www.ziyouz.com кутубхонаси
57
uning yashirib qo'ygan xazinasi ham talon-toroj bo'ldi. Oltin-kumush yig'ish oqibatda
ana shunday mudhish voqea bilan tugadi. Sen bunday jirkanch ishlardan qo'lingni tort!
Ularga zinhor mayl ko'rsatma, chunki bu fano dengizi — dunyo doimo dahshatli to'lqin
urib turadi.
CV Yana bir qushning Hudhudga savoli Bir savol beruvchi so'radi:
- Ey oliy martaba egasi! Men jannat kabi bir maskanda istiqomat qilaman. U yerdagi
har bir daraxt behisht to'bisiga o'xshaydi. U yerning har tarafida kavsar kabi zilol
chashmalar oqib turadi. U yerning suvi dilkash, havosi esa oromijondir; sahnida jonga
ozuq bo'ladigan mevalari ko'p. Maydoni jannat bog'i kabi keng bo'lib, o'rtasida ulkan bir
qasr bunyod etilgan. Qasr ichi ajoyib naqsh berilib zar bilan ishlangan, tashqarisi
esa gavharlar bilan ziynatlangan. Bu qasrda xushsurat, siyrati yoqimli bir podsho dam
oladi. Mening manzilim ana shunday ajoyib gulshan ichidadir. Bu yerda men shoh
vasliga
erishganman. Uning suhbatlari bir daqiqa ham mensiz o'tmaydi. Tunu kun men uning
eng yaqin ulfati va suhbatdoshiman. Bu xil xursandchilikdan voz kechib, Simurg'ni istab
yo'lga chiqish maqsadga muvofiqmi?
CVI Hudhudning javobi Hudhud unga dedi:
— Ey xayollari puch! Sen aytgan barcha narsalar aslida hech narsaga arzimaydi.
Garchand gulshan zebo va dilkash bo'lib, uning suvi va havosi ko'zga xush ko'rinsa-
da, shuningdek, u yerda to'biga o'xshash daraxtlar jilva qilib, gullari yuz xil ishva bilan
kishini o'zga maftun etsa-da, sen shuni bilki, u yerdagi oppoq ochiladigan nasrin va
boshqa gullar vafosizdir. U yerning sarv bilan sunbuli mangu emasdir. U yerning
bahoriga bir kun kuz shikast yetkazadi va gullar qora tuproqqa qorishadilar. Bu davron
charxi u yerdagi qasrni ham xuddi xasta oshiq ko'ngli kabi vayron etib tashlaydi. Jafo
keltiruvchi ro'zg'or esa bu qasr shohini taxtdan qulatadi. Uning bog'ida gulchehralardagi
singari vafo yo'qdir, shohi ham mehri tosh go'zallar kabi abadiy emasdir.
Bas, shunday ekan, sen bular oldida kim bolibsan, ey zaif kishi. U bog'dagi biror gul
tikanining sanchilishiga ham chiday olmaysan-ku! Haqiqiy er bo'lsang, baqo Qofiga yo'l
ol va u tog' cho'qqisida turuvchi shoh vasliga erish! Chunki bu gulshan kamoliga o'sha
sababchidir. Uning xazonga yuz tutib, zavol topishi ham o'shandan. Uning jamoli shohga
zebolik va baxt ato etadi. Shohning taxtdan ag'darilishi va yakson bo'lishi ham uning
ulug'ligi tufaylidir. Shoh qasrining obod bo'lishi ham uning hikmatidandir, so'ngra vayron
bo'lishi ham uning qudratidandir.
CVII Hikoyat Karaxtlikdan dong qotgan bir qalandar bo’lar edi. U ertayu kech bang iste'mol qilardi.
Ko'rinishdan bu olamdan etak silkigan darvishlarga o'xshar, ammo butun sir-asrori
yonidagi bang idishi - jur'adonida yashiringan edi. Bang tortgan damlarida o'zini
qo'yarga joy topa olmay, har doim aysh qilmoq haqida turli xayollar surardi.