O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti



Yüklə 6 Mb.
səhifə18/80
tarix22.05.2018
ölçüsü6 Mb.
#45438
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   80

Tayanch tushunchalar

Zardushtiylik, konfutsiychilik, idealizm, materializm, etuk davlat, ijtimoiy ideal, nemis klassik falsafasi, pozitivizm, neopozitivizm, marksizm, ekzistensializm, psixoanaliz, istiqlol falsafasi.


Qadimgi Sharq va G‘arbda ilk ijtimoiy-falsafiy qarashlar. Ijtimoiy falsafa jamiyat haqidagi falsafasiy bilimlarni o‘zida mujassamlantiradi. Falsafa fanining shakllanishi va taraqqiyot tarixi ayni vaqtda ijtimoiy falsafaga ham bevosita dahldor, zotan falsafiy bilimlar eng qadimiy davrlardan boshlab inson va uning olamga munosabati muammosini o‘z ichiga oladi. Falsafa tarixi ayni vaqtda ijtimoiy falsafa tarixi hamdir.

Ijtimoiy falsafaning tarixi ayrim olimlarning fikricha uch bosqichni o‘z ichiga qamrab oladi13.

1. Ijtimoiy falsafaning shakllanishi va taraqqiyoti. Bu XIX asrgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.

2. XIX asr ijtimoiy falsafaning maxsus yo‘nalish sifatida ajralib chiqishi.

3. XX asrda ijtimoiy falsafaning taraqqiyoti.

Ijtimoiy-falsafiy bilimlarning shakllanishi va taraqqiyoti antik davr falsafasidan tortib to XIX asrga qadar bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu davrda ilgari surilgan falsafiy qarashlar nafaqat olam, tabiatni, ayni vaqtda jamiyat va inson haqidagi, insonning jamiyatga munosabati haqidagi bilimlarni ham o‘z ichiga qamrab olgan edi. Shundan kelib chiqqan holda ijtimoiy-falsafiy bilimlar eng qadimiy davrlardan boshlab shakllangan, degan xulosaga kelish o‘rinli. Ijtimoiy-falsafiy bilimlar qadimgi Sharq mamlakatlari – Xitoy, Xindiston, Markaziy Osiyoda shakllangan. Eramizdan avvalgi V-VI asrlardan boshlab qadimiy yunoniston falsafasida jamiyat, inson muammolari tahlil qilingan. Aynan qadimgi Yunonistonda ijtimoiy falsafiy bilimlarga asos solingan.



Zardushtiylik: “Avesto”.- “Avesto”da mehnat qilib, moddiy boyliklar yaratib, tashlandiq erlarga ishlov berib, sug‘orib obod qilgan, sut, go‘sht, yog‘, don etishtirib, jamiyat farovonligini ta’minlagan dehqonlar, chorvadorlar, bog‘bonlar, ovchilar, kosib hunarmandlar ulug‘lanib shunday deyiladi: “Ilohiy qonunga bo‘ysunadigan yaxshi kishi, yaqin odamga mehribon bo‘lish, muhtojlik va xavf-xatar ostida qolganda ko‘maklashishga shaylik kishilar baxt-saodati uchun yovuzlikka qarshi faol kurashishga tayyor bo‘lish, hamma bilan ahil va totuvlikda, birodarlikda yashashga intilishda namoyon bo‘ladi. Inson fikran ham, hayolan ham hasadgo‘y bo‘lmasligi lozim. Yaxshi niyatli kishi hech qachon darg‘azab bo‘lmaydi va jaholatga berilmaydi, chunki johillik holatida u yaxshi niyatini yo‘qotadi, burch va adolatni unutib, nojo‘ya harakatlar qiladi”. “Yaxshilik ta’limini va sadoqatini amalga oshirib... yaxshi hokimlar hukm yuritaversinlar. Odamlarga va ularning avlodlariga baxt-saodat keltiradigan adolatli qonunlarni amalga oshirsinlar” (“Yasna”, 48), deb xitob qilinadi.

“Avesto”da ifoda etilgan davlat va uning hududiy boshqaruv tizimi:

1-nmana- urug‘, nmanapati-urug‘ jamoasi rahbari.

2-vis-qishloq, vispati – katta qishloq jamoasi boshlig‘i.

3-daxyu-viloyat, daxyupati – viloyat hokimi.

4-hanjamana – oqsoqollar kengashi.

5-daxyusastr – viloyatlar, daxyusastar – viloyatlar hukmdori.

6-kavi – mamlakat, kavipati yoki varzanapati – mamlakat hukmdori.

“Avesto” bo‘yicha oqsoqollar quyidagi ishlarni bajarishi zarur:


  • dehqonchilik ishlarini va ishlab chiqarishni tashkil etish;

  • jamoa xo‘jaliklarida yer-suvni taqsimlash;

  • qurilish va irrigatsiya ishlarini olib borish;

  • mol ayirboshlash va savdo-sotiq ishlarini yo‘lga qo‘yish;

  • bahsli masalalarni hal etish va boshqalar.

“Avesto” bo‘yicha harbiy boshliq quyidagi ishlarni bajarishi zarur:

-tashqi xarbiy bosqinlardan himoyalanish;

-harbiy qurollarni ishlab chiqarish;

-qurollangan qo‘shinlarni tashkil etish;

-makonlar va tumanlar hududlaridagi mudofaa ishlari;

-jamiyatda xurmatga ega bo‘lgan kishilar (kohinlar, chorvadorlar, xunarmandlar)ni himoya qilish.

“Avesto” bo‘yicha ruhoniylar quyidagi ishlarni bajarishi zarur:


  • jamoa diniy urf-odatlarni bajarish va siyosiy-g‘oyaviy dunyoqarashga amal qilish;

  • “ezgu fikr, ezgu kalom va ezgu amal” tamoyillari bajarilishini ta’minlash.

Yuqorida keltirilgan vazifalar varzanapati-oqsoqollar kengashi va kavi-mamlakat hukmdorining e’tiborida bo‘lgan.

“Avesto”da ijtimoiy masalalarga xam keng axamiyat berilgan. Kimki erga vaqtida xam o‘ng qo‘li, xam chap qo‘li bilan ishlov bermagan, mexnat qilmagan bo‘lsa, unday kimsalarga Zamin: “O sen, odam, menga topinmaydigan, mexnat qilmaydigan odam! Sen xaqiqatdan xam tilanchilar qatorida yot eshiklarga ta’zim qilib, abadul-abad bosh egib turajaksan! Xaqiqatdan xam sening yoningda xar xil ziroatlarni olib o‘tadilar, bu noz-ne’matlarning barchasi mexnat qilayotgan, ya’ni to‘q va farovon yashayotgan xonadonga nasib qiladi. Abadul-abad shunday bo‘lajak!”, — deb javob beradi.

Manbada, avvalo, inson, erki, komilligi, ruxiy sog‘lomligi masalalari ustuvor qo‘yiladi. Masalan: "Men yaxshi fikr, yaxshi so‘z, yaxshi ishga shon – shavkat baxsh etaman” deyiladi (“YAsna” 14 kitobida). Axuramazda, insonlar o‘rtasida bo‘layotgan munosabatlar o‘zaro samimiylik, hurmat, beg‘arazlik, yordam va oqibatli bo‘lish zarurligiga, yomon fikrlardan xoli bo‘lishga ishora qiladi. Kattaga hurmat va kichikka izzat, sabr-bardosh, halollik mehr-oqibat va boshqa bir qator tamoyillar borki, milliy g‘oyamizning asosiy tamoyillariga uyg‘un keladi.

G‘oyalarning bunday tarzda qo‘yilishi dunyo ana shu kuchlarning yonma-yon yashashdan iborat, degan falsafaning mohiyatini anglashga undaydi. Shu tariqa "Avesto" o‘sha zamonda yashagan odamlaro‘rtasidagi munosabatlarni barqarorlashtirishda davlatga bo‘lgan extiyoj va zaruriyati o‘laroq yuzaga kelgan manba bo‘lib hisoblanadi.

Konfutsiy (miloddan avvalgi 551-479) yozgan matnlar saqlanib qolmagan, lekin uning ta’limotining asosiy qoidalari uning shogirdlari bilan bo‘lgan suhbatlari haqida qisqacha qaydlar to‘plami – “Fikrlar va suhbatlar” da yozib qo‘yilgan. Ular asosan to‘g‘ri fe’l-atvorning ijtimoiy-ahloqiy muammolariga bag‘ishlangan. Ulardan konfutsiy siymosi an’analarga qattiq rioya qilgan mutafakkir sifatida gavdalanadi. Masalan, u odam faqat an’analarni astoydil o‘rganish yordamida o‘z vazifalarini to‘g‘ri tushunib etishi mumkin, deb hisoblaydi. U insonni diqqat markaziga qo‘yadi. Bunday munosabat quyidagi qoidada lo‘nda bayon qilingan: “Insonparvarlikni sevadigan kishilar uchun, ana shu fazilatdan yuksak narsa bo‘lmaydi”14. Konfutsiy, kishilarga o‘ziga ravo ko‘rmagan narsani boshqalarga ham ravo ko‘rmaslikka chaqiradi. U jamiyatning qat’iy ierarxikto‘zilishini himoya qiladi. Uning uchun shaxs majburiyatlari, bu shaxsning ijtimoiy holati bilan belgilanadi. Konfutsiyning fikricha, yaxshi hayot “insonga xos bo‘lgan beshta munosabat”da: hukmdor – davlat xizmatchisi, ota – o‘g‘il, er – xotin, qariya – yosh, do‘st – do‘st munosabatlarida namoyon bo‘ladi. Har bir kishi o‘zining xususiy majburiyatlariga egadir. Hukmdorning fuqarolari bilan munosabatlari quyidagi analogiyada aniq ifodalangan: “Hukmdorning mohiyati shamolga o‘xshaydi, oddiy odamlarning mohiyati esa ko‘kat singaridir. Shamol ko‘kat uzra esib o‘tganida uning tanlab o‘tirish imkoniyati yo‘q, balki ta’zim bajo keltirish lozim”. Konfutsiy insonning qanday bo‘lishi ijtimoiy muhitga bog‘liqligi pozitsiyasida turib, inson tug‘ma yaxshi bo‘ladi va bunday yaxshilik tarbiya yo‘li bilan rivojlantirilishi mumkin, deb hisoblagan.

Suqrot (mil. avv. 470 - 399 ) ning qarashlari u hech narsa yozmaganligi uchun, asosan shogirdi Aflotun asarlari orqali etib kelgan. Suqrot ijtimoiy masalalarga axloqiy-siyosiy nuqtai nazardan yondashgan. U jamiyatda kelib chiqadigan muammolar va insonlar o‘rasidagi ziddiyatlarning bosh sababi sifatida, bilimsizlik va mavjud bilimlarning bir biriga zid ekanligini ko‘rsatadi. Bilim, uning fikricha, inson rioya qilishi lozim bo‘lgan qat’iy ko‘rsatmadir. Modomiki, shunday ekan, insonlar bunday ko‘rsatmalarsiz yoki bir-biriga zid bo‘lgan ko‘rsatmalar asosida yaxshi yashashi mumkinmi?, degan o‘z-o‘zidan tug‘iladigan savol, Suqrotning ma’rifatli insonlardan iborat jamiyat mukammallikka erishadi, degan fikrga undagan bo‘lsa, ajab emas. Faylasuf ma’rifatli inson deganda avvalo o‘zligini anglagan insonni tushungan. Bu borada u shunday deydi: “O‘zini anglagan inson o‘zi uchun nima foydaliligi va nimalarga qodir ekanligini yaxshi tushunadi. U qo‘lidan keladigan ish bilan shug‘ullanish asnosida o‘z ehtiyojini qondiradi va saodatga erishadi. Har qanday xato va baxtsizliklardan xoli bo‘ladi. Buning natijasi o‘laroq, u o‘zga odamlarni qadrlay oladi va ulardan ezgulik yo‘lida foydalana biladi. Oqibatda o‘zini kulfatlardan asraydi”15. Suqrot o‘z qarashlarida qonun ustuvorligini ham qattiq turib himoya qilgan. U insonlarni qonunga (qonun qanday bo‘lishidan qat’i nazar) itoatkorlikka va ahloqiy ish yuritishga chaqirgan.

Aflotun(taxm. mil. avv. 427 -347 )ning idealistik ijtimoiy-falsafiy fikrlari asosida g‘oya, bilim, qobiliyat, ijtimoiy funksiyalar, sinf kabi tushunchalar sintezi yotadi. U garchi jamiyat va davlat tushunchalarini farqlamasa-da, uning qarashlari davlat qiyofasidagi jamiyatni ifodalaydi. Uning ijtimoiy-falsafiy qarashlarini yaxshiroq tushunish uchun, bir oz uzoqroqdan, ya’ni faylasufning “g‘oyalar va soyalar dunyosi” borasidagi qarashlaridan boshlash maqsadga muvofiq. U dunyoni haqiqiy va aldamchi kabi ko‘rinishlarga bo‘ladi. Biz yashayotgan moddiy asosga qurilgan olam aslida “haqiqiy” “g‘oyalar olami”ning in’ikosi. Inson g‘orga zanjirband qilingan qul kabi hayot kechiradi. Bu qul tashqarida kechayotgan real voqelikning faqatgina sharpalari va soyalarinigina ko‘rib fikr yuritadi. Aslida real voqelik tashqarida, ya’ni “g‘oyalar dunyosida”. “G‘oyalar dunyosini” faqat donishmandlik, donolik qobiliyatiga tug‘ma ega bo‘lganlargina anglab etishi mumkin. Vaholanki, bunday insonlar bu dunyoda kamdan kam dunyoga keladilar. Yaxshilik, adolat kabi g‘oyalar uning qarashlarida markaziy o‘rin egallab, faylasufning fikricha, davlat boshqaruvi ana shu g‘oyalar mohiyatini anglab etish imkoniyatiga ega insonlar qo‘lida bo‘lishi kerak. U insonlarni ikki toifaga bo‘ladi: g‘oyalar mohiyatini anglab etganlar va anglab etmaganlar. Anglab etganlar, bular - donishmand faylasuflardir. Anglab etmaganlar esa jangchilar va mehnatkashlardir. Aflotun ilgari surgan davlat uchta sinfdan iborat bo‘lishi kerak. Bu sinflar shunchaki shakllanmay, davlat nazorati ostida shakllantiriladi. Bular – hukmdorlar (donishmandlar), jangchi-qo‘riqchilar, ishlab chiqaruvchilar (mehnatkashlar). U ilgari surgan ideal davlatda sinflar davlat hayoti uchun zarur bo‘lgan funksiyalardan, funksiyalar esa isoniy qobiliyatlardan keltirib chiqariladi. Demak, yuqorida sanab o‘tilgan sinflar davlat faoliyati uchun zarur bo‘lgan quyidagi funksiyalardan keltirib chiqariladi: boshqaruv, mudofaa va tartib, ishlab chiqarish(iqtisod). SHuningdek, bunday funksiyalar insoniy qobiliyatlar: donolik, mardlik, mehnatsevarlik bilan muvofiq keladi. Uning fikriga ko‘ra insonlarda ana shu qobiliyatlar darajasi turlicha bo‘lishi mumkin. Asosiysi ustuvor qobiliyatlarni saralash, qaysi ijtimoiy funksiyaga muvofiq kelishini aniqlash kerak va o‘z-o‘zidan bu jamiyatning stratifikatsion strukturasini belgilaydi. Qobiliyatlarni aniqlash va saralashning muhim vositasi – ta’lim tizimidir.

Ta’lim xususiy shaxslarning emas, balki jamiyat qo‘lida bo‘ladi. Hamma bolalar kelib chiqishi va jinsidan qat’i nazar ta’lim olish yuzasidan bir xildagi imkoniyatlarga ega bo‘ladilar. O‘n yosh bilan yigirma yosh o‘rtasida hamma bir hildagi ma’lumotni egallaydi. Gimnastika, musiqa va din eng muhim fanlar bo‘lgan. Yoshlar baquvvat va garmonik rivojlangan tanaga, go‘zallik hissiga ega bo‘lishlari kerak. U itoatkor, sadoqatli va o‘z-o‘zini qurbon qilishga shay tarzda tarbiyalanishi lozim. 20 yoshga etganda eng yaxshilar tanlab olinadi, ular ta’limni davom ettirishadi va bunda matematikaga alohida e’tibor beriladi. 30 yoshga etganda yana tanlov bo‘ladi va tanlovdan o‘tganlar yana besh yil falsafani o‘rganadilar. Bundan keyin ular jamiyatning amaliy hayotida ishtirok etib, boshqaruv malakalarini egallashadi. Ular 50 yoshga etib, 40 yillik har tomonlama ta’lim olish, tayyorgarlik va tajriba orttirish jarayonlarini boshda kechirishganidan so‘ng ushbu sinchiklab tanlab olingan elita davlatni boshqarish ishlarini o‘z qo‘llariga oladi. Uning vakillari yaxshilik g‘oyalarini, haqiqiy ilmlarni va amaliy tajribani egallab olgan, bunda bo‘larning hammasi ularning shaxsiy bilimiga aylangan bo‘ladi. Aflotunning fikricha, endi ular mutlaq vakolatli va sahovatli kishilardir. Ayni shu vakolatli shaxslar jami hokimiyatga ega bo‘lishi va jamiyatning boshqa a’zolarini boshqarishi kerak. Birinchi tanlovdan o‘ta olmaganlar ishlab chiqaruvchilar, ikkinchi tanlovdan chetga chiqib qolganlar esa boshqaruvchilar va jangchilarga aylanishadi16. Shunday qilib mehnat taqsimoti kelib chiqadi va ixtisoslashuv yuz beradi. Ixtisoslashuv mukammallikka olib boradi. Aslida, agar insonlar birdek qobiliyatlarga ega bo‘lganida edi ixtisoslashuvsiz ham mukammalikka erishish mumkin bo‘lardi. Biroq, agar odamlarning har xil qobiliyatlar va iste’dodlarga ega bo‘lishi sababli har bir kishining tabiiy qobiliyatlariga eng muvofiq keladigan mashg‘ulotlar bo‘yicha ixtisoslashuvi foydali hisoblanadi.

Aflotun insonlar o‘rtasidagi o‘zaro dahldorlik va bir-birini nazorat qilish jamiyat farvonligi uchun muhimligini uqtirib, insonlarni bunda tashabbus ko‘rsatishga chaqiradi. Haqiqat insonlar faoliyatining mezoni bo‘lishi lozimligi haqida to‘xtalib, faylasuf shunday deydi: “Xudolar uchun ham, odamlar uchun ham barcha ezguliklar boshida haqiqat turishi kerak. Kimki baxtli va farog‘atli bo‘lishni istasa, imkon boricha uzoq vaqt to‘g‘ri yashashi uchun boshlanishidanoq unga (haqiqatga) taaluqli bo‘lmog‘i kerak. ...Kimki adolatsizlik qilmasa – hurmatli; ammo, boshqalarga ham adolatsizlik qilishga yo‘l qo‘ymaydigan odam ikki marta hurmatga loyiqdir. ...Mulohazalilik, oqillik va boshqa ezguliklar sohibi bo‘lgan odam faqat ularga ega bo‘libgina qolmay, balki boshqalarga ham uni o‘tkaza olsa, ular borasida ham huddi shunday maqtov bo‘lishi kerak”17. Umuman olganda Aflotun ijtimoiy-falsafiy qarashlarida kollektivizm pozitsiyasida turadi, uning uchun individning manfaatidan ko‘ra umumjamiyat manfaati ustuvor bo‘lishi kerak.

Arastu (mil. avv. 384 - 322)ning fikricha, eng yaxshi insoniy qobiliyatlar insonning “ruhi”, aqli bilan bog‘liq. “Ratsional” hayot barcha odamlar uchun universal hisoblanadi. Ammo har bir alohida inson uchun uning maqsadi uning qobiliyatlarini o‘zi yashaydigan jamiyatda amalga oshirish, uning usulini, uning hamjamoadagi o‘rnini, u o‘zining qobiliyatlarini eng yaxshi tarzda amalga oshiradigan joyni topishdan iborat bo‘ladi. Bu ezgu niyat hisoblanadi.

Biz xudolar kabi barcha narsalardan habardor bo‘lmaganimiz, o‘simliklar va hayvonlar singari butkul ongsiz bo‘lmaganimiz tufayli, hato qilishimiz mumkin. “Ehtimol, men o‘zimga hos ma’lum qobiliyatga ega bo‘lganman, ammo men uni aktuallashtirmadim”. Bu xudo va hayvonlar hayotining emas, balki inson hayotining takrorlanuvchi fojeiy tomonlaridan biri hisoblanadi.

Arastu odamlar o‘zlarining eng yaxshi qobiliyatlarini amalga oshira olishlari uchun ularning hayoti kechishi lozim bo‘lgan birgalikda kun kechirish shakllarini tavsiflaydi. Kamolotga erishish uchun inson oila, manzilgoh (oilalar hamjamoasi) va shahar-davlat bilan bog‘liq ijtimoiylashuv bosqichlaridan izchil o‘tishi kerak. Faqat shundan keyin inson o‘zi aslida kim ekanligini namoyon qilishi mumkin. Arastuning fikricha, hamjamoa, jamiyat insonga nisbatan qandaydir tashqi narsa hisoblanmaydi. Hamjamoa insonning eng yaxshi qobiliyatlarini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoit hisoblanadi. Boshqacha aytganda, jamiyatdan ajralgan individ yoki individdan ajragan jamiyat (davlat) emas, balki hamjamoadagi inson (zoon politikon) asos tushuncha hisoblanadi. Shuningdek, Arastu jamiyat va hamjamoalarning yuzaga kelish sabablari haqida to‘xtalib, buni muhtojlik tushunchasi bilan bog‘laydi. Ya’ni individlar hayot kechirishi uchun zarur ne’matlarni va shart-sharoitlarni bir o‘zlari yarata olmaydi, shuning uchun boshqalar yordamiga muhtojlik sezadi. Bunday muhtojliklar asosida individlar uyushadilar. Natijada jamoalar va jamiyat yuzaga kelgan. Demak, Arastu “ehtiyoj” tushunchasini ifodalovchi tushuncha sifatida “muhtojlik” tushunchasini qo‘llaydi.

Arastu 158 yunon polisining tavsifini to‘plash ishiga rahbarlik qiladi va olingan materialni quyidagi sxema bo‘yicha tasnif qiladi:




Qaror qabul qiluvchi shaxslar-ning soni

Bitta

Bir nechta

Ko‘pchilik

Qonunga muvofiq boshqaruv

Monarxiya

Aristokratiya

Mo‘‘tadil demokratiya

Qonun bilan chegaralanmagan boshqaruv

Tiraniya

Oligarxiya (Plutokratiya)

Yuqori darajadagi demokratiya

Arastu qonunga muvofiq boshqaruv tarafdori sifatida monarxiya, aristokratiya va mo‘‘tadil demokratiyani yoqlaydi. U jamiyat stratifikatsiyasi hususida ham fikr yuritib, mulkiy tabaqalanish g‘oyasini ilgari suradi. Bunga ko‘ra jamiyatda uchta – yuqori, o‘rta va quyi qatlamlar mavjud. Hokimiyat ko‘proq “o‘rta tabaqa” qo‘lida bo‘lishi hamda jamiyatda ular miqdorining ko‘pligini, u, ijtimoiy barqarorlikning asosiy sharti sifatida tushunadi.
O‘rta asrlar ijtimoiy falsafasi

O‘rta asrlarda diniy mafkuralarning ustuvorligi ijimoiy-falsafiy fikrlar mazmuni va yo‘nalishini belgilab berdi. Ilk o‘rta asrlarda falsafiy tafakkur rivojlanishining asosiy shakllari apologetika va patristika bo‘lgan. Yevropada, Vizantiyada, Old Osiyo va Shimoliy Afrikaning ellinlashgan markazlarida xristianlikning tarqalishi boshqa diniy va falsafiy oqimlar bilan qattiq kurash jarayonida yuz bergan. Bunda xristianlikka qarshi neoplatonizm falsafasidan keng foydalanilgan. Ayni shu davrda apologetika xristianlikni asoslash va himoya qilish falsafasi sifatida vujudga kelgan.

Apologetika ortidan “cherkov otalari”ning falsafiy ta’limoti – patristika (lot. pater – ota) paydo bo‘lgan. Patristikaning eng yorqin vakili Gippon (SHimoliy Afrika)dagi episkop Avliyo Avgustin (354-430)dir. U o‘rta asrlar falsafasiga, shuningdek falsafiy ijodning keyingi davrlardagi ko‘pgina vakillariga kuchli ta’sir ko‘rsatgan.

XI asrda sxolastik falsafa doirasida nominalizm va realizm o‘rtasida kurash avj olgan. Dastavval: “Xudo bir, lekin siymolarda uchta: Xudo-ota, Xudo-o‘g‘il va Xudo-muqaddas ruh, degan fikrni qanday tushunish kerak?”, degan sof sxolastik savol o‘rtaga tashlangan. Ammo bu savol atrofida avj olgan bahs-munozara uning chegarasidan chetga chiqqan va tom ma’noda falsafiy xususiyat kasb etgan: amalda yakkalik va umumiylik dialektikasining muhokamasiga aylangan.

Xristian dini aqidalarini xalq ommasiga singdirish, ularni ana shu qarashlarning haqiqat ekanligiga ishontirish, rasmiy davlat boshqaruvi tizimini ham unga moslashtirish, hattoki hokimiyatni unga bo‘ysundirish ko‘p jihatdan xristian nazariyotchilarining ijodi va faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan.

Avgustin (354-430) antik davrni xristianlik bilan bog‘lagan dastlabki buyuk teologlardan biri edi. SHuning uchun Avgustinda yangi xristiancha tasavvurlar: “markazdagi inson”, tarixning chiziqli rivojlanishi, yo‘qdan borliqni yaratgan jonlantirilgan Xudoni ko‘ramiz. Ammo Avgustinda bu tasavvurlar antik faylasuflar tilida ifodalanadi.

Bir tomondan, hamma narsalar inson atrofida markazlashadi, zotan Xudo hamma narsani inson uchun yaratgan va Xudo o‘ziga o‘xshatib yaratgan, eng ulug‘ mavjudod hisoblangan inson panoh izlaydi. Avgustin har bir kishining ichida Xudo va Iblis o‘rtasida kurash boradi, deb hisoblaydi. Avgustin bunday kurashni tarixiy darajada Xudo shaxri va Zamin shaxri o‘rtasidagi qarama-qarshilik shaklida ham ko‘radi. Har bir individual hayot panoh va gunoh uchun kurash maydoni bo‘lgani singari, tarix ham ezgulik va gunoh “podsholigi” o‘rtasidagi kurash maydoni hisoblanadi.

Avgustinning Xudo shaxri va Zamin shaxri haqidagi ta’limoti siyosiy nazariya darajasida rivojlanmagan, zotan u siyosatchidan ko‘ra ko‘proq teolog sifatida fikr yuritadi. U siyosiy g‘oyalarni qanday aktuallashtirish mumkinligiga unchalik qiziqmaydi.

Foma Akvinskiy (1225-1274) katolik teologiyani yaratgan va sxolastikani tizimga solgan mutafakkir sifatida e’tirof etiladi. Uning eng mashhur asarlari: “Teologiya yig‘indisi”, “Falsafa yig‘indisi”, “Ma’jusiylarga qarshi yig‘indi”. Ularda muallif asosan Aristotel asarlariga tayanadi. Foma Akvinskiy Aristotel ijodi bilan SHarqqa salb yurishi chog‘ida tanishadi.

U shaxs –“oqilona tabiatdagi eng olijanob” hodisa, deb hisoblagan. Uning fikricha, shaxs aql-zakovat, sezgilar va iroda bilan tavsiflanadi. Aql-zakovat irodadan ustun turadi. Ammo Xudoni bilishni Foma Akvinskiy Xudoga bo‘lgan muhabbatdan keyingi o‘ringa qo‘yadi, ya’ni sezgilar, agar ular oddiy narsalarga emas, balki Xudoga qaratilgan bo‘lsa, aqldan ustun bo‘lishi mumkin.

Foma Akvinskiy o‘zining “Podsholar boshqaruvi haqida” asarida insonga avvalo ijtimoiy mavjudot sifatida, davlatga esa xalq farovonligi haqida g‘amxo‘rlik qiluvchi tashkilot sifatida yondashadi. Hokimiyatning mohiyatini u axloq, xususan yaxshilik va adolat bilan bog‘laydi va hatto xalqning adolatsiz podsholarga qarshi bosh ko‘tarish huquqi to‘g‘risida so‘z yuritadi.

Foma Akvinskiy ikki qonun: Xudo odamlar ongi va qalbiga joylagan “tabiiy qonun” va cherkovning davlat va fuqarolik jamiyatidan ustunligini belgilovchi “ilohiy qonun” haqidagi muammoni ham muhokamaga kiritadi. Uning fikricha, dunyoviy hayot bo‘lg‘usi ma’naviy hayotga tayyorgarlikdir. Podshoning hokimiyati oliy – ma’naviy hokimiyatga bo‘ysunishi lozim. Bu hokimiyatni osmonda – Iso Masih, Yerda – Rim Papasi boshqaradi. Foma Akvinskiy siyosiy hokimiyat shakllarini muhokama qilar ekan, Aristotel kabi monarxiyani afzal ko‘radi.

Foma Akvinskiy falsafasi XIV asrdan boshlab dominikan sxolastlarining bayrog‘iga aylandi, XVI asrdan e’tiboran iezuitlar tomonidan targ‘ib qilina boshladi. Iezuitlarning mafkurachilari Foma Akvinskiy falsafiy tizimini sharhladi va takomillashtirdi. XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab uning ta’limoti hozirgi zamon falsafiy tafakkurining qudratli oqimlaridan biri sanalgan neotomizm negiziga aylandi.

O‘rta asrlar G‘arb ijtimoiy-flsafiy g‘oyalari xristian teologiyasi yo‘nalishida shakllangan bo‘lsa, SHarqda, hususan Movarounnahr zaminidan etishib chiqqan faylasuflarning ijtimoiy-falsafiy qarashlarida Antik davr faylasuflarining (Aflotun, Arastu) ta’limotlari ta’sirida ratsionalistik yo‘nalish ustuvor bo‘ldi.



Al Forobiy (870-950) - Bizning buyuk ajdodimiz bo‘lgan Forobiy o‘zining ijtimoiy-falsafiy va siyosiy-falsafiy qarashlarida adolat g‘oyasiga keng e’tibor bergan. Uning adolat masalasi bilan bog‘liq ijtimoiy-siyosiy va huquqiy mavzudagi me’rosi juda boy bo‘lib, u o‘zining bir qator asarlarini ana shu muhim ijtimoiy masalalarga bag‘ishlagan. Mutafakkirning jamiyat, davlat, huquqiy, siyosat, adolat haqidagi g‘oyalari va qarashlari uning “Baxt-saodatga erishuv yo‘llari haqida risola”, “Urush va tinch turmush haqida kitob”, “Jamiyatni o‘rganish haqida kitob”, “Davlat arbobining hikmatlari”, “Ilmlarni tasniflash va ular tartibi haqida kitob”, “Fozil shahar aholisining maslagi haqida kitob”, “Fozil, johil, fosiq, o‘zgartirilgan va adashganlar shaharlar haqida kitob”, “Shaharlar xususida siyosat yuritish”, “Siyosat haqida to‘plamlarning qisqacha kitobi” kabi asarlarida o‘zining chuqur ifodasini topgan.

Forobiy asosiy e’tiborni jamiyat, davlat va huquq masalalarining, jumladan adolat masalasining nazariy va umumfalsafiy asoslarini aniqlash va tushuntirishga qaratgan. U o‘z asarlarida jamiyat va shahar-davlatning vujudga kelishi, uning shakllari, davlat arbobining vazifasi, unga qo‘yiladigan asosiy talablar, davlatni idora etish usullari haqidagi teran huquqiy-siyosiy qarashlarini bayon etgan, shaharlar, jamoalar va shahar uyushmalarini tasniflab bergan.

Forobiy shaharlarni tasniflashda o‘ziga xos tarzda yondoshgan. U shaharlarni johil, jamoaviy va fozil shaharlarga bo‘lgan. O‘z navbatida, johil shaharlarning quyidagi tularini farqlagan:


  • zaruriy ehtiyojlar shahri;

  • ayirboshlovchilar shahri;

  • razolat (tubanlik) va badbaxtlik shahri;

  • amalparastlar va hokimiyatparastlar shahri;

  • shahvatparastlar shahri.

Bu borada mutafakkir shaharlarni tasniflashda ham psixologik, ham ijtimoiy-siyosiy omillarni nazarda tutgan. Eng muhimi shaharlar boshqaruvida axloqiy fazilatlar va adolat tamoyillari ustuvor bo‘lmog‘i lozim, deb hisoblagan.

Forobiy kishilik jamiyati va adolat haqidagi ta’limotini, Aflotun kabi, o‘z falsafasi bilan chambarchas bog‘liq holda yaratgan. Aflotunning davlat va huquq masalalariga bag‘ishlangan asarlariga xos umumiy jihat, Forobiy fikricha, ularning ilmiy tadqiqot uchun zarur bo‘lgan umumiy metodologik prinsiplaridan boshlanishidir. Masalan, Forobiyning “Fozil shahar aholisining maslagi” asarida insoniyat jamiyati va inson taraqqiyotidan avvalgi dunyoning metafizik manzarasi bayon etiladi. Buning boisi shundaki, Forobiy insonlar jamoasi tuzilishining koinotning tuzilishi bilan bog‘lagan. Uning fikricha, insonlar jamiyati ham tepasida Birlamchi Vujud turgan koinot singari bir-biridan kelib chiquvchi bosqichlar asosida rivojlanadi. Birlamchi Vujuddan keluvchi kuch, bir qancha bosqichlardan o‘tib, oy ostidagi dunyoga tushadi va unga insoniyat jamiyati shaklidagi tartib va intizom bag‘ishlaydi.

Shunday qilib, Forobiy insonlar jamiyatning mohiyatini tushuntirish uchun falsafiy asos sifatida ob’ektiv idealizmdan foydalangan. Uning fikricha, koinotdagi hodisalarning sababiy aloqadorligi oltita asos negizida amal qiladi: Birinchi sabab, ikkilamchi sabablar, faol aql, ruh, shakl va materiya. Dastlabki uch asos oy ustidagi dunyoga joylashgan bo‘lib abadiydir. Keyingi uch asos esa doimiy ravishda paydo bo‘lish, rivojlanish va barham topish jarayoni kechib turuvchi oy ustidagi dunyoda joylashgan. Rivojlanish quyidan yuqoriga, kamroq rivojlangandan ko‘proq rivojlanganga tomon yuz beradi. Oy ostidagi dunyoning cho‘qqisida “boshqa hech bir mavjudot ustun bo‘la olmaydigan aqlli jonzot” turadi18.

Ko‘rib turganimizdek, Forobiy inson ham aqlli mavjudot sifatida tarkibga kiruvchi oy ostidagi dunyoning rivojlanish g‘oyasini e’tirof etgan. Har qanday aqlli jonzot singari insonga ham ob’ektiv ravishda o‘ziga o‘xshashlar bilan birlashishga intilish xos. Buning sababini Forobiy insonning yashash uchun zarur vositalarni bir o‘zi yarata olmasligida ko‘radi.

Forobiy odamlar birlashishining sababi haqida fikrlar ekan, ikkita muhim sharoitni alohida ta’kidlaydi: birinchidan, har bir kishi boshqa bir kishiga ehtiyoj sezar ekan, ular bir xil mavqega egadirlar; ikkinchidan, jamiyatga birlashgan barcha kishilarning faoliyati har bir shaxsning ehtiyojlarini qondirib, komilikka erishish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Demak, mutafakkir fikricha, insonlar jamiyati paydo bo‘lganidan boshlab, insonparvarlik va adolat maqsadiga intiladi. Bunday qarash insonlar birlashmasining yuksak shakli bo‘lgan fozil shaharlar yuzaga kelishining muhim falsafiy asosidir.

Forobiy turli xil nazariyalarga (zo‘rlik nazariyasi, abadiy adovat nazariyasi va hokazo) o‘z konsepsiyasini qarshi qo‘ygan. U insonlar jamiyatining paydo bo‘lishini va adolat g‘oyasini anglanishini o‘ziga xos talqinda bayon etadi: “Har bir inson o‘z tabiati bilan shunday tuzilganki, - deb yozgan alloma, - u yashash va oliy darajadagi etuklikka erishmoq uchun ko‘p narsalarga muhtoj bo‘ladi, u bir o‘zi bunday narsalarni qo‘lga kirita olmaydi, ularga ega bo‘lish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tug‘iladi.

Shu sababli yashash uchun zarur bo‘lgan, kishilarni bir-biriga etkazib beruvchi va o‘zaro yordamlashuvchi ko‘p kishilarning birlashuvi orqaligina odam o‘z tabiati intilgan etuklikka erishuvi mumkin. Bunday jamoa a’zolarining faoliyati bir butun holda ularning har biriga yashash va etuklikka erishuv uchun inson zoti ko‘paydi va erning aholi yashaydigan qismiga o‘rnashdi”19.

Bundan shunday xulosaga kelish mumkinki, odamlar avval boshdanoq siyosiy hokimiyatga va adolatli tartibga ehtiyoj sezadilar va uni tashkil etadilar. Forobiyning ushbu g‘oyasi Aflotunning “Davlat” asaridagi g‘oyalari bilan mos keladi. Ayni paytda Forobiyning siyosiy qarashlari Aflotunning “davlat” va “jamiyat” tushunchalarini aynanlashtiruvchi qarashlaridan farq qiladi.

Forobiy jamiyatlarni bir necha turga bo‘lgan. Ushbu tasnif uchun kishilar uyushmalarining miqyosi asos qilib olingan. Shunga ko‘ra, u kishilik jamiyatini to‘la va to‘la bo‘lmagan shakllarga ajratgan. To‘la jamiyatlarni esa u quyidagicha tasniflagan: 1) er yuzida yashovchi barcha kishilar jamoalarining yig‘indisi bo‘lmish buyuk jamiyat; 2) bir xalqning birlashmasidan iborat o‘rtacha jamiyat hamda 3) shaharda ifodalangan kichik jamiyat. Shahar adolatli va komil jamiyatning birinchi bosqichi bo‘lib, u yoki bu xalq yashaydigan joyning muayyan qismida joylashgan.

Allomaning fikricha, to‘la bo‘lmagan jamiyat shaharning alohida qismi bo‘lib, quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi: a) o‘z aholisiga ega bo‘lgan qishloq, u hududiga ko‘ra shaharga kirmaydi, ammo shaharga xizmat ko‘rsatganligi uchun uning qismi hisoblanadi; b) shahar mavzesi; v) ko‘cha; g) uy.

Kishilik jamiyatining bunday tasniflash bir qancha xulosalarga olib keladi.

Birinchidan, Forobiy o‘zining falsafiy tizimiga asoslanib, insoniyatni bir butunlik (buyuk jamiyat) sifatida qaraydi. Butun insoniyatni yaxlit birlikka birlashtirish – mutafakkirning ideali. Insoniyat sinfiy, siyosiy va diniy ziddiyatlar oqibatida doimiy urushlar tufayli turli guruhlarga bo‘linib ketgan davrda bunday g‘oyaga ega bo‘lish allomaning insonparvarligi optimizmidan dalolat beradi. Forobiy mavjud davlatlarning butun kamchiliklarini, ular o‘rtasidagi dushmanlarcha munosabatni, aniq-ravshan ko‘rgan, ammo, shunga qaramay, insoniyat baxt uchun yaralganligiga ishongan.

Ikkinchidan, mazkur tasnifdagi zamondagi shaharlar va ularning ayrim qismlari qanday huquqiy mavqeda bo‘lganligi aks ettirilgan. Forobiy qishloq o‘z hududi bo‘yicha shaharga kirmasa-da, uni aholisi bilan birga shaharga kiritgan.

Shaharlarning ichki tuzilishi ham o‘ziga xos bo‘lgan. Har bir shahardagi erning o‘z boshlig‘i (raisi) va oqsoqoli bo‘lgan. Mustaqil jamoaning vakili bo‘lgan va qonunlarni mustaqil ravishda amalga oshiradigan va adolatni ta’minlaydigan muxtasib alohida mavqega ega bo‘lgan. Keyinroq muxtasiblarni mavqei yanada oshgan. Forobiy xonadonni jamiyatning eng kichik hujayrasi deb biladi. SHariat mamlakat miqyosida adolat me’yorlarini qaror toptirishga manba bo‘lish bilan birga, xonadonning o‘ziga xos kichik jamiyatga aylanishi uchun sharoit yaratib, oila va nikoh munosabatlarini har tomonlama tartib solgan.

Uchinchidan, Forobiy bergan jamiyatlar tasnifiga o‘sha vaqtda mavjud bo‘lgan odamlar uyushmalarining kelib chiqishiga doir nazariyalar muayyan darajada ta’sir ko‘rsatgan. “Fozil shahar aholisining maslagi” risolasida Forobiy ushbu qarashlarni o‘ziga xos tarzda tasvirlab beradi va ularga bo‘lgan munosabatini bildiradi. U abadiy urush, zo‘rlik nazariyalarini va adolatsizlikni “insoniyatga nisbatan hayvoniy qarash” sifatida rad etadi20.

Forobiyning shahar-davlati tabiiy muloqotning eng yaxshi modeli bo‘lib, ushbu muloqot doirasida inson eng adolatli va o‘ziga mos turmush tarziga erishishi mumkin.

Fozillar va johillar shaharlarini ta’riflashda Forobiy qadimgi yunon mualliflarining “politiya” tushunchasidan foydalanadi. Ammo Forobiy Arastuning davlatlarni boshqaruvchilar soni va davlat maqsadiga (umumiy manfaatlar va shaxsiy manfaatlar) hamda shu munosabat bilan to‘g‘ri (monarxiya, aristokratiya) va noto‘g‘ri (jabr-zulm, oligarxiya, demokratiya) turlarga bo‘lishidan foydalanmaydi. U hatto ushbu tasnifni eslatib ham o‘tmaydi.

Buning sababi antik va o‘rta asrlar siyosiy fikrining davlat tabiatini tushunishga turlicha metodologik yondashuv bilan bog‘liqdir. Antik siyosiy tafakkur davlatni uyushgan fuqarolarning teng huquqlilar o‘rtasida tartibga saqlash va qullar, qaramlarni itoatda tutib turish uchun xizmat qiladigan hokimiyat, deb tushunadi. Forobiy esa adolatli davlatni bosqichlar va darajalarga bo‘linadigan aholining jamoasi deb biladi; shahar hayotining bosh prinsipi – hukmron ijtimoiy guruhlarning qat’iy tartibga solingan mavqeiga muvofiq tarzda belgilangan tartibdir.

Arab sharqida davlatlarni tuzilish shakli bo‘yicha turlarga bo‘lishning xojati bo‘lmagan, chunki o‘ziga xossiyosiy tuzumga, korporativ-tabaqaviy manfaatlarning hukmronligiga, diniy va dunyoviy rahbarlarning muqarrar obro‘siga asoslangan va qonunlari bo‘lmagan teokratik monarxiya – davlatning hukmron shakli bo‘lgan. Bunday sharoitda ko‘p narsa, jumladan adolat masalasi hokimlar va ularning joylardagi vakillarga, uyoki bu turmush tarzining barqarorligiga hamda hukmron mafkura va davlatning siyosiy tuzumiga bog‘liq bo‘lgan. Forobiy va undan keyingi Sharq arab-musulmon faylasuflari donishmand, aqlli hokimlarga umid qilganlar, hukmron reaksion tuzumlarga fozil shaharlar va jamiyatlardagi adolatli t artibni qarama-qarshi qo‘yganlar. Ular siyosiy-falsafiy ta’limotlarida inqilobiy fikrlarni ishlab chiqishga emas, balki o‘zlarida mavjud bo‘lgan tuzumni adolat mezonlari asosida takomillashtirishga harakat qilganlar.

Siyosiy mutaqakkir sifatida Forobiyning taraqqiyparvarligi mavhum metafizik gumanizm doirasidan chiqmagan. U hukmron monarxiyadan bo‘lak ijtimoiy-siyosiy tuzumni ko‘rmagan va bu uning fozil shahar haqidagi konsepsiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Biroq uning asarlarida adolatsizlik, jabr-zulm, harbiy-byurokratik, mustabid tuzumlarning hukmronligi qoralanadi, jamoa shahri va erkin kishilar shahridagi erkin kishilarni tasvirlaganda demokratik tartiblarni xush ko‘rish kurtaklari ko‘rinadi.

Forobiyning demokratik va mustabid politiyalarga, ya’ni ikki qarama-qarshi davlat shakllariga qarashlari uning huquqiy ideallarini aniqlash imkonini beradi.

O‘rta asrlar mutafakkirlarining siyosiy-huquqiy qarashlarida antik huquqiy terminlardan farq qiluvchi siyosiy-huquqiy terminlar ishlatilgan. Forobiy o‘zining so‘nggi risolasida antik huquqiy terminlardan faqat bittasini, ya’ni politiya tushunchasini ishlatgan. Jumladan, Forobiy “Davlat arbobining hikmatlari” asarida shunday deb yozadi: “Politiya mutlaq ma’noda barcha politiyalar uchun tur tushuncha emas, balki unga mos keladigan, ammo mohiyati va tabiati bo‘yicha bir-biridan farq qiladigan ko‘plab narsalar uchun umumiy nomdir”21. U o‘z fikrlariga aniqlik kiritib, fozil, ya’ni adolatli politiyalar va ko‘plab turdagi adolatsiz – johil politiyalar mavjudligini, qadimgi qonunlar “faqat shu johil politiyalar uchun qonunlar chiqarganligini” ta’kidlaydi. U, shuningdek: “ayrim politiyalarning tabiatini bilib olgan kishi maqsadga erishishni hamda mavjud politiyani va uni tashkil etuvchi tarkibiy qismlarni bilib oladi, u to‘g‘rida unda uchratadigan narsalar asosida va (politiyalarning) ayrim oddiy shakllari tabiati haqidagi bilimlari asosida xulosa qila oladi”, - deb yozgan22. Bu bilan Forobiy turli-tuman davlat shakllari uchun xos bo‘lgan umumiy jihatlar mavjudligini ta’kidlagan. Ana shu umumiy jihatlarni bilish politiyani o‘rganayotgan kishiga adolatli fozil politiyalarni va undan farq qiluvchi boshqa politiyalarni hamda ularning turlarini ajratish imkonini beradi.

Forobiy davlat rejimini – boshqaruv usullari, fuqaroning oqilona yashashi, politiyaning tabiatini aniqlash uchun real sharoitni tasvirlashga katta e’tibor beradi. Mutafakkir politiyani fuqarolarning, u yoki bu hayoti uchun zarur bo‘lgan sharoit, deb tushunadi. Uning fikricha, fuqarolar muayyan politiyaga turlicha munosabatda bo‘lishlari mumkin, faqat faylasuflar, ya’ni tajribaga ega bo‘lgan va fuqarolik ilmlaridan xabardor kishilargina fozil politiyalarning belgilarini ko‘rsatishlari mumkin.



Ayrim fuqarolar kabi ijtimoiy guruhlar ham mavjud muayyan politiyalarga har xil munoosabatda bo‘lishlari mumkin. Ular agar ba’zi politiyalar juda yomon bo‘lsa, o‘zlari uchun foyda oladilar, boshqalarga kamroq zarar keltirib, ayrim kishilarga katta foyda keltiradilar. Har xil turmush tarziga ega bo‘lgan ko‘p odamlar esa baxtsiz bo‘lib, buni o‘zlari ham bilmaydilar, chunki ular mavjud siyosiy tuzumdan qoniqadilar.

Yüklə 6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə