O`zbek milliy san’atida doira cholg`usining o`rni” 70111301 – Musiqa ta’limi va san’at Magistr akademik darajasini olish uchun yozilgan


I.2. Temuriylar davri urma zarbli cholg’ular tarixidan



Yüklə 122,86 Kb.
səhifə8/26
tarix07.10.2023
ölçüsü122,86 Kb.
#126027
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   26
xamidjon

I.2. Temuriylar davri urma zarbli cholg’ular tarixidan
Sohibqiron Amir Temur bobomiz o`zining o`tkir zehni, ilmga zukkoligi va san’atsevarligi, qolaversa, zamonasining olimu fuzalo, me’moru hunarmand, shoiru san’atkorlariga mehr-muruvvatliligi bilan ham dong taratgan edi.
Ulug‘ Sohibqironning shu kabi go`zal fazilatlari ham bois bu davrga kelib diyorimizda shaharsozlik va me’morlik, amaliy va tasviriy san’at, mumtoz adabiyot va musiqa keng ko`lamda ravnaq topishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi, desak mubolag‘a bo`lmaydi. Nozik did sohibi Amir Temur shaxsida haqiqiy ijodkorlik javhari mujassam bo`lganligini, jumladan, Sohibqironning musiqaga bo`lgan munosabatidan ham anglab olish mumkin. Yozma manbalardan ma’lum bo`lishicha, buyuk bobokalonimiz musiqani teran idrok eta olgan hamda asl musiqachilar qadrini bilgan va ularni mudom e’zozlagan.
Amir Temur ishtirok etgan saroy ziyofatlari, to`y marosimlari va boshqa tantanali bayramlarda turli o`lkalarning musiqachilari ham o`z san’atlarini namoyish etishlari odat tusini olgan edi. Sohibqiron amri bilan yozilgan Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma»sida qayd qilinishicha, «Olamning turli tarafidan yig‘ilgan tillari va kiyimlari bir-birlaridan farqli har qaysi mamlakat sozandalari, har bir iqlimning san’at ahllariyu hunar sohiblari guruh-guruh bo`lishib har diyorning o`zida rasm va odat qilingan zeb-ziynat buyumlari, taqinchoqlari, kiyim-kechak va matolari bilan yasanib, o`zlariga oro berdilar. Xushnag‘ma sozandalar va xushovoz xonandalar fors tariqasida, ajam tartibida, arab qoidasida, turk yo`sinida, mo`g‘ul ayolg‘usida, xitoy rusumida, oltoy uslubida soz chalmoq, ashula aytmoq va ohang bog‘lamoq ila mashg‘ul edilar».
Shuni ta’kidlash kerakki, musiqaning ijtimoiy ahamiyati yuksalgan, uning janrlari ortgan hamda xilma-xil ijrochilik shakllari yuzaga kelgan Amir Temur va Temuriylar davri jahon madaniyati tarixida yuqori baholanadi. Bizgacha yetib kelgan kitobiy mo`’jaz tasvirlar va tarixiy yozma manbalar esa bu fikrlar asosli ekanligini tasdiqlaydi. Xususan, XV-XVII asrlarga oid Hirot, Buxoro va Samarqand miniatyura maktablari vakillarining kitobiy mo`’jaz tasvirlari asosida ansambl ijrochiligi bilan bog‘liq muayyan vaziyat va joylar hamda o`sha davrlarda ijro etilgan musiqa janrlari haqida ham ma’lum tasavvur hosil qilish mumkin. Masalan, karnay, nog‘ora va dovullar harbiy yurishlar, janglar, ov jarayonlari, shuningdek, xalq sayllari, ommaviy marosim va bayram tantanalarida chalingan bo`lsa, tanbur, rubob, g‘ijjak, ud, nay, chang-arfa kabi cholg‘ularning nozik nolasi saroylardagi ziyofatlarda, oshiqlarning xonaqohlardagi nafis yig‘inlarida, kiborlar majlislarida, do`stlar davrasida yangragan.
Shu kabi manbalar asosida harb musiqasini ov musiqasidan, cho`pon kuyini to`y musiqasidan, maqom sadosini zikru samo`dan farqlash mumkin. Shu o`rinda saroy mumtoz musiqasining shakllanishi, ayniqsa, o`sha davr Sharq musulmon olamida mashhur bo`la boshlagan «O`n ikki maqom» tizimining Amir Temur asos solgan buyuk davlat poytaxti – Samarqand saroy musiqa amaliyotiga rasmiy joriy etilish jarayonlari alohida diqqatga sazovordir. Zero, bu ilmiy-ijodiy vazifani hayotga tatbiq etishning qator murakkab jihatlari va xususiyatlari mavjud bo`lgan. Jumladan, yuksak g‘oyalar bilan yo`g‘rilgan «O`n ikki maqom» tizimi ilk bor alloma Safiuddin Urmaviy (tax. 1215-1294 y.) tomonidan advor (doiralar, davrlar) ilmi tarzida Bag‘dodda tasnif etilgan bo`lib, unda aksariyat Sharq xalqlari ijodi va kasbiy musiqa jabhalarida yuzaga kelgan musiqiy qadriyatlar tizimlashtirilgan edi.
Bu tizimni joylarda amaliy qo`llash uchun esa milliy musiqa xazinasida jamlangan kuy-ohang va ritmik usul boyliklarini matematik metodlar asosida advor holiga keltirish, shuningdek, ularning sifat (mukammal, nomukammal va h.k.) darajalarini ilmiy aniqlash va shu asosda musiqiy tizimdagi (ma’lum g‘oya ifodasiga muvofiq) tartib o`rinlarini belgilash talab etilgan. Zero, mutaxassislarga yaxshi ma’lumki, maqom bu, eng avvalo, yuksak ilm, so`ngra shu asosdagi ijodiy mehnat (bastakorlik) mahsulidir. Tabiiyki, ijodiy va ijroviy amaliyotlar uchun poydevor yanglig‘ zarur bu kabi ilmiy masalalarning ishlanmalari (yechimi) musiqashunos olimlar zimmasida bo`lgan.Tarixdan ma’lumki, Sohibqiron poytaxt Samarqandni jahondagi eng ko`rkam va madaniy rivojlangan shaharga aylantirishga mudom intilgan va shu maqsadda o`zga yurtlik mashhur hunarmand usta, olim, shoir va ulug‘ san’atkorlarning Samarqandda faoliyat yuritishi uchun jamlagan. Shu jumladan, Sohibqironning bevosita sayʼ-harakatlari ila maqom ilmining benazir ustozlari ham turli mamlakatlardan bizning yurtimizga keltirilgan edi. Alalxusus, manbalarda qayd qilinishicha, 1393 yili ulug‘ Amir Temur bobomiz Bag‘dodni zabt etgach, bu yerda faoliyat ko`rsatayotgan yaxshi hunarmand kishilar qatorida zamonasining tengsiz xushovoz hofizi va mashshoqi, maqomshunos olimi va yuksak salohiyatli ijodkori Abdulqodir Marog‘iy (Xoja Abdulqodir ibn G‘oibiy Hofiz al-Marog‘iy, 1353-1435) iste’dodiga alohida e’tiborini qaratgan.
Muarrix Ibn Arabshohning «Temur tarixida taqdir ajoyibotlari» nomli kitobida qayd etilishicha, Samarqandga yuborilganlar qatorida Abdulqodir Marog‘iy bilan birga «uning o`g‘li Safiuddin, kuyovi Nasriyin, Qutb al- Mousiliy, Ardasher al-Changiy va boshqalar» ham bo`lgan. E’tiborlisi shundaki, poytaxtda to`plangan olim va ustoz san’atkorlarning ilmiy-ijodiy faoliyat ko`rsatishlari uchun zarur sharoitlar ham yaratib berilgan edi. Inchunin, dastlab Sohibqiron saroyi, keyinchalik esa Mironshoh, Shohrux Mirzo, Xalil Sulton kabi Temuriy hukmdorlar saroyining benazir musiqachisi bo`lgan Abdulqodir Marog‘iy ana shunday sharoit va imkoniyatlar o`laroq o`zining musiqa ilmida hozirga qadar mashhur «Maqosidul-alhon» («Kuylarning o`rni») va «Jami’ul-alhon» («Kuylar to`plami») nomli shoh asarlarini bizning diyorimizda yaratgani bejiz bo`lmasa kerak.
Shuningdek, mantiqiy mulohazalarga ko`ra, Abdulqodir Marog‘iy boshchiligidagi bir guruh olim va san’atkorlar «O`n ikki maqom» tizimining o`lkamizdagi ilk mumtoz ko`rinishini aynan Sohibqiron Amir Temur saroyida yuzaga keltirgan edilar. Professor Abdurauf Fitratning «O`zbek klassik musiqasi va uning tarixi» risolasida qayd etilgan quyidagi satrlar ham shunga ishora etadi: «Temurning buyrug‘i bilan har tomondan keltirilgan ixtisoschi olimlarning g‘ayratlari bilan bu san’at (ya’ni «O`n ikki maqom» – O.I) birdan jonlandi, oyoqqa bosdi. Islom sharqining har tomonidan keltirilgan cholg‘uchilar bizning bu kungi klassik musiqamizning yuksalishiga, ko`tarilishiga xizmat qildilar. Oz zamonda yerlilardan ulug‘ musiqiyshunoslar yetishdilar».
Mumtoz maqomlarning buyuk davlat saroyida rasmiy tus olishi hamda keyinchalik Temuriylar davrida tadrijiy rivoj topishida, nazarimizda, bu san’atning buyuk davlat mafkurasiga muvofiqligi masalasi ham muhim o`rin tutgan. Ma’lumki, Amir Sohibqiron va Temuriylar davrida tasavvuf ta’limoti alohida nufuzga ega bo`lgan va, ma’lum darajada, rasmiy mafkura bilan tutashib ketgan edi. Buni, masalan, Amir Temur tomonidan shayxul mashoyixlarga ko`rsatilgan alohida izzat-ikrom namunalarida ham ko`rish mumkin. Xususan, ulug‘ Sohibqiron Xoja Ahmad Yassaviy hazratlariga chuqur ehtirom bildirib, Turkistonda «Ahmad Yassaviy» me’moriy obidasini (maqbarasini) qurdirgan, shuningdek, mo`’tabar shayxul-mashoyixlardan Zayniddin Toybodiy, Shamsiddin Kulol va Sayyid Barakalarni o`zining pirlari deb tan olgan va ularga chuqur ehtirom bilan munosabatda bo`lgan.Binobarin, shu holatlar bois xalq orasida keng yoyila boshlagan so`fiyona g‘oyalarni saroy muhiti va u bilan bog‘liq she’riyat, me’morchilik, amaliy va tasviriy san’atlar bilan birga mumtoz musiqada ham o`ziga xos ifodalash imkoniyatlari mavjud bo`lgan.
Shunday omillar asosida «O`n ikki maqom» tizimi ko`plab olim va kasbiy musiqachi ustozlarning o`tmish va o`z zamonasi musiqa boyliklarini o`sha davr mumtoz talablari va ilg‘or g‘oyalariga muvofiq badiiy yaxlit tizim holiga keltirish ustida samarali olib borgan ilmiy-ijodiy izlanishlarining natijasida yuzaga kelgan hamda buyuk davlatning ustuvor ma’naviy-mafkuraviy tizimlari qatorida saroy madaniyatidan munosib o`rin olgan edi. Ta’kid joizki, «O`n ikki maqom tizimi»ning Turkiston zaminidagi qariyb to`rt asrdan ziyod rivoji davomida maqomotning yangi turlariga asos solindi. Jumladan, XVIII asr o`rtalariga kelib Buxoro saroy madaniyatida «Shashmaqom» turkumi uzil-kesil shakllandi, XIX asrning birinchi choragida esa Xiva xonligi saroy madaniyati muhitida «Xorazm maqomlari (Shashmaqomi)” qaror topdi. Shuningdek, Qo`qon xonligi davrida Toshkent va Farg‘ona vodiysining yirik shaharlari – Qo`qon, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Xo`jand, Quva, O`sh hamda Chimkent bo`ylab yoyilgan «Farg‘ona – Toshkent maqom yo`llari» ham yuzaga keldi. Shu asnoda «O`n ikki maqom» keyingi davrlarda yuzaga kelgan yangi maqom tizimlariga o`ziga xos poydevor bo`lgan edi. Albatta, bu o`rinda Fitrat ta’birida kelgan «yerlilardan yetishib chiqqan ulug‘ musiqiyshunoslar»ning ham xizmatlari katta bo`lgan. Lekin shu bilan birga, bu bebaho musiqiy boyliklarning bunyod etilishida ulug‘ Sohibqiron Amir Temur bobomiz tomonidan o`z vaqtida bu san’atga «O`n ikki maqom» timsolida berilgan katta e’tibor va ko`rsatilgan zarur amaliy sa’y-harakatlar benihoya ahamiyatli bo`lgani ham shak-shubhasizdir. Buni biz, bugungi va kelgusi avlodlar, minnatdorlik tuyg‘usi ila aslo unutmasligimiz kerak[oq ib].

Yüklə 122,86 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   26




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə