7-mavzu: Pedagogik texnika haqida tushuncha. Pedagogik texnikani shakllantirish metodikasi. Nutq texnikasi va madaniyati



Yüklə 96,91 Kb.
səhifə4/13
tarix21.10.2023
ölçüsü96,91 Kb.
#130342
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
7.Pedagogik texnika haqida tushuncha. Pedagogik texnikani shakllantirish metodikasi.

Darsning ta’limiy maqsadi:talabalarga pedagogik nutqning shakllari, nutq mahratining ahamiyati haqida tushuncha berish, nutq mahoratini egallash yo’llarini ko’rsatish, nutq mahoratini shakllantirib borish ko’nikmasini hosil qilish.
Darsning tarbiyaviy maqsadi:Tarbiyachi muomalasi, adabiylashning asosiy sifatlari, muomala madaniyati, tashki qiyofa, xushmuomala, shirinso‘z bo‘lish, mehnatga nisbatan intizomli bo‘lish, hamjihatli bo‘lish.
Darsning rivojlantiruvchi maqsadi: O‘qituvchining tarbiyachi sifatidagi mahoratining metod va vositalaridan foydalangan holda, ularni amaliyotda qo‘llashni o‘rgatish; o‘qituvchining mahorati ko‘nikmalarini rivojlantirish
Kalit so’zlar:
Notiqlik san’ati; qadimgi Yunoniston; “San’atlar shohi”; suhbat metodi; ideal notiq; ovoz ritorikasi; nutq odobi; suhango’ylar; nutq texnikasi; til va nutq; nutqning ravonligi; nutqning ta’sirchanligi; grammatik norma; nutqning mantiqiyligi; nutqning tozaligi va ifodaliligi; dialektizm va varvarizm; jargon; tashqi nutq; ichki nutq; o’qituvchining nutq madaniyati; metonimiya; metafora; monologik nutq; dialogik nutq; kommunikativ nutq; tovush; diapazon va tembr; fonotsional nafas; diktsiya; ritmika; artikulyatsiya; diafragma ishtirokida nafas olish; dialogik nafas olish.
Asosiy savollar:
1.Notiqlik san’atining paydo bo’lishi tarixi
2. Sharq mutafakkirlari notiqlik san’ati haqida
3. Nutqning asosiy xususiyatlari. Til va nutq

1-savol. Notiqlik san’atining paydo bo’lishi tarixi


O’qituvchining pedagogik mahoratida uning nutqi, notiqlik qobiliyati muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa ushbu muammoga mustaqillikdan keyingi yillarda jiddiy e’tibor qaratildi. Yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda avvalo milliy istiqlol mafkurasi muhim ahamiyatga ega. Mafkuramizning yuksak ustunlaridan biri ─ millat tilidir. Respublikamizning “Davlat tili haqida”gi, “Ta’lim to’g’risida”gi Qonunlari, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” va boshqa hujjatlarda barkamol avlod tarbiyasida o’z ona tiliga nisbatan mehr─muxabbat tuyg’ularini shakllantirish e’tirof etilgan. Yosh avlodning ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasida o’qituvchining nutqi, uning notiqlik san’ati alohida e’tibor kasb etadi. O’zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimov O’zbekiston Respublikasi Oliy majlisining 1997 yil 29 avgustdagi IX sessiyasida so’zlagan nutqida ta’kidlaydiki, “O’z fikrini mutlaqo mustaqil ona tilida ravon, go’zal va lo’nda ifoda eta olmaydigan mutaxassisni, avvalambor, rahbarlik kursisida o’tirganlarni bugun tushunish ham, oqlash ham qiyin”. O’qituvchining nutqiy madaniyatini shakllantirish uning kasbiy faoliyatida naqadar muhim ahamiyatga egaligi to’g’risida mulohaza yuritar ekanmiz, avvalo, notiqlik san’atining kelib chiqish tarixini bilish lozim. Professional notiqlik san’ati Yunoniston, O’rta Osiyo, va Hindistonda o’zining uzoq tarixiga ega.
Tarixchi olimlarning (Apresyan G.Z.) ma’lumotlariga ko’ra, Notiqlik san’atiga eramizdan oldingi VII asrda Yunonistonda asos solingan. Qadimgi Yunonistonda bolalarga bilim berish faylasuflar zimmasiga yuklatilar edi. Ular, notiqlik san’atining yetuk namoyondalari bo’lib, o’zlarining chiroyli so’zlari, baland va ta’sirchan ovozlari bilan odamlar tafakkuriga, ongiga kirib borganlar, ta’lim va tarbiyada ulkan yutuqlarga erishganlar. SHu sababli, notiqlik san’ati va nutq madaniyatining nazariyasiga, uning cheksiz tarbiyaviy ahamiyatiga ilk marotaba qadimgi Yunonistonda asos solinganligi ilmiy adabiyotlarda bayon etiladi. Yunonistonda epos, lirika, drama, haykaltaroshlik, musiqa va me’morchilik bilan birga notiqlik san’ati ham murakkab va muhim san’at asari sifatida tan olingan. Notiqlik san’atini davlatning muhim ijtimoiy-siyosiy ishlariga taalluqli faoliyatdagi ahamiyati uchun hamda yosh avlodni tarbiyalashda ular ongi va tafakkuriga qizg’in ta’sir etuvchi murakkab vosita ekanligi uchun Yunonistonda uni “San’atlar shohi” deb atashgan.
Eramizdan avvalgi V asr Yunonistonda “Notiqlik san’ati”ning eng takomillashgan va rivojlangan davri hisoblanadi. Bu davrda notiqlik san’atining quyidagi uchta qonuniyati qizg’in takomillashtirilib, notiqning unga jiddiy e’tibor berishi talab qilingan:
-tinglovchiga tushuntirish (ma’lum bir g’oyani);
-tinglovchining tafakkurini uyg’otish (fikrini, ongini, maqsadini);
-tinglovchini o’ziga jalb qilish (huzur halovat va qoniqish hissini
uyg’otish asosida).
Notiqlar ushbu qonuniyatlarga amal qilgan holda “tinglovchilarga halovat bag’ishlash” orqali odamlarni ezgulikka, adolatparvarlikka, vatan oldidagi burchlariga sadoqatli bo’lishga, eng yaxshi insoniy fazilatlarga amal qilib, ularni doimo bajarishga, odob va axloq qoidalariga rioya qilishga chorlar edilar. Bu ularning asosiy vazifasi hisoblanardi. Yunonistonda notiqlik san’atini chuqur egallagan, o’zlarining go’zal va chiroyli nutqlari hamda noyob asarlari bilan jamiyatda hurmat va e’tibor qozongan Sokrat, Platon, Dinarx, Giperid, Gorgiy, Isokrat, Isey, Esxil, Demosfen, TSitseron, Kvintilian kabi namoyondalar Yunonistonning mashhur davlat arboblari bo’lib yetishganlar.
Yunon notiqlari og’zaki nutqning shakl va qonuniyatlarini, mulohaza va isbot kabi mantiq ilmining qoidalarini chuqur o’zlashtirganlar. Ular o’z fikrlari va tuyg’ularini ruhan o’quvchilar hamda tinglovchilar tafakkuri va ongiga chuqur singdira olganlar va keskin ta’sir o’tkazganlar. Har bir notiq o’z ustida yillab tinimsiz mashg’ulotlar olib borgan, sehrli ovoz sohibi bo’lish uchun nutq texnikasining barcha qonuniyatlariga amal qilganlar. Ular o’zlarining ta’sirchan nutqlarini namoyish qilish bilan notiqlik san’atini “Mafkuraviy va siyosiy kurash hamda yosh avlodni tarbiyalash quroli” deb hisoblaganlar va buni o’z faoliyatlarida isbotlab berganlar.
Mashhur faylasuf olim Sokrat (eramizdan avvalgi 469 ─ 399 yillar) o’quvchilarga ta’lim-tarbiya berishda savol-javob usulini joriy qilib, ushbu usul orqali suhbat metodiga asos solgan.
Sokratning shogirdi Platon esa o’z ustozi g’oyalarini davom ettirib, savol-javobni notiqlik san’atining bir shakli sifatidagi ahamiyatini o’z asarlarida yoritadi hamda uni inson tafakkuri va ongini, dunyoqarashini og’zaki nutq bilan boyituvchi noyob uslub sifatida baholab, uni mazmunan amaliy va nazariy jihatdan yanada boyitdi.
Yunonistonda notiqlik san’atining har tomonlama takomillashishi Demosfen (eramizdan avvalgi 384─322 yillar) nomi bilan uzviy bog’langan. U yoshlik yillaridanoq notiqlik san’atiga qiziqdi. Tug’ma duduq bo’lishiga qaramasdan, o’quvchi va tinglovchilarning istehzolariga bardosh berib, qizg’in va shiddatli mehnati bilan notiqlik mahoratini namoyish eta olgan. Faqat Demosfen Yunonistonda notiqlik san’atining yetuk namoyodasi, ya’ni o’z davrida “notiqlik san’atining elitasi” sifatida mashhur bo’ldi. U davlat tribunasini notiqlik san’atiga asoslangan siyosiy va mafkuraviy kurash maydoniga aylantirdi.
Demosfenning notiqlik san’ati to’g’risidagi g’oyalarini uning shogirdi Mark TSitseron (eramizdan avvalgi 106─43 yillar) davom ettiradi. Qadimgi Yunonistonda nutq mahorati, uni takomillashtirish yo’llari, nazariyasi va tarixi bo’yicha o’z tajribalaridan kelib chiqib TSitseron bir nechta asarlar yaratdi. TSitseronning notiqlik san’ati tarixiga bag’ishlangan “Brut”, “Notiqlik san’ati namoyondalari”, “Notiq”, “Notiqlik haqida” kabi asarlari shular jumlasidandir. Notiqlik san’atining ulkan imkoniyatlarini, odamlarni va jamiyatni boshqarishda qudratli qurol ekanligini ta’kidlab, uni davlatning siyosiy jihatdan bosh quroli deb hisoblaydi. SHu sababli har bir davlat rahbari va davlat arbobi notiqlik san’atining cheksiz imkoniyatlarini chuqur egallashi lozimligini aytadi. TSitseronning notiqlik san’ati nazariyasida “Ideal notiq” haqidagi g’oyalari muhim ahamiyatga ega. Uning fikricha, “Ideal notiq egasi yuksak ma’naviyatli, chuqur bilimga ega, tafakkuri boy faylasuf bo’lishi kerak.” Ideal notiqlar tinglovchilar qalbiga va his tuyg’ulariga tez, chuqur kirib borishi, ularning kayfiyatini, ruhiyatini bilib, shodlik va sevinch tuyg’ularini, yoki aksincha, g’azab va nafratini ta’sirchan nutqi asosida uyg’ota olishi lozim.
TSitseron tomonidan ishlab chiqilgan va nazariy hamda amaliy jihatdan asoslangan notiqlik san’ati haqidagi ma’lumotlarni, tizimlar va uslublarni rimlik Kvintilian (eramizdan avvalgi 35-95 yillar) ma’lum bir tartibga keltirib, tabaqalashtirib, undan notiqlik san’ati sohasi bo’yicha faoliyat ko’rsatuvchilar unumli foydalanishlari uchun qayta ishlab chiqdi. U notiqlik san’atining balandparvoz, asabga teguvchi teatr artistlariga xos ovoz ritorikasiga qarshi edi. Kvintilianning fikricha, notiq tashqi ovoz natijalari bilan emas, balki ilmiy asosga ega bo’lgan, mazmunan boy, mukammal va “tiniq” nutq orqali ulkan yutuqlarga erishishi mumkin. U “Tarbiya haqida” nomli asarida o’z nazariyalariga asoslanib, notiqlik san’atini o’rganish metodikasini yaratdi. Faylasuf olim o’z asarida ilk bor notiqlik san’atining ta’lim-tarbiya maskanlarida bolalar bilimi, ongi va tafakkuriga ijobiy ta’siri haqidagi g’oyalarini ilgari surdi. Kvintilian o’qituvchilar va tarbiyachilarning qizg’in faoliyat olib borishlari uchun notiqlik san’atini mukammal o’rganishga doir o’zining metodikasini taqdim etdi. Ushbu metodika notiqlik san’ati tarixida ulkan ahamiyatga ega va hozirgi davrda ham o’z qimmatini yo’qotmagan.
SHarq mutafakkirlari notiqlik san’ati haqida
Mamlakatimizda notiqlik san’atining rivojlanishi O’rta Osiyo madaniyati tarixi bilan bog’liq bo’lib, nutq madaniyati hamisha o’ziga xos mavqega ega bo’lib kelgan. O’rta Osiyoda notiqlik san’atining xususiyatlari shundan iboratediki, u eng avval o’sha davr tuzumining manfaatlariga xizmat qilaredi. Bu davrda notiqlik san’ati ustalarini nadimlar,qissago’ylar, masalgo’ylar, badihago’ylar, qiroatxonlar, muammogo’ylar,voizlar, go’yandalar, maddohlar, qasidaxonlar deb yuritilishi ham anashundan dalolat beradi. Movarounnahrda notiqlik san’ati voizlik deb atalgan. Voizlik, ya’ni va’zxonlik «Qur’on»ni targ’ib qilish bilan mushtarak holda so’zning ahamiyati, ma’nosini anglatgan. «Va’z» so’zi arab tilidan pand- nasihat ma’nosini beradi. Va’z aytuvchi, nutq so’zlovchi shaxs Voiz deb atalgan. Voizlik san’ati tinglovchining, jamoaning ongiga, his tuyg’usiga ta’sir etish mahorati bo’lib, qadimgi SHarqda hukmdorlar ushbu san’at namoyondalari xizmatini yuksak darajada qadrlaganlar.
SHarq mutafakkirlari mudarrisning muloqotga kirishish odobi to’g’risidagi adabiy meroslarida ko’plab ijobiy fikrlarini bayon qilganlar. Ana shu nuqtai-nazardan qaralsa, «Nutq odobi», «Muomala madaniyati» nomlari bilan yuritilib kelingan nutq madaniyati tushunchasi juda qadimdan olimlar, ziyolilarning diqqatini jalb etgan. Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Unsurul Maoliy Kayqovus, Abu Abdulloh Al-Xorazmiy, Mahmud Qoshg’ariy, az-Zamahshariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi ulug’ siymolar nutq odobi masalalariga, umuman notiqlik san’atiga jiddiy e’tibor berishga da’vat etish bilan birga tilga, lug’atga, grammatikaga va mantiqshunoslikka oid asarlar yozdilar.
Buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy (973-1048) o’zining «Geodeziya» asarida har bir fanning paydo bo’lishi va taraqqiy etishi inson hayotidagi zaruriy ehtiyojlar talabi bilan yuzaga kelishini aytadi. Uning fikricha, notiqlik san’atining ildizlari bo’lmish grammatika, aruz va mantiq fanlari ham shu ehtiyojning hosilasidir,
Ulug’ vatandoshimiz Abu Nasr Forobiy to’g’ri so’zlash, to’g’ri mantiqiy xulosalar chiqarish, mazmundor va go’zal nutq tuzishda leksikologiya, grammatika va mantiqning naqadar ahamiyati cheksizligi haqida shunday deydi: “Qanday qilib ta’lim berish va ta’lim olish, fikrni qanday ifodalash, bayon etish, qanday so’rash va qanday javob berish masalasiga kelganimizda, bu haqda bilimlarning eng birinchisi jismlarga va hodisalarga ism beruvchi til haqidagi ilmlar deb tasdiqlayman...” Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida mudarrisning “so’zlari aniq bo’lsin, fikrini va aytmoqchi bo’lgan mulohazalarini ravon va ravshan bayon eta olsin... Bilish va o’qishga muhabbati bo’lsin, o’rganmoqchi bo’lgan bilimini charchashni sezmasdan, osonlik bilan o’zlashtira olsin” deydi.

Yüklə 96,91 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə