Texnika falsafasi



Yüklə 3,24 Mb.
səhifə22/75
tarix23.12.2023
ölçüsü3,24 Mb.
#155246
növüУчебник
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   75
Техника фалсафаси.23-24

Animistik madaniyatda odamlarning murakkab “texnik” harakatlari bir maqsad – ruhlarning jonlarini turish va yurishga da’vat etish, majburlashga xizmat qilgan. Arxaik odam o‘z harakatining biron-bir natijasini payqaganida, buni u mazkur harakat jonlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan tushuntirgan. Shu ma’noda, qadimgi texnologiyalarning barchasi magik va sakral, ya’ni insonga yordam beruvchilarning jonlari yoki xavfli jonlarga ta’sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan. Aytishlaricha, qadimgi texnologiyalar ehtiyoj va kuzatishlardan paydo bo‘lgan. Bunda ehtiyoj animistik nuqtai nazardan, ya’ni jonlar beradigan imkoniyat sifatida, animi-stik nuqtai nazardan anglab yetilgan kuzatish, ya’ni jonga ta’sir ko‘rsatish nuqtai nazaridan samarali bo‘lgan harakatni kashf etish sifatida tushuniladi.
Shunday qilib, hozirgi davr nuqtai nazaridan haqiqiy qadimgi texnologiya bo‘lib ko‘rinadigan narsa arxaik odam uchun sakral mavju-dotlarning jonlariga ta’sir ko‘rsatish usuli bo‘lgan.
Qadimgi podsholiklar madaniyati: texnikaning shakllani-shi. Qadimgi Misr, Shumer va Bobil, qadimgi Hindiston va Xitoy hozirgi sivilizatsiyaning “beshigi” bo‘lgan, desak, aslo adashmaymiz. Ayni shu – miloddan avvalgi 5-6 ming yillikdan miloddan avvalgi 2-1 ming yillikkacha bo‘lgan davrda ulkan imperiya va davlatlar, ajoyib san’at, texnika, yozuv, matematika va astronomiya elementlari, falsafa kurtaklari paydo bo‘lgan. Qadimgi podsholiklar madaniyati zaminida uning mavjudlik davri oxiriga kelib yangi madaniyat o‘choqlari vujudga kelgan va keyingi davrlarda antik madaniyat ham, insonga shaxs sifatida yondashishga asoslangan yangicha dunyoqarash ham ulardan bahra olgan.
Qadimgi podsholiklar davrining odamlari xudolarga ishonadi, lekin bular endi arxaik madaniyat davrining qudratli ruhlari emas, balki haqiqiy xudolardir. Bir qarashda, qadimgi podsholiklar davriga ko‘p narsalar, chunonchi: jonlar, iblislarga ishonish, qurbonlik qilish va duo o‘qish, tabiiy hodisalarni ruhan to‘g‘ri, bundan oldingi davrlardan o‘tgandek bo‘lib tuyulishi mumkin. Ko‘p narsalar o‘tgan, lekin ularning hammasi qadimgi podsholik davri madaniyatida yangicha tushunilgan. Bir tomondan, ko‘pgina xudolar avvalgidek tabiiy hodisalar hisoblanadi, bular – quyosh, oy, okean, osmon, yer, olov va h.k. Ammo boshqa tomondan – xudolar qudratli ruhlar emas, balki podsholar, hokimlar, bosh kohinlarni eslatuvchi ilohiy mavjudotlar. Ular davlat va xalq boshqaruviga rahbarlik qilayotgan odamlarga o‘xshab ketadi. Bu davr xudolarining podsholar va hokimlar bilan o‘xshashligiga ularning kasb-kori va ishlari bilan urg‘u beriladi. Xudolar ham, qadimgi podsholiklarning podsholari va hokimlari yoki kohinlari kabi, inson faoliyatining muayyan sohalari uchun javob beradilar. Masalan, ayrim xudolar butun xalq taqdirini kuzatib borsalar, ba’zilari shahar taqdirini, biron-bir kasb-kor yoki ishlab chiqarish taqdirini nazorat qiladi-lar. “Taqdir” – davrning ancha muhim tushunchasi, u xudolarning vazifalarini mustahkamlaydi. Shumer-Bobil madaniyati tadqiqotchi-si I.S.Klochkov: “Dunyodagi hamma narsaning – xudolarning ham, har qanday tabiiy yoki ijtimoiy hodisaning ham, nihoyat, har bir insonning ham o‘z taqdiri bor”, – deb yozadi. – “Xudoning taqdiri uning vazifalarini, “faoliyat sohasi”ni, kuch-qudrati darajasini va xudolar ierarxiyasidagi o‘rnini belgilaydi: kimdir quyosh xudosi bo‘ladi, kimningdir peshonasiga g‘isht quyish uchun qoliplarni nazorat qilish yoziladi. Tabiiy hodisalar u yoki bu xudoning manifesti sifatida idrok etilgan; bu hodisalardan har birining taqdiri, tegishli xudoning ham taqdiri bo‘lgan (masalan, momaqaldi-roqning “tabiati” o‘sha davr xudolaridan biri – Adadning taqdiri sifatida idrok etilgan)”3.
Avvalgi madaniyat tasavvurlaridan muhim farqi shundan iboratki, xudolar va odamlar o‘zlari uchun belgilangan vazifalarni bajarish bilan bir vaqtda hayotning o‘zini, tinchlik va dunyodagi tartibni ham bahamjihat asraydilar. Arxaik madaniyat odami ruh-larga qaram bo‘lgan, lekin yer va osmondagi hayot hamda tartib uchun ular bilan birga javob bermagan. Qadimgi podsholiklar madaniyati-da vaziyat butunlay boshqacha: xudolar uzil-kesil belgilangan qonun-larning ijro etilishini kuzatib borishi lozim, inson esa bu ishda xudolarga madadkor. Bobil dinida inson o‘zining ozijligiga qaramay, doim diqqat-markazda turadi. Koinot kuchlari timsoli sanalgan “buyuk xudolar” doim odamlarning kundalik ishlariga aralashadi: ularni ogohlantiradilar, jazolaydi, qutqaradi va taqdirlaydi4. Qadimgi podsholiklar madaniyatining odami bu dunyo tartib, taqdir, xudolar, qonun bilan saqlanishiga ishonadi. Ularning tirik timsoli – podsho yoki bosh kohin. Bu zotlar foniy dunyoni ilohiy dunyo bilan bog‘laydilar; podsho va kohinlar qonuniy tartibni saqlaydilar, qurbonlik qilish masalalarini tartibga soladilar. Toki xudolarga qurbonlik qilib, belgilangan qonunlarga rioya etilar, podsho va kohinlarga izzat-ikrom ko‘rsatilar, ularning hukmi so‘zsiz bajarilar ekan, dunyo mavjud bo‘ladi, mazkur bo‘g‘inlarning bittasi uzilsa ham dunyo halok bo‘ladi. O‘z-o‘zidan ravshanki, qadimgi madaniyatlarning har biri (Misr, Bobil, Hindi-ston, Xitoy)da bu dunyoqarash o‘ziga xos, betakror shakl-shamoyillar kasb etgan.
Qadimgi podsholiklar madaniyatida hayot va tartibni saqlashda odamlar hamda xudolar birgalashib ishtirok etishi haqidagi tasavvur miflar va sakral rivoyatlar yordamida mustahkamlangan. Ularning “ssenariysi”ni muxtasar tarzda quyidagicha tavsiflash mumkin: xudolar dunyo va tartibni yaratish uchun o‘z hayotlarini tikkanlar, buning evaziga odamlar xudolarga qurbonlik keltirishlari va ular belgilagan qonunlarni bajarishlari lozim.
Agar o‘rnatilgan tartib biror sababga ko‘ra buzilsa, bu holat xudolar qahri sifatida idrok etilgan. Shu tufayli buzilgan tartibni qanday bo‘lmasin tiklashga harakat qilganlar. Bu sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, fan, huquq unsurlari, astronomiya, san’at paydo bo‘lgan.
Ma’lumki, katta davlatlar armiya, xo‘jalik-ishlab chiqarish faoliyati, tashkillashtirish va boshqaruvsiz mavjud bo‘la olmaydi. Qadimgi podsholiklar madaniyatida inson faoliyatining mazkur uch sohasi vujudga kelgan. Bunga yangi semiozisning shakllanishi imkoniyat yaratgan. Ijtimoiy-madaniy nuqtai nazardan bu davrning eng muhim xususiyati yirik jamoalar (armiya, qullar, dehqonlar) faoliyatini tashkillashtirish va faoliyatning yuqorida ko‘rsatilgan uch sohasida yuzaga keluvchi boshqa murakkab vazifalarni hal qilish imkoniyatini beruvchi belgilar (sonlar, chizmalar, hisoblash algoritmlari) tizimlarining yaratilishi hisoblanadi. Quyosh yoki Oy tutilishiga doir hisob-kitoblar, sayyora va yulduzlarning paydo bo‘lishi yoki yo‘qolishi osmon xudolari hayotining tavsifi sifatida tushunilgan. Sonlar, chizmalar, hisoblash algoritmlaridan texnik faoliyat doirasida ham, chunonchi: ibodatxonalar, saroylar, boshqa me’morlik va xo‘jalik inshootlarini qurishda (rejalar, tarixlar, qurilish uchun zarur materiallarning hisob-kitoblari, propor-sionallashtirish), kemasozlikda (sxemalar, proporsionallashtirish, tryum hajmlarining hisob-kitobi), hunarmandchilik faoliyatining ayrim turlarida foydalanilgan.

Yüklə 3,24 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   75




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə