O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti



Yüklə 6 Mb.
səhifə16/80
tarix22.05.2018
ölçüsü6 Mb.
#45438
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   80

2.2. JORIY O‘QUV-METODIK TA’MINOT

2.2.1. MA’RUZALAR MATNI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

JIZZAX DAVLAT PEDAGOGIKA INSTITUTI


B. OCHILOVA, S. MAMATKULOV, A. TO‘RAYEV

IJTIMOIY FALSAFA

Toshkent –2014

Ijtimoiy falsafa / Tuzuvchilar: B. Ochilova, S. Mamatkulov, A. To‘rayev. O‘quv qo‘llanma T.: “......” nashriyoti , 2014. – 581 -b.
Taqrizchilar:
falsafa fanlari doktori, professor D. Norqulov

falsafa fanlari nomzodi, professor S. Valieva

falsafa fanlari nomzodi, dotsent Sh. Ikromov

Ushbu o‘quv qo‘llanmada jamiyat, uning falsafiy tahlili, tamoyillari, jamiyat hayotining asosiy sohalari, unda kechayotgan harakat, o‘zgarish, taraqqiyot jarayonlarining mohiyati, o‘ziga xos jihatlari, jamiyatda amal qiladigan eng umumiy qonunlar, jamiyatni ilmiy anglash yo‘llari va usullari kabi masalalar o‘z ifodasini topgan.

Mazkur o‘quv qo‘llanma O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan (14 mart 2012 yil 107-sonli buyruq) Ijtimoiy falsafa fanining fan dasturi asosida tuzilgan.

O‘quv qo‘llanma Jizzax davlat pedagogika instituti ilmiy kengashi tomonidan (2014 yil 24 mart, 9-sonli bayonnoma) nashrga tavsiya etilgan.


“......” nashriyoti , 2014 yil
KIRISH

Insoniyat azal-azaldan olam sirlarini, o‘zining mohiyati va imkoniyatini, turli-tuman munosabatlarining mahsuli bo‘lgan jamiyatni, uning yashash tamoyillari hamda taraqqiy etish qonuniyatlarini anglashga harakat qilib kelgan. Qadimda yashab o‘tgan insoniyatning ulug‘ yo‘lboshchilari, donishmandlari va yuksak aql egalari tomonidan aytilgan, yozib qoldirilgan fikrlar ana shu harakatning yorqin namunalaridir. Zero, inson o‘z mohiyatini, o‘zini qurshab turgan borliqni, o‘z faoliyatlari natijalarini bilishga qodir bo‘lgan, hayotda oliy maqsadlar qo‘yib, uni amalga oshirishga intiluvchan mavjudoddir. Bundan minglab yillar avval Qadimgi Yunonistondagi Delfa ibodatxonasi peshtoqiga yozilgan “o‘zingni angla” degan purhikmat ibora, qadimgi Sharq va G‘arbda yashab o‘tgan donishmandlarning inson va jamiyat to‘g‘risidagi ilg‘or g‘oyalari, insoniyat tarixining keyingi davrlarida yuzaga kelgan ijtimoiy jarayonlarni turlicha tushunuvchi va talqin etuvchi falsafiy oqimlarning hulosalaridan kelib chiqib aytish mumkinki, inson, uning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy jarayonlar, ijtimoiy munosabatlar, ularning mohiyatini to‘g‘ri anglash har qanday falsafiy bilishning eng murakkab va ziddiyatlarga boy masalasidir. Shu boisdan ham, falsafaning alohida bo‘limi sifatida faoliyat yuritadigan ijtimoiy falsafa, aytish mumkinki, u o‘rganadigan masalalarning anchayin murakkabligi bilan, insoniyat hayoti va taqdiriga, umuminsoniy muammolarni oqilona hal etishga bevosita dahldorligi bilan alohida ahamiyatga egadir. Shuningdek, hozirgi ijtimoiy jarayonlar tobora jadallashib borayotgan, bunday tez sur’atlardagi taraqqiyot jarayonida insonning o‘rnini aniqlab olish murakkablashayotgan, shu bilan birga birgina sohaga, ma’lum bir jamiyatga taalluqli muammolar o‘z qobig‘idan chiqib global ahamiyat kasb etib borayotgan hamda murakkablashayotgan dunyoda bunday muammolarni oqilona hal etish, ijtimoiy taraqqiyot muntazamligini ta’minlash qiyinlashib borayotgan bir davrda ijtimoiy falsafani o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj va zarurat yuqori darajaga yetdi.

Ijtimoiy falsafani o‘rganishning tobora zaruriyatga aylanib, uning ahamiyati ortib borayotganini yana quyidagi xolatlar misolida ko‘rib o‘tish mumkin:

Birinchidan, hozirda inson faoliyatining turli tomonlari hamda jamiyat hayotining turli sohalarini, masalalarini tadqiq etuvchi ko‘plab ijtimoiy fanlar mavjud. Shu bilan birga jamiyatning tobora murakkablashuviga parallel ravishda ijtimoiy fanlar ham differensiyalashib bormoqda. Natijada, ijtimoiy bilim sohalari kengaydi, ilmiy tadqiqotlar inson va jamiyat hayotining turli tomonlari to‘g‘risida xilma-xil fikrlar, qarashlar, nazariyalarni yuzaga keltirdi. Bunday sharoitda mavjud bilimlarning o‘ta fragmentarlashib, umumiy asoslardan uzoqlashib ketmasligi uchun, ularni ijtimoiy-falsafiy jihatdan integratsiya qilish, falsafiy muhokama doirasiga tortish, shuningdek dunyoqarashdagi yaxlitlikni saqlab qolish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda;

Ikkinchidan, mamlakatimiz rahbari Islom Karimov ta’kidlaganidek, hozirda “hech shubhasiz, yurtimizda erkin, adolatli va farovon hayot qurish jarayonida ijtimoiy-siyosiy munosabatlar, odamlarning ongi va tafakkuri ham o‘ziga xos, shu bilan birga, mutlaqo yangicha ma’no kasb etib bomoqda. Xususan, shaxs va davlat, inson va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar yangicha mazmun va shakl topib, yangi xususiyatlar, yangi tamoyillar asosida takomillashib borayotganini sezish, anglash qiyin emas.

Binobarin, bularning barchasi yangicha qadriyatlar va demokratik prinsiplar mohiyatiga, o‘z turmush va tafakkur tarzimizga mos, biz barpo etishga intilayotgan erkin fuqarolik jamiyati talablariga javob beradigan munosabatlar sifatida ijtimoiy fanlarning, hususan ijtimoiy falsafaning (ta’kid bizniki) asosiy tadqiqot mavzulariga aylanishi darkor”1.

Uchinchidan, mamlakatimizda yosh avlodni har jihatdan barkamol qilib tarbiyalash borasida izchil islohotlar olib borilmoqda. Yosh avlodni kamol toptirishda, avvalo ularni har jihatdan bilimli, keng dunyoqarashga ega, mustaqil fikrlaydigan qilib tarbiyalash dolzarb ahamiyat kasb etib, yurtboshimiz aytib o‘tganidek: “Agar biz o‘z kuchi, salohiyatiga ishonadigan, boqimandalikni or deb biladigan, eng rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or kishilari bilan teppa-teng muomala qila oladigan, oqni qoradan, yaxshini yomondan ajrata biladigan, bu murakkab, beshafqat hayotning pastu baland, tangu tor ko‘chalaridan Alloh bergan aql-zakovati bilan to‘g‘ri yo‘lni adashmay topa olishga qodir bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalab etishtirsak, o‘ylaymanki, o‘z maqsadimizga to‘la erishgan bo‘lamiz”2. Bu esa, avvalo yoshlarda falsafiy dunyoqarashni kamol toptirishni, ularning ijtimoiy voqea-hodisalarni mustaqil tahlil eta olishlari uchun inson va jamiyat borasidagi falsafiy bilimlarini oshirishni taqozo etadi. Zero “bugungi shiddatli davrda chinakam ma’naviyatli va ma’rifatli odamgina inson qadrini bilishi, o‘z milliy qadriyatlarini, milliy o‘zligini anglashi, erkin va ozod jamiyatda yashash, mustaqil davlatimizning jahon hamjamiyatida o‘ziga munosib o‘rin egallashi uchun fidoyilik bilan kurasha olishi mumkin”3.

Hukumatimiz tomonidan ishlab chiqilgan 2014 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish harakat rejasida ham bu masalaga alohida e’tibor berilgan. Hususan, mazkur rejaning ikkinchi bo‘limida yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va chuqur bilimlarga ega bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash, ularda turli ma’naviy, mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirish kabi vazifalari belgilab qo‘yildi.

Yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda “Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” yo‘nalishi o‘quv rejasiga ixtisoslik fani sifatida kiritilgan “Ijtimoiy falsafa”dan tayyorlangan mazkur o‘quv qo‘llanma 136 soatga mo‘ljallangan o‘quv dasturi asosida tuzilgan bo‘lib, talabalarda, jamiyatning ma’naviy sohasida faoliyat ko‘rsatadigan kadrlarda falsafiy dunyoqarashni shakllantirishga xizmat kiladi, jamiyat, ijtimoiy taraqqiyot muammolarini to‘g‘ri anglash, jamiyat hayotida ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar mohiyatini ilmiy anglash va xolisona idrok qilishga yordam beradi. Bu o‘z navbatida bo‘lajak mutaxassislarning pedagogik, ma’naviy-ma’rifiy faoliyati samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qo‘llanmadan o‘rin olgan ijtimoiy falsafaning nazariy masalalari, ijtimoiy-falsafiy fikrlar taraqqiyoti, jamiyat, uning mohiyati, asosiy sohalari, taraqqiyoti, qonunlari, ijtimoiy voqelikni anglash tamoyillari hamda usullari, insonning mohiyati va jamiyat bilan munosabati, shuningdek madaniyat, sivilizatsiya, halqaro munosabatlar va global muammollar kabi masalalar tahlili talabalarda ijtimoiy jarayonlarga ongli munosabatni qaror toptirishda ko‘mak beradi.



IJTIMOIY FALSAFA FANI PREDMETI, MAQSAD VA VAZIFALARI
Reja:

1. Ijtimoiy falsafaning predmeti va obekti

2.Ijtimoiy falsafaning gumanitar fanlar tizimida tutgan o‘rni

3.Ijtimoiy falsafaning tushunchalari va asosiy tamoyillari

4.Ijtimoiy falsafaning funksiyalari
Tayanch tushunchalar

Ijtimoiy falsafa, ijtimoiy borliq, jamiyat, ijtimoiy taraqqiyot, inson, ijtimoiy bilish, ijtimoiy munosabat, ijtimoiy struktura, tamoyil, funksiya, dialektika, metafizika, insonparvarlik, tarixiylik, mantiqiylik, yaxlitlik, metodologiya.


Ijtimoiy falsafaning predmeti va ob’ekti. Ijtimoiy falsafa –falsafaning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, u jamiyatning mohiyati, uning hayoti va taraqqiyoti qonuniyatlarini, undagi hodisa va jarayonlarni yaxlit tizim sifatida o‘rganadi. SHuningdek, ijtimoiy falsafa turli jamiyatlarning o‘zaro aloqadorligini, ularga hos bo‘lgan universal jihatlarni o‘rganadi. Ijtimoiy falsafa tarixiy jarayonlarni, ularning ob’ektiv va sub’ektiv tomonlari, taraqqiyot qonunlarining o‘zaro bog‘liqligini tadqiq va tahlil qiladi.

Ijtimoiy falsafa insonlarning amaliy faoliyati va ular o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni ham tahlil qiladi. Insonlar ishlab chiqarish, ijtimoiy–siyosiy, ilmiy, ma’naviy, axloqiy, estetik va boshqa amaliy faoliyatlari jarayonida o‘z hayotlari uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy qadriyatlarni yaratadilar, tabiatni o‘zlariga mos holda o‘zgartiradilar, o‘zlariga zarur bo‘lgan madaniy–ma’naviy va ijtimoiy muhitni yaratadilar. Shu kabi faoliyat jarayonida, o‘zaro turli munosabatlar o‘rnatadilar. Bular ishlab chiqarish, siyosiy, ma’naviy, sotsial va boshqa ijtimoiy munosabatlar bo‘lib, ularning majmui jamiyatning tuzilishi yoki tarkibini tashkil etadi. Shuning uchun xam ijtimoiy falsafa jamiyatni avvalo, o‘zaro ijtimoiy munosabatlarga kirishgan insonlar majmuasi sifatida o‘rganadi.

Demak, insonlarning turli ko‘rinishdagi faoliyati va ular o‘rtasidagi kechadigan ijtimoiy munosabatlar ijtimoiy hayotning asosiy mazmunini tashkil etadi hamda jamiyat taraqqiyotini belgilaydi. Shuning uchun ular ijtimoiy falsafaning diqqat markazida turadi.

Ijtimoiy falsafa insonlarning faoliyati va ijtimoiy munosabatlarining ob’ektiv hamda sub’ektiv tomonlarini tahlil qiladi. Chunki ijtimoiy munosabatlarning mavjudligi ob’ektiv qonuniyatlarga asoslanadi, shuningdek uning ishtirokchilari bo‘lgan insonlarning hoxish-istaklari, maqsadlari, ideallari, tafakkuri kabi sub’ektiv omillar ham bu jarayonda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Ijtimoiy falsafaning asosiy masalasi, bu –– insonlarning ongi, tafakkuri hamda borlig‘i, turmushi, ya’ni, bir tomondan, ularning maqsadlari, iqtisodiy, siyosiy, axloqiy va boshqa mo‘ljallari va ikkinchi tomondan, ularning hayoti va faoliyatining ob’ektiv shart–sharoitlarining o‘zaro bog‘liqligi masalasidir.

S.L.Frank ijtimoiy falsafa predmeti va muammolarini tushuntirish uchun shunday nazariy savollar qo‘yadi: “Ijtimoiy hayot o‘zi nima? Uning zamon va makonda namoyon bo‘lishi, yovvoyi ko‘chmanchilarning oddiy oilaviy-qarindoshlik yacheykasidan boshlanib, hozirgi murakkab va zamonaviy davlatlargacha bo‘lgan xilma hil ko‘rinishlari ortida yashiringan umumiy tabiati qanday? Jamiyat hayoti inson hayotida qanday o‘rin egallaydi? Inson nimaga intiladi, uning konkret o‘rni qanday va u o‘zining ijtimoiy borlig‘ini shakllantirib nimaga erishishi mumkin? Va nihoyat, insonning ijtimoiy hayoti yangi dunyoviy kosmik jamiyatda qanday o‘ringa ega, bunda uning aniq maqsadi qanday?”4.

Shu o‘rinda 200 yil avval fransuz mutafakkiri, sotsial utopisti A. Sen-Simon tomonidan qo‘yilgan masalalar ham diqqatga sazovor. Uning ta’kidlashicha, “jamiyat haqidagi fanlarning asosiy vazifasi shundan iboratki, o‘z davrida jamiyat qurilishining eng yaxshi darajasiga erishish uchun, bu tizimni rivojlantirish hamda bu tizim o‘zining taraqqiyot cho‘qqisiga etganda u inkor etilishi, shunda olimlar tomonidan to‘plangan materiallar asosida uni yangilash lozimligini boshqaruvchi va hukmdorlar anglab etishi uchun kerak.”5

Taniqli rus faylasufi K.X.Momdjyanning fikricha: “Ijtimoiy faylasuf nimani o‘rganmasin: jamiyat strukturasidagi tashkilotlar yoki ularning ijtimoiy hayotdagi funksional jihatlarinimi, tarix dinamikasi yoki uning tamoyillari bo‘ladimi, u o‘sha inson faoliyatining turli hil ko‘rinishlari va o‘ziga hosliklarini o‘rganadi”6.

Insonning biosotsial mohiyatini namoyon etish imkoniyatiga ega bo‘lgan ijtimoiy borliq, ijtimoiy jarayonlarning shakllanishi va rivojlanishi qonuniyatlari ijtimoiy falsafaning fan sifatida baxs mavzusini tashkil etadi. Jamiyat bir butun yaxlit tizim sifatida rivojlanadimi? Uning xarakatlantiruvchi kuchlari nimada? Inson “me’yori”ning namoyon bo‘lishining ibtidosi bo‘lgan ijtimoiy borliq nima? Uning murakkab xilma-xil qirralari nimalardan ibodat? Inson qanday paydo bo‘lgan, uning siru-asrorlari nimada? Shaxsning jamiyat taraqqiyotida rolini qanday tushunmoq kerak? Inson ijtimoiy borliq mohiyatini, uning kelajagini oldindan bilishga qodirmi? Umumbashariy muammolar va ularni xal qilish yo‘llari qanday?

Ijtimoiy falsafa predmetining ancha keng umumiy tavsifini endi ikkita qisqagina fikr bilan yakunlash mumkin:



  • ijtimoiy falsafa “antropotsentrizm tamoyillariga asoslanib jamiyatni bir butun tizim sifatida, uning umumiy qonuniyatlari, ularni harakatga keltiruvchi va rivojlantiruvchi kuchlar hamda uni qurshab turgan tabiat va atrof-muhit bilan aloqadorligini tadqiq qiladi”7;

  • “...ijtimoiy falsafiy nazariyalar jamiyatni, o‘zaro hamkorlikda bo‘lgan kishilar o‘zlarining va jamoalari hayotini qanday tashkil etishlarining universal qonuniyatlarni hamda bu qonunlar konkret shaklda qanday namoyon bo‘lish xususiyatlarini tushunishga yordam beradi...Ijtimoiy falsafaning tadqiqot predmeti faqatgina jamiyatni emas, shu bilan birga sotsium yoki sotsiallikni ham o‘z ichiga oladi”8.

Ijtimoiy falsafaning gumanitar fanlar tizimida tutgan o‘rni. Falsafiy bilimlarning asrlar osha taraqqiy etib borishi natijasida ularning zamirida bir qator falsafiy fanlar yuzaga keldi. Falsafaning strukturasi bosqichma-bosqich shakllanib uning tarkibida avval ontologiya, o‘zaro aloqadorlik va taraqqiyot konsepsiyasi, gnoseologiya, formal mantiq kabi tarmoqlar, so‘ng beshinchi tarkibiy element sifatida ijtimoiy falsafa falsafiy fanlar tizimidan o‘rin oldi.

Demak, ijtimoiy falsafa fan, ilmiy bilimlar taraqqiyotida amal qiladigan differensiatsiya jarayonining natijasi hisoblanadi. Ilmiy bilimlar taraqqiyotida differensiya ikki xil tarzda kechgan.

Dastlabki davrlarda odamlarning bilimlari falsafa fani doirasida jamlangan keyinchalik uning asosida boshqa fanlar shakllangan.

Ikkinchi yo‘nalish muayyan fan doirasida bilimlarning chuqurlashuvi shu fanning tarmoqlarini keltirib chiqargan. Fan doirasida yangi bilimlarni o‘zida mujassamlashtirgan fanning yangi sohalari paydo bo‘lgan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, falsafaning har bir tarkibiy elementining yuzaga kelishi ijtimoiy-tarixiy zarurat taqozosidir. Ijtimoiy falsafaning yuzaga kelishi ham ayni insoniyatning o‘z ijtimoiy mohiyatini, birgalikda hayot kechirish sabablari, o‘zi yashab turgan ijtimoiy borliqning mavjudlik va taraqqiyot qonunlarini, bu ob’ektiv qonunlar mohiyatini tushunib olishi hamda shu orqali ulardan o‘z ideallari, maqsad va mo‘ljallarini ro‘yobga chiqarish yo‘llari va vositalarini aniqlab olishda foydalanishga bo‘lgan ehtiyojlarining hosilasidir. Bu kabi ehtiyojlar inson va jamiyat hayotining u yoki bu jihatlarini o‘rganuvchi barcha fanlar, hususan ijtimoiy fanlarning yuzaga kelishi va ularning bir butun tizim sifatidagi integratsiyasini qaror toptirdi. Shu sababli ham ijtimoiy falsafa o‘z tadqiqot yo‘nalishida mutlaq mustaqil holatda faoliyat yuritmay, balki falsafaning qator tarmoqlari hamda konkret amaliy metodlar bilan qurollangan mustaqil fanlar: ontologiya, gnoseologiya, mantiq, falsafiy antropologiya, axloqshunoslik, nafosatshunoslik, tarix falsafasi, tarix, sotsilogiya, siyosatshunoslik, iqtisod nazariyasi va h.k.lar bilan ilmiy-nazariy hamkorlikda faoliyat yuritadi. Ijtimoiy falsafa boshqa fanlar ilmiy-nazariy integratsiyaga kirishsada, ob’ekti, predmeti, bahs mavzusi, funksiyalari va tamoyillari jihatdan o‘ziga hos xususiyatlarga ega.

Shu sababli ham Ijtimoiy falsafaning falsafiy bilimlar va ijtimoiy fanlar tizimidagi o‘rni, roli, yondashuvi hamda bahs mavzusidagi o‘ziga hosligi singari masalalarga aniqlik kiritish muhim vazifalardan biridir. Ayniqsa, falsafa va ijtimoiy falsafa, ijtimoiy falsafa va sotsiolgiya, tarix falsafasi va ijtimoiy falsafaning o‘zaro munosabatini aniqlash hayotiy zaruriyatga aylandi. Gap shundaki, uzoq yillar davomida sobiq sovet jamiyatida o‘qitib kelingan tarixiy materializmga ayni bir vaqtda ham ijtimoiy falsafa, ham sotsiologiya sifatida qarab kelindi. Vaholanki, tarixiy materializm o‘z predmeti, tushunchalari, yondashuvi va tamoyillari bilan cheklangan falsafiy ta’limotlardan biri edi holos. Shuningdek, ijtimoiy falsafa sotsiologiya fanidan ham o‘z predmeti, tushunchalari, bilish usullariga ko‘ra tubdan farq qiladi. Ijtimoiy falsafa umumbashariy falsafaning tarkibiy qismi, yaxlit jamiyat to‘g‘risidagi ta’limotdir, sotsiologiya esa empirik tadqiqotlar va ilmiy faktlarga tayanib konkret jamiyat to‘g‘risida aniq bilimlar beradi. Ijtimoiy falsafa sotsiologiya fanining hamda boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning xulosalari, yutuqlariga tayanib, jamiyatning umumiy manzarasi, ijtimoiy borliqning o‘ziga xos taraqqiyot qonunlari to‘g‘risida eng umumiy tasavvurlar hosil qilishga imkon beradi. Ijtimoiy falsafa umuman kishilik jamiyatining paydo bo‘lishi, jamiyatning mohiyati, insonning ijtimoiy tabiati, uning jamiyatdagi o‘rni va roli to‘g‘risida bahs yuritadi.

Shuningdek, ijtimoiy falsafa falsafa fani bilan uzviy bog‘liq. Ijtimoiy falsafa jamiyat haqidagi falsafiy bilimlar tizimi sifatida falsafa fanidan kelib chiqqan. Agar falsafa olam va odam munosabatlari tahlili bilan shug‘ullansa, ijtimoiy falsafa jamiyat va inson munosabatlarini tadqiq etadi. Agar falsafa olam, uning mohiyati, qonuniyatlari to‘g‘risidagi fan bo‘lsa, ijtimoiy falsafa olamning tarkibiy qismi bo‘lgan jamiyat haqidagi falsafiy bilimlar tizimi hisoblanadi. Ijtimoiy falsafa falsafa fani bag‘ridan o‘sib chiqqan. Uni falsafiy ta’limotlarning o‘ziga xos ko‘rinishi sifatida tahlil qilmoq lozim. Ijtimoiy falsafa ontologiya, gnoseologiya, metodologiya, antropologiya ta’limotlari bilan bevosita bog‘liq, u shu ta’limotlarning jamiyatga izchil tatbiq etilishining natijasi va mahsuli bo‘lib hisoblanadi.

Ijtimoiy falsafa borliq falsafasi, ontologiya ta’limoti bilan bevosita bog‘liq ravishda shakllangan. Falsafa borliqni bir butun yaxlit olam sifatida olib o‘rgandi. Ijtimoiy falsafa borliqning o‘ziga xos ko‘rinishi, ijtimoiy borliq, uning mohiyati, qonuniyatlarini aks ettirish bilan shug‘ullanadi.

S.E Krapivenskiy ijtimoiy falsafani yaxlit borliqning ijtimoiy shaklini o‘rganishini nazarda tutib uni “sotsial ontologiya”9 deb atash mumkinligini ta’kidlaganda, borliqning ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan barcha jarayonlari, ijtimoiy borliqning yashash va taraqqiy etish qonuniyatlari ijtimoiy falsafaning tadqiqot ob’ekti bo‘lishi mumkinligini nazarda tutadi.

Ijtimoiy falsafa gnoseologiya (bilish) bilan bevosita bog‘liq. Falsafa olamni bilishga dahldor muammolar bilan shug‘ullansa, ijtimoiy falsafa inson o‘z ongi bilan jamiyatni bilishga qodirmi? degan savolga javob izlaydi. Falsafiy bilimlar ob’ektiv olamning inson ongida aks etish masalalari bilan shug‘ullansa, ijtimoiy falsafa ijtimoiy hayotning inson ongida aks etish muammolarini o‘rganadi va inson ongi jamiyatga qanday munosabatda? degan savolga javob izlaydi.

Falsafada olamni bilish yo‘llari, usullari ishlab chiqilgan va bu metodologiya (usullar haqidagi) ta’limotida o‘z ifodasini topadi. Falsafada olamni bilish usullari metodologiya ta’limotida o‘z ifodasini topgan. Ijtimoiy falsafa esa inson va jamiyatni o‘rganish metodologiyasi haqida bahs yuritadi.Ko‘rinib turibdiki, falsafa va ijtimoiy falsafa uzviy birlikda dialektik aloqadorlikda hisoblanadi.

Umuman olganda falsafa va ijtimoiy falsafaning o‘‘zaro aloqadorligini quyidagi kategoriyalar nisbatidan ham aniqlab olish mumkin:




Falsafa

Ijtimoiy falsafa

“borliq”

“ijtimoiy borliq”

“taraqqiyot”

“ijtimoiy taraqqiyot”

“bilish”

“ijtimoiy bilish”

“ong”

“ijtimoiy ong”

“evolyutsiya”

“ijtimoiy evolyutsiya”

“revolyutsiya”

“ijtimoiy inqilob”

Ko‘rinib turibdiki, falsafiy tushunchalar ijtimoiy-falsafiy tushunchalarga nisbatan universaldir. SHuningdek, bunday nisbatni har ikki fan tomonidan asoslangan qonunlardan ham bilish mumkin:




Umumfalsafiy qonunlar

Ijtimoiy falsafa qonunlari

O‘‘zaro aloqadorlik qonuni

Ijtimoiy ong va ijtimoiy borliqning o‘‘zaro tasiri qonuni

Inkorni inkor qonuni


Ijtimoiy evolyusiya va vorislik qonuni.

Miqdor va sifat o‘zgarishlarining almashinuvi qonuni

Ijtimoiy struktura miqdoriy o‘zgarishlarining ijtimoiy tuzum o‘zgarishlariga olib kelishi qonuni

Yüklə 6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə