Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi


Mavzu: Ma'naviyat, madaniyat va svilizatsiya tushunchalari nisbati



Yüklə 344,5 Kb.
səhifə17/24
tarix30.01.2022
ölçüsü344,5 Kb.
#83263
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   24
Ma\'naviyatning ilmiy metodologiyasi

7. Mavzu: Ma'naviyat, madaniyat va svilizatsiya tushunchalari nisbati
Ma'ruza rejasi

1. Ma'naviyat, madaniyat va svilizatsiya tushunchalari, ularning o‘zaro nisbati.

2. Madaniyat va svilizatsiyalarni ma'naviyat kontekstida ilmiy tahlil qilish masalalari.

3. Har bir svilizatsiyaning ma'naviy o‘ziga xosligi. “Svilizatsiyalararo to‘qnashuv” konsepsiyasining ilmiy asossizligi.
Madaniyat tushunchasi va tasnifi. Ma'naviyat va madaniyat munosabatlarini ko‘rib chiqish uchun avvalo madaniyat nima degan savolga javob berish zarur. Madaniyat tushunchasi eng murakkab, chalkash, oxirigacha barchaga ma'qul ta'rifi topilmagan tushunchadir. Ushbu tushunchaga olimlar har xil ma'no yuklatib kelgan va hozirgacha uni har xil talqin qilish davom etmoqda. Masalan, arxeologiyada “madaniyat” ibtidoiy odamlar manzili qoldiqlarini, unda topilgan barcha narsalarni – suyakdan yasalgan ignalar, tosh pichoqlar, qirg‘ich toshlar, o‘q uchlari, mehnat qurollaridan tortib, maishiy chiqindilargacha, o‘sha manzil odamlarining turmushi, ovlagan hayvonlari-yu, yeydigan o‘t-o‘lanlarigacha ma'lumot beradigan barcha topilmalar – madaniyat deyiladi. Ashel madaniyati, muster madaniyati kabi iboralar (shu nom bilan ataladigan joylarda birinchi topilgan va keyin boshqa joylarda aniqlangan) ibtidoiy odamlar manzili qoldiqlarini anglatadi. Madaniyatli inson deganda, odatda, biz odob-axloqli, ozoda kiyingan, o‘zini boshqalar orasida yaxshi tutadigan, xushmuomalali, hushfe'l kishini nazarda tutamiz.

Madaniyat so‘zini juda ko‘p iboralarda qo‘llaymiz: nutq madaniyati, muloqot madaniyati, kiyinish madaniyati, ovqatlanish madaniyati, dam olish madaniyati, mehmon kutish madaniyati, ishlab chiqarish madaniyati, texnologik madaniyat. Xullas, inson faoliyatining, odamlar munosabatining biror yo‘nalishi yoki shakli yo‘q-ki, madaniyatga taalluqli bo‘lmasa. Atamaning yevropacha ma'nodoshi lotincha “kultura” – yerga ishlov berishni, ekinni parvarishlashni hamda qishloq xo‘jaligi ekinining o‘zini anglatadi. Masalan, rus tilida ozuqa o‘simliklari – “kormovыe kulturы”, moy olinadigan o‘simliklar – “maslichnыe kulturы”, dukkakli o‘simliklar – “bobovыe kulturы”, don o‘simliklari – “zernovы kulturы” deyiladi. Keyinchalik inson faoliyati bilan yaratilgan, tabiatda uchramaydigan har qanday moddiy va ma'naviy mahsulotlar madaniyat deb atala boshlagan. Bizda, o‘zbeklarda, madaniyat tushunchasi shahar tushunchasi bilan bog‘liq.

Madaniyatga ilk ta'riflardan biri G.V. Plexanovga tegishli. G. Plexanovning bergan ta'rifida madaniyat inson va jamiyat yaratgan moddiy va ma'naviy boyliklar (qadriyatlar) yig‘indisi ekanligi ta'kidlanadi. Shunday qilib, u fanga moddiy va ma'naviy madaniyat tushunchalarini kiritadi. Madaniyatni ikkiga – moddiy va ma'naviyga ajratish bugun ham fanda keng tarqalgan. Ammo G. Plexanov ta'rifida madaniyat faqat qo‘lga kiritilgan yutuqlar, bilimlar, asarlar, mehnat qurollari, mashina va uskunalar, inshootlar va h.k.lar to‘plami bo‘lib qolayapti. Jonli jarayon, odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlar, moddiy va ma'naviy qadriyatlarni yaratish, insonning kamol topishi va umuman jamiyatning ma'naviy-madaniy rivojlanishi va shu kabilar chetda qolib ketyapti. Axir odamlarning o‘zaro muloqoti, bir-birini qo‘llab-quvvatlashi, mehr-oqibati, umuman faoliyati yoki ta'lim, sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish texnologiyalari, ilmiy va badiiy tadqiqotlar jarayonning o‘zi, OAV, inson huquqlarini ta'minlash, muhofaza qilish va h.k.-h.klar ham madaniyatdir.

Madaniyatning ba'zi ta'riflarida tabiiy-biologik faoliyatdan tashqarida kechadigan ijtimoiy faoliyat va uning mahsulotlari ekanligiga urg‘u beriladi. Tabiat emas, inson va jamiyat yaratgan har qanday narsa – ishlab chiqarish qurollari, vositalari, zavodlar, fabrikalar, davlat tuzilmasi, iqtisodiyot, ilm-fan, axloq, din va diniy idoralar, jamoat tashkilotlari va h.k. va h.k. – hammasi madaniyat. Chunki ularning asosida inson faoliyati, yaratuvchiligi yotibdi. Ammo bunday yondashuvda madaniyat jamiyatga teng va jamiyat bilan bir narsani anglatuvchi tushunchaga aylanib qoladi. Ba'zi olimlar moddiy madaniyatni sivilizatsiya tushunchasi tarkibiga kiritib, madaniyat deganda faqat ma'naviy madaniyatni nazarda tutishini tavsiya etadilar.

Xullas, madaniyat atamasi juda murakkab va ziddiyatli tushunchadir. Olimlar bir narsada yakdil fikr bildiradilar: madaniyat bevosita inson faoliyati va intilishlari bilan bog‘liq hodisadir. Shu sababdan K.Marks o‘z vaqtida madaniyat inson zotining belgisidir, degan edi. Chunki tabiatda, hayvonot olamida ongli faoliyat va uning mahsulotlari yo‘q. Hayvonlarning qaysi turini, qaysi zotini olmaylik u tabiat mahsulotini qayta ishlab, yangi buyum, mahsulot, biror g‘oya yoki ta'limot yaratmaydi. Ushbu ma'noda madaniyatni inson zotining belgisi deyish haqiqatan o‘rinlidir. Madaniyat inson bilan birga o‘sdi, takomillashdi. Aytish mumkinki, inson madaniylashish jarayonida o‘z insoniy tabiatini mustahkamladi, haqiqiy insonga aylanib bordi. Va, aksincha, insonning insoniy tabiati mustahkamlanib, rivojlanish jarayonida u madaniyatning yangi-yangi sohalarini, shakllarini kashf etdi va rivojlantirdi. Madaniyat qay darajada inson mahsuli bo‘lsa, inson ham shu darajada madaniyat mahsulidir.

Kishilik jamiyatining tarixiy taraqqiyot bosqichlariga va davrlariga mos ravishda biz madaniyatni tasniflashimiz mumkin: ibtidoiy jamiyat madaniyati, qadimgi dunyo (Misr, Bobil, Xitoy, Hindiston, Eron) madaniyati, antik davr (Qadimgi Yunoniston, Rim, Karfagen, Finikiya), o‘rta asrlar, islom uyg‘onishi, yevropa uyg‘onish va ma'rifatparvarlik madaniyatlari va h.k. Ijtimoiy-iqtisodiy tuzum xususiyatlaridan kelib chiqib, madaniyatni yana ibtidoiy jamiyat, quldorlik, feodalizm, kapitalizm, sotsializm jamiyatlari madaniyatlariga bo‘lish mumkin. Texnologiyalar qo‘llanishiga muvofiq madaniyatni ibtidoiy, agrar jamiyat, industrial jamiyat, postindustrial jamiyat madaniyatlariga ajratsa bo‘ladi.

Aholi o‘rtasida tarqalishga, mahorat saviyasiga ko‘ra madaniyatni xos (xavos) va avom (omma) madaniyatlarga ajratish qabul qilingan. Chunki jamiyatda ijtimoiy tabaqalashuv yuz berishi natijasida o‘ziga to‘q yuqori tabaqalar turmushi, yashash sharoiti, savodxonligi, adabiyot va san'atdan, ta'lim va ilm-fandan xabardorligi bilan savodsiz oddiy avom xalq, qora mehnat bilan mashg‘ul tabaqalardan ajralib turgan. Xos va avom madaniyatlarning g‘arbliklar elita (elitar) va omma (ommaviy) madaniyat deb ataydi. Bular haqda keyingi mavzuda batafsil to‘xtalamiz. Madaniyatning mavjudlik va namoyon bo‘lish shakllari rang-barangdir. Madaniyatning voqye bo‘lish mezonidan kelib chiqib, uning tizimida biz alohida shaxs madaniyatini, ma'lum manfaatlar va qiziqishlar tufayli birlashgan jamoa madaniyatini (korporativ madaniyatni), alohida sinflar, tabaqalar va ijtimoiy guruhlar, madaniyatini, ular orasida masalan, yoshlar, xotin-qizlar va sh.k. madaniyatini (submadaniyat), kasb madaniyatini (professional madaniyat), millat madaniyatini, jamiyat madaniyatini ajratamiz.

Madaniyatning barcha voqyelik shakllari, albatta, bir biri bilan yaqindan, uzviy bog‘langan. Lekin har qaysi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Sotsiumning nisbatan kichik birliklari o‘zidan yuqoriroq birlik madaniyatining teranligini, mazmunan va shaklan mavjud barcha boyliklarini aks ettira olmaydi. Ijtimoiy guruh yoki bir kasbga mansub kishilar korporativ madaniyati milliy madaniyatining barcha qirralari, teranliklarini qamray olmaydi. Alohida shaxs madaniyati na o‘zi mansub ijtimoiy guruh yoki jamoa madaniyatini, na milliy madaniyatning barcha boyliklarini, qirralarini to‘liq aks o‘zlashtirolmaydi. Chunki alohida shaxs milliy san'at, adabiyot, ilm-fan va boshqa yutuqlarning hammasini, shuningdek o‘z kasbining barcha sir-asrorlarini, mahorati va tajribasini to‘liq egallay olmaydi. Jamoaning manfaatlari, qiziqishlari va imkoniyatlari, ularni yuzaga chiqarish, amalga oshirish usullari ham bir kishi tomonidan egallanishi amri mahol. Lekin sotsiumning kichik birliklari madaniyati katta birliklar va milliy madaniyatga nisbatan o‘zining konkretligi, aniq detallarga boyligi, takrorlanmasligi, individual belgilari bilan ajralib turadi.

Yuqoriroq tashkillashgan sotsium madaniyati uning tarkibiga kiruvchi sotsiumlar madaniyatining mexanik yig‘indisi emas. Masalan, jamoa madaniyati uning a'zolari madaniyatining oddiy yig‘indisi emas. Chunki jamoaning o‘z korporativ manfaati, uni yuzaga chiqaradigan va himoya qiladigan faoliyat yo‘nalishi, ichki qaror topgan munosabatlari, an'analari bor. Ular jamoa madaniyatida o‘z aksini topadi. Milliy madaniyat mamlakatning turli mintaqalari, viloyatlari madaniyati yig‘indisigina emas, balki umumiy manfaatlarni, umummilliy maqsadlarni ifodalovchi g‘oyalar, qadriyatlar va ularni yuzaga chiqaruvchi vositalar, umummilliy faoliyatni ham o‘z ichiga oladi. Madaniyatning har bir bosqichi o‘zidan avvalgi bosqichlardan sifat jihatdan farq qiladi.

Shaxs madaniyati boshqa sotsiumlar madaniyatidan ancha ilg‘or bo‘lishi, ilgarilab ketishi, yoki ancha – muncha ortda qolib ketishi mumkin. Ayrim shaxslar, guruhlar madaniyati mazmuni va maqsadiga ko‘ra radikal, keskin o‘zgarishlar tarafdori. Ayrim shaxslar, guruhlar madaniyati, aksincha, ancha konservativ, yangiliklarni unchalik xushlamaydigan bo‘ladi.

Aslida madaniyat uchun radikallik ham, konservativlik ham samarali emas. Birinchisi o‘tmish madaniyatini ko‘proq inkor qilishga, nigilizmga, barcha narsalarni tezroq yangilab tashlashga moyil, ikkinchisi esa turg‘unlikka, dogmatizmga, umrini o‘tab bo‘lgan urf-odatlar, qoloq badiiy, ilmiy usullarni saqlab qolishga intiladi. Madaniyat rivojlanishida tarixiy vorisiylik ta'minlanishi kerak. Bunga mo‘tadillik asosida zamonaviylik va tarixiylikni, yangiliklar va an'analarni uyg‘unlashtirish orqali erishiladi. Madaniyat tushunchasi to‘g‘risida umumiy tasavvurlarga ega bo‘lganidan keyin, endi madaniyat va ma'naviyat dialektikasiga – o‘zaro birligi, qarama-qarshiligi, bir-birini taqazo etishi, bir biriga aylanishi masalasiga qaytamiz.


Yüklə 344,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   24




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə