Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi



Yüklə 344,5 Kb.
səhifə20/24
tarix30.01.2022
ölçüsü344,5 Kb.
#83263
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   24
Ma\'naviyatning ilmiy metodologiyasi

Zamonaviy ommaviy madaniyatning shakllanishi industrial jamiyatda boshlanib, alohida ijtimoiy fenomenga (hodisaga) aylanishi postindustrial jamiyatda yuz berdi. Uning vujudga kelishining, tabiiyki, o‘z moddiy-iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, mafkuraviy omillari bor. Eng avvalo bu jarayonga jamiyat rivojlanishining umumiy tendensiyalari ta'siri to‘g‘risida gapirish lozim. Kapital milliy chegaralardan chiqib, transmilliy kompaniyalar vujudga keldi. Bank-kredit, savdo-sotiq, statistik va buxgalter hisobotlarining, ishlab chiqarish texnologiyalarining, iste'mol buyumlarining birxillashuvi, standartlashuvi yuz berdi. Bu dunyo miqyosida odamlar turmush tarziga, jamiyat hayotining boshqa sohalariga, jumladan madaniy hayotga ta'sir ko‘rsatdi, jahon miqyosida urbanizatsiyaning kuchayishiga olib keldi. Shaharlarda standartlashgan turmush tarzi qaror topa boshladi. Turmush uchun zarur ro‘zg‘or buyumlarning standart jamlanmasi bo‘lishiga ehtiyoj tug‘ildi. Hozir deyarli barcha shaharlar kvartiralarida va qishloq xonadonlarining aksariyatida shunday jamlanmalar – mebel, muzlatgich, gaz (elektr) plitasi, mikroto‘lqinli pech, TV, radio, telefon (mobil telefon), kompyuter va h.k.lar bor.

Birxillashgan turmush tarzi, sanoat usulida behisob miqdorda ishlab chiqiladigan rang-barang standart tovarlarni, xizmatlarni iste'mol qilish ommaviy jamiyatni, u bilan birga zamonaviy ommaviy madaniyatni vujudga keltirdi. Yuqoridagilarni umumlashtirib, xulosa qiladigan bo‘lsak, ommaviy madaniyatning asosiy belgilari - uning mahsulotlari sanoat usulida ko‘pnusxada ishlab chiqiladi, texnologik jihatdan qulay; standartlashgan; mazmunan sodda va sayoz, shaklan ixcham, yaltiroq va ommabop; milliy va ijodiy individual xususiyatlari o‘ta zaif yoki tamomila yo‘q. Ommaviy axborot va kommunikatsiya vositalari orqali tarqatishga moslashtirilgan. Shu sababdan uning ma'naviyat yuksalishiga ta'siri o‘ta past, ba'zan esa ancha salbiy.

Ommaviy madaniyat mahsulotlari ko‘proq bir marta foydalanishga mo‘ljallangan. Tez unutiladi, bozor va moda talabi asosida o‘zgarib turadi. Shu sababdan tinimsiz yangilanib, ko‘payib, texnologik jihatdan zamonaviylashib, modernizatsiyalashib boraveradi. Uning ushbu jihati ham moddiy buyumlarnikiga o‘xshaydi. Texnologik eskirganlari yoki modadan chiqqanlari ikkilanmasdan tashlab yuboriladi. Masalan, bugungi kunda gramplastinkalarning, patefon va radiolalarning, tasmali magnitofon va plyonkali fotoapparatlarning, mexanik yozuv mashinkalarining vaqti o‘tdi. Ular o‘rnini raqamli texnologiyalardan foydalanadigan yangi buyumlar egalladi. Bugungi uyali telefon apparatlarining axborot saqlash xotirasi va har xil operatsiyalarni bajarish tezligi o‘n-o‘n ikki yil burungi personal kompyuterlardan qolishmaydi. Ommaviy madaniyat asrdan asrlarga o‘tib keladigan asl qadriyatlarni yaratmaydi, inson ma'naviy olamini boyitmaydi, balki joriy ehtiyojlarini qondiradi.

O‘zbekistonda ommaviy madaniyat tushunchasini ko‘pchilik olimlar salbiy mazmunda qo‘llaydilar. Urg‘u asosan ommaviy madaniyatning kamchiliklariga beriladi, yoki ommaviy madaniyat uni niqob qilib olgan aksilmadaniyat bilan chalkashtiriladi. Ba'zi olimlar ommaviy madaniyat tushunchasiga shunchalik tor va salbiy yondashadilarki, xatto uni olomon yoki to‘da madaniyati sifatida talqin qiladilar. Bu xato yondashuvdir. Ommaviy madaniyat hozirgi zamon sivilizatsiyasining ijtimoiy hayotda voqye bo‘lishining, faoliyat ko‘rsatishining asosiy shaklidir. Radio, TV, internet, zamonaviy axborot vositalari, muloqot, aloqa, hisob-kitob qulayliklari va h.k. va h.k. barchasi zamonaviy ommaviy madaniyatga daxldor. Shu sababdan ommaviy madaniyatga faqat salbiy yondashish xato bo‘ladi.



Yüklə 344,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   16   17   18   19   20   21   22   23   24




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə