Buxoro davlat universiteti



Yüklə 337,52 Kb.
səhifə1/6
tarix18.06.2018
ölçüsü337,52 Kb.
#49552
  1   2   3   4   5   6

O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI

OLIY VA O`RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI

BUXORO DAVLAT UNIVERSITETI

Qo`l yozma huquqida

UDK821.111-93

Fayziyeva Aziza Anvarovna

Joan Roulingning “Garri Potter” asarida stilistik o`ziga xoslik

5A120101 –Adabiyotshunoslik (ingliz)

Magistr

akademik darajasini olish uchun yozilgan

dissertatsiya

Ilmiy rahbar:

f.f.n. Yusupova H.O`.

Buxoro-2014

M U N D A R I J A :

Kirish……………………………………………………………….3

  1. XX asr Angliya adabiyotida bolalar va o`smirlar mavzusi……7

  1. Angliya bolalar adabiyoti tarixi va taraqqiyoti…………………….7

  2. Ingliz bolalar adabiyotining jahon sahnasiga chiqishida J.K.Roulingning qo`shgan hissasi…………………………………........18

I bob bo`yicha xulosa……………………………………………..26

  1. Garri Potter” – butunjahon bolalari kitobi…………………..27

  1. “Garri Potter” asarida makon va zamonning ifodalanishi………...27

  2. Asarda sehrgarlar obrazi talqini…………………………………..37

II bob bo`yicha xulosa…………………………………………….52

  1. Garri Potter” asarida uslub va uning asar rivojidagi roli…...54

  1. “Garri Potter” asarida antonomasiyalarning qo`llanilishi va ularning asardagi o`rni……………………………………………………….........54

  2. Asarda xalq og`zaki ijodiga yondashuv…………………………..64

III bob bo`yicha xulosa…………………………………………...71

Xulosa……………………………………………………………..73

Adabiyotlar ro`yxati……………………………………………...77

KIRISH

Dissertatsiya mavzusining asoslanishi va uning dolzarbligi. Mustaqillik yillarida davlat tili bilan bir qatorda xorijiy tillarni o`rganish ham davlat siyosati sifatida tarkib topdi. Chunki muhtaram Prezidentimiz Islom Abdug`aniyevich Karimov istiqlolning birinchi kunlaridan O`zbekiston ahli, ziyolilari, ayniqsa, yoshlarini hech bo`lmasa, rivojlangan mamlakatlarning birortasi tilini bilishga da’vat qildi1 va hamon da’vat etib kelmoqda. Chunki xorijiy tillarni bilgan kishi tafakkur olami, bilim doirasi, xalqaro munosabatlarni tushunish va idrok etish imkoniyatlari eshiklari ochiladi. Bu olamshumul da’vat, fikr va mulohazalar Yurtboshimizning deyarli barcha chiqishlarida, yoshlar va ilm ahli bilan uchrashuvlarida asosiy leytmotiv o`laroq jaranglaydi. O`zbekiston Respublikasining “Ta’lim to`g`risida”gi Qonuni2, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”3 va 2012-yilning dekabr oyida “Chet tillarni o`rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Qarori4 shu kabi buyuk g`oyalarni hayotga tatbiq etishi, yosh avlodni xorijiy til, xorijiy intellektual mulkni chuqur egallashga yo`naltirilgani bilan alohida e’tiborga molik. Bu holat xorijiy chet tillar mutaxassislari va ular ustida ilmiy izlanishlar olib borayotgan vatandoshlarimizdan bu borada chuqur tafakkur qilishni, chet tillarni o`qitish bo`yicha turli yo`nalishdagi tadqiqotlar olib borishni taqozo etadi.

Ushbu magistrlik dissertatsiyasi ham yurtboshimiz tomonidan oldimizga qo`yilayotgan ulug`vor vazifalarning yechimiga qaratilganlik bilan tavsiflanadi.

Buyuk istiqlol sharofati bilan yurtimizda ijtimoiy hayotimizning barcha sohalari kabi adabiyotshunoslik sohasida ham ilgari tasavvur qilish mumkin bo`lmagan keng ko`lamdagi izlanishlar olib borilmoqda. Ammo shuni aytib o`tish kerakki, adabiyotshunoslikda o`rganilayotgan va tahlil qilinayotgan jahon adabiyoti namunalarining ko`pchiligini hali hanuz bundan bir necha o`n yillar burun chop etilgan va deyarli barcha jihatlari tahlil etib ulgurilgan asarlar tashkil etmoqda. Jahon adabiyotining yana shunday durdonalari borki, ular hali o`zbek tiliga tarjima qilinmagani sabab, dunyo kitobxonlari e’tiboriga molik bo`lsa-da, o`zbek kitobxonlari va tadqiqotchilari nazaridan chetda qolib ketmoqda. Shunday asarlardan biri ingliz yozuvchisi Joan Roulingning “Garri Potter” asaridir. Asarning chop etila boshlaganiga 17 yil bo`lganiga qaramay, bugungi kunda Garri Potter nomi tanish bo`lmagan bolani topish qiyin. O`zbek bolalariga ham kinofilmlar orqali tanish bo`lgan “Garri Potter”ning aslida ingliz yozuvchisi Joan Rouling qalamiga mansub ekanligi, filmlarning aynan shu nomli asar asosida ishlanganligi ularga qorong`u bo`lib qolmoqda, chunki bu asar hali o`zbek tiliga tarjima qilinib, chop etilganicha yo`q. Chet tillarini o`rganish barobarida, ularning adabiyot namunalaridan xabardor bo`lish ham har birimiz oldimizga qo`ygan vazifa bo`lmog`i darkor.

Tadqiqot obyekti va predmetining belgilanishi. Tadqiqotimiz manbai qilib Joan Roulingning “Garri Potter” asari olindi. Mazkur asarda tasvirlangan obrazlar, joylar va qahramonlar ismlari uning predmetini tashkil etadi.

Tadqiqot maqsadi va vazifalari. Ushbu magistrlik dissertatsiyasining maqsadi zamonaviy ingliz bolalar yozuvchisi Joan Roulingning “Garri Potter” asaridagi stilistik o`ziga xoslikni o`rganish. Tadqiqotning maqsadi uning quyidagi vazifalarini belgilaydi:


  • Angliya bolalar adabiyotining tarixi va rivojlanish bosqichlarini o`rganish;

  • Yozuvchi Joan Roulingning hayoti va adabiy faoliyati, shuningdek, uning “Garri Potter” asarining yaratilish tarixi haqida ma’lumot berish;

  • “Garri Potter” asarida zamon va makonning ifodalanishini ochib berish;

  • Asarda tasvirlangan sehrgarlar obrazlarini tahlil qilish;

  • Joan Rouling tomonidan “Garri Potter” asarida qo`llangan antonomasiyalarni tahlil qilish orqali yozuvchi mahoratini o`rganish;

  • Yozuvchi Roulingning asarda xalq og`zaki ijodiga yondashuvini tahlil qilish.

Tadqiqotning asosiy masalalari va farazlari. Ushbu dissertatsiya himoyasida quyidagi holatlar muhokama uchun kengash a’zolari hukmiga havola etiladi:

1. Bolalar adabiyoti, xususan, Angliya bolalar adabiyotining kattalar adabiyotidan mustaqil holda ajralib chiqish davri va hozirgi davrgacha bosib o`tgan taraqqiyot bosqichlari;

2. Roulingning “Garri Potter” asarida fentezi janri xususiyatlarini hisobga olgan holda yaratgan zamon va makon tasvirining o`ziga xosligi;

3. “Garri Potter” asarida tasvirlangan sehrgarlar obrazlarining o`ziga xos xususiyatlari, muallifning obraz yaratishdagi va ularning xarakter xususiyatlari rivolanishida o`ziga xos uslubi;

4. Antonomasiya qahramonlar ismlari orqali ular tabiatini ko`rsatish san’ati bo`lib, buni hamma yozuvchilar ijodida ham kuzatavermaymiz. Antonomasiya yozuvchi uslubining o`ziga xosligini ko`rsatuvchi unsurlardan biridir.

5. Fentezi janridagi boshqa asarlar singari “Garri Potter”da ham xalq og`zaki ijodi namunalarining qo`llanilishi va bunda muallifning o`ziga xos yondashuvi.



Tadqiqotning metodologik asosi. O`zbekiston Respublikasining “Ta’lim to`g`risida”gi qonuni va “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning ilm-fan, ta’lim tarbiya va chet tillarni o`rganishga doir asarlari va farmonlari, soha mutaxassislarining, jumladan, Konni Enn Kerk, Endryu Bleyk, Devid Kolbert, Don D’ammassa, I.Bobulova va B.Jamilovalarning mavzuga doir fundamental asarlari ushbu tadqiqot ishining metodologik asosini hosil qiladi.

Tadqiqotning usullari. Biz tadqiqotimizning mavzusini yoritishda qiyosiy va stilistik tahlil kabi metodlaridan foydalandik.

Tadqiqotning natijalarining nazariy va amaliy ahamiyati. Ushbu magistrlik tadqiqoti davomida qo`lga kiritilgan natija va xulosalar Angliya adabiyoti, chet el adabiyoti, chet el bolalar adabiyoti, stilistika, adabiyotshunoslik nazariyasi kabi fanlarning tegishli o`rinlarini yoritishga yordam beradi. Shuningdek, bu natija va xulosalardan yuqorida zikr etilgan natijalar bo`yicha ma’ruza matnlarini tayyorlashda, malakaviy bitiruv ishlari va dissertatsiyalar yozishda, sohaga doir lug`atlar yaratishda bemalol foydalanish mumkin.

Tadqiqotning ilmiy yangiligi. Angliya bolalar adabiyotiga doir asarlarda Angliya bolalar adabiyotining tarixi, uning rivojlanish hamda taraqqiyot bosqichlari va yo`nalishlari, shuningdek, bolalar yozuvchilari haqida ma’lumotlar berilgan bo`lishiga qaramay, zamonaviy bolalar yozuvchilari va ularning asarlariga oid tadqiqotlar, ilmiy ishlar kamchilikni tashkil etib kelmoqda. Xususan, Joan Roulingning “Garri Potter” asari ham ko`p xalqlar adabiyotida tadqiq qilingani bilan, bu kitob o`zbek adabiyotshunosligi uchun hali tadqiq etib ulgurilmagan asar bo`lib qolmoqda. Bu holat biz tanlagan mavzuning yangiligidan dalolat beradi.

Dissertatsiya tarkibining qisqacha tavsifi. Ushbu magistrlik dissertatsiyasi kirish, uch bob, boblar ichida olti fasl, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro`yxatidan iborat.

I BOB

XX ASR ANGLIYA ADABIYOTIDA BOLALAR VA O`SMIRLAR MAVZUSI

1. Angliya bolalar adabiyoti tarixi va taraqqiyoti

Har qanday millatning, mamlakatning kelajagi uning yosh vorislari va, albatta, ularning tafakkuri qay darajada rivojlanganligiga bog`liq. Insonlarni fikrlashga, tafakkur qilishga o`rgatadigan asosiy vosita bo`lmish adabiyot tezkor axborot va yuqori texnologiyalar asri hisoblangan XXI asrga kelib ham o`z o`rnini yo`qotgan emas.

Qaysi yoshdagi kitobxonlar doirasiga mo`ljallanganligiga qarab adabiyotni ikkiga – kattalar va bolalar adabiyotiga bo`lish mumkin. Umumiy adabiyotning alohida qismi sifatida bolalar adabiyoti ham so`z san’ati hisoblanadi.

Bolalar adabiyoti — bolalar va o`smirlar uchun yaratilgan badiiy, ilmiy, ilmiy-ommabop va publitsistik asarlar majmui. Bularning asosiy qismini badiiy asarlar tashkil etadi. Jahon xalqlari badiiy adabiyoti tez aytish, topishmoq, o`yin qo`shiqlari, rivoyat, afsona, ertak, maqol, masal va doston singari aksariyat qismi bolalarga mo`ljallab yaratilgan og`zaki ijod namunalaridan boshlanadi. Bolalar va o`smirlar adabiyoti namunalarini quyidagi guruhlarga bo`lish mumkin:

1) bolalar xalq og`zaki ijodi namunalari;

2) bevosita bolalarga mo`ljallab yaratilgan asarlar;

3)aslida bolalarga mo`ljallanmagan bo`lsa-da, keyinchalik bolalar adabiyotiga o`tib qolgan asarlar.

Bolalar adabiyotining o`ziga xos xususiyati — o`zgaruvchan hodisa bo`lib, u kitobxon yoshi, tarixiy davr va ijtimoiy muhit bilan bevosita bog`liq. Kitobxon yoshini hisobga olish bolalar adabiyotining eng asosiy xususiyatlaridandir. Masalan, maktabgacha yoshdagi bolalarda bu ko`rgazmalilik, ezgulik va yovuzlik kuchlarining oddiy ko`rinishdagi ziddiyatlariga asoslangan bo`lsa, o`smirlar uchun yaratilgan adabiyotda murakkab hayotdagi murakkab kishilarning ruhiyati ochila boshlaydi. 1

Bolalar adabiyotining yana bir xususiyati uning harakatga boyligidir. Bundan bolalar adabiyotida syujetga bo`lgan talab ham kelib chiqadi. U voqealarning tezkor, qiziqarli, fantaziyaga, yumorga boy ravishda yechilishini talab qiladi. Bolalar uzundan-uzun tasvirlar va izohlardan ko`ra qisqa va tezkor syujetli hikoyalarni afzal ko`rishadi. “Endi nima sodir bo`lar ekan?” degan savol har qanday kitobxon bolani eng ko`p qiziqtiradigan savollardan biridir.

Bolalar uchun yaratiladigan asar uchun yozuvchilar bolalarning nuqtai nazari, ularning psixologiyasidan kelib chiqib mavzu tanlaydilar. Shuningdek, asar tili bolalarning kundalik nutqiga asoslanib, grammatik jihatdan sodda va tushunarli bo`ladi. Agar asarda kattalar nutqi qo`llanilsa, bu bolalarni charchatadi va syujetning qiziqarli bo`lishiga qaramay, bolalar tezda zerikib qolishadi.

Bolalar adabiyotining xususiyatlaridan yana biri asar qahramonlari yoshidir. Kitobxon bolalarni katta yoshli qahramon-u uning ko`rsatmalaridan ko`ra, o`zlari bilan tengdosh bolalarning sarguzashtlari qiziqtiradi.1

Bolalar adabiyotida badiiylik bilan bir qatorda ma’rifiylik ham yetakchi o`rin tutadi. Chunki bolalar adabiyoti namunalari yoshlarni insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga ham xizmat qiladi. Barcha davrlar bolalar adabiyotining taraqqiyot tamoyillari, avvalo, ma’rifiylik va tarbiyaviylikda aks etadi. Bolalar adabiyotining shakllanishi deyarli barcha xalqlarda asosan ma’rifatparvarlik va maktab-maorif tizimi islohotlari bilan chambarchas bog`liq. Uning asosiy maqsadi bolalarga ta’lim-tarbiya berish bilan birga, ularning estetik ongini o`stirish va dunyoqarashini shakllantirishdir.2

Bolalar adabiyoti tushunchasi yaqin o`tmishda vujudga kelgan hodisa bo`lib, uning tarixi va taraqqiyoti bolalik konsepsiyasi va bolalarning jamiyatdagi o`rni bilan bog`liq. Kattalarning bolalarga munosabati hamisha bolalar adabiyotiga ta’sir qilib kelgan. Agar bolalar adabiyotiga “mavzu yoki muallifni emas, balki kitobxonlar auditoriyasini anglatuvchi” adabiyot deb qaraydigan bo`lsak, u holda bolalar adabiyoti XVIII asrda vujudga kelgan desak mubolag`a bo`lmaydi.

XVIII asrga qadar aynan bolalar uchun asarlar yozilmagan bo`lsa-da, xalq og`zaki ijodida yaratilgan ertaklar, qo`shiqlar, she’r va tez aytishlar bolalar auditoriyasiga ham mo`ljallangan edi. Fransuz tarixchisi Filipp Ares o`zining 1962-yilda chop etilgan “Centuries of childhood” (“Bolalik asrlari”) asarida “bolalik” tushunchasining yangicha talqini hozirgi kunlarda vujudga kelgani, yaqin o`tmishgacha esa bolalarga munosabat kattalarnikidan deyarli farq qilmagani haqida yozadi. Fikrining dalili sifatida XVIII asrga qadar Venerebl Bid va Elfrik Eynshem kabi ruhoniylarning ta’lim-tarbiya ruhidagi yozuvlaridan boshqa aynan bolalarga mo`ljallab deyarli birorta asar yozilmaganini ko`rsatadi.1 Ammo shuni aytib o`tish joizki, diniy ta’lim va odob-axloq qoidalariga bag`ishlangan boshqa asarlar o`rta asrlarda boy oilalar bolalari o`rtasida keng tarqalgan edi.

Bolalar adabiyoti va tarixi sohasida bir talay ko`zga ko`rinarli ishlar olib borgan olim Harvey Darton Angliya bolalar adabiyoti tarixi xususida shunday deydi:

“Qo`pol qilib aytadigan bo`lsak, XVII asrgacha Angliyada bolalar uchun kitoblar mavjud bo`lmagan bo`lsa, XVII asrning o`zida bunday kitoblar soni sanoqli edi. O`quv kitoblari, shuningdek, xulq-atvor qoidalariga bag`ishlangan nasihat kitoblari bir talay bo`lsa ham, ularning hech biri bolalarda kitob o`qishdan rohat hissini uyg`otmas, aksincha, ularda oldilarida turgan vazifa va xato qilishdan qo`rqish hissinigina keltirib chiqarardi. Faqat XVIII asr yarmiga kelibgina bolalar kitoblari ingliz adabiyotining ko`zga ko`rinmas qatlamidan alohida, mustaqil adabiyot sifatida ajralib chiqdi”.2 Darton o`zining bolalar adabiyotiga bergan izohida diniy va ta’limga oid asarlarni bolalar adabiyoti safiga kiritmaydi.

Britaniyada hali bolalar kitoblari nashri paydo bo`lmasdan bir necha asr oldin, ertaklar va afsonalar tasvirlangan rasmli broshuralar (chapbook) bolalarning sevimli kitoblari sanalardi. Rasmli broshuralar XVIII asrga qadar bolalar tomonidan eng ko`p sotib olingan va o`qilgan kitob bo`lib keldi. Ularning o`ziga xos bir necha afzallik tomonlari mavjud bo`lib, birinchidan, bunday broshuralar hamyonbop, ya’ni arzonligi sababli ko`pgina oilalar bunday kitoblarni sotib olishga qurblari yetar edi; ikkinchidan, voqealarning rasmlar orqali tasvirlanishi hech bir bolani befarq qoldirmay, aksincha, ularning qiziqishini oshirgan va nihoyat, uchinchidan, broshuralarda asosan xalq og`zaki ijodi namunasi bo`lgan ertak va afsonalar chop etilganligi sababli, asrlar davomida og`izdan og`izga, avloddan avlodga o`tib kelgan bunday ijod namunalarining yo`qolib ketmay, xalq orasida kengroq tarqalishiga xizmat qilgan.

XVI asrda qirolicha Yelizavetaning boshqaruvi davrida bosma stanoklarning paydo bo`lishi bilan Angliyada bolalarga bag`ishlangan kitoblar chiqa boshladi. Ularning asosiy vazifasi bolani jamiyatda o`zini yaxshi va munosib tutishga o`rgatish bo`lib, bu kitoblarning aksariyati lotin tilidan tarjima qilingan edi. “Bola tabiatan tarbiyasi buzilgan...”, deb hisoblar edi protestant cherkovi vakillari. Aynan shu ta’kid XVI - XVIII asrlarda Angliya bolalar adabiyotining oqimlarini aniqlab berdi. Quruq didaktizm va pand-nasihat o`sha davr bolalar adabiyotini qamrab olgan edi. 1702-yilda bolalar uchun din ishlari vaziri Tomas Uaytning “Kichik bolalar uchun kichik kitobcha” deya nomlangan asari bosmadan chiqadi va bunda muallif “bema’ni kitoblarni hamda balladalarni bolalarga o`qib bermaslikni, balki “Injil”ni o`rgatishlarini” tavsiya qiladi. Ko`p kitoblar maslahatlar to`plami – ko`p hollarda yaxshi otalarning o`zlarining itoatkor bolalariga pand-nasihatlaridan iborat bo`lgan. Ammo XVIII asr oxirlarida Angliya adabiyotida yetakchilik qilgan romantizm insonninng ruhiy rivojlanishdagi o`z-o`zini anglash davri bolalikda kashf etilishini ochib berdi. Romantiklar asarlarida bolalik insonning o`zidagi bebaho ichki olam sifatida, shuningdek, teran mohiyati va ajoyibotlari bilan kattalarni ham o`ziga rom etuvchi davr tarzida talqin qilinadi. Katta yoshlik esa xuddi eng samimiy va bolalarcha beg`uborlik tark etilgan davr sifatida yoritiladi. Shuni tan olish kerakki, romantizm nafaqat bolalikni kashf etdi, balki uni eng sof mukammallik namunasi hamda mehr-shafqat timsoli sifatida insonga me’ros qilib qoldirdi. Natijada, Angliyada bolalar adabiyotiga munosabat sekin-astalik bilan o`zgara boshladi. 1

XVIII asrga kelib Britaniyada bolalar soni oshishi natijasida ular uchun kitob chop etish yangi tijoriy tus oldi. O`quv kitoblari bilan birga bolalarni qiziqtiradigan yangi turdagi kitoblarga ham ehtiyoj tug`ila boshladi. Aynan kichik yoshli kitobxonlar doirasiga mo`ljallangan qiziqarli kitoblarning yo`qligi sabab, bolalar kattalar uchun yozilgan asarlarni o`qishga majbur edilar. Daniel Defoning 1719-yilda chop etilgan “Robinzon Kruzoning sarguzashtlari” va Jonatan Sviftning 1726-yilda chop etilgan “Gulliverning sayohatlari” asarlari kattalardan ko`ra sarguzashtga ishtiyoqmand bolalar orasida katta muvaffaqiyatga erishdi.1

Angliyada bolalar uchun kitob nashr qilish ilk bor 1744-yilda Jon Nyuberining “A little pretty pocket-book” (“Ajoyib kichkina cho`ntak-kitob”) nomli kitobi nashri bilan yangi tus oldi. Kitob bosh sahifasida ishlatilgan "Delectando Momenus : Instruction with Delight" (“Shodlik ila ta’lim”) shiori kitobning ingliz faylasufi Jon Lokkning “Ta’limga oid ba’zi mulohazalar” essesi ta’sirida yozilganidan dalolat beradi. Jon Lokk unda “Foydali va qiziqarli – shu ikki xususiyatni birlashtirishga muvaffaq bo`lingandagina o`quvchiga ham ta’lim, ham zavq berishga erishish mumkin. O`qishga ilhomlantirish uchun bolaga qobiliyatiga mos, oson va qiziqarli kitob berish kerak” degan fikrlarni ilgari surgan. Shuningdek, bolalar ertakdan ko`ra masal o`qishsa, maqsadga muvofiq bo`ladi, chunki har qanday masalda qissadan hissa borligi sabab u tarbiyaviy maqsadni ham amalga oshirishga yordam berishini aytadi. Ayniqsa, Ezop masallarini o`qishni maslahat berib, agar masallar rasmlar bilan bezatilgan bo`lsa, bolalarni yanada qiziqtirishini yozadi. Nyuberi Lokk nazariyasini amalda qo`llab, asarni rasmli alifbo, tanlangan maqollar va rasm bilan bezatilgan bir nechta Ezop masallaridan iborat to`plam shaklida chop ettiradi.2 Tavnsend Nyuberigacha chop etilgan barcha kitoblar va nashrlarni “bolalar adabiyotining tarixgacha bo`lgan davri” deb ataydi. Bunday kitoblar sirasiga xalq ertaklari va Robin Gud haqidagi afsonalarni kiritish mumkin, ular garchi bolalarga mo`ljallanmagan bo`lsa-da, yosh kitobxonlar tomonidan sevib o`qilgan. Ammo Nyuberining kitobi Angliyada aynan bolalar uchun kitob chop etadigan nashriyotlarning paydo bo`lishiga va bolalar kitoblariga yangicha qiziqishning uyg`onishiga turtki bo`ldi.

Bolalar adabiyoti rivojlanib borgani sari uning sof badiiyat unsurlarini egallashga intilishi va umumadabiyot taraqqiyot tamoyillari bilan hamkorligi ham ko`zga tashlanadi. Buni ingliz bolalar adabiyotining oltin davri hisoblangan Viktoriya davri adabiyoti misolida ko`rishimiz mumkin. XIX asr o`rtalariga kelib axloqiy-tarbiyaviy ruhdagi kitoblar o`rnini hajviyaga boy, qahramoni bolalar bo`lgan va ularning xayolotiga asoslangan asarlar egalladi. Bolalar adabiyoti janr va mavzu jihatdan o`zgardi. Shuni hisobga olgan holda, Lyuis Roberts Viktoriya davri bolalar adabiyotini quyidagi kategoriyalarga bo`ladi:

1) ertak va adabiy ertak janridagi asarlar;

2) tarbiyaviy-axloqiy va diniy asarlar;

3) maktab hayotidan hikoya qiluvchi va sarguzasht asarlar;

4) uy va oila hayotidan hikoya qiluvchi asarlar.1

Viktoriya davrida xalq ertaklarning boy merosiga ega sanalib, bu ertaklar o`rta asrlardan buyon avloddan avlodga o`tib kelgan. Shunga qaramay, 1823-yilda Angliyada aka-uka Grimm ertaklarining tarjima qilinib, chop etilishi ertaklarning, ayniqsa, bolalar ichida ommalashuviga sabab bo`ldi. Qadimdan shakllanib kelgan xalq og`zaki ijodi mahsuli bo`lgan ertak endi adabiy ertak ko`rinishida yozuvchilar tomonidan aynan bolalarga atab yozila boshlandi. Ertaklarning yanada ommalashuviga sabab, ularda bolalarni qiziqtiradigan sarguzashtlar bilan bir qatorda, ularning ongiga sezdirmay kirib boruvchi yaxshilik g`oyalari singdirilganidadir. Xalqimizda “Ertaklar yaxshilikka yetaklar” degan maqol bor. Mashhur ingliz adibi, bolalarga atab bir necha asarlar yozgan Charlz Dikkens ham aynan ertaklar bolalarda yaxshi fazilartlarni shakllantirishi xususida quyidagilarni yozgan:

“Uning (ertakning) ko`rinmas yo`llari orqali bizgacha yetib kelgan rahm va shafqat tuyg`ularining hisobiga yetish qiyin. Sabr, xushmuomalalik, kambag`allar va qariyalarga nisbatan mehr, hayvonlarga yaxshi munosabat, tabiatni sevish, jaholat va shafqatsizlikka nisbatan nafrat va shunga o`xshash ko`pgina yashi xislatlar bolaning yuragiga ilk bor shu kuchli yordamchi ta’sirida jo bo`ladi.”1

Jon Raskinning “The king of golden river” (“Oltin daryo qiroli”, 1850) asari ingliz adabiyotida yaratilgan birinchi adabiy ertak hisoblanadi. Tez orada bu janr yozuvchilar o`rtasida ommaviylashib, ular ham Raskinning an’analarini davom ettirishdi. Jorj Krukshenkning “Fairy library” (“Sehrli kutubxona”,1853-1854), Uilyam Tekkereyning “The rose and the ring” (“Atirgul va uzuk”, 1855), Frensis Braunning “Granny’s wonderful chair” (“Buvining g`aroyib kursisi”, 1857), Oskar Uayldning “Baxtli shaxzoda” (1888), Jozef Jekobning “English fairytales” (“Ingliz ertaklari”, 1890) va bu kabi boshqa asarlar o`sha davrda adabiy ertak janrining rivojlanganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, butun dunyo bolalari hozirga qadar sevib o`qiydigan, bir necha bor ekranlashtirilgan “Alisa mo`jizalar mamlakatida” asari ham shu davrda (1865) yaratildi. Lyuis Kerrollning “Alisa”si fentezi janrining bolalar adabiyotiga kirib kelishini hamda Angliyada bolalar adabiyotining oltin davrini boshlab berdi. “Alisa mo`jizalar mamlakatida” asari bolalar adabiyotining o`tmishi va bugunini farqlovchi burilish nuqtasi bo`lib, unda sof fantaziya va tasavvur bolalar asarlaridan ortiqcha didaktik unsurlarni surib chiqardi va natijada bolalar adabiyoti kattalar adabiyoti singari mukammallikka erishib, adabiy ahamiyat kasb eta boshladi.

XIX asrning 60-yillarida fentezi janrida yozilgan yana bir mashhur asar Charlz Kingslining “The water-babies, a fairytale for land baby” (“Suv bolalari, yer bolasi uchun ertaklar”) asari o`z davrida Angliyada juda mashhur bo`lgan va hozirda Britaniya bolalar adabiyotining mumtoz asalaridan biri hisoblanadi.

Tomaz Hyuzning 1857-yilda chop etilgan “Tom Brown’s school days” (“Tom Braunning o`quvchilik kunlari”) asari ingliz bolalar adabiyotida o`quvchilar hayotiga oid yangi yo`nalishning asosi bo`ldi. Hyuz o`z asarida maktab sporti va o`qituvchi-o`quvchi munosabatlarini tasvirlash orqali insonning hayotda o`z o`rnini topishida axloqiy hamda jamiyat oldidagi burchlarini anglashi muhimligini ko`rsatadi. Hyuzgacha maktab hayotidan hikoya qiluvchi bir necha asarlar yaratilgan bo`lsa-da, ularning hech biri “Tom Braun” erishgan muvaffaqiyatga erisha olmadi.1

Viktoriya davri bolalar adabiyotining o`ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, maktab va sarguzasht asarlarining ko`pchiligida Britaniya imperial tuzumini bolalar ongiga singdirishga urinishlar mavjud edi. Shuningdek, xuddi mana shu davrda bolalar adabiyotida ham kitobxonlar o`rtasida bo`linish vujudga keldi. Maktab hayotidan hikoya qiluvchi va sarguzasht asarlar ko`proq o`g`il bolalar auditoriyasiga qaratilgan bo`lsa, uy va oila hayotidan hikoya qiluvchi asarlar asosan qiz bolalarga mo`ljallab yozila boshlandi, bunday asarlarning mualliflarini ham ayol yozuvchilar tashkil etardi. To`g`ri, qiz bolalar boshqa janrdagi asarlarni ham maroq bilan o`qishgan bo`lishsa-da, ular o`qiydigan kitoblarning ko`pchiligini aynan ularga atab yozilgan, oila va unda sodir bo`ladigan turli voqealar xususidagi asarlar tashkil etardi.

Realistik tamoyillarning rivojlanishi, ruhiyatshunoslikning chuqurlashishi bilan bolalar adabiyotida keng qamrovli, ko`p qirrali bolalik obrazi mustahkamlandi. Bunda yozuvchilar insoniyat rivojlanishining ibtidolarini, yosh inson xarakterining tub-tubiga yetib, bola ichki dunyosining murakkabliklariga asta-sekinlik bilan kirib borib, uning mutanosiblikda va ziddiyatlarda, hayotning yorqin hamda qorong`u ham qayg`uli onlarining kurashlarida shaxs sifatida shakllanishini ochib berishdi.

Ingliz va jahon adabiyoti tanqidiy realizmining eng yetuk namoyondalaridan biri bo`lgan Charlz Dikkensning “Oliver Tvistning sarguzashtlari” asari 1837-yilda chop etilib, nafaqat bolalar, balki katta yoshli kitobxonlarning ham qalbidan joy oldi. Asarda Oliver va u kabi yetim-daydi va qashshoqlikdan tinkasi qurigan bolalar hayoti tasvirlangan. Yozuvchi Oliver timsoli orqali tashlandiq bolalarning xatarli, achinarli va dahshatli hayotini, yashash zaruriyati tufayli bilib-bilmay boshi berk ko`chaga kirib qolishlarini ko`rsatib beradi.1 Roman bola obrazi bosh qahramon bo’lgan birinchi ingliz asari hisoblanadi. Dikkensning bolalar hayotini real ranglarda ochib berishi, bolalarning qandaydir xayoliy sarguzashtlarga emas, balki haqiqiy hayotning qiyinchiliklari-yu sinovlariga duch kelishlari, hayotning bunday o`nqir-cho`nqir yo`llarida o`zligini, hayotiy qarashlarini yo`qotmagan bola obrazi ingliz bolalar adabiyotida realistik qahramonlar yaratila boshlanganidan dalolat beradi.

1880-yillarga kelib bolalar adabiyotida sarguzasht janri kitobxon bolalar tomonidan eng ko`p o`qiladigan janrga aylanib, bu janrdagi asarlar kitobxon bolalar orasida ko`proq muvaffaqiyatga erishdi. Bunday turdagi asarlarning ko`pchiligi Daniel Defoning “Robinzon Kruzo” romanidan ruhlanib yozilgan edi. Luis Stivensonning “Xazinalar oroli” (1883) va “Merosxo`r” (1886), Redyard Kiplingning “O`rmon kitobi” (1894-1895) va “Kim” (1901) asarlari ingliz bolalarining sevimli sarguzasht kitoblariga aylandi.

XX asr o`zining inqiloblari, urushlari, keskin ijtimoiy muammolari, o`tkir ziddiyatlari, siyosiy qarashlari bilan Britaniya bolalar adabiyotini ham o`zgartirib yubordi. Dunyoning dahshatlari kichik kitobxon asari sahifalariga kirib bordi. Ularning qahramonlari - ijtimoiy jonzotlar, ular o`z holicha insonga nisbatan qilingan vahshiylikka qarshi borishadi, o`zlarining do`stlikka, muhabbatga bo`lgan huquqlarini talab qilishadi hamda kattalarni ularni tushunishlariga chaqirishadi. Zamon muammolari nafaqat realistik asarlarga, balki ertaklarga ham kirib bordi. Ular janriy xususiyatlaridan ozgina chekingan bo`lsalar-da, hamon yaxshilik yovuzlik ustidan g`alaba qozonishiga umid bog`lashadi va shu yo`lda tinimsiz ma’naviy kurashlar olib borishadi.

Britaniyada bolalar adabiyotining oltin davri birinchi jahon urushi arafasida o`z nihoyasiga yetdi va ikki jahon urushi yillarida adabiyot rivoji ma’lum ma’noda sekinlashdi. Shunday bo`lishiga qaramay, adiblar bolalar uchun kitob yozishdan to`xtashmadi. 1926-yilda A.A.Milnning “Vinni Puh” va 1937-yilda J.R.R.Tolkinning “Hobbit” asarlari dunyo yuzini ko`rdi. Angliyadagi Puffin Books nashriyoti past bahoda kitoblar chiqarib, ikkinchi jahon urushi yillarida ingliz bolalarining kitob dunyosidan uzilib qolmasliklariga o`z hissasini qo`shdi.

XX asrning 50-yillariga kelib, urush ta’siridan o`zini biroz bo`lsa ham o`nglab olgan Britaniyada bolalar uchun kitob nashri yana keng yo`lga qo`yilib, bir necha mashhur asarlar dunyo yuzini ko`rdi. Ularga Klayv Steypls Lyuisning “The chronicles of Narnia” (“Narniya saltanati”, 1950-yillar), Dodi Smitning “The hundred and one dalmatians” (“Bir yuz bir dalmatin”, 1956), Roald Dalning “James and the giant peach” (“Jeyms va bahaybat shaftoli”,1961) hamda “Charlie and the chocolate factory” (“Charli va shokolad fabrikasi”, 1964) kabi asarlarni misol qilib keltirish mumkin. Xuddi mana shu asarlar asosida keyinchalik bolalar uchun filmlar ham suratga olindi.

XX asr oxirida, ya’ni 1997-yilda Joan Rouling o`zining “Garri Potter va falsafa toshi” asarini chop ettirdi va tez orada bir necha tillarga ham tarjima qilinib, nafaqat ingliz balki, butun dunyo bolalarining sevimli kitoblari qatoridan joy oldi. Asarning muvaffaqiyati kitoblar hali hanuz ingliz bolalarning eng yaqin do`stlari ekanligidan darak beradi.

Shunday qilib, Angliya bolalar adabiyotining XVII-XVIII asrdan to hozirgi davrgacha bo`lgan tarixi o`rganilganda, uning hech qachon bir nuqtada to`xtab qolmay, doimiy taraqqiy qilganiga guvoh bo`lish mumkin.



Yüklə 337,52 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə