O‘zbekiston Respublikasi



Yüklə 1,07 Mb.
səhifə43/369
tarix10.04.2022
ölçüsü1,07 Mb.
#85249
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   369
T. Malikov O. Olimjonov moliya

Sovet moliya fani. Iqtisodiyot va moliyani boshqarishning direktiv metodlariga o’tilishi munosabati bilan moliya xususidagi ilmiy tasavvurlarni unifikatsiya qilish va tartibga keltirish, ularni sinfiy kurash manfaatlariga bo’ysundirish zaruriyati paydo bo’ldi. SSSR moliyasi to’g’risidagi fanning yaratilishi buning natijasi bo’lib, unda sovetlar moliyasining kapitalistik davlatlar moliyasidan ustunligi ko’rsatildi. Bu fanning oyoqqa turish davri nisbatan uzoq vaqtni talab etib, 1920-yillarning oxiridan 1950-yillarning boshigacha davom etdi. Birinchi davrda (1926-1931 yillar), asosan, birinchi besh yillik rejaning bajarilishi jarayonida vujudga kelgan moliyaning xususiy masalalari ishlab chiqildi. Bir vaqtning o’zida, moliyaning sotsialistik amaliyotdagi yangi voqeliklarini umumlashtirishga ham harakat qilindi. Bunday ishlar qatoriga D. Kuzovkov, G. Tiktina, A. Bukovetskiylarning ishlarini va, ayniqsa, muallifning o’zi tomonidan “markscha darslik” deb e’tirof etilgan D. Bogolepovning “Moliya

fanining qisqacha kursi” darsligini ko’rsatish mumkin.

Sotsialistik atamalardan, so’z va iboralardan keng foydalangan bo’lishiga qaramasdan D. Bogolepov moliyasining mazmuni “jamoa ehtiyojlarini qondirish” nazariyasidan kelib chiqadiki, uning tarafdorlari, yuqorida qayd etilganidek, Oktyabr davlat to’ntarilishigacha bo’lgan rossiyalik iqtisodchilar edi. Bularning hammasi moliya nazariyasining biror-bir ishlanmasi rasmiy jihatdan e’tirof etilmasligiga va qo’llab-quvvatlanmasligiga olib keldi. Bu o’sha davr SSSR tarixiy taraqqiyotiga xos holat edi.

Sovet moliya fani taraqqiyotining ikkinchi davri (1931-1956 yillar) moliyaning predmetiga nisbatan yagona qarashlarning shakllanganligi bilan xarakterlanadi. Ilmiy asarlarida moliyaning nazariy asoslarini: moliyaning mohiyati, funksiyalari va ijtimoiy takror ishlab chiqarishdagi roli, milliy daromadni taqsimlashda moliyaning o’rni, moliyaviy tizimning tarkibi va boshqa shunga o’xshash bir qancha masalalarni ishlab chiqqan V. D’yachenko bu davrning klassikiga aylandi. U birinchi bo’lib moliyaga markscha ta’rif berdi. Berilgan ta’rif quyidagicha edi: “Daromadlar va jamg’armalarni rejali taqsimlash orqali davlatning funksiyalari va vazifalariga muvofiq ravishda uning markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan pul fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanishni ta’minlaydigan pul munosabatlari tizimiga sotsialistik davlatning moliyasi deyiladi”57 (tarjima - mualliflarniki).

V.D’yachenkoning asarlari birinchi rasmiy darsliklar hisoblangan “SSSR moliyasi” (1933 yil) va “SSSR moliyasi va krediti” (1940 yil) darsliklari uchun asos bo’lib xizmat qildi. V.D’yachenkoning moliya nazariyasiga oid umumiy qarashlari uning “Sovetlar moliyasining mohiyati va funksiyalari to’g’risidagi masalalarga doir” asarida aks ettirilgan.

Bu davrda moliya fanining amaliy masalalarini tadqiq qilish, asosan, ikki yo’nalishda amalga oshirildi: 1) moliya kategoriyalarining taraqqiyot tarixini o’rganish. Bu ro’yxatga K.Plotnikovning byudjet tarixiga bag’ishlangan, A.Zverev va N.Voznesenskiylarning Ulug’ Vatan urushi davrida moliyaning rivojlanishini yoritgan kitoblarini kiritish mumkin; 2) moliyaviy amaliyotni yoritib bergan ishlar. Bular, asosan, yozma bayon etish xarakteriga ega bo’lib, moliyaviy ta’lim tizimida faol foydalanilgan.

Iqtisodiy nazariyada qotib qolgan voqeliklarga barham berilishi sovet moliya fanida ham yakkafikr hukmronligiga yakun yasadi. 1950-yillarning oxiri va 1970-yillarning boshlarini o’z ichiga olgan



57 Qarang: D’yachenko V.P. Voprosi teorii finansov. – M.: Finansi, 1957. s.68-69.

davrda moliya nazariyasiga bag’ishlangan iqtisodchi olimlarning qator ishlari paydo bo’ldi. Ularning orasida A.Aleksandrovning “Sotsializm moliyasi” (1965 yil), A.Birmanning “Sovet moliya nazariyasining ocherklari” (1968, 1972 va 1975 yillardagi uch nashri), E.Voznesenskiyning “Sotsialistik moliya nazariyasining munozarali masalalari” (1969 yil), G.Tochilnikovning “Sotsialistik moliya” (1974 yil) kabi asarlari alohida o’ringa ega. Shu davrning o’zida “SSSR moliyasi” va “SSSR moliya va krediti” o’quv fanlari bo’yicha bir necha darsliklar va o’quv qo’llanmalari nashrdan chiqadiki, ularning orasidan M.Shermenyov tahriri ostida 1977 yilda e’lon qilingan “SSSR moliyasi” darsligini alohida qayd etish lozim.

Moliya nazariyasi masalalari bo’yicha munozaralarning mohiyati kengaytirilgan takror ishlab chiqarish tizimida moliyaning o’rnini aniqlashga borib taqaladi. O‘sha davrda moliya sohasida ishlab chiqilgan turli kontseptsiyalarning mualliflari ikki guruhga bo’linadi. Birinchi guruh mualliflarining fikricha, moliyaning o’rni - bu faqat noekvivalent xarakterga ega bo’lgan pul mablag’larini taqsimlash tizimidir. Ana shundan kelib chiqqan holda, moliya faqat bilvosita va taqsimlash orqali moddiy boyliklarni ishlab chiqarish, almashuv va iste’mol munosabatlariga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Bu guruhga kiruvchi olimlarning yorqin namoyondalari V.D’yachenko, G.Tochilnikov va M.Shermenyov edilar.

E.Voznesenskiy, A.Aleksandrov, A.Birman va boshqalardan iborat bo’lgan olimlarning ikkinchi guruhi bu masalaga nisbatan boshqacha qarashga ega bo’lgan. Bu guruhga kiruvchi olimlarning fikricha, moliyaviy munosabatlarning mohiyatini takror ishlab chiqarishning barcha to’rt bosqichi yoki uning bir necha bosqichi belgilab beradi. Bunday yondoshuv moliyaning kengaytirilgan kontseptsiyasi, deb e’tirof etildi.

Moliya nazariy kontseptsiyasi asosidagi ana shunday farqlardan kelib chiqqan holda olimlarning moliyaviy munosabatlarning o’ziga xos xususiyatlari, moliyaning funksiyalari, moliyaning chegaralari, moliyaviy tizimning tarkibi va boshqa shunga o’xshash bir necha xususiy masalalarga nisbatan qarashlari ham turlicha bo’lgan.

Moliya nazariyasining rivojlanishi bilan bir vaqtning o’zida 1950- yillarning oxiri va 1960-yillarning boshlarida printsipial jihatdan yangi ko’rinishga ega bo’lgan amaliy moliyaviy tadqiqotlar ham paydo bo’ldi. Agar 1930- va 1950-yillarning boshlarigacha amaliyotda moliyaviy munosabatlarni tashkil etish masalalariga bag’ishlangan ishlar, asosan, mavjud holatni yozma bayon etish yoki maqtash

xarakteriga ega bo’lsa, 1960-yillarda boshlangan xo’jalik islohotidan keyin tanqidiy xarakterga ega bo’lgan va alohida moliyaviy instrumentlarni takomillashtirish bo’yicha ishlanmalarga ega muhim ishlar e’lon qilina boshlandi. Bunga misol qilib, birinchi navbatda, A.Birmanning kitoblarini ko’rsatish mumkin. Uning kitoblarida sovet moliya fanida ilk marta korxonalar moliyasining masalalari yuqori darajada tadqiq qilindi. Shuningdek, uning asarlarida birinchi marta xo’jalik hisobi sharoitida moliyaviy kategoriyalardan foydalanish masalalari ishlab chiqildiki, ular muallif talqinida sotsializm sharoitida bozor xo’jaligining elementlariga ega edi.

Shu davrda moliyaviy resurslar va korxonalar moliyasini boshqarishning mazmunini birinchi marta o’rganishga kirishildi. A.Birmanning ishlari 1960-1980-yillardagi olimlarning (P.Bunich, G.Bazarova, V.Senchagov, S.Sitaryan, M.Romanovskiy, V.Kolesnikov, P.Jevtyak, D.Molyakov va boshqalar) ishlarida korxonalar moliyasini tadqiq etishda o’ziga xos turtki bo’ldi.

Byudjet sohasining muammolarini tadqiq etish bu davrda ikki yo’nalishda amalga oshirildi: 1) byudjet daromadlari va xarajatlarining rivojlanishi; 2) mahalliy byudjetlarni tashkil etish. Biroq, shu davrlarda byudjet masalalarini kompleks tadqiq etishni moliya fanida hukmronlik qilgan ma’lumotlarning etarli emasligi va g’oyaviy qotib qolishlarning mavjudligi ancha murakkablashtirgan edi. Bu davrdagi davlat byudjetiga bag’ishlangan yirik izlanishlar qatoriga G.Rabinovich, S.Sitaryan, Ya.Liberman, V.Rodionova va L.Pavlovalarning ishlarini kiritish mumkin.

Sug’urta ishiga nisbatan davlat monopoliyasining mavjudligi sug’urta masalalarini o’rganishga o’zining keskin salbiy ta’sirini ko’rsatdi. Bu sohadagi nazariy tadqiqotlar K.Marksning sug’urta fondlarining zarurligi, mazmuni va roli to’g’risidagi tasavvurlarini interpretatsiya qilishga bag’ishlangan bo’lib, etarli darajada ilmiy yangiliklarga ega emas edi. Shu davr sug’urtasining nazariyasi va amaliyotini umumlashtirgan L.Motilev, L.Reytman E.Kolomin va boshqalarning ishlari birmuncha diqqatga sazovordir.

Shu davrlarda xorijiy mamlakatlarning moliyaviy munosabatlarini tahlil va tanqid qilish masalalariga ham katta e’tibor qaratilgan edi. Shu munosabat bilan, bir tomondan, kapitalizm moliyasining rivojlanishiga bag’ishlangan ishlarni (B.Boldirev, L.Drobozina, L.Pavlova, L.Okuneva va boshqalarning asarlarini) alohida ajratib ko’rsatish maqsadga muvofiq bo’lsa, ikkinchi tomondan, sotsialistik mamlakatlarda moliyaviy instrumentlarning rivojlanish tendentsiyalari va o’ziga xos xususiyatlarini tadqiq

etishga bag’ishlangan ishlar (D.Butakov, Yu.Kashin va boshqalarning asarlari) ham diqqatga sazovor bo’lganligini e’tirof etish zarur.

Rossiya moliya fanining hozirgi holatiga tavsif-noma bera turib, qayd etish kerakki, ayni davrda bu sohaga bag’ishlangan chuqur nazariy va amaliy ishlar paydo bo’lmoqda. Mualliflarning ko’pchiligi bozor iqtisodiyoti sharoitida moliyaning metodologik va metodik masalalarini tadqiq etishmoqda, ayrimlari davlat byudjeti va mahalliy byudjetlar daromadlari va xarajatlari muammolarini o’rganishmoqda, boshqalari xo’jalik yurituvchi sub’yektlarning moliyasi, xalqaro moliyaviy munosabatlar kabi mavzular bilan shug’ullanishmoqda. Shu bilan birgalikda yana shuni ta’kidlash lozimki, mazkur darslikda Rossiya Federatsiyasi olimlarining moliya sohasidagi ayni davrdagi ilmiy izlanishlari chuqur tahlil etilmadi. Buning sababi bugun Rossiya va O‘zbekiston moliya tizimlarining bir-biridan farq qilishlari tufayli rus olimlari asarlarining biz uchun ahamiyati oldingidan ancha pasaydi.


    1. Yüklə 1,07 Mb.

      Dostları ilə paylaş:
1   ...   39   40   41   42   43   44   45   46   ...   369




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə