Ma'naviyatning ilmiy metodologiyasi


Ma’naviyat istiqbolini prognozlash (bashorat qilish, taxmin qilish) muammolari



Yüklə 344,5 Kb.
səhifə4/24
tarix30.01.2022
ölçüsü344,5 Kb.
#83263
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24
Ma\'naviyatning ilmiy metodologiyasi

5. Ma’naviyat istiqbolini prognozlash (bashorat qilish, taxmin qilish) muammolari.

Ma’naviyatga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar rang-barangligini, ular bir biriga va ma’naviyatga doimo har xil ta’sir ko‘rsatishini hisobga olsak, ma’naviyat istiqbolini aniq prognozlash juda qiyin ekanligiga amin bo‘lamiz. Ijtimoiy-siyosiy, huquqiy omillar ancha qulay, davlat siyosati nisbatan ilg‘or bo‘lganida, ma’naviyat yuksalishi uchun qulay imkoniyatlar paydo bo‘ladi. Ammo bunday qulay vaziyatda ham tabiiy ofatlar, qurg‘oqchilik yuz berib qolsa mamlakat aholisi iqtisodi nochor ahvolga tushib qolishi mumkin. Davlat siyosati, mafkuraviy, tarbiyaviy ishlar iqtisodiy jihatdan ta’minlanmasa, qo‘llab-quvvatlanmasa, odamlarda ularga nisbatan ishonch pasayadi, asabiy kayfiyat yoki beparvolik, loqaydlik, xudbinlik kuchayadi. Bunday sharoitda odamlar dunyoqarashida qanday o‘zgarishlar bo‘lishini, ma’naviyat qanday yo‘qotishlarga duch kelishini aniq taxmin qilish mushkul.

Xalqaro vaziyat, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi notenglik, g‘arb mamlakatlarining demokratiyani va inson huquqlarini olg‘a siljitish bahonasida rivojlanayotgan mamlakatlarga mafkuraviy va siyosiy tazyiq o‘tkazishi, ular bilan amalga oshirilayotgan aloqalarda ikki xil standartlarning qo‘llanilishi ma’naviyatga, odamlar ongiga ko‘p xollarda salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunday sharoitda har xil ekstremistik g‘oyalar, qarashlar va terrorizm g’oyalari kabilar tarqalib borayotir. Ularni biror mamlakat, hudud chegarasi ushlab qololmayotir. Chunki zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari oldida bu imkonsizdir. Buning ustiga yana zamonaviy ommaviy madaniyatning qarama-qarshiliklarga boy ta’sirini, virtual olamini, odamlarning robotga, kompyuter quliga aylanib borayotganini qo‘shish lozim.

G‘arb mamlakatlarida an’anaviy mumtoz qadriyatlar – oila, axloq, maishiy va jinsiy munosabatlar, adabiyot, san’at ancha-muncha – birovida ko‘proq, birovida ozroq, lekin hammasida deformatsiya uchramoqda, o‘zaro begonalashuvning yangi shakllari vujudga kelmoqda. Yevropa mamlakatlariga ish izlab, yoki urushdan, siyosiy tazyiq va qashshoqlikdan qochib ko‘plab muhojirlar kelmoqda. Ularga aholining, siyosatchilar va olimlarning munosabati turlicha. Ba’zi siyosatchilar va olimlar multikulturalizm g‘oyasini olg‘a surib, muhojirlar yevropaning ijtimoiy-ma’naviy hayotiga rang-baranglik olib kiradi, ma’naviy madaniyatlar boyishiga xizmat qiladi degan bashoratni olg‘a surgan edilar. Ba’zilari esa, aksincha, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi to‘qnashuv va urushlar muqarrarligini isbotlashga uringan edilar. Biz bu masalalarga tegishli maxsus mavzularda yana qaytamiz va ular nazariyalarini batafsil qarab chiqamiz.

Ma’naviyat istiqbolini bashorat qilishning yana bir qiyinchiligi shundan iboratki, ilg‘or ilmiy, badiiy, ijtimoiy-siyosiy g‘oyalar tug‘ilishi va rivojlanishida buyuk shaxslar, daholar katta rol o‘ynaydi. Ertaga adabiyot, san’at, yoki muayyan fundamental fanda qanday buyuk daho tug‘ilishini, qanday ilmiy-texnikaviy kashfiyotlar amalga oshirilishini oldindan aniq aytish qiyin, faqat fan-texnika taraqqiyoti ertaga qanday bo‘lishini, bugungi qaysi muammolar erta-indin yechilishini ma’lum darajadagina bashorat qilish mumkin. Ammo adabiyot va san’at rivojlanishining turli tendensiyalari aniqlanganda ham, ertaga qanday natijalarga erishilishini aytib bo‘lmaydi. Chunki adabiyot va san’at asarining yuzaga kelishi, fan-texnikadan farqli, birinchi galda ijodkorning – yozuvchining, musavvirning, kompozitorning, rejissyorning individual iste’dodiga, intilishlariga bog‘liq. Zamonaviy fan-texnikada individual iste’dod hissasi ulkan bo‘lsa-da, tadqiqot ko‘proq jamoaviy xarakterga ega.

Hozirgi zamon globallashuvi, kapital va ishchi kuchlarining erkin harakatlanishi, milliy iqtisodiyotlar, tillar, madaniyatlar o‘rtasida integratsiyaning kuchayishi millatlar, ularning tili, madaniyatining kelajagi to‘g‘risida yangidan-yangi bashoratlarni tug‘dirmoqda. Ulardan biri – go‘yoki soni 300 mlndan kam bo‘lgan xalqning kelajagi yo‘q. U boshqa yirik xalqlarga assimiliatsiya bo‘lib ketishga mahkum. Bunday bashoratning hech qanday ilmiy asosi yo‘q. Nega aynan 300 mln raqami olingan? Balki, ushbu prognozni olg‘a surayotganlar AQSH aholisi sonidan kelib chiqqandir. To‘g‘ri, kamsonli xalqlar oliy, o‘rta maxsus, hatto o‘rta ta’limni yo‘lga qo‘yishi muammo. Ularning bilimlari zamonaviy mutaxassisliklarni, fan cho‘qqilarini egallashlari uchun boshqa yirik xalq tilini egallashlariga to‘g‘ri keladi. Sobiq SSSR Chekka Shimol va Kavkazdagi kamsonli xalqlarni-ku qo‘ya turaylik, fanning ko‘plab sohalarini egallash uchun hatto ukrainlar, o‘zbeklar kabi ko‘pmillionli millatlar ham rus tilini bilishlari shart edi. Jahon miqyosida esa bugun SSSR va sotsialistik tizim tarqalganidan keyin rus tilining mavqei ancha pasaydi. Bugun ilm-fan sohasida dunyoga tanilmoqchi, jahon ilmi yutuqlarini yaxshi o‘zlashtirib, rivojlantirishni istagan kishi, ingliz tilini yaxshi bilmog‘i lozim. Shu sababdan O’zbekistonda ta’limning barcha bo’g’inlarida ingliz tilini o’qitishga e’tibor kuchaydi

Jahonda integratsiya tendensiyasi qatorida turli xalqlarda milliy o‘zligini anglash, milliy identligi va madaniyatining o‘ziga xosligini saqlab qolish tendensiyasi ham kuchaymoqda. Bu milliy tillar va madaniyatlarni assimiliatsiya bo‘lishdan saqlab qoluvchi omillardir. Lekin ular subyektiv omillardir, qaydarajada obyektiv integratsiya jarayoniga qarshi tura olishi mumkinligini bashorat qilish qiyin.

Xullas, ma’naviyat istiqbolini prognozlash oson emas. Buning uchun kompleks falsafiy, sotsilogik, kulturologik, politologik, psixologik, matematik va boshqa tadqiqotlar o‘tkazilishi, to‘plangan materiallar har tomonlama baholanishi, tahlil qilinishi lozim.

Ma’naviyatning istiqbolini prognozlash qiyinligi umuman bu masala bilan shug‘ullanmaslik kerak degan tasavvurni uyg‘otmasligi kerak. Ma’naviyatning konkret yo‘nalishlari, shakllari, sohalarida jamiyat tizimli va ma’lum darajada rejali ish olib borishi talab qilinadi. Bunda jamiyatda vujudga kelayotgan aniq ehtiyojlar hisobga olinadi. Masalan, fan-texnika, texnologiyalar taraqqiyoti ertaga oddiy ishchi oldiga qanday talablar qo‘yishini hisobga olib ta’lim tizimi takomillashtirilib, yangi predmetlar kiritiladi, yangi ta’lim dasturlari va darsliklar, o‘quv-laboratoriya jihozlari, uskunalari bilan ta’minlanib boriladi. Buni O‘zbekistonda ta’lim sohasida o‘tkazilayotgan islohotlar ko‘rsatib turibdi.

Buzg‘unchi g‘oyalarning, axborot xuruji va boshqa salbiy tendensiyalarning yoshlar ongiga, ma’naviyatimiz istiqboliga ta’siri salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi hisobga olinib, mafkuraviy immunitetni shakllantirish masalasiga yurtimizda katta e’tibor berilmoqda. Yoki turli fan olimpiadalari, san’at sohasida o‘tkazilayotgan konkurslar, yuzlab musiqa va san’at maktablarining ochilishidan maqsad ma’naviyatimiz rivojlanishini rag‘batlantirish, yosh ijodkorlarni tarbiyalashdir. Ma’naviyat rivojlanishiga qaysi omillar qanday ta’sir ko‘rsatishini bilgan holda salbiylarining oldini olishga, ijobiylarini yuzaga chiqarishga urinishlar ma’naviy rivojlanishni prognozlash bilan bo‘gliq.




Yüklə 344,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   24




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə