O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta'lim vazirligi qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti neft va gaz fakulteti neft va gaz ishi asoslari fanidan


Tog‘ jinslari va ularning fizikaviy-mexanikaviy xossalari



Yüklə 6,29 Mb.
səhifə12/64
tarix06.03.2023
ölçüsü6,29 Mb.
#102000
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   64
Neft va gaz ishi asoslari (maruza)

Tog‘ jinslari va ularning fizikaviy-mexanikaviy xossalari

Tog‘ jinslari deb bir xil yoki turli minerallar hamda boshqa jinslar bo‘laklaridan tarkib topgan, yer qobig‘ini tashkil etuvchi mustahkam yoki yumshoq birikmalarga aytiladi.


Yer shari xilma-xil tog‘ jinslari va minerallardan tashkil topgan. Litosferani tashkil qiluvchi tog‘ jinslari (ohaktosh, granit, qum, gil, tuproq) asosan turli minerallar yig‘indisidir. Shuning uchun tog‘ jinslarini tashkil qilgan minerallar bilan tanishmasdan, ularning fizik, kimyoviy xossalarini o‘rganmasdan tog‘ jinslarini bilish qiyin.
Yer qobig‘ining ichida va sirtida bo‘lib turadigan turli xil fizik-kimyoviy jarayonlar natijasida vujudga kelgan tabiiy kimyoviy birikmalar minerallar deb ataladi. Tog‘ jinslarini hosil qiluvchi minerallar o‘ziga xos fizik-kimyoviy xususiyatga ega. Tabiatda ma’lum bo‘lgan minerallar turi 3000 taga yaqin bo‘lib, ko‘pchiligi qattiq, qisman suyuq va gaz holida uchraydi.
Tog‘ jinslarini tashkil qiluvchi muhim minerallar turi 50 tadan oshmaydi va ular asosan 9 ta kimyoviy element (O, Si, Fe, AI, K, Na, Ca, Mg, H) lardan tashkil topgan.
Tog‘ jinslarini tashkil qiluvchi muhim minerallarning o‘ziga xos fizik xususiyatlari bo‘ladi, ana shu xususiyatlariga ko‘ra bir mineralni ikkinchisidan ajratish mumkin. Minerallarning morfologiyasi ularning qanday moddalardan tarkib topganligiga va u moddalarning molekula, atom va ionli ichki tuzilishiga bog‘liq. Ana shunga ko‘ra minerallar har xil geotermik shakllarda qotadi, ya’ni kristallanadi. Minerallarning kristallanish xossalarini kristalllografiya fani o‘rganadi. Minerallarning kristallanish xossasi ularning boshqa amorf (shaklsiz) moddalardan farq qilishda asosiy belgi bo‘lib xizmat qiladi. Ko‘pchilik minerallar (qattiqlari) kristall, juda oz qismi amorf holda uchraydi. Masalan, kristallangan minerallarga kub shaklida kristallanuvchi osh tuzi (galit), flyuorit, olmos, magnetit va boshqalar kiradi, amorf shaklidagi minerallarga esa fosforit, opal va boshqa shu kabilar misol bo‘la oladi.
Tog‘ jinslari yer qobig‘ining qa’rida (ichki qismida) yoki uning yuzasida bo‘ladigan geologik jarayonlar natijasida hosil bo‘ladi. Tog‘ jinslari hosil bo‘lish sharoitlariga ko‘ra magmatik, cho‘kindi va metamorfik turlarga bo‘linadi. Tog‘ jinslarini tavsiflashda ularning tuzilmasi va teksturasi muhim ahamiyatga ega.
Tuzilma - bu tog‘ jinslarni tashkil etuvchi minerallar va boshqa jins bo‘laklarining o‘lchamlari, shakli va o‘zaro munosobatlarini tavsiflovchi xususiyatidir.
Tekstura - tog‘ jinslarini tashkil etuvchi qismlarning (bo‘laklarning) unda tarqalish xususiyatlarini tavsiflovchi belgisi.
Magmatik tog‘ jinslari magmaning chuqurlikda yer qobig‘i ichida sovib kristallanishi yoki yer yuzasiga quyilib qotishi natijasida hosil bo‘ladi. Magmatik tog‘ jinslari hosil bo‘lish sharoitlariga ko‘ra intruziv (plutonik) va effuziv (vulqon) turlarga ajratiladi. Intruziv jinslar magmani yerning ichki qismida sovib kristallanishidan hosil bo‘ladi. Bu jinslarning tuzilmasi bir-biridan farq qiladi. Intruziv jinslar to‘liq kristall tuzilmasi bilan tavsiflanadi, ya’ni kristallar bilan bir qatorda vulqon shishasi yoki hosil bo‘lishi tez sovush bilan bog‘liq bo‘lgan yopiq kristall massa katta rol o‘ynaydi.
Yer qobig‘ining yuzasiga yaqin qismida intruzivlardan nordon jinslar (grangatoidlar), effuzivlar ichida esa asosli jinslar (bazaltoidlar) keng tarqalgan. Yer qobig‘ining yuzasiga yaqin qismida intruzivlardan nordon jinslar (grangatoidlar), effuzivlar ichida esa asosli jinslar (bazaltoidlar) keng tarqalgan.
Cho‘kindi tog‘ jinslari yer yuzasida avval hosil bo‘lgan tog‘ jinslarining yemirilishi va qayta yotqizilishi natijasida hosil bo‘ladi. Cho‘kmalar asosan suvli muhitda - ko‘l, daryo, dengiz va okeanlarda va gohida qurukliklarda to‘planadi. Neft va gaz geologiyasida cho‘kindi jinslar, neft va gaz genetik jihatdan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan obekt sifatida o‘rganiladi.
Cho‘kmalar uchun materallar asosan quruklikda yemirilgan tog‘ jinslari va minerallar bo‘laklari; bevosita eritmalardan hosil bo‘lgan kimyoviy cho‘kmalar; hayvonot va o‘simlik qoldiqlari hamda ularning hayot faoliyati mahsulotlari, vulqon otqindi bo‘laklari bo‘lishi mumkin. Shunga muvofiq cho‘kindi tog‘ jinslari turtta guruhga ajratilgan: bo‘lakli, kimyoviy (ximogen), organogen va piroklastik. Cho‘kmalar qoidaga muvofiq tog‘ jinsi hisoblanmaydi. Cho‘kma uning ustiga boshqa cho‘kmalar yotkizilgandan so‘ng tog‘ jinsi hisoblanadi. Masalan, daryo qumi -cho‘kma; kachonki u gil yoki boshqa cho‘kmalar bilan qoplansa tog‘ jinsi bo‘ladi, bunda u o‘zining yumshoqligi va sochiluvchanligini saqlab qoladi. Ko‘pchilik cho‘kmalar tog‘ jinsiga aylanib diagenez bosqichini o‘tadi, ya’ni suvni yo‘qotish hisobiga zichlashish jarayoni, qayta kristallanish, sement hosil bo‘lishi va boshqalar. Tog‘ jinslari bo‘laklari va minerallar cho‘kmaga tushishdan avval katta masofani bosib o‘tishi lozim. Odatda bo‘laklar bu masofani suv oqimida o‘tadi. Bo‘laklar bir yerdan boshqa joyga ko‘chib dumoloqlanadi, silliqlangan shaklga keladi.
Ximogen jinslar kimyoviy tarkibi bo‘yicha turlicha bo‘ladi. Kelib chiqishiga ko‘ra gillarning ham katta qismi kimyoviy jinslarga kiradi. Gillardagi gilli minerallarning o‘lchamlari 0,005 mm dan oshmaydi; diagenez bosqichini kechirgan gillar argillitlar deyiladi. Argillitlar qattiq va gillar kabi suvda namlanmaydi. Ximogen jinslar orasida kimyoviy va biokimyoviy ohaktoshlar, dolomitlar, kremniyli jinslar, sulfatlar va galogenidlar, temirli, fosfatlar va boshqalar keng tarqalgan.
Organogen jinslar asosan chig‘anoqlar yoki oddiy organizmlar skeletlari bo‘laklaridan tashkil topgan turli ohaktoshlar va kremniyli jinslardan iborat. Ularga yonuvchi slanslar, neft va boshqalar kiradi. Ularning hosil bo‘lishida kimyoviy jarayonlar katta rol o‘ynaydi, lekin neft organik yo‘l bilan hosil bo‘ladi.
Piroklastik jinslar (grekcha: «Pyr»–olov, «clastikos»-maydalangan) genetik jihatdan magmatik jarayonlar bilan bog‘liq, hosil bo‘lishi va tashqi ko‘rinishiga ko‘ra cho‘kindi jinslar guruhiga kiradi. Atmosferaga otilgan vulqon mahsulotlari yerga tushadi va odatdagiday bo‘laklanib boradi; suv oqimlarida ularning tog‘ jinsiga aylanishi cho‘kindi jinslar hosil bo‘lishidan deyarli farq qilmaydi. Ingribitlar bunga kirmaydi, ular sovib ulgurmasdan yerga tushib mustahkam vulqon jinslarini hosil qiladi. Piroklastik jinslar bo‘laklarining o‘lchamlari kattaliklariga ko‘ra tasniflanadi: vulqon kuli zarrachalarining o‘lchamlari 1 mm gacha, vulqon qumi 1-2 mm gacha, vulqon bombasi 30 mm dan katta bo‘ladi.
Cho‘kindi jinslar bo‘laklari to‘rgan joyida vaqt o‘tishi bilan to‘plangan har bir bo‘lak orasiga erigan ohak yoki gil kirib, ularning birini ikkinchisi bilan biriktiradi. Biriktiruvchi (sementlovchi) modda har xil: gilli temirli, oxakli, kremniyli, fosforitli va aralash (gilli-ohakli) modda bo‘lishi mumkin. Cho‘kindi jinslarning tavsiflashda ularning sementlovchi qismi aniqlaniladi. Jinsning zichligi, qattiqligi va tuzilishi uning sementlovchi qismga bog‘liq.
Metamorfik jinslar yer qobig‘ida juda keng tarqalgan. Metamorfik jinslar mavjud jinslarning yuqori harorat va bosim ta’sirida qayta kristallanishi bilan bog‘liq bo‘lgan metamorfik jarayonlar natijasida hosil bo‘ladi. Metamorfizmda boshlang‘ich jinslarning mineral tarkibi harorat va bosimning o‘zgarishiga sezgir bo‘lganligi sababli tez o‘zgaradi. Bunday minerallar yangi sharoitlarda atrof muhit bilan o‘zaro muvozanatdan chiqadi va qayta kristallanib mustahkam jinslarga aylanadi. Bunga ko‘pincha metamorfizm jarayonida uchuvchan komponentlar, suv va uglekislotalarning ishtiroki sabab bo‘ladi. Jinslarning mineral tarkibiga bog‘liq ravishda ularning tuzilmasi ham o‘zgaradi.
Turli sharoitlarda metamorfizm har xil natijalarga olib keladi. Shuning uchun regional metamorfizm, avtomorfizm, dinoamomorfizm va ultra metamorfizmlarda hosil bo‘lgan jinslar bir biridan farq qiladi. Bu jinslardan metasomotoz jarayoni jinslari kimyoviy tarkibining keskin o‘zgaruvchanligi bilan farq qiladi.
Cho‘kindi tog‘ jinslarini tekshirganda, xuddi otqindi jinslardagidek ularning tuzilmasi bilan teksturasiga e’tibor beriladi. Cho‘kindi jinsni tashkil kiluvchi donachalarning shakli, o‘lchamlari va tuzilishiga uning tuzilmasi deb ataladi. Cho‘kindi jinslar o‘z tarkibidagi donachalarining katta kichikligiga qarab har xil guruhlarga bo‘linadi.
Cho‘kindi jinslar tarkibidagi donachalarning joylashish tavsifiga va bir-biriga bo‘lgan munosabatiga tekstura deb aytiladi. Cho‘kindi tog‘ jinslarida donachalarning joylashish tavsifiga ko‘ra: tartibsiz, varaqsimon, cherepisasimon, jimjima yoki to‘lkinsimon ko‘rinishlardagi teksturalar bo‘ladi.
Qatlam deb taxminan o‘zaro parallel bo‘lgan yuzalar bilan chegaralangan bir xil tarkibli geologik hosilaga aytiladi. Qatlamlar yer qobig‘ida joylashuvlariga ko‘ra: gorizontal, qiya holatda va burmalanib yotgan holatlarda uchraydi.
Qatlamlarning gorizontal yotishi qatlamlanish chegaralarining yer yuzasiga nisbatan umumiy gorizontal yoki unga yaqin tutgan o‘rni bilan tavsiflanadi. Qatlamlarning yer qobig‘ida mutloq gorizontal yotishi tabiatda juda kamdan-kam uchraydi.
Yer qobig‘ida qatlamlarning gorizont tekisligiga nisbatan bir tomonga ma’lum burchak ostida yotishi qiya (monoklinal) yotish deb yuritiladi. Qatlamlarning qiya yotishi holati gorizontal yoki unga yaqin bo‘lgan yuzada to‘plangan tog‘ jinslari qatlamlarining tektonik kuchlar ta’sirida birlamchi vaziyatini o‘zgartirishidan vujudga keladi. Xaritada qatlamlarning qiya yotganligini ularning chegaralari relef gorizontallarini kesib o‘tganligidan aniqlash mumkin.
Burma deb tektonik kuchlar ta’sirida cho‘kindi, vulqon va metamorfik tog‘ jinslari qatlamlarining plastik deformasiyasi tufayli to‘lqinsimon buklanishiga aytiladi.
Burmalar orasida ularning antiklinal va sinklinal deb ataluvchi ikki asosiy turi ajratiladi. Antiklinal burma qavariq tuzilma bo‘lib, qatlamlarning buklanish markazida nisbatan qari, atrofida esa tobora yosh qatlamlar yer yuzasiga ochilib yotadi. Sinklinal burma esa botiq tuzilma bo‘lib, uning markaziy qismida yosh qatlamlar, atrofida esa tobora qari tog‘ jinslari yer yuzasiga ochilib yotadi. Har bir burma ma’lum elementlardan tashkil topgan bo‘ladi. Burmalarda qatlamlarning buklanish joyi burma qulfi yoki yadrosi deyiladi. Sinklinal burmalar uchun yadro o‘rniga mulda degan ibora qo‘llaniladi. Burmaning qulfiga tutashgan qismlari burma qanotlari deb ataladi.
Tog‘ jinslari qatlamlarini yaxlitligining ichki va tashqi kuchlar ta’sirida buzilishi tufayli ularda har xil yer yoriqlari hosil bo‘ladi. Uzilish yuzasi bo‘yicha ajralgan tog‘ jinslari bloklari bir-biriga nisbatan o‘z vaziyatlarini o‘zgartmagan yoki katta masofalarga surilgan bo‘lishi mumkin. Uzilmali tuzilmalar ana shu belgilariga qarab ikkita katta guruhga bo‘linadi. Birinchi holda ular darzliklar va ikkinchi holda surilmali yer yoriqlari deb yuritiladi.
O‘z bag‘rida neft, gaz va suvni saqlay olish va ishga tushurilganda ularni bera olish qobiliyatiga ega bo‘lgan tog‘ jinslari kollektorlar deb yuritiladi. Kollektorning asosiy qismi cho‘kindi jinslardan tashkil topgan. Terrigen (qumlar, qumtoshlar, alevrolitlar va bir qancha gilli jinslar) va korbanat jinslar (ohaktoshlar, bur, dolomitlar) neft va gaz kollektorlari hisoblanadi.
Kollektor jinslar qatlam flyuidlari (neft, gaz va suv) harakatlanishi mumkin bo‘lgan g‘ovak, darzlik va bo‘shliqlar tizimi bo‘lib, asosan o‘ziga xos bo‘lgan ikkita belgisi: g‘ovakligi va o‘tkazuvchanligi bilan tavsiflanadi. Bo‘shliqlarga ega bo‘lgan hamma tog‘ jinslari neft va gaz uchun o‘tkazuvchan, ya’ni kollektor bo‘la olmaydi. Shuning uchun kollektor tog‘ jinslarining xossalarini o‘rganishda ularning faqatgina g‘ovakligi emas balki o‘tkazuvchanligi ham aniqlanadi. Tog‘ jinslarining o‘tkazuvchanligi bo‘shliqlarning ko‘ndalang (flyuidlarning harakati yo‘nalishiga) o‘lchamlariga bog‘liq.
Tog‘ jinslarining g‘ovakligi deb, ularning orasidagi qattiq jinslar bilan to‘lmagan g‘ovak va darzliklarga aytiladi. G‘ovaklar hosil bo‘lishiga ko‘ra birlamchi va ikkilamchi turlarga bo‘linadi. Birlamchi g‘ovaklar tog‘ jinslari hosil bo‘layotganda zarrachalar orasida bo‘shliqlar qolib ketishidan yuzaga keladi. Ikkilamchi g‘ovaklar esa tog‘ jinslari qatlamlari tarkibidagi suvda oson eriydigan minerallarni yer osti suvlari bilan yuvilib ketishidan yuzaga keladi. Yer qobig‘ining tektonik harakatlari natijasida qatlamlarda darzliklar hosil bo‘ladi.
G‘ovakliklar yoki bo‘shliqlar o‘lchamlariga qarab quyidagi turlarga bo‘linadi: o‘ta kapillyar g‘ovaklar (>0,5 mm), ularda suv, neft va gaz gravitasion kuchlar ta’sirida erkin joylashadi; kapillyar g‘ovaklar (0,5-0,0002 mm), bunday g‘ovaklarda molekulyar bog‘lanish kuchli bo‘lganligi sababli suyuqliklarning harakati juda qiyin kechadi; subkapillyar g‘ovaklar (<0,0002), bunday bo‘shliqlar gilli jinslarga xos bo‘lib, suv, neft va gazni o‘tkazmaydi.
Barcha kollektorlar bo‘shliqlarining tavsiflariga ko‘ra uch turga bo‘linadi: granulyar yoki donador (bo‘lakli jinslardan iborat), darzli (har qanday tog‘ jinsi) va kovakli (karbonat jinslar).
O‘tkazuvchanlik kollektorning muhim ko‘rsatkichi bo‘lib, jinslarning o‘zi orqali suyuqlik va gazlarni o‘tkazish xossasini tavsiflaydi. O‘tkazuvchanlik birligi sifatida darsi (D) qabul qilingan. O‘tkazuvchanligi 1 D ga teng tog‘ jinsi, 1 sm2 maydoni orqali qovushqoqligi 1 sPz bo‘lgan 1 sm3 suyuqlikni bosimlar farqi 1 kgs/sm2 bo‘lganda 1 sekund davomida o‘tkaza oladi. Neftli qumtoshlarning o‘tkazuvchanligi katta diapazonda o‘zgaradi – 0,05 D dan 3 D gacha, darzli ohaktoshlarniki –0,005 D gacha. O‘tkazuvchanlik g‘ovaklarining o‘lchamlari va konfigurasiyasi (zarrachalarning kattaligi) zarrachalarning zichlashuvi va o‘zaro joylashishi, jinslarning darzliligiga bog‘liq.
Halqaro o‘lchamlar tizimida uzunligi 1 metr, yuzasi 1 m2 bo‘lgan tog‘ jinsidan 1 Pa ga teng bosimlar ayirmasida 1 m3 hajmdagi qovushqoqligi 1 Pa·s bo‘lgan suyuqlik o‘tganda o‘tkazuvchanlik 1 m2 ga teng hisoblanadi.
Qatlamlarning kollektorlik xossalarini o‘rganish kern namunalari, kon geofizikasi tatqiqotlari materiallari va quduqlarni oqimga sinash ma’lumotlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Kollektor jinslaridagi neft va gaz to‘plamlari ustidan flyuidlar (neft, gaz va suv) uchun o‘tkazmas bo‘lgan tog‘ jinslari bilan berkilmagan bo‘lsa neft va gazning to‘plamda saqlanish imkoniyati bo‘lmaydi. Neft va gaz uyumlarining ustki va atrofida joylashgan va uni qamrab turuvchi kam o‘tkazuvchan tog‘ jinslari qoplamalar deb yuritiladi. Qoplama jinslarga gillar, tuzlar, gipslar, angidridlar va karbonat jinslarning bir qancha turlari kiradi.
Neft va gaz sanoatining rivojlanish davrining boshlanishi dastlabki yillarida neft va gaz tog‘ jinslarining katta bo‘shliqlarida yoki yirik yoriqlarida paydo bo‘ladi degan fikrlar ko‘pchilik mutaxassislar tomonidan ilgari surilgan. XIX asrning 60 yillarida ulug‘ rus olimi D.I. Mendeleyev neft va gazning qoldiq tog‘ jinslarida to‘planishi va bu jinslarda juda kichik bir-biri bilan tutashgan bo‘shliqlar mavjud degan g‘oyani ilgari surgan. Undan keyingi yillarda neft va gaz quduqlarini burg‘ilashda, mahsuldor qatlam tog‘ jinslaridan kern olishda va uni o‘rganishda olim tomonidan ilgari surilgan bu g‘oya to‘liq o‘zining tasdig‘ini topdi.
Neftli, gazli, gaz-kondensatli va boshqa shu turdagi konlarning mahsuldor qatlamlarini tashkil etuvchi tog‘ jinslari quyidagi xossalar: g‘ovaklilik; o‘tkazuvchanlik; granulometrik tarkibi va solishtirma sirti; elastiklik, yorug‘likka qarshilik, siqilish va boshqalar (mexanik xossalari); tog‘ jinslarining har xil joylashuvida neftgaz, gaz va suvga to‘yinganligi; neft, suv va gazning o‘zaro ta’sir etishidagi molekulyar sirt tarangligi kabilar bilan tavsiflanadi. Mahsuldor qatlamdagi neftli va gazlilik uyumlarining yuqorida keltirilgan xossalarning kondan foydalanish davri so‘nggi bosqichida mahsulotlarni olish va mahsuldor qatlamni maqbul sharoitlarda ishlatish shartlari bilan uzviy bog‘liqligi tog‘ jinslarining asosiy tavsiflaridan hisoblanadi.
Tog‘ jinslarining mexanik xossalariga - ularni elastikligi, yorilishga mustahkamligi, siqilishga mustahkamligi, plastikligi kabilar kiradi. Qatlamda bosim pasayganda g‘ovaklik muhiti hajmi bo‘yicha tog‘ jinslari zarrachalari elastik kengayishi yuzaga keladi va yuqori qatlamda joylashgan tog‘ jinslari tog‘ bosimi ta’sirida qatlam tanasining zichlanishiga olib keladi. Bunday zichlanish natijasida mahsuldor qatlamda hajmiy g‘ovaklik muhiti kamayadi va buning evaziga suyuqlik qatlam g‘ovakligidan siqib chiqariladi.
Tog‘ jinslari o‘zining g‘ovaklik hajmini bosim o‘zgarishi ta’sirida o‘zgartiradi va konni ishlatish jarayonida bosimning qayta taqsimlanishi sodir bo‘ladi. Tog‘ jinslarining muhim ko‘rsatkichlaridan biri uning siqiluvchanlik koeffisiyenti hisoblanadi. Agar tog‘ jinsiga tashqi bosim ta’sir qilsa undan olingan namuna hajmi va g‘ovakligi butun hajm bo‘yicha kichrayadi. Tashqi ta’sir etuvchi bosim ta’siri olinganda esa namuna hajmi va uning g‘ovakligi boshlang‘ich qiymatigacha tiklanadi.
Tog‘ jinsi g‘ovakligi hajmining o‘zgarishi Guk qonuni bo‘yicha sodir bo‘ladi:
(3.1)
(3.2)
bu yerda: ∆V - bosim qiymatining ΔR ga o‘zgarganda tog‘ jinsi g‘ovakligi natijasida hajmining o‘zgarishi, m3;
β - g‘ovak muhitning elastik hajmi o‘zgarishi, Pa-1.
Neft tarkibli tog‘ jinslarining elastik hajmiy koeffisiyenti laboratoriya sharoitlarida aniqlangan qiymatlari β =(0.3÷2).10-5 Pa-1 oraliqlarida o‘zgaradi.
Tog‘ jinslarining elastik hajmi koeffisiyenti uncha katta qiymatga ega bo‘lmasa ham, neft va gaz g‘ovaklik muhitining ham elastik deformasiya jarayoni qatlam holatiga amaliy jihatdan ta’sir qiladi.
Qatlam holatida neft va gaz qazib olishda bosim o‘zgarganda bu qiymat miqdor bo‘yicha oshadi. Shuning uchun tog‘ jinsining mustahkamligi, siqilishi va yorilishi kabi tavsiylarini bilish amaliy jihatdan muhim axamiyatga ega. Ayniqsa tog‘ jinslarining bu xossalari quduqlarni torpedalash usuli bilan yoriqlar ochib yuksizlashtirishda, qatlamni gidroyorishda va boshqa shu kabilarda juda muhimdir.
Ba’zi bir tog‘ jinslarining siqilishga mustahkamlik qiymatlari quyidagicha: bazaltlar uchun - 5000∙105 Pa gacha; zichlamali ohaktoshlar uchun - 2600∙105 Pa gacha; ohaktoshli sementlashgan qumtoshlar uchun - 200÷1000∙105 Pa va slanslar uchun - 1000∙105 Pa gacha.
Tog‘ jinslarining siqilishga mustahkamligi juda yuqori bo‘lib, deformasiyaga va boshqa turdagi mustahkamlikga uncha yuqori emas, masalan, tog‘ jinslarida cho‘zilishga mustahkamlik siqilish mustahkamligining 0,2 qiymatiga teng bo‘ladi.
Tog‘ jinslarining mustahkamligi ularning mexanik parchalanishga qarshilik ko‘rsatish qobiliyati bo‘lib, jinslar siqilishga katta qiymatda qarshilik ko‘rsatadi. Tog‘ jinslarining yorilishi, egilishi va siljishi jarayonida mustahkamligi kichik bo‘lib, uning siqilishdagi mustahkamligining o‘ndan bir yoki yuzdan bir ulushiga teng bo‘ladi.
Ohaktoshlarning mustahkamligi uning tarkibida loyli zarrachalar miqdorining ko‘payishi bilan pasayib boradi. Shuningdek, qumoqtoshlar mustahkamligi ham ohaktoshli tarkibda loyli zarrachalarning ko‘payishi bilan kamayadi. Ohaktoshlar va qumoqtoshlar suvga to‘yintirilgandan keyin ularning mustahkamligi dastlabki qiymatidan 20-45 % gacha pasayadi.
Tog‘ jinslari plastiklik hossasi, yani katta bosimda yoriqlar paydo bo‘lmaslik xususiyatlari, chuqur quduqlarni burg‘ilashda har xil murakkabliklarning paydo bo‘lishiga qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini belgilaydi. Juda katta chuqurlikdagi tog‘ jinslari o‘zidan yuqorida joylashgan tog‘ jinslari massasi tasirida bo‘lganligi uchun burg‘ilashda murakkabliklarga yoki har xil mushkulotlarga olib kelishi mumkin. Yer qobig‘ida burmalarning shakllanishi tekis egilishli qavariqli yoki botiqli egilmalar tog‘ jinslarining plastik xossalari natijasida sodir bo‘ladi.




    1. Yüklə 6,29 Mb.

      Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   64




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə