Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi


Mavzu: Ma'naviy sohaning genezisi va ijtimoiy-tarixiy evolyutsiyasi haqidagi ilmiy qarashlar



Yüklə 344,5 Kb.
səhifə5/24
tarix30.01.2022
ölçüsü344,5 Kb.
#83263
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24
Ma\'naviyatning ilmiy metodologiyasi

3. Mavzu: Ma'naviy sohaning genezisi va ijtimoiy-tarixiy evolyutsiyasi haqidagi ilmiy qarashlar

Reja:


1. Insoniyat tarixiy taraqqiyotida ma'naviyatning vujudga kelishi va rivojlanish xususiyatlari. Ibtidoiy sinkretizm

2. Ma'naviyat rivojlanishining jamiyat rivojlanishi bilan bog‘liqligi.

3. Sharq va G‘arb mutafakkirlari ijodida ma'naviyatga doir ilmiy qarashlar va munosabatlar mohiyati, ulardagi o‘ziga xoslik.
1. Inson doimo izlanishda. Eng avvalo u o‘zining kimligini bilgisi, insoniy tabiati bilan uyg‘unlikda yashagisi keladi. Insonning o‘zini anglashi ibtidosida va asosida ma'naviyat turadi. Ma'naviyatning o‘zi esa insonning poda bo‘lib yashashdan ongli urug‘-jamoa bo‘lib yashashga o‘tishi jarayonida, ya'ni ijtimoiylashuvi jarayonida shakllana boshlagan. Neandertal odam o‘zini tabiatdan, hayvonot olamidan ajratib anglashi va ilk urug‘ jamoada munosabatlarini tartibga solishi jarayonida ma'naviyatning ilk kurtaklarini vujudga keltirdi. Bu haqda biz ularning marosimiy unsurlari yaqqol ko‘rinib turgan dafn qoldiqlari orqali bilamiz. Antropologiya fanining so‘nggi tadqiqotlari hozirgi zamon odami (kramonion odami) neanddertallarning bevosita avlodi emasligini, neandertal genlari zamonaviy insonda faqat besh foizni tashkil etishini ko‘rsatmoqda. Neandertal odam homo sapiens (aqlli odam) deyiladi. Kramonion odami (zamonaviy insonlarning ilk ajdodlari) esa homo sapiens sapiens (aqlli-aqlli odam, yoki ikki karra aqlli odam) deyiladi. Kramonionlar neandertallarni asta-sekin siqib chiqargan, qisman assimilyatsiyalashtirgan. Kramonion odamida ma'naviyat unsurlari neandartallarga nisbatan yana-da ko‘proq bo‘lgan, deb faraz qilish mumkin.

Taxmin qilish mumkinki, kramonion odam yaratgan madaniyat bevosita neandertal odam madaniyati emas, lekin undan ancha-muncha unsurlarni olgan. Chunki neadertal odam yevropaning sovuq iqlimida, og‘ir sharoitda yashagan va turmush tarzida, ko‘nikmalarida, madaniyatida mazkur sharoitda foydali bo‘lgan unsurlarni yaratgan.

Rus qadimshunosi P. I. Boriskovskiy «Insoniyatning eng qadimgi o‘tmishi»5 kitobida marosimlar 400 ming yil ilgari paydo bo‘lgan deydi.G‘arb olimlaridan J. Klark marosimlar yoshini neandertal va «rodeziyalik» odam bilan bog‘laydi va 200— 150 ming yilga tenglashtiradi6. Marosimlarning qachon paydo bo’lgani fan uchun nihoyatda muhim bo’lsada, bizni ko’proq marosimlar shakllanishining aniq tarixiy davridan ko’proq ushbu hodisaning sababi qiziqtiradi.

Biz uchun muhimi - inson o‘z biologik, hayvoniy tabiatidan asl insoniy tabiatiga o‘tish jarayonida ma'naviylik unsurlarini o‘zlashtira boshlagani va oqibatda yangi tosh asrida nisbatan muvozanatga keltirilgan murakkab tizimga ega ma'naviyatni yaratganidir.

Dadil aytish mumkinki, neandertal odamlarda diniy-ma'naviy hayot unsurlari faqat dafn marosimlari bilangina cheklanmagan. Ular hattoki falakiyot hodisalariga, yulduzlar turkumlariga, alohida yulduzlarga nom berganlar. Isbot uchun shunday misol keltirish o‘rinlidir: o‘zbeklar yetti og‘ayni, yetti qaroqchi deb nomlaydigan yulduzlar turkumi bor. Yevropaning ko‘p xalqlari ularni Katta ona ayiq, Kichik ayiq deb atashadi. Jahonning boshqa ayrim xalqlari ham ularga nisbatan «ayiq» nomini qo‘llaydi. Qadimgi yunonlarning falakiyot asotirlarida bu bir necha variantda shunday tushuntiriladi. Ona ayiq – Zevsning mahbubasi Kallisto, Kichik ayiq - uning o‘g‘li Arkos. Zevs xotini Geraning rashkidan qo‘rqib, Kallistoni ayiqqa aylantirib qo‘yadi (boshqa bir variantda uni ayiqqa Gera aylantiradi, yana birida esa Artemida). Arkos ov qilib yurganda ayiq qiyofasidagi onasiga duch keladi va tanimasdan o‘q-yoyidan otmoqchi bo‘ladi. Zevs o‘g‘li Arkosning beixtiyor onasining qotiliga aylanib qolmasligi uchun uni ham ayiqqa aylantiradi va har ikkisini osmonga dumidan ushlab otib yuboradi (osmon ayiqlarining dumi uzunligi shundan).

Amerika hindularining madaniyati va tilini, etnografiyasini o‘rgangan olimlar ba'zi bir hindu qabilalari tilida bu yulduz turkumlarini «ayiq» deb atalishini aniqlaganlar, ammo e'tibor berishmagan. Yevropaliklarning ta'siri bo‘lsa kerak, deb qo‘ya qolishgan. Lekin kompyuterlar ancha rivojlangan XX asrning 70 yillarida tilning kelib chiqishi va atamalar shakllanishi bilan qiziqib yurgan olimlar bu o‘xshashlikka jiddiy yondashib, astronomlarga murojaat qilishgan: mazkur yulduz turkumlarining kompyuterda bir necha o‘nming yillar burungi osmondagi joylashuvi, koordinatlari aniqlansa, ayiqni eslatadigan holat kelib chiqmaydimi?

Aytish lozimki, osmondagi barcha jismlar, jumladan, yulduzlar ham doimiy harakatda. Faqat yulduzlar bizdan juda uzoq joylashgani uchun ularning bir-ikki asr, hatto ming yillar davomidagi holati o‘zgarmasdek tuyuladi. Aslida aksariyat yulduzlarning harakat tezligi va koordinat chiziqlari fanga yaxshi ma'lum. Astronomlar Katta ona ayiq va Kichik ayiq yulduzlarining tezligi, harakat chizig‘ini kompyuterlarga solib ortga aylantirsalar, haqiqatan bundan 200 ming yildan to 60 ming yilgacha ilgari ular osmonda ayiqni eslatadigan holatda ekan. Shu bois turli dinlarga, turli madaniyatlarga oid, bir-biridan nihoyatda yiroq va o‘zaro aloqa qilmagan xalqlarda, agar arxaik atama saqlab qolingan bo‘lsa, bu turkumlar hozirgacha «ayiq» deb ataladi. Vaholanki, ularning hozirgi ko‘rinishi ayiqni mutlaqo eslatmaydi. Demak, bu turkumlarga nomni shimoliy yarimsharda yashagan qadimgi odam, balki neandertal odam bergan. Neandertal odamda falakiyot asotirlari yoki shunga o‘xshash tasavvurlar bo‘lgan. Falakiyot to‘g‘risida qarashlar vujudga kelgan joyda, albatta, undan oldin kundalik maishiy turmush, jonsiz tabiat va uni bevosita o‘rab turgan hayvonot va o‘simliklar dunyosiga nisbatan qarashlarini ifodalovchi rivoyatlar, afsonalar, ertaklar, asotirlar shakllanadi. Bular esa ma'naviyat unsurlaridir.

Odamlar yovvoyilikdan ongli turmush kechirishga o‘tishi jarayonida o‘z munosabatlarini asta-sekin tartibga sola boshlaganlar. Dastlab onalar va bolalar, otalar va qizlar, akalar va singillar o‘rtasidagi jinsiy aloqalar taqiqlangan, so‘ng boshqa taqiqlar va majburiyatlar paydo bo‘lgan. Tabiatga munosabat ham tizimlashib borgan. Natijada ilk ibtidoiy xulq-atvor me'yorlari, marosimlar, ilk diniy tasavvurlar vujudga kelgan. Ular avloddan-avlodga o‘tib, boyib, takomillashib, murakkablashib borgan.

«Hayot nima, tirik jon qayerda joylashgan?», «Kishi o‘lganidan keyin, joni qayoqqa ketadi?» kabi savollar inson ongi o‘sgan sayin paydo bo‘lavergan. Qadimgi odam, balki kramonion odam, jonning manbai – ruh, qalb degan xulosaga kelgan: inson yuragi bilan emas, balki qalbi bilan hayvondan farq qiladi. Shundan buyon inson ruhning sir-asrori, voqeligi to‘g‘risida mulohaza yuritadi, o‘y o‘ylaydi. Bular uning aqliy, ijodiy faoliyati natijalarida aks etadi: asotirlarda, dinda, falsafada, odob-axloqida, san'atda va h.k.


Yüklə 344,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə