ocharchilik ro‘y berdi. Buning ustiga urush natijalari Italiyani g‘oliblar ichida
mag‘lub davlatga aylantirib qo‘ydi. Ma’lumki, Italiya dastlab «Uchlar
ittifoqi»ning a’zosi bo‘lgan edi. Jahon urushi boshlangach Italiya kutib turish
yo‘lini tutdi. Bundan foydalangan Antanta, katta va’dalar berib, Italiyani o‘z
tomoniga og‘dirishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Ammo Parij sulh konferensiyasida Buyuk Britaniya va Fransiya o‘z
va’dalari ustidan chiqmadi. Ya’ni, ular va’da qilingan hududlarni Italiyaga
bermadi. To‘g‘ri, Italiya nasibadan quruq qoldirilmadi. Chunonchi, sobiq
Avstriya — Vengriya imperiyasiga qarashli Janubiy Tirol va Adriatika
sohilidagi Triyest porti, Yugoslaviyaning ba’zi hududlari, shuningdek,
Turkiyaga qarashli Dodekanes oroli Italiyaga berildi. Ayni paytda Italiya
Millatlar Ligasining doimiy a’zosi maqomiga ega bo‘ldi. Shuningdek, unga
Fransiya harbiy-dengiz floti qudratiga teng flotga ega bo‘lish huquqi berildi.
Biroq hukmron doiralar uchun bular oz bo‘lib ko‘rindi. Oz ulush
tekkanidan arazlagan Italiya bosh vaziri Orlando Parij tinchlik konferensiyasidan
ketib qolgan edi. G‘oliblar ichidagi bunday mag‘lubiyat Italiya
aholisi ruhiyatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Urushning Italiya uchun
ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan bunday oqibatlari mamlakatda siyosiy
inqirozni yanada chuqurlashtirib yubordi.
Shunday bir sharoitda Italiyada chuqur islohotlar o‘tkazish yo‘li bilan
jamiyatni iqtisodiy va siyosiy inqirozdan chiqarib keta olishga qodir bo‘lgan
biror-bir yetakchi siyosiy partiya yo‘q edi. Binobarin, Italiyada kuchli
parlamentarizm an’analari bo‘lmagan. Bu omil, o‘z navbatida, Italiyada
fashizmning hokimiyat tepasiga kelishiga yo‘l ochdi.
Italiyaning yirik siyosiy arboblaridan biri Orlando
1917-yilning oktabrida bosh vazir lavozimini egallagan.
Orlando hukumati Italiyaning jahon urushida
qatnashishini davom ettirdi. Bu hukumat
Antantaning Sovet Rossiyasiga qarshi kurashida Italiya ishtirokining tarafdori
bo‘ldi. Shuning uchun ham 1918-yili o‘z qo‘shinlarini Odessa, Murmansk
va Vladivostokka yubordi.
Antantaning Sovet hukumatini harbiy yo‘l bilan bo‘g‘ib tashlashga urinishi
muvaffaqiyatsizlikka uchraganligi avvalgi mavzulardan ma’lum. Chunonchi,
Italiyaning g‘oliblar ichida mag‘lub bo‘lib qolishi Orlando hukumatining
katta yo‘qotishi edi va uning obro‘sini tushirib yubordi. Chunki Italiya o‘zi
da’vo qilgan Dalmatsiya, Valoniya, Simernadan birortasini ham ololmadi.
Buning ustiga, Turkiyaga qarashli Simernani bosib olish uchun 1919-yilning
may oyida hujum boshladi va mag‘lubiyatga uchradi.
Bundan tashqari, Italiya Albaniyani ham tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.
Hukumat tashqi savdo bozorlarining qo‘ldan ketishi hamda tashqi kredit
uzilib qolishining oldini ololmadi. Natijada urushdan biroz keyin mamla-
Orlando hukumatining
ichki va tashqi
siyosati
67
katda iqtisodiy inqiroz boshlandi. Oqibatda ish haqi keskin pasaydi, inflatsiya
kuchaydi. Armiya safidan bo‘shatilgan harbiylar ishsiz qoldilar. Ana shunday
sharoitda (1919-yil iyun oyida) Orlando hukumati iste’fo berishga majbur
bo‘lgan.
1919-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovida Italiya Sotsialistik
partiyasi g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, bu mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy
vaziyatni yumshatishga olib kelmadi.
1919—1920-yillar Italiya tarixiga ham «Qizil ikki
yillik» nomi bilan kirdi. Bu ibora shuni bildiradiki,
shu ikki yil ichida Italiyada ham Sovet Rossiyasida
(bolsheviklar qizil deb ham atalardi) amalda
oshirilgan ba’zi tadbirlar amalga oshirildi. Chunonchi, Shimoliy Italiyada
ishchilar zavod va fabrikalarni egallab oldilar va ishlab chiqarish ustidan o‘z
nazoratlarini o‘rnatdilar. Zavod va fabrikalarni qo‘riqlash uchun qizil gvardiya
tuzdilar.
Italiya armiyasi mamlakat ichkarisidagi siyosiy voqealarga nisbatan o‘z
betarafligini e’lon qilganligi uchun hukumat ishchilarning bunday
«o‘zboshimcha»ligini bostirish uchun armiyani yubora olmadi. Natijada
hukumat va korxona egalari yon berishga majbur bo‘ldilar. Xususan, 8 soatlik
ish vaqti belgilandi. Narxlar o‘sishining aholiga ko‘rsatadigan oqibatini
pasaytirish maqsadida ish haqiga qo‘shimcha to‘lov (kompensatsiya) to‘lanishi
e’lon qilindi.
Yer egalariga yollanib ishlovchilar, ijaraga yer olib ishlovchilar uchun
shartlar nisbatan yengillashtirildi. Mamlakat janubida dehqonlar yer
egalaridan tortib olgan yerlarning bir qismi ularga qonunlashtirilib berildi.
1920-yilda Italiya mehnatkashlari hokimiyatni egallab olish imkoniga
ega bo‘ldilar. Biroq ularning harakatini uyushtirishga qodir, bu ishni
parlament yo‘li bilan amalga oshirish tomon yetaklaydigan jiddiy siyosiy
partiya yo‘q edi.
1892-yildan beri faoliyat ko‘rsatayotgan Italiya Sotsialistik partiyasi uch
oqimga bo‘linib ketgan edi. Partiya mehnatkashlarning hokimiyatni
egallashlariga qarshi edi. 1919-yilda tashkil topgan hamda o‘z dasturiga kirgan
ikki muhim va’da bilan (1. Yer egalaridan haq to‘lab bir qism yerlarni olish
va uni dehqonlarga bo‘lib berish. 2. Mehnat uchun adolatli haq to‘lash)
omma orasida obro‘-e’tibor qozonib borayotgan «Xalq partiyasi» ham
mustahkam emas edi. O‘z navbatida, bu partiya ham noqonuniy yo‘l bilan
hokimiyatni egallashga qarshi edi. 1920-yilda Italiyada inqilobiy harakatning
yanada kuchayishi Orlandodan keyin bosh vazirlik lavozimini egallagan Nitti
hukumatini ham bir yil o‘tmay iste’fo berishga majbur etdi (1920-yil iyun).
Yangi tuzilgan Jolitti hukumati inqilobiy harakat to‘lqinini pasaytirish
maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari narxini 50 foizga kamaytirdi.
Oxir-oqibatda ishchilarning kasaba uyushmasi va hukumat inqilobiy
harakatni chuqur islohotlar o‘tkazishga va’da berish yo‘li bilan pasaytirishga
Fashizmning
hokimiyat
tepasiga kelishi
68
erishdilar. Biroq mamlakatda ro‘y bergan «qizil ikki yillik» hukmron
doiralarni cho‘chitib qo‘ydi. Ular kommunistik — qizil to‘ntarish xavfidan
dahshatga tushdilar va mamlakatda kuchli diktatura o‘rnatishga intila
boshladilar.
Bu, o‘z navbatida, Italiyada fashizmning hokimiyat tepasiga kelishiga
yo‘l ochdi. Avvalgi sahifalarda aytib o‘tilganidek, 1919-yilda Italiyada
frontdan qaytgan sobiq askarlar o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun
«Quroldoshlar uyushmasi» (Fashi di kombattimento) deb atalgan tashkilot
tuzgan edilar. Bu tashkilotni Benito Mussolini (1883—1945) boshqargan.
Bu tashkilot Italiyada fashizm g‘oyalarini keng targ‘ib etdi. Benito Mussolini
dastlab sotsialist edi. Burjua parlamentarizmining mamlakatda
tartib o‘rnatishdagi ojizligi, urushdan keyin o‘z turmush darajasining
yaxshilanishiga umid qilgan millionlab fuqarolar orzu-umidlari puchga
chiqqanligi, shuningdek, Italiya hukmron doiralarining urush natijalaridan
qanoatlanmaganligi fashizmni yuzaga chiqargan omillar edi. Xuddi shu
omillar ko‘pchilik italyanlarning fashistlar mafkurasi tomon og‘ishiga
sabab bo‘ldi.
Shu tariqa Italiyada boshqaruvning qattiqqo‘llik shaklini o‘rnatishga
chaqirayotgan yangi yo‘lboshchi — Mussolini siyosiy kurash maydonida
paydo bo‘ldi. Italiyada fashizmning tezda muvaffaqiyat qozonishida
Mussolinining shaxsiy sifatlari ham juda katta rol o‘ynagan. U kuchli
notiqlik qobiliyatiga ega edi. Mussolini fashizmni o‘ziga xos dinga aylantira
olgan shaxs sifatida mashhur. U ko‘p ming kishilik mitinglarda yirik
mulkdorlarning mehnatsiz daromadlarini, amaldorlarning suiiste’mollarini,
birorta ham muammoni hal etishga qodir bo‘lmagan Italiya parlamentini
ayovsiz tanqid qilar edi. Ayni paytda u Italiyaning Qadimgi Rim imperiyasi
davridagi qudratini tiklashga va’da berar edi. O‘zini esa bo‘lajak imperiyaning
dohiysi deb bilar, shuning uchun ham qadimgi rimliklarning «duche»
(dohiy) so‘zini o‘ziga laqab qilib olgan edi. Uning otashin, jozibador
so‘zlari sehrlab qo‘ygan miting qatnashchilari «boshla bizni, duche» deb
xitob qilar edilar.
Mussolini fikricha: «Italiyada yangi tartib — milliy sotsializm» hukmron
bo‘lishi kerak edi. Bunday sotsializmda davlat har qanday sinfiy manfaatdan
ustun turadi. Va u nihoyatda kuchli bo‘ladi hamda mehnat bilan sarmoyaning
hamkorligini ta’minlaydi.
Ayni paytda davlat mehnat va sarmoya yagona hamkorligi birlashmasi
(korporatsiya) ni tashkil etadi. Binobarin, Italiya yagona korporatsiyaga,
ya’ni butun Italiya jamiyati manfaatlarini himoya qiluvchi birlashmaga
aylanadi.
Bu korporatsiyada barcha — sarmoyadorlar va ishchilar, yer egalari va
dehqonlar, aholining qolgan qatlamlari bir oila a’zolariga birlashadilar va
mehnat qiladilar. Davlat esa bu oila barcha a’zolarining manfaatlari va
69
maqsadlari birligini kafolatlaydi. Ana shunday jamiyatdagina uning a’zolari
barcha og‘ir muammolardan tezda xalos etiladi. Italiya aholisining katta
qismi Mussolinining va’dalariga ishondi va uni qo‘llab-quvvatlay boshladi.
1920-yildan boshlab fashistlar yanada faollashdilar va ular o‘zlarining
harbiy otryadlarini tuza boshladilar. Italiya Sotsialistik partiyasi va Umumiy
Mehnat Konfederatsiyasi fashizmga qarshi kurash o‘rniga, 1921-yilning 3-
avgustida Mussolini bilan «totuvlik pakti»ni imzoladilar. Ishchilar tashkilotlarining
bunday yo‘l tutishi fashizmni yanada kuchaytirdi va u yetakchi
siyosiy kuchga aylana bordi.
1922-yilgi parlament saylovlarida ular 35 o‘ringa ega bo‘lsalar-da, mahalliy
saylovlarda katta muvaffaqiyatga erishdilar. 1922-yil oktabr oyida ular bir
necha vazirlik lavozimlarini talab qilib Rimga yurish uyushtirdilar. Bu amalda
mavjud Konstitutsiyaviy tuzumga qarshi isyon edi. Hukumat isyonni bostirish
chorasini ko‘rmadi. Buning sababi — yirik sarmoyadorlar asosiy ko‘pchiligining
hukumatga tazyiq o‘tkazganligi edi. Yirik sarmoyadorlar hokimiyatni Mussoliniga
topshirish tarafdori edilar.
Masalan, mamlakat hayotida eng katta ta’sirga ega bo‘lgan «Sanoat bosh
konfederatsiyasi» rahbarlari qirol Viktor-Emmanuel III ga telegramma yuborib,
undan hokimiyat Mussoliniga berilishini talab etdilar. Qirol bunga javoban
Mussolinini Bosh vazir etib tayinladi va 1922-yil 30-oktabr kuni Mussolini
koalitsion hukumat tuzdi. Shu tariqa Italiyada fashizm qonuniy yo‘l bilan
hokimiyat tepasiga keldi.
Parlamentda (420 o‘rinli) atigi 35 o‘ringa ega bo‘lgan fashistlar yetakchisi
Mussolini dastlab boshqa siyosiy kuchlar bilan murosa qilishga majbur bo‘lgan.
Ayni paytda yirik sarmoya egalarining qo‘llab-quvvatlashi orqali u o‘z
hokimiyatini tobora mustahkamlab bordi. Chunonchi, qirol va parlament
1922-yilning 23-noyabrida Mussoliniga cheklanmagan huquq berdi. Endi u
o‘z partiyasi a’zolaridan tuzilgan «Katta fashist kengashi» deb atalgan kengash
orqali hukumat faoliyatini nazorat ostiga oldi. Tayyorlanayotgan qonun loyihalari
shu kengash nazoratidan o‘tar edi. Barcha lavozimlarga Mussolini
partiyasi a’zolari tayinlanadigan bo‘ldi.
1924-yil oxirida Mussolinining tazyiqi ostida saylov to‘g‘risidagi qonunga
o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, saylovda eng ko‘p ovoz olgan partiya
parlamentdagi deputatlar o‘rnining uchdan ikki qismini egallar edi. Yangi
qonun bo‘yicha 1924-yildagi parlament saylovida Mussolini partiyasi g‘alaba
qozongan. Shu tariqa mamlakatda Mussolinining fashistik diktaturasi qaror
topdi.
1926-yildan boshqa siyosiy partiyalar tarqatib yuborildi. Endi Italiya bir
partiyali diktatorlik davlatiga aylandi. 1929-yili Mussolini Vatikan bilan
shartnoma imzoladi. Unga ko‘ra, Rim (Vatikan) papasi diniy hukmdor deb
tan olindi va katoliklik milliy din deb e’tirof etildi, cherkov mulki soliqlardan
ozod etildi.
70
Ichki siyosatda iqtisodiyot masalasiga alohida e’tibor
berildi. Mussolinining maqsadi iqtisodiyotda
korporativ tartibni to‘la qaror toptirish edi. Shu maqsadda 1927-yilda «Mehnat
xartiyasi» deb nomlangan hujjat qabul qilindi.
Iqtisodda joriy etilgan korporativ tartibga ko‘ra, ishlab chiqarish
muammolarini birgalikda hal etish uchun ishchilar va sarmoyadorlar yagona
Kasaba uyushmasining teng huquqli a’zosiga aylandi. Xalq xo‘jaligi bo‘yicha
turli sohalarda 22 ta korporatsiya tuzildi va ular Korporatsiyalar Milliy Kengashiga
birlashtirildi. Milliy Kengash tarkibi ishbilarmonlardan va fashistlar
partiyasi vakillaridan iborat edi. Korporatsiyalar yirik mulkdorlar mavqeyiga
putur yetkazgani yo‘q.
Ayni paytda Italiya iqtisodiyotida davlat sektorining ulushi ortib bordi.
Bu Italiya fashizmining o‘ziga xos belgilaridan biri edi.
Mamlakat iqtisodiyotini boshqarishni davlat qo‘liga olib berishni
ta’minlaydigan ikkita muassasa tuzildi. Uning biri Sanoatni tiklash instituti
deb atalardi. U davlatning yirik trestiga aylanadi. Masalan, cho‘yan eritishning
90 foizi, po‘lat ishlab chiqarishning 70 foizi, mashinasozlikning 25 foizi shu
trestga qarashli edi. Bundan tashqari, butun savdo floti, fuqaro aviatsiyasi,
telefon, aloqa, avtomobil yo‘llari ham shu trestga qaraydigan bo‘ldi.
Ikkinchi muassasa Suyuq yoqilg‘i bo‘yicha Milliy boshqarma deb atalgan.
Unga gaz qazib olishning 75 foizi, sun’iy kauchuk ishlab chiqarishning 100
foizi, neftni qayta ishlash zavodlarining 30 foizi qaragan.
Hukumat yirik monopoliyalarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidan bordi. Ularni
inqiroz oqibatlaridan saqlab qolish va moliyaviy yordam ko‘rsatishni tashkil
etdi, kasodga uchrashi mumkin bo‘lgan banklarning aksiyalarini davlat sotib
oldi va shu tariqa ularni sinishdan saqlab qoldi.
1929-yilda yuz bergan jahon iqtisodiy inqirozi kam taraqqiy etgan Italiya
iqtisodiyotini nihoyatda og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Inqiroz 1932-yilda o‘z
cho‘qqisiga chiqdi. Shu yili sanoat ishlab chiqarishi 1929-yilga nisbatan 33
foizga qisqardi.
Tashqi savdo 3 baravar kamaydi. 12 mingga yaqin mayda va o‘rta korxona
bankrot bo‘ldi. Ishsizlar soni 1 mln kishidan ortdi. Oylik ish haqi
50—60 foizga kamaydi. Inqiroz dehqon xo‘jaliklarini ham xonavayron qildi.
O‘n ming gektarlab yer maydonlari sudlarning hukmi bilan qarz berganlarga
o‘tkazildi. 1933-yilga kelibgina ishlab chiqarishning pasayishi to‘xtatildi.
1937-yilga kelib sanoat ishlab chiqarishi hajmi 1929-yil darajasiga yetdi.
Davlat xo‘jalik hayotini tashkil etar ekan, avtarkiya xo‘jaligi yo‘lini tanladi.
Avtarkiya xo‘jaligi — bu, barcha zarur mahsulot turlari bilan o‘zini o‘zi
ta’minlaydigan xo‘jalik. Bunday xo‘jalikda importga ko‘z tikilmaydi. 1934—
1935-yillarda Italiyada tashqi savdoda davlat monopoliyasi joriy etilganligi
ham shu bilan izohlanadi.
Qishloq xo‘jalik mahsulotlari importiga qaram bo‘lib qolmaslik maqsadida
davlat qat’iy belgilangan narxlarda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotib
Ichki siyosat
71
oladigan bo‘ldi. Bu esa dehqonlarni mahsulot sotishning kafolatlangan bozori
bilan ta’minladi. Ayni paytda o‘n minglab dehqon xo‘jaliklarini inqirozdan
saqlab qoldi.
1937-yilga kelib Italiya industrial-agrar davlatga aylandi. Biroq, baribir, u
iqtisodiy taraqqiyotning asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha boshqa rivojlangan
davlatlar — AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyadan orqada
qolaverdi.
30-yillar davomida siyosiy hayotda ham totalitar
diktatura to‘la qaror topdi. Demokratiyaning barcha
ko‘rinishlari, jumladan, parlament ham tugatildi.
Parlament o‘rniga fashistlar partiyasi va
korporatsiya vakillari palatasi tuzildi. Uning deputatlari davlat tomonidan
tayinlanadigan bo‘ldi va fashist partiyasi davlat tizimi bilan qo‘shilib ketdi.
Partiya davlat xizmatini bajaruvchi fuqaro militsiyasiga aylandi.
Ommaviy axborot vositalari to‘la fashist davlati xizmatiga bo‘ysundirildi.
Oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari B. Mussoliniga — Duchega sodiqlikka
qasamyod qildirildi. Barcha vositalar yordamida fashist mafkurasi ommaga
singdirildi.
B. Mussolini ilohiylashtirildi. U o‘zining nutqlarida fashizm demokratiya
tufayli buzilgan Yevropani yangilaydi va sog‘lomlashtiradi, deb qayta-qayta
uqtirar edi. Yosh avlod fashistlarning bolalar va o‘smirlar tashkilotlariga
jalb etildi.
Mussolini tashqi siyosatining asosiy maqsadi Buyuk
Italiya davlatini barpo etish orzusiga bo‘ysundirilgan
edi. Bu davlat butun O‘rta dengiz bo‘ylarini
o‘z ichiga olishi va u Buyuk Italiyaning ichki dengiziga aylanishi hamda
Qadimgi Rim imperiyasi tarkibiga kirgan barcha hududlarni birlashtirishi
lozim edi.
1923-yilda Italiya Gretsiyaga qarashli Korfu orolini bosib oldi. Biroq
Buyuk Britaniyaning talabi bilan orolni tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.
1924-yilda Yugoslaviyaga qarashli Fiuma porti Italiyaga o‘tdi. Italiya shu yili
Sovet Rossiyasini tan oldi va u bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi.
1927-yilda Albaniya ustidan amalda o‘z protektoratini o‘rnatdi. 1935-yil
3-oktabrda 600 ming kishilik Italiya armiyasi Efiopiyaga bostirib kirdi. 1936-
yil may oyiga kelib Efiopiyani bosib olish nihoyasiga yetdi. Shu yil yozida
Italiya armiyasi Ispaniyada fashistik diktatura o‘rnatish uchun general Frankoga
yordamga yuborildi. Chunki Gitler Frankoni qo‘llab-quvvatlar edi. Shu tariqa
Germaniya bilan yaqinlashuv boshlandi.
1937-yilda u Germaniya va Yaponiya o‘rtasida imzolangan «Antikomintern
pakti» ga qo‘shildi. B. Mussolini bu paktni butun Yevropa uning
atrofida birlashsa arziydigan ahdnoma, deb atadi. Ushbu bitimga ko‘ra,
Germaniya Italiyaning Efiopiyani bosib olganligini tan oldi. 1939-yil aprelda
Italiya Albaniyani butunlay bosib oldi.
Mamlakatda totalitar
diktaturaning qaror
topishi
Mussolinining tashqi
siyosati
72
Shu tariqa fashistik davlatlar o‘zlarining bosqinchilik siyosatlari bilan
Ikkinchi jahon urushini tobora muqarrar qilib qo‘ydilar.
Ispaniya
Ispaniya Birinchi jahon urushida betaraf qoldi.
Bu hol unga urushayotgan har ikki harbiy-siyosiy
ittifoqqa kiruvchi davlatlar bilan muvaffaqiyatli
savdo-sotiq munosabatlarini amalga oshirishga
imkon berdi. Eksport hajmi import hajmidan yuqori bo‘ldi. Buning natijasida
mamlakat oltin zaxirasi 4 baravar ko‘paydi.
Urush yillarida harbiy buyurtmalar salmog‘ining oshishi, o‘z navbatida,
sanoatdagi ayrim tarmoqlarning gurkirab rivojlanishini ta’minladi. Shunday
bo‘lsa-da, Ispaniya, baribir, kam taraqqiy etgan, agrar-industrial davlat bo‘lib
qolaverdi. Mamlakat qishloq xo‘jaligida o‘rta asrchilik munosabatlarining
qoldiqlari hamon kuchli edi. Barcha yer maydonining uchdan ikki qismi
yirik yer egalari va mamlakat hayotida katta ta’sirga ega bo‘lgan katolik
cherkovi ixtiyorida edi. Millionlarcha dehqon xo‘jaliklariga esa atigi uchdan
bir qism yer tegishli edi.
Yersizlar ham ko‘p bo‘lib, ular asoratli shartlar asosida yerni ijaraga
olardilar. Qishloq xo‘jaligida mehnat unumdorligi juda past bo‘lgan.
Mamlakat iqtisodiyotining ahvoli chet el kapitali kiritilishiga sezilarli darajada
bog‘liq edi. Chunonchi, sanoatga joylashtirilgan chet el kapitalining
54 foizi ingliz, 34,5 foizi fransuz kapitali edi. Ispaniya taraqqiyotining bunday
orqada qolishi o‘rta asrchilik tartiblari hamon kuchli darajada saqlanib
qolayotganligi bilan izohlanar edi.
Katta yer egalari hamda ularning tayanchi bo‘lgan armiya va katolik
cherkovi o‘zlarini asrlar davomida qaror topgan tartiblar qo‘riqchisi, deb
hisoblardi. Shuning uchun ham yangilikka bo‘lgan har qanday intilishlarni
mamlakat milliy manfaatiga solinayotgan tahdid, deb qabul qildilar. Ayni
paytda ularni yo‘qotish uchun barcha vositalarni ishga soldilar. Mamlakatda
harbiylarning o‘rni tobora ortib bormoqda edi. Vujudga kelgan «harbiy
xuntalar» (harbiylar to‘dasi) XX asrda mamlakat siyosiy hayotiga tez-tez
aralashib turish quroliga aylangan.
Ispaniya urush harakatlarida qatnashmagan bo‘lsa-
da, urush mamlakat aholisi turmush darajasini
og‘ir ahvolga solib qo‘ydi. Chunonchi, oziq-ovqat
mahsulotlarining narxi 65 foizga ortdi. Inflatsiya kuchaydi va real ish haqi
kamaydi. Buning oqibatida 1917-yil 13-avgustda mamlakatda yalpi siyosiy
ish tashlash ro‘y berdi. Namoyishchilar monarxiyani tugatishni, Ta’sis Majlisi
chaqirishni va Respublika hukumatini tuzishni talab qildilar. Ish tashlash
shiddatli ko‘cha janglariga aylanib ketdi. Hukumat mamlakatda qamal e’lon
qildi va armiyaning kuchi bilan tartib o‘rnatdi.
Birinchi jahon
urushining
Ispaniyaga ta’siri
Harbiy fashistik
diktatura o‘rnatilishi
73
1918—1920-yillarda Ispaniyada inqilobiy harakat to‘lqini yanada
kuchaydi. Bu hol hukmron doiralarni sarosimaga solib qo‘ydi. Shu yillar
davomida hukumat 8 marta almashdi. Hukumat yetilgan dolzarb ijtimoiy
muammolarni hal etishga ojizlik qildi. Vujudga kelgan bu ahvol mamlakatda
harbiy diktatura o‘rnatilishi xavfini tug‘dirdi.
Hukumat ijtimoiy harakatni bostirish uchun qanchalik harakat qilmasin,
baribir, qator talablarni bajarishga majbur bo‘ldi. Chunonchi, 1920-yilning
aprel oyidan boshlab 8 soatlik ish kuni joriy etildi. Ish haqi oshirildi, bolalar
mehnati taqiqlandi. Qarilik va nogironlik sug‘urtalari joriy etildi.
Ayni paytda hukmron doiralarning qo‘llab-quvvatlashi natijasida ispan
fashistlari o‘z qurolli tashkilotlarini tuza boshladilar. Ularning asosiy vazifasi
xalq harakatini bostirish edi. Hukumatning shafqatsiz terrori tufayli 1921-
yilga kelib ijtimoiy harakatning pasayishiga erishildi. Biroq bu hol ko‘pga
cho‘zilmadi. Mustamlakalarda ham harakat kuchaydi. 1921-yilning iyunida
hukumat Ispaniyaning mustamlakasi — Marokashda boshlangan milliyozodlik
harakatini bostirish uchun armiya yubordi. Biroq Ispaniya armiyasi
tor-mor etildi hamda 25000 jangchi asirga tushib qoldi. Bu mag‘lubiyat
mamlakatda urushga qarshi harakat boshlanishiga turtki bo‘ldi. Norozilik
hatto armiya ayrim qismlarida ham ro‘y berdi.
1922—1923-yillarda ish tashlash harakati yana kuchaydi, hukumat terrorni
to‘xtatishga hamda xuntalarni tarqatib yuborish to‘g‘risida qonun qabul
qilishga majbur bo‘ldi.
Ayni paytda, 1923-yil aprelida parlamentga qayta o‘tkazilgan saylovda
Liberal partiya g‘alaba qozondi. Siyosiy voqealarning bu tarzda rivojlanishi
qirol saroyini, hukmron doiralarni tashvishga solib qo‘ydi va ular o‘z
hokimiyatini mamlakatda harbiy diktatura o‘rnatish yo‘li bilan saqlab
qolishga qaror qildilar.
Natijada 1923-yilning 13-sentabrida Kataloniya harbiy okrugi qo‘mondoni
general Primo de Rivera tomonidan davlat to‘ntarishi amalga oshirildi.
Hokimiyat harbiy direktoriya qo‘liga o‘tdi. Shu tariqa Ispaniyada harbiyfashistik
diktatura o‘rnatildi (1923—1930).
Primo de Rivera 1924-yilda «Vatanparvarlik ittifoqi» deb nomlangan
Dostları ilə paylaş: |