Jizzax davlat pedagogika instituti tarix fakulteti


BMI ni yoritishning metodlari



Yüklə 458 Kb.
səhifə7/17
tarix31.12.2021
ölçüsü458 Kb.
#81421
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   17
Ахмедов Салим (1)

BMI ni yoritishning metodlari. Mavzuni o‘rganish va tahlil qilishda tarixiy-falsafiy uslublardan, ya’ni tahlil, taqqoslash, umumlashtirish, qiyosiy solishtirma va xronologik uslublardan foydalanilgan.

BMI ning tuzilishi va hajmi. Ushbu BMI kirish, 2 bob, xulosa, foydalanilgan manba va adabiyotlardan iborat.
I BOB USTRUSHONANING QADIMGI VA O‘RTA ASRLAR DAVRI TARIXI

I.1. Ustrushona tabiiy geografik o‘rni va qadimgi tarixiga umumiy tavsif

O`zbekistonning markaziy qismida joylashgan Jizzax vohasining tog` va tog` oldi mavzelari qadimdan aholisi zich joylashgan tarixiy madaniy o`lkalar tarixiga kirgan. Sangzor va Zominsuv daryolari ko`plab soy va buloqlar xavzasida hosil bo`lgan vodiylarda lalmikorlikdan tashqari suniy sug`orish tizimlariga asoslangan dehqonchilik- va o`troq xayot ancha qadimdan boshlangan. SHuningdek, vohaning shimoliy va shimoli-g`arbiy sarxadlarida yastangan Mirzacho`l cho`l-dasht mavzelarida arxaik va ilk antiq davrdagi ko`chmanchi chorvadorlar faoliyati arxealogik materiallarda o`z aksini topgan. Bu mavzelardan neolit va bronza davri jamoalarning moddiy madaniyat namunalari qayd etilganini xisobga olsak bu mo`jaz tarixiy madaniy o`lkada inson istiqomati va xo`jalik yuritish faoliyati ancha qadimdan yo`lga qo`yilgani tasdiqlash mumkin bo`ladi.

O‘lkaning katta qismini y er tuzilishi tekisliklardan iborat bo‘lgan Mirzacho‘l egallagan. U janubi sharqdan shimoli-g‘arbga tomon pasayib boradi. Tekislik qismi shimoliy-g‘arbga tomon nishab bo‘lib, o‘rtacha balandligi 250-300 m ga teng. Janubdagi tog‘ etaklarida balandlik 450-530 m gacha etadi. Janubiy qismi relefini Turkiston tizmalari va uning g‘arbiy Morguzar va CHumqartov tog‘lari (balandligi 2500-3000 m gacha, Jizzax qismida 800 m) tashkil etadi3. SHimol va shimoli-sharqdan zinapoyasimon shakldagi tekisliklar tog‘liklar tomon ko‘tarilib boradi. Bu o‘lka O‘zbekistonning baland va o‘rtacha balandlikdagi tog‘lar, tog‘ etaklaridagi tekislik vohalari, sho‘rxok va cho‘l landshaftliklardan iborat g‘oyat noyob mikromintaqani tashkil qiladi4.

Turkiston tizmasining shimoliy davomi hisoblangan Morguzar tog‘ining o‘rtacha balandligi 1500-2000 m., ayrim cho‘qqilari esa 2621 m ga etadi. U shimol tomon davom etib, Sangzor daryosining vohasi orqali Nurota tog‘idan ajraladi. Sangzor vodiysining eng tor joyi Ilon o‘tdi darasi ( kengligi 120-130 m) hisoblanadi. Ustrushonaning suv manbalariga e’tibor beraylik. Hududning eng yirik suv manbai – Sirdaryo bo‘lib, daryo vodiysining Mirzacho‘l bilan tutash kengligi 15 km ga etadi. Daryo o‘zanining qirg‘oqlari tik, vodiyda qoldiq o‘zanlar uchraydi. Bu qoldiq o‘zanlarning ayrimlari ko‘l va botqoqliklardan iborat. Ustrushonaning katta qismini egallagan Mirzacho‘lni suv bilan ta’minlaydigan barcha shohariq va ariqlar Sirdaryodan boshlanadi. SHimoli-g‘arbiy Ustrushonaning asosiy suv manbalari ko‘pchilik hollarda janub-shimol yo‘nalishi bo‘yicha oqadigan daryochalar, soy, buloq va chashmalardan iborat.

Sangzor daryosi Turkiston tog‘larining 3300 m balandlikdagi SHungqor tizmasi shimoliy yonbag‘ridagi ikki tog‘ soyi Guralash va Jontakaning qo‘shilishidan hosil bo‘ladi va Morguzar tizmasini yoqalab sharqq a, Jizzax tomon oqadi. Uning suv yig‘ish maydoni - 2,580 km2 ni, ilk manbasidan Qili qishlog‘igacha bo‘lgan uzunligi 123 km ni tashkil qiladi. Sangzor daryosining o‘rtacha suv oqimi miqdori 6,9 m3. sekundga, ba’zi seryomg‘ir yillarda eng yuqori holatdagi suv sarfi 250-300 m3 sekundga, sel kelganda 411 m3 sekund teng5.

Kattaligi jihatidan Sangzor daryosidan keyingi asosiy suv manbai bo‘lgan Zominsuv Turkiston tizma tog‘larining baland cho‘q- qilaridan boshlanuvchi Qashqasuv, Ko‘ksuv va Qizilmozor soylarining qo‘shilishidan hosil bo‘ladi. Uning suv yig‘ish maydoni 694 km2 , uzunligi 41km ni tashkil etadi6. O‘tmishda Zominsuv Ustrushonaning Zomin rustoqi va mazkur nom bilan ataluvchi Zomin-Sarsanda shahrining ichimlik va xo‘jalik yuritish ishlari ta’minotiga sarflangan. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, daryo suvi Mirzacho‘l sarhadlarida joylashgan qadimgi Qoratepa shahrigacha etib borgan7.

Xo‘jamushkentsoy, Erganakli qishlog‘ida ko‘plab buloq suvlarining yig‘ilishidan hosil bo‘ladi. U Oyuvli qishlog‘ida o‘ziga o‘nlab irmoqlarni qo‘shib olib Savat dashtiga tomon, chap irmog‘i esa hozirgi Dashtobod shaharchasi yaqinidagi Qoratepa shahar yodgorligigacha etib borgan. Uning o‘rtacha suv oqimi miqdori 9,7 m3. Sekundga teng bo‘lib bu nafaqat Xovos rayoni mintaqasi uchun balki , Ustrushona uchun ham ancha sersuv hisoblanadi. Taqqoslash uchun keltiradigan bo‘lsak, Ustrushona poytaxti Bunjikat va uning atrofidagi ko‘plab qishloq makonlarini suv bilan ta’minlagan. SHaxristonsoyningsuv oqimi miqdori 5 m3. Sekundga teng bo‘lgan.

Ustrushonaning navbatdagi suv manbai Ravotsoy esa Morguzar tizmalari tarkibiga kiruvchi Etimtog‘ va Kattatog‘ning sharqiy yonbag‘irlaridan boshlanuvchi Ko‘rpasoy va Uvobsoyning qo‘shilishidan hosil bo‘ladi. Bu soylarning havzasida hosil bo‘lgan kichik suvli vodiyda turli davrga oid arxeologiya yodgorliklari zich joylashgan va ularning asosiy guruhi Ravot va Uchqiz qishloqlari atrofida jamlangan8. Seryog‘in yillari va sel kelish mavsumlarida Ravotsoy suvi YOyilma qishlog‘igacha (50km) etib borgan. Sayxonsoy bulog‘i Morguzarning shimoli – sharqiy yonbag‘ridagi 1000 m chamasi balandlikdagi Og‘ajon ungirlaridan boshlanadi. Sayxonsoy ancha kamsuv bo‘lsa-da, uni havzasidagi Xasangoba, Quduqcha, Sayxon, Tuyoqli qishloqlarining asosiy suv manbai hisoblanadi. SHuningdek, o‘rganilayotgan mintaqada Turkmansoy, Achchisoy, Qo‘shchisoy, Jaloyirsoy kabi daryocha va soylar ham mavjud bo‘lib, ular ham Turkiston tizmasining shimoliy yon bag‘ridan boshlanadi. YUqorida sanab o‘tilgan soylarning suvi bahorda biroz ko‘payib, yozda kamayadi, ba’zilari umuman qurib qoladi9.

Jizzax vohasining shimoliy qismi va Sangzorning quyi oqimida Tuzkon ko‘li joylashgan. U hududda mavjud bo‘lgan yagona ko‘ldir. 1895 yil ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘l yildan – yilga qurib borgan. 1920 yillarda Tuzkonning hajmi 100 km2 dan 40 km2 gacha qisqargan. XX asrning ikkinchi yarmida Mirzacho‘l cho‘lini keng miqyosda o‘zlashtirilishi, sho‘r yerlarni yuvish va sizot suvlarni tashlash natijasida, Tuzkon va uning atrofida, Arnasoy botig‘i deb ataluvchi katta hududda, umumiy maydoni 2300 km2 dan oshiq Arnasoy ko‘llar tizimi hosil bo‘lgan10.

Ustrushonada yer tuzilishiga ko‘ra, och va tipik bo‘z tuproqlar tarqalgan. Ular orasidagi chegara taxminan 450 m balandlikdan o‘tadi. Bu hududning janub va janubi-g‘arbiy qismi asosan tekis qalin lyossimon qumoq va qumloqlar bilan qoplangan. Past joylari (markaziy va shimoli-g‘arbiy qismi)ni sho‘rhoq va sho‘rtob tuproqlar egallagan. Mintaqada och tusli bo‘z tuproqlar, daryo bo‘ylarida o‘tloq va o‘tloq-botqoq tuproqlar keng tarqalgan bo‘lib, bu yerlar turli xildagi o‘simliklar va to‘qayzorlarga boy11.

O‘lkada cho‘l, adir, tog‘ va yaylov mintaqalariga xos o‘simliklar mavjud. CHo‘l hududlari sho‘ro‘zak, qorabosh, burgan, lolaqizg‘aldoq kabi efemerlar va kurg‘oqchilikka chidamli shuvoq, yantoq, chalov, sho‘ra, yulg‘un va tuyaqorin kabi o‘simliklarga boy. Tog‘ etaklari va undan yuqorida irg‘ay, zirk, pista, yovvoyi bodom, na’matak, olma, olcha, saksovul kabi buta va daraxtlar o‘sadi. Turkiston tog‘ tizmasining 1500-2500m dan balandlik qismida archazorlar uchraydi. 2800-3000 m dan balandda qo‘ng‘irbosh, rang, yovvoyi arpa kabi o‘tlar o‘suvchi yaylov mintaqasi boshlanadi. Sirdaryo bo‘yidagi to‘qaylarda yulg‘un, tol, turong‘il, jiyda kabi butalar o‘sadi12.

Xullas, o‘rganilayotgan mintaqaning geografik qulayliklari tufayli uning ilk o‘zlashtirilish tarixi uzoq o‘tmish bilan bog‘liq. Dastlabki urug‘ jamoalar chorvador hamda o‘troq dehqonlar uchun qulay tabiiy shart-sharoit va unumdor erlar, ayniqsa oqar suv manbalari mavjudligi vohada inson faoliyati bilan bog‘liq ijtimoiy jarayonlarning o‘zaro moddiy va boshqa madaniy turlarning baravj rivojlanishiga asosiy sabab bo‘lgan. Bir paytning o‘zida chorvani mavsumiy tarzda qishda – cho‘lli mintaqada, yozda esa–tog‘ o‘tloq yaylovlari mintaqasida boqish imkoniyati chorvachilik xo‘jaligining ham rivoj topishiga imkon yaratgan. Yaylov (o‘tloq) imkoniyatlarining har tomonlama qulayligi bu yerda chorvachilik madaniyatining ham o‘troq dehqonchilik madaniyati bilan hamohang tarzda taraqqiy etishiga sabab bo‘lgan13.

Yuqorida aytib o‘tilgan tabiiy qulayliklar tufayli Ustrushona hududi ham O‘rta Osiyoning boshqa dehqonchilik vohalari kabi qadimdan jadal o‘zlashtirilgan. Bunga, Forish tumanining “ CHimqo‘rg‘on ” jamoa xo‘jaligi hududidan topib o‘rganilgan, o‘rta paleolit davrida yashagan neandertal odamlar tomonidan Qayroqtoshdan ishlangan va o‘lchami 54 x 53 x 21 mm bo‘lgan nukleus – tosh o‘zaklar qoldiqlarini14, CHordara, Ko‘ksuvtepa shaharchalari atroflaridan hamda Ettisoy vohasidan topilgan o‘rta paleolit davridan to tosh davrining yakunlovchi bosqichi - neolitgacha bo‘lgan davrga oid arxeologik ashyolarni, hamda Tuzkon ko‘li atroflari, Qolgansir sho‘rko‘li g‘arbiy qismlari va Xon – CHorvoq darasidan neolit davriga oid chaqmoqtoshdan yasalgan tosh qurollar hamda bronza davriga tegishli sopol buyum parchalarini misol keltirishimiz mumkin. Mazkur qadimiy ashyolar ushbu hudud ham o‘zining ilk odamzod izlari bilan bog‘liq ibtidoiy tarixiga ega ekanligini ko‘rsatadi.

Ustrushona hududida so‘nggi bronza va ilk temir davriga kelib o‘zida shahar belgilarini mujassam qiluvchi yirik manzilgohlar barpo etila boshlanadi. Inson faoliyati bilan bog‘liq ijtimoiy jarayonlar tufayli Ustrushonada ham ilk temir davri, xususan, mil. avv.gi VII-VI asrlarda shahar qurilishiga asos solinib, fanda “Nurtepa madaniyati” nomi bilan qayd etilgan, ilk shaharmonand manziloh Nurtepa vujudga kelgan15. O‘rta Sirdaryo havzasida o‘troq turmush tarziga o‘ta boshlagan ko‘chmanchi qabilalar, vaqt o‘tishi bilan esa Ustrushona hududining boshqa qismlariga, xususan tog‘ oldi hududlariga (Xontepa, Qo‘rg‘ontepa) ham yoyila boshlagan. Hududda joylashgan arxeologik yodgorliklarda (Nurtepa, Xontepa, Qaliyatepa va boshqalar) aniqlangan me’moriy inshootlar: yerto‘la, yarim yerto‘la va yer usti inshootlari ham so‘nggi bronza, ilk temir davrlarida bu yerda ko‘chmanchi aholining o‘troqlashuv jarayoni boshlanganligidan dalolat beradi. Nurtepa madaniyatning ta’siri ostida Kiropol deb e’tirof etilgan, mil. avv.gi VI asr boshlarida asos solingan Mug‘tepa, Aleksandr Makedonskiyga qarshi qo‘zolon ko‘targan shaharlar sifatida qayd etilgan, Kurkatdagi SHirin, Savatdagi Xontepa, Sog‘anoqtepa I, II kabi ilk shahar yodgorliklari bunyod etilgan. Tabiiyki, qadimdan voha va uning atrofidagi dashtliklarda yashovchi chorvador aholining Ustrushonadagi madaniy taraqqiyot jarayonlariga ta’siri katta bo‘lgan. Bu aholi avvalo, Evro Osiyoning bepoyon kengliklari va bu ulkan hududlarda yashovchi ko‘chmanchilar olami bilan kuchli bog‘langan edi. Mavsumiy tarzda ko‘chuvchi chorvadorlar uzoq shimol o‘lkalarigacha borar, qishda esa qishlovlariga qaytib, Ustrushonaning dehqonchilik vohalari va hatto janubiy mintaqalar bilan ham bog‘lanib turardi.

Antik davrda kechgan ijtimoiy siyosiy va ekologik vaziyat bilan bog‘liq ulkan migratsiya jarayonlari ko‘plab ko‘chmanchi chorvador aholining voha va uning atroflariga kirib kelishi va o‘troqlashishini yanada tezlashtirgan. Bu mavzuda arxeolog M.H. Pardaevning ta’kidlashicha, “ilk antik davrda Ustrushonada aholining shaharlashuvi, demografik o‘sish jarayonlari natijasida, yangi shaharlarning paydo bo‘lishi mamlakatning shimoliy, shimoliy-g‘arbiy qismida – Zominsuv va Sangzor daryolari havzasida izchil suratda amalga oshgan. Mil. avv. IV-III, II-I asrlarda eski Xovos, O‘rdatepa, Qaliyatepa, Oydinsoytepa, Qo‘rg‘ontepa shahar yodgorliklari vujudga kelgan”16. Ta’kidlash lozimki, bu paytda, nafaqat, Sangzor yoki Zominsuv kabi vohalar balki, dehqonchilik uchun sharoit mavjud bo‘lgan mikrovohalarda ham aholining yanada gavjumlashuvi, yangi yerlarning jadal o‘zlashtirilishi va bu yerlarda mustahkamlangan jamoa manzilgohlari – qishloq makonlari soni tezlik bilan ko‘payib borgan.

Ustrushonaning dehqonchilik vohalari haqida bayon qiluvchi, ilk yozma xabarlar qadimgi yunon tarixchilarining Aleksandr Makedonskiy harbiy yurishlari haqidagi asarlarda yoritilgan. Bu manbalarning aksariyatida, Eron shohi Kir davrida qurilgan yetti shahar va bu shaharlarning bir-biri bilan bog‘liq holda Aleksandrga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targanligi haqida malumotlar berilgan. Ularda yoritilishicha, Maroqand va uning atrofidagi qishloqlarni o‘ziga tobe qilgan Aleksandr ko‘p sonli armiyasi bilan Ustrushona orqali Sirdaryo tomon yurish qiladi. Oldingi pozitsiyadagi oziq-ovqat va otlarga yem-xashak yig‘uvchi makedon otryadini mahalliy axoli (ustrushonlar) butunlay qirib tashlaydi va ko‘tarilish juda qiyin bo‘lgan tik qoyali tog‘ ustiga chiqib ketishadi. Aleksandr bu qoyani katta qiyinchilik va talofat bilan egallaydi. Jang paytida uning o‘zi ham qattiq yaralanadi. Ustrushonaning tog‘li qoyalarida ilk bor mag‘lubiyat alamini tortgan Aleksandr, o‘zining jahonda tengsiz hisoblagan armiyasini tog‘lik qoyalarda jang olib borish taktikasi kuchli emasligini anglab qolgan. Ustrushonaliklar esa bunday qoyalarda jang olib borishni nihoyatda yaxshi o‘zlashtirgan edilar. Biroq, Aleksandr qo‘shinlarining bir necha baravar ko‘pligi va ularning zamonaviy qurollanganligi urush taqdirini hal qiladi. Arrianning yozishicha, - “Tog‘ cho‘qqisidagi ximoyachilarni bir qismi joyida qirib tashlanadi, ko‘plari dushman qo‘liga tushmaslik uchun qoyadan o‘zlarini tashlab halok bo‘lishadi”17.

Nisbatan tezlik bilan Sirdaryo bo‘yiga yetib kelgan Aleksandr bu yerda qisqa muddatda o‘z qo‘shini uchun harbiy qarorgoh vazifasini o‘tagan Esxata (CHekka) Aleksandriya shahrini quradi. Arriannning yozishicha, bu vaqtda Ustrushonada mavjud bo‘lgan yettita shaharda isyon ko‘tarilib ular o‘zlarining mustaqilligini – Aleksandrga bo‘ysunmasligini e’lon qiladilar. Aleksandrning ularni yana qaytadan bo‘ysundirishiga to‘g‘ri keladi. Manbalarda ta’kidlanishicha ikki kun ichida besh shaharni vayron qilib tiz cho‘ktirgan Aleksandr, ”daryo bo‘yi varvarlari”ning eng katta shahri Kiropolga tomon yuzlanadi. U yaxshi mudofaa istehkomlari va ko‘p ming kishilik jangovar himoyachilar qarshiligini tezda sindirolmagach, shaxsiy jasorat ko‘rsatib oz sonli guruh bilan shahar ichkarisiga yorib kirib qo‘zg‘olonchilardan shafvqatsiz o‘ch oladi. Kiropolni o‘zida 8 ming tub aholi qirib tashlanadi18.

Aleksandr olti shaharni vayron qilganidan so‘ng yettinchi shahar-Mamakena sari yul oladi. Kvint Kursiy Rufning ma’lumot berishicha,- “Mamakenaliklar shaharni topshirmaslikka ahd qilishadi. Ularga taslim bo‘lishsa jonlari omon qolishiga va’da berib Aleksandr 50 otliq, jangchisini shaharga elchilikka yuboradi. SHahardagilar elchilarni barcha rasm- rusumlarga amal qilgan holda izzat bilan kutib olishadi, keyin esa, mehmondorchilik va sharobxo‘rlik tasirida tezda uyquga ketgan 50 chavandozning hammasi qilichdan o‘tkaziladi. Bundan qattiq g‘azablangan Aleksandr darhol hujumga o‘tadi, hujum natijasiz tugagach, lashkarboshilar Meliogr va Perdikkega shaharni qamal qilishni buyuradi. Hech qachon, hech qaysi shahar qamalga bunchalik qahramonlarcha bardosh bermagan edi. Aleksandrning o‘zi ham boshidan tosh tegib qattiq, yaralanadi va hushidan ketadi. Ko‘plar uni o‘ldi deb hisoblashadi. Lekin, u hushiga kelgach qamalni yanada qattiq va shafqatsizlik bilan davom ettiradi. Mamakena shahri mudofaa devorlari ostidan lahm kovlanib, devorning bir bo‘lagi qulab tushgandan keyingina makedoniyaliklar shahar ichiga yopirilib kirishadi. SHahar zabt etiladi va vayron qilinadi”. N.N. Negmatovning yozishicha Aleksandrga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targanlar, Ustrushonaning tekislik qismida joylashgan Kiropol, Gaza, Baga, Kurkat, Sabat, SHavkat va Xovost shahar aholisi bo‘lgan19. A.A. Gritsinaning yozishicha “Aleksandrga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targan shaharlardan biri Xantepa (Sobot) bo‘lgan”20.

Antik davr muarrixlaridan Arrian (milodiy 90/95–175 yillar), skiflarning jangovarlik jasorati, ularning Iskandar qo‘shiniga kutilmaganda paydo bo‘lib, ilk bor zarba bergan jasur xalqlar ekanligi haqida noyob ma’lumotlar beradi. Ushbu muarrix o‘z asarida, ayniqsa, o‘lka xalqlarining Iskandarga qarshi ozodlik kurashlari, jumladan, So‘g‘ddan Tanaisga qarab yurishda, (Ustrushona)tog‘lik qoyalarda bo‘lgan jang, Iskandarning mahalliy aholi tomonidan yarador qilinishi, qahramon vatanparvarlarning tengsiz janglarda, dushman qo‘liga tushishdan ko‘ra o‘zlarini halok etishni afzal ko‘rib, tog‘ qoyalaridan tashlab halok bo‘lishi, O‘z qo‘shini skif jangchilari bilan to‘ldirgan Spitamen, Iskandar qo‘shinlarining katta qismini o‘rab olib qirib tashlashi, boshqa bir qismini asir olib hammasini o‘ldirishi, kabi voqealarni ishonarli tarzda yozib qoldirgan. Kvint Kursiy Ruf, “Makedoniyalik Iskandar tarixi” asarida, Baqtriyaning rang- barang tabiati, hosildor bug‘doy eqiladigan erlari, Iskandarning harbiy yurishlari, uning skiflar bilan to‘qnashuvi, So‘g‘diyonaning keng dashtli mamlakat ekanligi, uning atroflari bo‘ylab yashaydigan ko‘chmanchilar haqida to‘xtaladi21. Pompey Trog, YUstin (mil. avv.gi II-I asrlar) kabi muarrixlar ham O‘rta Osiyo ko‘chmanchi qabilalarining turmush tarzi, urf odatlari va mashg‘ulotlari to‘g‘risida ma’lumotlar beradi.

Antik tarixchilardan Strabon (mil. avv. I asr) birinchi bo‘lib O‘rta Osiyo ko‘chmanchi xalqlarini umumiy bitta (skif) nomi bilan emas alohida hududiy joylashishiga qarab, mayda guruhlarini ham sanab ko‘rsatadi. Uning yozishicha “Skiflarning katta qismi Kaspiydan boshlab sharqka tomon daxlar deyiladi. Ulardan sharqda esa sak va massaget yashaydi”22. “... Baqtriyadan yuqorida Oks va YAksart daryolari oralig‘ida so‘g‘dliklar va ko‘chmanchilar o‘rtasidagi chegara joylashgan”, “... saklar so‘g‘dliklardan YAksart orqali, so‘g‘dliklar esa Baqtriyadan Oks orqali ajralib turadi”23. Dionisiy Perieget ko‘chmanchilar haqida shunday ma’lumot beradi, “So‘g‘d ortida YAksart daryosi bo‘ylab barcha kamonda jang qiluvchilar orasida eng mohiri va bexato otuvchilari hisoblangan saklar yashaydi”. YUqoridagi ma’lumotlardan So‘g‘diyonaning sharqiy chegaralari Sirdaryoning chap sohili bo‘ylab o‘tganligi ko‘rinadi. I.V. Pyankov ma’lumotlariga ko‘ra, antik davr tarixchilari O‘rta Osiyo ko‘chmanchilarini quyidagicha tasavvur etgan: O‘rta Osiyoning g‘arbida cho‘l va dasht qismlarida ”Massaget" (“Derbik”) qabilalari ..., sharqida tog‘ va dasht qismlarida “Sak” qabilalari ..., Tanais (Sirdaryo) bo‘ylari va uning nariyog‘ida “Dai”lar istiqomat qilishgan. Ustrushonada antik davrning mil. avv. tarixiy voqealari haqida bizgacha, asosan, yuqorida keltirilgan ma’lumotlar etib kelgan. Keyingi uzok, davr mobaynidagi tarixiy yozma manbalarda Ustrushona haqida xabarlar uchramaydi.

Keyingi yillarda nafaqat Evro Osiyoning Xitoyga chegaradosh hududlari balki O‘rta Osiyo haqida ham Xitoy yozma manbalari qimmatli ma’lumotlar borligi ma’lum bo‘ldi24. Qadimgi Xitoy podsholiklarida mil. avv. 2205 yildan boshlab SHimoliy Xitoydagi kichik xokimliklar tarixini yoza boshlagan «shi» deb atalgan yilnomachilar g‘arbiy va shimoliy chegaralarda «xu» yoki «xulu» deb atalgan chorvador turkiy zabon qabilalar yashaganliklarini takidlaydilar. Arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, bu joylarda, ya’ni SHimoliy Xitoy kichik podsholiklarining shimoliy va g‘arbiy chegaralarida andronovo madaniyati qabilalari keng tarqalgan edi25.

Xitoy yilnomalarida ko‘chmanchi sak qabilalari tomonidan asos solingan Qang‘ konfederatsiyasi va Sirdaryo havzasidagi mulklar to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan. CHjan-Syanning yozishicha, Qang‘ 90000 kishilik qo‘shinga ega bo‘lib uning farg‘onaliklarga yordamga kelishi xitoyliklarning Farg‘ona poytaxtini qamal qilishdan voz kechishiga sabab bo‘ladi. Qang‘ning markazi Farg‘onaning poytaxti Guyshan shahrida 200 li (taxminan 1000 km) shimoli - g‘arbda joylashgan. Boshqa bir Xitoy manbasi – Syan-Xan-shuda, Ansi (Parfiya) shimolda Qang‘uy bilan chegaralangan deyiladi.

Qadimda saklar atab kelingan Ustrushona va uning atrofida yashovchi turkiy chorvador qabilalar o‘rta asr manbalarida o‘g‘uzlar deb ataladi. Abu Nasr Al-Utbiy Samarqand amiri Abu Ibroxim Muntasir bilan Qoraxoniylar eloqxoni o‘rtasida bo‘lib o‘tgan janglar haqida ma’lumot berib, O‘rta Sirdaryo bo‘yi chap sohillari, Ustrushonaning shimoliy va g‘arbiy chegaralarida yashovchi chorvador o‘g‘uzlar va ularning (Ustrushona) dehqonchilik vohalari bilan aloqalari haqida yozgan. Ibn Havqal “bu (Zomin) shaharning orqa tomoni Ushrusana tog‘lariga, oldi tomoni esa g‘uzlar mamlakatiga qaragan. U tekis dashtdan iborat bo‘lib , unda tog‘lar yo‘q” deb ma’lumot beradi. N.N.Negmatov ham IX-X asrlarda o‘g‘uzlar Ustrushonaning shimoliy-g‘arbiy chegaralari, Mirzacho‘l dashtlari va Sirdaryo bo‘ylab ko‘chib yurishganligini ta’kidlab o‘tgan26. Ustrushonada barcha paytlarda chorvador aholi bilan dehqon aholining aloqalari faol kechib, u O‘rta Osiyo dehqonchilik vohalari va Evro Osiyoning bepoyon dashtliklari aloqasida muhim ahamiyat kasb etgan.

I.2. YOzma manbalarda Ustrushonaning o‘rta asrlar davri tarixining yoritilishi
Milodning III asri oxirlarida qudratli Kushon saltanati va Qang‘ konfederativ davlati parchalanib ketdi. Bu uning tasarrufidagi katta geografik hudud, asosan, O‘rta Osiyoning ikki daryosi (Sirdaryo, Amudaryo) oralig‘idagi barqaror o‘troq hayot tarzidagi madaniy vohalarda mustaqil taraqqiyot jarayonlari boshlanishiga sabab bulgan. Bu Ustrushona mulklari uchun ham ta’lluqli bo‘lib bu yerda ham IV-V asrlarda mustaqil boshqaruv tizimi qaror topa boradi. Ilk o‘rta asrlarga oid manbalarda O‘rta Osiyoning So‘g‘d, CHoch, Farg‘ona kabi dehqonchilik mulklari qatorida Ustrushona haqida ham eslatiladi. Bunday ma’lumotlar ilk bor Xitoy yilnomalarida uchray boshlaydi. Xitoy imperatorlarining sulolaviy (“Sin Tan shu” -Tan saroyi tarixi) yilnomasida bu davlat ya’ni SHarqiy Sao (davlati) – SHuaydushana, Suduyshana, Szebutseyuyna (Szebudana), Sudushini kabi to‘rtta nom bilan ataladi. ”Suyshu”(Suy sulolasi tarixi) ning 83- bobida Farg‘onadan Sutrishona (Suduyshana) davlatigacha 500 li (288) deb ta’kidlangan27. “Veyshu”da Kangiya (Qang‘) davlati o‘rnida tashkil topgan o‘n bitta davlatlar qatorida Sao hokimligi ham sanab o‘tilgan28. YUqoridagi matnda keltirilgan "Szebudana" transkripsiyasi A.G. Malyavkinning fikricha SHarqiy Sao haqidagi malumotlarga tasodifan tushib qolgan. Bundan tashqari Tan saroyida sharqiy Saoni “Layviy”, yani “O‘rta podsholikni tan olib buysungan davlat” deb ham atashgan.

Ustrushona hududi va ularning chegaralari haqidagi ma’lumotlar IX-X asrlarga taalluqli arab geograflarining asarlarida mufassal berilgan bo‘lib, unda ta’riflab va sanab o‘tilgan joylar, ancha oldin yoritilgan manbalar hamda ilk o‘rta asrlardagi chegarasidan deyarli farq qilmaydi. X asrda yashagan arab geografi, Abul-Qosim Muhammad ibn Havqalning yozishicha “Ushrusana – bu (bir) viloyatning nomi, xuddi as-Sug‘d ham viloyat nomi (bo‘lganidek). Unda bu nomli shahar yo‘q. Ushrusanani Movaraunnahrning boshqa viloyatlari o‘rab turadi: sharqdan Farg‘ona va Pomirning bir qismi, g‘arbdan Samarqand hududlari, shimoldan ash-SHosh va Farg‘onaning bir qismi, janubdan esa Kesh, as-Sag‘oniyon, SHumon, Voshjird va ar-Roshtning ba’zi hududlari tutashgan”29. Al- Istahriyning (Mamlakatlarning masofalari kitobi) asarida keltirilgan Ustrushona chegaralari haqidagi ma’lumotlar, ibn Havqal estaliklariga mos keladi. Unda yozilishicha, “Ustrushona mamlakatning nomi, bu nom bilan ataluvchi shahar yo‘q, katta qismi tog‘lardan iborat. Ustrushona sarhadlari g‘arbda Samarkand, shimoldan SHosh va Farg‘onaning bir qismi, janubdan Kesh, Sag‘aniyon, SHuman Vashxird va Rashtning ayrim hududlari, sharqdan Farg‘onaning bir qismi bilan chegaralanadi”. Ustrushonaning chegaralari haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilgan V.V. Bartold “Samarqand va Xo‘jand o‘rtasidagi deyarli barcha kenglik Osrushana yoki Sutrushana mamlakatini tarkibiga kirgan” deb ta’kidlagan edi30. M.E. Massonning yozishicha “Aynan Ustrushona nomi bilan Jizzax va O‘ratepa oralig‘idagi keng manoda tushuniladigan hududlar atalgan. Unga janub tomondagi tog‘lik viloyat Buttam qo‘shilganidan so‘ng mazkur nom boshqa o‘lkalarga nisbatan ham qo‘llanilgan”. N.N. Negmatov Ustrushona hududiga hozirgi O‘zbekiston respublikasining Jizzax, Sirdaryo viloyatlari, Tojikiston respublikasining O‘ratepa, Xo‘jand viloyatlari va Qirg‘iziston respublikasining Laylak tumanlari to‘g‘ri kelishini ta’kidlagan31. Biz ham ushbu ko‘rsatilgan hududlar qadimgi Ustrushona mulklariga to‘g‘ri keladi degan fikrdamiz.

Ustrushona nomi VIII asrning boshlariga taalluqli bo‘lgan Mug‘ g‘oridan topilgan so‘g‘d yozma xujjatlarida ham bir necha bor qayd etilgan. Panjikent hokimi Devashtichga uning xizmatkori Fatufarn tomonidan yozilgan maktubda Ustrushonada bo‘layotgan voqealar, ustrushonaliklarning arablarga qarshi kurashda kursatayotgan yordamlari bayon qilingan. Ustrushona va uning rustoqlari hakidagi batafsil malumotlarni o‘rta asr arab geograf va tarixchilarining asarlarida uchratish mumkin. Ular Ustrushonada Bunjikat (O‘ratepa), Arsubonikat, Kurkat (SHirin), Fankon – Fag‘non (Dizak), Zomin, Sarsanda, Susanda (Zomin), Xarqona, Yangiqo‘rg‘on ( G‘allaorol), Burnamad (Baxmal), Sabat (Kultepa–Savat), Nujket (Nushkent), Marsmanda, Mink nomi bilan ataluvchi rustoqlar, ularning obod markaziy shaharlari, o‘nlab rabod, qa’la, karvonsaroylar mavjud bo‘lganligini o‘z asarlarida yozib qoldirishgan. Mazkur shahar va qa’la rabodlarning ko‘pchiligining o‘rni hozirgi kunda arxeologik tadqiqotlar orqali aniqlangan, ma’lum tarixiy yodgorlik bilan bog‘langan (2- rasm).

SHimoliy-g‘arbiy Ustrushonaga geograflar tomonidan tekis, cho‘lliklarga tutash rustoqlarga ega bo‘lgan dehqonchilik vohalari sifatida ta’rif berilgan. Ibn Havqalning yozishicha, “Ustrushonada kema yursa bo‘ladigan daryo ham ko‘l ham yo‘q, lekin uning ekinzorlari, yaylovlari va qishloqlari obod hosildor va (turli-tuman) mahsulotlarga boy32 ... Uning yirik shahri ustrushonaliklar tilida Bunjikat deb ataladi. Unga quyidagi shaharlar qarashli: Arsubonikat, Kurkat, G‘azak, Fag‘kat, Sobot, Zomin, Dizak, Nujkat, Xarqona. Bular Ustrushonaning shaharlaridir. Hukmdorlari yashaydigan bosh shahar Bunjikat bo‘lib, unda erkak aholining soni taxminan o‘n ming kishini tashkil etadi. Binolari esa paxsa va g‘ishtdan qurilgan”33. Muarrix yuqoridagi shaharlarning har birida rustoqlar borligini ta’kidlab, shaharlari mavjud bo‘lmagan Bashog‘ar, Masxo, Barg‘ar, Farg‘ontom, Mink, Baskan va Isbikat rustoqlar haqida ham to‘xtalgan34. Ushbu sayyohning bergan ma’lumotidan Ustrushonaning tog‘ mavzelarida joylashgan rustoklarida shaharlar mavjud bo‘lmaganligini anglash mumkin. Rustoqni eas tuman deb atash mumkin, ushbu tumanning markaziy qa’la –shahri ham bo‘lgan. Masalan, Fankon rustoqining bosh shahri Dizak bo‘lgan, shahar atrofidagi qo‘rg‘onlar esa rabot deyilgan. Ibn Havqal rustoqni quyidagicha tushuntiradi. ”Devor ichida joylashgan hamma narsa shaharniki, devor tashqarisidagilar esa rustoqniki hisoblanadi”35. Rustoqlarning ma’muriy-markaziy bosh shahri mavjud bo‘lgan. Har bir rustoq mahalliy sulola – dehqonlar tomonidan boshqarilgan. Har bir dehqon o‘z qo‘shiniga ega bo‘lgan. Barcha dehqonlar Ustrushonaning oliy hukmdori – “afshin”ga bo‘ysingan.

N.N. Negmatovning yozishicha, Ustrushonaning tekislik qismidagi rustoqlar – Bunjikat, Sabat, Zomin, Fag‘non, Nujkat va Xarqona deb atalgan bo‘lsa, tog‘li qismidagi rustoqlar – Mink, Asbanikat, Biskar, Bangam, Vakr, SHagar, Mascha, Burgar, Buttam deb nomlangan36. Davlat poytaxti - Bundjikat SHahristonsoy daryo qirg‘oqlarida, hozirgi SHahriston qishlog‘i va uning tog‘oldi hududlarida qad rostlagan. Bu davrda Bundjikat Markaziy Osiyoning katta shaharlaridan biriga, iqtisodiyot, savdo va madaniyat markaziga aylangan. Yozma manbalarida ta’kidlanishicha, shaharda 10 mingga yaqin aholi yashagan, shahar uchta qismdan- kuhandiz, shahriston va rabotdan iborat bo‘lgan. Har bir qism o‘zining himoya devorlariga ega bo‘lgan. Undan tashqari, shaharning dushmandan himoya qilinishi uchun umumiy tashqi devor qurilgan. Qal’ai Qahkaxaning arxeologik qazilmalaridan ma’lumki, afshinlarning saroyi arxitektura jihatidan o‘zining bahaybatligi va go‘zalligi bilan ajralib turgan. Saroy 230 kv.m. maydonida joylashib, uch qavatli katta zal va 95 kv. m. kichik zal, yotoqxonalari, saroy arsenali, bir- birini bog‘lab turadigan xonalar, dahlizlar, oshxonalar va novvoylardan iborat bo‘lgan. Mehmonxona intererlari ham afsonaviy mazmundagi monumental tasviriy panno va frizlar bilan bezatilgan. Markaziy donjonning fasad devorlari figurali pishgan g‘ishtlar bilan terilganligi o‘ziga xosligini belgilaydi. Saroy katta zalining kirish eshiklaridagi yog‘ochli timpani o‘ymakorlik naqshinkor rasmlari bilan ajralib turgan. Timpan uchta massiv taxtadan poluoval shaklda yasalgan (eni 293 sm, bo‘yi143 sm, qalinligi 8-9 sm)37. SHakllar orasida bo‘sh uchburchaklarida odamlar qo‘llarini ko‘tarib tepadagi shakllarini ushlab turganini ko‘ramiz. Figuralar mo‘jaz shaklda bo‘lishiga qaramay, tasvirchi barcha atributlarni mayda detallargacha yaratishga to‘liq muvaffaq bo‘lgan.

Saroyda oziq-ovqatni to‘plash va saqlash uchun omborxona joyi ham bo‘lgan. 1972 yilda o‘tkazilgan arxeologik qazishmalar natijasida 158 litrdan 295 litrgacha bo‘lgan sig‘imda 47 ta xum topilgan. Barcha xumlarning sig‘imi 10 ming litr bo‘lganligini hisobga olsak, saroyda bir vaqtning o‘zida 10 tonna oziq-ovqat saqlash mumkinligidan dalolat beradi. Maxsus arsenalda 5300 dona katta toshlar va hisobi yo‘q mayda toshlar saqlanganligi saroyning doimiy himoyaga tayyorligini bildirgan. Ushbu saroy 893 yilda somoniylar tomonidan Ustrushonani bosib olishi va afshin sulolasining yo‘q qilinishi natijasida buzilib, yonib ketganligi haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan.

Ustrushonaning shimoli-g‘arbiy rustoqlari mamlakatning ajralmas qismi sifatida uning siyosiy va iqtisodiy hayotida muhim o‘rin tutgan. Bosh shahar Bunjikat rabodining to‘rt darvozasidan ikkitasi shimoli-g‘arb shaharlari nomi bilan “Zomin va Nujket darvozalari”38, deb atalgani bejiz bo‘lmasa kerak.

Ustrushonada bosh shahar Bunjikat dan keyin ikkinchi bo‘lib Zomin tilga olinadi39. Zomin shu rustoqning bosh shahri bo‘lib, u Farg‘ona bilan So‘g‘gdni bog‘lovchi katta karvon yo‘li yoqasida, tog‘ oldi o‘lkasida joylashgan. Bu Haqda ibn Havqal “U Farg‘onadan as-So‘g‘dga olib boruvchi yo‘lda joylashgan uning boshqa nomi Savsanda. U erda eski shahar ham bor, lekin u xaroba holatida. Bozorlar, jome masjidi va aholisining hammasi Savsandaga ko‘chirilgan. Bu yangi shaxar atrofida devor yo‘q. U Butun as-So‘g‘ddan Farg‘onaga ketayotgan yo‘lovchilarning to‘xtov yeridir. Unda oqar suvlar, bog‘lar, tokzorlar va ekinzorlar bor” deb ma’lumot beradi 40. Yuqoridagi ma’lumotdan anglash mumkinki, ibn Havqal Zominga kelgan paytda eski shahar vayronaga aylangan bulib, bozorlar va jome masjidi Sarsandaga ko‘chirilgan bo‘lgan. SHunga qaramay, Zominga ko‘plab sayyoh va savdogarlar to‘xtashgan. Ular Xitoydan to, ajam va arab mamlakatlarigacha bo‘lgan o‘lkalardan bo‘lib, turli xil tovar, molu-matohlar olib kelishgan. Zominda oqar suv, bog‘, uzumzor, bug‘doyzorlar va chorva mollari ko‘p bo‘lgan.

Zomin so‘zi so‘g‘dcha, z’yh “er” va men(a) “qishloq”, “mahalla” so‘zlaridan yasalgan41. Zomin atamasi esa, ilk bor, Panjikent hokimi Divashtichning VIII asr boshlariga taaluqli arxiv xujjatlarida qayd etilgan. IX asrda yashab o‘tgan al – Yoqubiyning yozishicha, “Zomin va uning atrofida ko‘plab rabotlar faoliyat ko‘rsatgan”. Ibn Xurdodbex esa, boshqa zamondoshlari kabi faqatgina Zomin shahri va unga tegishli masofalarni emas, balki, Zominnning geografik xususiyatlari, shahar tarixi haqida ham qisman bo‘lsada ma’lumot berishga harakat qilgan. Uning yozishicha “Zomin ash-SHosh, Farg‘ona va turklar o‘lkasida olib boruvchi yo‘llar kesishgan chorraxada joylashgan”42. O‘rta asr mualliflarining Zomin haqidagi ba’zi ma’lumotlari munozaralidir. Xususan, yuqorida ta’kidlaganidek, ibn Havqal Zomin – Sarsandaninig mudofa devorlari yo‘q deb ma’lumot bersa, aksincha, X asrda bitilgan “Hudud ul-Olam” asarida Zomin shahristoni qudratli devorlar bilan o‘rab olingani haqida yozgan.

Ustrushonaning shimoli-g‘arbiy rustoqi Faknonning tarixiy hududi hozirgi ma’muriy bo‘linishlar bo‘yicha, taxminan Jizzax shahri va tumani hududiga to‘g‘ri keladi. U shimoli-g‘arbiy Ustrushonaning eng chekkasida, ko‘chmanchilar dashti bilan chegarada joylashgan. Faknon rustoqining bosh shahri Dizak aholisi zich joylashgan shahar bo‘lib, ko‘p sonli uylari, bozorlari, bog‘lari, musofir va savdogarlar uchun karvonsaroylari bilan mashhur bo‘lgan. O‘rta asr tarixchi – geograflari Ibn Havqal, al- Istahriy, al- Muqaddasiylarning yozishlaricha, – “Dizak tekislikda (joylashgan) shahar.Uning yonida Fankon nomli rustoqi bor. Urush vaqtida unda Samarqand aholisi to‘planadi. Unda ko‘p sonli odamlarni sig‘diradigan rabotlar bor... Dizakda oqar suvlar va bog‘lar bor. U hosildor shahar”43. Fankon rustoqi yerlarini sug‘orishda Sangzor daryosidan qazib chiqarilgan kanaldan foydalanishgan. SHuning uchun bo‘lsa kerakki, Fankon so‘zi ham so‘g‘dcha fra-kana – “kavlomoq”, “qazimoq” fe’lidan yasalgan deb taxmin qilinadi44. Dizakliklar jun va tivitdan kiyim kechak tikishga, gilam to‘qish va namat bosish ishlariga nihoyatda usta bo‘lganlar, manbalarda jizzaxliklar dehqonchilik borasida ham mohir bo‘lganligi ta’kidlanadi. Bu o‘lkada mevalar shu qadar ko‘p yetishtirilganki, hatto, mevalar bilan uy hayvonlari boqilgan. SHaharda hunarmanchilik, shahar atrofida ziroatkor – dehqonchilik taraqqiy etgan.

Noma’lum muallif tomonidan yozilgan “Hudud ul- Olam” asarida ham Dizak haqida malumotlar bor. Unda yozilishicha, “Dizak oqar suv yaqinidagi uncha katta bulmagan shahar. Uning yonida Marasmand degan joy bor, har yili u yerda bir marta yarmarka bo‘ladi va aytishlaricha bir kunlik savdo muomalasi 100000 dinordan oshadi”45. IX-X asrlarda Dizak shahri muhim harbiy strategik ahamiyatga ham ega bo‘lgan. Dizak bu davrda dashtdan kirib keluvchi cho‘lliklarning talonchilik yurishlariga qarshi zarba beruvchi islom lashkari “g‘oziylar” qarorgohiga aylangan. SHu sababli Dizakda nafaqat ustrushonaliklarni balki samarqandliklarni xususiy rabodlari qad ko‘targan46. Jizzax vohasida rabodlarni boshqa inshoatlarga nisbatan ko‘p va mohirlik bilan qurishgan. Xudaysar rabodining ovozasi esa uzoq ellarga qadar ma’lum bo‘lgan. Ehtimol shuning uchun xam yana bir o‘rta asr muallifi Ahmad al-Kotib Ustrushona haqida “bu ulkan va muhim ahamiyatga ega mamlakat, unda 400-ta qa’la va bir qancha yirik shaharlar mavjud”,- deb ta’kidlagan 47. “Qala va rabodlar mamlakati” bo‘lgan Ustrushonaning, Fag‘non rustoqi, boshqa ma’muriy hududlar qatori Somoniylar davlatiga qo‘shib olingandan keyin ham bu yerda bir necha yangi shahar va qishloqlarga asos solingan.

Xarqona (Xarkana) mamlakatning So‘g‘d bilan tutash chegarasida – Samarqanddan 8 farsax masofada48, So‘g‘d-SHosh karvon yo‘li yoqasida (hozirgi G‘allaorol tumani, Saribozor qishlogi atrofida) joylashgan. Al-Istahriy, ibn Havqal va al- Muqaddasiylarning “Xarqona Ustrushona shaharlaridandir” deb yozishlariga qaraganda rustoq va uning boy shahri yagona nom bilan atalgan, hamda raboti bo‘lgan. Xarqona (Xarana)so‘zining lug‘aviy ma’nosi haqida yagona to‘xtamga kelinmagan. Mavjud fikrlarga ko‘ra, bu nom qadimgi yunoncha “qo‘nalg‘a”, “istehkom“, “manzilgoh” so‘zlaridan, boshqa bir fikrga ko‘ra, so‘g‘dcha “olg‘a yurmoq”, yoki qadimgi turkiy “qo‘rg‘oshin” (Mahmud Qoshg‘ariyda) so‘zining so‘g‘dcha shakli bo‘lganligi haqida fikrlar mavjud49. Bizningcha “Xarqona” bu turkiycha “qora” – kuchli, qudratli, mustahkam va forscha “xona” – uy, joy, so‘zlarining o‘zgarishga uchragan shakli. Qora so‘zi nafaqat kishilar balki, mustahkam qa’lalarga nisbatan (Masalan, Qoratepa) ham ko‘p qo‘llanganligi ma’lum. Ustrushona shaharlari orasidagi masofalar o‘lchamini berayotgan mualliflar aksariyat hollarda Xarqona rustoqini boshlama harakat yo‘nalishlari me’zoni qilib olishgan, Xususan, al-Istahriyni yozishicha “Xarqonadan Dizakkacha - besh farsah, Xarqonadan Zomingacha - to‘qqiz farsah va Nujketdan Xarqonagacha –ikki farsah”50 .

Nujkat xususida yozma manbalar juda qisqa malumotlar bilan chegaralanib qolgan. Bunjikat darvozalaridan biri shu nom bilan atalgan. “Nujkat” so‘zining lug‘aviy ma’nosi, so‘g‘dcha “yangi qishloq” ma’nosini beradi. N.Negmatov Nujkatni hozirgi Baxmal tumanidagi Mo‘g‘ol va Baxmal qishloqlari orasida bo‘lgan deb taxmin qiladi51. A.E. Berdimurodov bu masalaga yanada oydinlik kiritib, “... Nujkat, bu hozirgi Sangzor daryosini yuqori oqimidagi Nujket qishlog‘ida joylashgan IX-XI asrlarga oid yodgorlik o‘rnida bo‘lgan” deb ta’kidlaydi52. Nujkatning shahar ekanligi aytilsada, uning xususiyatlari, qaysi rustoq tarkibida ekanligi, geografik o‘rni haqida ma’lumotlar berilmagan.

Burnamad, Feknon va Xarkanadan janub va janubi-sharqda, Samarqanddan Zominga boradigan katta yo‘l yoqasida, So‘g‘dning Yarkat rustoqi bilan chegaradosh hududda joylashgan53. Rustoqning g‘arbiy tomoni tog‘lik, sharqi cho‘llikdan iborat bo‘lgan. Istaxri va al-Muqaddasiylar, Burnamat katta bo‘lmagan qishloq bo‘lib, aholisi ham ko‘p emas degan ma’lumotni, Ibn Havqal esa, aksincha, Burnamadda ko‘plab qishloqlar borligi haqida yozadi. Bu erda X asrda machit ham, yerni sug‘oradigan daryo ham bo‘lmagan. Dehqonchilik uchun buloq suvlari va qor va yomg‘irdan foydalanishgan. Burnamad Barkatdan 9 farsax, Zomindan esa 4 farsax masofada joylashgan. N.N.Negmatov Burnamad rustoqini, Pshag‘ar, Ko‘rpa va Taylan qishloqlari atrofida joylashgan deb hisoblaydi. A.A. Gritsina esa Burnamadni, Ravotsoy havzasidagi hozirgi Poymard qishlog‘i o‘rnida bo‘lgan54 degan fikrni beradi.

Ustrushona shaharlaridan deb e’tirof etilgan Sobot, So‘g‘dni SHosh bilan bog‘lovchi karvon yo‘lida, Samarqanddan 20 farsax masofada joylashgan. Ibn Xo‘rdodbexning yozishicha Sobot bilan Zomin orasidagi masofa 2 farsax, Istaxriyning yozishicha 3 farsax bo‘lgan. Arab geograflarining ba’zilari (Istaxri, ibn Havqal, Yoqut kabilar) Sobotni Ustrushona shaharlaridan desa, boshqalari (al-Muqaddasiy va Qudama) katta qishloq deb ta’riflashgan. Arab muarrixlari Sobotni karvon yo‘lidagi muhim bekat deb ta’riflashdan tashqari, unda oqar suv bo‘lib, bog‘lar bilan o‘ralganligi, usti ayvon shaklida yopilgan bozorlar mavjud bo‘lganligini ham yozishgan55. A.A. Gritsinaning yozishicha, uning xarobalari Eski Savat qishlog‘idan 3 yoki 4 km janubi-g‘arbda Xo‘jamushkentsoy bo‘yida joylashgan, hozirgi Kultepa shahar yodgorligi o‘rnida bo‘lgan56. Sobot so‘zining ma’nosi haqida yagona fikr yo‘q, ayrim manbalarda u arabcha “usti yopiq yo‘l”, yoki so‘g‘dcha “chap tomon”, ma’nosini berishi, yoki Sebat, ya’ni “uch karvonsaroy” ma’nosini anglatishi57 haqida yozilgan.

Shunday qilib, ko‘rinib turibdiki, yunon, xitoy va arab yozma manbalarida qadimgi va o‘rta asrlardagi Ustrushona davlati tarixi, moddiy madaniyati haqida g‘oyat qimmatli, xolis, birmuncha umumiy va bazan bir-birini inkor etuvchi malumotlar berilgan. Keyingi yillarda qilingan arxeologik tadqiqotlar bu tarixiy yozma manbalarni yangi malumotlar bilan to‘ldirishga imkon yaratmoqda.

Mavjud manbalar Ustrushonada ikkita sulola hukmronlik qilganligini ta’kidlaydi. Birinchi sulolaga mansub CHirdmish, Satachari I, Raxanch I, Satachari II, Satachari III, Raxancha II va Raxancha III kabi humdorlar, ikkinchi sulolaga mansub afshinlardan Xarabugra (720-738), Xanaxara (738-800), Kovus ibn Xanaxara (800-825), Haydar ibn Kobus (825-840), Hasan (840-869), Abdulloh (860-880), Sayr (880-893) kabilar eslatiladi58. Birinchi sulola (IV-VIII asrlar)ga mansub hukmdorlar haqida yozma manbalar saqlanmagan. Hozircha, ular tomonidan zarb qilingan tangalar asosiy manba bo‘lib qolmoqda. Ushbu hukmdor – afshinlardan CHirdmish, Satachari III va Raxancha III tomonidan zarb etilgan tangalar o‘rganilgan59. Ayniqsa, A.A. Gritsina tomonidan, ushbu tangalardagi tasvirlar va hukmdorlarning qiyofasiga ilmiy nazar bilan yondashib berilgan ta’riflar (CHirdmish – kuluvchi shoh, Satachari III –o‘qituvchi va h...), tarixiy voqealarni yanada jonli tasavvur etishga xizmat qiladi.

VIII asr boshlarida arablarga qarshi kurashlar kechayotgan bir paytda, kelib chiqishiga ko‘ra turkiy bo‘lgan, Xarabugra (Qora Bug‘ro F.T.) hokimyatni o‘z qo‘liga oladi va taxtga yangi afshinlar sulolasi keladi. Bu sulola davrida Ustrushona yanada gullab yashnagan. IX asrning 20 yillarigacha Ustrushona afshinlari sirtdan qaraganda arablarga qaram ko‘rinsada, aslida, ular chorvador turklarga suyangan holda arablarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borib, ichki boshqaruv, qadimiy e’tiqod va an’analarini saqlab qolgan holda, o‘zini mustaqil davlat sifatida tutishga harakat qilgan. Bu holat, ya’ni o‘zini arablarga tobe deb hisoblamaslik, Qutayba ibn Muslim tomonidan O‘rta Osiyo bosib olingandan (704-715) 100 yil keyin ham davom etgan. Faqatgina 822 yilda Ustrushona arablar tomonidan to‘la bosib olinib, Toxiriylar davlati tarkibiga qo‘shib olingan. SHu vaqtdan Tohiriylarga 50 ming dirham miqdorida o‘lpon to‘lay boshlagan. Biroq, bu paytda ham Ustrushonada obodonchilik va ma’murchilik davom etgan. Ayniqsa, Ustrushona hukmdori Kovusning o‘g‘li afshin Haydar davrida qurilish va obodonchilik ishlariga alohida e’tibor qaratilgan. Aynan shu davrda qurilgan ko‘plab inshoatlardan, Xudaysar rabodini alohida ta’kidlash lozim. Ibn Havqalning malumotiga ko‘ra “Uning hududidagi eng diqqatga sazovor bo‘lgan rabot Xudaysar raboti bo‘lib u shahar (Dizak F.T.) dan ikki farsah masofada joylashgan. Bu Movaraunnahrdagi eng mashhur rabotlardan biri bo‘lib uni al-Afshin qurdirgan”60. Uning ko‘rinishi shunday mahobatli bo‘lganki, hatto uni Yoqut “Movarounnhr sarhadidagi shahar” deb etirof etgan61.

SHunday qilib, IX-X asrlarda Ustrushona o‘zining obod vohalardagi rabot va karvonsaroylari bilan butun xalifalikka mashhur bo‘lib, SHarq va G‘arbni bir-biri bilan bog‘lab turgan Buyuk Ipak yo‘lining ahamiyati Ustrushona xalqlari iqtisodi va madaniyati, jumladan xo‘jalik madaniyatiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Eng serqatnov karvon yo‘li Bog‘dod – Tabriz – Koshon – Marv – CHorjuy – Buxoro – Samarqand – Xarakana – Dizak yo‘nalishi bo‘lib, Dizakdan so‘ng yo‘l ikkiga, hatto uchga bo‘linib ketgan va barcha holatlarda ham u arab va ajam mamlakatlarini Movarounnahr va Xitoy bilan bog‘lagan. SHunday qilib Ustrushonada bir tomondan dehqonchilik, hunarmandchilik va savdoning rivojlanishi, ikkinchi tomondan voha atrofining chorvadorlar bilan gavjumlashgani, ichki va tashqi savdoning hamda tovar pul munosabatlarini kengayishi yuz bergan. Ustrushonaning so‘nggi afshini – Sayr ibn Abdulloh davrida (893 yil) Ustrushona Somoniylar davlati tarkibiga qo‘shib olingan va afshinlar sulolasiga barham berilgan. Xullas, biz, Ustrushonaning dehqonchilik vohalari tarixi bilan bog‘liq tarixiy jarayonlar haqida yuqoridagi ma’lumotlar bilan cheklandik.


Yüklə 458 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   17




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə