Mavzu: Faoliyat va motivatsiya. Reja



Yüklə 103,83 Kb.
səhifə5/15
tarix18.04.2022
ölçüsü103,83 Kb.
#85632
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15
mavzu faoliyat va mativatsiya va muloqot-1

O’yin faoliyati. Faoliyatning oddiy shakllaridan biri o’yin hisoblanadi, lekin u tobora takomillashib, sodda harakatlardan keyinchalik syujetli, roli o’yinlarga, hatto sportgacha murakkablashib boradi, atrof-muhitni aks ettirishida ishtirok eta boshlaydi. Insonning borliqni in’ikos etishidagi dastlabki urinishni harakat orqali namoyon etadi. Harakatlar bolaning tabiatga, uni qurshab turgan kishilik dunyosiga nisbatan munosabatini, ular to’g’risidagi ilk taassurotlar, sodda tasavvurlar, bilimlarni o’zlashtirishni anglatib keladi. Keyinchalik oddiy harakatlar muayyan ma’no kasb etib, syujetli va rolli o’yinlarga aylanadi. O’yinlar milliy (etnik) va umumbashariy turkumlardan tarkib topgan bo’lib, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini o’zida aks ettiradi. O’yinlar takomillashib borib sport turlariga, sport faoliyatiga o’sib o’tadi, jumladan, shaxmat, damino, futbol, shashka va hokazo. Sport o’yin faoliyati sifatida barcha yoshdagi insonlarga xos bo’lib hisoblanadi.

O’yin faoliyatida bola ijtimoiy voqelikni taqlid, rolь orqali ijro etishga harakat qiladi va shu yo’sinda atrof-muhit to’g’risidagi, ijtimoiy turmushdagi shaxslararo munosabatlarni o’zlashtira boradi. Ijtimoiy turmushdagi u yoki bu hodisani rolь orqali ijro qiladi. So’z bilan harakatning birikuvi natijasida o’yin faoliyat tusini oladi va muayyan ma’no, axborot berish, uzatish imkoniyatiga ega bo’ladi. Dastlabki o’yin aynan kattalar xatti-harakatini takrorlash, ularga taqlid qilish bilan tavsiflanadi. Syujetli o’yinlar borliqning goh anglangan, goho anglanmagan tarzda u yoki bu tomonlarini egallashga xizmat qiladi.

O’yin dastavval bola uchun vaqt o’tkazish, uni mashg’ul qilish funktsiyasini bajarsa, keyinchalik ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot namunalarini ifodalash darajasiga o’sib o’tadi. Rollar, ma’noli harakatlar, ibratli imo-ishoralar, tushunchalar bola shaxsini shakllantirishda faol ishtirok etadi. Bola tug’ilganidan to maktab ta’limigacha davrida uning uchun o’yin faoliyati yetakchi faoliyat rolini bajaradi, shuningdek, o’yin didaktik tus kasb etishi ham mumkin.

Bolalar o’yinlarining dastlabki ilmiy tahlili rus olimi Yo.A.Pokrovskiy tomonidan 1887 yilda amalga oshirilgan. Uning fikriga ko’ra, “o’yin” to’g’risidagi tushunchalar o’ziga xoslikni va tafovutni u yoki bu xalqqa mansublikni bildiradi.

Oradan yarim asr vaqt o’tgandan keyin 1933 yilda “o’yin” tushunchasining etimologik tahlilini amalga oshirgan va uning o’ziga xos alomatlarini tasniflashga harakat qilgan golland olimi F.Boytendayk hisoblanadi. Boytendayk o’yinning alomatlari qatoriga quyidagilarni kiritadi: “u yoqqa va bu yoqqa” harakat, ixtiyorsizlik va erkinlik, quvonch va ermaklik. Bunday alomatlardan qanoatlanmagan muallif, uning fenomenini bolalar faoliyatini kuzatish orqali aniqlash mumkin, chunki o’yinning qiymati va ahamiyati ularning o’zlari tomonidan oqilona baholash, degan xulosaga keladi.

O’yinni vujudga kelish tarixiga ilmiy yondashish nemis psixologi V.Vundtga 1887 yilda nasib etdi. Uning mulohazalariga ko’ra, o’yinning manbai huzur qilish, rohatlanishdan iboratdir. V.Vundt bildirgan fikrlar yoyiq xususiyatga ega bo’lib, o’yinning u yoki bu jihatlarini yoritishga xizmat qiladi. Uning fikricha, o’yin – bu bolalarning mehnatidir. Hech bir o’yin yo’qki, u jiddiy mehnatning u yoki bu shaklining prototipi bo’lmasin, hamisha uning vaqtdagi va fazodagi haqiqiy holatini o’zida aks ettirmasin. Yashash zarurati insonni mehnat qilishga majbur qiladi. Mehnat orqali inson o’z kuch-qudratini baholashga o’rgana boradi, huzur qilish va rohatlanishining manbai ekanligiga iqror bo’ladi. Uningcha, o’yin mehnatning foydali jihatini yo’qotib boradi. SHuningdek, mehnat jarayonidagi eng yoqimlilik, uning natijasi maqsadga aylanadi. V.Vundt mehnat predmetini harakat usullaridan alohida hukm surishiga ishora qiladi. Bu bilan u psixologiya tarixida ustunlik qilib kelayotgan “o’yin insonning biologik jabhasi” degan g’oyaga qo’shimcha tariqasida unga ijtimoiy-tarixiy jihatni kiritadi. V.Vundtning ushbu g’oyasi psixologiya fani uchun alohida ahamiyat kasb etadi va o’yinning tadqiqotiga keng imkoniyatlar ochadi.

Jahon psixologiyasi fanida o’yin nazariyasiga yirik ulush qo’shgan olimlardan biri – K.Gross2 hisoblanadi. Yigirmanchi asrlarning boshlarida o’yin nazariyasi uchun eng qulay va sermahsul davr bo’lgan. U o’z zamondoshlari D.A.Kolotstsa va G.Spenserlarning fikr va mulohazalariga asoslangan holda o’yin nazariyasini yaratdi. K.Gross o’z g’oyasini umumlashtirib, uni “mashqlantirish nazariyasi” yoki o’z-o’zini tarbiyalash deb ataydi va uni quyidagicha tasniflashga harakat qiladi:

Har qaysi tirik mavjudod irsiy beriluvchanlik, mayl xususiyatiga ega bo’lib, uning xulq-atvorida maqsadga muvofiqlikni kasb ettiradi. Yuksak darajadagi jonivorlarning tug’ilishidan berilgan xislatlari qatoriga faoliyatga impulьsiv intilishni kiritish mumkin, chunki u jismoniy o’sish davrida yaqqol namoyon bo’ladi.

Yuksak darajadagi mavjudodda, xususan insonda irsiy javob harakatlari murakkab hayotiy muammolarni bajarishga yetarli emasdir.

Har qaysi yuksak taraqqiy etgan mavjudod hayotida bolalik davri mavjud bo’lib, u o’sish va rivojlanish xususiyatiga ega. Lekin mustaqil hayot va faoliyatni ta’minlay olmaydi. CHunki unga bunday imkoniyatni ota-onaning parvarishi yaratadi va u tug’ma mayl va moyilliklarga asoslanadi.

Bolalik davri hayot uchun eng zarur shart-sharoitlarga va ularga moslashuvni egallash maqsadiga tabiiy ravishda yo’nalgan bo’ladi. Biroq irsiy javob harakatlariga bevosita asoslanmaydi. Inson zotiga uzundan-uzun bolalik davri beriladi. Qanchalik faoliyat mukammal bo’lsa, unga shunchalik ko’proq tayyorgarlik joiz.

Bolalik xususiyatiga binoan hayotga ko’nikish yo’llari turli-tumandir. Ko’nikish yoki moslashish yo’lining eng tabiiysi va shuning bilan eng zaruri shundan iboratki, bunda faoliyatga nisbatan impulьsiv ehtiyojning mavjudligi irsiy reaktsiyalar o’z-o’zicha namoyon bo’lishiga zamin hozirlaydi. Bunday sharoit irsiy harakatlarga asoslangan holda yangi malakalarni egallashni vujudga keltiradi. Avvalo yangi odatiy harakatlar yaraladi.

Ko’nikish yoki moslashish yo’llari insonni taqlid qilishda o’z ifodasini topuvchi nasliy intilish, mayl orqali amalga oshiriladi. Bu narsa keksa avlodning qobiliyatlari va odatlari bilan uzviy bog’liq ravishda kechadi.

Shaxsiy ichki qo’zg’alish xususiyatiga ko’ra, rivojlanuvchi individuum hech qanday maqsadning tashqi ko’rinishisiz o’z mayli hamda intilishini namoyon qiladi, mustahkamlaydi va o’stiradi. Bu o’yinning dastlabki nishonalaridan dalolat beradi.

K.Byuler K.Grossning ogohlik nazariyasini tan olib, o’yin filogenezga taalluqli ekanligini ta’kidlab, uning dressura bosqichi uchun ogohlik ekanligini uqtiradi. U o’yinning mohiyati va tomonlarini ochishda o’zining gedonalogik (huzur qilish) reaktsiyaning birlamchiligi nazariyasiga asoslanadi. K.Byuler Z.Freydning rohatlanishga intilishdan iborat g’oyasini e’tirof etsa-da, lekin inson faoliyati va rivoji uchun harakatlantiruvchi emas ekanligini uqtiradi.

O’yin nazariyasiga o’zining munosib hissasini qo’shgan olimlardan biri – bu Boytendaykdir. U K.Grossning ogohlik nazariyasiga ikki xil mazmunda e’tiroz bildiradi.

O’ynay bilmagan hayvonlar instinkt darajasiga ko’ra zaif deyishga hech qanday dalil yo’q. CHunki instinktiv faoliyatda mashqlanishning roli yetarli yuksak emas. SHuning uchun faoliyatning instinktiv shakllari mashqlanishga bog’liq bo’lmasdan, balki ulardan tashqari muhitda takomillashadi.

Mashqlanish o’yinning mohiyatida yotmaydi, lekin uning tayyorgarlik mashqlari mavjud bo’lib, ular o’yin deyilmaydi.

F.Boytendayk o’yin predmetining tanishligi yoki notanishligi o’rtasidagi munosabatini uning obrazliligi deb ataydi. Obrazning affektiv va gnostika munosabati (notanish yoki hayotiy) fantaziyani keltirib chiqaradi. Binobarin, antropomorfizm sahovati sifatida fantaziyalashgan obrazlar, tasavvurlar vujudga keladi.

O’yin nazariyasiga oid ilmiy qarashlar E.Klapared, Dj.Kollarits, X.SHlosberg, Dj.Bruner kabi xorijiy psixologlar asarlarida o’z ifodasini topgan.

Sobiq sovet psixologiyasida o’yin faoliyati nazariyasini ishlab chiqqan tadqiqotchilardan biri Ye.A.Arkin bo’lib hisoblanadi. Uning fikricha, bolalar o’yini va o’yinchog’i o’yin nazariyasiga negiz bo’lib xizmat qilishi mumkin. O’yinchoqlar tarixiga asoslanib, u ularni quyidagi turlarga ajratadi:

Ovozli o’yinchoqlar – tartarak, vizillagich, qo’ng’iroqlar, shaqildoqlar va boshqalar;

Harakatlanuvchi o’yinchoqlar – bizbizak, koptok, varrak, bilьbok kabilar;

Qurol (yarog’, aslaha) o’yinchoqlari – kamalak (yoy), o’q, bumerang singari;

Obrazli o’yinchoqlar – hayvonlar, jonivorlarning tasviri va qo’g’irchoqlar;

Arqon o’yinlari – shakllar yasash, sakrash va hokazolar.

O’yinlarning syujeti xilma-xilligiga qaramay, ularni maxsus guruhlarga biriktirish imkoniyati mavjuddir. Masalan, psixolog Ye.A.Arkin o’yinlarning quyidagi tasnifini taklif qiladi:

Ishlab chiqarishga (texnikaga): sanoat, qishloq xo’jaligi, qurilish, kasb-xunarga oid o’yinlar;

Maishiy va ijtimoiy siyosatga: bog’cha, maktab, kundalik turmushga oid o’yinlar;

Harbiy: urush-urush o’yinlari;

Dramalashtirilgan: kino, spektaklь va boshqalarga oid o’yinlar.

D.B.Elkonin maktabgacha yoshdagi bolalarga xos rolli o’yinlarning syujetiga ko’ra uchta guruhga ajratishni tavsiya qiladi:

Maishiy mavzu syujetiga oid o’yinlar.

Ishlab chiqarish syujetiga taalluqli o’yinlar.

Ijtimoiy-siyosiy syujetli o’yinlar.

D.B.Elkonin harakatli o’yinning qoidalari mazmuni o’zaro bog’liqligidan kelib chiqib, ularni besh guruhga ajratadi:

Harakatga taqlid qilish: taqlidiy-protsessual o’yinlar.

Muayyan syujetni dramalashtirilgan o’yinlar.

Syujetli o’yinlar.

Syujetsiz o’yinlar.

Aniq maqsadga qaratilgan mashqlardan iborat sport o’yinlari.

Boshqa xalqlardan, millatlardan o’zbek milliy o’yinlarning va o’yin faoliyatini uyushtirishning o’ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:

O’yinda yoki o’yin faoliyatida o’zbek xalqining(hududiy xususiyatidan qat’i nazar) yashash tarzi, intilishi, xohishi, istagi, ezgu niyati, uning mavsumiyligi, kasb-korga taalluqli jihatlari, holatlari aks ettirilgan bo’ladi. Emotsiya, hissiyot, xarakter, milliy qiyofa, ta’b, bilish jarayonlari, xulq-atvor, ularni namoyon bo’lish tezligi (sur’ati), davomiyligi, kechishi milliy xususiyatga egadir. Nafaqat milliy o’yinlar, balki xalqning (millatning, elatning) raqslari; ularning syujeti, tezligi, osoyishtaligi; uning qo’shiqlari chastotasi, tembri, amplitudasi, badiiy ijodiyoti xususiyatlari umumiy milliy kaloriti bilan uyg’unlashgandir.

Milliy harakatli va sport o’yinlarining mohiyati, mazmuni, ma’no ifodalashi, manbai, negizi, ularning in’ikosi, ularda aks ettiriluvchi kechinmalari, syujetda o’z aksini topgan shaxslararo munosabat, muomala, xarakteriologik va shaxs xususiyatlaridan kelib chiqadi.

Ijtimoiy va ijtimoiy-psixologik omil(sabab, faktor)lardan tashqari milliy o’yin faoliyati tabiiy, geografik qonuniyatlarga (iqlim, yog’ingarchilik, joylashish sathi, qulay va noqulayligi, shamol, ofatlar ehtimolligi), xossalari, ularga nisbatan xayrixohlik, qat’iy yoki beayov kurash yoki sajda, yolvorish, iltijo qilish milliy idrok, tasavvur, irodaviy kuchga asoslanadi.

Ijtimoiy tajriba va uni egallash, shakllangan etnik stereotiplarga asoslanish natijasidan kelib chiquvchi milliylik, umumiylik, xususiylik, alohidalik, yakkahollik, guruhiylik, jamoaviylik, tabiatga va jamiyatga munosabatni aks ettirish tarzida o’yin vujudga kelishi mumkin.

Tabiat mo’’jizalari, ilohiy kuchlarga e’tiqod, aql-zakovatdan hayratlanishni ifodalovchi syujet va mazmundan iborat bo’lgan milliy o’yinlar.

Kasbni tasvirlovchi, unga barol tilovchi, uni takomillashtirishga olib boruvchi imkoniyat, intilishni harakat va his-tuyg’u yordamida namoyon etuvchi, qadriyat, ma’naviyat, ruhiyatga asoslanuvchi milliy o’yinlar.

Millatlararo ta’sir natijasida yaraluvchi, lekin milliylikning u yoki bu qirralarini saqlab qoluvchi baynalmilal xususiyatli o’yinlar.

Ijtimoiy garmoniya ta’siri, ijtimoiy ong rivoji, madaniyat, fan va texnika mahsulasi sifatida tug’iluvchi yangi toifaga xos milliy o’yinlar.

Milliy o’yinlar hududiy ko’rinishlari, takomillashish imkoniyati, yosh davrlari xususiyati, jinsiy tafovuti, mavsumiyligi, mavsumbopligi, rasm-rusumga yo’naltirilganligi bilan ajralib turadi.

Milliy o’yinlar muayyan syujet, mazmun, qoida, muddatga asoslanadi. Ular unutilish, yangilanish, takomillashish xususiyatiga ega bo’lib, ko’nikma, malaka va odatlarni mashqlantirishni taqozo qiladi. Bu narsa ijtimoiy tajribani avlodlar tomonidan o’zlashtirish tariqasida yuzaga kelib turadi. Oqibat natijada mangulik xususiyatni kasb etadi, shaxsni u yoki bu yo’sinda kamol topishiga o’z ta’sirini o’tkazuvchi o’yinlar tug’iladi.

Jahon psixologiyasi fanida o’yinlar yuzasidan mulohaza yuritilganda aksariyat hollarda ularni oilaviy turmushga, dehqonchilikka, qurilishga, sanoat sohasiga, siyosatga, harbiyga, kasbga taalluqli ekanligiga qarab guruhlarga ajratiladi. Eng qadimiy milliy o’yinlar qatoriga harakatli va sport o’yinlari kiritiladi hamda xalqning keng tarqalgan, sevimli o’yinlari bo’lib hisoblanadi. Ular o’zining syujeti, mazmuni, roli bilan bir-birlaridan keskin tafovutlanib turadi. Ba’zi hollarda harakatli o’yinlar bir davrning o’zida ham sport o’yinlari bo’lib hisoblanadi. Yoinki sport o’yinlari harakatli o’yinlar qatoriga kiritilishi mumkin.




Yüklə 103,83 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə