Xorazm, qang‘, davan davlatlari. Reja



Yüklə 317,49 Kb.
səhifə6/7
tarix21.10.2023
ölçüsü317,49 Kb.
#130607
1   2   3   4   5   6   7
13. XORAZM, QANG‘, DAVAN DAVLATLARI.

Kushon tangalari

Bizga qadar yetib kelgan yozma manbalar va bugunga qadar olingan arxeologik ma’lumotlarga asoslangan tadqiqotchilar Qang‘ davlati, uning tarkibi, siyosiy, madaniy va iqtisodiy tarixini yoritishga, mazkur siyosiy birlashmada davlatchilik boshqaruvining shakllanishi va rivojlanishi xususida o‘z munosabatlarini bildiradilar.


Manbalar Qang‘ podsholarining nomlari haqida ma’lumotlar bermaydi. Faqat shu narsa ma’lumki, ular o‘z nomlari bilan birgalikda urug‘ nomini ham qo‘llaganlar va «Qang‘ xonadoni hukmdori» deb atalganlar. Qang‘da saylangan hukmdorning hokimiyati oqsoqollar kengashiga tayangani va ayni paytda kengash tomonidan cheklab qo‘yilganini kuzatish mumkin. Qang‘ hukmdorlarining qanday unvon bilan atalganligi ma’lum. Ammo, kengashdagi zodagonlar vakillari qanday atalganligi turli bahslarga sabab bo‘lgan. Antik davrdagi usunlar, yuechjilar va qang‘larning hukmdorlari yabg‘u unvoni bilan atalgan.
Qang‘ davlati olib borgan tashqi siyosat qo‘shni davlatlar bilan savdo–sotiq aloqalarini o‘rnatish, keskinlashgan vaziyatning oldini olish va o‘z chegarasida osoyishtalik o‘rnatishga qaratilgan edi. Shu bilan birgalikda, payti kelganda atrofdagi kuchsizlanib qolgan qabilalarga, vohalarga, viloyatlar ustiga hujum qilib, ularni o‘ziga qaram qilish ayrim hollarda tashqi siyosatni belgilab berar edi.
Tadqiqotchilarning fikricha, qang‘lilarning eng ashaddiy dushmanlaridan biri – usunlar edi. Qang‘ davlati hokimiyat boshliqlari usunlarning bosqinchilik siyosatini cheklash maqsadida xunnlar bilan yaqinlashib, ular bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatadilar. Mil. avv II–I va mil. I asrda usunlar Xitoy hukmdorlari bilan yaqin munosabatlar o‘rnatib xunlar va qang‘lilarga qarshi kurash olib boradilar. O‘z navbatida Xitoy imperatorlari ko‘chmanchilarning o‘zaro kurashlaridan foydalanib, o‘z yerlarini kengaytirish maqsadida Qashg‘ar, Yorkent va Davan yerlariga hujumlar uyushtiradilar. Qang‘lilar xitoyliklarning harbiy va siyosiy maqsadlarini tushunib, ularni o‘z chegaralariga yaqinlashtirmaslikka harakat qiladilar. Chunonchi, Xitoy qo‘shinlari mil.avv. 104,102,65 yillar va milodiy I asrda Davan, Yorkent va Qashg‘ar viloyatlariga bosqinchilik yurishlari uyushtirgan vaqtlarda qang‘lilar yordamga kelib xitoyliklarning bosqinchilik yurishlarini bartaraf etishda faol ishtirok etadilar.
Qang‘ davlatining janubdagi qo‘shnisi – antik davrdagi ulkan va qudratli saltanatlardan biri Kushon davlati edi. Qang‘lilar bu davlat bilan do‘stona munosabat o‘rnatishga harakat qilishlariga qaramasdan mil. I asrda kushonlar qang‘lilarning mulklari hisoblangan ayrim viloyatlarni o‘z chegaralariga qo‘shib oladilar.
Qang‘ davlatining asosiy aholisi o‘troq va yarim o‘troq turmush tarzi kechirganlar va ularning atrofida ko‘chmanchi chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi aholi yashagan. O‘troq aholi asosan vodiyda, daryo vohalarida yashab, dehqonchilik, bog‘dorchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanganlar. Qang‘lilar dehqonchiligida arpa, bug‘doy, tariq, no‘xot, sholi va boshqa donli mahsulotlar yetishtirish asosiy o‘rinda turgan.
Vohalarda yashovchi o‘troq aholi dehqonchilik bilan bir qatorda chorvachilik bilan ham shug‘ulllanganlar. Yozma manbalarda bu aholining sut–qatiqlari va zotdor otlari borligi haqida ma’lumotlar beriladi. Chorva mollarining ko‘pchilik qismi ko‘chmanchi va yarim o‘troq aholi ixtiyorida bo‘lgan. Ko‘p sonli chorva mollarini esa mavsumga qarab, bir joydan ikkinchi joyga haydab boqqanlar. Qang‘ podsholari va ularga yaqin bo‘lgan kishilar nihoyatda boy chorvadorlar bo‘lganlar. Ular bahor kelishi bilan yaqinlari, qarindosh urug‘lari bilan birgalikda yozgi qarorgohda, ya’ni O‘trorga borib yozni o‘tkazganlar. Kuzda esa qishlovni o‘tkazish uchun Kankaga qaytib ketganlar.
Arxeologik tadqiqotlar natijalariga qaraganda O‘tror, Oqtepa, Qorovultepa, Qovunchi, Choshtepa, Mingo‘rik xarobalari o‘rnida qang‘arlarning qo‘rg‘onlari va ko‘xna shaharlari bo‘lgan. Shahar va qishloqlarda yashovchi o‘troq xalqlar ko‘chmanchi va yarim ko‘chmanchi aholiga nisbatan yuqori turganlar. Toshkent vohasida yashovchilar asosan dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanganlar. Ular arpa, bug‘doy, tariq, no‘xat, sholi va boshqa donli ekinlar yetishtirganlar. Mevali daraxtzor va uzumzorlari ko‘p bo‘lgan. Sirdaryoning o‘rta oqimida yashovchi qang‘arlar asosan, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanganlar.
Qoramozor, Qurama va Chotqol tog‘larida temirchilik, misgarlik hunarining rivojlanishi uchun kerakli ma’danlar bo‘lgan. Bu joylardan juda ko‘plab mis, temir, kumush va boshqa metallar olingan. Ustalar turli metallarni bir–biriga qo‘shib, mustahkam qurollar yasashni ham o‘zlashtirganlar. Shuningdek, kundalik ehtiyoj buyumlari ishlab chiqarilib ichki va tashqi savdo uchun turli mahsulotlar tayyorlangan.
Qang‘ shaharlari qalin va baland devorlar bilan o‘ralgan. Devorlarning tashqarisida qal’a atrofi gir aylantirilib chuqur va keng qilib handaq qazilgan. Shaharlar ichida mustahkam istehkom (ark) va shahristonlarning ham baland mudofaa devorlari, bir necha darvozalari bo‘lgan. Yirik shaharlardan tashqari, Toshkent vohasida yuzga yaqin aholi yashaydigan katta va kichik qo‘rg‘onlar ham mavjud bo‘lgan.
Qang‘lilarning ko‘pchiligi shaharlarda va katta–kichik qishloqlarda yashaganlar. Shaharlar mustahkam himoya inshootlari bilan o‘rab olinib, ularda qal’alar ham mavjud bo‘lgan. Ko‘pchilik shaharlarning avvaldan o‘ylangan rejaviy to‘zum asosida qurilganligi Qang‘ davlatida shaharsozlik madaniyati rivojlanganligidan dalolat beradi.
Mustahkam himoya inshootlari va qal’alarga ega bo‘lgan shaharlarda hamda yirik qishloq va qo‘rg‘onlarda yirik qabila boshliqlari, urug‘ yoki jamoa oqsoqollari, boy–badavlat oilalar va qisman hunarmandlar yashaganlar. Turar–joylar asosan paxsa va xom g‘ishtdan qad ko‘targan. Qang‘ davlati aholisining ko‘pchilik qismi tarqoq holda kichik–kichik qishloqlarda, yerto‘lalarda, kapa uylarda va o‘tovlarda yashab, yarim o‘troq va ko‘chmanchi turmush tarzi yuritganlar.
Shahar va qishloqlarda hunarmandchilikning ko‘plab sohalari – kulolchilik, temirchilik, teriga ishlov berish, zargarlik, toshtaroshlik, to‘qimachilik kabi o‘nlab turlari rivojlangan edi. Arxeologik ma’lumotlarning guvohlik berishicha, yirik shaharlarda hunarmandchilikning ma’lum sohasiga ixtisoslashgan ustalarning mahallalari mavjud bo‘lgan. Tadqiqotlar natijasida topilgan rangdor sopol idishlar, turli matolar qoldiqlari, charm buyumlar, ot–ulov anjomlari hamda turli zeb–ziynatlar Qang‘ davlati madaniyati nihoyatda rivojlanganligidan dalolat beradi. Shuningdek, Kanka harobalaridan, Jo‘nariq atroflaridagi tepaliklardan, Qovunchitepa, Choshtepa va Toshkent vohasining ko‘pgina hududlaridan mil.avv. III – milodiy V asrga oid arxeologik topilmalar ham Qang‘ madaniyati rivojining namunasidir.
Qang‘ tadqiqotchilarning e’tirof etishlaricha, bu davlat madaniyatining yuqori darajasi tasodifiy hol emas. Yaksart–Sirdaryoning o‘rta oqimida yashovchi qang‘lilarning Sug‘diyona, Farg‘ona hamda daryoning quyi oqimida yashovchi ko‘plab xalqlar bilan o‘zaro madaniy va iqtisodiy aloqalari Qang‘ davlati madaniyati taraqqiyotiga asos bo‘lgan edi. Shuning uchun ham ko‘p hollarda ular madaniyatidagi umumiylik ko‘zga tashlanadi. Undan tashqari Qang‘ davlati hududlaridan Buyuk ipak yo‘li tarmoqlarining o‘tganligi ham davlatning iqtisodiy va madaniy rivojiga, qo‘shni davlatlar bilan siyosiy va diplomatik aloqalarning taraqqiy etishi uchun omil bo‘lib xizmat qilgan edi.



Yüklə 317,49 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə