Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi


Mavzu: Ma'naviyatning falsafiy kategoriyalari tizimi



Yüklə 344,5 Kb.
səhifə14/24
tarix30.01.2022
ölçüsü344,5 Kb.
#83263
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   24
Ma\'naviyatning ilmiy metodologiyasi

6. Mavzu: Ma'naviyatning falsafiy kategoriyalari tizimi
Reja

1. Ma'naviyat kategoriyalari.

2. Ma'naviyat kategoriyalaridagi umumiylik va xususiylik nisbati.

3. Ma'naviyatning axloq, madaniyat, g‘oya, mafkura, ma'rifat va din bilan bog‘liq xususiy kategoriyalari mohiyati.

4. O‘zbekiston mustaqil taraqqiyotning ma'naviy asoslari

Ma'naviyatni o’rganuvchi fanlar – ma’naviaytshunoslik alohida mustaqil fan sifatida o‘zining asosiy tushunchalariga, kategoriyalariga, tamoyillariga, qonunlari va mezonlariga ega. Ular orasida boshqa turdosh fanlardan kirib kelganlari bor. Lekin ma'naviyatshunoslik ularni o‘z predmetidan kelib chiqib talqin qiladi. Filosofiyadan ma’lumki, kategoriya – bu ilmiy tushunchadir. Lekin, shunchaki oddiy ilmiy tushuncha emas, balki muayyan fanning eng umumiy tushunchasidir. Kategoriyalar o’zi mansub fanning ilmiy poydevorini, asosiy fundamental, mohiyatli tayanch tushunchalarini tashkil qiladi. Kategoriyalar tevaragida boshqa ilmiy tushunchalar birlashib, o’sha fanning ilmiy tushunchalar apparatini, tizimini tashkil etadi. Shunday qilib, kategoriyalar ilmiy tizim yaratuvchi, tashkil etuvchi tushunchalardir. Ularda o’zi mansub fanning ilmiy xususiyatlari va qonuniyatlari mujassam ifodalanadi.

Ma’naviyat kategoriyalari ma’naviyatning eng muhim, fundamental tushunchalaridir. Ma'naviyatshunoslik fani birinchi galda “ma'naviyat”, “ma'naviy ong”, “ma'naviy madaniyat”, “ma'naviy muhit”, “ma'naviy qadriyatlar”, “ma'naviy ehtiyojlar”, “shaxs ma'naviyati”, “jamiyat ma'naviyati”, “ma'naviy yuksalish”, “ma'naviy erkinlik”, “tafakkur erkinligi”, “milliy g‘oya”, “o‘zlikni anglash” va ularning muqobil ko‘rinishlarini ifodalovchi “ma'naviyatsizlik” va h.k. tushunchalaridan foydalanadi.

Ushbu eng umumiy tushunchalarsiz ma’naviyatni o’rganuvchi fanlar, jumladan ma’naviatning ilmiy metodologiyasi fani vujudga kelmas edi. Kategoriyalarda ilmiy tadqiqotlarning natijalari to’planib, umumlashtirib borilishi tufayli ma’naviyat kategoriyasida mazkur yo’nalishda va sohada olib borilayotgan izlanishlar, nazariy va amaliy tadqiqotlar natijalari o’z aksini topadi. Ma’naviyat kategoriyasini tushunish mustaqillikning dastlabki yillariga nisbatan ancha konkretlashdi, aniqlik va teranlik kasb etdi. Bizning bu boradagi tasavvurlarimiz kengaydi va boyidi. Tasavvurlarimiz dastlab ancha mavhum edi. Buni “ma’naviyat – axloq haqiqatining sir-asrori” degan olimlarimizdan birining ta’rifi ham tasdiqlab turibdi. O’tgan yillar davomida olib borilgan tadqiqotlar, ilmiy bahs va munozaralar, mustaqil taraqqiyotimizda ma’naviyatning rolini anglash yuzasidan olib borilgan ilmiy va amaliy izlanishlar bizga ma’naviyat to’g’risidagi abstrakt, mavhum va rivojlanmagan, qashshoq tasavvurlardan aniqroq va boyroq, chuqurroq va kengroq tasavvurlarga o’tishga imkon berdi. Mavhumlikdan aniqlikka ko’tarilish tamoyiliga muvofiq ma’naviyatni o’rganuvchi fanlarimiz va ularning asosiy kategoriyasi “ma’naviyat” rivojlanmoqda. Ma’naviyat birinchi galda ideal hodisa sifatida ongning alohidalashgan, baholar va qadriyatlar tizimi bilan bog’langan shaklidir.

Ong to‘laligicha ma'naviyatga kirmaydi, chunki unda o‘zgaruvchan, muvaqqat, tasodifiy holatlar ko‘p uchraydi. Ongga o‘tkinchi kayfiyatlar, ehtiroslar, turli tushunchalar, noxolis va xato baholar katta ta'sir ko‘rsatadi. Ma'naviyat esa bir zumda o‘zgarib qolmaydi. U chuqur tarixiy, madaniy ildizlarga ega. To‘g‘ri, unga ham sobit, barqaror tuyg‘ular, or-nomus, milliy g‘urur va iftixorga oid his-hayajon va ehtiroslar ta'sir ko‘rsatadi. Ammo ular o‘tkinchi emas. Ongning yuqori darajasi – tafakkurga oid unsurlarning ham vaqt sinovidan o‘tgan ko‘pchilik tomonidan tan olingan barqaror, sobitlari (to‘g‘ri yoki xatoligidan qat'i nazar) ma'naviyatni tashkil etadi. Demak, ma'naviyat ongning mohiyatli mazmuni yoki ongdagi mohiyatlilikdir. Ushbu jihatdan ma'naviyat ong kabi ideal hodisadir, ammo ilohiy hodisa emas.

Ideal hodisa sifatida ma'naviyatda eng avvalo insoniy his-tuyg‘ular, kechinmalar, aniq obrazli tasavvurlar ajralib turadi. Uyat, ibo, hayo, halollik kabi oddiy tuyg‘ulardan to ezgulik, go‘zallik, adolat, vijdon azobi, zavq-shavq, vatanparvarlik, fidoyilik, kabi murakkab tuyg‘ulargacha inson ma'naviy ongining birlamchi darajasini tashkil etadi. Ma'naviy ongning ikkinchi – yuqori darajasiga tushunchalar, g‘oyalar, baholar, did, qarashlar, nazariyalar, ta'limotlar, ideal kiradi. Ular tuyg‘ular kabi axloqiy, estetik, siyosiy, huquqiy, diniy, falsafiy qarashlarini ifodalaydi. Faqat tuyg‘ulardan farqli, insonning hissiy munosabatlarini emas, balki aqliy-intellektual munosabatini ifodalaydi. Ular jamiyatning qadriyatlar tizimini tashkil etadi.

Tuyg‘ular va tushunchalar o‘rtasida o‘tib bo‘lmas jarlik yo‘q. Inson o‘z his-tuyg‘ulari to‘g‘risida fikr-mulohaza yuritib, uni anglab olishga, baholashga intilsa, u tushunchalar olamiga o‘tadi. Ezgulik va go‘zallik ham tuyg‘u sifatida, ham tushuncha va ideal sifatida namoyon bo‘ladi. Birinchi holatda inson o‘ylab o‘tirmaydi, ob'ekt unda bevosita his-hayajon uyg‘otadi. Ikkinchi holatda u haqda mulohaza yuritadi, tahlil qiladi. Masalan, kimningdir xulqidan, qilgan ishidan xafa bo‘lgan, jahli chiqqan kishidan sababini so‘rasangiz, u o‘sha kishi xatti-harakatining qaysi jihatlari axloqiy yoki boshqa ijtimoiy me'yorlarga mos kelmasligini, qanday xatoga yo‘l qo‘yganini, yoki bilib turib g‘irommlik, surbetlik qilganini aytadi.

Ideallik ma'naviyatning mohiyatini to‘liq ochmaydi: ideallik ma'naviyatning faqat birlamchi mavjudlik shaklidir. Materialistik yondashuvga binoan: «Ongda mustaqil mavjudlik yo‘q U faqat miyaning ob'ektga nisbatan funksiyasi sifatidagina mavjud... Ongning o‘ziga xosligi shundaki, u qandaydir sub'ektiv, ideal narsadir. U o‘zining moddiy substratlariga – miya va in'ikos ob'ektiga – munosabatidan tashqari mustaqil mavjudlikka ega emas»9

Ma'naviyat esa masalaga hatto materialistik yondashganda ham, mustaqil – xulq-atvorda, faoliyatda, ijodda predmetlashgan, adabiyot, san'at asarlariga, ilmiy kashfiyotlarga, urf-odatlarga, marosimlarga, an'analarga aylangan madaniy merosda mavjudlikka egadir. Ma'naviyat avvalo madaniyat orqali mustaqil mavjudligini namoyon etadi. U shuningdek, iroda (shaxs va millat irodasi), ijtimoiy-siyosiy va axloqiy muhitni qamrab oladi. Bu haqda keyinroq to‘xtalamiz. Hozircha ma'naviyat va ong munosabatlari to‘g‘risidagi fikrni davom ettiramiz.

Ma'naviyat jamiyatda qaror topgan yetakchi g‘oyalarga hamda kishilarning dunyoqarashiga, e'tiqodiga bog‘liq. Haqiqatan, ma'naviyat ongdagi tasodifiy, ikkinchi darajali, vaqtinchalik holat bo‘lishi mumkin emas. U barqaror, mustahkam e'tiqodga aylangan, qadriyat darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, jamiyatdagi munosabatlarni va inson xatti-harakatini tartibga solishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. E'tiqodsiz ma'naviyat bo‘lmaydi. E'tiqod ma'naviyatning eng asosiy ustunlaridan biridir. U ma'naviyatga mushtaraklik va jipslik bag‘ishlaydi. Uning turli tarkibiy qismlarini o‘zaro birlashtiradi va ma'naviyatni amaliyotga bog‘laydi. E'tiqod ma'naviyatning mohiyatini ochib beruvchi tushunchalardan biridir.

Ma'naviy ong ikki darajali hodisa dedik. Birlamchi daraja - uyat, hayo, minnatdorchilik, mehr, qahr-g‘azab, xursandchilik, g‘am-qayg‘u, oshuftalik, muhabbat, do‘stlik, vijdon go‘zallik, zavq-shavq va shu kabi tuyg‘ular, kechinmalar, yoki ma'naviyatning poydevorini tashkil etuvchi ko‘ngil dunyosidir. Uni inson mohiyati yoki ruhoniyati, yoki qalb, dil ham deydilar Lekin inson faqat tuyg‘ulari bilangina yashamaydi. U ko‘rgan, boshdan kechirganlarini o‘zicha tahlil qiladi, ularga baho beradi, tushunchalar va nazariy qarashlar tizimi orqali umumlashtiradi, maqsad muddaolari, jamiyat qadriyatlari va talablari bilan bog‘laydi. Tushunchalar, baholar, qarashlar, ideallar insonning aqliy faoliyati mahsullaridir. Uni aql-fikrlar dunyosi (tafakkur) deb ataydilar. Shunday qilib, ma'naviy ong ko‘ngil va aql dunyosidan – ruhoniyat va tafakkurdan iborat. Ko‘ngil va aqlni bir-biridan ajratish qarama-qarshi qo‘yish xatodir. Chunki ular, magnit qutblaridek, qarama-qarshiliklar birligidir. Bir qutbli magnit bo‘lmaganidek, faqat tuyg‘ulardan (ko‘ngildan) yoki aqldan tashkil topgan, turli nazariy fikrlardan iborat ma'naviyat bo‘lmaydi. Mumtoz adabiyotda va O‘rta Sharq falsafasida ko‘ngil va aqlga ba'zan tor yondashilgan. Lekin ular bir biriga deyarli qarama-qarshi qo‘yilmagan. Alisher Navoiy asarlarini o‘qib shunday xulosaga kelish mumkinki, ko‘ngil (qalb) o‘zida tuyg‘u va aqlni birlashtiradi: “Ko‘ngul badan mulkining podshohidir... Pas ulkim ko‘ngil mulkining sohib shohi bo‘lg‘ay – shohlar shohi bo‘lg‘ay.” Ayniqsa “ruhoniyat tushunchasini Navoiy ma'naviyat, ya'ni insonning hissiyot va tafakkur dunyosining mushtarak voqyeligi sifatida talqin qiladi:

“chun riyozat raf' etib ruhoniyat,

Salb bo‘lg‘och kimsadin nafsoniyat,

Qolmag‘ay ruhoniyatdan o‘zga hyech,

Sen taxallufdan bu ma'ni ichra kech...”- o‘qiymiz “Lison ut-tayr”da. Ammo ba'zi hollarda, masalan, tasavvufda, ustunlik ko‘ngilga berilgan. Faqat Ollohga muhabbat (ishq) tan olingan. Majnunning Layliga, Farhodning Shiringa, Shayx San'onning xristian qiziga, qushlarning Simurg‘ga, bulbulning gulga, shoirning mayga, sharobga ko‘ngil qo‘yishi va oliy muhabbatning boshqa har qanday ko‘rinishlari majoziy ma'noda Ollohga intilishni, Ollohni sevishni ifodalagan. Muhabbatdan zavq-shavq, ishqdan mastlik, o‘zlikdan kechib yor (Olloh) vasliga yetishish oshiqning birdan bir muddaosidir. Bunday holda xayolparastlikdan tashvishlarga to‘la real dunyoga qaytaradigan, bu bilan ko‘ngilning sarhush orzularini chil-parchin qiladigan aql shoirga, sufiyga kerak emas. Bir tomonlama yondashuvlarni nafaqat tasavvuf olimlarida, shuningdek ayrim boshqa ta'limotlar allomalarida ham uchratamiz.

Sho‘rolar fanida ko‘proq aqlga ustunlik berilgan. Sovet dohiylari ko‘ngil haqidagi gaplarni ziyoliycha “oh-vohlar”, ular xalqni sinfiy kurash va sotsializm qurishdan chalg‘itadi deb hisoblagan. Ammo ongli ravishda kommunistik g‘oyalarga sadoqat ko‘rsatilganda ham masalaga bir tomonlama, jangavor va vulgar ateizm, murosasiz sinfiylik va partiyaviylikdan kelib chiqib mulohaza yurtilgan.

Ko‘ngil va aqlni muvozanatga keltirish zarurligi ko‘pchilik yondashuvlarda hisobga olinmas edi. Buning natijasi o‘laroq hozirgacha kundalik ongda (nazariy ongda emas) ko‘ngil va aqlni qarama-qarshi qo‘yish, yoshlar o‘rtasida qalbiga quloq tutib sevgini tanlash kerakmi, yoki oilaviy burchinga, ota-onang, yaqinlaringa, agar uylangan bo‘lsang, farzandlaring va xotinga sodiq qolib, sevgidan voz kechish kerakmi kabi mavzularda, ya'ni ko‘ngilgami yoki aqlga – qaysi biriga muvofiq yashash lozim qabilidagi bahslar bo‘lib turadi. Har xil yondashuvlarini ko‘p tanqid qilish mumkin. Lekin masala faqat tanqid yordamida hal bo‘lib qolmaydi.

Madaniyatda, ma'naviyat predmetlashadi, yuzaga chiqadi, amalga oshadi. Ma'naviy madaniyatga biz odob-axloqni, urf-odatlar va an'analarni, ilm-fanni, adabiyot va san'atni, diniy madaniyatni, siyosiy va huquqiy madaniyat kabilarni kiritamiz. Shu sababdan filosofiya, axloqshunoslik, etnologiya, nafosat, dinshunoslik, ruhiyat, pedagogika, fanshunoslik kabi ilmlarning asosiy tushunchalari, kategoriyalari, konunlaridan ham ma'naviyatshunoslik fani o‘z ilmiy apparatini shakllantiradi. Masalan, ezgulik va yovuzlik, insonparvarlik va vatanparvarlik, vijdon va burch, ulug‘vorlik va tubanlik, go‘zallik va xunuklik, adolat kategoriyalari, insonni vosita emas, maqsad deb bilish , o‘zingga ravo ko‘rmaganni o‘zgalarga ham ravo ko‘rmaslik kabi axloqiy qonunlar, jamiyatni demokratlashtirish, erkinlashtirish kabi me'yorlar va tamoyillarsiz ma'naviyatshunoslik fani ilmiy apparatini tasavvur etish qiyin. Yoki iroda tushunchasini olaylik. U ilmiy an'analarga ko‘ra, axloqshunoslik (etika) va psixologiya fanlari doirasida o‘rganilgan. Ayni paytda iroda ma'naviyatning voqye bo‘lish, yuzaga chiqish omili. U insonning erkin tanlashi, ma'suliyati, ruhiy-intellektual (ma'naviy) safarbarlik imkoniyati sifatida ma'naviyatshunoslik kategoriyasiga ham aylanadi.

Ma'naviyatshunoslik fani jamiyatdagi qaror topgan muhitni va uning tendensiyalarini o‘rganish uchun ijtimoiy-siyosiy barqarorlik, hayrixohlik, tolerantlik (bag‘rikenglik), mehr-oqibat, millatlararo totuvlik, o‘zaro yordam, milliy jipslik, o‘zlikni anglash, milliy identlik yoki ularning muqobillarini anglatuvchi ijtimoiy beqarorlik, mutaassiblik, mahalliychilik, guruhbozlik, millatchilik, ayirmachilik va boshqa tushunchalardan foydalanadi. Lekin bu tushunchalar oxir-oqibat “ma’naviyat” kategoriyasining, rivojlanish qonunlarining hamda ma’naviy tarbiya jarayonining turli jihatlarini ochib berishga, mavhumlikdan aniqlikka ko’tarilishda, ma’naviyatni tarixiylik va mantiqiylik, xilma-xilliklar mushtarakligi nuqtai nazaridan anglab olishga xizmat qiladi. Ma’naviyat kategoriyalariga nisbatan ular xususiylik maqomi va mazmunini kasb etadi. Masalan, ezgulik, go’zallik, adolat, erkinlik, mas’uliyat kabi axloq, nafosat, huquq kategoriyalari ma’naviyatning xususiy ko’rinishlari va tarkibiy tushunchalaridir. Ma’naviyat kategoriyasi ularni o’zida mujassam ifodalaydi.

Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqib, ma'naviyat kategoriyasining mazmuni quyidagini anglatadi deyish mumkin: Ma'naviyat - bu ijtimoiy ongning e'tiqod va qadriyatlar darajasiga ko‘tarilgan sobit barqaror tuyg‘ulari, ehtiroslari, tushunchalari, g‘oyalari, me'yorlari, ijtimoiy mo‘ljallari, ideallaridir, ularning yaratilish jarayoni va madaniy merosda, urf-odatlarda aks etishi, millatga muayyan maqsadlarga erishish uchun yordam beradigan iroda hamda jamiyatda qaror topgan aqliy va hissiy, ruhiy va mafkuraviy muhitdir.

Shunday qilib, ma'naviyat to‘rt o‘zaro uzviy bog‘liq tarkibiy qismdan iborat:

a) ongning, dunyoqarashning olamga faol munosabat ko‘rinishidagi funksional jihati (ijtimoiy ong shakllariga muvofiq - falsafiy, diniy, axloqiy, estetik, huquqiy tuyg‘ular, tushunchalar, baholar, qarashlar, nazariyalar);

b) ma'naviy madaniyat yutuqlari (xalq og‘zaki ijodi asarlari: qo‘shiqlar, dostonlar, ertaqlar, maqollar, matallar, xalq amaliy san'ati asarlari, adabiyot, arxitektura, dizayn, tasviriy san'at, teatr, kino, musiqa, estrada asarlari va sh.k.; fan, ommaviy axborot va tashviqot, ta'lim tarbiya tizimi, istirohat va sport, urf-odatlar, diniy amaliyot va h.k.);

v) iroda (erkin tanlash, qat'iyat, fidoyilik, or-nomus, milliy g‘urur, ijtimoiy qo‘rquvni yengishi va h.k.);

g) jamiyatda qaror topgan ma'naviy muhit.

Ma'naviyat shaxsning tabiat va jamiyat bilan mushtaraklashib o‘zaro munosabatini uyg‘unlashtirishni bildiradi. Ya'ni ma'naviyat tushunchasi:

1) shaxs va jamiyat tomonidan ijtimoiy borliqni o‘z faoliyati asosi va ob'ekti sifatida anglab olinishini (shu boisdan ham ma'naviyat dunyoqarashning funksional jihati bo‘ladi);

2) shaxsning, millatning muayyan xulq-atvori va yaratuvchilik faoliyati, borliqqa munosabati, borliqni qayta yaratish yoki o‘zgartirish bo‘yicha ijodiy rejalarini;

3) bu rejalarni amalga oshirish uchun, birinchidan, shaxs va jamiyatdagi qat'iyat, erk va irodani hamda, ikkinchidan, jamiyatda mavjud bo‘lgan mafkuraviy shart-sharoitni bildiradi.

Demak, ma'naviyat orqali inson tabiat va jamiyat bilan bir butunlikni tashkil qiladi, uyg‘unlashadi, olamning haqiqiy javhariga, gultojiga aylanadi. Ma'naviyatsiz – ongsiz, tafakkursiz, ijodsiz (yaratuvchiliksiz) inson tabiatning shunchaki bir jonzodi bo‘lib qolaverar, o‘zligini, olamdagi o‘z o‘rnini anglamas, “ikkinchi tabiat”ni yaratolmasdi. Insonning tabiatga va jamiyatga ijobiy ta'siri ma'naviyatga, salbiy ta'siri esa undagi kamchiliklarga bog‘liq

Ma'naviyat subyektiv hodisa, tuyg‘ular, aql va iroda sifatida borliqning shunchaki aksi emas, balki dunyoqarashning (kengroq olsak, ongning) borliqqa nisbatan amaliy munosabat shaqlidagi muayyan faoliyatga aylanishidir. Ma'naviyat ob'ektivlashgan qadriyatlar tizimi (ma'naviy madaniyat) sifatida esa millatning o‘z-o‘zini anglash, o‘z ruhini, irodasini va ongini, ijtimoiy amaliyotini takomillashtirish imkoniyatlarining va vositalarining erishilgan darajasidir, jamiyatning madaniy saviyasidir.

Qisqa qilib aytganda, ma'naviyatda millatning aqliy va ruhiy salohiyati hamda ijodkorlik qobiliyati yuzaga chiqadi. Bu salohiyat va qobiliyat asrlar davomida toblanib, xalqning tarixiy bunyodkorlik, diniy va dunyoviy tajribasini o‘zida mujassamlagan. Shu bois ma'naviyatga barqarorlik xos. Ma'naviyat jamiyat bilan birga yuksaladi, rivojlanadi, tanazzulga va inqirozga uchraydi, qayta o‘yg‘onadi, gurkirab o‘sadi. Ma'naviyat uchun izchil tarixiylik va zamonaviylik, an'anaviylik va yangilanish xos. Ma'naviyatning rivojlanishi tarixiy zaruratni jamiyat tomonidan to‘g‘ri tushunishga va unga muvofiq jamiyatda amalga oshirilayotgan ishlarga bog‘liq.

Madaniyat va irodaning ma’naviyat bilan aloqadorligi va nisbati to’g’risida keyingi mavzularda alohida to’xtalamiz. Hozircha ma’naviy muhit haqida ba’zi fikrlarni aytib o’tish zarur.


Yüklə 344,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   24




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə