Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi


Mavzu: Ma'naviyat – ilmiy tahlil obyekti



Yüklə 344,5 Kb.
səhifə2/24
tarix30.01.2022
ölçüsü344,5 Kb.
#83263
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24
Ma\'naviyatning ilmiy metodologiyasi

2. Mavzu: Ma'naviyat – ilmiy tahlil obyekti

Reja:


  1. Ilm-fan obyekti va predmetini belgilovchi omillar.

  2. Ma'naviyatga turlicha yondashuv va munosabatlar. Ma'naviyat – ijtimoiy hodisa, undagi obyektivlik va subyektivlik.

  3. Ma'naviy hayotni tahlil qilishning o‘ziga xos xususiyatlari. Ma'naviy sohaga sistema (tizim)li hamda strukturaviy yondashuvlar.

  4. Ma'naviyatni shakllantiruvchi omillarni klassifikatsiyalash(tasniflash) masalalari.

  5. Ma'naviyat istiqbolini prognozlash muammolari.


1. Har bir fanning predmeti uning asosiy ijtimoiy vazifasidan kelib chiqadi. Ularning tadqiqot obyektlari bir xil bo‘lishi mumkin, ammo predmeti farq qiladi. Masalan, biologiya insonni tirik, jonli mavjudod, alohida biologik tur sifatida o‘rgansa, tibbiyot ilmi insonni sog‘lomlik, uning tanasi a'zolari normal ishlashi, agar kasallanib qolsa, normal faoliyatini tiklash zaruratidan kelib chiqib o‘rganadi. Pedagogika esa insonni (bolani) unga ta'lim-tarbiya berish, qiziqishlarini muayyan maqsadga yo‘naltirish zarurati bilan bog‘lab o‘rganadi. Ma'naviyatni o‘rganuvchi fanlarning predmeti — bunyodkor, izlanuvchan, o‘zini va o‘z ijtimoiy borlig‘ini ezgulik, adolat, go‘zallik asosida qayta qurishga, takomillashtirishga intiluvchan erkin, mustaqil fikrlovchi va ko‘ngil dunyosi boy inson, uning tabiatga, jamiyatga, o‘z-o‘ziga nisbatan ruhoniy va amaliy munosabatidir. Bunday kishilarni ota-bobolarimiz fozil kishi, komil inson, ularni voyaga yetkazadigan jamiyatni fozil jamiyat (shahar) deb ataganlar. Qisqacha aytganda, ma'naviyatni o‘rganuvchi fanlarning (ma’naviyatshunoslikning ) predmeti komil inson va uni voyaga yetkazuvchi insonparvar ijtimoiy qadriyatlar va munosabatlardir.

Ularning obyekti esa insonning ichki aqliy va hissiy dunyosiga, erkinligiga, irodasiga, jamiyatda tutgan o‘rniga, ijtimoiy munosabatlariga, yaratuvchilik faoliyatiga, haqiqat va ezgulik, go‘zallik va ijodga intilishi, bu intilishlarning natijalari va baholariga oid barcha hodisalar, mavzular, inson ruhining tug‘yonlari, inson ongiga ta'sir ko‘rsatuvchi ijtimoiy munosabatlar, muhit, jamiyat hayotining turli sohalari bo‘lishi mumkin. Masalan, ma'naviyatshunoslik fanining tadqiqot obyekti oila ma'naviyati, yoki ekologik muammolarga shaxsning, butun jamiyatning munosabati bo‘lishi mumkin. Lekin bu muammolarni ma'naviyatshunoslik o‘z predmeti nuqtai nazaridan o‘rganadi. Huquqshunoslik fani oila munosabatlarini Oila kodeksi moddalaridan, talab va me'yorlaridan, tabiat muammolarini tegishli qonunlar me'yorlaridan kelib chiqib tahlil etadi. Bu boradagi yutuq va kamchiliklarni, yechimini kutayotgan muammolarni aniqlaydi. Qonunni takomillashtirish, ya’ni qaysi qonunga qo’shimcha qanday moddalar kiritish, to’ldirish, yoki ushbu sohaga oid qanday yangi qonun qabul qilish yuzasidan taklif etadi. Ma'naviyatshunoslik fani ularni va boshqa barcha masalalarni insonlar o‘rtasidagi munosabatlarning, inson faoliyatining qanchalik ezgulikka va go‘zallikka milliy va umuminsoniy qadriyatlarga mosligi, insonda chin insoniy, ma'naviy fazilatlarni tarbiyalash va mustahkamlash lozimligidan kelib chiqib o‘rganadi. Ijtimoiy muhitning va inson e'tiqodining, irodasining bir-biriga ijobiy yoki salbiy ta'sir ko‘rsatishini tadqiq qiladi. Ma’naviy hayotni tashkil etish, boshqarish, ma’naviy tarbiyani yanada yaxshilashga oid tavsiyalar ishlab chiqadi.

Boshqa birorta gumanitar fan qayd etilgan predmet nuqtai nazaridan ma'naviyat masalalarini umumiy tarzda to‘liq qamrab olmaydi, yoki ularning muayyan tomonlarinigina o‘rganadi. Faqat falsafa umumlashgan ilmlar tizimi sifatida ushbu masalalarga umumiy munosabatni bildirib o‘tadi. Lekin falsafa ilmining etika,estetika, ijtimoiy filosofiya kabi nisbatan mustaqil qismlari ma'naviyat masalalarining o‘ziga tegishli yo‘nalishlarini teranroq o‘rganadi, boshqalarini to‘la qamrab olmaydi. Bir qarashda yuqoridagi masalalarni o‘rganish etikaga (axloq haqidagi fan) ham aynan xosdek tuyuladi. Bundan etika fani predmetidan ma'naviyatshunoslik predmeti nimasi bilan farq qiladi, ular bir xil emasmi, degan savol tug‘iladi?

Etika fanining predmeti ma'naviyatshunoslik predmetiga nisbatan sezilarli darajada tor. U o‘rganadigan mavzularini, obyektini, inson ongini, madaniyatini, xatti-harakati va faoliyatini faqat axloqiy baholar, me'yorlar, axloqiy omillar, ya'ni ezgulik va yovuzlik mezonidan kelib chiqib tahlil qiladi. U ijtimoiy taraqqiyot masalalarining ko‘pchiligi bilan, masalan, ilm-fan, adabiyot va san'at rivojlanishi, jamiyat demokratiyalashuvi kabi masalalar bilan qiziqmasligi yoki ularning faqat axloqiy jihatlari bilangina qiziqishi mumkin. Ma'naviyatshunoslik fani ushbu masalalarni batafsil tahlil etmasa-da, ammo chetlab ham o‘tmaydi, ularning inson e'tiqodiga, irodasiga, kamolotiga va jamiyat yuksalishiga, ijtimoiy muhitga ta’sirini aniqlaydi. Chunki jamiyatda sodir bo‘layotgan jarayonlar, san'at va madaniyat rivojlanishi, ijtimoiy taraqqiyotning barcha yo‘nalishlari, demokratlashish, fuqarolik institutlari rivojlanishi va h.k. jamiyat a'zolarining ma'naviy-madaniy saviyasiga, ma'naviy tarbiyasiga, jamiyatdagi ma'naviy muhitga bog‘liq. Ular o‘rtasidagi bog‘liqlik va munosabatlar ma'naviyatshunoslik fani obyektiga aylanadi.

Ma'naviyatshunoslik alohida fan sifatida mustaqillik davrigacha qayd etilmas edi. Ammo u o‘rganadigan masalalar va mavzular ilm-fan e'tiboridan mutlaqo chetda bo‘lmagan. Ular turli fanlar doirasida, jumladan ijtimoiy filosofiya, etika, estetika, adabiyotshunoslik, san'atshunoslik, madaniyat nazariyasi, pedagogika psixologiya va boshqa fanlar doirasida u yoki bu darajada o‘rganilgan. Ammo har bir fan mazkur masalalarni o‘z predmetiga bog’lab — yo juda toraytirib (xususiy fanlar), yo juda kengaytirib (filosofiya) o‘rgangan.

Ma'naviyatshunoslik o‘z predmetiga taalluqli boshqa fanlar tadqiqotlarini, axborotlarini umumlashtiruvchi va uyg‘unlashtiruvchi vazifani bajaradi. Shu bois uning predmeti yuqorida zikr etilgan fanlar predmetiga nisbatan o‘ziga xosligi, ularning aksariyatiga nisbatan kengligi va ko‘pqirraligi bilan ajralib turadi.

Metodologiya predmeti tahlil qilinayotgan fan, yoki sohaga oid obyektiv haqiqatni aniqlashdir. Ma’naviyatning ilmiy metodologiyasi fanining obyektini esa ma’naviyatni o‘rganuvchi barcha fanlar tashkil etadi. Biz yuqorida ularni umumlashtiruvchi atama bilan keng mazmunda “ma’naviyatshunoslik” deb atadik. Ta’kidlash joizki, “ma’naviyatshunoslik” atamasi tor mazmunda qo‘llanilsa, u ma’naviyat nazariyasini anglatadi. Ma’naviyatni o‘rganuvchi fanlarning, shu jumladan ma’naviyat nazariyasining ham predmeti insondir. Metodologiya, albatta, xususiy fanlarning predmeti, ular o‘rtasida o‘xshashlik va farqni, ularni qay darajada olam yoki jamiyat to‘g‘ri tushunishi, fanlar predmetini chalkashtirmaslik, predmeti umumiy fanlar bir-biridan nimalarni o‘rganishi mumkinligi, o‘zaro bir-biriga ta’siri va boyitishi kabi masalalar bilan ham qiziqadi.

2. Ma'naviyat nima, degan savolga ilmiy, siyosiy, publisistik adabiyotlarda turlicha yondashuvlar asosida har xil fikrlar bildiriladi. Qayd etish lozimki, g‘arbda ma'naviyat tushunchasi alohida o‘rganilmaydi. U barqaror mazmunga ega bo‘lgan ilmiy tushuncha sifatida g‘arbda mavjud emas. Lekin biz ma'naviyat deb ataydigan hodisa yaxlit holda bo‘lmasa-da, filosofiya, etika, sotsiologiya, psixologiya, semiotika, kulturologiya, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, san'atshunoslik kabi fanlar doirasida har xil ilmiy usullar yordamida tadqiq etiladi. Ma'naviyat tushunchasi o‘rniga g’arbda ijtimoiy ong, ijtimoiy psixologiya, intellektual madaniyat, axloq va sh.k. har xil atamalar qo‘llaniladi. Ma'naviy madaniyat deganda, g‘arbda ko‘proq diniy madaniyat, cherkov faoliyati nazarda tutiladi. Shuningdek, g‘arbda spiritualizm (spiriti – “ruhiy”, “ma'naviy” mazmunni bildiradi) degan amaliyot bor. Biroq g’arb spiritualizmining ma’naviyat tushunchasiga a’loqasi yo‘q. Spiritualizm o‘lgan kishi ruhini chorlab u bilan muloqot qilishni anglatadi. Shu sababdan biz qo‘llaydigan ma'naviy madaniyat atamasini ayrim g‘arb tillariga aynan lug‘aviy mazmuniga qarab “spiritual madaniyat” deb o‘girish mumkin emas. Uni zarur hollarda, axloqiy va intellektual madaniyat deb o‘girish urf bo‘lgan. Ma'naviyat atamasi, to‘liq ishonch bilan aytish joizki, islom mamlakatlarida, yana aniqrog‘i ko‘proq O‘zbekistonda tarqalgan atama. Hatto bizga qo‘shni Tojikistonda ma'naviyat atamasiga nisbatan uning boshqa sinonimi “ruhoniyat” ko‘proq qo‘llaniladi.

Ma'naviyat arabcha ma'ni (ma'no) so‘zidan, u esa “a'no” o‘zagidan yasalgan deb hisoblanadi. A'no – birlamchi, tub mohiyat mazmunini anglatadi. “Ma'naviya” arab tilida juda ko‘p mazmunga ega tushuncha. Lug‘atlarda uning 8-10 tagacha mazmuni qayd etilgan. Uning arabchadan kelib chiqqaniga, arabcha o‘zakdan yasalganiga shubha yo‘q. Lekin atamaning bugungi mazmuni shakllanishiga juda ko‘p ijtimoiy-madaniy va lisoniy omillar ta'sir ko‘rsatgan. Jumladan boshqa tillar va madaniyatlar. Faraz qilish mumkinki, ma'naviyat atamasi shakllanishiga “ma'ni” bilan bir qatorda sanskrit tilida mavjud bo‘lgan “ma'nas”tushunchasi ham ta'sir ko‘rsatgan. Atamaning ushbu shaklda tarqalishiga tasavvuf ilmi, xususan Jaloliddin Rumiyning “Masnavii ma'naviy” asari katta ta'sir ko‘rsatgan bo‘lish ehtimoli yuqori.

Ilmiy adabiyotlarda ma'naviyatga nisbatan mavjud qarashlarni tahlil qilsak, yoki nazariyalar, ta'limotlarning umumiy ilmiy usulidan kelib chiqib, qanday bo‘lishi mumkinligini faraz qilsak, juda qiziqarli va o‘ta rang-barang, ayrim hollarda bir birini to‘liq inkor qiluvchi mulohazalarni ko‘ramiz. Ularning ba'zilari falsafa, tarix, tilshunoslik, adabiyot va san'at ma'lumotlariga, xulosalariga tayangan va izchil ratsionalistik bo‘lsa, ba'zilarida noilmiy va irratsional unsurlar, dalillar, farazlar, vulgar materialistik talqinlar uchrab qoladi. Bunga misol qilib freydizmni, umuman psixonalizni ko‘rsatish mumkin. Ayrim olimlar ma'naviyatga diniy-mistik nuqtai nazardan yondashadilar. U inson mutlaqo tushuntirishdan ojiz, ilohiy inoyat, “qalb ko‘zi” bilan ko‘rilgan haqiqat, g‘oyibdan insonga ko‘rsatilgan hidoyat, yo‘l, ishora, ko‘ngilga solingan ijod va faoliyat, botiniy ilmlar, nozik va ilohiy his-tuyg‘ular va h.k. deb tushuntiriladi.

An'anaviy diniy-mistik qarashlar zamon ta'sirida o‘zgarib, yangi ko‘rinishlar kasb etmoqda. Bugun har xil ezoterik qarashlar, kosmos (koinot) yuborayotgan kodlashtirilgan belgilar, timsollar, ramzlar, salbiy va ijobiy energetika va shunga o‘xshash qarashlar ham jamiyatning ma'naviyat, ma'naviy hayot to‘g‘risidagi tasavvurlari va qarashlarida aks etmoqda.

Jamiyat rivojlanishi yangi axborot – telekommunikatsiya texnologiyalari, internet va kompyuterlar, AKTlar (axborot-kommunikatsiya texnologiyalar) yaratgan virtual voqyelik, ommaviy madaniyat jamiyat ma'naviy hayotini, odamlar dunyoqarashini ancha o‘zgartirib yubordi. Inson hozirgi jamiyatda juda ziddiyatli, chalkash ta'sirlar ostida qoldi. Shu sababdan ma'naviyatga insonnning asl tabiatidan, autentligidan kelib chiqib yondashish, ya'ni ekzistensialistik yondashuv dolzarblik kasb etmoqda. Ammo bir narsani nazarda tutish kerakki, ekzistensializm ontologik qarashlari, bilish nazariyasi, jamiyat va inson to‘g‘risidagi fikrlari, xulosalari yaxlit va izchil ta'limot emas. Lekin ekzistensializmning inson autentligi to‘g‘risidagi fikrini deyarli barcha ijtimoiy va gumanitar fanlar foydali, ilmiy samarador usul sifatida tan olgan. Ekzistensializmdagi eng yaxshi jihatlarni olib boshqa falsafiy va ilmiy usullar bilan birlashtirish maqsadga muvofiq.

Ma'naviyat tushunchasiga qaytamiz. Ayrim mualliflar, yuqorida aytilganidek, ma'naviyatning mohiyatini ilohiy deb talqin qilmoqdalar. Ular to‘liq diniy-mistik qarashlarga o‘tib ketmasa-da, diniy yondashuv tarafdoridir. Ma'naviyatni ular ongning to‘liq tushuntirib berish mumkin bo‘lmagan sirli jihatlari, insonning ruhiy-botiniy kuchi, “qalb-ko’zi”, “ichki nido”, undagi tug‘ma diyonat, vijdon, iymon, Xudo insonning ko‘ngliga solgan ijtimoiy va ijodiy moyillik, intilish, deb talqin qiladilar. Bu qarashlarga muvofiq ma'naviyat ilohiy yoki tabiiylikdan ustun hodisadir.

Ilohiy hodisalar, abadul abad o‘zgarishsiz, mutlaq bo‘ladi, faqat ularni tushunish, idrok etishgina o‘zgarishi mumkin. Ma'naviyat haqida gapirganda esa, biz uning yuksalishi, aksariyat qadriyatlarning yangilanishi yoki, aksincha, tanazzuli, qashshoqlanishini, o‘zgarishini, nisbiyligini ta'kidlaymiz. Shubhasiz, zardushtiylik negizida shakllangan uzoq ajdodlarimiz ma'naviyatidan islom negizida vujudga kelgan ota-bobolarimiz ma'naviyati keskin farq qiladi. Xalqimizning bugungi kundagi ma'naviyati zamonaviy qadriyatlar va mustaqillik ta'sirida nafaqat o‘rta asrlardagi, hatto30-40 yil burungi sotsializm davridagi ma'naviyatidan ajralib turadi. Zero, I. Karimov ta'kidlaganidek: «Ma'naviyat uzluksiz harakatdagi jarayondir. Fikr, tafakkur, his-tuyg‘u tinim bilmaganidek, ularning mahsuli o‘laroq ma'naviyat ham doimo o‘zgarish va yangilanishda bo‘ladi»1 Fanda masala ilohiy hodisa sifatida qo‘yilishi mumkin emas. Chunki fanning vazifasi tadqiq etadigan hodisalarni tekshirish, tahlil qilish, umumlashtirish va mazmun-mohiyatini, nazariyasi va amaliy qo‘llanishini, rivojlanish qonuniyatlarini tushuntirishdan iborat. Balki, fan bu jarayonda xatolarga yo‘l qo‘yar, adashar, noto‘g‘ri talqin qilar, ammo u doimo mantiqqa asoslanadi, tahlildan, talqindan, tushuntirishdan, xulosa qilishdan qochmaydi. Ilohiy hodisalar fanning emas, dinning, ilohiyot ilmining obyekti bo‘lishi mumkin. Fanning obyektini esa tabiiy, ijtimoiy va ruhiy-intelektual hodisalar tashkil etadi. Fan o‘rganayotgan hodisaga his-hayajondan, xayoliy orzu-istaklardan, subyektiv xohishdan kelib chiqib emas, balki xolis va ratsional, aniq ilmiy dalillarga tayangan holda yondashadi.

Ma'naviyatni o‘rganishda ilmiy-ratsionalistik yondashuvlar har xil bo‘lishi mumkin. Avvalo shuni ta'kidlash lozimki, masalaga materializm va idealizm pozitsiyasidan yondashish mumkin. Materialistik yondashuvga binoan, ma’naviyat – ijtimoiy hodisa. U insonning o’zligini, tabiat va jamiyatda o’z o’rnini anglashi, moddiy va ijtimoiy-ruhoniy, mafkuraviy ehtiyojlarini qondirishga intilish, tabiat va jamiyat (urug’doshlari, boshqa odamlar) bilan munosabatlarini tartibga solish jarayonida vujudga kelgan, rivojlangan. Insonning tabiiy yashash sharoiti, ishlab chiqarish, turmush kechirish, boshqalar bilan turli aloqalarni o’rnatish sharoiti, ya’ni insonning tabiiy va ijtimoiy muhiti, borlig’i inson ma’naviyatini shakllantirishda hal qiluvchi, belgilovchi rol o’ynagan. Insonning tafakkuri o’sishi, bilimlari ko’payishi, yangi g’oyalar, daho shaxslar, “ma’naviyatli podshoh” (davlat) siyosati va shu kabi omillarning ma’naviyat rivojlanishidagi ahamiyatini inkor qilmasa-da, materializm ularni ikkinchi o’ringa qo’yadi.

Aksincha, idealizm ma’naviyat vujudga kelishi, rivojlanishida g’oyalar, aql-idrok, insonga tabiat tomonidan berilgan qobiliyatlar va h.k. birlamchi rol o’ynaydi, deb hisoblaydi. Har qanday o’zgarish, yangilik, rivojlanish asosida qandaydir g’oya yotadi. Gegelga binoan, bu mutlaq g’oya, jahoniy aql, mutlaq ruhdir. Eng tub asoslari haqida emas, jamiyatdagi har qanday yaratuvchilik to’g’risida fikr yuritganda ham yaratuvchilikning g’oyasi, rejasi dastlab qandaydir biron shaxsning, yoki iste’dodli kishining ongida, miyasida paydo bo’lgan, asta-sekin odamlar o’rtasida mashhur bo’lib, tarqalgan deyiladi. Ta’kidlash joizki, materialistlar g’oyaning (ideyaning), idealistlar moddiy-iqtisodiy omillarni to’liq inkor qilmaganlar, ammo har qaysisi o’zi yoqlagan omillarga ustuvorlik bergan, muxoliflarinikini ikkinchi darajali hisoblagan.

Muallifning materialistik yoki idealistik qarashlari uning yondashuvining ilmiyligini ham, ratsionalligini ham o‘z-o‘zidan belgilamaydi. Obyektiv idealistik yondashuvlar chuqur ratsionalizmga va ilmiy dalillarga tayanishi ko‘p uchraydi. Aksincha, vulgar materialistik yondashuvlar, odatda, ilmiylikdan yiroq, mutassiblikka moyil, binobarin, irratsionalistik mazmun kasb etadi. Masalan, biologiya qonunlarini jamiyat va ma’naviyat rivojlanishiga ko’chirish, yoki ma’naviy hayotning nisbatan mustaqilligini tan olmasdan, moddiy-iqtisodiy hayotning bir bo’lagi, namoyon bo’lish shakli, deb qarash (ekonomizm) vulgar materialistik yondashuvga misoldir.

Ilmiy materialistik yondashuvlar dialektik usulni qo‘llashga, masalaga har tomonlama yondashishga harakat qilgani sababli ularda ilmiylik va xolislik boshqa yondashuvlarga nisbatan ko‘proq bo‘ladi. Lekin idealistik yondashuv oxir-oqibatda noyaqqol holda dinga, mistikaga, ilmiy-materialistik yondashuv esa noyaqqol holda vulgar ateizmga yon bosishi mumkin.

Ilmiy yondashuvlar orasida metafizik, pozitivistik, semiotik, dialektik yondashuvlar ajralib turadi. Metafizik yondashuv obyektning o‘rganilishi boshlangan dastlabki davr uchun foydali. Chunki u obyekt to‘g‘risida barcha ma'lumotlarni to‘plashga, umumlashtirishga, tizimlashtirishga qaratilgan. U aniq, keng, lekin ancha sayoz bilimlar beradi. O‘rganilayotgan obyektning ichki mohiyati, ichki ziddiyatlari, ularning rivojlanish jarayonida turlicha namoyon bo‘lishi, obyektning turfa xil evrilishlari, bir sifatdan ikkinchi sifatga o‘tishi va h.k. to‘g‘risida metafizik yondashuv yetarlicha bilim berolmaydi. Pozitivistik va semiotik yondashuvlar esa masalaga yanada torroq, isbotlanishi mumkin bo‘lgan dalillardan kelib chiqib, bir tomonlama: konvensialligi va isbotlanishi mumkinligi nuqtai nazardan (pozitivizm), yoki shakliy tadriji va maoniy evrilishlar ramziy belgilarda, majoziy obrazlarda, timsollarda ifodalanishini tahlil qilish nazaridan (semiotika) yondashadi. Pozitivizm va semiotikada ekzistensializmdagi kabi, qo‘llashga arziydigan foydali usullar va tahlil etish, umumlashtirish uslublari bor. Masalaga yondashuvlar orasida eng unumli va samaradorlisi – bu dialektik yondashuvdir. Dialektik yondashuv materialistik va idealistik bo‘lishi mumkin. Bu tadqiqotchining e'tiqodiga bog‘liq.

Chop etilayotgan ayrim kitoblarda ma'naviyat ba'zan ongning, ba'zan axloq va e'tiqodning, ko‘pincha ma'naviy madaniyatning sinonimi, ma'nodoshi, ba'zan hatto ularning hammasini ifodalaydigan yig‘ma tushuncha sifatida ishlatiladi. «Ma'naviyat jamiyat taraqqiyoti jarayonida shakllangan madaniyatning insoniyat, shaxs ongida ifodalanishidir. Madaniyat mazmun jihatdan nihoyatda keng bo‘lib, har bir tarixiy davrdagi ma'naviyat uning barcha tomonlarini qamrab ololmaydi»2, — deb hisoblaydi E. Yusupov. Ko‘rinib turibdiki, ma'naviyat bu yerda ongning madaniyatni aks ettirishiga ko‘ra, mazmun jihatdan nisbatan ajralib turadigan bir bo‘lagi, ideal hodisa deb to‘g‘ri, ammo biroz torroq talqin qilinmoqda.

Sovet davrida bitilgan falsafiy va kulturologik asarlarda doimo «ma'naviy hayot» va «ma'naviy dunyo» haqida so‘z yuritilgan. Ammo bu tushunchalar doirasida «ma'naviyat» alohida tahlil etilmagan. Rus olimlari haligacha bu an'anani davom ettirib kelmoqdalar.

O‘zbekistonda mustaqil taraqqiyotning ma'naviy omillarini mustahkamlash, ulardan samarali foydalanish zaruriyati ma'naviyat tushunchasini har tomonlama tahlil etishni taqozo etadi. Ma'naviyat faqat insonga, jamiyatga xos. Lekin u ilohiy yoki g‘ayritabiiy hodisa emas, balki ijtimoiy hodisadir. U inson faoliyati bilan bog‘liq. Tabiatda ma'naviyat yo‘q. Biz hayvonot dunyosi turlari, xillari, nasli va boshqa belgilariga qarab ularni odobli va diyonatli, nozik didli, xudojo‘y yoki kufr botqog‘iga botgan va h.k. deya olmaymiz. Masalan, odobli, vijdonli yoki tarbiya ko‘rmagan, vijdonsiz bo‘ri degan ibora mutloqo ma'nisiz (ba'zan adabiyotda ramziy, yoki hajviy mazmunda ishlatilishi mumkin). Tabiat uyg‘unlik va ichki simmetriyaga asoslangan bo‘lsada, u ma'naviyatning subyekti emas. Ammo tabiat ma'naviyatning obyektidir. Tabiatdagi mavjud go‘zallik, uyg‘unlik san'at asarida aks etishi (rassom, bastakor, shoir, yozuvchi asarlari, foto,-tele,-kinotasvirlarda va h.k.), alohida kishining yoki ekskursiyachi guruhning zavq-shavq olish manbaiga aylanishi mumkin.

Zavq-shavq, umuman ma’naviyat inson hissiyoti va aqlidan, inson ehtiyojlaridan tug‘iladi. Shu sababdan ma'naviyatda doimo subyektivlik bor. Inson ongi-shuuridan o‘tmagan, inson va jamiyat tomonidan anglab olinmagan hodisa ma'naviyat bo‘lolmaydi. Shu sababdan ijtimoiy hodisa sifatida ma'naviyat birinchi galda moddiy emas, balki ideal hodisadir. U barqaror insoniy tuyg‘ular, tushunchalar, baholar, meyorlar va ideallar – qadriyatlar tizimidir. Lekin inson va jamiyat hayotida moddiy va ideal hodisalar bir biriga o‘zaro ta'sir ko‘rsatadi, ular qarama-qarshiliklar birligini tashkil etadi. Moddiy hodisalar anglab olinishi jarayonida ideallashadi, subyektivlashadi, ya'ni inson (jamiyat) ongining bir bo‘lagiga aylanadi. Aksincha, inson ongi, bilimlari uning xulqida, faoliyatida, mehnatida, yaratgan ilmiy va badiiy asarlarida moddiylashadi, obyektivlashadi. Ma'naviyat obyektivlik va subyektivlik birligidir. Masalan, Alisher Navoiy asarlari o‘z obyektiv mazmuniga va shakliga ega. U biror shaxsning yoki davrning xohish-istagiga, didiga, tuyg‘ulariga, siyosiy qarashlariga bog‘liq emas. Bu ularning obyektiv jihati, ammo har bir kishi, har bir tarixiy davr Navoiy asarlarini o‘zicha talqin qiladi va tushunadi. Boshqacha aytganda, Alisher Navoiy ijodidan bahra olish, ko‘ngil mulkiga aylantirish doimo subyektiv tarzda kechadi.




Yüklə 344,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə