77-modda. Litsenziyani chaqirib olish
Markaziy bank quyidagi hollarda litsenziyani chaqirib olishga haqli:
agar bank litsenziyani olganidan keyin o‘n ikki oy ichida bank faoliyatini amalga oshirishni
boshlamagan, bu faoliyatdan to‘g‘ridan to‘g‘ri voz kechgan yoki moliyaviy operatsiyalarni uch oydan
ortiqroq muddat davomida amalga oshirmagan bo‘lsa;
litsenziya berish shartlari bank tomonidan bajarilmaganda;
ushbu Qonunning
54-moddasida
ko‘rsatilgan qo‘pol qoidabuzarliklardan biri bank
tomonidan sodir etilganda;
agar bank ketma-ket keluvchi uch chorakning har birida bank regulyativ kapitalining o‘n
foizidan ortiq yoki muddatidan qat’i nazar, regulyativ kapitalning ellik foizidan ortiq miqdorda zarar
ko‘rgan bo‘lsa yoki zarar ko‘rish ehtimoli mavjud bo‘lsa;
qayta tashkil etish natijasida bankning faoliyati tugatilganda;
aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida bankni ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risida qaror qabul
qilinganda;
O‘zbekiston Respublikasida bank tashkil etgan chet davlat bankidan litsenziya chaqirib
olinganda;
bank to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolganda.
Bankning to‘lovga qobiliyatsizligi deganda quyidagi hollar tushuniladi:
bank mijozlarning o‘ziga nisbatan qo‘ygan talablarini o‘n besh kun ichida to‘lashga qodir
bo‘lmasa;
bankning majburiyatlari uning aktivlaridan ortib ketsa;
omonatchilar va kreditorlar tomonidan bankka ishonib topshirilgan mablag‘larning butligiga
xavf soluvchi har qanday boshqa holatlar mavjud bo‘lsa.
Bank boshqaruvi bankning to‘lovga layoqatsizlik holati yuzaga kelgan yoki mijozlar
tomonidan talab etilgan da’volarni qanoatlantira olmaslikka oid tavakkalchilik mavjud bo‘lgan
hollarda darhol Markaziy bankka xabar berishi kerak.
Markaziy bank boshqaruvining litsenziyani chaqirib olish to‘g‘risidagi qarori ushbu qaror
qabul qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank boshqaruvining qarori ushbu qaror qabul qilingan kuni bank rahbariyatiga
imzo qo‘ydirib topshiriladi.
Bankning litsenziyasi chaqirib olinganligi to‘g‘risidagi axborot mazkur qaror qabul qilingan
kundan e’tiboran bir kun ichida ommaviy axborot vositalarida, shuningdek Markaziy bankning
rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi lozim.
Bankka Markaziy bank boshqaruvining litsenziyani chaqirib olish to‘g‘risidagi qarori qabul
qilingan paytdan e’tiboran ushbu Qonunga muvofiq banklar uchun ruxsat etilgan faoliyatni amalga
oshirish taqiqlanadi, bundan bankning tugatilishi bilan bog‘liq harakatlar mustasno.
Dostları ilə paylaş: |