O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti



Yüklə 6 Mb.
səhifə19/80
tarix22.05.2018
ölçüsü6 Mb.
#45438
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   80

Al-Beruniy (973–1048) - Uning idealiga ko‘ra, jamiyatni boshqarish amaldorlardan o‘z huzur–halovatlaridan aniq muddat mobaynida mahrum bo‘lishni, zo‘ravonlardan jabrlanuvchilar huquqini himoya qilish, gunohkorlarni esa jazolashdan iborat bo‘lmog‘ini ta’min etishni taqozo qiladi. U o‘z qarashlarida shunday fikrni ilgari suradi: Mag‘ribda jamiyatni boshqarish "yuqori toifa kishilari va dehqonlar" orasida navbatma–navbat amalga oshirilar ekan. Idora qilish muddati tugagach, hukmdor mas’uliyatli vazifani sog‘–salomat o‘z zimmasidan soqit qilganligiga atab, fuqaroga ziyofat berar, kishilarga sovg‘alar hadya qilar ekan. Odil hukmdorning vazifasi – yuqori va quyi tabaqa kishilari o‘rtasida adolat o‘rnatish, kuchli va ojizlar o‘rtasidagi tenglikni barqaror etishdan iborat. Al-Beruniy: "Tenglik hukmronlik qilgan joyda qayg‘u–alam va ochofatlik o‘z–o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi", - degan g‘oyani ilgari suradi. Shuningdek faylasuf Monteskedan ancha avval geografik deterministik g‘oyalarni ilgari surdi. Turli etnoslar va jamiyatlar taraqqiyotida tabiiy iqlim, hudud rel’efi, foydali qazilma konlari va shuningdek dengiz va daryolarning ta’sirini ham asoslab berdi.

Ibn Sino (980–1037) - uning ijtimoiy-falsafasida axloq-odob, iqtisod, siyosatdan bahs yuritilib, inson, oila, jamiyat manfaatlari, ularning o‘zaro munosabatlari o‘rganiladi. Jamiyatning barcha a’zolari ijtimoiy-foydali mehnat bilan band bo‘lishlari lozim. Bajariladigan vazifalarga qarab, ular mansabdor shaxslarga, ishlab chiqaruvchilar, savdo-sotiq bilan mashg‘ul kishilar va harbiylarga bo‘linadilar. Jamiyatning barqarorligi odamlar uchun bir xil mazmunga ega bo‘lgan qonun va uning adolatliliga asoslanadi, lekin, bu jamiyat a’zolarini, zo‘rma–zo‘raki, teng holatda saqlashdan iborat emas. Barcha kishilarning shoh va sultonlarga aylanishi yoki hammaning qashshoq bo‘lishi norealdir. Bunday vaziyat tabiiy va ijtimoiy qonun-qoidalarga ziddir. Uni hech qanday kuch-qudrat, istak-hohish o‘zgartira olmaydi. Lekin, shu masalada ham Ibn Sino insonparvarlik pozitsiyasida turib, "xizmatkorlarni o‘zingga yaqin tut, ularni siltab tashlama, ularning ehtiyojlari to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qil, ularga nisbatan qahr-g‘azabli bo‘lma, ular bilan, go‘yo do‘sting kabi munosabatda bo‘l, ularni baxtsizlik onlarida yolg‘iz qoldirma, chunki ular ham insonlardir", – deb yozadi.

Ibn Xaldun (1332-1406) - Uning shoh asari “Muqaddima-ye Ibn Xaldun” chuqur falsafiy mazmunga ega bo‘lib, avvalo jamiyatshunoslik nazariyasiga, jamiyat rivojlanishi konsepsiyasini yaratishga bag‘ishlangan. Ibn Xaldunning ijtimoiy-falsafiy qarashlari Abu Nasr Forobiy, Ibn Rushd ilmiy an’analarini davom ettirgan bo‘lib, shu bilan birga o‘zining shu sohaga oid muhim yangi g‘oyalarni mujassamlaydi. Avvalo u kishilik jamiyati, jahon sivilizatsiyasini bir butun yaxlit jarayon sifatida anglab olishga, ularni aylanma harakatga egaligini tasdiqlashga urinadi.

Kishilik jamiyati paydo bo‘lishi odamlarning ijtimoiy mohiyati, bir biriga muhtojligi, ularning aqlga egaligi bilan belgilanadi. Uning fikricha, jamiyatning tarixiy rivojlanishi, uning taraqqiyoti ma’lum qonunlarga bog‘liq bo‘lib, uni tushunish, talqin qilishni ham shu asosda amalga oshirish kerak. Xususan, Ibn Xaldun Forobiy, Beruniy va boshqalar oldin o‘tgan mutafakkirlarning g‘oyalarini davom ettirib, jamiyat hayotida jo‘g‘rofiy muhit, iqlim, tabiiy sharoitlar katta rol o‘ynaydi, degan xulosaga keladi. Jamiyatning paydo bo‘lishi va rivojlanishi, uning madaniy saviyasi va samaradorligi inson mehnati, uning taqsimlanish darajasi, ishlab chiqarish, ilm-fanlar rivoji bilan ham belgilanadi.

Kishilik jamiyatlari umumiy xususiyatlarga ega bo‘lishi bilan birga har biri o‘ziga xos hislatlar bilan ajralib turadi. Tarix falsafasi, tarixning asl vazifasi ana shu umumiy va xususiy xislatlarni birgalikda va yaxlit holda, bir biri bilan uzviy bog‘langan holda yoritishdir. Shundagina har bir ma’lum sivilizatsiyaning, uni tashkil qiladigan mamlakatlarning mohiyati aniq va xolisona yoritilishi mumkin.

“Shularning hammasi – deb yozadi Ibn Xaldun – tarixnavis uchun chiqaradigan xulosalari va tarixiy hodisalarni talqin qilishiga asos bo‘lib xizmat qiladi”. Uning nazarida, tarix falsafaning muhim qismini tashkil etib, aslida esa tarix falsafasi sifatida namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga tarix falsafaning asoslaridan biridir. Ibn Xaldunqarashlari bo‘yicha, davlat va xususiy mulk jamiyat rivojlanishining zaruriy shartlarini tashkil etadi. Shu nuqtai nazardan u ko‘chmanchi, qishloq xo‘jalik va shahar aholisi hayot tarzi, tarixiy o‘zlariga xos belgilarini tahlil qiladi. Uning madaniy jamiyat oldiga qo‘yiladigan birdan bir talabi zarur bo‘lmaganda zo‘ravonlik, kuch ishlatmaslikdir, chunki bu nafaqat jamiyat inqiroziga, balki odamlarning ma’naviy qashshoqlashishiga olib keladi.


G‘arbiy Yevropa uyg‘onish davri va yangi zamon ijtimoiy falsafasi

Yevropa Uyg‘onish davri – Renessans shu vaqtgacha er yuzida bo‘lib o‘tgan revolyusiyalar ichida eng buyugi bo‘ldi. Ana shu revolyusiya vaziyatida rivojlanib borgan tabiiyot ilmi ham boshdan-oyoq revolyusion bo‘lib, buyuk italiyaliklarning uyg‘onib kelayotgan yangi falsafasi bilan birgalikda rivojlanar va uning jafokashlari gulxan va zindonlarda qurbon bo‘lib ketar edi. SHunisi xarakterliki, ularni ta’qib qilishda protestantlar bilan katoliklar o‘zaro raqobat qilganlar. Protestantlar Migel Servetni (1509/1511-1553 yillar. Ispan mutafakkiri, vrach. Kichik qon aylanish doirasining mavjudligini aytgan) o‘tda kuydirgan bo‘lsalar, katoliklar Jordano Brunoni (1548-1600. Italiyalik panteist faylasuf, dunyoning cheksizligi va ko‘pligi haqidagi qarashlarni bayon qilgan) o‘tda kuydirganlar. Bu davr gigantlarga muhtoj bo‘lgan va gigantlarni, bilimdonlik, ruh va xarakter gigantlarini vujudga keltirgan davr bo‘ldi. Bu shunday davr ediki, uni fransuzlar Renessans, ya’ni antik madaniyatning, fan va falsafaning qayta tiklanishi, uyg‘onishi, deb to‘g‘ri atadilar.

Uyg‘onish davri tafakkuri, mafkurasi va madaniyati uchun hal qiluvchi tendensiya dunyoni teotsentristik tushunishdan antropotsentristik tushunishga o‘tilganligidir. O‘rta asr diniy duyoqarashiga qarshi kurashda Uyg‘onish davri madaniyatida insonparvarlik, antropotsentristik motivlar oldingi planga chiqadi. Erdagi hayotga past nazar bilan qarash o‘z o‘rnini insonning ijodiy imkoniyatlarini, uning aql-tafakkurini, erda baxtli yashashga intilishini tan olishga bo‘shatib beradi. Insoniylikning amalga oshirilishini esa o‘tmish madaniyati erishgan yutuqlarsiz ko‘z oldiga keltirish mushkul, shu ma’noda Uyg‘onish davri gumanizmi (insonparvarligi) o‘tmish madaniy merosiga, antik falsafa yutuqlarini egallashga qiziqish uyg‘otadi. SHu sababli yana Aflotun va Aristotelning, stoiklar, epikurchilar, Sitseronning hamda boshqa antik mutafakkirlarning falsafasi yangicha joziba bilan yuz ocha boshlaydi.

Antropotsentrizm tomonga burilishni "sof" materialistik qarashlarning g‘alabasi sifatida haddan ortiq yuzaki tushunmaslik kerak. Gap shundaki, Renessansning insonparvarligi insonning ichki olamiga, uning erdagi "ilohiyligiga" e’tibor berganlikda, tashqi ilohiy "qoidalardan" chekinilganlikda, insonni hayotiy faollikka chaqirganlikda, insonni o‘ziga ishonishni ta’kidlaganlikda o‘z ifodasini topadi. Ammo mana shu progressiv hisoblanuvchi yangiliklarning o‘zi ham tarixiy jihatdan belgilangan bo‘lib, u yoki bu shakllarda diniy ramkalarda yuzaga chiqishi mumkin edi.

Shu bilan birga Uyg‘onish davri gumanizmini ideallashtirish ham noto‘g‘ri bo‘ladi va undagi ichki ziddiyatlarni ham ko‘rmaslik mumkin emas. Ular XII –XV asr tarixiy voqeligi bilan belgilanadi. Ana shu o‘ziga xosliklar ushbu g‘oyalarning elitarligida (ya’ni, saralangan, yuqori tabaqaga oid kishilarga mo‘ljallanganligida), "aristokratik" (oqsuyaklik) tendensiyalarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, axloqning insonparvarlik g‘oyalari ta’lim olishga imkoniyati bo‘lgan yuqori tabaqalarga mo‘ljallangan. Shuni ta’kidlash joizki, gumanizmni ko‘tarib chiqqan kishilarning o‘zlari ham antik madaniyat va falsafa yutuqlarini o‘rganish imkoniyatlariga ega bo‘lgan kishilar edilar, bir necha chet tillarini, ayniqsa Renessansda alohida hurmatga ega bo‘lgan lotin tili va adabiyotini egallagan kishilar edilar.

Ko‘pincha Renessans va Reformatsiyaning o‘zaro munosabati haqida bahslar olib boriladi. Ba’zan ularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishga harakat qilinadi. Bunda Renessans – xalqaro hodisa, umumYevropa hodisasi sifatida, Reformatsiya esa – milliy, xususan, nemis hodisasi sifatida tushuniladi. Nima bo‘lganda ham, muhimi ularning antifeodal yo‘nalishga ega oqim ekanligi, ularni harakatlantiruvchi kuchlar chirib borayotgan feodal jamiyatidagi shahar qatlamlari ekanligidadir. Agarda Renessans jamiyatni oqsuyaklarga oid maorifni yoyish orqali jamiyatni o‘zgartirishni mo‘ljallagan bo‘lsalar, Reformatsiya esa o‘rta asr doirasidagi kishi nuqtai nazaridan xudoning jamoliga etishishning yangi yo‘lini taklif qiladilar. Demak, Renessansning g‘oyalarini faqat yuqori tabaqa kishilari faollashtirishlari mumkin edi (umuman olganda unda o‘rta va past tabaqa vakillarining manfaatlarini ifodalovchi insonparvarlik g‘oyalarining o‘zi yo‘q edi), aksincha, asosiy maqsadi cherkov va uning g‘oyalarini o‘zgartirish sanalgan Reformatsiya g‘oyalarini o‘z ahvoli va kun kechirishi bilan diniy tasavvurlarga jips bog‘lanib qolgan jamiyatning o‘rta va past tabaqalari ko‘tarib chiqishga qodir edi.

Renessans g‘oyalari asosan shaharlarning yuqori tabaqalari, hunarmandlar va diniy yo‘nalish olimlari tomonidan himoya qilinar edi. Shu ma’noda Renessans mafkurasi ikki yo‘nalishda – bir tomondan, antifeodal, ikkinchi tomondan, antiplebey (kambag‘al qatlamlarga qarshi) edi.

O‘rta asr konservativ mafkurasi bilan kurash jarayonida sifat jihatdan farq qiluvchi ijtimoiy-falsafiy qarashlar tizimi vujudga keldi. Uning markazida shaxsning eng ulug‘ qadriyat ekanligi, har qanday individning qadr-qimmati, erkinligi, insonning erkin rivojlanishi uchun etarli sharoit yaratilishi lozimligi, har kimga o‘z baxt-saodatiga etishishi uchun imkoniyat berilishi kerakligi haqidagi fikrlar turadi. Uyg‘onish davri dunyoqarashida inson taqdiri uning oilaviy kelib chiqishi, darajasi, konfessional mavqei bilan emas, balki sof shaxsiy jasorati, faolligi, fikrlari va amaliy faoliyatining oliyjanobligi bilan belgilanadi.

Uyg‘onish davri o‘z taraqqiyotining ilk bosqichida, ya’ni XIV-XV asrlarda asosan "gumanistik" shaklda Italiyada taraqqiy topdi, XVI-XVII asrlarda esa asosan "tabiiy ilmiy yo‘nalish" shaklida boshqa Yevropa mamlakatlarida rivojlandi.

Dante Aligeri (1265-1321) o‘zining insonparvarlik dunyoqarashini "Komediya", "Pir", "Monarxiya" asarlarida aks ettirgan. Dante xristian aqidalarini o‘zgarmas haqiqat sifatida tan olsa-da, ilohiylik va insonga xos xususiyatlarning o‘zaro munosabatini yangicha talqinda aks ettiradi. U ushbu munosabatlarni bir-biriga qarshi qo‘ymaydi, balki ularni o‘zaro birlikda ko‘radi. Xudoni insonning ijodiy kuchlariga qarshi qo‘yib bo‘lmaydi. Inson ikki yoqlama belgilangan: bir tomondan, xudo tomonidan, boshqa tomondan – tabiat tomonidan. SHu ma’noda bax-saodatga, farog‘atga iki yo‘l orqali boriladi: falsafiy ta’lim, ya’ni inson tafakkuri kuchi bilan boruvchi va muqaddas ruhdan keluvchi "ilohiy ta’lim".

Uning fikricha inson o‘z hayotining yaxshiligi yoki yomonligi uchun o‘zi mas’uldir, bunda insonning shaxsiy xususiyatlari belgilovchi ahamiyatga ega va bunda uning boyligi yoki merosiy ahvoli hech qanday rol o‘ynamaydi. Insoniyatning vazifasi tafakkurning imkoniyatlarini amalga oshirish, ayniqsa nazariy tafakkur imkoniyatlarini amaliy faoliyatga aylantirishdir. "Monarxiya" asarida u cherkov "abadiylik" masalalari bilan shug‘ullanishi, amaliy hayot, erdagi ishlar esa kishilarning vazifasi bo‘lishi, kishilar intilishlari esa baxt-saodat, tenglikka va umumiy tinchlikka asoslangan jamiyat qurishga sarflanishi lozim.



Franchesko Petrarkani (1304-1374) ko‘pincha "birinchi gumanist", "gumanizmning otasi" deb atashadi. U "abadiylik"ni Dantedan farqli ravishda umuman inkor etadi. Petrarkani ko‘proq insonning ichki, axloqiy masalalari qiziqtiradi. "Mening sirim" falsafiy dialogida u insondagi ichki ziddiyatlarning qanchalik murakkabligini ochib beradi va uni engib o‘tishning yo‘llarini ko‘rsatadi. Petrarkaning ijodi realligi, inson xursandchiliklari va azoblarini chuqur tushunishi bilan ajralab turadi.

Piko della Mirandola (1463-1495)dunyoni panteistik tushungan. Dunyo ierarxiya tarzida tuzilgan: u farishtalar, osmoniy, elementar sferalardan tashkil topgan. Hissiy dunyo "hechnima"dan emas, balki oliy, ammo "tanasiz" ibtido bo‘lmish "xaos"dan vujudga kelgan, unga esa o‘z navbatida xudo "turtki bergan". Dunyo o‘zining mavjud ziddiyatlari va garmoniyasi bilan go‘zaldir. Uning ziddiyatliligi shundaki, bir tomondan u xudodan tashqaridadir, ikkinchi tomondan esa – uning vujudga kelishi ilohiydir. Xudo tabiatdan tashqarida mavjud emas, u doimo tabiatda amal qiladi. Buni panteistik ruhda tushunmaslik kerak. Pikoning nazarida xudo dunyo mohiyatining nihoyasi, cho‘qqisi sifatida tushunilgan.

Piko "yolg‘on" fan hisoblanmish "payg‘ambarlik astrologiya"sini tanqid qiladi. U fanlarni o‘rganishdan maqsad amaliy va foydali bo‘lmog‘i lozim, deydi. U insonning taqdirini yulduzlarning g‘ayritabiiy to‘plami belgilamaydi, taqdir inson tomonidan amalga oshiriladigan erkin faoliyatning natijasidir, deydi. Piko "Insonning qadri haqida"gi asarida inson o‘ziga xos mikrokosmosdir, uni neaplatonchilarning uch "gorizontal" dunyosi (elementar, osmoniy, farishtalar) bilan tenglashtirmaslik kerak, chunki u ana shu dunyolarning barchasi orqali vertikal ravishda o‘tadi, deydi. Inson o‘z shaxsini o‘zi qaror toptirish, o‘z hayotini o‘z irodasi bilan erkin va maqsadlariga muvofiq belgilash huquqiga ega. SHunday qilib inson tabiatning boshqa qismlaridan farq qiladi va o‘z "ilohiy etukligi" sari boradi. Inson o‘z baxtining yaratuvchisidir. SHunday qilib, Piko insonni dunyoning markaziga qo‘yadi. Inson tabiati hayvonot dunyosi tabiatidan faqli holda yuqori darajada tashkil topgan, etukroq; inson "ilohiy" etuklikka intila oladigan mavjudotdir. Bunday holat tug‘ma emas, balki uni inson harakati vujudga keltiradi.



Makiavelli (1469-1527) “Hukmdor” asarida hokimiyatni ushlab turish vositasi sifatida talqin etiladigan siyosatdagi muvaffaqiyatlar va mag‘lubiyatlarning sabablarini ko‘rib chiqadi. U mutlaq monarxiyaning himoyachisi bo‘lsa-da, aksariyat fikrlarida boshqaruvning respublikacha shakli himoyachisi sifatida ish tutadi. Uning fikricha, faqat siyosiy natijalargina muhimdir. Maqsad hokimiyatni egallash, so‘ngra esa uni tutib turishdan iboratdir. Boshqa hamma narsa, shu jumladan, axloq va din ham vosita hisoblanadi.

Makiavelli insonning xudbinligi to‘g‘risidagi shartga asoslanadi. Insonning boylik va hokimiyatga intilishi cheksizdir. Biroq resurslarning cheklanganligi sababli nizolar kelib chiqadi. Davlat individning boshqa individlar tomonidan tajovuzkorlik qilinishidan himoyaga muhtojligiga asoslanadi. Qonunni himoya qilib turadigan kuch bo‘lmasa, anarxiya vujudga keladi. Binobarin, insonlarning havfsizligini ta’minlash uchun kuchli hukmdor zarur. Makiavelli inson mohiyatining falsafiy tahliliga berilmasdan, bunday qoidalarni muqarrar qoidalar sifatida ko‘rib chiqadi. Hukmdor hamma insonlar zolim insonlardir, degan qoidaga asoslanishi kerak. U mabodo hokimiyatni saqlab qolishni hoxlasa, shu insonlarning hayoti va mol-mulkini himoya qilishni istasa, berahm va surbet bo‘lishi kerak.

Makiavelli muayyan ma’noda axloq bilan siyosat o‘rtasida tafovut o‘tkazadi. U, bir tomondan, erishishga arziydigan maqsadlarni farqlaydi va boshqa tomondan, o‘z-o‘zicha yaxshi ham, yomon ham bo‘lmagan, lekin ana shu maqsadlarni amalga oshirishda ko‘proq yoki kamroq samarali bo‘lgan siyosiy vositalarni farqlab o‘tadi.

Makiavellida shuningdekhukmdorlarning jamiyatni yaxshiroq boshqarishga ko‘maklashadigan empirik ijtimoiy fan g‘oyasini ham uchratish mumkin.



Utopik sotsializm

XVI-XVII asrlarda Yevropa mamlakatlaridagi ijtimoiy fikrlar tarkibida jamiyatning kelajagi to‘g‘risidagi sotsialistik qarashlar ham vujudga keldi. Sotsial-utopistlar nomini olgan mazkur yo‘nalish vakillari davlat, hokimiyat, huquq muammolariga o‘tmishdagi ozchilikning irodasini ifodalovchi boshqarish shakllarini tugatib, moddiy tengsizlikka chek qo‘ygan va xususiy mulkka barham berib, umumiy mulkchilikka asoslangan jamiyatning siyosiy-yuridik sohalari qanday bo‘lishi kerak, degan masalalar sababli e’tibor qaratdilar.

Quyi tabaqa vakillarining asrlar mobaynida ijtimoiy adolatga intilishining aksi sifatida qaror topgan ana shu harakat tarkibida bir-biridan farqlanuvchi turli-tuman qarashlar vujudga keldi. Ularning ba’zilari kelgusi jamiyat amal qilishining asosiy tamoyili sifatida tafakkurni, boshqalari – erkinlikni, uchinchilari – tenglikni va hokazolarni ilgari surardilar.

Tomas Mor(1478-1535) ingliz gumanisti, "Utopiya" asarining muallifi, xayoliy sotsializm sarchashmalaridan biri. U parlament a’zosi sifatida qirol Genrix VIII ning moliyaviy kirdikorlariga, uning zulmkorligiga qarshi chiqadi va bu harakati bilan London mayda burjuaziyasi o‘rtasida hurmat qozonadi. U Genrix VIII ning katsleri sifatida qirolning reformatorlik intilishlariga qarshilik qilgani uchun qatl qilinadi.

"Utopiya" asarida u o‘z davrining ijtimoiy va siyosiy masalalari haqida fikr yuritadi. Bu asar dialog shaklida yozilgan bo‘lib, unda rasmiy siyosiy qarashlarni yoqlash va ularni inkor qilish o‘z aksini topadi. Asarning birinchi qismida Angliya ijtimoiy hayoti tanqid qilinadi, ikkinchi qismida esa xayoliy Utopiya orolidagi jamiyat va hayot haqida gapiriladi.

Angliya voqeligida shafqatsizliklar bilan sodir bo‘lgan kapitalning dastlabki to‘planishini tanqid ostiga olgan Mor ularning sababchisi xususiy mulk ekanligida, hayotni xuddi Utopiya oroligidagidek tashkil qilish uchun ijtimoiy mulkchilikka o‘tish kerakligini ta’kidlaydi. Bunda ijtimoiy mulkchilik, yuqori darajada tashkil qilingan ishlab chiqarish, boshqaruvning maqsadga muvofiqligi natijasida ijtimoiy boyliklarni adolatli va baravar taqsimlanishiga erishilgan. Barcha kishilarning huquqlari teng va ular mehnat qilishlari kerak.

U ana shu jamiyatni ma’rifatli podshoh yordamida yaqin kelajakda amalga oshirish mumkin, deb hisoblaydi. Xuddi ana shu holat mazkur dunyoqarashning xayoliy bo‘lib qolganligini belgilab berdi.

Uning fikricha, jamiyat – boylarning fitnasi natijasidir. Davlat esa – ularning oddiy qurolidir. Undan boylar xalqni itoatda tutib turish, o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini himoya qilish uchun foydalanadilar. Ular aldov, kuch va ayyorlik bilan kambag‘allarni o‘zlariga bo‘ysundiradilar. Bu narsalarni ular qonun yordamida, hokimiyatning buyrug‘i, davlatning irodasi sifatida va davlat nomidan amalga oshiradilar.

Utopiya orolida xususiy mulk yo‘q. Er – ijtimoiy mulkdir. Ishlab chiqarilgan barcha mahsulot jamiyatniki. Ularni esa biror bir narsa ishlab chiqarishga ixtisoslashgan hunarmand-oilalar ishlab chiqaradi. Ish kuni 6 soatdan iborat. Barcha ishlaydi.

Utopiyada muhtojlik nimaligini hech kim bilmaydi. Bunga esa o‘ziga xos yo‘l bilan erishiladi. Birinchidan, barcha erkak va ayollar majburiy ravishga mehnatga jalb qilinadi. Ikkinchidan, ehtiyojlarning eng minimal darajaga qisqartirilishiga erishiladi, ya’ni har qanday dabdababozlik, taqinchoqlar, ortiqcha kiyim-kechak, uy-joy va ovqatlanishga chek qo‘yilgan.

Shuni ta’kidlash kerakki, Utopiyada qullar ham mavjud. Morning fikricha mazkur orol odamlari uchun eng iflos ishlarni bajarish uyat, shuning uchun qassoblik, turli-tuman chiqindilarni chiqarish kabi ishlar qullar zimmasiga yuklatilgan. Bunday ishlarni bajarishga ko‘ngillilar deyarli bo‘lmaganligi sababli qullarga ehtiyoj tug‘ilgan. Harbiy asirlar, jazoni o‘tayotgan jinoyatchilar, boshqa davlatlarda o‘limga hukm qilingan, ammo o‘topiyaliklar tomonidan sotib olingan kishilar qullar hisoblanishadi. Qullik avloddan avlodga o‘tmaydi, ularning farzandlari – ozod odamlardir. Ularning o‘zlari ham qullikdan ozod bo‘lish imkoniyatlariga ega.

Morning Utopiya davlati federativmi yoki unitarligi unchalik aniq aks ettirilmagan. Ammo unda boqaruv tizimi aniq ifodalangan: har 30 oila filarx deb ataluvchi boshqaruvchini saylaydi, 10 filarx esa bitta protofilarxni saylaydi. Maxsus yig‘ilishda filarxlarning barchasi yopiq ovoz berish yo‘li bilan davlat boshlig‘ini (prinsepsni) saylashadi, u umrbod saylanadi. Ammo u zulmkorlikka intilsa, uni bo‘shatadilar. Qolgan mansabdorlar esa tajribali kishilar bo‘lib, har yili saylanadilar. Muhim ishlar prinseps, senat va xalq vakillari bilan birgalikda echiladi. Bunday muhim ishlar jumlasiga ma’muriyat ishlari, xo‘jalik rejalari, ijtimoiy omborlardan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tarqatishni hisobga olish va hisobot ishlari va boshqalar kiradi.

Tommazo Kampanella (1568-1639) italyan gumanisti, "Quyosh shahri", "Xristian monarxiyasi haqida", "Cherkov hokimiyati haqida", "Ispan monarxiyasi haqida" asarlarining muallifi. U cherkov hokimiyati va oqsuyaklar hokimiyatining birligini himoya qiladi, protestant Reformatsiyasi g‘oyalarini inkor qiladi va papaning barcha xristianlar ustidan hukmronligini e’lon qiladi.

U ilohiyot podshohligining erda hukmron bo‘lishiga erishish uchun ko‘plab ijtimoiy o‘zgarishlarni amalga oshirish zarurligi haqidagi fikrni bayon qiladi, xristianlik vijdoniga mos ravishda xususiy mulk va ekspluatatsiyani yo‘qotishga chaqiradi. Mordan farqli ravishda u ana shunday holatga ommaviy qo‘zg‘olon orqali erishish mumkinligiga ishonadi. U Kalabriyada ispanlar hukmronligiga qarshi fitnaga boshchilik qiladi, fitna muvaffaqiyatsizlikka uchragach, u umrbod qamoqqa hukm qilinadi. Kampanella turmada 25 yildan ortiqroq vaqt bo‘ladi, o‘sha erda o‘zining asosiy asarlarini yozadi.

T.Mordan farqli ravishda u o‘ziga ma’qul bo‘lmagan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy tartibotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq tanqid qilmaydi. Unda quyosh shahar-davlatlarining ifodasi ilgarigi o‘ringa chiqadi va tanqidiy fikrlar ana shu fon ortiga yashirilgan.

Hokimiyat tarmoqlari faoliyat turlariga mrs keluvchi uch yo‘nalishga bo‘linadi. Bu faoliyat turlari: birinchidan, harbiy ishlar, ikkinchidan - ilm-fan, uchinchidan – aholini ishlab chiqarish, uni oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ta’minlash va tarbiyalash. Ushbu hokimiyat tarmoqlarini Qudrat, Donishmand, Muhabbat deb ataluvchi uch boshqaruvchi iroda qiladi. Ularning har biri uch rahbarga boshchi, ulardan pastda esa yana uch mansabdor mavjud. Hokimiyat tepasida Metafizik nomli boshqaruvchi turadi, u o‘z fuqarolaridan olimlik, talant, tajriba va amaliyotda ustundir. U ruhoniylik va fuqarolik hokimiyatlarining boshlig‘i, u barcha muammoli masalalarni hal qilish huquqiga ega, ya’ni so‘nggi so‘z unga tegishli. Oliy hukmronlikda Metafizik ilm-fan, davlatni boshqarish ishlari va hokazolarda undan ko‘ra yuksakroq kishi paydo bo‘lguncha turadi. Ana shunday kishi paydo bo‘lsa, Metafizikning o‘zi uning foydasiga hukmronlikdan voz kechishi kerak. Metafizikka davlatni boshqarishda uning aqlda, tashkilotchilikda, axloqda benazir bo‘lgan uch yordamchilari: Qudrat, Donishmand, Muhabbat yordamlashadilar. Ana shu to‘rtlik xalq irodasi bilan almashtirilmaydi va ularning o‘zaro munosabatlariga xalq ta’sir qila olmaydi. Boshqa barcha rahbarlar va mansabdorlar saylov yo‘li bilan amal qiladilar.

"Quyosh shahri"ning mazmuni ilk sotsialistik qarashlardagi bir-biri bilan kelishtirib bo‘lmaydigan ikki tomonni aks ettiradi. Insonning intellektual, axloqiy sifatlari uning jamiyatdagi o‘rnini aniqlovchi narsalar ekanligi haqidagi fikrlar doimo avtoritarlik, asketizm, alohida olingan kishi hayotiga e’tiborsizlik bilan qarash, shunga mos tashkiliy va huquqiy sharoitlar yaratilishiga befarqlik bilan yonma-yon turadi. Ana shu ziddiyatlarning birini olib ko‘raylik: Solyariylar siyosiy jarayonlarda qatnashadilar, ammo ular bunda statistlar sifatida bo‘ladilar, chunki ularning ovozi hal qiluvchi emas, nari borsa maslahat ovoziga ega. Barcha narsani yagona boshliq-ruhoniy (Metafizik)va unga yordamchi bo‘lgan Qudrat, Donishmand va Muhabbat hal qiladilar. Solyariylar hayoti ikir-chikirigacha avvaldan hal qilib qo‘yilgan. Fuqarolarning barcha hatti-harakati yo‘naltirilgan va nazorat ostida. Ammo bu bir xillik ularni zeriktirmaydi. Ular shunga o‘rganib qolishgan. Hamma narsa avtomatizmga keltirilgan. Ularning uy-joyi, kiyim-kechagi, faoliyati, o‘yin-kulgilari va boshqalari bir xil. Alohidalik, har bir shaxsning qaytarilmas xislatlari, mustaqillikka intilishi, faolligi, o‘ziga xos manfaat va qiziqishlari borligi hech qanday ahamiyatga ega emas. Hamma sohada davlat manfaatlari ustun.

Shunday bo‘lsa-da unda ijobiy elementlar ham mavjud. Masalan, u fanning katta ahamiyati, aholi ta’limi darajasining roli, urushlarga chek qo‘yilishi, xususiy mulkning tugatilishi, adolatli va aqlga muvofiq boshqaruv haqida gapiradi.



Yüklə 6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə