O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti



Yüklə 6 Mb.
səhifə26/80
tarix22.05.2018
ölçüsü6 Mb.
#45438
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   80

- kompyuterlashtirish axborot qidirish va unga ishlov berish vositalarini takomillashtirish jarayoni;

- intellektualizatsiya–axborot yaratish va uni idrok etish qobiliyatini rivojlantirish, ya’ni jamiyatning intellektual salohiyatini oshirish, shu jumladan sun’iy intellektdan foydalanish jarayonidir.

Umuman olganda, jamiyatni axborotlashtirishni zamonaviy axborot–texnika vositalari yordamida ijtimoiy tuzilmalar va jarayonlarni takomillashtirish deb talqin qilish lozim. Axborotlashtirish ijtimoiy intellektualizatsiya jarayonlari bilan uyg‘un bog‘liq bo‘lishi kerak. Zotan, bu shaxsning va u yashayotgan axborot muhitining ijodiy salohiyatini oshirishga imkoniyat yaratadi.

Axborotlashgan jamiyat oldingi jamiyatlardan sifat jihatidan farq qiladi. Bu erda moddiy omillar emas, balki ideal omillar – bilim va axborot birinchi o‘rinda turadi. Axborot va bilim olish, ularga ishlov berish, ularni saqlash va berish jarayonida jamiyat a’zolarining aksariyati band bo‘ladi. Axborotlashgan jamiyatda axborot ishlab chiqarish moddiy ishlab chiqarishni siqib chiqarmaydi, balki uning ustida quriladi va moddiy ishlab chiqarishning rivojlanishiga turtki beradi.

Demak yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib jamiyatning quyidagi tiplarini tavsiflash mumkin bo‘ladi:
Jamiyat hayoti sohalari va ko‘ptomonlamaligi. Vaqt o‘tishi bilan jamiyat tuzilmasida to‘rtta asosiy sohalar ajralib chiqdi: iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy sohalar. SHuni ta’kidlash kerakki, “ijtimoiy hayot sohasi” tushunchasi o‘rniga “ijtimoiy struktura” yoki “siyosiy hayot” kabi tushunchalar ishlatiladi. Ularni sinonim tushunchalar desa ham bo‘ladi. Lekin fanda ko‘proq “soha” tushunchasi qo‘llaniladi.

Ijtimoiy borliq, ya’ni jamiyat bir qancha tarkibiy qism, sohalardan iborat bo‘ladi (ularga iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy, axloqiy, huquqiy, diniy, madaniy).

Jamiyat hayoti mana shu iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy sohalarning uzviy aloqadorligiga asoslanadi. Jamiyat yaxlit ijtimoiy tizim bo‘lsada, ammo unda hilma-xil munosabatlar o‘rin olgan bo‘lib, bu jamiyatning ko‘ptomonlama ekanligini anglatadi. Insonning hilma-xil extiyojlari ularni bu ehtiyojlarni qondirish yo‘lida har bir ehtiyoj turiga mos faoliyat yuritishiga, boshqalar bilan munosabatga kirishishiga olib keladi. Masalan, isonning moddiy ehtiyojlari iqtisodiy munosabatlarni, ma’naviy ehtiyojlari ma’naviy munosabatlarni, shuningdek muayyan uyushgan holda yashashga bo‘lgan ehtiyojlari sotsial munosabatlarni yuzaga keltiradi. SHundan kelib chiqib jamiyat iqtisodiy, siyosiy, sotsial va ma’naviy sohalardan tarkib topadi.

Jamiyatning iqtisodiy sohasi keng ma’noda kishilarning o‘z moddiy sharoitlarini yaratish, ishlab chiqarish bilan bog‘liq barcha faoliyat turlarini o‘z ichiga oladi. Ana shu faoliyat turlari insonning hayvondan farqini bildiradi. Inson tabiatdan oladiganlari bilan cheklanib qolmaydi. Hatto atmosfera havosini ham nafas olish uchun moslashtirish, masalan, qizdirish zarur bo‘ladi, degan edi Gegel. Tabiat xomashyolaridan, uning qonunlari talablariga mos holda, unda ilgari bo‘lmagan mahsulotni inson ehtiyojiga moslab yaratish lozim bo‘ladi. Buning uchun inson tana kuchlarini - qo‘li, oyog‘i, miyasi va hokazolarni harakatga keltirib, jamiyat hayotining doimiy va zaruriy asosi hamda sharti bo‘lgan moddiy ne’matlar ishlab chiqarishni amalga oshiradi. Bunda qo‘llaniladigan qurollar bir tomondan inson bilan tabiat o‘rtasida yuz beradigan modda va quvvat almashuvining, inson mehnatining ilk mahsuli bo‘lsa, ikkinchi tomondan, inson mehnatining vositasi hamdir.

Inson mehnati ishlab chiqarishdagi shaxsiy, jonli tomon hisoblanib, uning oqilona sarf etilganligi mehnat unumdorligida ifodalanadi. Mehnatning unumdorligini oshirish vazifalari tufayli chorvachilik kelib chiqqan, hunarmandchilik dehqonchilikdan ajralgan, qadimdan hozirgi davrgacha mehnat taqsimotining ko‘pdan-ko‘p yangi shakllari yuzaga kelgan. Mehnat taqsimoti natijasida uning aqliy va jismoniy mehnatga bo‘linishi davom etadi va chorvadorlar ovulidan dehqonlar qishlog‘i, undan shahar ajralib chiqqan. Bu esa, o‘z navbatida, ishlab chiqarishning texnologik va tashkiliy tomonlarini kuchaytirmasligi mumkin emas edi.

Ishlab chiqarishning tashkiliy tomonlari mehnat faoliyatini turli ko‘rinishlarda yo‘lga qo‘yish, uning texnologik tarmoq, hududiy taqsimlanishi, mehnatning ixtisoslanishi, shirkatchilik va hokazolarni ifodalaydi.

Ishlab chiqarish asosini hamisha “inson-texnika” munosabati tashkil etadi. Ishlab chiqarishning texnologik usuli uchta bosqichni - asboblardan foydalanish, mexanizatsiya va avtomatlashtirish bosqichlari qamrab oladi.

Mexanizatsiya bosqichida inson mehnat qurollarini o‘zining qo‘llari yordamida harakatga keltiradi, hamda tafakkuri bilan boshqaruv vazifalarini bajaradi. Mashina texnikasi esa bularni birin-ketin texnik qurilmalar zimmasiga yuklaydi. Xususan, ishchi mashinaning ixtirosi tufayli texnika taraqqiyoti natijasida insondan dastlab ijroiya vazifani, undan so‘ng bug‘ mashinasi, elektrodvigatellar va hokazolar yordamida harakatga keltiruvchi vazifani va, nihoyat, bizning davrimizda aniq matematik ifodalanish orqali boshqaruv vazifasini avtomatlar bajaradigan bo‘ldi.

Texnika taraqqiyoti fandagi chuqur o‘zgarishlarsiz yuz bermaydi. O‘tmishda ulardagi o‘zgarishlar ketma-ket sodir bo‘lgan edi. Hozir esa bu o‘zgarishlar bir vaqtda yuz beribgina qolmay, balki sifat xususiyatlariga ham ega bo‘lgani uchun fan-texnika inqilobi deb atalmokda. Uning mohiyati fanning bevosita ishlab chiqaruvchi kuchga aylanishida va buning natijasida ishlab chiqarish sohasidagina emas, balki jamiyat hayotining boshqa tomonlarida ham sifat o‘zgarishlarini ta’minlash mumkin bo‘lishidir. Fan-texnika inqilobi o‘zining hozirgi bosqichida mikroelektronika, biotexnologiyaning rivojlanishi, yalpi kompyuterlashtirish va hokazolardan iborat bo‘lmoqda.

Ishlab chiqarish jarayoni fan-texnika inqilobining muhim omili bo‘lgan axborotni to‘plash, chiqarish va undan foydalanish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Axborotsiz hozirgi mashinalarni tartiboti ishlay olmaganidek, ishlab chiqarishning o‘zini ham muvaffaqiyatli tashkil etib bo‘lmaydi.

Jamiyat iqtisodiy sohasining ijtimoiy-falsafiy tahdilida yuqorida qarab chiqilgan jihatlarining ahamiyati qanchalik katta bo‘lmasin, ular kishilik dunyosi moddiy hayotining bir tomoninigina ifodalaydi. Uni mavhumiy-mantiqiy jihatdangina emas, balki mustaqil tekshirish mumkin. Amalda esa ularni tashkiliy iqtisodiy va ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Bulardan birinchisi ishlab chiqarishni tashkil qilish jarayonida kelib chiqadigan munosabatlarniifodalasa, ikkinchisi ishlab chiqarish vositalariga bo‘lgan mulkchilik munosabatlarini aks ettiradi.

Mulk tushunchasi inson o‘ziga tegishli bo‘lgan narsalar, shu jumladan, o‘zining hayoti, jismoniy va ma’naviy kuchlariga egalik qilish huquqiga ega bo‘lgandagina yuzaga keladi.

Mulk odatda, ikki shaklda, bir-birini taqozo qilgan holda xususiy va umumiy shaklda bo‘ladi. Dastlab ibtidoiy tuzum sharoitda mulk barcha jamoa a’zolariniki hisoblangan. Quldorchilik tuzumidan boshlab esa xususiy mulkchilik hukmron bo‘lgan. SHarq mamlakatlardagi sug‘orma dehqonchilikka asoslangan ishlab chiqarishda davlatning xo‘jalik yurgizishga rahbarligi taqozo etilganligi, uning qo‘lida sug‘orish kanallari, aloqa xizmati va hokazolarning bo‘lishligini shart qilib qo‘ygan. Bu esa mulkchilik munosabatlarining shakliga ham ta’sir etgan.

Inson va jamiyat o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun aniq o‘rni va vaqtiga ko‘ra mulkni zarur shaklini tanlashi mumkin.

Moddiy ishlab chiqarish qanchalik zarur bo‘lmasin, har bir sog‘lom fikrli kishi uchun uning hayoti yana boshqa qator sohalar bilan ham bog‘liqdir. CHunki, ong va irodaga ega bo‘lgan kishilar o‘z iqtisodiy sharoitiga ega bo‘lishi uchun muayyan tarzda birikib, ijtimoiy faoliyatining yangidan-yangi turlari va shakllarini ham namoyon etadilar. Gap bu erda, eng avvalo, boshqarishga oid bo‘lgan jamiyatning siyosiy sohasi to‘g‘risida bormoqda.Boshqaruv ijtimoiy hayotning muhim shartidir.

Falsafiy tushuncha sifatida boshqaruv jamiyatga tadbiqan uning sifat muayyanligini ta’minlash, tarkibiy unsurlari tartibotini takomillashtirishning maqsadga muvofiq yo‘naltirishni ifodalaydi.

Jamiyat ikki xil tarzda — o‘z-o‘zidan va maxsus boshqariladi. Birinchi xil boshqaruv, o‘z navbatida, yana ikkiga: stixiyali (masalan, an’ana, odat va h. k.) va ongli o‘z-o‘zini (masalan, oilaviy munosabatlarda) boshqaruvga bo‘linadi. Bularda, dastavval, ko‘zga tashlanadigan tomon shundaki, boshqaruvda jamiyat yoki uning muayyan tizimi a’zolarining hammasi ishtirok etadi va o‘z manfaatlarini lozim tarzda ta’minlaydilar.

Ikkinchi xil boshqaruvda majbur etishlik jihati mavjuddir. Bu boshqaruv ham ikki ko‘rinishga ega. Birinchi ko‘rinishda majburiylik ob’ektiv ravishda jamiyat yoki uning muayyan qismlari ehtiyojlari bilanyuzaga kelsa, ikkinchisida, maxsus yaratilgan tashkilotning vazifasi majburiylikni amalga oshirishdan iborat bo‘ladi. Misol tariqasida boshqarishdagi ibtidoiy jamiyat sharoitida ham mavjud bo‘lgan majbur etishlikni keltirish mumkin. Bundan farqli o‘laroq, ikkinchi ko‘rinishi jamiyat a’zolarining bir guruhini ikkinchi guruhga ta’siri orqali amalga oshadigan majbur etishlikni ifodalaydi.

Har qanday boshqaruvning markaziy bo‘g‘ini — bu hokimiyatdir. Jamiyat hayoti, faoliyatini boshqarishi jtimoiy hokimiyat orqali amalga oshiriladi. Unda kamida ikki tomonning (ikki odam yoki guruh va alohida olingan shaxs va hokazolar) munosabatida birining irodasiga ko‘ra ikkinchisining muayyan harakatni sodir etishi yoki etmasligi bilan bog‘liq holat tushuniladi.

Hokimiyatning umumiy doirasida katta ijtimoiy guruhlar o‘rtasidagi munosabatlar bilan taqozolangan hokimiyat shakli ham farqlanadi. Buni shunday izohlash mumkin: ibtidoiy jamoa sharoitlarida har holda uning oxirgi bosqichida, ijtimoiy hokimiyatda majburiylikga bog‘liq boshqaruv mavjud bo‘ladi. Masalan, O‘zbekiston hududida yashagan qadimgi xalqlar tarixida xo‘jalik faoliyati jamoachilik asosida olib borilib, juda qadimdanoq sug‘orma dehqonchilik yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu ishlarni boshqarish ijtimoiy hokimiyatnint siyosiy shakli yordamida amalga oshirilgan.

Siyosiy hokimiyat amalda bo‘lishi uchun, ijtimoiy hokimiyatda zarur bo‘lgan barcha unsurlar bilan birga, qo‘shimcha ravishda quyidagi jihatlar ham bo‘lishi zarur:

1. Hokimiyatni amalga oshiruvchi guruh yoki guruhlar bilan hokimiyatni ob’ekti bo‘lgan guruh yoki guruhlarning o‘zaro ijtimoiy ajralishi;

2. Hokimiyatni amalga oshirishning asosi sifatida uyushgan majburiylikning mavjudligi (masalan, oqsoqollar kengashi va hokazo).

Siyosiy hokimiyatni yuqoridagicha tushunishda uning davlat hokimiyatidan kengligi va avval mavjud bo‘lganligi o‘z-o‘zidan tushunarlidir.

Ijtimoiy boshqarishda siyosiy xokimiyat yuzaga kelishi bilan bog‘liq holda jamiyatning siyosiy sohasi tashkil topadi. Ushbu soha doirasida jamiyat a’zolarining asosiy ob’ektiv manfaatlari qarama-qarshi bo‘lgan katta guruhlarga (masalan, qullar va quldorlarga) bo‘linishi yuz berdi. Natijada, ijtimoiy hayot murakkablashdi. Ilgari mavjud bo‘lgan munosabatlar endi “jamiyat-sinf-shaxs” munosabatlari orqali namoyon bo‘lib, jamiyatda qator yangi ziddiyatlarni keltirib chiqaradi.

SHu vaqtdan boshlab boshqaruv mazmunida moddiy ishlab chiqarish hamda yaratilgan mahsulotlarni o‘zlashtirish sohasi va jamiyat a’zolarining, sinflar, oila bilan bir qatorda, tarixiy etnik birliklari —qabila, elat, keyinroq millat, shuningdek ijtimoiy qatlamlar, guruhlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish sohasi — iqtisodiyot va siyosat nisbati masalasi paydo bo‘ldi. Lekin bundan siyosat boshqa sohalar (masalan, ijtimoiy ong shakllari, madaniyat va hokazolar) bilan aloqada bo‘lmaydi, degan ma’no kelib chiqmaydi. Aksincha, iqtisodiyot sohasining ijtimoiy borliqning boshqa sohalari bilan aloqasi doimo siyosat orqali amalga oshadi.

Siyosatda o‘z ifodasini topmaydigan ijtimoiy hodisaning o‘zi yo‘q. Biroq unda birinchi o‘rinda ijtimoiy borliqning eng muhim tomonlari aks etadi. SHuning uchun jamiyat hayoti eng asosiy sohalarining o‘rni va ahamiyatga ko‘ra, iqtisodiyot va siyosat, ular o‘rtasidagi aloqadorlik g‘oyat muhim masala hisoblanadi. Darhaqiqat, iqtisod va siyosatda yuz beradigan voqealar jamiyat a’zolari barchasining manfaatiga dahldordir. Bu voqealar, odatda, o‘z mohiyat-e’tibori bilan xalqlar va mamlakatlarning tarixiy taqdirida hamda kishilar turmushi va tafakkurida yuz beradigan muhim o‘zgarishlarni bildiradi.

Siyosat jamiyatning tez o‘zgaruvchan, doimiy faol tomonidir.

Siyosatning ob’ekti butun jamiyat sohasi hisoblanadi. SHuningdek, jamiyatning istagan sohasi ham o‘rni va paytiga bog‘liq ravishda siyosatning ob’ekti bo‘lishi mumkin. Siyosatning sub’ekti esa jamiyatdagi katta-katta guruhdar bo‘lib, ular diqqat markazida mavjud hokimiyatga nisbatan munosabat yotadi.

Davlat — insoniyat sivilizatsiyasi rivojlanishining mahsuli, xalqlar va millatlar hayotining huquqva qonunga asoslanib tashkil etishning siyosiy shaklidir.

Davlat orqali olib borilgan boshqaruvda ikkita umumiy jihatni ko‘rish mumkin:

— birinchidan, davlat paydo bo‘lishi bilan jamiyat hayotini tashkil etish va uni boshqarishning tarixan barqaror bo‘lgan yangi shakllari qaror topdi. Hokimiyatning vakolatli shakli yuzaga kelib, katta-katta ijtimoiy vazifalarni bajarish uchun keng xalq ommasini safarbar etishning tashkiliy usullari va vositalari ishlab chiqilib, doimo takomillashtirilib borildi. Davlat doirasida aholining ijtimoiy jihatdan farqlanadigan tarkibiy tuzilishi yuz berdiki, natijada, urug‘, qabilachilik aloqalaridan etnik va sinfiy umumiylikka o‘tish ta’minlandi. SHuningdek, davlat mavjudligi tufayli ijtimoiy manfaatni shaxsiy manfaatdan ajratib, uning ahamiyatliligi ta’minlandi, ijtimoiy intizom qaror topib, insonning shaxs sifatida ijtimoiy qiyofasi birinchi o‘ringa chiqdi. Demak, davlatning kelib chiqishi nafaqat tarixiy zaruriyat, balki ijtimoiy taraqqiyot omili ham bo‘ldi;

— ikkinchidan, davlat ibtidoiy jamiyatda mavjud bo‘lgan boshqaruvdagi tamoyillarga barham berdi. Oqibatda, butun jamoaning jamiyat hayotida bevosita ishtiroki, boshqaruvda jismoniy zo‘ravonlik emas, balki jamoa fikri va obro‘si kuchining tan olinishi, iqtisodiy majburlashning yo‘qligi va boshqa ko‘pgina tamoyillar yo‘qolib ketdi.

Davlatchilik rivojlanishi bilan siyosiy boshqaruvning murakkab tartiboti maydonga keladi. Bunda, eng avvalo, jamiyatning siyosiy sohasida yuzaga keladigan siyosiy tashkilotlar turkumi nazarda tutiladi. Masalan, boshqaruvda hokim yoki tobeligiga ko‘ra farqlanadigan ijtimoiy guruxlarning sinfiy tashkiloti — siyosiy partiyalar muhim ahamiyat kasb etadi. Ularda sinflarning ma’lum, odatda faol qismi muayyan g‘oyalar va tamoyillar asosida uyushgan bo‘ladi. Davlat hokimiyatini qo‘lga kiritgan partiya boshqaruvda rahbarlik vazifasini bajaradi.

Partiyalarning etukligi demokratiya etukligini ifodalaydi.

Demokratiya (aynan “xalq hokimiyati” demakdir) xalqni hokimiyatning manbai ekanligi bilan bog‘liq bo‘lgan siyosiy-davlat tuzilishining shaklidir.

Davlat hokimiyati tuzilishining boshqa shakllaridan farkli o‘laroq demokratik jamiyatlarda qonunning ustuvorligi, fuqarolarning tengligi, asosiy davlat tashkilotlarining pastdan yuqorigacha saylab qo‘yilishi, saylov yoki referendum (yalpi so‘rov) orqali ko‘pchilikning xohish-irodasini bilish imkoniyatlari ta’minlanadi.

Jamiyatning iqtisodiy va siyosiy hayoti sohalari ma’naviy sohasiz mavjud emas. Unda eng oddiy tuyg‘u, hayajon, tajriba, odatlar va hokazolardan tortib, ijtimoiy ongning barcha darajalari va ko‘rinishlari, bu sohalar hodisalarining mavjudligi bilan taqozolangan tashkilotlar, muassasalar jamlanadi. Bu tashkilotlar orqali jamiyatning ma’naviy hayoti boshqariladi.

Jamiyat hayotining iqtisodiy va siyosiy tomonlari ilgarilama harakatda bo‘lganidek, ma’naviyatdagi o‘zgarishlar natijasida ham alohida guruhlar ajralib chiqib, ma’naviy ishlab chiqarishni amalga oshiradilar. Bular ziyolilardir. Ular xalq yaratgan ma’naviy boyliklarni rivojlantiradilar, unga sayqal beradilar.

Ma’naviyat yaratuvchilari — ziyolilar quldorlik tuzumi davrida aytarli badavlat bo‘lmagan erkin fuqarolardan, o‘rta asrlarda esa bir qismi hukmron tabaqa va mulkdorlardan bo‘lsa, boshqa bir qismi mehnatkash ommaning, shu jumladan kambag‘al tabaqaning ham iqtidorli vakillaridan etishib chiqishgan. Jamiyat rivojlanishining keyingi bosqichlarida ham ma’naviy qadriyatlarga bo‘lgan katta ijtimoiy ehtiyoj tufayli ziyolilar safi tobora keng xalq ommasi vakillari hisobiga to‘lib boradi.

Ma’naviy ishlab chiqarish natijasida, dastavval obrazlar, g‘oyalar, nazariyalar va hokazolar yaratiladi. Ular yordamida esa kishilar o‘rtasidagi ma’naviy aloqalarga erishiladi. Va, nihoyat bu ishlab chiqarish tufayli insonning o‘zi ham ma’naviy mavjudot sifatida o‘sib, takomillashib boradi. Bu erda alohida ta’kidlash lozimki, inson ma’naviyati tabiiy, biologik yo‘l bilan irsiy tarzda avloddan-avlodga o‘tmaydi, balki o‘zaro ijtimoiy-ma’naviy faoliyatda shakllanadi va qaror topadi. Bu soha ishlab chiqarishi, o‘z tarkibiga ko‘ra, voqelikni mifologik, diniy, ahloqiy, ilmiy va estetik ko‘rinishlardagi o‘zlashtirishlardan iboratdir. Voqelikni bunday o‘zlashtirish shu soha ishlab chiqarishini o‘ziga kasb qilgan ziyolilar tomonidan amalga oshiriladi.

Axloqqa nisbatan bu fikrni qo‘llab bo‘lmaydi. Negaki, axloqiy me’yorlarni ziyolilar yaratmaydi. Axloqiylik insonning ajralmas sifati bo‘lib, jamiyatning barcha a’zolari tomonidan ixtiyoriy amalga oshiriladi. Siyosat va xuquq esa o‘ziga xos ravishda ob’ektiv mavjud bo‘lgan davlat hokimiyati va uning hilma-xil muassasalariga munosabat bilan bog‘langan turmush sohalaridir.

Ma’naviy soha qadriyatlari o‘z ahamiyatini uzoq vaqtlar davomida saklaydi. Ma’naviy qadriyatlarni hosil etish hamma vaqt yangilik yaratishdan iborat bo‘lgan. Buni, masalan, san’at sohasi rivojlanishi yaqqol ko‘rsatadi. Buni antik davr haykaltaroshligi yoki badiiy adabiyot misolida ham ko‘rish mumkin. Bu davr ma’naviy qadriyatlari, garchi hozirgi san’at rivojlanishi darajasidan past tursada, lekin o‘zining tarixiy va badiiy qiymatini hozirga qadar yo‘qotmagan.

Akliy mehnat samarasi sifatida ma’naviyat yalpi xarakter kasb etadi. YA’ni, unda o‘tgan avlodlar ma’naviy merosidan foydalanish, uni hozirgi zamon darajasi bilan bog‘lash, rivojlantirish zaruriy shart hisoblanadi.

Insoniyat rivojlanishida intellektual mehnatning ahamiyati tobora oshib borishi bilan ma’naviyat ham katta ahamiyat kasb etaboradi. Bundan esa jamiyat uchun ijodkorlar mehnatining qanchalik zarurligi namoyon bo‘ladi. Intellektual mehnat tobora keng rivojlanib, aholining katta-katta guruhlari va qatlamlarining asosiy mashg‘ulotlariga aylanib boradi. YUksak ma’naviyatlilik jamiyat taraqqiyotining asosiy omiliga aylanadi.

Ma’naviyat sohasi qadriyatlari ishlab chiqilishi, saqlanishi, zarur bo‘lganda qaytadan tiklanishi va tarqalishi uchun maxsus yaratilgan muassasalarga ega bo‘lmoq lozim. Haqiqatan ham, san’atni teatrsiz, muzeysiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayni vaqtda, bu muassasalar faoliyatida ma’naviylik bilan moddiylik o‘zaro chirmashib ketadi.

Ma’naviyat jamiyatning siyosiy sohasi bilan ham chambarchas bog‘liqdir. To‘g‘ri, ma’naviy hodisalarning barcha sharoitlardagi siyosiy ahamiyati bir xil bo‘lganemas. Ulardan ba’zilari muayyan sharoitda bevosita siyosiy vazifalarni bajarsa, boshqalari bunday imkoniyatga bilvosita ega bo‘ladi.

Ma’naviy ishlab chiqarish har doim ijodiylikka tayanadi. Masalan, rassomlar, yozuvchilar, haykaltaroshlar, olimlar va boshqalarning mehnati avvalboshdan ijodiydir. Ayni vaqtda bu ijodiylik jarayoni uning sohiblariga juda katta zavq bag‘ishlaydi. Haqiqiy ijodkorlarning o‘z hayotiy tamoyillarini har qanday qiyinchiliklarga qaramay o‘zgartirmaganligini shu bilan izohlash mumkin.

Jamiyat hayotining boshqa sohalarida bo‘lganidek ma’naviyatda ham vorislik va o‘zaro aloqadorlik amal qiladi. Bu to‘g‘rida Nobel mukofoti laureati belgiyalik olim N. Prigojin va I. Stengers asarlaridan birida keltirilgan quyidagi fikr xarakterlidir: “bitta odam o‘z mehnatining samarasi bilan hamma vaqt ham boy bo‘lolmasligi, aksincha, bir qancha odamlar mehnati samarasi bir odam qo‘lida to‘planishi uning nihoyatda boyib ketishiga olib kelganidek, har qanday bilim to‘laqonli bo‘lishi uchun minglab odamlar tajribasini umumlashtirish lozim bo‘ladi”.

Jamiyat hayotining barcha sohalarida ma’naviy munosabatlar muhim o‘rin tutadi. Bu ongning barcha jihatlari, ma’naviy faoliyat va mavjud g‘oyalar, qarashlar bilan bog‘liq insoniylik munosabatlardir. Boshqa har qanday ijtimoiy munosabatlar kabi bu munosabatlar, birinchi navbatda, ta’lim-tarbiya va kishilarning o‘zaro har biriga ta’sir etadigan barcha aloqalarda namoyon bo‘ladi. SHu bilan birga, ma’naviy munosabatlar mazmuni va mavjudligiga ko‘ra, bir-biridan farq ham qiladi. Masalan, ulardan ba’zilari faqat ongda sub’ektiv tarzda mavjud bo‘lsa, boshqalari esa ongdan tashqarida, kishilar o‘rtasidagi munosabatlarda sub’ektiv, ob’ektiv shaklda mavjud bo‘ladi.

Munosabatlarning bu turini ifodalaydigan jihatlar ichida kishilarning o‘zaro ma’naviy aloqalarini alohida ko‘rsatish lozim. Bu aloqalarda, dastavval, kishilik hayotining barcha sohalariga tegishli turli tuman axborotlar almashinadi. Muhimi shundaki, bu aloqalar moddiy vositalar (matbuot, radio, televidenie va boshqalar) yordamida amalga oshiriladi.

Kishilarning o‘zaro ma’naviy aloqalarida keng ko‘lamli ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan umumiylik — jamoatchilik fikridir.

Ma’naviy aloqalar kishilar ma’naviy holati namoyon bo‘lishining usuli sifatida ijtimoiy faollikni ifodalaydi. Albatta, faollik jamiyatning iqtisodiy va siyosiy sohalarida ham o‘ziga xos ravishda namoyon bo‘ladi. Lekin bunda ijtimoiy, ma’naviy sohalarning o‘zaro taqozolanganligi taraqqiyotning zarur shartlaridandir.

Ijtimoiy hayotning ma’naviyat sohasi tarkibida ijtimoiy ong, unda esa mafkura muhim o‘ringa ega. Mafkura o‘z tabiatiga ko‘ra onglilik jarayoniga muayyan yo‘nalish beradi. Buning ta’sirida dunyoqarash, e’tiqod, estetik me’yorlar va hokazolar shakllanadn. Ma’naviyatda alohida mavqega ega bo‘lgan tarmoq - bu fandir.

Jamiyat hayotining hamma sohalari har doim o‘zaro aloqada bo‘lib, ijtimoiy yaxlitlikni tashkil etadi. Bu yaxlitlyk doirasida ularning har biri nisbiy mustaqillikka egadir. Bu ularning o‘zgarishi o‘zaro mos kelmasligida, har birining o‘ziga xos ichki mantiqiy birligida va o‘zaro bir-biriga ta’sir eta olishida ko‘zga ko‘rinadi.



Ijtimoiy tizim strukturasi va funksional institutlari. Jamiyat har qanday murakkab bir butun hodisa va tizim sifatida o‘z tuzilishi, strukturasiga ega. Bu struktura qanday degan savolga faylasuflarning bir emas bir qancha avlodlari javob topishga harakat qilishgan. Qadimgi sharq faylasuflari fikricha, jamiyat bir butun bo‘lgani bilan bir turdagi ob’ekt emas. Miloddan avval IV asrda yashagan xitoy faylasufi CHjuan-szi ta’kidlashicha, “nimaiki turli-tumanlikdan mahrum bo‘lsa, turli-tumanlik bo‘lgan joyda paydo bo‘ladi”.

Antik davrda jamiyat strukturasi muammosiga ikki xil yondashuv shakllangan edi. Birinchi yondashuvga asosan, jamiyat - tegishli ichki strukturaga ega bo‘lgan tabiiy tuzilmadir. Ikkinchi qarashga asosan, jamiyat yashash va boshqarish oson bo‘lishi uchun sun’iy ravishda tizimga solingan. Birinchi nuqtai nazarni Arastu, Seneka, ikkinchisini - Aflotun, Epikur, Lukretsiy Kar qo‘llab quvvatlaganlar.

O‘rta asr SHarqida Arastuning qarashlari keng tarqalib, jamiyat strukturasining tabiiyligi tan olingan. YAngi davrda “ijtimoiy shartnoma” (bitim) nazariyasiga asoslangan ikkinchi nuqtai nazar keng tarqalgan. Unga ko‘ra odamlar “tabiiy holat”da mutlaq teng, ozod, o‘ziga to‘q bo‘lib, jamiyatning o‘zi esa, hech qanday strukturaga ega emas. Faqat ijtimoiy bitim tuzilgandan keyingina jamiyat strukturaga ega bo‘ladi. Bu holat J.-J. Russo (1712-1779) tomonidan yaqqol ko‘rsatib berilib, uning fikricha oliy hokimiyat - jamiyatning “boshi”, qonun va urf-odatlar – “miyasi”, savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi esa - hazm qilish tizimi, moliya esa – “qoni”dir va boshqalar.

Ilmiy sotsiologiyaning asoschilaridan biri ingliz faylasufi Gerbert Spenser (1820-1903) har qanday jamiyatning asosida yotadigan uchta asosiy tizimni ajratgan: a) tartibga soluvchi; b) yashash vositalarini ishlab chiqaruvchi; v) bo‘lib beruvchi. Sotsium qancha rivojlangan bo‘lsa, uning tuzilishi shuncha murakkab bo‘ladi. “Bir xillikdan ko‘p xillikka o‘tish bir butun sivilizatsiya taraqqiyotida ham, har bir qabila taraqqiyotida ham kuzatiladi”.

Turli falsafiy, sotsiologik maktablar va yo‘nalishlar jamiyat strukturasi to‘g‘risida o‘z variantlarini tavsiya etganlar. Ijtimoiy bir butunlikka kiruvchi mustaqil tizim va kichik tizim sifatida madaniyat (I.Gerder, O.SHpengler, K.YAspers), san’at (G.Lessing, I.Ten, J.M.Gyuyo), iqtisodiyot (N.Smelzer, U.Mur, T.Veblen), din (E.Dyurkgeym, M.Veber, T.Lukman), shuningdek, fan, texnika, huquq, til, ekologiya, ommaviy axborot vositalari va boshqalar tavsiya qilingan edi.

Hozirgi zamon jamiyat falsafasida ijtimoiy struktura konsepsiyalari etakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Ulardan L.Altyusserning strukturalizmini, E.Giozdensning strukturatsiya nazariyasini, P.A. Sorokinning stratifikatsiya konsepsiyasini, K.Levi-Strossning genetik antropologiyasini, Goldmanning irsiy strukturalizmini, R.Mertonning tuzilmali funksionalizmini aytib o‘tish mumkin.

Jamiyat bir butun sistema sifatida makoniy (hajmiy) strukturaga ham ega. Bunday strukturani mikroareal, makroareal va megareal tarzida ko‘rish mumkin.

Mikroareal faoliyatda bo‘lgan shaxslar, guruhlar, institut va tashkilotlarni qamrab oladi.

Makroareal - davlatlar va regional munosabatlarni qamrab oladi.

Megaareal - planetar ijtimoiylik – bir butun global jamiyat (sivilizatsiya)ni qamrab oladi.

Ijtimoiy tizim murakkab ichki tuzilishga ega bo‘lib, tartibli, bir butun o‘ziga xos ijtimoiy aloqadorlik va turli ijtimoiy munosabatlar birligini tashkil qiladi.

Ijtimoiy tizimlar o‘zlarining ijtimoiy vazifalari, funksiyalari bilan o‘zaro farqlanadi. Ular muayyan iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ahloqiy va boshqa qonuniyatlar asosida faoliyat ko‘rsatadilar. Har qanday ijtimoiy tizimlarda ikki tipdagi: funksional va rivojlanish qonuniyatlari amal qiladi. Ularning funksional va rivojlanish xususiyatlari ikki omil-ichki va tashqi omillar bilan belgilanadi. Ichki omillarga birinchi navbatda tizim va uning komponentlari, komponentlarining o‘zaro munosabati kiradi. Tashqi omillarga ijtimoiy tizimlarning tashqi muhit bilan aloqadorligi kiradi. Ijtimoiy tizimlarning tashqi muhit bilan o‘zaro aloqadorligi ularning asosiy mavjudlik va yashash sharti hisoblanadi.

Jamiyat kishilarining o‘zaro aloqadorlik birligidan iboratdir. Har qanday ijtimoiy tizim va uning elementlari boshqa tizimlar, ularning elementlari bilan funksional aloqadorlikda bo‘ladi.

Ijtimoiy tizimlarning rivojlanishi tabiiy-tarixiy jarayon tarzida boradi. Har bir ijtimoiy tizim boshqasining, yukori darajadagi tizimi tarkibiga kiradi. O‘zi esa quyi, kichik tartibdagi tizimlarni o‘z tarkibiga oladi. Jamiyat hayotidagi biron bir ijtimoiy tizim alohida ravishda, boshqalaridan, ijtimoiy muhitdan ajragan holda yashay olmaydi.

Har bir ijtimoiy tizim o‘zgarmas va abadiy emas. Ular tarixiy taraqqiyot davomida doimo o‘zgarib, rivojlanib boradi. Har qanday ijtimoiy tizim o‘zining tarkib topib rivojlanish, gullab-yashnash va tanazzuliga ega bo‘ladi. Ijtimoiy tizimlarga tarixiylik xos bo‘lib, tarkibidagi element va mayda tizimlarning o‘zaro aloqadorligi, ziddiyatliligi – ularning rivojlanish mohiyatini belgilaydi. Tashqi o‘zaro aloqadorlik ham ijtimoiy tizimlararo munosabatlar asosini tashkil qiladi. Alohida olingan inson va jamiyat hayotidagi barcha ijtimoiy jarayonlar tizimi o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ierarxik tuzilishga egadir. O‘zaro ierarxik tuzilish ularni boshqarish imkonini beradi. Ijtimoiy tizimlar maqsadga yo‘llanganligini, moslashuvchi, ochiq o‘zini qayta tiklash, funksional va rivojlanish kabi o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Har bir ijtimoiy tizim tashqi ijtimoiy muhit bilan doimiy aloqadorlikda bo‘ladi. Kishilar, ijtimoiy voqelik, jarayonlar va g‘oyalar ijtimoiy muhit elementlari sifatida namoyon bo‘ladi.

Jamiyat o‘z mavjudligini ta’minlashi uchun muayyan funksional institutlarga ega bo‘ladi. Kishilar o‘zlarining kundalik faoliyatlarida “institut” deganda turlicha ijtimoiy birliklarni tushunadi. Bu o‘quv yurti yoki ilmiy muassasa, korxona, har qanday yirik maqsadli tashkilot bo‘lishi mumkin. Bu tushuncha to‘g‘risida turli ijtimoiy fanlar o‘rtasida to‘liq bir kelishuv mavjud emas.

Aslida “institut” va “guruh” tushunchalari o‘rtasida ma’lum ichki farqlanishlar mavjud. Agar guruh – bu o‘zaro xatti-harakat qilayotgan individlar yig‘indisini anglatsa, institut – bu inson faoliyatining ma’lum sohasida, ya’ni amaliyotda o‘zini namoyon qilishda yuz beradigan ijtimoiy aloqalar tizimi va ijtimoiy me’yorlar yig‘indisidir.  Jumladan, ijtimoiy institutga quyidagi ta’rifni berish mumkin: ijtimoiy institut – bu jamiyatning asosiy ehtiyojlarini qondiruvchi aloqalar va ijtimoiy me’yorlarning tashkillashgan tizimidir68.

Umuman, “institut” termini lotincha “institutum” so‘zidan paydo bo‘lib, u “o‘rnatish” yoki “tashkilot” degan ma’nolarni bildiradi. “Institut” tushunchasiga birinchi bo‘lib etimologik nuqtai nazardan  so‘zma-so‘z talqinni Maks Veber amalga oshirgan edi. Uning fikricha,  davlat institutning asl ko‘rinishi, davlat xatti-harakatlari ratsional ko‘rsatmalarga (konstitutsiya me’yorlari, qonunlar va h.k.) asoslanadigan insonlar hamjamiyatini tashkil qiladi. E.Dyurgeymning fikricha esa “institut”lar, bir tomondan, odatlar va e’tiqodlar ko‘rinishidagi ideal tuzilmalarni ifodalaydi, boshqa tomondan esa, bu odatlar va stereotiplar o‘z navbatida turli davrlar va xalqlar ijtimoiy tashkilotlarning amaliy faoliyatida moddiylashadi. Bu bilan E.Dyurgeym yangicha qarashlarda butunlay yangi a’analar boshlanishiga asos soldi. Hattoki, XX asrning 50 — 70 yillarida fransuz “institutsionalizm maktabi” ham bu yangicha talqinlar ta’sirida asta-sekin o‘z ahamiyatini yo‘qota boshladi69.

Jamiyatning rivojlanish jarayoni alohida muhim vazifalarni bajaradigan va aniq tashkiliy tuzilmaga ega bo‘lgan ijtimoiy va siyosiy tashkilotlar – institutlarning tarmoqlangan tizimi yaratilishi bilan tavsiflanadi. Institutlar jamiyat normal faoliyatining zaruriy omili sanalgan ijtimoiy muhim faoliyatni amalga oshiradi. Bunday institutlar qatoriga davlat va uning institutlari, partiyalar va harakatlar, ommaviy axborot vositalari, diniy muassasalar, ta’lim va madaniyat muassasalari, sog‘liqni saqlash va sanitariya xizmati tizimlari, bozor, banklar va hokazolar kiradi. Ijtimoiy institutlar faoliyati ijtimoiy hayotning barcha jabhalari: oila va ishlab chiqarish, tovarlar va pullar harakati, ishlab chiqarish, iste’mol va hokazolarga nisbatan tatbiq etiladi. Institutlar turli birliklar va guruhlarning manfaatlarini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi, ularning samarali o‘zaro aloqasini ta’minlaydi, vujudga kelgan ijtimoiy qadriyatlarni mustahkamlaydi va yangilarini yaratadi.

Bular ham tashqi, ham ichki tuzilish strukturasi, vazifasi, mohiyati bilan bir-biridan ajralib turadi va o‘z harakterlari bilan farq qiladi. Tashqi tuzilishi nuqtai nazaridan sotsial institutlar ma’lum yo‘nalishda moddiy ta’minlangan, aniq, konkret sotsial funksiyalar bajaradigan insonlar – shaxslar mohiyatiga muvofiqlashgan muassasalar qiyofasini eslatish jarayonidir. Ijtimoiy munosabatlar sohalariga qarab ijtimoiy institutlar quyidagi turlarga bo‘linadi:



  1. iqtisodiy institutlar;

  2. siyosiy institutlar;

  3. nikoh, oila va qon-qarindoshlik;

  4. tarbiya institutlari;

  5. madaniyat sohasi institutlari.

Jamiyatda ijtimoiy institutlarning muayyan funksiyalari ijtimoiy munosabatlarda aks etadi. Ijtimoiy munosabatlar kishilar, ijtimoiy guruhlar, millatlar, tashqi tabaqalar va boshqa ijtimoiy tuzilmalar o‘rtasidagi munosabatlar va ularning ichki iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy mafkuraviy va madaniy sohalardagi faoliyatini tashkil qiladi. Alohida olingan inson - jamiyatning, ijtimoiy munosabatlarning boshlang‘ich unsuri hisoblanadi. O‘z mohiyat e’tibori bilan ijtimoiy munosabatlar moddiy va ma’naviy mazmunda bo‘ladi. Moddiy ijtimoiy munosabatlarga iqtisodiy ishlab chiqarish munosabatlari kiradi. Ustqurmaviy munosabatlar siyosiy, huquqiy munosabatlarni o‘z ichiga oladi. Ma’naviy munosabatlarga ahloqiy, mafkuraviy, diniy va boshqa munosabatlar jamlanadi. Jamiyat rivojlanishi ijtimoiy munosabatlar rivoji bilan belgilanadi. Boshqacha aytganda, bir butun tizim sifatidagi jamiyat mohiyatini uning sohalari, tizimlari o‘rtasidagi o‘zaro funksional aloqadorlik qonunlari ifodalaydi.

Ijtimoiy falsafa ijtimoiy munosabatlardagi ob’ektiv jihatlar bilan bir qatorda, sub’ektiv omillarni o‘rganishga alohida ahamiyat beradi. Sobiq Sovet tuzumi davrida ijtimoiy munosabatlarda sub’ektiv omillarning ahamiyati ob’ektiv qonuniyatlar darajasidan ancha pasaytirilib, uni tadqiq qilishga kam e’tibor berilgan edi. O‘z navbatida sobiq Sovet jamiyatining 70 yildan ortiq rivojlanishi davomida ob’ektiv qonuniyatlaridan ko‘ra ko‘proq sub’ektiv omillarning ta’siri asosiy o‘rin tutgan. Stalinizmning ommaviy repressiya, N.S. Xrushevning sub’ektiv volyuntaristik siyosati, L.I. Brejnev bosh sekretarligi davridagi Afg‘on urushi, M.S. Gorbachevning abstrakt “qayta qurish” siyosati va uning barbod bo‘lganligi fikrimizga yorqin misol bo‘la oladi.


Yüklə 6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə