O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti



Yüklə 6 Mb.
səhifə23/80
tarix22.05.2018
ölçüsü6 Mb.
#45438
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   80

Albert Kamyu (1913–1960) – fransuz yozuvchisi va faylasufi, ateistik ekzistensializmning vakili, Nobel mukofotining sohibi (1957). Asosiy asarlari: "Sizif haqida afsona" (1942), "CHekka kishi" (1942), "Isyonchi" (1951). Uning qarashlari Kerkegor, Nitsshe, Dostoevskiy hamda nemis ekzistensialist faylasuflari ta’siri ostida shakllandi. Kamyu falsafasining markaziy mavzui – inson yashashining ma’nosi haqidagi, "hayot yashashga arziydimi", - degan masaladan iborat. Kamyu jamiyatning byurokratcha tuzilishiga kiritilgan zamonaviy individni qarab chiqarkan, yashash ma’nosi xususida har qanday o‘y–xayoldan mahrum qilingan ziyolining ma’naviy hayoti ziddiyatlarini tahlil qilarkan, insonning yashashi behuda, degan xulosaga keladi va "behudalik" kategoriyasini o‘z falsafasining bosh tamoyili qilib qo‘yadi.

Inson hayotining bema’noligi Kamyuda Sizifning afsonaviy obrazini gavdalantiradi: makkorligi uchun jazoga tortilgan Sizif katta toshni dumalatib toqqa chiqaradi va tog‘ cho‘qqisiga chiqay deganda, tosh yana yumalab pastga tushadi hamda Sizifning bu ishi to‘xtovsiz takrorlanaveradi. Inson bunday bema’nilikka chiday olmasdan "isyon ko‘taradi". Ana shundan boshlab, vaqt–vaqti bilan "isyonlar", inqiloblar ko‘tarilib, ulardan inson o‘zining "sizifcha ahvoli"dan qutilish uchun stixiyali ravishda najot izlaydi. Kamyu "uyushtirilgan", "tayyorlangan" inqilobni o‘z tushunchasiga zid deb hisoblaydi, shuningdek, inqilob uning o‘zini vujudga keltirgan vaziyatdan, haqiqatan qutilish yo‘lini ko‘rsatishi mumkin, degan har qanday umidni puchga chiqaradi. Kamyuning ruhiy kayfiyati – "behuda" dunyoda najotsiz yolg‘izlikda qolgan, zamonaviy jamiyatning shafqatsizligini o‘zicha ifodalagan inson kayfiyatidir.



Jan Bodriyyar (1929 - 2007) - Hozirgi davrning yuksak taraqqiy etgan jamiyatlardagi qator muammolarni tahlil etish borasida gap ketganda, taniqli fransuz faylasufi va sotsiologi, postmodernizmning yirik vakili J.Bodriyyar qarashlarining ahamiyatini e’tirof etish mumkin. Zamonaviy jamiyat qator sohalarining chuqur qa’rida yashirinib yotgan oqibatini oldindan aytish mushkul bo‘lgan muammolar allomaning keskinlik ruhidagi falsafiy fikrlarni ilgari surishiga olib keldi.

Hususan, alloma o‘zining mashhur “Amerika” asarida AQSH jamiyati misolida zamonaviy jamiyatni chuqur tahlil qilib, uning salbiy tomonlarini ko‘rsatishga harakat qiladi. Bodriyyar bu asarida zamonaviy jamiyatda insonlarning yashash muhititobora sun’iylashib borayotganligini, bunday sun’iy muhitda inson og‘ir mehnat, kasallik, ochlik, turli yovuzliklarga duch kelishdan halos bo‘lib, urushlaran aziyat chekmay hamda og‘ir qalb qiyinchiliklarini o‘z boshidan kechirmay yashayotganligini ta’kidlab, bunday jamiyatning har bir insonning har qanday ehtiyojlarini to‘laqonli ravishda qondira olishga qodir ekanligini e’tirof etadi. SHuningdek, uning fikricha, Amerikada barcha navqiron, sog‘lom, insonlar tinimsiz iste’mol va tabassum qilishadi, tunlarda ularda chiroqlar o‘chmaydi, radio va TV bir sutkada 24 soat ishlaydi. Amerikaliklar huddi ma’budlardek mukammal yaratilgan: sport, aerobika, tibbiy uskunalar, dori-darmonlar, yuz jarrohligi yordamida avvallari taqdir in’omi deb qabul qilingan tashqi qiyofalarini o‘zlari hohlaganlaridek o‘zgartirishlari mumkin.Bodriyyar Amerikadan hayratlanadi va shu bilan bir vaqtda Amerikaning musaffo osmonidagi ba’zi qora bulutlar uni havotirga solar edi. “YOvuzlikning shaffofligi” (1990) asarida u Amerikada ko‘rganlarini falsafiy nuqtai nazardan tushunishga urinadi va shuni anglaydiki, bunday jannat uchun nimalardandir voz kechilgan. Olim postindustrial jamiyat a’zolarini befahm konformistlar deb hisoblovchi Yevropa intellektuallari snobizmidan uzoq. Uning fikricha, siyosatga, shahvatparastlikka va san’atga bo‘lgan munosabatlardagi befarqlik soxta sanamlardan ozod bo‘lishning belgisi sifatida namoyon bo‘ladi. Go‘yoki yovuzlikning har qanday ko‘rinishlaridan holi bo‘lgan jamiyat aslida beqaror va zaifdir. Bu jamiyatda nafaqat tashqi havf muvozanatni buzishi mumkin, balki tizim ichida undan ham ko‘ra havliroq bo‘lgan yangi viruslar yuzaga keladi. Buning qarshisida esa sun’iy oziq-ovqatlar bilan oziqlanadigan insonlar ojiz bo‘lib qoladilar. Bu faqatgina tibbiy muammo emas, deb yozadi Bodriyyar, turli shiorlar, patsifizm, demokratiya, ekologiya, sog‘lik, ahloqiy poklik, nizosiz kommunikatsiya ortida yovuzlikning reaktiv shakllari yashiringan. Jamiyatda rahm-shafqat hissi taqchilligi aniq sezilib turibdi. Mustaqil, o‘ziga to‘q va o‘zidan mamnun bo‘lgan individlar kutilmaganda yovuzlik va hattoki qotillikkacha borishlari sodir bo‘ladi.Va nihoyat, demokratik jamiyatda irqchilik va terrorizm qaerdan paydo bo‘lgan, nima uchun balanslashgan jamiyat tizimlarida, iqtisodda, texnika va kompyuter tarmoqlaridagi uzilishlarning sodir bo‘lishi oqibatlari tabiiy ofatlardan ham ancha havfli? Demak, zamonamiz mutaxassislari tomonidan yaratilgan “ofatlar nazariyasi” eng muhim nazariyami? Va insonparvar olimlar bu tizimli modelni yangi “insoniy” parametrlar bilan to‘ldirishlari kerak emasmi? Odatda ular sub’ektiv omillar: yaxshi yo‘lga qo‘yilgan mashinalarni ishdan chiqaruvchi insonlarning havfli ishtiyoqlari va hoxishlari sifatida nazarga olinadi. Aslida esa havf “tabiiy” hoxish-istaklardan emas, balki bir qancha madaniylashtirilgansun’iy xohish-istaklardan kelib chiqadi, degan hulosaga keladi olim.

“Fukoni unutish” asarida Bodriyyar mashxur faylasuf Fukoning jinsiy erkinlik to‘g‘risidagi qarashlariga tanqidiy yondashadi. Uning fikricha, ijtimoiy munosabatlardagi turli chegara va ta’qiqlarning rad etilishi shahvoniy erkinlikka olib keladi. Natijada Freyd asoslab bergan insonning ijtimoiy-ruhiy faolligini ta’minlovchi quvvat – libidoning susayishi va madaniyatdan uzoqlashuvi sodir bo‘lib,insonning ijtimoiy qiyofasida qator buzilishlarni keltirib chiqaradi.Ayniqsa, yoshlarning antropologik qiyofasi va jinsiy mo‘ljjallaridagi o‘zgarishlarni kuzatib, Bodriyyar, hayratda qoldi: “biz transseksuallarmiz, biz “g‘ovak” yoki aniqrog‘i, jinssiz insonlarga aylanganmiz39”, deydi alloma.

Bodriyyar inson antropologik qiyofasidagi bunday o‘zgarishlarning salbiy oqibatlariga to‘xtalar ekan, buning jamiyat qadriyatlar tizimidagi qator buzilishlarni keltirib chiqarayotganini ham qayd etadi. Bunday jamiyatda, deydi faylasuf,chegara bilmas transshahvoniylik, transahloqiylik, transsiyosiylik yuksak darajada qadrlanadigan ne’matlar sifatida qaraladi.Kishilar shahvoniyat va siyosatni eng muhim muammo sifatida hisoblamay qo‘yib, g‘oyalar hukmronligidan hamda dohiylar zulmidan ozod bo‘lishgan. Ular ham jinsiy, ham davlat instinktidan judo bo‘lishgan. Vatan, ona, rafiqa, bolalar – bularning barchasi avval odamlar qadrlagan tushunchalar qatoridan tushib qolgan. Albatta, Bodriyyar postindustrial jamiyatning hayotga layoqatsizligi haqida gapirganda “bo‘yoqlarni bir oz ko‘pirtirgan”. U bunday jamiyatning taqdiri haqida qayg‘urar ekan hattoki hususiy mulk, oila va davlatning emirilishi sodir etilishini bashorat qiladi.

SHuningdek, Bodriyyar jamiyatning siyosiy va iqtisodiy hayotida ro‘y berayotgan qator o‘zgarishlarni ham tahlil qiladi. Uning fikricha, hozirda davlat chegaralari ko‘zga ko‘rinmaydigan bo‘lib qolgan, siyosat esa millat manfaatlari bilan endi aloqani yo‘qotgan, poytaxtlarning roli yo‘qolmoqda, jahonning nomarkazlashuvi (markazsizlashuvi) sodir bo‘lmoqda. Zamonaviy aloqa vositalari tufayli har qanday joydan turib dollar kursiga ta’sir ko‘rsatish, Nyu-York birjasidagi narxlarni boshqarish va hattoki jahon bozoriga samarali ta’sir ko‘rsatish mumkin. Pulning qiymati mehnat hamda tabiiy boyliklarga emas, balki birjalardagi o‘yinlarga bog‘liq bo‘lib qolgan. Bodriyyar siyosat va iqtisodning bunday nomarkazlashuvi og‘ir siyosiy va moliyaviy-iqtisodiy inqirozlarga sabab bo‘lishi muqarrar ekanligini ta’kidlaydi.

Pul endi og‘ir mehnat bilan topilmaydi, -deb yozadi Bodriyyar, -odamlar hattoki jinsini o‘zgartirishi mumkin bo‘lib qoldi. Lekin bu degani g‘arbona jamiyat kuchsizlanib bormoqda, degani emas, aksincha, uning chegaralari kengaydi. Jahon kompyuter tarmog‘i bilan bog‘lanib, yaxlit jahonga aylanmoqda. Odamlar bir hil gazetalarni o‘qiydi, TV tomosha qiladilar, darvoqe, endi ular davlatning minbari emas.G‘arb jamiyatlari oila buzilishlariga javoban bolalarni qo‘llab-quvvatlash va tarbiyaning yangi shakllarini ishlab chiqish orqali munosabat bildiradi va buni hozirgi zamon sivilizatsiyasining eng muhim yutug‘i sifatida boshqa tipdagi jamiyatlarga ko‘z-ko‘z qiladi.

Bodriyyarning ta’kidlashicha, agar avvallari erkinlikka asosiy to‘sqinlik qiluvchi kuch davlat hokimiyati bo‘lgan bo‘lsa (u o‘zini saqlab qolish maqsadida faoliyat ko‘rsatgan), bugun esa me’yorlarning konformistik tizimi yuzaga kelgan hamda davlat hokimiyati bosim ko‘rsatish, majburlash qobiliyatini yo‘qotgan. Unda inson o‘ziga begona bo‘lgan kuchlarning keskin qarshiligini keltirib chiqaruvchi bosimini his qilmasdan yashaydi. Boshqacha qilib aytganda, avvallari insonning tabiiy ehtiyojlardan kelib chiqadigan manfaatlari mavjud bo‘lgan. U o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun etishmovchilik yoki ta’qiq shaklidagi kuchli to‘siqlar bilan yuzlashgan. Bugungi kunda, ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda tartib va qoidalar ehtiyojlarni cheklamaydi, balki stimullashtiradi. “Paradoks shuki, - deb yozadi Bodriyyar, - ta’qiq bo‘lmagandan keyin, inson endi o‘z manfaatlarini sezmaydi. “Istayman” va “mumkin” so‘zlarining orasida tafovut yo‘q, har bir inson o‘z boshidan kechirishi mumkin bo‘lgan notanish kuch bilan to‘qnashish tajribasi g‘oyib bo‘lmoqda”40.

Bodriyyar bunday jamiyatda shahvoniy erkinlikning avj olishi chuqur ijtimoiy-ruhiy inqirozlarga sabab bo‘lishini nazarda tutib shunday fikrlarni keltiradi: Jinsiy erkinlik jinsiy maylning yo‘q bo‘lib ketishi kabi kutilmagan natijaga olib keldi. SHahvoniy harakatlar ko‘chalar, estrada va ekranlarga keng tarqaldi. Bu esa libidoning yo‘qolishiga olib kelib, G‘arb faoliyatiga radikal havf soladigan sharqiy nirvanani ideallashtirishga yanada bir qadam yaqinlashtirdi. Freydning qarashlari, huddi Marksnikidek, taqdir formulasiga bo‘ysunadi: “yaxshiroq bo‘lishini istashgan edi, ammo har doimgidek bo‘ldi”, avval ishchilar sinfi “qorishib” ketdi, so‘ng emansipatsiya uchun kurashgan “erkak” va “ayollar”41.

SHuningdek, Bodriyyar bunday jamiyatning ijtimoiy tarkibida yuzaga kelayotgan keskin o‘zgarishlar va uning oqibatlari borasida ham fikr yuritadi. XIX asrdagi ijtimoiy vaziyat XX asrda keskin o‘zgardi, - deb yozadi alloma. O‘zaro qarama-qarshi bo‘lgan ishchilar sinfi va burjuaziya shu qadar bir-biriga yaqinlashganki, ko‘pchilik ishchilar sinfining g‘oyib bo‘lishi haqida gapira boshladi. Albatta, hozirgi kunda ham o‘zining yashash sharoitidan qoniqmaydiganlar ham bor va ular o‘ziga to‘q insonlarga hasad qilishadi. Ammo, o‘rta asrlar davridan ma’lumki, sinflar o‘rtasidagi dushmanlikni engib o‘tadigan umumiy manfaatlar hech qachon bo‘lmagan. XIX asr va XX asrning boshida kuzatilgan sinfiy kurashning hozirda susayishi nima bilan bog‘liq? SHubhasiz, yashash tarzi yuksalishi shunday darajaga etdiki, boy va kambag‘al o‘rtasida farq deyarli yo‘qoldi. Demokratiya halq va hokimiyatni yaqinlashtirdi, siyosat esa aholini qiziqtirmay qo‘ydi.

Boriyyar K.Marksning sinfiylik nazariyasiga to‘xtalar ekan, unga ham qo‘shiladi va shu bilan bir vaqtda tanqidiy nuqtai-nazardan ham qaraydi. Unga ko‘ra, antagonizm har bir jamiyatning tarixiy tiplariga hos xususiyat bo‘lgan. Qullar va quldorlar, feodallar va qaram dehqonlar, kapitalistlar va ishchilar – bular jamiyatning turli tarixiy tiplariga hos bo‘lgan sinfiy ziddiyatni ifodalaydi. Bu borada Bodriyyar Marksning fikrlariga qo‘shiladi. Har bir jamiyatdagi bunday antogonizm ijtimoiy taraqqiyotning asosiy harakatga keltiruvchi kuchi bo‘lgan. Jamiyatda hayot kechirayotgan insonlar o‘rtasidagi sinfiy tafovutlar ijtimoiy hayotda turli oliy maqsadlar qo‘yilishiga olib kelgan. Har bir davrda mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzumni tanqid qiluvchilar bo‘lgan va jamiyatdagi ijtimoiy muammolarni, nuqsonlarni bartaraf qilishda aynan ular ilgari surgan g‘oyalar muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Ammo Bodriyyar fikricha, Marksning kelajakda sinflar o‘rtasidagi tafovutlar yo‘qolib ketishi borasidagi bashorati nechog‘lik haqiqatga yaqin bo‘lsa-da, bu Marks o‘ylaganchalik ideal jamiyat (kommunizm)ga olib bormaydi, balki jamiyatning inqirozi sifatida namoyon bo‘ladi. CHunki antagonizm bo‘magan jamiyatda hukmron sinf va muholif sinfning o‘zi bo‘lmaydi. Sinflar bir-biriga shunchalik yaqinlashadiki, oqibatda ular o‘rtasida farq deyarli yo‘qoladi. Bu esa avval mavjud bo‘lgan quyi sinf intellektuallari tomonidan hukmron sinf mafkurasiga nisbatan olib boriladigan mafkura tanqidining endi yo‘q bo‘lishini anglatadi. SHunday qilib, “dunyo nuqtai nazarlardan holi bo‘lgan”42 makonga aylanadi.

XX asrning eng muhim voqeasi shu bo‘ldiki, deydi Bodriyyar, odamlar o‘z farovonliklari uchun to‘lov sifatida bir qator qadriyatlardan, hattoki erkinlikdan voz kechishga tayyor bo‘ldi. Bunday sharoitda mafkura tanqidi quyidan qo‘llab-quvvatlanishini yo‘qotdi va unutildi. Agar avval u yuqoridan ma’n qilingan va aksincha, xalq tomonidan quvvatlangan bo‘lsa, bugun esa u hokimiyat bilan birlashib ketgan. Hokimiyat o‘z qiyofasini o‘zgartirganligi sababli kishilar uning bosimini sezmaydi. Fuko zamonaviy (hozirgi) hokimiyatni hayot haqida g‘amxo‘rlik qiluvchi hokimiyat sifatida “biohokimiyat” deb ataydi. Haqiqatan ham bugungi kunda tartibot turli sog‘lom va uzoq hayot haqida maslahat va tavsiyalar bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Kim ham insonlarning farovon va sog‘lom turmushi haqida g‘amxo‘r bo‘lgan maslahatchi va ekspertlarga qarshi chiqadi.

Bodriyyar bunday jamiyatni qayta rekonstruksiya qilish imkoniyatlari haqida to‘xtalar ekan, Markuze va Fuko singari avvalo intellektuallar faoliyatiga tanqidiy munosabatda bo‘ladi. CHunki, intellektuallar, allomaning fikricha, jamiyatga tanqidiy yondashish qobiliyatidan mahrum bo‘lganlar. Ular doimo jamiyat manzarasidagi yutuqlarni ko‘rishadi, “qora dog‘lar” esa ularning e’tiboridan chetda qoladi. Agar intellektuallar ana shu muammolarni asoslab bersa ham omma buni qabul qilish qobiliyatiga ega emas. Nahotki, - deb yozadi Bodriyyar, - intellektuallarning marketlashtirish, mashinalashtirish, ommaviylashtirish, ahloqsizlik, ma’naviyatsizlik, konformizm va iste’molchilikka bo‘lgan qarshiligi o‘z shaxsiy hayotini yaxshilash bilan band bo‘lgan kishilarni uyg‘otishi mumkin bo‘lsa. SHuningdek, u intellektuallar qarshiligini uzluksiz emas, deb hisoblaydi. CHunki, aynan ular hokimiyatni tuzadi, o‘zlari har tomondan u bilan qurshab olingan bo‘lib, unga qarshi kurash olib bora olmaydi.

Bodriyyar ijtimoiy taraqqiyotning inqilobiy shakliga tanqidiy munosabatda bo‘lib, aynan jamiyatning turli sohalarida sodir bo‘lgan inqilobiy o‘zgarishlar amalda hal qilib bo‘lmaydigan muammolarning asosiy sababi bo‘lganligini ta’kidlaydi. “Kibernetik inqilob, - deb yozadi alloma, - miya va kompyuterning bir-biriga yaqinligini ko‘rsatdi va ayni vaziyatda quyidagi keskin savolni ko‘ndalang qilib qo‘ydi: men kimman – insonmi yoki mashina? Keyingi savol biologik iqilob natijasida yuzaga keldi: men kimman – insonmi yoki klon? SHahvoniyat inqilobida esa savol quyidagicha bo‘ldi: men kimman – erkakmi yoki ayol? Siyosiy va sotsial inqiloblar: o‘zligimiz, irodamiz qancha turadi, inson nimani hoxlaydi, u nimani kutmoqda? Mana haqiqatdan ham hal qilib bo‘lmaydigan muammolar!”43.

Bodriyyar jamiyatning hozirgi muammolariga to‘xtalar ekan uni ayni vaqtda “orgiya”44 holatda ekanligini ta’kidlaydi. Uningcha, barcha hozirda texnologik yutuqlar in’om etgan qulayliklardan sarhush holatda. Go‘yoki bunday “bazmu-jamshid” abadiy davom etadiganday. Ammo, bir kun kelib orgiya o‘z nihoyasiga etadi. “Bugun o‘yin tugadi, - deb ta’kidlaydi olim, -hamma ozodlikka erishdi. Va biz barchamiz o‘zimizga vazifa qilib quyidagi dolzarb savolni berishimiz kerak: orgiyadan so‘ng endi nima qilmoq kerak?”45.

Bodriyyar hozirgi zamon jamiyatidagi muammolarni tahlil qilar ekan ularni hal etish yo‘llari borasida aniq bir hulosaga kelmaydi. Xaydeggerning “bizni faqat Xudo qutqarishi mumkin” degan fikriga javoban, Bodriyar najot chorasi sifatida “bizni faqat tabiat ofatlari qutqarishi mumkin, chunki ulargina bizni “hushimizga keltiradi””46, degan fikrga keladi.


Yuqorida ko‘rib o‘tgan faylasuflarning jamiyat, inson, ularning o‘zaro munosabati, ijtimoiy taraqqiyot hamda unda inson, tabiat omili va boshqa ijtimoiy falsafaning bahsli mavzulari doirasidagi qarashlari, ta’limotlari, nazariyalari ijtimoiy falsafa evolyusiyasida muhim o‘rin egalladi. SHu bilan birga ijtimoiy falsafaning tadqiqot predmeti, muammolari doirasi ham boqichma-bosqich kengayib, mazmunan boyib bordi.

Hozirgi davrda jahonning tan olingan allomalar tomonidan ilgari surilgan ijtimoiy-falsafiy g‘oyalarni o‘rganish, ularni tahlil qilish ijtimoiy-falsafiy dunyoqarashni, tafakkurni boyitishda muhim ahamiyatga egadir. Zero, yurtboshimiz shunday degan edi: “Bizda sho‘ro davridagi falsafiy qarashlar, afsuski, hali–beri o‘z ta’sirini saqlab kelyapti. Misol uchun, o‘sha paytlari Kant, Gegel, Feyerbax, Nitsshe, Veysman, Freyd kabi G‘arb faylasuflarining nazariyalari mutlaqo o‘rganilmas, ularning g‘oyalari faqat asossiz tanqid qilinar edi.

Bu masalada bunday bir yoqlama qarashlardan mutlaqo voz kechish lozim. O‘ylaymanki, ana shunday faylasuflarning ta’limotiga hali ham shubha bilan qarab, ularni o‘rganmaydigan bo‘lsak, bilib qo‘yinglar, o‘zimizni, falsafiy tafakkurimizni ancha cheklab, g‘arib–kambag‘al qilib qo‘ygan bo‘lamiz. Qaysidir faylasuf, bizga yoqadimi–yo‘qmi, bundan qat’i nazar, uning asarlarini baribir bilishimiz, o‘rganishimiz kerak”47.
Mustaqil O‘zbekistonda ijtimoiy falsafa. XX asr va mustaqillik davrida O‘zbekistonda ijtimoiy falsafa fanini rivojlantirish borasida muhim ishlar amalga oshirildi, bir qator tadqiqotchilar etishib chiqdi. Hususan 1957 yilda I.M.Mo‘minov tashabbusi bilan tashkil qilingan O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining “Falsafa va huquq” instituti va uning ilmiy xodimlari ijtimoiy falsafa taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shdilar.

2002 yilda Qiyom Nazarovning tashabbusi bilan “Falsafa va huquq” jurnalining tashkil qilinishi institut xodimlarining ilmiy faoliyati samaradorligini yanada oshirishga hamdayosh olimlarning ilmiyizlanishlari haqida keng jamoatchilikning tanishishi vafalsafiy muloqotlar olib borilishidagidadil qadam bo‘ldi.

Falsafa tarixi va tarix falsafasini tahlil qilishda I.A.Karimov aytganlaridek, “SHarq falsafasini teran o‘rganish, shu asosda ulug‘ madaniyatimiz va qadriyatlarimiz ildizlarini jonlantirish, yaqin o‘tmishdan qolgan mafkuradan xalos bo‘lish, o‘zimizning asrlar sinovidan o‘tgan, ulug‘ ajdodlarimiz bizga qoldirgan milliy mafkura va tafakkurimizni tiklash, uni zamonaviy – umumbashariy ruh bilan boyitish xalqimizning dolzarb vazifasidir”48. SHu ma’noda, o‘zbek falsafasining etakchi vakillari SHarq falsafasi tarixini o‘rganish va undagi gumanistik g‘oyalarni “... halqimiz soddagina qilib, “o‘zbekchilik” deb ataydigan, mehr-oqibat, o‘zaro chidam va hurmat, o‘zgalarning dardiga hamdard bo‘lish kabi oliyjanob fazilatlarni”49 kelgusi avlodga etkazish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib bordilar.

I.Mo‘minov (1908-1974) akademik, falsafa fanlari doktori, professor. I.Mo‘minov tomonidan 1956 yilda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining “O‘zbekistonda ijtimoiy fanlar” jurnaliga asos solinishi ilmiy tadqiqot ishlari tarkibi va mavzulari doirasining nisbatan kengaytirilishi, ijodiy erkinlikka yo‘l ochdi. 1957 yilda I.Mo‘minov tashabbusi bilan O‘zFa huzurida “Falsafa va huquq instituti” tashkil qilingan. (O‘zbek ensiklopediyasining birinchi mas’ul muharriri bo‘lgan.)

I.M. Mo‘minov o‘zbek faylasuflaridan birinchi bo‘lib, totalitar tuzumning millatni ma’naviy qadriyatlardan mahrum etish, milliy ongni buzish va o‘z-o‘zini anglashga yo‘l qo‘ymaslikka intilib, kommunistik mafkurani shakllantirishga jon-jahdi bilan harakat qilayotgan bir paytda, tarixiy va ma’naviy merosni, o‘zbek xalqi va Markaziy Osiyoning boshqa xalqlari yaratgan boy ma’naviy qadriyatlarni har tomonlama o‘rgandi.

I.M Mo‘minovning Abu Rayxon Beruniy tavalludining 1000 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada “Beruniy – ensiklopedist olim” mavzusidagi ma’ruzasi va “Xorazmlik buyuk ensiklopedist” monografiyasining o‘zbek, rus, ingliz va fransuz tillarida nashr qilinishi olamshumul voqea bo‘ldi. Xususan u “Biz buyuk xorazmlik olim Beruniyga vatanparvarligi, insonparvarligi uchun, olimning quvonchi va baxtini umuminsoniylik va milliylik, umumiylik va xususiylik birligida ko‘ra olgani uchun buyuk hurmat bilan qaraymiz. Beruniyda vatanparvarlik izchil insonparvarlik bilan uzviy bog‘lanib ketadi”50, deb e’tirof etadi. O‘sha davrda o‘tmish mutafakkirlari va olimlarining insonparvarlik salohiyati, qarashlari va ta’limotlaridagi nodir milliy va umuminsoniy qadriyatlar haqida hech narsa deyilmagan yoki ular inkor qilingan bir vaziyatdagi bu sa’y harakat milliy falsafa rivojidagi dastlabki uchqun bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Olim turli manba va ilmiy adabiyotlardan foydalangan va ularni sharhlagan holda Amir Temurning shaxsi va faoliyatini ob’ektiv tahlil qilishga va baholashga harakat qildi. I.Mo‘minov o‘sha davrdagi ilm ahlini Amir Temurning milliy davlatchilikni shakllantirishdagi roliga to‘g‘ri baho berishga chaqirdi va 1969 yilda YUNESKO homiyligida Samarqand shahrining 2500 yilligi, Temur va Temuriylar davridagi O‘rta Osiyo san’atini o‘rganishga bag‘ishlangan konferensiyada “Amir Temurning O‘rta Osiyoda tutgan o‘rni va roli”mavzusida ma’ruza qildi, jiddiy muhokamalardan so‘ng ma’ruza o‘zbek va rus tillarida nashr qilindi. U ”Bunday shaxsning yuzaga kelishi davrning, zamonning taqozosi, CHig‘atoy ulusining zulmi, mayda feodal beklarni vahshiyona ezishi, mo‘g‘ul xonlari, Oltin O‘rda beklarining Movaraunnahrdagi to‘xtovsiz bosqinchilik yurishlari, azoblangan, xonavayron bo‘lgan, 150 yil davomida chet el hukmronligidan tinkasi qurigan mamlakatning, xalqning mustaqillikka erishish talabi edi. Bu tarixiy zaruriyat Temurda, uning lashkarboshilarida ravshan ko‘rindi. Temur davlat arbobi sifatida ma’lum darajada bu ehtiyojni, talabni, zaruriyatni o‘zida aks ettirdi, ya’ni Movanaunnahrda mustaqil markaziy birlashgan davlat tuzdi, mamlakat ehtiyojlariga javob berdi. Mulkdor sinflar, savdogarlar, karvonsaroy egalari hamda ma’lum ma’noda aholi talablariga peshvoz chiqib, mamlakatning ko‘p joylarida qurilishlar qildirdi, kamida yuz yigirma yil davomida nisbatan osoyishtalik o‘rnatdi. Bu shubhasiz, mamkalakatda iqtisod, madaniyat, fan, adabiyot va san’atning o‘sishida muhim omil bo‘ldi. Temurning O‘rta Osiyo tarixidagi xizmati, bizningcha ana shulardan iboratdir”51 deb ta’kidladi.

SHuningdek, I.Mo‘minov “Amir Temur O‘rta Osiyoni birlashtiribgina qolmasdan, balki Rusga va boshqa Yevropa xalqlariga, shuningdek SHimoliy Afrika xalqlariga, birinchi navbatda Misr xalqiga yordam ko‘rsatdi”52 deb ta’kidladi. Bu asari bilan I.Mo‘minov ba’zi tarixchilarning “Amir Temur o‘zidan vayrona va kuldan boshqa hech narsa qoldirmadi”, “Temur va CHingizxon bir tarzda ish ko‘rdi” degan uydirma da’volarning asossiz ekanligini isbotladi. Bu totalitar mafkura hukmronlik qilgan davrdagi buyuk jasorat namunasi edi. SHu bois,I.Mo‘minov ma’muriy –buyruqbozlik tizimi mafkurasining keskin tanqidi va adolatsiz tazyiqiga uchradi. CHunki marksistik mafkura uchun millatning o‘z –o‘zini angalashga asos bo‘ladigan ilmiy tarixiy dalillar emas, balki millatlar va xalqlarni tarixiy ildizlaridan va qadriyatlaridan uzib qo‘yadigan kommunistik ongni shakllantirish muhimroq edi. SHunday bo‘lsada, 1976-1977 yillarda uning 4 jildlik “Tanlangan asarlari” nashr qilindi. Ushbu kitoblarga I.Mo‘minovning nafaqat O‘rta Osiyo mutafakkirlari, (Mirzo Bedil, A.Beruniy, YU.Qoshg‘ariy, A.Navoiy, A.Jomiy), balki g‘arb falsafasi namoyondalari (Gegel, Kant, YUm, Fixte) ijodiga bag‘ishlangan asarlari jamlangan.

Mustaqillikka erishgach Mo‘minovning ijodi va jamoatchi arbob sifatidagi faoliyatiga munosabat o‘zgardi. U fan, falsafa ravnaqiga qo‘shgan hissasi uchun “Buyuk xizmatlari”ordeni bilan taqdirlandi. “Falsafa va huquq instituti” uning nomi bilan ataldi. I.Mo‘minov yaratgan ilmiy maktabning dastlabki qaldirg‘ochlari o‘z maktablarini yaratishga muyassar bo‘ldilar va ustoz ishini davom ettirdilar.



Yüklə 6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   19   20   21   22   23   24   25   26   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə