Xorazm, qang‘, davan davlatlari. Reja



Yüklə 317,49 Kb.
səhifə5/7
tarix21.10.2023
ölçüsü317,49 Kb.
#130607
1   2   3   4   5   6   7
13. XORAZM, QANG‘, DAVAN DAVLATLARI.

10.2. Qang‘ davlati.

Antik davr O‘zbekiston hududlarida taraqqiy etgan davlatlardan biri – Qang‘ davlatidir. Qadimgi Xitoy manbalarida Qang‘ davlati mavjud bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlar mil.avv. II asrga to‘g‘ri keladi. Qang‘ davlati mil. avv III asrning boshlarida paydo bo‘ladi. Yunon–Baqtriya davlati va qo‘shni ko‘chmanchi qabilalar bilan bo‘lgan kurashlar natijasida Qang‘ davlati yanada mustahkamlanadi hamda manbalarda O‘rta Osiyodagi yirik davlatlardan biri sifatida tilga olinadi. Davlatning nomi “qang‘”, “qang‘ar”, “qang‘uy” deb nomlanuvchi qabilaning nomidan olingan bo‘lib, etimologiyasi munozarali hisoblanadi.


Qang‘ davlati asosini tashkil etgan qabilalar Sirdaryoning o‘rta va quyi oqimlarida istiqomat qilganlar. Davlat tashkil topgan dastlabki davrda uning hududiy asosini Toshkent vohasi tashkil etgan. Tashqi harbiy hujumlar tufayli Qang‘ davlati nafaqat mustahkamlanib oladi, balki o‘z chegaralarini ham kengaytirib boradi. Ya’ni, mil.avv. II va milodiy I asrda Qang‘ davlatining hududi ancha kengayib Toshkent vohasi, O‘rta Sirdaryo yerlari, Talas vodiysi va Chu daryosining quyi oqimidagi yerlarni o‘z ichiga olar edi.
Qang‘ davlati haqida bizgacha yetib kelgan manbalarda bu davlat hokimiyati qanday idora qilingani, boshqaruv tartibi va shakllari haqida aniq ma’lumotlar saqlanib qolmagan. Katta Xan sulolasi tarixida (mil. avv. 202–mil. 25 yy) Qang‘ podshosi o‘z oqsoqollari bilan maslahatlashib ish tutganligi haqida ma’lumot beriladi. Bundan xulosa chiqargan tadqiqotchilar o‘sha davrda tashkil topgan Qang‘ davlatida kengash muhim rol o‘ynaganligini, davlat kengashida qabila boshliqlari, harbiy sarkardalar faol qatnashganliklarini hamda ularning fikri hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lganligini ta’kidlaydilar. Demak, o‘sha davrlarda podsho saroyi qoshida kengash mavjud bo‘lib, podshoning ichki hamda tashqi siyosati va boshqa barcha davlat ishlari va boshqaruvi bilan bog‘liq masalalar ana shu kengash yig‘ilishida hal qilingan.
Qang‘ davlatiga qarashli yerlar bir nechta viloyatlarga (yoki mulklarga) bo‘lingan bo‘lib, ularning har birini jobg‘u yoki yobg‘u (qad. Xitoy manbalarida – chjaovu) deb nomlangan xokimlar boshqargan. Jobg‘ular mamlakat boshqaruvida Qang‘ podsholarining asosiy tayanchi hisoblangan. Jobg‘ular podsholarga yaqin kishilardan, ularning qarindoshlaridan, yirik urug‘–qabila boshliqlaridan tayinlangan.
Siyosiy tuzilma sifatida Qang‘, ehtimol, mil. avv II asrgacha shakllangan ko‘chmanchi va yarim o‘troq qabilalarning Qang‘ yo‘lboshchilari qo‘l ostida birlashtirilgan turli–tuman ittifoqlaridan iborat bo‘lgan. Dastlab u uncha katta bo‘lmagan qabilalar ittifoqidan iborat bo‘lib, janubda yuechjilar hokimiyatiga bo‘ysunsa, sharqda xunnlarga qaram edi. Ammo, mil.avv. II–mil. II asrda asta–sekinlik bilan u qudratli davlatga aylanadi. Bu davrda Qang‘ davlati manbalarda 120 ming deb ko‘rsatiluvchi kuchli qo‘shinga ega bo‘lgan va qo‘shni Xitoyga nisbatan g‘oyatda mustaqil siyosat olib borgan.
Arxeologik manbalarning guvohlik berishicha, Qang‘ qo‘shinlaridagi otliq suvoriylar yuechji suvoriylari kabi yupka shaklidagi burmali sovut, ko‘krakka taqiladigan qalqon kiyishgan. Baland po‘lat yoqalar ularning bo‘ynini himoya qilsa, dubulg‘alar boshni omon saqlagan. Qurollardan qilichlar, nayzalar, jangovar boltalar, kamon va o‘qlar keng tarqalgan edi. Har bir bo‘linma ajdar shaklidagi o‘zining maxsus tug‘iga ega bo‘lgan. Demak, Qang‘ davlati qo‘shinlarida qurollanish va harbiy san’atga alohida e’tibor berilgan.
Katta Xan sulolasi tarixida «qang‘lilar mamlakati podshosining turar joyi Loyuenidagi Bityan shahrida» deb ma’lumot beriladi. Boshqa tarixiy manbalarda Loyueni nomi uchramaydi. Binobarin, uning qaerda joylashganligi aniqlanmagan. Olimlar Bityan shahrini Toshkent vohasida joylashgan deb hisoblaydilar. Chunki tarixiy manbalarda aytilishicha, Yaksart–Sirdaryo bo‘yida qadimgi Kanha – Kanka shahri xarobalari joylashgan. Uzoq yillik arxeologik tadqiqotlar olib borish natijasida Kanxa shahri mil.avv. III–II asrlarda paydo bo‘lganligini aniqlandi. Demak, manbalarda eslatilgan Bityanning tashkil topgan vaqti Kanka shahri paydo bo‘lgan davrga mos keladi. Bu nomlar bitta shaharning ikki xil nomlanishidir. Ushbu shahar Sirdaryoning o‘ng irmoqlaridan biri Ohangaronning quyi oqimida (hozirgi Toshkent vil. Oqqo‘rg‘on tumani hududida) joylashgan.
Kanka haqida dastlabki ma’lumotlar Avestoning eng eski qismlari bo‘lgan Yashtlarda Turon qabilalarining turar–joylari sifatida eslatiladi. Sosoniylar davri (224–651 yy.) manbalarida bu shahar «Qandesh» yoki «Qandiz» shaklida tilga olinadi. Shuningdek, Firdavsiyning «Shohnoma» asarida ham Kanka shahri bir nechta marta tilga olinadi. Undan tashqari o‘rta asrlar geograflari asarlarida bu ko‘hna shahar «Kenkrak», «Xarashkent», «Tarband» nomlari bilan eslatib o‘tiladi.
Yuqorida eslatilgan Katta Xan sulolasi tarixida «Qang‘ podshosining yozgi qarorgohi Loyuenidan yetti kun yo‘l yurib boriladigan yerda joylashgan» degan ma’lumot beriladi. Shi–gu solnomalarida ta’kidlanishicha «Qang‘ hokimi qishda (sovuqda), yozda (issiq paytlarda) bir yerda yashamas edi». Bu bilan bu fasllarda ularning turar–joylari boshqa –boshqa yerda bo‘lishi o‘qtirib o‘tiladi. Keltirilgan axborotdan Qang‘ davlati o‘sha davrlarda (mil.avv. III–I, mil. I–Vasrlar) asosan yarim o‘troq qabilalar davlati ekanligini tushunib olish qiyin emas. O‘troq aholidan tashqari Qang‘ davlatining chegarasida bir qancha qabilalar mavjud bo‘lib, ular dehqonchilik bilan bir qatorda chorvachilik bilan ham shug‘ulllanib kelganlar. Ular bahor va yoz oylarida o‘z chorvalari bilan ko‘chib yozgi yaylovlarda yashaganlar. Qishda esa an’anaviy qishlov joylariga ko‘chganlar.
Antik davrda Qang‘ podsholarining yozgi qarorgohlari an’anaviy qishlov joylaridan shimolda o‘rta asrlardagi O‘tror shahri o‘rnida hozirgi Qozog‘istonnig Aris va Turkiston shaharlari o‘rtasida joylashgan. Keyinroq ham, ya’ni, ilk o‘rta asrlar davriga kelib yarim mustaqil Choch hukmdorlari O‘trorni o‘z qo‘llarida saqlab qolganlar. Bu shahar ularning yozgi qarorgohi hisoblangan.
Mil.avv. II–I asrlarga kelib Qang‘ davlati kuchayishi natijasida bir qancha viloyatlar unga tobe etiladi. Xitoy solnomalarida qang‘lilarga tegishli qo‘yidagi beshta viloyatlar haqida ma’lumotlar mavjud: Suse (Susye), Fumu, Yuni, Gi, Yuegyan. Ushbu viloyatlarning qaysi hududlarda joylashganligi haqida tadqiqotchilar orasida yagona fikr yo‘q. Ayrim tadqiqotchilar (V. V. Bartold, M. Ye. Masson, S. P. Tolstov) Suseni–Kesh (Shaxrisabz), Fumuni–Zarafshondagi Kushoniya, Yunini–Toshkent, Gini–Buxoro, Yuegyanni–Urganch va uning atroflari bilan aynan bir deb hisoblaydilar. Ammo, Qang‘ga tobe viloyatlarning bunday joylashtirish to‘la holda ilmiy asoslanmagan bo‘lib, munozarali hisoblanadi.
Qang‘ davlatining etnik tarkibi xilma–xil bo‘lib, uning anchagina katta hududlarida Sug‘diyona, Ustrushona va Toshkent vohasida yashovchi dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo–sotiq bilan shug‘ullanib kelgan o‘troq aholi bilan birgalikda ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi chorvador qabilalar (saklar, massagetlar, toharlar, alanlar va boshqalar) istiqomat qilganlar. Sirdaryoning o‘rta oqimida yashagan qang‘lilar Qang‘ davlati tashkil topishida asosiy o‘rinni egallagan bo‘lib, Qang‘ podsholari asosan qang‘lilar bo‘lgan.
Mil.avv. II – mil. II asrlarda Qang‘ davlati o‘z rivojlanishining yuqori cho‘qqisiga ko‘tariladi. Qang‘ podsholariga bo‘ysunuvchi yarim mustaqil viloyatlarni birlashtirgan bu davlat o‘z vaqtida anchagina kuchli bo‘lib, o‘zbek davlatchiligi tarixida o‘z o‘rniga egadir. Agarda antik davrda O‘rta Osiyoning janubida shakllangan Kushon va Parfiya davlatlari Ahamoniylar, Aleksandr, Salavkiylar asos solgan davlatlar an’analarini o‘zlashtirib taraqqiy etgan bo‘lsa, Qang‘ davlati taraqqiyotida ko‘chmanchilar davlatchiligi belgilari borligi bilan ajralib turadi.




Yüklə 317,49 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə