Mumtoz she`riyat haqida tushuncha



Yüklə 487,39 Kb.
səhifə1/27
tarix30.12.2023
ölçüsü487,39 Kb.
#166680
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   27
portal.guldu.uz-Mumtoz she`riyat asoslari


Mumtoz she`riyat haqida tushuncha

Mumtoz lirik janrlarning shakllanish omillari. Qasida, g’azal, mustahzod va ularning tarixiy ildizlari va takomili (Sakkokiy, Alisher Navoiy). Lirikaning kichik janrlari (qit’a, ruboiy, tuyuq, fard) va ularning o’zbek mumtoz poetikasidagi o’rni. Musammat va uning shakllari (musallas, murabba’, muxammas, musaddas, musabba’, musamman, muashshar)ning poetik takolimi. Tarji’ (takror) va tarkib bandlari asosidagi she’r shakllari. Lirik janrlar diffuziyasi. “Nazmu-l-javohir” maxsus to’rtliklar majmui sifatida.


“Nasr, nazm” istilohlarini ovro’pacha «proza, poeziya»ning ham ayni ma’no jihatdan muqobili sifatida qabul qilib bo’lmaydi. Chunki «adabiyot-literatura» tushunchalari o’rtasiga har doim ham tenglik alomatini qo’yib bo’lmagani adabiyotshunos-larga ayon. Ovro’pa nazariyotchilari adabiyotni «litera- yozmoq» so’zi bilan bog’lab anglatadilar. Sharqda, ayniqsa, mumsulmon sharqida esa, «adabiyot – odobi kulliyot» sifatida sharhlangani uchun ham ko’proq nazariy manbalarda «adaba», ya’ni hikmatlar yig’indisi sifatida talqin qilingan. Ushbu talqindan kelib chiqib ilk nasr namunalari sifatida muqaddas kitoblardagi rivoyatlar, toshbitiklardagi lavha va yozuvlar, islomiy adabiyotdagi xitoba, maqomot va maqabalar, tarixiy yilnoma, va umuman, nasriy nomalar misol sifatida keltiriladi.
Mumtoz adabiyotshunoslikning nodir namunasi sanalgan Shayx Ahmad Taroziyning «Fununu-l-balog’a» asarida «nasr va nazm» istilohlarini yozma adabiyotning ifoda yo’llari ma’nosida farqlab, ularga adabiy nav’lar unvoni berilgan. Nasr adabiy nav’ (tur) sifatida talqin etilar ekan, tabiiyki, unga mansub janrlar ham mavjud bo’ladi. Shu jihatdan islomiy adabiyotdagi nasriy janrlar xususida fikr yuritganda, xitoba, va’z, tafsir, manqaba, maqomot, niqra, munozara, masal, adaba kabi nasriy janrlar shu davr allomalari tomonidan keltirilgani manbalarda qayd etilganini eslash lozim
Arab adabiyotshunoslari she’rni “kalomi mavzunu muqaffo” (vazn va qofiyali gap) tushuntirganlari holda she’r nasrdan vazn va qofiyasi bilan farq qilinishini nazarda tutganlar. Ayni shu ta’rifdan kelib chiqib, she’riy janrlar masalasiga munosabat bildirilgan, ya’ni janrni hosil qiluvchi omillar sifatida ham vazn va qofiya yuzaga chiqqan. Shuning uchun ham arab va uning ta’siridagi fors adabiyotshunosligi adabiy tur va janrlar masalasiga alohida ilm turi sifatida yondashmaganlar. She’rdagi janriy o’zgarishlar asosida vazn yotgani uchun aruz vaznidagi she’r shakllari ilmi aruz tarkibida, qofiya ta’sirida vujudga kelishi mumkin bo’lgan janriy o’zgarishlar ilmi qofiya tarkibida o’rganilgan. Bu nisbatga bo’lgan asosli munosabatni Qudaba ibn Ja’farning «Naqdu-sh-she’r» asarida kuzatamiz. Muallif she’r tanqidi bilan bog’liq barcha jihatlar haqida gapirganda, vazn, qofiya, badiiy san’atlar, nutq go’zalliklari barobarida she’riy shakllar masalasiga ham to’xtalgan14. Undan keyingi arab olimlari al-Johiz (ukkiko’z) nomi bilan mashhur bo’lgan, basralik asli ismi Abu Usmon Amr ibn Bahr (780-869) hamda andalusiyalik Ibn Xaldun asarlarida ham she’riy shakllar mana shu tartibda o’rganilgan15. Biroq turk adabiyotshunos-ligining mumtoz namunasi sanalgan Shayx Ahmad Taroziyning asarida adabiy tur va janrlar masalasiga aruz, qofiya, san’atlar va muammo ilmidan avval to’xtanilgani holda o’zining sharq mumtoz poetikasi nazariyasiga doir asarini she’riy shakllar tasnifi bilan boshlagan. «Fununu-l-balog’a»da «Aqsomu-sh-she’r» (She’r taqsimi) rukni ostida quyidagi 10 ta she’r nav’i tasnif qilingan: qasida, g’azal, qit’a, ruboiy, masnaviy, tarje’, musammat, mustazod, mutavval va fard»16. Olim ushbu tasnif bilan cheklanmasdan har bir she’riy janrning mohiyati, o’zgarishi, tamsillari va boshqa jihatlarini jiddiy tahlildan o’tkazgan.
Alisher Navoiy ham adabiy turlar masalasiga ifoda shakllari nuqtai nazaridan qaragan va buni adabiy nav’lar deb atagani holda she’riy janrlarni sinf istilohi bilan bergan: nazmning har sinfini qildim raqam. She’riy shakllarning janr xususiyatlari Navoiy talqinlarida ularning aruziy xususiyatlari bilan bog’lab tushuntirilgan. Shuning uchun ham biz quyida ulug’ shoir va allomaning adabiy tur va janrlarga oid qarashlari tarzida «Xamsa» tarkibidagi ayrim fikrlari va «Mezonu-l-avzon»dan keltirilgan mulohazalaridan namunalar berish bilan cheklandik.
O’zbek adabiyotshunosligida mumtoz lirika janrlari bo’yicha jiddiy mashg’ul bo’lgan olim R.Orzibekov tadqiqotlarida lirik janrlar tasnifi uch yo’nalishda amalga oshirilgan: 1) mazmun jihatidan lirikaning janrlari; 2) shakl jihatidan va 3) misralar soni va band tuzilishiga ko’ra. Dastlabki jihatga hasbi hol, marsiya, chiston, qasida, muammo, vasf, yor-yor, bag’ishlov, debocha, nazira, faxriya va vasiyat she’rlari kiritilgani holda shakl jihatidan lirikaning janrlari sifatida mustazod, muvashshax, mushoara, shiru shakar, qit’a, g’azal, tuyuq, ruboiy, masnaviy, fard, tarkibband va tarjiband keltiriladi. Nihoyat, misralar soni va band tuzilishiga ko’ra esa musammatlar va ularning shakllari nazarda tutiladi. Olim ushbu tasnifni dastlabki tadqiqotlarida amalga oshirgan bo’lsa ham so’nggi monografiyasida ham yana mana shu tasnif asosida ish ko’radi17. Bizningcha, ushbu tasnifdagi birinchi va ikkinchi jihatlar o’zlarini mohiyatan to’la oqlamaydi. Chunki olim mazmunni asos qilib olgan janrlar shakl jihatdan ham ma’lum xususiyatlarga ega va shakl asnosiga qurilgan deb atalgan qit’a, g’azal, ruboiy, masnaviy, fard va boshqalar qofiya va bandlar miqdorini (uchinchi tasnif) ham o’zida aks ettirganlar. Ma’lumki, mumtoz poetikada bandshunoslik (G’arb istilohi bilan aytganda strofika) alohida ilm sifatida qaralmagan. Ular, ko’pincha, qofiya ilmi tarkibida bayon qilingan. Shunday ekan, bizningcha, she’riy janrlarni mohiyatan keskin farq qilmaydigan bunday jihatlar bo’yicha qayta tasnif qilish o’rniga ularga asos bo’lgan aruziy va qofiya omillarini o’rganish maqsadga yaqinroq natija berishi mumkin. Bu holatni majmuada keltirilgan namunalar ham, arab poetikasi tarixiga bag’ishlangan fundamental tadqiqotlar ham tasdiqlashi mumkin18. Bu jihatdan she’riy janrlar haqida maxsus risolalar bitmagan bo’lsa-da, turk ilmi rivoji uchun Alisher Navoiy va Fuzuliy qarashlari e’tiborli. Ulug’ shoirlarning ayrim mumtoz janrlar haqidagi qarashlarini berish barobarida she’riy janrlar nafaqat allomalar tomonidan, balki bevosita badiiy ijod bilan shug’ullangan shoirlar tomonidan ham ularning xos va inja jihatlari o’rinli qayd etilganligining guvohi bo’lamiz.
Shu o’rinda XX asr boshlarida Ovro’pa tipidagi adabiyot nazariyalarini shakllantirish borasida Sharq poetika maktabiga qayta-qayta murojaat qilib, undagi omil va jozib sifatlarni o’rgangan olim Fitratning she’riy janrlar sharhiga bag’ishlangan qarashlarini ham keltirishni lozim topdik. Zero, «Adabiyot qoidalari» mumtoz poetika bilan zamonaviy adabiyot nazariyasini tutashtiruvchi o’ziga xos ko’prik vazifasini o’tagani uchun ham bunday benazir vositaga tayangan holda o’tmish she’riyatiga nazar tashlash ham mumkin ekanini olimning nazariy qarashlari asoslaydi. Shu bilan birga Fitrat domla «Fors shoiri Umar Xayyom» asarida nafaqat ulug’ riyoziyot olimini dunyoga shoir sifatida tanitgan ruboiy janri haqida, balki saljuqlilar saroy adabiyotida urf bo’lgan qator she’riy janrlar haqida ham ma’lumot berganki, ulardan ham bahramand bo’lishni o’quvchilarimizga lozim topdik.
Tabiiyki, barcha ilmlar kabi adabiyot ilmi ham doimo taraqqiyotda, har bir yangi yozilgan genial va original asar uning janriy jihatlarini yangilashi mumkin. Shunday ekan, yuqorida tavsiya etilgan qarashlar mumtoz she’riyat namunalarini o’rganishda shu kun kitobxonlariga dusturulamal bo’lgani holda adabiy tur va janrlar borasidagi mumtoz adabiyotdagi qarashlar keltirilayotgan manbalardagi qarashlar faqat shulardangina iborat deb bilmaslik kerak. Zero, biz ko’rmagan va ko’rsak-da ushbu majmuaga kiritilish imkoniyatini topmagan ham qanchadan-qancha ilmiy risolalar borligini unutmaslik lozim.



Yüklə 487,39 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   27




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə