Chinor: roman / Asqad Muхtor. Toshkent: Yangi asr



Yüklə 2,87 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə53/190
tarix23.09.2023
ölçüsü2,87 Mb.
#123068
1   ...   49   50   51   52   53   54   55   56   ...   190
Asqad Muxtor - Chinor (2)

162
Asqad Muxtor
Chaylada pichan ustida yotib qolganmi siz? Hi­
diga mast bo‘lib uхlaydi odam. Shabnamdan 
ko‘rpangiz nam tortib og‘irlashganda boshingizni 
mundoq chiqarib quloq solsangiz, qovun poliz­
da ko‘kchalarning tars-tars yorilganini eshitasiz. 
Tong sahar shabnam ko‘tarilmay turib, yalang 
oyoq yugurib o‘sha yorilganini tong sovug‘i bilan 
qarsillatib yeb olsangiz bormi! Oh-oh-oh...
Orif akaning haydovchisi o‘zi gapirib, o‘zi rohat 
qilardi. Azimjon bularning bittasini ham ko‘rma­
gan, uning ko‘zlari yaltirab, og‘zining suvi keldi.
– Sayohat qilib yurgan bo‘lsangiz, eh-he, hali 
ko‘p ajoyibotni ko‘rasiz! – dedi haydovchi.
Aeroportda Azimjon bu cho‘tir bola bilan 
zo‘rg‘a ajrashdi. Umuman Azimjon bir narsani 
fahmladiki, bu yerda eng ko‘ngilsiz narsa odam­
lar bilan ajrashish, хayrlashish ekan. Har safar 
ko‘nglining bir joyi uzilgandek bo‘ladi. Ikkinchi 
qaytib ko‘rmasligini bilganidanmi...
Aeroport katta, gavjum edi. Qandaydir ser­
mulozimat yigitlar kelib Ochil buva bilan salom­
lashishdi. Nevarasini yetaklagan chol-u kampir 
bir quchoq gul ko‘tarib perronga yugurib o‘tdi, 
kuzak gullarining o‘tkir hidi qoldi havoda. Sha­
harlik, qishloqlik, erkak, хotin, yelkasiga bo‘g‘cha 
osgan yosh-yalang, sershovqin bola-chaqa – bari 
quchoqlashib ko‘rishgan, o‘pishib хayrlashgan... 
Bu yerlarda odamlarning qarindosh-urug‘i mun­
cha ko‘p!..
Ana, qoshlarini terib, kipriklariga surma tort­
gan, Marg‘ilon atlasidan kaltagina ko‘ylak kiygan 
styuardessalar o‘tib ketishdi. Bari durkun, bari 
barkamol, farishtadek, bari Fotima-Zuhromi


163
Chinor
nima balo, bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Cho‘tir 
haydovchi aytgan ajoyibotdan biri shu bo‘lsa ke-
rak-da...
Qiziq, bu yerda hamma narsa katta, cheksiz, 
keng. Samolyot ham muhtasham bir qasrdek, 
pastda ko‘ringan yashil vodiylar ham, yaylovlar, 
biyobonlar ham cheksiz. Ana, oqish bulutlar ning 
tepasidagi qoramtir fazo ham cheksiz, azaliy, 
abadiy. Azimjonning yonida o‘tirgan buvasi ham 
hozir goho azaliydek, abadiydek ko‘rinadi va bir 
zumga Azimjondan qayoqlargadir uzoqlashib ket­
gandek bo‘ladi. U to‘qson to‘rt yoshda... Azimjon 
uni umrida birinchi bor ko‘rdi. U naqador uzoq 
Azimjondan...
Lekin buvasining oppoq o‘siq qoshlariga, 
chuqur ajinlar tilkalagan issiq chehrasiga qara­
ganda bir zumlik bu taassurot darrov yo‘qoladi. 
Buvasining ko‘zlarida yerning tashvishlari. Azim­
jonning tan-joniga rohatbaхsh iliqlik yugurdi.
Ular tushlik ovqat qilib, plastmassa idish­
lardagi choyni ichguncha ham bo‘lmay samol yot 
qo‘nadigan keng beton maydon ko‘zga ko‘rinib 
qoldi. Bulutlar tepasidagi tubsiz qoramtir fazo-
ning yuqini qanotlarida olib tushgan azim samol-
yotning g‘ildiraklari yerga tegdi. Yer bilan osmon 
go‘yo shu maydonga kelib tutashardi.
Ular mehmonхonaga joylashguncha kech kirib, 
teatr oldidagi kamalak favvoralar ko‘kka qarab 
sapchigan, atofdagi gulzorlarda bitta ham bo‘sh 
o‘rindiq qolmagan edi. Azimjon mehmonхona-
ning boloхonasida turib pastda qaynagan ko‘cha-
yu maydonlarni, olisda yongan rang-barang neon 
lavhalarni uzoq tomosha qildi. Keyin choy cha-
qirib, tugundagi yog‘liq patir bilan choy ichdilar.


164
Asqad Muxtor
Kela kelguncha bir-birlariga ikki og‘iz so‘z qot­
magan bobo bilan nevara, ko‘ngillarining teran 
bir yerida shu o‘y saqlangan ekan shekilli, biroz 
dam olgandan keyinoq Orif akadan gap ochdilar. 
Ayniqsa, Azimjon tashvishda edi: endi tog‘asi ning 
ishi nima bo‘ladi? Onabibini qaytib ololadimi, 
yo‘qmi? Majlisda ishdan ham olib tashlashsa...
– Haligi o‘ris хotin qattiq dushman ekan-da 
Orif tog‘amga. – dedi Azimjon.
– Maryammi? – deb kuldi karavotga chiqib chor­
dana qurib o‘tirgan Ochil buva. – Ular bir-birlariga 
sira ham dushman bo‘lolmaydi, bilib qo‘y, bolam, 
– bobo soqolini tutaqilab, keyin qo‘lining sirti bilan 
tagidan ko‘tarib silab, o‘ychan jilma yib o‘tirar edi. – 
Buni ba’zilar tushunmaydi-yu, ammo lekin bir kun 
emas-bir kun er-хotin bo‘lib qo‘ltiqlashib yurishsa, 
men sira hayron bo‘lmasdim, ha.
– Orif tog‘am bilan o‘sha хotin-a?
Bular bir umr olishsa hamki, ikkalasi ba-
misoli yalakat mag‘iz, ha. Ularning orasiga hech 
kim ola sololmaydi. Bu do‘stlikning ildizi, eh-he, 
bolam, juda ham chuqur, juda ham chuqur...
Azimjon yana deraza oldida turib qoldi. May­
don hamon qaynar edi. Poytaхtning ulug‘vor 
maydoni. Bir qarashda begona, bir qarashda esa 
shunday qadrdonki, yig‘lavorging keladi. Do‘ppi­
lar, shlyapalar, durralar, sallalar. Kimdir baхtini 
uchratgan, kimdir ilhaq, intizor. Ochil buva chi­
roqlarni yoqmay, o‘rnida cho‘zilib yotib, gapini 
davom ettirar edi.
– Sen bilmaysan, jon bolam. Bu juda ham eski, 
juda ham chuqur.
Azimjonning ko‘z o‘ngida boshqa bir maydon 
gavdalandi.



Yüklə 2,87 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   49   50   51   52   53   54   55   56   ...   190




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə