O’zbеkistоn rеspublikasi хalq ta’limi vazirligi jizzaх davlat pеdagоgika instituti



Yüklə 6 Mb.
səhifə17/80
tarix22.05.2018
ölçüsü6 Mb.
#45438
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   80

Demak, falsafa tomonidan asoslangan umumfalsafiy qonunlarga tayanib, ijtimoiy falsafa, ijtimoiy jarayonlarga aloqador qonunlarni tadqiq etadi. Shuningdek, umumfalsafiy qonunlarning ijtimoiy hayotda qanday namoyon bo‘lishini asoslaydi.

Ijtimoiy falsafaning yana bir hususiyati shuki, u jamiyatni tadqiq etish bilan birga, jamiyat to‘g‘risidagi fanlarning yutuqlariga tayangan holda ijtimoiy-falsafiy dunyoqarashni shakllantirishga alohida e’tibor beradi. Ijtimoiy falsafaning bilish tushunchalari(jamiyat, ijtimoiy borliq, ijtimoiy munosabat, ijtimoiy taraqqiyot, industrial jamiyat, postindustrial jamiyat, xalq, millat, shaxs va h.k.) hayotda ko‘p qo‘llaniladigan tushunchalardir. Har bir ijtimoiy fan albatta bu tushunchalardan o‘zining o‘rganish predmetini tavsiflashda foydalanadi.

Ijtimoiy falsafa tushunchalari umumbashariyligi va teran mazmundorligi bilan ajralib turadi. Ijtimoiy falsafa barcha ijtimoiy va gumanitar fanlarga, xususan, sotsiologiyaga yo‘nalish beradigan metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi. Ijtimoiy falsafa ijtimoiy fan vakillarining e’tiborini ijtimoiy organizmning normal faoliyat ko‘rsatishida har bir a’zo (element) ning qanday rol o‘ynashiga, ijtimoiy taraqqiyotning bosh maqsadi nimadan iborat ekanligiga qaratadi.

Sotsiologik tushunchalar esa konkret va ilmiyligi bilan ajralib turadi. Chunonchi, sotsiologik tushunchalar(sotsial struktura, sotsial strafikatsiya, ijtimoiy harakat, ijtimoiy rol, ijtimoiy makon, mobillik, deviant xulq-atvor, ijtimoiy jarayon, ijtimoiy birlik, ijtimoiy institut va h.o.) alohida olingan konkret jamiyat (ijtimoiy tizim)ning turli tomonlari to‘g‘risida ilmiy bilimlar beradi. Boshqacha qilib aytganda, ijtimoiy falsafa jamiyatning eng umumiy tomonlarini yaxlit holda bilishga imkon bersa, sotsiologiya konkret jamiyatning dolzarb muammolarini hal etishga, uning rivojlanish istiqbollarini oldindan ko‘rishga, sotsial muammolarni oqilona hal etishga imkon beradi.

Agar sotsiologiya fan sifatida amaliy vazifalarni hal etishni o‘z oldiga maqsal qilib qo‘ysa, ijtimoiy falsafa dunyoqarash ahamiyatiga ega bo‘lgan muammolarni hal etishni, “umuman jamiyat nima?”, “jamiyat taraqqiyotining asosini nima tashkil etadi?” singari savollarga javob berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi.Ijtimoiy falsafa va sotsiologiyaning o‘zaro munosabati umumiylik va alohidalikning o‘zaro munosabati singaridir.

Rus faylasufi S.V.Sokolov ijtimoiy falsafa va sotsiologiya o‘rtasidagi farqni quyidagicha ifodalaydi: “sotsiologiya ijtimoiy institutlarni o‘rgansa, ijtimoiy falsafa esa bazis va ustqurmani tadqiq etadi”10. Masalan, umumiy sotsiologiya jamiyatni ijtimoiy tizim sifatida o‘rganadi, uningcha undan umumiyroq bo‘lgan qandaydir tizim mavjud emas. Lekin bu tizim turli-tuman kichik tizimlardan: ijtimoiy guruhlar, birlashmalar, korporatsiyalar, hududiy birlashmalar, institutlar va boshqalardan tashkil topgan11. Sotsiologiya asosiy e’tiborni ijtimoiy tizimning ana shu elemenlariga qaratadi. Ularning jamiyatdagi konkret o‘rnini tahlil qiladi. Ijtimoiy falsafa uchun boshqacha xususiyat hos. Ya’ni u hususiy elementlardan umumiy tizimga hos bo‘lgan jihatlarni, qonuniyatlarni aniqlash pozitsiyasida turadi.

Ijtimoiy falsafa va sotsiologiya o‘rtasidagi muayyan farqlarni quyidagi jadval asosida ifodalash mumkin:




Ijtimoiy falsafa

Sotsiologiya

inson tabiati

ijtimoiy fe’l-atvor

inson omili

ijtimoiy mavqe, ijtimoiy rol

ijtimoiy ong

ijtimoiy fikr

ijtimoiy beqarorlik

deviant hulq-atvor

Yuqorida keltirilgan har ikki fan tomonidan eng ko‘p qo‘llaniladigan tushunchalar nisbiy taalluqlilikka ega. Sotsiologiya fani ijtimoiy falsafa kategoriyalaridan o‘zi o‘rganayotgan ijtimoiy ob’ektni keng planda, to‘laroq tavsiflashda foydalanadi. O‘z navbatida ijtimoiy falsafa ham o‘rganilayotgan masalaning muayyan detallarini aniqlashda, yoki konkret hodisalarda yashiringan umumiylikka aloqador qonuniyatlarni aniqlashda sotsiologiyaning kategoriyalariga murojaat qilishi mumkin. Sotsiologiya fani o‘rganadigan masala hamma vaqt ijtimoiy falsafa predmetidan ko‘ra makon va zamonda ko‘proq chegaralanganligi bilan harakterlanadi. Masalan, faylasuf ijtimoiy o‘zgarishlar sababini ijtimoiy ongdan qidirsa, sotsiolog esa muayyan guruhning yoki jamoatchilikning fikriga o‘z e’tiborini qaratadi. Yoki ijtimoiy muhitning insonga ta’siri masalasida faylasuf asosiy e’tiborni muayyan sivilizatsiya, formatsiya yoki ijtimoiy-siyosiy tuzumga qaratsa, sotsiolog esa asosan aniq bir jamiyatning holati, jamoadagi ijtimoiy ahvolga, uning shaxs fe’l-atvoriga ta’siridan qidiradi.

Har bir alohidalikda umumiylik va o‘ziga xoslik bor. Ijtimoiy falsafa o‘zining butun e’tiborini alohidalikdagi umumiylikka qaratadi. Har bir xalq, mamlakat yoki konkret jamiyat taraqqiyoti qanchalar noyob, o‘ziga xos va betakror bo‘lishiga qaramay o‘zida umumbashariylik, umumiylikning muhim belgilarini mujassamlashtiradi. Ana shu umumiy jihatlar qanchalik to‘laroq, yaqqolroq namoyon bo‘lishi bilan yaxlit jahon hamjamiyatining shakllanishi, umumiy tinchlik va totuvlikning qaror topishi uchun qulay imkoniyatlar vujudga kela boshlaydi.

Shuningdek, ijtimoiy falsafa tarix fani bilan ham uzviy aloqadorlikka ega. Tarix fani jamiyat “avtobiografiyasini”, uning o‘tmishini, konkret tarixiy jarayonlarni tadqiq etadi. Ammo tarixiy jarayonlar silsilasidagi umumiy qonuniyatlarni aniqlashni o‘z oldiga maqsad qilmaydi. Ijtimoiy falsafa tarix fani to‘plagan ma’lumotlarni analiz, sintez, umumlashtirish, mavhumlashtirish yo‘li bilan jamiyat taraqqiyotining sabab-oqibat ko‘rinishidagi qonuniyatlarini, ijtimoiy taraqqiyotning umumiy yo‘nalishini aniqlashga harakat qiladi.

Ijtimoiy falsafaning siyosatshunoslik fani bilan aloqadorligi shunda ko‘rinadiki, siyosatshunoslik uchun siyosat, siyosiy hokimiyat va uning amal qilishi, davlat, siyosiy tizim kabi tushunchalar asosida siyosiy boshqaruv masalalarini tadqiq qiladi, ijtimoiy falsafa bu masalalarga ijtimoiy munosabatlarning, ijtimoiy strukturaning bir qismi sifatida yondashadi. Siyosatshunoslik fani aniqlab bergan siyosiy jarayonlarda amal qiladigan qonuniyatlarning umumijtimoiy qonuniyatlar bilan aloqadorligini aniqlash ijtimoiy falsafa uchun muhim hisoblanadi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, barcha ijtimoiy masalalarni tadqiq qiluvchi fanlar ma’lum ma’noda ijtimoiy-falsafiylashgandir. Ular o‘rganilayotgan har bir jarayonni avvalo umumijtimoiy o‘rni va ahamiyatini ko‘rsatishga harakat qiladi. Buni ijtimoiy falsafaning har bir alohida ijtimoiy fanga ma’lum ma’nodagi metodologik ta’siri deyish mumkin.



Ijtimoiy falsafaning tushunchalari va asosiy tamoyillari. Ijtimoiy-falsafa jamiyatni tadqiq etishda ma’lum tushunchalar tizimiga tayanadi. Ijtimoiy falsafa tarixida ishlab chiqilgan ko‘pgina yalpi tushunchalarda ijtimoiy hayotning eng umumiy aloqadorliklari va xususiyatlari ifodalangan. Bular ijtimoiy voqelikning inson ongida aks etganligi natijasi va fikrlash faoliyati vositalaridir.

Ijtimoiy falsafaning asosiy tushunchalari tasnifi zaminiga jamiyatni falsafiy tushunishning asosiy tamoyillari qo‘yilmog‘i lozim. “Jamiyat”, “ijtimoiy munosabat”, “ijtimoiy aloqa”, ”ijtimoiy ong”, “ijtimoiy ishlab chiqarish”, “ijtimoiy jarayon”, “ob’ektiv ijtimoiy shart-sharoit”, “ijtimoiy taraqqiyot”, “sub’ektiv omil”, “tarixiy qonuniyat”, “sivilizatsiya”, “madaniyat”, “qadriyat”, “ehtiyoj”, “manfaat”, “shaxs”, “oila”, “ijtimoiy turmush”, “ijtimoiy bilish”, “ijtimoiy bashorat” va hokazo tushunchalar jamiyatni yaxlit ijtimoiy tizim sifatida ifodalaydi.

Faoliyatlilik tamoyiliga ko‘ra ishlab chiqilgan tushunchalar jamiyatning iqtisodiyoti, ma’naviy va siyosiy sohalariga tegishli bo‘ladi. Xususan, iqtisodiyot sohasi tushunchalariga “iqtisodiy ishlab chiqarish”, “iqtisodiy taqsimot”, “mehnat”, “mehnat taqsimoti”,“mulk”, “iste’mol”, “texnika”, “texnologiya” singari kategoriyalar kirsa, “ijtimoiy ong”, “fan”, “ma’rifat”, “e’tiqod”, “mafkura” va hokazolar ma’naviysoha tushunchalaridir. Siyosiy soha tushunchalari esa o‘zichiga “siyosat”, “hokimiyat”, “siyosiy hokimiyat”, “davlat”, “siyosiy tashkilot”, “boshqaruv”, “demokratiya”, “diktatura” va hokazolarni oladi.Ijtimoiy sohasiga oid tushunchalar sirasiga “ijtimoiy sinf”, “millat”, “elat”, “ijtimoiy qatlam”, “ijtimoiy guruh” va h.k.

Ijtimoiy falsafaning muayyan soha bilan chegaralanmagan universal tushunchalari ham mavjud bo‘lib, bularga: “jamiyat”, “ijtimoiy munosabat”, “inson”, “shaxs”, “ijtimoiy taraqqiyot”, “sub’ekt”, “harakatlantiruvchi kuch”, “omil” va boshqalar. Bu tushunchalar jamiyatning barcha sohalaridagi jarayonlarni tadqiq etishda fundamental ahamiyat kasb etadi.

Falsafiy tamoyillar nuqtai nazaridan ishlab chiqilgan tushunchalarning chegarasi doimiy emas. Tushunchalarni har qancha darajada ma’lum tartibotlarga keltirishga urinilmasin, ular o‘rtasidagi me’yor hamishashartlidir. Chunki ularda aks etadigan ijtimoiy borliq hodisalari, voqealari va jarayonlari doimo o‘zarota’sirda bo‘lib, bu chegarani o‘zgartirib turadi.

Ijtimoiy falsafaning markaziy bosh tushunchasi, bu – “jamiyat” va “ijtimoiy munosabat” tushunchalaridir. Boshqa har bir tushunchalar mana shu tushunchalar bilan bevosita integrallashadi. “Jamiyat” ko‘p qirrali tushunchadir. Zero, jamiyatga sifat muayyanligiga ega bo‘lgan yaxlitliktarzida qarash har qanday talqinning markazida turadi. Yuzaki qaragandagina jamiyat uni tashkil etgan kishilarning oddiy yig‘indisiday ko‘rinadi. Lekin chuqurroq qaralsa, unda kishilarning bir-biri bilanamalga oshirayotgan ko‘pdan-ko‘p munosabatlari mavjudligi, bu munosabatlar o‘zaro taqozalanganligi,o‘zaro ta’sirda ekanligi ma’lum bo‘ladi. Qat’iyma’noda kishilarning borlig‘i ularning munosabatlari orqali ta’minlanadi. Bular jamiyatda sodir bo‘layotgani tufayli doimo ijtimoiy tabiatga egadir,binobarin, ular ijtimoiy munosabatlardir.

Ijtimoiy munosabatlar birlikda olinganida ijtimoiy borliqning aniq tarixiy shaklini ifodalaydi. Ijtimoiy borliqning mazmuni esa kishilarhayoti jarayonlaridan iboratdir. Bu jarayonlarningasosiy tomonini jamiyat moddiy, ma’naviy hayoti tashkiletadi. Ularning boshqa tomoni esa ana shu moddiy vama’naviy hayotini ta’minlash usulining mavjudligi vaharakatini ifodalaydigan ijtimoiy jarayonlardir.Bularning mazmuni jamiyat a’zolarining amaliy munosabatlari yig‘indisidan iborat bo‘ladi. Shu sababdan ham “jamiyat” va “ijtimoiy munosabatlar” tushunchalari ijtimoiy falsafaning barcha kategoriyalarini koordinatsiya qiluvchi muhim tushunchalar hisoblanadi.

Shuningdek, Ijtimoiy falsafa jamiyatda ro‘y beradigan hodisa va jarayonlarni tahlil qilishda quyidagi tamoyillarga tayanadi:



Ob’ektivlik tamoyili – ijtimoiy voqellikni mavjud ijtimoiy-siyosiy tuzum mafkurasidan, muayyan sinfga mansublikdan kelib chiqadigan dunyoqarash hamda hayotiy mo‘ljjallardan holi tarzda, ilmiy asosda o‘rganish.

Bir butunlik (tizimlilik) tamoyili - jamiyatga yaxlit va bir butun tizim sifatida yondashish. Ijtimoiy jarayonlar nechog‘lik hilma-xil ko‘rinishga ega bo‘lmasin, ular alohida fragmentar hodisalar emas, balki bir butun bo‘lgan jamiyat bag‘rida o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq va aloqador bo‘lgan jarayonlar yahlitligi sifatida qarash lozim. Zero, har qanday ijtimoiy hodisa yakka holda vujudga kelmaydi yoki mavjud bo‘lmaydi. Hoh u jamiyatning siyosiy hayotiga oid bo‘lsin, hoh sotsial yoki manaviy hayotiga hos voqelik bo‘ladimi, baribir u ijtimoiy organizmning butun tizimiga dahldordir;

Tarixiylik tamoyili - bunda jamiyat hayotida ro‘y beradigan hodisa va jarayonlar doimiy o‘zgarish va rivojlanishda deb qaraladi.Har bir ijtimoiy hodisa tarixiy genezisga va evolyusiyaga ega. Ularning mavjud bo‘lishi yoki muayyan mohiyatga ega bo‘lishi tarixiy shart-sharoitlar bilan bog‘liq. Demak, masalan biz o‘tmishdagi biror ijtimoiy tuzumga baho bermoqchi bo‘lsak, faqat bugungi shart-sharoitlardan emas, balki o‘sha davrda mavjud bo‘lgan shart-sharoitlarni, mavjud holatni yuzaga keltirgan tarixiy omillarni ham hisobga olishimiz lozim, shuningdek, ijtimoiy hodisalarni tahlil qilishda ularni tarixiy kontekstdan sun’iy ravishda ajratib olish yaramaydi;

Mantiqiylik tamoyili – har bir ijtimoiy jarayon ob’ektiv mantiq qonunlariga bo‘ysunadi. Shuning uchun ijtimoiy ilmiy hulosalar aniqlikka, nozidlikka va asoslanganlikka tayanishi zarur. Bu ijtimoiy hodisalar va jarayonlarning rivojlanish manbaini tashkil etuvchi ziddiyatlarni aniqlash va tahlil qilish uchun ham muhim. Shuningdek, ijtimoiy falsafa hulosalari, nazariyalari yoki konsepsiyalarining qanchalik haqiqatga da’vogar bo‘lishi mantiqiy hulosa chiqarish qoidalariga qanchalik muvofiq bo‘lishiga bog‘liq;

Vorislik tamoyili - ijtimoiy hodisa va jarayonlarni tarixiy vorislik nuqtai nazaridan o‘rganish muhim. Chunki, har qanday ijtimoiy jarayonning yuzaga kelish sabablari hamda oqibatlari majud bo‘ladi. Har bir ijtimoiy hodisa vorislik qonuniga binoan keyingi hodisalarga dahldor bo‘ladi. Shunga ko‘ra bu tamoyil ijtimoiy hayotda qadriyatlarni qayta baholash hamda taraqqiyotga halaqit berayotgan konservativ, reaksion hodisa va jarayonlarni aniqlashda yordam beradi;

Ehtimollik tamoyili – ijtimoiy voqelik to‘g‘risidagi har qanday falsafiy bilim ma’lum darajada ehtimoliy hususiyatga ega deb qarash lozim. Ijtimoiy falsafa falsafiy fan bo‘lganligi va u o‘rganayotgan masalalar o‘ta umumlashtirilganligi, abstraksiya qilinganligi bois mutlaq haqiqatga da’vo qilmaydi. Har bir chiqarilgan hulosa qat’iy tarzda emas, “boshqacha bo‘lishi ham mumkin” degan nuqtai nazarga asoslanadi. Bu nisbiy harakterga ega bo‘lib, bundan ijtimoiy-falsafiy bilimlar ishonchsiz ekan, degan hulosaga kelmaslik lozim. Shu sababli ham ijtimoiy falsafa tadqiq etadigan masalalar nihoyatda bahsli bo‘lib, doim yakdil hulosalar chiqarish imkonini beravermaydi;

Insonparvarlik tamoyili – ilgari surilganhar qanday ijtimoiy-falsafiy nazariya yoki konsepsiya: u jamiyat istiqboli to‘g‘risida bo‘ladimi, ijtimoiy muammolar echimi to‘g‘risida bo‘ladimi, albatta insonparvalikka nozidlik tamoyiliga asoslanishi lozim. Bu tamoyilni ijtimoiy falsafaning bosh tamoyili deb qabul qilish maqsadga muvofiq. Zero har qanday bilim avvalo inson manfaatlarini ifoda etmog‘i, uning farovonligi hamda baxtu-iqboli uchun hizmat qilmog‘i kerak. Ammo, ijtimoiy-falsafiy g‘oyalar tarixida har doim ham bu tamoyilga to‘la amal qilinmagan. Bir muammoning ijtimoiy-falsafiy echimiga doir bir qancha nazariyalar g‘ayriinsoniy ahamiyat kasb etganligiga tarix guvoh. Masalan, hozirda ham aholining haddan tashqari ko‘payib borishi bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan muammolarning echimiga doir ko‘plab variantli nazariyalar mavjud. Ammo masala uning tez va qisqa fursatlarda echim topishida emas, balki ana shu echim inson manfaatlariga nechog‘lik mos kelishi bilan hal etilishi ijtimoiy falsafa uchun muhim jihat hisoblanadi.

Yuqoridagi tamoyillar ijtimoiy-falsafaning asosiy tadqiqot tamoyillari hisoblanib, uning boshqa tamoyillari ana shulardan kelib chiqadi. Ayni vaqtda bu tamoyillar o‘zaro aloqadorlikda amal qilishi lozim.



Ijtimoiy falsafaning funksiyalari. Ijtimoiy falsafaning asosiy ilmiy-nazariy funksiyalari umumfalsafa funksiyalari bilan aloqador.Ularni quyidagi tartibda keltirish mumkin:

  • Dunyoqarashlik;

  • Nazariy-metodologik;

  • Gnoseologik;

  • Insonparvarlik;

  • Mafkuraviy;

  • Ijtimoiy-bashorat;

  • Axloqiy-tarbiyaviy;

  • Kommunikativ;

Dunyoqarashlik funksiyasi. Ijtimoiy falsafa xuddi falsafa kabi inson dunyoqarashini shakllantiradi. Albatta inson dunyoqarashini shakllantirishda barcha bilim sohalari qatnashadi. Lekin ijtimoiy falsafa jamiyat va inson haqidagi yaxlit ta’limot sifatida insonga jamiyat haqidagi, insonning jamiyatdagi o‘rni haqidagi bilimlarining shakllanishiga yordam beradi, jamiyatda ro‘y beradigan turli ijtimoiy jarayonlarga o‘z ongli munosabatini shakllantirishga xizmat qiladi.

Nazariy-metodologik funksiyasi. Ijtimoiy falsafa jamiyat tizimi va rivojlanishidagi umumiylikni aniqlash, ijtimoiy hayot soxalarining o‘rnini ko‘rsatib berish, inson borlig‘i va mohiyatini yoritish, insoniyat tarixining mohiyatini tushuntirib berish bilan boshqa xususiy ijtimoiy fanlar uchun o‘ziga xos metodologik asos vazifasini bajaradi. Ijtimoiy falsafaning metodologik funksiyasi deganda, ijtimoiy falsafaning jamiyatni to‘g‘ri anglash metodlarihaqidagi fan ekanligi nazarda tutiladi. Falsafa tarixida olamni, shu jumladan jamiyat va insonni bilishning ikki asosiy metodi shakllangan. Bular: dialektika va metafizika. Ijtimoiy hayotni o‘rganishda dialektika va metafizika turlicha yondashadi.

- agar dialektika ijtimoiy hayot xodisalarini o‘rganishda, ular orasidagi eng umumiy universal aloqadorliklarga e’tibor berishni taqozo etsa, metafizika aloqadorliklarni faqat tasodif sifatida o‘rganadi, har bir ijtimoiy jarayon, o‘zgarish faqat o‘ziga xos, takrorlanmas, deb biladi.

- agar dialektika ijtimoiy hayot va insonni o‘rganishda taraqqiyot tamoyilidan kelib chiqsa, metafizika faqat miqdoriy o‘zgarishlarinigina tan oladi.

- agar dialektika olamning barcha ko‘rinishlari kabi jamiyat va inson olamning mohiyatida ziddiyatlar amal qiladi, ziddiyatlarning borligi va mutanosibligi jamiyat va inson mavjudligida namoyon bo‘ladi, ayni vaqtda ziddiyatlar orasidagi munosabat taraqqiyotga olib boradi, deb bilsa, metafizika qarama-qarshiliklar ijtimoiy jarayonlarga xos emas, degan qoidaga asoslanadi.



Gnoseologik funksiya. Ijtimoiy falsafa ijtimoiy borliqni bilish imkoniyatlari va chegaralarini, ijtimoiy bilishning samarali yo‘llari va usullarini ishlab chiqadi. U ijtimoiy bilish jarayonida sub’ektning ob’ektga bo‘lgan munosabatini tahlil qilish orqali ijtimoiy haqiqatni anglab etishning samarali pozitsiyalarini belgilab beradi. Hususan, I.Kant o‘zining “Sof aql tanqidi” asarida falsafiy bilimlarning chegarasini quyidagi savollar bilan aniqlash mumkinligini aytib o‘tadi:

- Men nimani bila olaman?

- Men nima qilishim kerak?

- Nimaga umid qilishim, ishonishim kerak?

Kant yuqoridagi uchta savolga javob topilsa, “Inson nima?”12 degan eng muhim savolga ham o‘z-o‘zidan javob topilishini, hamda inson muammosi har qanday gnoseologik faoliyatning markaziy muammosi ekanligini nazarda tutgan edi.

Insonparvarlik funksiyasi. Ijtimoiy falsafa tomonidan ishlab chiqilgan har qanday ijtimoiy taraqqiyot modeli insonparvarlik mezonidan kelib chiqadi. U tarixiy taraqqiyotning qaysi bir bosqichini o‘rganmasin, qaysi bir ijtimoiy-siyosiy tuzumga baho bermasin, avvalo inson manfaatlariga qanchalik mos ekanligi nuqtai nazaridan yondashadi. Zero, ijtimoiy taraqqiyot - ijtimoiy falsafa nazdida, avvalo insonparvarlik muhitining qaror topib borishi bilan belgilanadi. Bu borada ishlab chiqilgan ijtimoiy-falsafiy nazariyalar va konsepsiyalar jamiyatda insonparvar munosabatlar o‘rnatilishiga hizmat qiladi. Eng qadimiy davrlardan falsafani inson, uning mohiyati, qadr-qimmati qiziqtirib kelgan. Aslida falsafa inson hayotining ma’nosini o‘ylashdan boshlangan. Ijtimoiy falsafa “Inson va olam”, “inson-inson”, “inson-jamiyat” muammolarini hal qilishga yordam beradi.

Ijtimoiy prognozlash funksiyasi. Ijtimoiy falsafa ijtimoiy jarayonlarni ilmiy boshqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada ishlab chiqilgan futurologik konsepsiyalar ijtimoiy taraqqiyot qonunlariga tayanib, ijtimoiy jarayonlar tendensiyasi va istiqbolini aniqlashda, kelajakni anglash va ilmiy bashorat qilish orqali jamiyatni samarali boshqarish borasida muhim tavsiyalar beradi.

Axloqiy-tarbiyaviy funksiya. Ijtimoiy falsafa axloqiy-tarbiyaviy funksiyani ham bajaradi. Uning bu funksiyasi insonni tarbiyalashga, unda insoniy, ahloqiy xislatlarni jonlantirishga yo‘naltirilgan. Insonni shakllantirish va rivojlantirish unda falsafiy fikrlash madaniyatini qaror toptirishni nazarda tutadi.

Kommunikativ funksiya. Ijtimoiy falsafa barcha ijtimoiy fanlar tomonidan ishlab chiqilgan nazariyalarni integratsiya qilish, bu fanlar o‘rtasida doimiy aloqani ta’minlash bilan kommunikativ funksiyani bajaradi.

Mafkuraviy funksiya. Ijtimoiy falsafiy g‘oyalar umumbashariy muammolarni hal etish, farovon kelajakni barpo etish yo‘lida insoniyatni ezgu maqsadlar sari yetaklovchi, ularni hamjihatlikka, jipslikka chorlovchi mafkura bo‘lib hizmat qiladi.

Umuman olganda, ijtimoiy falsafaning oliy o‘quv yurtlarida o‘qitilishi talaba yoshlarning dunyoqarashini kengayishiga, ijtimoiy voqe’likka ongli munosabatda bo‘lishiga, ularning qaysi bir sohaning mutaxassisi bo‘lishidan qat’iy nazar, ijtimoiy jarayonlarga keng planda yondashishlariga imkon beradi.


Nazorat uchun savollar

1. Ijtimoiy falsafaning predmetiga ta’rif bering.

2. Ijtimoiy falsafaning falsafa fani bilan aloqadorligi nimalarda ko’rinadi?

3. Ijtimoiy falsafaning boshqa ijtimoiy fanlar bilan aloqadorligi va farqli tomonlarini tushuntiring.

4. Ijtimoiy falsafaning dunyoqarashlik funksiyasini tushuntirib bering.

5. Ijtimoiy falsafaning insonparvalik funksiyasining ahamiyatini ko‘rsating.

6. Ijtimoiy falsafaning tamoyillari o‘rtasidagi aloqadorlikni tushuntiring.
Adabiyotlar


  1. Гобозов, И.А. Социальная философия: Учебник для вузов / Иван Аршакович Гобозов. – М.: Акад. проект, 2007.

  2. Социальная философия: Учеб. Пособие / В.А.Коньев; Федеральное агентство по образованию. – Самара: Изд. “Самарский университет”, 2006.

  3. Крапивенский С.Э. Социальная философия: Учеб. для вузов / С.Э. Крапивенский. – 4-е изд., испр. – М.: Владос: ИМПЭ, 2004.

  4. Falsafa. Qomusiy lug‘at. – T., SHarq, 2004.

  5. Соколов С.В. Социальная философия: Учеб. пособие для вузов. - М.: ЮНИТИ-ДАНА, 2003.

  6. Алексеев П.В. Социальная философия: Учебное пособие. - М.: ООО "ТК Велби", 2003.

  7. Социальная философия: Учебник. Андрущенко В.П., Горлач Н.И.,Общая редакция. Киев-Харьков, 2002.

  8. Кемеров, В.Е. Введение в социальную философию: Учеб. для высш. шк. / В.Е. Кемеров. – 4-е изд., испр. – М.: Академ. проект, 2001.

  9. Туленов Ж.Жамият фалсафаси. Олтинчи бўлим. – Т., 2001.

  10. Основы современной философии / Под ред. Ю. Н. Солонина и др. -СПб., 2001.

  11. Барулин, В.С. Социальная философия: Учеб. для вузов / В.С. Барулин. – 2-е изд., испр. и доп. – М.: Изд.-торговый дом «Гранд»: Фаир-пресс, 2000.

  12. Момджян К.Х. Философия общества // Кузнецов В. Г., Кузнецова И. Д., Миронов В. В., Момджян К. X. Философия. -М., 1999.

  13. Барулин В.С. Социальная философия. Учебник для вузов.- Москва, ФАИР-ПРЕСС, 1999.

  14. Крапивенский С.Э. Социальная философия. Учебник для вузов.- Москва, Гуманитарно-издательский центр “ВЛАДОС”, 1998.

  15. Очерки социальной философии: Учебное пособие / Под ред. К.С. Пигрова. – СПб.: Изд-во С.-Петербургского университета, 1998.

  16. Момджян, К.Х. Введение в социальную философию: Учеб. пособие / К.Х. Момджян. – М.: Кн. дом «Университет»: Высш. шк.,1997.

  17. Франк С. Л. Духовные основы общества. -М., 1992.

  18. Шилз Э. Общество и общества: макросоциологический подход // Американская социология. Перспективы, проблемы, методы. М., 1972.

  19. Сен-Симон А. Избранные сочинения. М.- Л., 1948. Т. II.


IJTIMOIY FALSAFA TARIXI

1-mashg‘ulot

Reja:

1. Qadimgi Sharq va G‘arbda ilk ijtimoiy-falsafiy qarashlar

2. O‘rta asrlar ijtimoiy falsafasi

3. G‘arbiy YYevropa Uyg‘onish davri va Yangi zamon ijtimoiy falsafasi


Yüklə 6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə