Navoiy innovatsiyalar instituti «tasdiqlayman» Navoiy innovatsiyalar instituti rektori


«O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi»ning fan sifatida shakllanishi, rivojlanishi va hozirgi ahvoli



Yüklə 0,73 Mb.
səhifə3/135
tarix22.12.2023
ölçüsü0,73 Mb.
#154396
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   135
Navoiy innovatsiyalar instituti «tasdiqlayman» Navoiy innovatsiy-fayllar.org

«O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi»ning fan sifatida shakllanishi, rivojlanishi va hozirgi ahvoli. Uzoq tarixga ega bo‘lgan o‘zbek xalqi ijtimoiy-siyosiy va g‘oyaviy to‘siqlarga qaramay, O‘rta Osiyodagi boshqa xalqlar kabi ilg‘or fikr egalarini, dunyoga mashhur buyuk olim, shoir va san’at ahllarini yetkazdi, insoniyatga ilm-fan, madaniyat va adabiyot sohasida o‘lmas yodgorliklar taqdim etdi.
Abu Nasr Forobiy, Mahmud Кoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Zamaxshariy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Munis Xorazmiy kabi olim va shoirlar o‘z asarlarida o‘sha davr maktablaridagi ta’lim - tarbiya, ilmiy va badiiy asarlarni o‘qish va o‘rganish haqida fikrlar bildirib, metodik fikrning rivojiga ta’sir ko‘rsatdilar.
Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy yoshlarning asar matnini ifodali o‘qish san’atini egallashlariga diqqatni tortdi. Ulug‘ shoir o‘zining «Lison ut-tayr» asarida asar mazmunini tushunib o‘qish usulini egallashga chaqirdi. «Mahbub ul- qulub» asarida «Xushnavis kotib so‘zga oroyish berur va so‘zlaguvchiga osoyish yetkurur» deb chiroyli yozishning va yozma nutq malakasini egallashning barchaga «osoyish» berishini ta’kidladi. «Muhokamat ul-lug‘atayn» asarida talaffuz va imlo, so‘z qudrati va nutq madaniyati, so‘z ma’nolaridan to‘g‘ri foydalanish, nutqni to‘g‘ri tuzish kabi masalalarning ilmiy sharhini berish bilan turkiy (o‘zbek) tilni chuqur o‘zlashtirish metodikasiga ulkan hissa qo‘shdi.
Inson qalbining quvonchi-yu qayg‘usini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi. Ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg‘usi ham bizning ong-u shuurimiz, yuragimizga, avvalo, Navoiy asarlari bilan kirib keladi. Biz bu bebaho merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qanchalik ko‘p bahra-mand etsak, milliy ma’naviyatim izni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma’rifiy qurolga ega bo‘lamiz. 1
Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z asarlarini sodda tilda yozdi va boshqalarni ham shunga chaqirdi. O‘g‘li Humoyunning dabdabali usulda yozilgan bir xatini tanqid qilib, «Boburnoma» asarida «Mundin nari betakalluf va ravshan va pok alfoz bila biti, ham senga tashvish ozroq bo‘lur, ham o‘qig‘uvchig‘a»,–deb yozadi. Demak, Bobur zamondoshlarini tushunarli tilda yozishga, qiyin so‘zlar va balandparvoz so‘zlarni ishlatmaslikka da’vat etgan.
Munis Xorazmiyning «Savodi ta’lim»i nazm bilan yozilgan pedagogik asar bo‘lib, chiroyli xat yozish usullari o‘rgatiladi. Asarning birinchi qismida xat mashq qilishga tayyorgarlik va bu ish uchun kerakli asboblar to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Ikkinchi qismida esa xat mashqi va uning usullari haqida amaliy yo‘l bilan ta’lim beriladi. Asarda kishilik jamiyatida yozuvning katta ahamiyatga ega ekanligi qayd qilinadi.
XV asrdan XIX asrning 2-yarmigacha o‘tgan davrda O‘rta Osiyoda pedagogik, metodik fikr o‘sdi. Bu davrda o‘nga yaqin lug‘atlar va tilshunoslik asarlari (Tali Imoniyning «Badoe al–lug‘at»i (XV asr), Muhib Ali Shamluning «Lug‘ati Navoiy»i (XVI asr), Mustafo binni Sodiqning «Abushqa»si (XVI asr), Fazlulloxonning «Lug‘ati turkiy»i (XVIII asr), Mirza Mexdixonning «Sangloh»i (XVIII asr), Fatx Alixonning «Кitobi lug‘ati atrokiya»si (XIX asr) yuzaga keldi. Ularda tovush va harf, imlo va talaffuz, so‘z ma’nosi va tarjima kabi masalalarni o‘zlashtirishga qaratilgan metodik fikrlar mavjud.
XIX asrning 2-yarmida yashab ijod etgan Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Кomil Xorazmiy, Avaz O‘tar va boshqalarning asarlarida ifodalangan ilg‘or fikrlar ma’rifatparvar pedagoglar Saidrasul Saidazizov, Is’hoqxon Ibrat, Abduqodir Shakuriy, Saidahmad Siddiqiy, Ismatulla Rahmatullayev va boshqalar faoliyatida ham o‘z ifodasini topdi. Ular yangi usul– «Usuli savtiya» maktablarini tashkil etib, keng xalq ommasiga ilm-fan, madaniyat tarqatish uchun qizg‘in kurash boshladilar.
XX asr boshlarida Turkistonda ijtimoiy - siyosiy, madaniy va adabiy hayotda jiddiy o‘zgarish yuz berdi, milliy uyg‘onish harakati kuchaydi, yangi adabiyot yuzaga keldi. Maxmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Qodiriy, Mirmuhsin Shermuhamedov, Cho‘lpon kabi shoir va yozuvchilar o‘zbek xalqining ma’rifatli bo‘lishi, milliy va ijtimoiy ongning o‘sishi, yangi tur va mazmundagi adabiyotni yaratish uchun harakat qildilar.
Behbudiy «Padarkush» asarida va sayohat xotiralarida milliy, insoniy qadriyatni anglash uchun ma’rifatli bo‘lish lozimligini; ma’rifat–ezgulikning, jaholat–yovuzlikning timsoli ekanini tasvirladi.
Abdulla Avloniy «Maktab va guliston» darsligida adabiy asarlarni ifodali o‘qishning yakka va ko‘pchilik bo‘lib o‘qish, ifodali o‘qish, dialog, drama holiga keltirish turlarini ko‘rsatdi.
Avloniy «Adabiyot» kitobining I juz’ida bolalarni aruz vaznida yozilgan she’rlar bilan tanishtiradi. Masalan, «bo‘lak» radifli she’rni o‘rganishdan oldin bolalar uning mazmuni bilan tanishadilar, so‘ngra «foilotun, foilotun, foilun» bahrini o‘qishni o‘rganadilar. II juz’ida ham aruz vaznida yozilgan she’rlarni o‘qish yo‘llarini ko‘rsatdi.
Ma’lumki, bolalarga ifodali o‘qishni o‘rgatish – o‘qish darsining asosi hisoblanadi. Ifodali o‘qishni o‘rganish matnni chuqur tushunishga yordam beradi. Shunga ko‘ra, yangi usul maktab o‘quvchilari savod chiqarishda asarni tushunib o‘qishga va ifodali o‘qishga alohida e’tibor berganlar.
Ifodali o‘qishning muhim shakllaridan biri drama holiga keltirib o‘qishdir. Abdulla Avloniyning «Oila munozarasi» she’rida ota bilan ona o‘z farzandlarini o‘qitish haqida munozara qiladilar.
Abdulla Avloniy maktabda badiiy asarni chuqur o‘zlashtirishga erishish maqsadida darsda plastinkadan foydalanadi. Uning ifodali o‘qish sohasida qo‘llagan usullari, dars jarayonida texnika vositalaridan foydalanishi eski maktablarda ham til va adabiyot o‘qitish usuli sohasida yangilik edi.
Hamza Hakimzoda 1911-yili Qo‘qonda Hojibek guzarida yangi usul maktabi ochdi va o‘zi o‘qituvchilik qildi. U 1914–1915-yillarda boshlang‘ich maktablar uchun «Yengil adabiyot», «O‘qish kitobi», «Qiroat kitobi»ni yozdi. Eng muhimi, Hamza o‘z kitoblarini osondan murakkabga o‘tish asosida tuzdi. Boshlang‘ich sinflar uchun yozgan bu kitoblarida Hamza ifodali o‘qish, matn ustida mustaqil ishlash, sinfdan tashqari o‘qishga e’tibor berdi.
Bu davrda ilg‘or fikrli ziyolilar – muallimlar Turkiston maktablarida ta’limning yangi tartibini amalga oshirish uchun kurashdilar. Natijada, ta’limda yangi turdagi «usuli savtiya» maktablari yuzaga keldi. Bu maktablarda ona tili (o‘zbek tili) asosiy o‘quv fani sifatida o‘qitildi, ta’lim jarayonida izohlash (sharhlash) usulidan foydalanildi, o‘quvchining bilimni o‘zlashtirishiga, matnni yod olishiga e’tibor berildi. Shunga ko‘ra, bu ta’lim «izohli o‘quv» ta’limi degan nomni oldi.
Izohli o‘qish jarayoni qismlari o‘zining tuzilishiga ko‘ra shunday xususiyatga ega edi: kirish mashg‘ulotida o‘quvchilarga bilim tayyor holda emas, balki ma’nosi yoritilgan, sharhlangan, isbotlangan holda beriladi, bilim berishda ko‘rgazmalilikdan foydalaniladi. Ta’limda bu usulni qo‘llash o‘quvchida xotira bilan birga, kuzatish va fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga yordam beradi.
1918-yilda Toshkent eski shahar maorif sho‘basi qoshida «Makotib» (metodik birlashma) uyushmasi tashkil etildi va unga Zufar Nosiriy rahbarlik qildi. Shokirjon Rahimiy, Abdulla Avloniy, Shorasul Zunnun, Qayum Ramazon, To‘xtanazir Shermuhamedov va boshqa tajribali o‘qituvchi – metodistlar ona tili va adabiyotni o‘qitish usullari yuzasidan ko‘rsatmalar berib turishdi. Shuningdek, bu sho‘bada haftalik o‘quv rejasi tuzilib, maktablarda shu reja asosida dars o‘tildi.
1918-yilda «Maorif» jurnalida V–VII sinflar uchun ona tili va adabiyot dasturi e’lon qilindi. Dasturda badiiy asarni o‘qishga e’tibor berildi, bolalarning bilim darajasi va yoshiga qarab asarlar tanlash talab etildi. Dasturda o‘qilgan asarning rejasini tuzish, o‘z tarjimayi holini og‘zaki yoxud yozma ravishda bayon qilish, rasm mazmunini og‘zaki yoxud yozma ravishda bayon qilish, o‘qigan asari mazmunini yozib berish tavsiya etildi.
1920-yilda Toshkent eski shahar maorif sho‘basining «maktablar bo‘lakchasi» «Birinchi bosqich el yozoqlarining 1920 – 1921-o‘quv yili uchun saboq tuzugi (mavzui)» I – V sinflar uchun ona tili va adabiyotdan dastur ishlab chiqadi. Bu dasturda asosiy e’tibor o‘quvchilarni mehnat ahli qilib yetishtirishga qaratiladi va kirish qismida mavzularni sinf sharoitiga qarab o‘tish, ko‘rgazmali qurollardan foydalanish haqida ko‘rsatma beriladi.
1922-yilda «O‘zbek bilim yurtlari uchun ona tili va adabiyot dasturi»ning tuzilishi maktablar hayotida muhim voqea bo‘ldi. Bu dastur 1923-yilda «Bilim o‘chog‘i» jurnalining 2 – 3 - sonlarida e’lon qilindi.
Dastur quyidagi bo‘limlardan tashkil topdi:
I. Hozirlik. 1.Adabiy o‘qish va so‘zlash. 2.Yozuv ishlari. 3.Nahv.
II. Hozirlik. 1.Adabiy o‘qish va so‘zlash. 2.Tahrir. 3. Sarf, nahv.
Dasturda materiallar kurslar bo‘yicha quyidagicha taqsimlandi:
I. Asos, ya’ni kurs. 1. Adabiy tekshirish. 2.Tahrir.
II. Asos. 1.San’at asarlari. 2.Umuman, san’at asarlariga va, xususan, she’riy asarlarga tarixiy jihatdan qarash. 3. Asl adabiyot tarixiga hozirlik ma’lumoti. 4. Yozuv, alifbo, yozuvning qanday tug‘ilishi.
1924-yildan 1929-yilgacha o‘tgan davr ichida jumhuriyatdagi iqtisodiy va madaniy qurilishda, xalq ma’orifi sohasida, til, adabiyot va adabiyotshunoslikda erishilgan yutuqlar maktab ta’lim - tarbiya ishlariga, maktab ta’limi mazmuniga, til va adabiyot o‘qitish metodikasi rivojiga ta’sir etdi, metodik ishlarning yuzaga kelishini ta’minladi.
20 - yillarda til, adabiyot va adabiyotshunoslikda kadrlar safi o‘sib borgani kabi, til va adabiyot metodikasi sohasi ham yosh kuchlar–Murod Shams, To‘xtanazir Shermuhamedov, Olim Sharafutdinov, Usmon Dadamuhamedov, Xalil Qayumov, Subutoy Dolimov, Qayum Hakimov va boshqa o‘qituvchilar hisobiga o‘sib bordi. Bu ilg‘or o‘qituvchilar mavjud dastur va darsliklarga ijodiy yondashgan holda maktabda turli janrdagi asarlarni o‘quvchilarga o‘qitish orqali yangi metodikani yangi usullar bilan boyitib bordilar.
30-yillarning birinchi yarmida maktabda til va adabiyot o‘qitish bilan shug‘ullanayotgan metodistlar, ilg‘or o‘qituvchilar, adabiyotshunoslar, tarbiya nazariyasi bilan shug‘ullanuvchi olimlar ilmiy-metodik ishlarni yaxshilash, barqaror dastur va darsliklar yaratishga kirishdilar. Natijada, 30-yillarda to‘liqsiz o‘rta va o‘rta maktablar uchun til va adabiyot dasturlari yaratildi, shahar va tumanlarda muallimlar uyushmalari tashkil qilindi, uyushma a’zolari o‘quvchilarning tajribalarini o‘rganib, ommalashtirishga kirishdilar,
1938-yilda nashr etilgan «To‘liqsiz o‘rta va o‘rta maktablar uchun programmalar» da adabiy asarni o‘qish masalasi birinchi o‘rinda turdi. Shu munosabat bilan V–VII sinf o‘quvchilarida badiiy asarni o‘qishga havas uyg‘otish, o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirish asosiy vazifa qilib qo‘yildi.
1940-yilda tuzilgan «O‘rta maktab programmalari»da o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirishga, mustaqil fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor berildi, asarni ifodali o‘qish, savol va topshiriq hamda mashqlar asosida asarning g‘oyaviy mazmunini puxta o‘zlashtirish tavsiya etildi. Sinflar bo‘yicha o‘quvchilarning yoshi va bilim saviyasiga mos asarlar tanlandi, ularni joylashtirishda didaktika talablariga rioya qilindi.
Ona tili ta’limining samarali usullarini izlab topish tarixi garchand uzoq o‘tmishlarga borib taqalsa-da, ammo «O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi» fan sifatida XX asrning 30-yillaridan boshlab pedagogika bilim yurtlari, oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakultetlarida o‘qitila boshlangandan keyin shakllandi.
«O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi» fan sifatida shakllangach, dastur, darslik va shu yo‘nalishda o‘quv - metodik qo‘llanmalar yaratishga ehtiyoj ortdi.
Dastlab S.A.Fessaloniskiyning «Ona tili metodikasi» (1940-yil) talabalar uchun o‘quv qo‘llanmasi sifatida nashr etilgan. Mazkur qo‘llanmada o‘quvchilar nutqini o‘stirish masalalariga katta e’tibor berilgan. Кitobda o‘quvchilarning so‘z boyligini oshirish, badiiy asarlardan olingan matnlar ustida ishlash, insho yozish malakalarini shakllantirishga jiddiy e’tibor qaratilgan.
M.Shams «Orfografiya o‘qitish metodikasi» (1944), К.Xayrullayev «Tipik orfografik xatolar va ularni bartaraf etish» (1944) mavzularida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishdi.
Respublikamizda 50-yillardan keyin maktablarda ona tili o‘qitish masalalariga oid bir qator ishlar e’lon qilindi va qo‘llanmalar yaratildi. O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi fan sifatida rivojlana boshladi, umumiy pedagogik, didaktik va psixologik xarakterdagi ilmiy tekshirishlarning natijalari O‘zbek tilini o‘qitish metodikasini takomillashtirishga imkon berdi. Jumladan, M.Shamsning «O‘zbek tili o‘qituv metodikasi» (1950), F.Кamolning «O‘zbek tili o‘qitish metodikasi» (1952), H.Rustamovning «Sintaksis va punktuatsiya o‘qitish metodikasi» (1960), N.Abdurahmonovning «O‘zbek tili o‘qitish metodikasi» (1969), Yo.G‘ulomov, I.Rasulov, H.Rustamov va B.Mirzaahmedovlarning «O‘zbek tili o‘qitish metodikasi» (1975) darsliklari shular jumlasidandir. Bu ishlarda garchand so‘zlarni turkumlarga ajratish, orfografiya va punktuatsiyani o‘qitishni til bilimlari bilan uzviy aloqadorlikda amalga oshirish borasida ijobiy fikr-mulohazalar bayon etilgan bo‘lsa-da, ammo orfografik va punktuatsion malakalarni takomillashtirish maqsadida qanday mashqlar tizimidan foydalanish, ayniqsa, o‘quvchilarning nutqiy malakalarini rivojlantirishda qo‘l keladigan ijodiy-amaliy ishlar borasida aniq yo‘nalish belgilanmagan. Shuningdek, mazkur ishlarda foydalanish uchun tavsiya etiladigan topshiriqlarning asosiy qismi qayta xotiralash xarakterida ekanligi (F.Кamol), o‘quvchilarda punktuatsion malakalarni shakllantirishni faqat «Sintaksis» bo‘limi doirasi bilan chegaralash (H.Rustamov) ona tili o‘qitishda lisoniy malakalar bilan nutqiy malakalar o‘rtasida nomutanosiblik (Yo.G‘ulomov va boshqalar) singari masalalarda ayrim noto‘g‘ri talqinlar, chalkash fikr-mulohazalar bayon etiladi. Ammo bu o‘rinda shuni alohida qayd qilish lozimki, yuqorida tilga olingan ishlarning nashr etilishi o‘z davri uchun katta voqea edi.
O‘zbek tili o‘qitish nazariyasi va metodikasiga oid nashr etilgan ishlarni tahlil etish shuni ko‘rsatdiki, uzoq yillar davomida ilmiy bilimlarni zo‘rma - zo‘rakilik bilan ommalashtirishga harakat kuchaydi. Maktab «Ona tili» darsliklariga ilmiy - filologik talqinlar, qoida va tavsiyalarni me’yoridan ortiqcha kiritish natijasida, ular ancha murakkablashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritilishi munosabati bilan, maktablarda davlat tili – o‘zbek tilining o‘qitilishiga e’tibor juda ortdi, yondoshuv o‘zgardi. «O‘zbek tili» Respublika doimiy anjumanining ta’sis etilishi, «Ona tili o‘qitish konsepsiyasi»ning yaratilishi, DTSning qabul qilinishi va unga muvofiq keladigan dasturning ishlab chiqilishi «Ona tili»dan yangi yo‘nalishdagi darsliklarning yaratilishiga asos bo‘ldi.
«O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi» fanidan dastlabki ilmiy - tadqiqot ishlari o‘tgan asrning 50 – yillaridan boshlanganligi ko‘zga tashlanadi.
Sobiq sho‘rolar istibdodi davrida bu fandan jami 24 kishi pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olishga erishdi. Chunonchi, К.Xayrullayevning «Buxoro viloyati maktablarining 5–6-sinflarida ona tilidan o‘quvchilarning tipik orfografik xatolari hamda uning oldini olish va bartaraf etish yo‘llari» (1957), S.Tursunovning «O‘zbek maktablarining 4-sinflarida grammatikani o‘qitish metodikasi» (1957), Y.Abdullayevning «Eski o‘zbek maktablarida savod chiqarish» (1961), Q.Abdurazzoqovaning «Ona tilidan 5-sinflarda o‘quvchilar faolligini oshirish» (1964), B.Mirzaahmedovning «O‘zbek maktablarining 6-sinflarida qo‘shma so‘zlarni o‘qitish metodikasi» (1965), К.Qosimovaning «5-sinf ona tili darslarida lug‘at ustida ishlash» (1966), N.A.Ahmedovning «O‘quvchilar nutqidagi dialektal xatolar va ularning oldini olish»(1966), O.Roziqovning «O‘zbek maktablarining boshlang‘ich sinflarida o‘quvchilarning mustaqil ishlari» (1967), M.Omilxonovaning «Sakkiz yillik o‘zbek maktablarida ergashgan qo‘shma gapni o‘qitish» (1967), G‘.Azizovning «O‘zbek maktablarining 5-sinflarida o‘quvchilar nutqini sinonim so‘zlar bilan boyitish» (1968), R.Abdullahatovaning «O‘zbek maktablarida olmoshni o‘qitish metodikasi»(1968), O.G‘afforovaning «O‘zbek maktablarining boshlang‘ich sinflarida o‘quvchilar nutqida uchraydigan xatolar» (1970), H.Zahirovning «O‘zbek maktablarining 7–8-sinflarida o‘quvchilarning yozma ishlarida uchraydigan punktuatsion xatolar» (1970), A.Po‘latovning «Maktabda holni o‘qitish metodikasi» (1970), A.Mirzayevning «O‘quvchilarning orfografik savodxonligini oshirishda diktantdan foydalanish» (1970), Sh.Кoyenovning «O‘zbek maktablarining boshlang‘ich sinflarida o‘quvchilarni bayon yozishga o‘rgatish» (1973), R.Inog‘omovaning «Fe’l zamonlarini o‘rganishda o‘quvchilarning nutqi ustida ishlash» (1974), A.G‘ulomovning «O‘zbek maktablarining 4-sinflari ona tili darslarida o‘quvchilarning mustaqil ishlari» (1975), O.Yoqubjonovaning «O‘zbek maktablarining 4–5-sinflarida so‘z yasashni o‘rgatish metodikasi» (1975), N.Shukrullayevning «O‘zbek maktablarining 8-sinflarida qo‘shma gap sintaksisini o‘qitishda o‘quvchilar nutqini rivojlantirish» (1975), R.Qayumovaning «Sifat mavzusini o‘rganishda o‘quvchilarning nutqini rivojlantirish»(1976), O.Botirovning «Кichik maktab yoshidagi o‘quvchilar nutqida uchraydigan dialektal xatolar»(1978), S.Nabiyevaning «O‘zbek maktablarining boshlang‘ich sinflarida orfografiyani o‘qitish metodikasi» (1981), M.Mamayusupovning «Boshlang‘ich maktabning 1–3-sinflarida o‘zlashtirilishi murakkab bo‘lgan fonemalarni o‘qitish metodikasi»(1981), E.Mamatovaning «Работа над орфограммами при изучении именних частей речи на уроках родного языка в IV-V классах школ с узбекским язиком обучения»(1982), B.Fazilovaning «Закрепление материала родного языка на уроках литературы IХ-Х классов школ с узбекским языком обучения» (1983), R.Qayumovaning «Развитие речи учащихся в связи с изучением темы «Имя прилагательное» в узбекской школе» (1984), N.Po‘latovning « Изучение словосочетания на уроках родного языка в узбекской школе» (1990) mavzularidagi nomzodlik dissertatsiyalari 50–90-yillarda himoya qilingan.
Respublikamiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgach, o‘zbek tili ya’ni davlat tilini o‘qitishga oid ilmiy tadqiqotlar ko‘lami ancha kengaydi. O‘tgan qisqa davr ichida ona tili o‘qitishning o‘ta muhim muammolariga oid doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi: A.G‘ulomovning «Ona tili ta’limi jarayonida o‘quvchilarning o‘quv–biluv faolligini oshirish» (doktorlik:1991), T.G‘aniyevning «Ona tilidan mashqlarni bajarish jarayonida o‘quvchilarning bilish (idrok etish) faoliyatini faollashtirish»(1991), Sh.Yo‘ldoshevaning «O‘zbek maktablari ona tili darslarida qo‘shma so‘zlarni o‘rgatishdagi izchillik» (1991), Q.Yusupovning «Кichik maktab yoshidagi o‘quvchilarda orfografik hushyorlikni shakllantirish» (1993), M.Rajabovaning «Tillarni bog‘lab o‘rgatish orqali o‘quvchilarda do‘stlik-qarindoshlikni tarbiyalash» (1993), N.Murodovaning «O‘quvchi nutqida mahalliy sheva ta’sirida vujudga kelgan talaffuz hamda imlo xatolari va ularni tuzatish usullari» (1993), Q.Yunusovning «Кichik maktab yoshidagi o‘quvchilarda orfografik hushyorlikni shakllantirish» (1993), M.Sobirovaning «O‘zbek maktablari yuqori sinf o‘quvchilariga sodda gap sintaksisini munozara usulida o‘rgatish» (1994), N.Sattorovaning «O‘quvchilarning insho yozish malakalarini takomillashtirish» (5-sinfda ona tili o‘qitish jarayonida) (1995), T.Ziyodovaning «Ona tili ta’limi jarayonida o‘quvchilarning so‘z boyligini oshirish»(1995), O‘.Ro‘ziyevaning «Uzluksiz ta’lim jarayonida bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilari va 1-sinf o‘quvchilari og‘zaki nutqini o‘stirish» (1995), N.Dadajonovaning «O‘zbek tili ta’limi jarayonida talabalarning nutqi ustida ishlash metodikasi»(1996), A.Bobomurodovaning «Ona tili ta’limi jarayonida o‘yin-topshiriqlardan foydalanish»(1997), N.Qosimovaning «Ona tili ta’limi jarayonida o‘quvchilar nutqini so‘zning ma’nodoshlari bilan boyitish»(1998), Sh.Yusupovaning «Ona tili ta’limi samaradorligini oshirishda ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish (noan’anaviy usullar va kompyuterdan foydalanish)» (1998), T.Yusupovaning «Uzluksiz ta’lim tizimi asosida maktabda o‘quvchilarga bosh bo‘laklarni o‘rgatish»(1998), G.Axrorovaning «Ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarning o‘zbek tili darslarida ko‘makchili birikmalarni o‘rgatish metodikasi» (1998), M.Hamidovaning «1–2-sinf o‘quvchilarining og‘zaki va yozma nutqini o‘stirish tajribasidan»(1998), M.Rixsiyevaning «Ta’lim rus tilida olib borilayotgan maktablarning o‘zbek tili darslarida o‘quvchilarni matn tuzishga o‘rgatish metodikasi» (1999), I.Toshevning «Umumta’lim maktablarida qo‘shma gapning yangicha talqini» (1999), M. Saidovning «O‘zbek maktablarining 5-sinflarida ona tili ta’limi jarayonida tafakkurni rivojlantiruvchi o‘quv topshiriqlari va ulardan foydalanish metodikasi» (2000), M.Ernazarovaning «Ta’lim qoraqalpoq tilida olib boriladigan maktablarning 2-sinflarida o‘zbek tilini o‘qitish metodikasi» (2000), G.Qurbonovaning «Tibbiyot institutlarining rus guruhlarida «O‘zbek tili» fani o‘qitish jarayonida talabalarning ixtisosiy nutqi ustida ishlash metodikasi» (2000), E.Abduvalitovning «Ta’lim qozoq tilida olib boriladigan maktablarning V-IX sinflarida o‘zbek tilini til tarkibida o‘qitish asoslari» (2002), L.Mirjalolovaning «O‘zbek tili mashg‘ulotlarida bolalarni savol-javobga o‘rgatishning nazariy-metodik asoslari» (2002), Sh.Bo‘ronovaning «Ta’lim qoraqalpoq tilida olib boriladigan maktablarning 5-sinflarida o‘zbek tili o‘qitishning ilmiy-metodik asoslari»(2002), M.Qaraxodjayevaning «Nofilologik guruh talabalarining kasbiy nutqini fe’l asosida shakllantirish metodikasi» (2002), N.Yuldashevaning «Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida sinonimlarni yangi pedagogik texnologiya asosida o‘qitish metodikasi»(2002), G.Muhamedjanovaning «Darsdan tashqari mashg‘ulotlarda rusiyzabon o‘quvchilarning o‘zbekcha nutqini o‘stirish metodikasi»(2003), M.Mirmaxsudovaning «O‘quvchilar nutqini takomillashtirishda grammatik terminlardan foydalanishning lingvometodik asoslari»(2004), S.Adilovaning «O‘zbek tili mashg‘ulotlarini kompyuter texnologiyasi vositasida tashkil etish» (2004), Sh.Yusupovaning «Hozirgi o‘zbek adabiy tili darslarida o‘quvchilar tafakkurini o‘stirishning ilmiy-metodik asoslari» (doktorlik: 2005), X.Qurbonovaning «Ona tili ta’limi mazmunini yangilashning lingvometodik asoslari»(2005), T.Yusupovaning «Gapning bosh bo‘laklarini o‘rganish jarayonida o‘quvchilar nutqini o‘stirishning lingvometodik asoslari»(2005), A.Hamroyevning «Boshlang‘ich sinflarda ona tili ta’limini ijodiy tashkil etish»(2005), M.Jo‘rayevning «O‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘rganish metodikasining shakllanishi» (2005), G.Axmedovaning «O‘zbek tili darslarida o‘quvchilar nutqini yasama so‘zlar bilan boyitishning metodik asoslari»(2006), N.Umarovaning «Talabalarning o‘zbekcha yozma nutqini o‘stirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish metodikasi»(2007), Sh.Nurullayevaning «Boshlang‘ich sinf ona tili darslarida o‘quvchilarni mustaqil fikrlashga o‘rgatish metodikasi» (2007), N.Alavutdinovaning «Ona tili darslarida ijodiy fikrlash ko‘nikmasini shakllantirish metodikasi» (2008), A.Husanboyevaning «O‘zbek tili darslarida matn vositasida o‘quvchilar nutqini o‘stirishning metodik asoslari»(2008), Sh.Yuldashevaning «Davlat tili ta’limida o‘quvchilar nutqiy malakalarini o‘stirishning ilmiy-metodik asoslari»(2008), G.Eshchanovaning «O‘zbek tili darslarida she’riy asarlarni o‘rganishning lingvometodik asoslari» (2009), O.Oxunjonovaning «Ta’lim bosqichlarida sinonimlar mavzusini o‘qitish metodikasi»(2009), X.Muhiddinovaning «Ta’lim bosqichlarida o‘zbek tili o‘qitilishi uzluksizligini ta’minlashning ilmiy-metodik asoslarini takomillashtirish» (doktorlik: 2011), S.Tajbenovaning «Ona tili darslarida o‘quvchilarga nazariy bilimlarni amalda qo‘llashni o‘rgatish metodikasi (ta’lim qozoq va o‘zbek tillarida olib boriladigan boshlang‘ich sinflar misolida, 2018)», G‘.Hamroyevning «Umumiy o‘rta ta’lim tizimida fonetikaga doir o‘quv materiallarining metodik ta’minotini takomillashtirish» (2019), A.Hamroyevning «Ona tili ta’limida o‘quvchilarning ijodiy faoliyatini loyihalashtirish» (doktorlik: 2020), X.Bakiyevaning «Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida mustaqil ta’lim orqali nutq va tafakkurni rivojlantirish metodikasi» (2020), Ya.Umarovaning «Til ta’limida matn tahlili orqali o‘quvchilarda pragmatik kompetentsiyani rivojlantirish» (2020), U.Abdurasulovaning «Ona tili ta’limida o‘quvchilarda morfologik kompetentlikni shakllantirish va rivojlantirishning zamonaviy texnologiyalari» (2020), R.Isroilovaning «Boshlang‘ich sinf ona tili darslarini loyihalash jarayonida o‘quvchilarni faollashtirish texnologiyasi»(2020), T.Kaziyevaning «Fonetik uslubiyatni o‘rganishda o‘quvchilarning kreativ kompetentsiyalarini rivojlantirishning ilmiy-metodik asoslari»(2020), F.Holikulovaning «Boshlang‘ich sinflarda bayon yozishga o‘rgatish orqali o‘quvchilarning yozma nutqini shakllantirish metodikasi»(2022) mavzulardagi ilmiy-tadqiqot ishlari himoya qilindi.
O‘zbek tilshunosligining yangi taraqqiyot bosqichida tilni sistemali o‘rganish masalalarini taniqli tilshunos va metodist olimlar H.Ne’matov, N.Mahmudov, A.Nurmonov, R.Sayfullayeva, A.G‘ulomov, R.Safarovalar boshlab berishdi.

Yüklə 0,73 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   135




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə