Shaxslararo munosabatlar psixodiagnostikasi


Muomalaning turli vositalarini diagnostika qilish



Yüklə 209 Kb.
səhifə3/11
tarix11.12.2023
ölçüsü209 Kb.
#144733
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Shaxslararo munosabatlar psixodiagnostikasi

3. Muomalaning turli vositalarini diagnostika qilish

Agar muloqot jarayonini yaxlit bir faoliyat sifatida undagi asosiy maqsad – muomalaga kirishgan shaxslarning umumiy muammolarini yechish bo’ladigan bo’lsa, muloqotning tashabbuskori bo’lgan shaxsning ta’siri qanchalik adresatga – ta’sir yo’naltirilgan kimsaga yetib borishi katta amaliy ahamiyatga ega. Shuning uchun ham olimlar muloqotning samaradorligi ko’proq qaysi vositalarga bog’liqligiga qiziqadilar. Amerikalik olim Megrabyanning ma’lumotlariga ko’ra, birinchi uchrashuvda biz boshqalardan kelayotgan noverbal signallarga 55%ga ishonamiz, ulardan ta’sirlanamiz; 38% – paralingvistik va 7%gina nutqning bevosita mazmuniga ishonamiz. Shuning uchun ham obrazli tarzda “Kiyimga qarab kutib olinadi, aqlga qarab kuzatiladi” deyiladi. Keyingi uchrashuvlarda bu mutonosiblik, tabiiy, o’zgaradi.
Albatta, paralingvistik hamda noverbal vositalarning muloqatdagi o’rni va ulushi masalasi suhbatdoshlarning yosh, jins, kasb, hattoki, milliy xususiyatlariga bog’liq. Masalan, boshqa bir amerikalik olim Argayl turli millatlar vakillari muomalasida qiliqlar va qo’l harakatlarining kuchi va takrorlanishini o’rgangan. Ma’lum bo’lishicha, 1 soat mobaynida finlar bir marta qiliq qilarkan, italiyaliklar – 80 marotaba, fransuzlar – 20 va meksikaliklar 180 marta. Demak, har bir xalq vakilining asriy udumlari, rasm-rusmlari, odatlari va emosionalligiga qarab qiliq va harakatlar ma’lum o’rin egallar va bu narsa o’z navbatida muloqotni kuchaytiradi, uni boyitadi.
Muloqot jarayonida suhbatdoshlarning fazoviy joylashishlari hamda vaqt mezonlari amaliy ahamiyatga ega. Masalan, yuzma-yuz turib gaplashish, telefon orqali yoki qichqirib gapirishdan farq qiladi. Yoki muloqotning vaqt mezonlari ayniqsa diplomatik uchrashuvga o’z vaqtida kelish va unda odob-axloqqa qat’iy rioya qilish yoki aksincha, sherikni hurmat qilmaslik, uchrashuvga kechikib kelish, uzoqdan turib gaplashish, iyaklarni tepaga qaratib, kibor bilan gapni boshlash, muzokaralarning har bir sekundi o’ziga xos ma’no va mazmun kasb etadi va mos tarzda sharxlanadi.
Yuqorida ta’kidlangan holatlar psixologiyadagi maxsus bo’lim – proksemika tomonidan o’rganiladi. Bu yo’nalishning asoschisi amerikalik E.Xoll bo’lib, uning o’zi proksemikani “fazoviy psixologiya” deb atagan. Masalan, u amerikaliklarga xos bo’lgan suhbatdoshning sherigiga nisbatan fazoviy joylashuvi xususiyatlarini aniqlab, muloqotning turli sharoiti va shakliga qarab, fazoviy yaqinlashuvning o’rtacha qiymatini aniqlagan:

  • intim (yaqin) masofa – 0-45 sm;

  • personal (shaxsiy) masofa – 45-120 sm;

  • ijtimoiy masofa – 120-400 sm;

  • ommaviy masofa – 400-750 sm.

Har bir masofa o’ziga xos muloqot vaziyatlariga mos. Vaqt va fazo bilan bog’liq aloqalarning o’ziga xos majmui xronotoplar deb ataladi. Amaliyotda “kasalxona palatasi xronotopi”, “vagon yo’lovchilari xronotopi” va boshqalar aniqlangan.
Muloqotda suhbatdoshlarning ko’z qarashlari – vizual kontaktlari ham katta ahamiyatga ega. Vizual kontakt – bu qarashlar soni, ularning uzoqligi, qarashlardagi statika va dinamik almashinuvlar, ko’z olibqochishlar va boshqalardir. Argayl shulardan kelib chiqib, “yaqinlik (intimlik) formulasi”ni ishlab chiqqan va bunda intimlilik darajasi suhbatdoshlarning o’rtasidagi masofaga va ko’z qarashlarga bog’liqligini isbotlagan. Chunki ko’z qarashlar suhbatdoshning muloqotga tayyorligi, uni davom ettirish kerak yoki kerak emasligi haqida ma’lumot berib, suhbatning yo’nalishini belgilaydi.
Yana bir muhim ta’sirchan belgilar majmuini o’ziga mujassam etgan soha – bu yuzimizdir. Ilmiy adabiyotda yuz qiyofasining 2000 dan ziyod qirralari aniqlangan. Ularni ma’lum tartibda tizimga solish uchun P. Ekman “FAST” – Facial Affect Scoring Technique deb nomlangan metodikani ham taklif etgan. Unga ko’ra yuz uch zonaga bo’linadi: I – ko’z va peshona, II – burun va burun oldi, III – og’iz va iyak zonasi. Ularning har birida turlicha bo’ladigan 6 xil emosional holatlar ajratiladi – quvonch, jahl, hayrat, qo’rquv, g’am va nafrat.
Jon Chestara o’zining “Delovoy etiket” nomli kitobida (M.,1997) muloqot jarayonida namoyon bo’ladigan va aniq ma’no va mohiyat kasb etadigan noverbal qiliqlarga tasnif bergan.


  1. Agar suhbatdoshingiz barmoqlari bilan stolni tinmay chertayotgan bo’lsa, demak, u betoqat, yoki unga siz bilan suhbatlashish zerikarli, shuning uchun u asabiylashmoqda.

  2. Agar suhbatdosh yelkalarini qisayotgan bo’lsa, demak, uni siz bilan bo’lgan suhbat befarq qoldirdi, unga baribir.

  3. Agar u qo’l barmoqlarini qisayotgan bo’lsa, demak, u nimadandir juda xavotir, o’zini himoyasiz his qilmoqda.

  4. Suhbatdoshning qo’llarini musht qilib turishi undagi vajohat belgisi, lekin u bu holatni, badjahllikni nazorat qilmoqchi.

  5. Agar suhbatdoshning qo’llari behol bo’lib, kaftlari yuqoriga qaratilgan tarzda oldinga intilgan bo’lsa, demak, u nimadandir taajjubda, tashvishda, qiyinchilikda.

  6. Agar sherigingiz kostyumining tugmalarini yechsa, demak, u faollikga hozirlangan bo’ladi.

  7. Qo’llar ko’krakda bog’langan bo’lsa, bu uning chaqirigi, nimanidir muhokama qilishga tayyorligi ramzi.

  8. Agar odam tez yurib borayotib, iyaklarini ko’targan holda qo’llarini erkin tashlab qo’ygan bo’lsa, demak, u o’ziga ishonadi, u – qat’iyatli.

  9. Odam ketayotganda, ikki quli cho’ntakda, boshi egik bo’lsa, demak uning ruhi tushgan, xafa, depressiya holatida bo’ladi.

  10. Qo’l kaftlarining chakkaga qo’yilganligi uning nimagadir juda hayratlanib, qiziqayotganligining belgisidir.

  11. Agar suhbatdosh qo’l mushti bilan o’zining iyagiga urayotgan bo’lsa, u nimanidir aniqlamoqchi, tashvishda bo’ladi.

  12. Agar odam burniga tegib, yoki uni ishqalayotgan bo’lsa, demak, u nimanidir ustida o’ylamoqda.

  13. Agar suhbatdosh qo’lini beliga tirab olgan bo’lsa, demak, u o’zining ustunligini bildirib, ochiq gaplashib olishga chaqirayotgan bo’ladi.

  14. Agar qo’llarining uchlarini birlashtirib “uycha” shaklini eslatayotgan bo’lsa, bu – uning nimanidir o’ylayotganligi yoki nimagadir qiziqayotganligi ramzidir.

  15. Agar siz gapirayotganingizda suhbatdosh boshini yonbosh qilib tinglasa, demak, u jiddiy emas, hazilga moyil.

  16. Agar suhbatdosh ko’z oynagini burun ustiga tushirib, tepasidan qarasa, bu uning sizdan ko’proq ma’lumotlarni kutayotganligi belgisidir.

  17. Odam u yoqdan bu yoqqa borib kelayotgan bo’lsa, demak, u nimadandir tashvishda, asabiylashmoqda.

  18. Agar odam qansharini bosayotgan bo’lsa, demak, u charchagan (agar ko’zoynagi qismayotgan bo’lsa).

  19. Agar odam stulning qirg’og’iga o’tirib olgan bo’lsa, bu yo sabrsizlik bilan kutayotganligi, yoki nimagadir qiziqish bildirayotganligi ramzidir.

  20. Odam oyoqlarini bir-birining ustiga qo’yib olib, oyog’ini yengil tebratayotgan bo’lsa, demak, u zerikmoqda.

  21. Agar odam ko’rsatgich barmog’i bilan o’qtalib, o’ziga xos tarzda harakat qilayotgan bo’lsa, u o’z qarashini ta’kidlamoqchi.

  22. Agar odam oyoqlarini xontaxta yoki stol ustida ustma-ust qo’yib o’tirgan bo’lsa, u boshqalarda o’ziga xos taassurot qoldirmoqchi, o’zining tobe emasligini ko’rsatmoqchi.

  23. Agar odam o’zini orqaga tashlab, qo’llarini bir-biriga bog’lab, bo’ynida ushlagan bo’lsa, demak, u dam olmoqchi, va boshqalarda taassurot qoldirmoqchi.

  24. Gapirayotgan paytida og’zini berkitishi, uning “tushunishingiz shart emas” degani.

Odamning bir qo’lini orqaga qilib, boshqa qo’li bilan tirsagini ushlab turishi, uning tajangligi va birov bilan gaplashish xohishi yo’qligini bildiradi”.


Shunday qilib, biz odatiy, tabiiy deb idrok qiladigan faoliyatimiz bo’lgan – muloqotda ham ko’plab sirlar va o’ziga xos nozik tomonlar borki, ularning barchasi bizdan muloqotdagi bilimdonlikni va o’zgalarga va o’zimizga e’tiborliroq bo’lishimizni talab qiladi.


Yüklə 209 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə