Mumtoz she`riyat haqida tushuncha


Navoiy g`azallari va sharq she`riyatining boshqa janr asoslari



Yüklə 487,39 Kb.
səhifə17/27
tarix30.12.2023
ölçüsü487,39 Kb.
#166680
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   27
portal.guldu.uz-Mumtoz she`riyat asoslari

Navoiy g`azallari va sharq she`riyatining boshqa janr asoslari.
REJA:

1. Mumtoz adabiyotda adabiy tur tushunchasi va uning ifodalanish shakllari (nazm va nasr).


2. Lirik tur va unga mansub janrlarga xos xususiyatlar (g’azal, qit’a, qasida, ruboiy, tuyuq, fard).

Mavzuning asosiy tayanch tushunchlari: Epos, lirika, drama, g’azal, qasida, ruboiy, masnaviy, tuyuq, qit’a, fard.


Asosiy masalalar bo’yicha darsning maqsadi: Talabalarga mumtoz adabiyotdagi adabiy tur va she’r navlari haqida ma’lumot berish.




Identiv o’quv maqsadlari:
1. Mumtoz adabiyotdagi adabiy turlar haqida ma’lumot beradi.
2. Mumtoz adabiyotdagi she’r navlarini tahlil qiladi.

Aristotelning “Poetika”sidan beri adabiyot asarlarini uch katta guruhga bo’lish ilmda qoida bo’lib qoldi. Bu guruhlarning har biri hozirgi zamon adabiyotshunosligida “adabiy tur” yoki “adabiy jins” deb ataladi. Bu uch tur – epos, lirika va dramadir. Hozirgi zamon o’zbek tilida epos - “nasr” va “proza”, lirika esa “poeziya” va “she’riyat” terminlari bilan ham ifoda etiladi.


O’zbek mumtoz adabiyotida she’riy shaklda yozilgan asarlar (poeziya, she’riyat, lirika) nazm deb, ayrim she’riy asar asar esa manzuma (nazm bilan yozilgan asar) deb ataladi.
Ma’lumki, o’zbek mumtoz adabiyotida epik turga xos xususiyatlarni inkor etmagan holda lirik tur va unga aloqador janrlar etakchilik qiladi. Ular orasida g’azal alohida ajralib turadi. O’zbek mumtoz adabiyotini boshqa Sharq xalqlari adabiyoti kabi g’azal janrisiz tasavvur qilish qiyin. Chunki bu janr XX asrgacha bo’lgan adabiyotimizda etakchi mavqelardan birini egallab keldi. Qaysi bir davr yoki zamonda yashaganligidan qat’iy nazar, o’tmish shoirlarining ijod namunalari, devonlari ko’zdan kechirilsa, albatta, ularning asosini g’azallar tashkil etishi tabiiy bir hol. “G’azal yozishdan maqsad, - deb yozadi Shamsiddin Muhammad Qays ar-Roziy, - jonga rohat va dilga halovat keltirishdir”. Darhaqiqat, g’azal ijtimoiy-siyosiy hayotga doir teran fikrlarni, go’zal, jozibali insoniy tuyg’u va kechinmalarni, inson qalbining barcha murakkabliklarini ifodalay olishi, shuningdek, turli mavzularda falsafiy mulohazalar yurita olish imkoniyatlariga egaligi kabi xususiyatlari bilan qanchadan-qancha insonlarning ko’nglini zabt eta oldi. Xalq hayotiga shu qadar singib ketdiki, musiqaga solinib kuylana boshladi. Qachon yaratilganidan qat’iy nazar, qo’shiq qilib aytiluvchi g’azallar hamon kishilarni o’ziga maftun etib, ularga estetik zavq, quvonch baxsh etib kelishda davom etmoqda.
G’azal janri dastlab arab she’riyatida paydo bo’lgan va keyinchalik boshqa ajam xalqlari adabiyotida ham keng tarqalgan. Manbalarda g’azalning lug’aviy ma’nosi haqida fikr yuritilganda, eng avvalo, uning ayollarga oshiqona munosabatda bo’lmoq, ularga do’st tutinmoq kabi ma’nolarni ifodalishi, adabiy istiloh sifatida esa ishq-muhabbat mavzusidagi she’rlar tushunilishi bayon etiladi. Demak, dastlabki paytlarda faqat muhabbat mavzusidagi yaratilgan she’rlargina g’azal deb atalgan. Keyinchalik yillar o’tishi mobaynida g’azal janri sayqallanib, takomillasha borib, g’oyaviy yo’nalishi, mavzu va mazmun doiralari kengayib, Sharq lirikasining eng sevimli she’riy janrlaridan biriga aylangan.
Ma’lumki, o’zbek g’azaliyotining ilk namunalari Rabg’uziyning “Qisasi Rabg’uziy” va Xorazmiyning “Muhabbatnoma” asarlari tarkibida uchraydi. Bu asarlar orqali etib kelgan g’azallar g’azal janri talablariga to’la javob bera oladi. G’azalshunos olimlarning fikricha, “Qisasi Rabg’uziy” va “Muhabbatnoma” asarlari orqali etib kelgan g’azallarning badiiy saviyasi Rabg’uziy va Xorazmiylargacha bo’lgan davrlarda o’zbek g’azalnavisligida katta tajriba to’planganligidan guvohlik beradi Tadqiqotchilar tomonidan ilmiy manbalarda bu davrgacha, ya’ni Rabg’uziy va Xorazmiylargacha yaratilgan g’azallarning bir qismi hali topilgan emas, bir qismi mo’g’ullar istilosi davrida yo’q bo’lib ketgan degan fikr va taxminlar bildiriladi.
O’zining janr talablariga javob bera oladigan mukammal shakliga ega bo’lgan g’azal turkiy adabiyotda XIY asrdan boshlab, gurkirab rivojlanish bosqichiga kirdi. Uning taraqqiyotida shu asrda yashagan bir qancha shoirlarning munosib hissasi bor. Xususan, Rabg’uziy, Xorazmiy, Said Ahmad va Yusuf Amiriylar ijodida g’azal katta asarlar tarkibida uchrasa, Sayfi Saroyi lirikasida u alohida bir taraqqiyot bosqichiga ko’tarildi. G’azalning etakchi mavqega ega bo’lib ommalashishida Mavlono Qozi Muhsin, Ahmadxoja as-Saroyi, Mavlono Ishoq, Mavlono Imod Mavlaviy, Tug’lixoja kabi shoirlarning ham xizmatlari beqiyos. Bizgacha etib kelgan Sayfi Saroyi va ular o’rtasidagi mushoira namunalari shu davr adabiyotida g’azalning alohida bir o’ziga xos mavqeini belgilaydi. Mushoirada aytilgan g’azallar janr talablariga to’liq javob bera olishi bilan xarakterlanadi.
G’azal janrining taraqqiyotida Alisher Navoiyning ham beqiyos xizmatlari bor. Shoir ijodida bu janr har tomonlama kamol topdi, g’oyaviy va shakliy jihatdan o’zining mukammal namunalariga ega bo’ldi
G’azalda asosan oshiqning ichki kechinmalari tasviri etakchi o’rin tutadi. Uning qahramoni oshiq va ma’shuqa hisoblanadi. Ayrim g’azallarda raqib obrazi ham uchrab turadi. G’azallarda ma’shuqa obraziga asosiy e’tibor qaratilib, unga xos bo’lgan xususiyatlar bayoni oshiqning o’y-fikrlari, mushohadalari va dil izhorlari tarzida aks ettiriladi.
Qit’a lirik tur janrlaridan biri hisoblanadi. Asosan, unda falsafiy qarashlar, axloq-odob haqidagi fikr va mulohazalar ifodalanadi. Bu jihatdan u ko’proq didaktik xarakter kasb etadi. Mazkur janr to’g’risida fikr yuritgan o’tmish adabiyotshunoslari, shu jumladan, keyingi davr tadqiqotchilari ham unda matla’ning bo’lmasligi, ya’ni dastlabki baytning o’zaro qofiyalanmasligi xususida ma’lumotlar berishgan. Jumladan, Fitrat qayd etadi: “g’azalning birinchi bayti bo’lmasa, qolgani qit’a bo’ladi. Boshqacha aytganda, qofiyasi har baytning oxirida bo’lib, birinchi misra’i qofiyasiz bo’lgan tizmalarga qit’a deyiladir”. Demak, qit’aning qofiyalanish sistemasi b-a, v-a, g-a... shakliga ega bo’lib, dastlabki bayt o’zaro qofiyalanmasligi bilan g’azaldan farq qiladi. Ammo manbalarda qit’aning ba’zan masnaviyga o’xshab, a-a, b-b, v-v...ko’rinishida qofiyalanishi haqida ham ma’lumotlar uchraydi.
Qit’alarning turli mavzularda yozilishi, hajm jihatidan chegaralanmasligi janrga keng imkoniyatlar yaratadi. Uning namunalari o’zbek adabiyotida XIY asrdan boshlab kuzatiladi.
Qit’a hazrat Navoiy ijodida ham alohida mavqe egallaydi. Shoir qit’a janri imkoniyatlaridan unumli foydalanib, bu janrda ham barakali ijod qilgan. Ayniqsa, mavzu jihatdan xilma-xillik shoir qit’alarining o’ziga xosligini belgilaydigan omillardan biri hisoblanadi.
Tama’ – inson uchun xos bo’lgan salbiy illatlardan biri. Hayotda tama’siz kishini uchratish qiyin. Agar u tama’dan qutilsa, komillik sari qadam tashlaydi, qadrli, faxrli va hurmatli insonlar qatoridan joy oladi, eng asosiysi, ulug’lik martabasiga erishadi. Shu sababli dahomiz tama’dan qutilishni “ulug’ ish”lardan biri deb ta’kidlaydi. Agar inson shunday martabaga erishsa, shoirning fikricha, dunyodagi barcha odamlardan farq qiluvchi alohida bir insonga aylanish mumkin, ya’ni olam ahli – bir tomon, tama’siz insonning o’zi – bir tomon:

Ey Navoiy, olam ahlida tama’siz yo’q kishi,


Har kishida bu sifat yo’qtur, anga bo’lg’ay sharaf.

Sen agar tarki tama’ qilsang, ulug’ ishdur bukim,


Olam ahli barcha bo’lg’ay bir taraf, sen bir taraf

Tama’dan qutilish uchun birinchi navbatda nafsni tarbiyalash lozim. Tasavvufiy tushunchaga qaraganda, nafs solikning eng katta dushmani hisoblanadi. Nafsini enggan kishigina ma’naviy kamolot bosqichlarini oxirigacha bosib o’tishi va Yaratganning visoliga etishi mumkin.


Qit’a o’zbek adabiyotida o’ziga xos shakllanish jarayonini bosib o’tdi. Qit’aning ilk namunalari noma va munozara janridagi asarlar tarkibida uchrasa-da, biroq u Gadoiy, Lutfiy, Hofiz Xorazmiy kabi shoirlar ijodida alohida mustaqil janr sifatidagi ko’rinishlarga ega bo’ldi. Ayniqsa, qit’aning g’oyaviy-badiiy, shakliy miqyosdagi takomili hazrat Navoiy lirikasida yuqori bosqichga ko’tarildi.
Turkiy adabiyotning ichki imkoniyatlari asosida shakllangan janrlardan biri tuyuq hisoblanadi. Tuyuq so’zining o’zagidagi tuy so’zi omonimlik xususiyatiga ega bo’lib, his qil, bog’la degan ma’nolarni anglatadi. Adabiy termin sifatida esa to’rt misradan iborat o’ziga xos qonun-qoidalarga ega bo’lgan she’r tushuniladi. Mutaxassislarning fikricha, tuyuqning paydo bo’lish ildizlari xalq og’zaki ijodiga borib taqaladi. Tuyuqni kitobxon uchun boshqa to’rt misrali she’rlardan ajratib turadigan asosiy xususiyat – unda so’z o’yinlaridan mohirona foydalanish imkoniyatining mavjudligidir. So’zning o’ziga xos sehri, ma’no tovlanishlari aks etgan misralar xalq og’zaki ijodi namunalarida ham ko’plab uchraydi. Ayniqsa, shakldosh so’zlarning turli ma’no anglatish xususiyati xalq dostonlari uchun ham bir bezak bo’lib kelgan:

Qo’lingdan kelgancha chiqar yaxshi ot,


Yaxshilik qil, bolam, yomonlikni ot.
Nasihatim yod qilib ol, yolg’izim,
Yolg’iz yursa, chang chiqarmas, yaxshi ot1.

To’rtlik pand-nasihat ruhiga ega. “Ot” so’zining turli ma’nolar ifodalashi unga o’zgacha joziba bag’ishlagan. Bu hodisa mumtoz poetikada tajnis deb ataladi. Tajnis, ya’ni omonim so’zlardan foydalanish tuyuqning asosiy janriy belgilaridan biri hisoblanadi.


Tuyuq hazrat Alisher Navoiy ijodida ham o’ziga xos o’rin egallaydi. Shoir tuyuqqa xos so’z o’yinlari imkoniyatidan ustalik bilan foydalanib, bu janrning taraqqiyotiga ham munosib hissa qo’shadi:

Yo rab, ul shahdu shakar yo labdurur,


Yo magar shahdu shakar yolabdurur.
Jonima payvasta novak otqali
G’amza o’qin qoshig’a yolabdurur2.

Tuyuq an’anaviy mavzuda yaratilgan. She’rning birinchi baytida ma’shuqaning lablari madh etilib, ular shirinlikda shakar va asalga qiyoslanmoqda. Aynan, tuyuqni yuzaga chiqarayotgan “yo labdurur” va “yolabdurur” so’zlari tajnis ko’rsatkichi hisoblanadi. Dastlabki misrada bu so’z “labdir” mazmunini ifodalagan bo’lsa, ikkinchi qatorda “yalabdimikan” tarzida kelgan. E’tibor qiling, lirik qahramon bilib, bilmaslikka olib, hayratlangan holda murojaat qiladi: “Yo rab, u – asalmikan, shakarmikan yoki labmikan? Yoki asal bilan shakar yalaganmikan”. Uchinchi misraga kelib, ifoda kiprik va qosh tasviriga o’tadi. Novak – kamonning o’qi ma’nosini anglatadi. Ko’chma ma’noda kipriklarga nisbatan ham qo’llanadi. G’amza esa – ma’shuqaning ishva bilan kiprik suzib boqishi. Bu erda go’yo qosh ostidagi kipriklar oshiqqa otish uchun terib qo’yilgan kamon o’qlariga o’xshatilgan: “Mening jonimni azoblash maqsadida yorim nozu karashma o’qlarini qoshlariga yoylabdimi?”. Tuyuqning mukammal, janr talablari darajasida chiqishiga nido, tajohuli orifona kabi badiiy tasvir vositalari ham sabab bo’lgan. Umuman, shoir tuyuqlarida tajnis bilan birgalikda yana boshqa she’r san’atlarini ham mahorat bilan qo’llaydiki, ular she’rning mazmunan teranligi va badiiy barkamolligini ta’minlashga xizmat qiladi.


Tuyuq o’zbek adabiyoti tarixida o’ziga xos shakllanish tarixiga ega bo’lgan janrlardan biri hisoblanadi. Bu janrda ijod qilish yuksak iste’dodni ham talab qiladi. Ayniqsa, qofiyada tajnis so’zning berilishi janrning betakror imkoniyatlarini yuzaga chiqaradi. Tuyuqning qofiyalanishi ruboiyga o’xshaydi. Janrning a-a-b-a tarzida qofiyalanadigan ko’rinishi etakchi bo’lsa-da, biroq badiiy ijod olamida a-b-v-b shaklida qit’a singari qofiyalanadigan tuyuqlar ham uchrab turadi.
Sharq mumtoz adabiyotida keng tarqalgan lirik tur janrlaridan biri ruboiy hisoblanadi. Ruboiy to’rt misradan iborat mazmunan tugallangan mustaqil she’riy janr bo’lib, unda fikr ixcham va lshnda ifodalanadi. Mazmunning mukammalligi, fikrning tugallanganligi va falsafiy teranlik janrga o’zgacha go’zallik va joziba baxsh etadi. Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, mumtoz poetika qoidalariga ko’ra ruboiylar faqat aruz vaznining hazaj bahridagina yaratilib kelingan.
Ruboiy hazrat Navoiy ijodida ham alohida mavqe egallaydi. Shoir ruboiy janri imkoniyatlaridan unumli foydalanib, bu janrda ham barakali ijod qilgan. Ayniqsa, u yaratgan ruboiylar orasida an’anaviy yo’nalishdagilari ajralib turadi. Alisher Navoiyning muhabbat mavzusida yozilgan ruboiylarida oshiqning ichki kechinmalari tasviri etakchi o’rin tutadi. Bunday mavzudagi ruboiylarning qahramoni oshiq va ma’shuqa hisoblanadi. Ularda ma’shuqa obraziga asosiy e’tibor qaratilib, unga xos bo’lgan xususiyatlar bayoni oshiqning o’y-fikrlari, mushohadalari va dil izhorlari tarzida aks ettiriladi. Oshiq uchun ma’shuqa visoliga etish – oson ish emas. Bu yo’lda u qanchadan qancha sinov jarayonidan o’tishi kerak. Sinov davrida haqiqiy oshiq ruhan toblanib, ma’nan etuklasha boradi. Oshiqlik lirik qahramonni o’ziga xos ruhiy iztiroblar girdobiga tashlaydi va bu holat natijasida paydo bo’lgan qiyinchiliklar azobida ma’shuqa unga faqat salbiy jihatlar bilan namoyon bo’ladi:

Jonimg’a qilur javru jafo yor asru,
Kim yor ichida javru jafo bor asru,
Bo’ldum chekibon javru jafo zor asru,
Men javrkashu yor jafokor asru.

Ko’rinadiki, oshiqning tasavvuricha, ma’shuqaning ishi jabr ko’rsatish va jafo qilishdan iborat. U ma’shuqa dardida ko’p mashaqqat chekishiga qaramasdan uning visoliga tashna, o’z ishqiga esa sodiq. Biroq natija har doimgidek: ma’shuqa – jafokash, oshiq – jabrlanuvchi.


O’zbek adabiyoti tarixida o’ziga xos shakllanish jarayoniga ega bo’lgan lirik janrlardan biri fard hisoblanadi. Fard arabcha so’z bo’lib, yakka, yolg’iz degan ma’nolarni anglatadi. Janr atamasining lug’aviy ma’nosi uning tuzilish jihatdan ixchamligi, ya’ni aynan mustaqil bir baytdangina iborat ekanligiga ham ishora qiladi. Fardning har ikkala misrasi o’zaro qofiyalanadi. Biroq o’tmish adabiyotimizda qofiyalanmagan fard janri namunalari ham uchraydi.
Fardning vazni to’g’risida shuni aytish mumkinki, u anchagina erkin janr hisoblanadi. Chunki uning ilk namunalari asosan barmoq vaznida yaratilgan bo’lsa, yozma adabiyotning keyingi taraqqiyot davrlarida aruz fardning asosiy vazniga aylandi. Aruzning fardni yuzaga keltirishda doimo qo’llanadigan maxsus bahri yo’q. U vaznning turli bahrlarida yozilishi mumkin.
Fardlarga xos bo’lgan qisqa, lo’nda va ixchamlik uni maqol janriga yaqinlashtiradi. Eng asosiysi, fardlarda ham xalq maqollaridagi kabi ibratli fikr mavjud. Bu esa didaktik xarakter fardning ilk shakllanish bosqichlaridayoq janr mezonlaridan biriga aylanganligidan dalolat beradi. Bu xususiyat ayrim fardlarning aforizm darajasiga ko’tarilishiga ham xizmat qiladi.
Alisher Navoiy fard janrida ham muvaffaqiyatli qalam tebratgan ijodkorlardan biri hisoblanadi. Fardning janr xususiyatlari va imkoniyatlari shoir lirikasida yanada yaqqolroq namoyon bo’lganligi kuzatiladi:

Kishi aybing desa, dam urmag’ilkim, ul erur ko’zgu,


Chu ko’zgu tiyra bo’ldi, o’zga aybing zohir aylarmu.

Yüklə 487,39 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   27




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə