Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi



Yüklə 344,5 Kb.
səhifə3/24
tarix30.01.2022
ölçüsü344,5 Kb.
#83263
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24
Ma\'naviyatning ilmiy metodologiyasi

Inson ma'naviyati bilan hayvondan, jamiyat esa tabiatdan farq qiladi, deyish juda o‘rinlidir. Agar moddiy ishlab chiqarishda va moddiy ne'matlarni iste'mol qilishda insonning ijtimoiy-biologik mavjudot sifatidagi mohiyati namoyon bo‘lsa, ma'naviyatda (ma'naviy ne'matlarni yaratishda va ulardan foydalanishda, ma'naviy faoliyatda) insonning ijtimoiy-madaniy mavjudot sifatidagi mohiyati ro‘yobga chiqadi.

Ma'naviyat insonning ijtimoiy-madaniy mavjudot sifatidagi mohiyatidir, ya'ni insonning ezgulik, mehr-muruvvat, adolat, to‘g‘rilik, vijdon, or-nomus, vatanparvarlik, go‘zallikni sevish, undan zavqlanish, yovuzlikka nafrat, iroda, matonat va shu kabi ko‘plab asl insoniy xislatlari va fazilatlarining uzviy birlik, mushtaraklik kasb etgan tizimidir. Ushbu xislat va fazilatlar hayvonot uchun xos emas. Ammo ularning muqobillari - axloqsizlik, g‘araz, hasad va hokazolar ham hayvonlarda uchramaydi. Keyingilar ma'naviyatga emas, balki ma'naviyatsizlikka aloqador. Demak, ma'navi­yat bu shunchaki insonga xos belgilar yig‘indisi emas, balki ijobiy xislatlar, fazilatlar majmuidir. «Inson ongli faoliyatining, tafakkur salohiyatining har qanday shakli ma'naviyat bo‘la olmaydi. Inson ruhiy olamidagi muayyan ijobiy ijtimoiy ahamiyat kasb eta oladigan fazilatlargina ma'naviyat deb ataladi»3.

Insoniy fazilatlar jamiyatda tarixan shakllanadi. Ular ijtimoiy taraqqiyotning mahsuli. Kishilar o‘rtasidagi turli munosabatlarni anglash, ularni baholash, qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, yoki, aksincha, qoralash, cheklash, bartaraf etishga intilish zarurati turli axloqiy (keyinchalik huquqiy ham), estetik, diniy va boshqa me'yorlarni, urf-odat va marosimlarni yuzaga keltiradi. Ular qadriyat darajasiga ko‘tariladi. Qadriyat insonga, jamiyatga foyda keltiradigan, ularni yuksaltiradigan ijtimoiy baholar, me'yorlar va ideallarning umumiy atamasi va obyektivlashgan voqyeligi hamda badiiy, ilmiy asar, obidalar yoxud udum, marosim, axloq va h.k.

Qadriyatlarni o‘zlashtirish jarayonida kishida inso­niy fazilatlar qaror topadi. Insoniy fazilatlar, shunday qilib, ijtimoiy munosabatlarning (shu jumladan, tabiatga munosabatning) inson ongi va faoliyatida o‘zlashtirilgan qadriyat sifatida zohir bo‘lishidir. Boshqacha aytganda, insoniy fazilatlar va ularning majmui – ma'naviyat ijtimoiy qadriyatlarning mushtaraklashgan ifodasidir. Ma’naviyatni qadriyatlar tizimi sifatida idrok etish, unga aksiologik yondashuvdir. Qadriyatlarni o‘zlashtirish insonning qay darajada ma'naviy shaxsga aylanganini ko‘rsatadi, unga ichki kuch, iroda, e'tiqod, ijtimoiy ideal bag‘ishlaydi. Shularni nazarda tutib Islom Karimov: «Ma'naviyat — ruhan poklanish, qalban ulg‘ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini baquvvat, iymon-e'tiqodini butun qiladigan, vijdonini o‘yg‘otadigan beqiyos kuch, uning barcha qarashlarining mezonidir», — deya e'tirof etgan4

Ma'naviyat insoniy fazilatlar bilan birga «ma'na­viy madaniyat» deb atalmish dunyoviy ilm-fan, falsafa, axloq, huquq, adabiyot va san'at, xalq ta'limi, ommaviy axborot vositalari, urf-odatlar, an'analar hamda din va diniy amaliyot — ibodat, taqvo, diniy marosimlar va hokazo, diniy adabiyot, diniy san'at kabi boshqa ko‘plab tarixiy va zamonaviy qadriyatlarni qamrab oladi. Insonning hayotga munosabati rivojlanishi jarayonida uning ongi, ayniqsa, ilmiy, falsafiy, diniy tasavvurlari boyib boradi, o‘zgaradi. Shu boisdan turli ta­rixiy davrlarda yashagan kishilarning qarashlari, ijtimoiy baholari va mo‘ljallari, qadriyatlari o‘zaro farq qiladi.



3. Har qanday narsa va hodisani, ayniqsa murakkab sohalarni o‘rganishda ilmiy bilish metodlarini qo‘llashgina obyekt to‘g‘risida xolis va har tomonlama chuqur bilim berishga sharoit yaratadi. Bilish jarayoni o‘ta qiyin va ziddiyatlidir. Shu sababli ilmiy metodlarning mazmunidan xabardor bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Ularni ilmiy faoliyatda qo‘llay olish kerak. O‘tgan mavzuda ilmiy bilish metodlari haqida gapirgan, ular umumilmiy (falsafiy), xususiy ilmiy va alohida faqat shu fangagina xos bo‘lishi mumkinligini qayd etgan edik. Ulardan eng asosiylarini sanab o‘tgan edik. Yana bir bor takrorlab o‘tirmaymiz.

Ma’naviyatni, ma’naviy hayotni tadqiq etishda birinchi navbatda o‘rganilayotgan obyektning o‘ta qarama-qarshiliklarga boy, o‘zgaruvchan ijtimoiy jarayon ekanligi hisobga olinishi zarur. Bu esa ma’naviyatga, eng avallo konkret tarixiy yondashishni talab qiladi. Aks holda ma’naviyat – bu Oliy haqiqat sir-asrori, yoki semiotik kod, ramzlar tizimi va h.k deb, uning na mohiyatini, na tarixiy rivojlanishini anglay olamiz. Tarixiylik ijtimoiy hodisalarni, jarayonlarni to‘g‘ri tushunishning, bu boradagi haqiqatni ochishning birinchi odimi va kalitidir.

Tarixiylikning bir o‘zi ijodiy hodisalarni, jarayonlarni, jumladan ma’naviy hayotning o‘zgarishi, takomillashishi, rivojlanishi, yoki, aksincha, inqirozi, qashshoqlanishi sabablarini, ayniqsa ularning ko‘zdan yashirin qirralarini aniq ochib berolmaydi. Buning uchun tadqiqotchidan teran aql, tahlil qila olish va umumlashtirish salohiyati, izchil va manitiqiy fikrlay olish talab etiladi. Tarixiylik mantiqiylik bilan to‘ldirilishi shart. Mantiqiylikni qo’llamasdan ma’naviy jarayonlarga ta’sir ko’rsatuvchi birinchi darajali omillarni ikinchi, uchinchi darajalaridan, zaruriy va doimiy aloqalarni tasodifiy, muvaqqat aloqalardan ajratish qiyin kechadi. Tarixiylik va mantiqiylik ilmiy bilishning asosiy metodlaridan hisoblanadi. Ma’naviyatni o‘rganishda tarixiylik va mantiqiylikni qo‘llamasdan ma’naviy ongimizdagi, baholar va qadriyatlar tizimimiz, axloqimiz, siyosiy va huquqiy madaniyatimizdagi, urf-odatlarimiz, ilm-fanimiz, adabiyot va san’atimiz, ta’lim-tarbiya tizimimiz, ma’ishiy madaniyatimizdagi yutuq va kamchiliklar qanday va qayoqdan paydo bo‘lgan degan savolga qoniqarli javob topolmaymiz. Har bir ma’naviy hodisani, qadriyatni baholashda tarixiylik va mantiqiylik tamoyillaridan kelib chiqiladi. Kecha qadriyat hisoblangan narsa, bugun o‘z qimmatini yo‘qotgan, hatto salbiy mazmun kasb etgan bo‘lishi mumkin. Ba’zi maishiy urf-odatlar, xotin-qizlarni paranji va ichkarida saqlash, 9 yashar qizlarni, 12 yashar o‘g‘il bolalarni balog‘at yoshiga kirgan deb hisoblash va h.k bunga misoldir.

Ma’naviy hayot bir tomondan, jamiytaning obyektiv qonunlari ta’sirida jamiyat bilan birga o‘zgaradi, rivojlanadi. Ayni paytda ma’naviyat o‘zining xususiy rivojlanish va faoliyat ko‘rsatish qonunlariga ega. Ular (jamiyat va ma’naviyat qonunlari) obyektiv xarakterga ega, hech bir shaxs, partiya, ijtimoiy guruh, tabaqa, sinf, davlat tomonidan belgilanmaydi, ularning xohish-irodasiga bo‘ysunmaydi. Ammo, ikkinchi tomondan, butun jamiyat hayoti kabi, ma’naviy hayot ham odamlarning ongli faoliyati, o‘zaro aloqalari, hamkorligi, bunyodkorligi, ijodi orqali yuzaga chiqadi. Ya’ni obyektiv qonunlar subyektiv faoliyat orqali yuzaga chiqadi, voqe bo‘ladi.

Odamlarning ongli faoliyati ma’naviyat qonunlarini bekor qilolmaydi, ammo ularning yuzaga chiqishiga yo yordam berishi (shart-sharoitlar yaratib), yo xalaqit berishi (har xil iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy to‘siqlar hosil qilib) mumkin, xolos.

Ma’maviyatning ko‘ptarkibli ziddiyatli tuzilma ekanligini hisobga olib unga yaxlit tizim, sistema sifatida yondashmoq lozim. Sistema (tizim), odatda, nisbatan muxtoriy, mustaqil, ammo o‘zaro bog‘liq tarkibiy qismlardan iborat bo‘ladi. Masalan, ma’naviyat tizimiga ong, tafakkur, til, axloq, falsafa, din, ilm-fan, adabiyot va san’at, ta’lim-tarbiya, huquq, iroda, ma’naviy muhit kiradi. Ma’naviy hayot tizim sifatida yanada kengroq tushunchadir. Unga jamiyat ijtimoiy-ma’naviy hayoti bilan bog‘liq faoliyat turlari va institutlari ham kiradi. Masalan, OAV, matbaachilik, reklama, shou-biznes, konsertlar va har xil ko‘rgazmalar, bayramlar, marosimlar va h.k. h.k ma’naviy hayotning tarkibiy qismlaridir.

Ma’naviyat tarkibiy qismlari bir-biridan farq qiluvchi o‘z tushunchalari, tamoyillari, baholari va rivojlanish qonunlariga ega. Masalan, axloq tushunchalari, tamoyillari, baholari adabiyot va san’atnikidan, yoki filosifiya va tabiatshunoslik fanlarinikidan farq qiladi. Ammo ma’naviyatning mushtarak, bus-butun tizimi, sistemasi ichida ular ma’naviyatning rivojlanish qonunlariga bo‘ysunadi. Ularni yagona maqsad va bosh vazifa – insonga, jamiyatga xizmat qilish, ularni yanada yuksaltirish birlashtiradi.

Sistema (tizim) o‘rganilayotganda uning qismlari o‘rtasidagi aloqalar: rang-barangliklar birligi, uzviylik, farq, ziddiyatlar, umumiylik, xususiylik, yagonalik kabi tamoyillar, yuqorida va avvalgi mashg‘ulotda aytilgan ilmiy metodlar zaruratga qarab qo‘llanilishi lozim. Qism va bus-butunlik, tizim va uning tuzilmalari dialektikasi yordamida ma’naviyatni va ma’naviy hayotni yaxshiroq, to‘laroq va har tomonlama o‘rganish mumkin.

Yuqoridakilardan ayon bo‘lmoqdaki, ma’naviyatni tadqiq etishga nafaqat tizimli (sistemaviy), shuningdek tuzilmaviy (strukturaviy) ham yondashish lozim.

Sturkturalizm, strukturaviy uslub tizimli yondashuv bilan bevosita bog‘liq. Tizimli (sistemaviy) yondashuv qo‘llaydigan usullardan biri strukturali-funksional tahlil deyiladi.

Strukturaviy usulning asosini muayyan tuzilmaning (bizning mavzuimizda – ma’naviaytning) munosabatlar yig‘indisi sifatida aniqlash va anglab olish yotadi. Bu munosabatlar qayta tashkillashtirish, o‘zgartirish, rivojlantirish jarayonida invariantli hisoblanadi. Strukturaviy usulning o‘ziga xos belgisi shundan iboratki, u diqqatni tizimning alohida unsurlari, qismlari xossalaridan ularning o‘zaro aloqalariga va bu jarayonda hosil bo‘lgan reaksion, reaksiya qilish, ya’ni tizimli qabul qilingan xossalarga qaratadi. Masalan, axloq va san’atning ma’naviyat tarkibiy qismlari, unsurlari sifatida, strukturaviy usulga ko‘ra, o‘ziga xos, bir-biridan farq qiluvchi sifatlariga emas, ularning bir-biriga ta’siri natijasida paydo bo‘lgan yangi sifatlariga, xossalariga e’tibor qaratiladi. Neha bizning ko‘zimizga o‘laksaxo‘r hayvonlar va qushlar xunuk, yirtqichlari (sher, qoplon, burgut, lochin) go‘zal ko‘rinadi? Chunki biz ularga axloqiy munosabatlarni ko‘chiramiz. Yirtqichlar ongimizda mardlik, kuch, shijoat, jasorat timsoliga , o‘laksaxo‘rlar esa ojizlik, tekinxo‘rlik, qashshoqlik, tilamchilik va umuman hayotdagi omadsizlik timsoliga aylangan. Tabiatda esa aslida unday emas. O‘laksaxo‘rlar tana tuzilishiga ko‘ra, yirtqichlarda xunuk hisoblanmaydi.

Strukturaviy usul madaniyatni, ma’naviyatni belgilar, timsol va ramzlar tizimi (sitemasi) sifatida o‘rganadi. Ular orasida eng muhimi til hisoblanadi. Ayni paytda san’at, ilm-fan, din, mifologiya (asotirlar), urf-odatlar, moda, reklama strukturalizmning tadqiqot obyektini tashkil qiladi. Chunki aynan ushbu obyektlarda strukturaviy – semiotik usul yaxshi natijalar beradi va o‘rganilayotgan obyektning ko‘zdan yashirin jihatlarini, xossalarini ochishda qo‘l keladi. Strukturaviy usul mohiyat-mazmuniga ko‘ra ko‘proq formal usul. Umuman strukturaviy yondashuv formallashtirish va modellashtirish usullarini ko‘p qo‘llaydi. Uni jonli, murakkab jarayonlar, ayniqsa ma’naviyat rivojlanishiga nisbatan doim ham qo‘llab bo‘lmaydi. Ammo ma’naviyatdagi diaxroniyani, rivojlanishni emas, balki sinxronik munosabatlarni, barqaror tizimiylikni o‘rganishda uning o‘z ustunliklari bor.

Har qanday jarayon, ma’naviyat kabi murakkab ijtimoiy hodisa o‘rganilayotganda ilmiy usul va vositalarning bir-ikkitasi emas, o‘sha tadqiqot talab qiladigan zarur usullar va vositalarning barchasi qo‘llanilishi lozim.

4. Ma’naviyatni shakllantiruvchi omillarni turli sinflarga bo‘lish, tasniflash klassifikatsiyalash deyiladi. Har qanday tasniflash asosida muayyan tamoyil, yetakchi mezon yotadi. Olingan tamoyil, mezonga qarab, ma’naviyatni o‘zini va uning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi mezonlarni turlicha tasniflash mumkin.

Masalan, ma’naviyat shakllanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni mazmuniga, kelib chiqishiga ko‘ra, tabiiy- geografik, moddiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, diniy, mafkuraviy, ilmiy, badiiy guruhlarga bo‘lish mumkin. Yoki diniy-e’tiqodiy, diniy-madaniy mezonlarni hisobga olib, ma’naviyatni islom, xristian, buddaviylik, yahudiylik, hinduizm, shomonizm, ko‘pxudochilik madaniyatlariga ma’naviyatiga ajratish mumkin. Jamiyatning taraqqiyot darajasidan kelib chiqib, ma’naviyatni va unga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni tasniflasak, ibtidoiy jamiyat, agrar jamiyat, industrial jamiyat va postindustrial jamiyat ma’naviyatlari gavadalanadi.

Jamiyatning yetakchi mulk shakllari va ijtimoiy-siyosiy tuzumlari har xilligi ma’naviyatni va uning shakllanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni ibtidoiy jamiyat, quldorlik, feodalizm, kapitalizm, sotsializm jamiyatlari ma’naviyati va omillariga ajratishga asos bo‘ladi.

Xalqlarning bir biriga o‘xshashligi, umumiy ildizlarining, tilining birligi ma’naviyatlarni turkiy xalqlar, somiy, slavyan, roman, german, fin-ugor, xitoy, kavkaz, paleosiyo xalqlari ma’naviyatiga bo‘lish imkonini beradi.

Bugungi kundagi etnik jipslik darajasi va milliy manfaatlarni ifodalashiga ko‘ra, o‘zbek, rus, qozoq, nemis, fransuz, arab va h.k. ma’naviyatalar, ya’ni milliy ma’naviyatlar ajralib turadi.

O‘z navbatida turli xalqlarning tabiiy yashash sharoitining – iqlimi, landshafti, tabiiy resurslarining bir biridan farq qilishini hisobga olsak, cho‘l va sahro xalqlari, tog‘ va tog‘ oldi, o‘rmonlar, tropik o‘rmonlar, mo‘tadil iqlimga ega pasttekisliklar, tundra va abadiy muzliklar, dengiz bo‘ylari va orollarda istiqomat qiluvchi xalqlar turmush tarzi, ongi, tafakkuri, urf-odatlari, ishlab chiqarish madaniyati, mehnat uquvi, kasbiy bilimlarida o‘ziga xos boshqalarda takrorlanmaydigan belgilar, hodisalar borligiga amin bo‘lamiz.

Ijtimoiy tamoyillar va mezonlar ham xilma-xil. Ularga tayanib ham ma’naviyatni, unga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni turlicha tasniflash mumkin. Masalan, aholining ishlab chiqarish va yashash sharoiti – qishloq va shahar ma’naviyatini, jamiyatning ijtimoiy-sinfiy, tabaqaviy tuzilmasi – kiborlar, yuqori tabaqalar ma’naviyati, madaniyati – elitar (yuksak) ma’naviyat va madaniyatni hamda oddiy xalq, avom ma’naviyati, madaniyatini ajratishga, ommaviy inson, ommaviy jamiyatning vujudga kelishi esa ommaviy madaniyatni ajratishga asos bo‘ladi.

Xullas, tasniflash negiziga qandaydir bir yetakchi tamoyil (prinsip) yoki mezon (kriteriy) qo‘yiladi. Shu sababdan har qanday tasniflash nisbiy xarakterga ega, hech qachon to‘liq va mukammal hisoblanmaydi. Chunki ma’naviyatning va unga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning barcha xususiyatlarini, qirralari va tomonlarini birday ifodalay olmaydi. Milliylikdan kelib chiqilsa, moddiy-iqtisodiy va tarixiy omillarni to‘la hisobga olish qiyin. Aytaylik, o‘zbek milliy ma’naviyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar desak, bugungi mustaqillik sharoitida mavjud omillarni, jamiyatda o‘tkazilayotgan tub islohotlarni nazarda tutamiz. Lekin o‘tmishda – qadimgi va antik davrda, ilk va so‘ngi o‘rta asrlarda, mustamlakachilik davrida o‘zbek xalqi ma’naviyati rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatgan moddiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, diniy va mafkuraviy omillarni alohida o‘rganishga to‘g‘ri keladi. O‘zbek xalqi shahar va qishloqlarda, cho‘l va vodiylarda yashaydi. Dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik bilan shug‘ullangan, bugun zamonaviy zavod-fabrikalarga ega. Shaharlarda va qishloqlarda yashaydigan aholining turmush madaniyati, dunyoqarashi, olamni idrok etishi, qiziqishlarida umumiylik, barcha o‘zbeklarga xos jihatlar bilan bir qatorda xususiylik, faqat shaharliklarga va qishloqliklarga xos belgilar ham bor. Bundan tashqari, o‘zbek xalqi o‘tmishda uchta xonlikka bo‘linib ketgani sababli unda mintaqaviy-regional ba’zi belgilar shakllanib qolgan. Ular bugun psixologiya va urf-odatlarning ayrim o‘ziga xosliklarida, maishiy madaniyatda qisman saqlanib qolgan. Masalan, qashqadaryoliklarning mehmondorchiligi farg‘onaliklar bilan milliylik jihatidan juda o‘xshash, ammo bir biridan farq qiladigan jihatlari ham bor.

Ma’naviyat o‘rganilayotganda, biror bir tamoyil mutlaqlashtirilmasligi, boshqa tamoyillar kamsitilmasligi kerak. Aks holda bu bir yoqlamalikka, ilmiy xatoliklarga olib keladi. Marksizm-leninizm sinfiylik tamoyilini mutlaqlashtirgan edi. Undan kelib chiqib, har bir millat ikki millatga – ekspluatatorlar va ekspluatatsiya qilinuvchilar millatiga, har bir milliy madaniyat ham ikkiga ekspluatatsiya qiluvchilar, ko‘p hollarda qoraguruhchilar va ekspluatatsiya qilinuvchi oddiy xalqning go‘yoki demokratik madaniyatiga bo‘lingan edi (V. I. Lenin). Bunday biryoqlama, xato yondashuv sinfiylik (partiyaviylik) tamoyilining mutlaqlashtirish oqibatidir. Har xil sinflar, tabaqalar qarashlari, qiziqishlari, manfaatlari o‘rtasida muayyan farq bor, albatta. Bu ularning ma’naviyatiga ta’sir qilishi ham to‘g‘ri. Ammo siyosiy manfaatlar va g‘oyalar hatto qarama-qarshi bo‘lganida ham, u millatni, milliy ma’naviyatni, madaniyatni o‘zaro dushman qismlarga to’liq bo‘lib tashlay olmaydi. Chunki axloq, urf-odatlar, psixologiya, til, adabiyot va san’at xalqning, millatning turli sinflari va tabaqalari uchun birlashtiruvchi negiz bo‘lib qolaveradi.


Yüklə 344,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə