishilar tayin qilinar edilar. Ushbu makkorona siyosat haqida M.Behbudiy shunday deydi: “Missionerlar tarafidan va yoyinki bizni yo‘q va nobud bo‘lishimizni va shariati muqaddasamizni hukmdan qolishini xohlatadurg‘on eski va mustabid hukumat odamlari tarafidan shunday zakonlar chiqardi19” .


Yüklə 212,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə