O`zbekiston respublikasi oliy va o`rta maxsus ta'lim vazirligi mirzo ulug’bek nomidagi o’zbekiston milliy universiteti



Yüklə 1,1 Mb.
səhifə19/108
tarix19.06.2022
ölçüsü1,1 Mb.
#89753
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   108
КОНСТИТУЦИЯНИ ЎРГАНИШ

Mafkura - bu ma'lum tizimga solingan g`oyalar, qarashlar, fikrlar majmuidir. Har qanday mafkura muayyan ijtimoiy tabaqa, guruh, millatning o`tmishiga, bugungi kuniga va kelajagiga qaratilgan qarashlari yig`indisidan iborat.
O`zbekiston mustaqillikka erishgandan so`ng o`z taraqqiyot va istiqlol yo`lini mustaqil va erkin belgilab oldi. Endilikda mustaqil davlatning siyosiy, iqtisodiy va ma'naviy poydevorini yaratish asosiy vazifa bo`lib qolgan. Bunda bizga eski, zo`ravonlik bilan o`rnatilgan kommunistik mafkura mutlaqo to`g`ri kelmay, millatimizni birlashtiradigan, jipslashtiradigan mafku-raga muhtojlik yaqqol sezilib qoldi. Bir so`z bilan aytganda, milliy mafkuramizni yaratish dolzarb masalaga aylandi. Shu yo`lda qo`yilgan dadil qadam-bu tariximizda birinchi marta Konstitutsiyamizning 12-moddasida belgilangan me'yor bo`ldi. Unda ilk bor O`zbekistonning ijtimoiy hayoti siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanishi belgilandi. Demak, bu bilan bitta mafkuraning, bitta dunyoqarashning yakkahokimligidan qat'iyan voz kechildi.
Konstitutsiyamizning aynan shu moddasi jamiyatimizda turli sinf, toifa, millat va elatlarning manfaatlarini ifodalovchi partiyalar, uyushmalar va ularning mafkuralari bo`lishi mumkinligini qonuniy mustahkamlaydi.
O`zbekiston Konstitutsiyasining 12-moddasida o`rnatilgan me'yor oldimizga milliy istiqlol mafkurasini yaratish vazifasini dolzarb qilib qo`yadi. Milliy istiqlol mafkurasi xalqimizning qadimiy an'analariga, urf-odatlariga, tiliga, diniga, ruhiyatiga asoslanib, kelajakka ishonch, mehr-muhabbat, insof, sabr-toqat, adolat, muruvvat, ma'rifat tuyg`ularini targ`ib qilishi lozim. Unda jamiyatimizdagi barcha kuchlar, harakatlar, jamoat birlashmalari, aholi turli tabaqalarining o`y-fikrlari, orzu umidlari o`z ifodasini topmog`i lozim. U davlatimiz fuqarolarini ulug` maqsad yo`lida qalban birlashtirishga ko`maklashishi lozim, deb ko`rsatadi Prezidentimiz Islom Karimov. Shu bilan birga bu mafkura xalqimizda, o`zining qudrati va himoyasiga suyangan holda umuminsoniy qadriyatlarga asoslanib, jahon hamjamiyatidagi taraqqiy etgan davlatlar orasida teng huquqli munosib o`rin egallashiga doimiy intilish hissini tarbiyalamog`i kerak.
Har qanday jamiyat taraqqiyoti xalq dunyoqarashini hisobga olmasa, taraqqiyot asoslari uning ma'naviy qadriyatlariga, moddiy manfaatlariga mos kelmasa bunday jamiyat tanazzulga uchrashi tabiiy. Shuning uchun ham Prezident Islom Karimov o`z mamlakati istiqboli haqida fikr yuritar ekan, «Mustaqil O`zbekistonning kuch-qudrat manbai xalqimizning umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligidadir. Xalqimiz adolat, tenglik, ahil qo`shnichilik va insonparvarlikning nozik kurtaklarini asrlar bo`yi avaylab-asrab kelmoqda. O`zbekistonni yangilashning oliy maqsadi ana shu an'analarni qayta tiklash, ularga yangi mazmun bag`ishlash, zaminimizda tinchlik va demokratiya, farovonlik, madaniyat, vijdon erkinligi va har bir kishini kamol toptirishga erishish uchun zarur bo`lgan shart-sharoit yaratishdir», degan edi. Bu fikrdan anglanadiki, Prezident mamlakat kuch-qudratini xalqning ma'naviy kamolatida ko`radi. Shuning uchun ham u jamiki insoniy fazilatlarni takomillashtirish uchun zarur sharoit yaratishni asosiy vazifa qilib qo`yadi. Bu bir tomondan mustaqillik sharoitida endigina shakllanayotgan davlat siyosatining nechog`lik insonparvarligini ko`rsatsa, ikkinchi tomondan davlat rahbarining siyosiy-madaniy salohiyatining nechog`lik yuksakligini, xalq ma'naviy-ruhiy ehtiyojlarini naqadar chuqur o`rganganligini ko`rsatadi. Shu bilan birga esa, bu xalq va hokimiyat intilishlarining mushtarakligidan dalolat beradi.
O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida eng oliy qadriyat sifatida davlat va ijtimoiy tizim emas, balki inson olindi. Konstitutsiyaning 13-moddasi bunga yorqin misoldir. Unga ko`ra, «O`zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko`ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi».
Inson huquq va erkinliklari faqatgina Konstitutsiya bilangina qo`riqlanib, kafolatlanib qolmasdan, balki ular jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan xalqaro huquqning normalari va prinsiplari bilan ham qo`riqlanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 1948 yil 10 dekabrda «barcha xalqlar va barcha davlatlar bajarishga intilishi lozim bo`lgan vazifa sifatida» Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qiladi. «Bundan muddao shuki, har bir inson va jamiyatning har bir tashkiloti hamisha ana shu deklaratsiyani nazarda tutib, ma'rifat va ilm yo`li bilan ushbu huquqlar va erkinliklarning hurmat qilinishiga yordam berishga intilishlari hamda milliy va xalqaro taraqqiyparvar tadbirlar yo`li bilan ham, ushbu huquqlar va erkinliklarning Tashkilotga a'zo bo`lgan davlatlar xalqlari o`rtasida va mazkur davlatlarning yuridiksiyasidagi hududlarda yashayotgan xalqlar o`rtasida yalpisiga va samarali tan olinishiga intilishlari kerak».
Mazkur deklaratsiya qabul qilinishini dunyoning qirq sakkiz davlati qo`llab-quvvatladi, sakkizta davlat betaraf bo`lgan bo`lsa-da, biron-bir davlat unga qarshi bo`lgan emas.
Bosh Assambleya raisi deklaratsiya qabul qilingandan so`ng bildirgan murojaatida deklaratsiyaning qabul qilinishi «buyuk evolyutsion jarayonlarga qo`yilgan dastlabki qadam va olamshumul yutuqqa erishilganligi»ni ma'lum qildi.
Respublikamiz Prezidenti I.A.Karimov: «inson va davlat o`rtasidagi munosabatlarda inson manfaatlari ustivor bo`lishi kerak»,-degan edi. Konstitutsiya O`zbekistonda erkin fuqarolik jamiyati, ya'ni xalqning o`zi bevosita boshqaradigan jamiyat va demokratik huquqiy davlat qurishni asosiy maqsad qilib qo`yadi. Unda jami dunyoviy ne'matlar orasida eng ulug`i «inson» ekanligi yorqin mujassamlashtirilgan. Insonni ulug`lash, uni muhofaza qilish va har tomonlama kamol toptirish Konsititutsiyaning asosiy g`oyasiga aylantirilgan. Konstitutsiyamiz Inson huquqlari to`g`risidagi xalqaro huquqiy me'yorlar asosida ishlab chiqilgan va aytish mumkinki, uni yanada to`ldirgan. Masalan, Konstitutsiyaning 13-moddasi fikrimizga dalil bo`lishi mumkin. Ushbu moddada «Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi»da e'lon qilingan umuminsoniy huquqlar oliy qadriyat darajasiga ko`tarilgan. Ma'lumki, «Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi» insonlarning ajralmas va daxlsiz huquqlarini e'lon qilib, quyidagilarni belgilaydi: «Barcha odamlar erkin, qadr-qimmat va huquqlarida teng bo`lib tug`ilganlar»(1-modda); «Har bir inson yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga egadir»(3-modda); «Hech kim qullikda yoki qaramlikda saqlanishi mumkin emas, qulchilik va qul savdosining barcha turlari ta'qiqlanadi»(4-modda) va hokazo. Konstitutsiyamizning 13-moddasida esa inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi, deyilgan. Bu O`zbekistonning umumbashariy insonparvarlik qoidalariga asoslangan davlat ekanligini ko`rsatadi.
Konstitutsiyaning 13-moddasida O`zbekistonda barcha fuqarolarning demokratik huquq va erkinliklari Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.
Davlat o`z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko`zlab ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi. O`zbekiston Respublikasida har qanday davlat organining faoliyati inson va jamiyat farovonligiga xizmat qilishga, uni yuksaltirishga qaratilgan. Davlat o`z vazifasini tegishli organlari orqali amalga oshirar ekan, ijtimoiy adolat va qonuniylikka amal qilishi lozim bo`ladi. Huquqiy-demokratik davlatning eng muhim shartlaridan biri inson va shaxs manfaatlarining hamma narsadan ustunligidir. Qonuniylik prinsipi deganda avvalo qonunlarni va uning asosida qabul qilingan boshqa huquqiy hujjatlarni davlat organlari mansabdor shaxslar, fuqarolar tomonidan aniq va og`ishmay bajarilishi lozimligi tushuniladi. Qonuniylik prinsipi qonunlarni yuridik hujjatlar tizimida oliy kuchga ega ekanligini, barcha uchun barobarligini, jamiyat a'zolarining barchasi uchun majburiyligini anglatadi.
Inson haq-huquqlarining himoyasi muhim masalalardan biri bo`lib kelgan. Shuning uchun ham istiqlolga erishgan O`zbekiston Respublikasi o`z mustaqilligining ilk qadamlarida qabul qilingan qonun va huquqiy normalarini, asosan, inson huquqlarini himoya qilishga, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan har tomonlama muhofaza qilishga qaratib keldi va bu yo`lda ish olib bormoqda.
Inson huquqlariga doir davlat siyosatida insonning huquq va erkinliklari jamiyatda qonunchilik asosida mustahkamlanib, iqtisodiy, siyosiy, yuridik, tashkiliy kafolatlar tizimi bilan ta'minlangandan keyingina amalga oshishi mumkinligi masalasi muhim o`rin egallaydi.
Har bir shaxs shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega bo`lib, hech kim uni o`zboshimchalik bilan ushbu huquqdan mahrum etishi mumkin emas, chunki inson erkinlikgi qonun tomonidan qo`riqlanadigan oliy ijtimoiy ahamiyatga molik qadriyatdir. Shu tufayli shaxsning erkinligi va shaxsiy daxlsizligi qonun bilan kafolatlanadi.
Inson huquqlari va demokratiya singari umumbashariy qadriyatlar respublikamizning milliy davlatchilik manfaatlariga to`la mos keladi. «Insonning eng ustivor va muqaddas huquqlaridan biri-deb ta'kidlaydi Prezidentimiz Islom Karimov, - bu tinch yashash huquqidir. Davlat va jamiyatning burchi ana shu huquqni barcha qonuniy vositalar bilan kafolatlab berishdir. Bu huquqni amalga oshirish-davlat va jamiyatni demokratiyalashtirishning eng muhim shartidir. Demokratiyaning insonparvarligi shu bilan belgilanadi».
O`zbekistonning demokratik davlat sifatida tavsiflovchi yana bir qoida Konstitutsiyaning 14- moddasida belgilangan. Unda ta'kidlanishicha, «Davlat o`z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko`zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi».
O`zbekiston Konstitutsiyasining ushbu moddasi davlatimiz faoliyatining eng asosiy prinsiplarini belgilab beradi. Bu juda muhimdir. Chunki davlat o`z faoliyati bilan inson va jamiyat taqdirini belgilashi mumkin. Ayniqsa, hozirgi vaqtda jamiyat davlatsiz yashay olmasligi hammaga ayon bo`lib qoldi.
Davlatimizning jamiyat hayotida tutgan o`rnini belgilashda uning vazifalariga, funksiyalariga alohida e'tibor berish kerak. Davlatning qanday vazifalarni, funksiyalarni amalga oshirishiga, boshqacha qilib aytganda, davlat faoliyatiga qarab uning mohiyatiga baho beriladi. Agar davlat o`z faoliyatini avvalo inson va jamiyat manfaatlarini himoya qilishga qaratgan bo`lsa, uni ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshirib borsa, unday davlatni adolatli, demokratik deyish mumkin. Shu bois Konstitutsiyaning 14-moddasida o`rnatilgan me'yor O`zbekiston Respublikasi ijtimoiy adolat tantana qilgan jamiyat, xalq hokimiyatchiligi qaror topgan davlat ekanligi yaqqol ko`rsatib turibdi, desak aslo yanglishmaymiz. Chunki mazkur modda alohida ravishda inson va jamiyat farovonligini, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplarini davlat faoliyatining ajralmas qismi sifatida e'tirof etadi.
Zero, huquqiy-demokratik davlatning eng muhim shartlaridan biri inson va shaxs manfaatlarining hamma narsadan ustunligidir. Inson va jamiyat farovonligi esa aynan shaxs manfaatlariga mos tushadi.
Konstitutsiyamiz ushbu moddasining kafolatlari O`zbekiston Respublikasida ayni vaqtlarda amalga oshirilayotgan chuqur ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy o`zgarishlar, islohatlar bilan belgilanadi. Bunday islohatlardan ko`zda tutilgan eng asosiy maqsad inson va jamiyat farovonligi ekanligi hech kimga sir emas, albatta. «Maqsadimiz aniq,-deb ta'kidlaydi Prezidentimiz Islom Karimov,-bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asoslangan, erkin, ochiq, demokratik davlat qurish». Davlatimiz rahbari o`zining qator asarlari va kitoblarida O`zbekistonning ana shu maqsadini amalga oshirishga qaratilgan vazifalarini va faoliyat dasturini aniq ko`rsatib bergan. Bunda ayniqsa uning «O`zbekiston iqtisodiy islohatlarni chuqurlashtirish yo`lida» asari muhim ilmiy va amaliy ahamiyatga ega.
Konstitutsiyaning 14-moddasida nazarda tutilgan me'yorning yana bir muhim tomoni shundaki, unga ko`ra davlat o`z faoliyatini qonuniylik prinsipi asosida amalga oshiradi. Bu huquqiy demokratik davlatning eng asosiy belgilaridan biridir.
Qonuniylik prinsipi deganda avvalo qonunlarni va uning asosida qabul qilingan boshqa huquqiy hujjatlarni davlat organlari mansabdor shaxslar, fuqarolar tomonidan aniq va og`ishmay bajarilishi lozimligi tushuniladi. Bu davlat tuzumidagi demokratizmning ko`rinishlaridan biri bo`lib, hammaning qonun oldida tengligini o`rnatadi. Qonuniylik prinsipi qonunlarni yuridik hujjatlar tizimida oliy kuchga egaligini, barcha uchun barobarligini, jamiyat a'zolarining barchasi uchun majburiyligini anglatadi. Shu bilan birga, bu prinsip fuqarolarning huquq va erkinliklari og`ishmay ta'minlanishi, fuqarolarga nisbatan davlat organlari va mansabdor shaxslarning qandaydir o`zboshimchaligiga yo`l qo`ymasligi, fuqaro-arning jamiyat, davlat oldidagi majburiyatlari qat'iy bajarilishi lozimligini ham nazarda tutadi. Bir so`z bilan aytganda, qonuniylik prinsipi o`z maqsad va mohiyati bilan xalq manfaatlariga xizmat qiladi.
Qonuniylikning asosiy vazifasi-mamlakatning ijtimoiy va davlat tuzumini mustahkamlash, bozor iqtisodiyotiga o`tish uchun mulkning turli shakllariga yo`l ochish va ularni qo`riqlash, fuqarolarning huquq, erkinliklari va burchlarini mustahkamlashdir.
Qonuniylik huquqiy tartibot bilan uzviy bog`liq bo`lib, u orqali amalga oshiriladi. Huquqiy tartibot jamoat tartibining bir qismi bo`lib, faqat huquqiy normalarning amalga oshirilishi natijasida paydo bo`lib, kishilik o`rtasidagi turli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy vositalar orqali tartibga soladi. Jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar huquqiy tartibot orqali paydo bo`ladigan huquqiy munosabatlardan kengroq bo`lib, ularga axloq, urf-odatlar va boshqa turmush qoidalarining amalga oshirilishi natijasida paydo bo`ladigan ijtimoiy munosabatlar kiradi. Kishilar o`rtasidagi yoki fuqarolar bilan davlat organlari o`rtasidagi munosabatlar huquqiy tartibot, ya'ni huquqiy normalar orqali amalga oshirilib, qonuniylik mustahkamlanadi.

Yüklə 1,1 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   108




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə