Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi


Ommaviy jamiyat, ommaviy inson, ommaviy madaniyat



Yüklə 344,5 Kb.
səhifə19/24
tarix30.01.2022
ölçüsü344,5 Kb.
#83263
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   24
Ma\'naviyatning ilmiy metodologiyasi

Ommaviy jamiyat, ommaviy inson, ommaviy madaniyat. Industrial jamiyat bozor va kapitalistik munosabatlar rivojlanishi jarayonida o‘rta asrlar jamiyatiga xos tuzilmalar, hunarmand-kosiblarning kasbiy guruhlari, korporativ tashkilotlari va shu kabilarni yakson etdi. Yuqori tabaqalar (dvoryanlar, ruhoniylar) imtiyozlari bekor qilindi. Hamma qonun oldida tenglashtirildi. Shaxsning obro‘-e'tibori, martabasi ijtimoiy kelib chiqishiga, ajdodlari mavqyeiga qarab emas, balki aql-zakovatiga ishbilarmonligi va kuch-g‘ayratiga qarab belgilanadigan bo‘ldi.

Zavod va fabrikalarda bir biridan ajratilgan, har qaysi alohida yollangan individlar ommasi mehnat qila boshladi. Shahar aholisi biror kasbga ixtisoslashgan mahallalarda emas, ko‘p qavatli uylardan iborat kvartallarida aralash yashay boshladi. Ilgari kasbiy jihatdan birlashgan mahallalar va jamoalar, yoki imtiyozli yuqori tabaqalar endi turli fuqarolar aralash yashaydigan kvartallar va qonun oldida tenghuquqli individlar ommasi bilan almashdi. Avvalgi hunarmand ustaxonasi uning oilasiga tegishli edi. Ustaxonada u otasi va aka-ukalari bilan ishlagan. Otasining bir ikki shogirdi ham bo‘lgandir. Lekin ular ko‘pincha o‘zlarining qarindoshlari yoki qo‘ni-qo‘shnilarining bolalaridan tanlangan. Ustaxonadagilar bir tan bir jon bo‘lib, bir yagona jamoaga aylanib ahil mehnat qilgan. Har bir ustaning, ustaxonaning takrorlanmas usuli, mahorati uning mahsulotlarini boshqalarnikidan ajratib turgan. Ishlab chiqiladigan mahsulot individual qiyofaga ega bo‘lgan.

Zavod va fabrikalardagi mahsulot bir ustaning, unga tegishli shogirdlarning mahsuloti emas. Hammasi o‘xshash, takrorlanmas individual qiyofasini yo‘qotgan. Mahsulotning individual qiyofasi yo‘qolishi uni ommaviy mahsulotga aylantiradi. Ularni ishlab chiqaruvchilar ham individual qiyofasini va jamoaviylik tuyg‘usini yo‘qota boshlaydi. Haqiqatdan endi ishlab chiqaruvchi jamiyatda mijozlari, kasbdoshlari orasida tan olingan, hurmat-izzatga sazovor qo‘li gul usta emas, balki hamma qatori yollanma ishchi. Agar u o‘zini o‘ylamasa, mehnat bozorida o‘zi kabi ishchilar bilan raqobat qilolmasa, yashab qolishi qiyin. Jamiyatning va odamlarning ommaviylashuvi, odamlarning o‘zaro begonalashuvi tufayli jamoaviylikning individualizm bilan almashishi boshlandi. Ushbu holat tanqidi E.Byork, J. de Mestr, L.T.A. Bonald asarlarida XIX asrning birinchi yarmidayoq o‘z aksini topdi. Ularning asarlarida ommaviy jamiyat konsepsiyasining ilk namunalarini uchratamiz. Ommaviy jamiyat xuddi o‘ziga o‘xshagan bir xil andozali, bir xil qiyofali ommaviy insonga va ommaviy madaniy mahsulotlarga, bir qolipli turmush tarziga ehtiyoj tug‘dirdi.

Yana bir bor diqqatni jalb qilamiz: ilgari har bir usta yasagan buyum takrorlanmas bo‘lib, ustaning mahoratini, didini, dunyoqarashini o‘zida aks ettirar edi. Endi esa fabrikada ishlab chiqilgan buyumlar bir biridan farq qilmaydi. Moddiy madaniyatda, moddiy iste'molda boshlangan ommaviylik ma'naviy madaniyatga tezda kirib keldi. Fanda ommaviy madaniyat ommaviy jamiyatning ichki xususiy belgisidir (immanentidir), degan qarash qaror topdi. F. Nitsshe O.Shpengler, Ortega-i-Gasset, Adorno, Berdyaev kabi faylasuflar o‘z davri madaniyatini ommaviy jamiyat konsepsiyasi bilan bog‘ladi. Ularning xulosasi tushkun edi – yuksak madaniyat omma va olomon bilan to‘qnashuvda vayron bo‘ladi!

Ta'kidlash joizki, kapitalizm bilan birga ommaviy jamiyat nazariyasi rivojlandi. Postindustrial jamiyatda u endi ijobiy, demokratik nuqtai nazardan talqin qilina boshladi (D.Martindeyl, D.Bell, E.Shills). Nazariya “xalq kapitalizmi”, “umumiy farovonlik davlati”, “yagona o‘rta sinf” konsepsiyalari ta'sirida boyidi. Ushbu konsepsiyalarga binoan, ommaviy jamiyatda ijtimoiy-sinfiy qarama-qarshilik va keskin tafovut yo‘qoladi, odamlarga teng imkoniyatlar yaratiladi.

G‘arb olimlaring ommaviy madaniyatga munosabati o‘ta rang-barang, ikki qutbli. Ommaviy madaniyatni to‘la inkor qilish bir qutbi bo‘lsa, ikkinchisi to‘la oqlashdir. Bu ikki qarama-qarshiliklar o‘rtasida yana qancha har xil yondashuvlar, baholar mavjud. Ba'zi olimlar ommaviy madaniyatning “ijobiy” va “salbiy” jihatlarini tahlil qilib, uning zamonaviy sivilizatsiyada yetakchilik rolini ta'kidlaydi. Unga an'anaviy tushunchadagi qadriyatlar va estetik baholar nuqtai nazaridan yondashib bo‘lmasligi, u mutlaqo boshqa bir ijtimoiy hodisa ekanligiga urg‘u bermoqdalar:ommaviy madaniyat mahsuloti – bu iste'mol buyumi, xizmat turi, muloqot va aloqa shakli, dam olish va ko‘ngil ochish vositasi. Unga estetik nuqtai nazardan baho berib bo‘lmaydi. Ba'zi olimlar ommaviy madaniyatning jahon xalqlari turmush tarzi, mentaliteti, iste'moli, ijtimoiy munosabatini va shu kabilarni g‘arblashtirish vositasi ekanligini, uning “madaniy mustamlakachilik” rolini e'tirof etmoqdalar. Hatto yevropani “amerikalashtirish” ommaviy madaniyat orqali amalga oshmoqda.

Kapitalistik jamiyatda aristokratiya va boshqa elitar tabaqalarning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy mavqyei tushib ketdi. “Elitar madaniyat” tushunchasi odamlar ongida sobiq aristokratiya madaniyatini anglatuvchi atamaga aylana boshladi. Shu bois hozir fanda ko‘proq “yuksak madaniyat” tushunchasi qo‘llaniladi. Ommaviy madaniyat atamasi mazmuni o‘zgardi. Yuqorida ta'kidlanganidek, u zamonaviy texnologiyalar va OAV yordamida yaratiladigan madaniyatni, ko‘ngilochar industriya va hordiq chiqarish hamda axborot olish (birja kotirovkalari, narx-navo, jahondagi iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy yangiliklar, tovarlar va xizmatlar reklamasi, turli “yulduzlar” va siyosatchilar hayoti, sport yangiliklari va h.k.) va turmushning boshqa qulayliklarini anglatadi.

Zamonaviy mazmundagi ommaviy madaniyatga xalq madaniyati kirmaydi, chunki unga yorqin ifodalangan milliylik va ijodiy individuallik xos. Xalq madaniyati o‘zi mansub bo‘lgan mamlakat yoki mintaqadagina tarqaladi. Ommaviy madaniyat esa milliy va mintaqaviy chegaralardan osongina oshib o‘tib, global miqyosda tarqalishga intiladi, kosmopolitik tabiatga ega bo‘ladi. Bu mahsulotni ushbu sohaga ixtisoslashgan professionallar guruhi – yozuvchi, ssenariynavis, rejissyor, bastakor, reklamachi, dizaynchi, aktyor va hokazolar yaratsa-da, u o‘zining betakror ijodiy qiyofasiga ega emas, balki seriyalab chiqarilgan mahsulotdir.

Xalq og‘zaki ijodining esa aniq muallifi yo‘q. Folklor asarlari asrdan-asrga, avloddan-avlodga o‘tib keladi. Har bir avlod uni o‘zicha talqin qiladi. O‘z davri va ijtimoiy-tarixiy zaruratga ma'qul variantlarini yaratadi. Umumiy mohiyat-mazmun, syujet barqaror qolaveradi. Bunday asarlar turli versiyalarda tarqalsa-da, ularning har biri boshqasidan ozmi-ko‘pmi farq qiladi, takrorlanmas xususiyatlarga ega bo‘ladi, chunki o‘zida baxshining, ijrochining ijodiy induvidualligini aks ettiradi. Shu bois folklorning har bir varianti va versiyasi nusxa emas, original asar hisoblanadi. Ommaviy madaniyat mahsulotlari esa faqat oddiy nusxa bo‘lib, hyech qachon asllikka da'vo qilolmaydi.


Yüklə 344,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   24




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə