Pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi


Mazkur fasida o‘rganilgan muammo yuzasidan quyidagicha ilmiy-nazariy  fikrlarga ketdik



Yüklə 1,19 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə7/28
tarix25.08.2023
ölçüsü1,19 Mb.
#120906
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   28
BLI Nodira

 
Mazkur fasida o‘rganilgan muammo yuzasidan quyidagicha ilmiy-nazariy 
fikrlarga ketdik:
 
- milliy an’ana va ma’naviy aqida ijodkor fitrati, qahramon faoliyati hamda 
jamiyat ehtiyojini yagona badiiy maqsadga bo‘ysundiradi;
- qahramon ruhiy dunyosi shakllanish bosqichlari hamda yaxlitligi milliy 
muhit an’anaviylik, ma’naviyat va ma’rifat uyg‘unligidan oziqlanadi; 
- O‘.Hoshimov asarlarida xarakter va milliylik doimiy munosabatda. 
To‘g‘rirog‘i, mazkur ikki tushuncha hayotni poetik tadqiq etishning muhim ikki 
qirrasi sifatida o‘zaro izohlangan, dalillangan hamda tartibga solingan badiiylik 
darajasini yuzaga keltiradi. 
 
 


1.2. O‘tkir Hoshimov asarlaridagi qahramonlar ma’naviy dunyosining 
milliyligi
O‘.Hoshimov olamning go‘zalligi, insoniyatning shu go‘zallikka 
munosabatini, gumanizm mohiyati va qadr-qimmatini butun ijodi, badiiy 
to‘qimalariga yoyilib ketgan milliy ma’naviyat ifodasiga singdiradi. 
Odamzodning ruhiy barkamolligi, ezgu maqsadi haqida falsafiy teran tasvir 
yo‘nalishi adib dunyoqarashi va badiiy tafakkurining kengligidan dalolat beradi. 
Shuning uchun ham ijodkorning har bir asarida xoh u kichik janr bo‘lsin, xoh yirik 
hajmli badiiy asar bo‘lsin, e’tiqod, oqibat va mehr-muhabbat tushunchalari talqini 
markaziy chiziqni tashkil etadi. To‘g‘rirog‘i, sog‘lom e’tiqod qahramon 
xarakterining uzviy qismiga aylanadi. Yozuvchining muvaffaqiyati uning 
adabiyotga olib kirgan qahramonlari bilan o‘lchanadi. Albatta, yaratilgan obraz 
mukammal bo‘lib, biron bir hayotiy ma’no tashisagina u adabiyotimizni boyita 
oladi. Shu jihatdan olib qaraganda, O‘tkir Hoshimov ijodi ma’naviy-psixologik 
talqin teranligi, xarakter yaratishning avtobiografik aniqligi bilan ajralib turadi.
O‘tkir Hoshimov “Cho‘l havosi” qissasini yaratgandan so‘ng kelajakda 
o‘zbek nasrining darg‘alaridan biri bo‘lishi bashorat qilina boshlandi. Xususan, 
A.Qahhorning samimiy tilaklari bilan yo‘llangan maktubida yozuvchi ijodiy 
kelajagiga ishonch ruhi aks etgan. 
Adabiyotshunos O.Sharafiddinov O‘.Hoshimov asarlarini jozibador qilgan, 
ularga o‘ziga xos badiiy tarovat baxsh etgan ikki xususiyatni ko‘rsatadi. Ulardan 
biri, adib badiiy asarni yengil targ‘ibot vintchasiga aylantirmasligi bo‘lsa, 
ikkinchisi, asardan kelib chiqadigan muammolarning hammasi eng murakkab 
savollarga javob izlash kishini hayajonga soluvchi yuksak badiiy shakllarda 
amalga oshirilishidir. Taniqli adabiyotshunosning mulohazalarini to‘ldirgan 
holda shuni aytish mumkinki, lirik hissiyot ko‘lami adib izlanishlarining 
tabiiyligi, yuzaki bayon, sxematik ifodadan xoli bo‘lishini ta’minlaydi. Shaklning 
o‘zgaruvchan tabiati ehtirosning yuqori pardalarda berilishi bilan uyg‘unlashib 
O‘tkir Hoshimov ijodining umumiy mushtarakligini ta’minlaydi. 


O‘tkir Hoshimov badiiy olami bir qarashda rang-barang va murakkabdek 
taassurot uyg‘otadi. Biroq adib qahramonlari tadrijiga nazar solinsa, ular orasida 
mantiqiy bog‘liqlik mavjud ekanligi kuzatiladi. Obraz tabiatini ochib berishga 
yo‘naltirilgan badiiy chizgilar asardan-asarga teranlashib, mukammallashib 
borishi seziladi. Tasvir va ifodadagi sinchkovlik, xarakter takomilidagi tabiiylik 
nozik iqtidor egasining adabiy mahoratidan darak beradi. Mazkur holat quyidagi 
ichki hamda tashqi omillar bilan bog‘liq holda rivojlanadi: 
Birinchidan, O‘tkir Hoshimov nasrida ijtimoiylik belgilari obraz mantiqi, 
xarakter ruhidagi o‘zgarishlarni atroflicha yoritishga yaqindan yordam beradi; 
Ikkinchidan, mavjud voqelik va uning oqibatlari sharoit hamda milliy 
qadriyatlar o‘rtasidagi tafovut qahramon tabiatini yanada mukammal qiyofaga 
erishishini ta’minlaydi; 
Uchinchidan, asar obraz takomilidagi nozikligini ifodalashda adib mantig‘i 
va fikr omuxtaligini yagona maqsadga bo‘ysundiradi. 
Yetmishinchi yillarga kelib adib izlanishlarida ijtimoiy munosabatlar 
tahlili teranlasha boshladi. Bu teranlik “notarixiy” shaxslar tasviridan oddiy 
insoniy munosabatlar ifodasiga o‘tish orqali quyuqlashgan. Endi ijodkor 
odamzodning jamiyatga ta’sirini emas, balki jamiyatning inson turmush tarziga 
bosimi ijod madaniyati markaziga ko‘tariladi. Ayni paytda milliylik belgilari 
“ko‘zga ko‘rinmas a’zolatlar”da ko‘proq uyg‘unlashishini e’tiborga olsak, 
yozuvchi pozitsiyasining xalqchillik nuqtalari bir qadar ayon bo‘ladi. Insoniy 
munosabatlar birligi O‘.Hoshimovning barcha asarlarida ko‘zga tashlanadi. 
Jumladan, buni 1972 - yilda yaratilgan “Urushning so‘nggi qurboni” hikoyasida 
ham ko‘rishimiz mumkin. Hikoya ikkinchi jahon urushining insoniyat turmush 
tarziga, jumladan millat psixologiyasiga ta’sirini aks ettiradi. Asarda katta 
axloqiy-falsafiy muammoning gumanistik mohiyati badiiy niyatni yuzaga 
chiqargan. Ayniqsa, xarakter mantig‘i, qahramon ruhiyatini yoritish vositasida 
adib teran ijtimoiy umumlashmalar yaratadi. Mazkur xususiyatlar - ichki nutq, 
xatti-harakat, vaziyatlar, badiiy shtrixlar, hayotiy tafsilotlar birligi tarzida 
namoyon bo‘ladi. Asosiy qahramon - Umri xolaning ikki o‘g‘li bor. Kattasi 


Shoikrom o‘z oilasi bilan alohida yashaydi. Kichik o‘g‘il Shone’mat sil dardiga 
chalingan. Tabib unga qo‘y suti buyurgan, lekin ona o‘z farzandiga sut olib 
berishga qodir emas. Shoikromning topgan tutgani ham o‘z oilasidan ortmaydi. 
Ustiga-ustak erta bahorda xonadon koriga yarab turgan sigir ham o‘g‘irlab 
ketilgan.
Voqealar dramatizmi XX asrning 45-yillari ko‘klamida sodir bo‘ladi. 
Sho‘rlik onaning qalbi bolaga sut topib berish istagi bilan yonadi. Hatto bu borada 
mavjud imkonsizlik, nochor ahvol ayolning o‘g‘irlik qilishiga ham mone’lik 
qilmaydi. To‘g‘ri, katta farzandning qulupnayidan so‘rab olinsa ham bo‘lardi, 
lekin birinchidan, qaynona kelinidan iymanadi. Ikkinchidan, o‘zaro munosabatlar 
ham risoladagiday emas. Umri xola va kelini xarakterini ochib beruvchi 
sifatlardan biri farzand mehridir. Ikkala mushtipar ayol ham o‘z jigarbandlarining 
baxt-saodati uchun qayg‘uradi. Hikoyada tabiiylik va samimiyat milliy ruh 
vositasida amalga oshiriladi. O‘zbekona mentalitet, shart-sharoit qahramonlar 
nutqi, xatti-harakatlariga singdirilgan.
Asar davomida kuzatiladigan tushkun kayfiyat ustuvorligi o‘g‘ilning qarori 
bilan fojiaviy nuqtaga ko‘tariladi. Shu o‘rinda, Umri xola va Shoikrom xatti-
harakatlaridagi o‘xshashlik kitobxonni ajablantirmaydi. Ona o‘g‘rilik qilish katta 
gunoh ekanligini o‘ylab ko‘rmaganidek, farzand ham birovning joniga qasd qilish 
jinoyat ekanini tushunishni istamaydi. Asosiy aybdor - urush va uning salbiy 
asoratlaridir. Shu o‘rinda fransuz mutafakkiri D.Didroning “xarakter tipik sharoit 
bilan belgilanadi”
17
, - deganida naqadar haq ekanligi oydinlashadi.
Darvoqe, tipik manzara jamiyat ma’naviy mezonlariga zidlik kasb etsa 
ulkan fojialar keltirib chiqaradi. Shu tarzda ijodkorning urush va uning 
oqibatlariga ruhiy munosabati shakllanadi. Muallif asar to‘qimalariga yoyilib 
kegan fojiaviy ruhni yuqori bosimda tutib turadi. Hikoyada adibning 
qahramonlariga xayrixohligi har bir nuqtada sezilib turadi. Ayniqsa, ona 
qiyofasini shakllantirishda yozuvchi lirizm oqimini bir qadar kuchaytiradi. 
Muqaddimadanoq “rangi uniqqan chit ko‘ylak ustidan nimcha kiygan” Umri 
17
Дидро Д.. Избр. Произведения.-M.: ГИХЛ, 1951. -С. 206.


Xolaning mahzun holati kitobxon tasavvurida tragik hissiyot uyg‘otadi. 
Sentimental kayfiyat quyuqligi lirik ifodaning ustuvorligini bo‘rttiradi. 
“Urushning so‘nggi qurboni” asarida xarakter mantig‘ini psixologik 
jihatdan asoslashga moyillik seziladi. Qahhor uslubini eslatadigan aniqlik va 
dalillanganlik ba’zi o‘rinlarda bo‘rtib ko‘rinadi. Jumladan, onaning “tars-tars 
yorilib ketgan barmoqlari” chizgisi g‘oyaviy mundarijaning bir nechta nuqtalarini 
jipslashtiradi. Dehqonchilikdan xabardor kishi yaxshi biladi: qo‘l bilan loy 
ishqalansagina barmoqlar tars yorilishi mumkin. Shu hayotiy kichkina unsurda 
ayolning ikkilanishlari, iztiroblari, vijdon azobi o‘z ifodasini topgan. 
O‘tkir Hoshimov ijodida “Dunyoning ishlari” qissasi adibning ona obrazini 
yaratishdagi kulminatsion nuqtasi bo‘ldi. Zero, mazkur qissa nafaqat o‘zbek 
kitobxonlari va adabiyotshunoslari, shu jumladan, xorijlik badiiy so‘z muxlislari 
qalbini ham zabt etdi. Qissani iste’dodli adib Said Ahmad “Ijod va jasorat" 
maqolasida haqli ravishda shunday e’tirof etadi: “Ayniqsa, “Dunyoning ishlari” 
asarini qissa emas, doston deb atashni istardim. U qo‘shiqday o‘qiladi. Uni o‘qib 
turib, o‘z onalarimizni o‘ylab ketamiz. Shu mushfiq, shu jafokash “oldidagi bir 
umr uzib bo‘lmas qarzlarimizning aqalli bittasini uza oldikmi, degan bir andisha, 
bir savol ko‘z oldimizda ko‘ndalang turib oladi”
18
. Darhaqiqat, yozuvchi 
ta’kidlaganidek, qissa qo‘shiqdek o‘qiladi. Unda qandaydir musiqiy ohanglar bor. 
Bu musiqiylik uning lirik ifodasida yaqqol ko‘rinadi. Shuningdek, qissadagi 
mustaqil kichik hikoyalardan tashkil topgan har bir maishiy voqea qalblarimizni 
titratib, odamiylik haqida, insoniylik haqida saboq beradi.
Adabiyotshunos A.Rasulov esa “Ardoqli adib” adabiy portretida shunday 
deydi: “Dunyoning ishlari” poetikasini alohida sinchkovlik bilan o‘rganish zarur. 
Shu asarda yozuvchi mahorati, topqirligi, qissa janri tabiatiga kiritgan yangiligi, 
eng kichik personaj mohiyatini ham bir turtki, bir imo, sal-pal harakat bilan ochib 
yuborganligi aniq ko‘rinadi. Bir qarasangiz, “Dunyoning ishlari” sentamental 
18
Said.A. Ijod va jasorat. /Hoshimov O’. Tanlangan asarlar. 1-jild. - Toshkent: Sharq, 2009. -B. 10. 


asarday tuyuladi. Aslida, unda his-tuyg‘u serob-u, ammo zinhor sentamental asar 
emas”
19

Qissaning badiiy kompozitsiyasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, asar 
adibning shaxsan o‘zi kirish so‘zida ta’kidlaganidek, hajm jihatdan xilma-xil, 
katta, kichik, o‘rtacha shakldagi mustaqil jami 33 hikoyadan tashkil topgan. Adib 
asarga yozgan muqaddimasida shunday deydi: “Bu qissa katta-kichik 
novellalardan iborat. Biroq ularning barchasida men uchun aziz odam – onam 
siymosi bor. Bundagi odamlarning hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. 
Faqat ba’zilarining ismi o‘zgardi, xolos. Bu odamlarning qismati ham qaysidir 
jihati bilan onamga bog‘langan”
20

Qissada asrlar davomida shakllangan hamda sayqal topgan milliy an’ana 
va 
e’tiqod butunligi namoyon bo‘lib turadi. To‘g‘rirog‘i, ma’naviy muhit ham 
xarakter qirralarini, ham inson tabiatining teran ifodasini taminlaydi. Chunki 
qahramonning tadrijiy takomili aynan shart-sharoit, milliy urf-odatlarning 
darajasini ham aks ettiradi.
Asarda o‘zbekona milliy ruh ustuvorlik qiladi. Qissaning boshidan- 
oxirigacha “dunyoning ishlari shu ekan-da...” degan mantiqiy mulohazalar bilan 
yakunlanuvchi hayotiy falsafaga urg‘u beriladi. Poshsha xola oddiy bir ayol, 
to‘rtta-beshta bolani oq yuvib, oq tarab o‘stirgan mushfiq, munisa bir o‘zbek 
ayoli! Uning xatti-harakatlari, gapirgan gaplari, qiliqlari, turmush o‘rtog‘i, 
farzandi bilan bo‘lgan o‘zaro munosabatlarida uning soddadil, pokiza qalbi, halol, 
mehnatkash, birovning dardiga dartkash qiyofasi hikoyadan hikoyaga o‘tgan sari 
ochiladi. “Ona” deyilganda dunyodagi eng yaxshi insoniy xislatlar xayolimizga 
keladi, dilimizdan tilimizga ko‘chadi. Mazkur tuyg‘u - hissiyot Poshsho xola 
timsolida yorqin aks ettirilgan. Birgina “Bola yig‘isi” hikoyasida Poshsha 
xolaning bolajon xarakteri to‘la namoyon bo‘ladi. 
“Qarasam, xuddi o‘zim o‘ylagandek: o‘rindiqning yarmi loyga belanibdi. 
19
Rasulov A. Ardoqli adib. -Toshkent: Sharq, 2001. - B. 87. 
20
Hoshimov O’. Dunyoning ishlari. -Toshkent: Sharq, 2008. -B. 5. 


- Qiziqsiz, - dedim jahlimni bosolmay, - hammaning ishiga 
aralashaverasizmi? 
- Nima hammmaning ishi? 
- Birovning bolasi bo‘lsa... Yig‘lasa sizga nima? Yig‘lab-yig‘lab ovunadi. 
- Nimaga birovning bolasi bo‘larkan! - To‘satdan onamning jahli chiqib 
ketdi. Yig‘lab turgan bolaning begonasi bo‘ladimi? Uyalmaysanmi shunaqa 
degani. Yig‘lab turgan norasidaga rahmi kelmagan odam-odammi? 
Indamadim. Ammo baribir o‘shanda onamni nohaq hisoblagan edim. Yo‘q, 
chamamda, onalarning biz tushunmaydigan, bizning o‘lchovimizga sig‘maydi o‘z 
olami borga o‘xshaydi”
21

Bolakayning yig‘isi mashinada ketayotgan onaning qalbini to‘lqinlantirib 
yuboradi. Axir “yig‘layotgan bolaning begonasi bo‘lmaydi”. Hikoyachi 
tasavvurida ortiqcha dahmazadek tuyulgan xatti-harakatlar aslida ayol qalbining 
naqadar kengligini istifoda etadi. Yoki bo‘lmasa “Qarz” hikoyasida ona xarakteri 
sahna ortida tasvirlansa-da oddiy diolog yordamida qahramon siyratining yana bir 
qirrasi ochiladi. Oddiy hazildan boshlangan savol-javob Poshsha xola tiynatida 
mujassam mehr-oqibat, bolajonlik hislatlarini bo‘rttirib yuboradi. Hikoya oxirida 
ayol tilga olgan qarzning mohiyati oydinlashadi. Voqealar tizimi “bir farzandga 
yetti mahalla ota-ona” tezisiga hamohangdir. “Oltin baldoq” hikoyasida esa inson 
qalbi, uning qadr-qimmati va o‘zaro mehr-oqibat har qanday zeb-u ziynatdan 
ustun degan ma’no kelib chiqadi. Bu xususiyatlarni o‘z farzandiga ham 
singdirishga urinadi. Garchand, aybi bo‘lmasa-da, Sepkilli xolani tuhmatga 
qo‘yganidan ich-ichidan iztirob chekadi. Poshsha onadagi bag‘rikenglik Sepkilli 
xolanikida to‘y o‘tkazilgan kechada yanada yorqinroq ifodalanadi. Qo‘shnisining 
dilini og‘ritganligi uchun tilla boldoqlaridan ham voz kechadi. Ayoldagi xislatlar 
farzandlar uchun ham ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi shubhasizdir. 
Yana shu qatorda mehnatsevarlik, mushtiparlik, sadoqat, halollik, 
rostgo‘ylik borasida asarda ideal obraz sifatida namuna ko‘rsata oladigan 
anchagina obrazlar mavjud. Jumladan, mana shunday obrazlardan biri Zebi 
21
Hoshimov O‘. Dunyoning ishlari, — Toshkent: Sharq, 2008. -B. 23. 


xoladir, uning mungli qismati “O‘ris bolaning oyisi” hikoyasida bayon etiladi. 
Muallif Zebi xola haqidagi xotiralarini bolalik davridagi tasavvurlari bilan 
bog‘lab, bo‘yab-bejamasdan real hayotda ko‘rgan, guvohi bo‘lgan voqealarni 
hikoya etadi. Bu ayol ikkinchi jahon urushi yillarida yoridan ayrilib, yosh beva 
bo‘lib qolgan va yarim qalbini farzand mehri bilan to‘ldirmoq uchun bir rus yetim 
bolani asrab olib, o‘z farzandidek tarbiyalaydi, voyaga yetkazadi. Shuning uchun 
hamma Zebi xolani “O‘ris bolaning oyisi” deydi. Zebi xola tashqi jihatdan 
erkaklarga o‘xshab barvasta gavdali, qop-qora, hatto ovozi ham yo‘g‘on, uzun 
qirra burun, qoramtir siyrak mo‘ylovi ham bor. Muallifning bolalik xotiralarida 
Zebi xola biroz dag‘al, qo‘pol bir ayol sifatida tasvirlanadi. Ammo shunday 
barvasta ayolning ham dardi, iztirobi bor, u yoridan ayrilgan. Ayollar yig‘inida 
dutor chalib, qo‘shiq kuylaganida nafaqat kattalar, hatto kichik yoshdagi bolalar 
ham sergak tortishadi. Bunday badiiy lavhalarda adib lirik hissiyot bilan epik 
ko‘lamni nihoyatda uyg‘un bir tarzda payvandlab aks ettiradi:
“Zebi xola bir-ikki tomoq qirib oldi-da, qo‘shiq boshladi. Uning tovushi 
mayinlashgani yo‘q. Ammo u shunchalik bosiq, shunchalik o‘rtanib kuylardiki, 
badanim jimirlab ketdi. 
Yor yurgan ko‘chalarni supuray sochim bilan, 
Changi chiqsa suv sepay, ko‘zdagi yoshim bilan... 
Mayin shamol esar, o‘rik gullari unsiz to‘kilar, daraxtzor ostida maysalar 
ohista tebranar, ammo butun tabiat bir zum unsiz bo‘lib qolgan, faqat mana shu 
qo‘shiqni tinglash uchun tinchib qolgandek edi”
22
.
Parchada kuzatganimizdek, dag‘alroq tashqi ko‘rinishga ega bo‘lgani bilan 
qalbi nozik, tuyg‘ulari, hislari inja, pokiza bir ayol obrazi, ona qiyofasi maishiy 
lavhalar tasvirida ochiladi. Yuqoridagi badiiy tasvirda Zebi xolaning yorga 
sadoqat haqidagi qo‘shig‘iga monand tabiat chizgilari ham lirik hissiyot bilan aks 
ettiriladi. Qahramon ruhiyati bilan peyzaj tasviri nihoyatda bir-biriga uyqash 
tasvirlanadi.
22
Hoshimov O‘. Dunyoning ishlari. -Toshkent: Sharq, 2008. - B. 151. 


Qissadagi yana bir e’tiborli hikoyalardan biri “Ermon buvaning tilagi”dir. 
Ermon buva va uning kampiri Habiba buvi nihoyatda yumshoq tabiat, muloyim, 
samimiy, pokiza insonlar. Ular ham Zebi xola singari urush yillarida yakka-yu 
yagona o‘g‘li Oltmishvoydan ayrilib qolishgan. Ermon buva bilan Habiba 
buvining bolalarga murojaatida, gap-so‘zlaridan tortib, ular yashaydigan pastak 
devorli uy, hovlisidagi o‘sgan saxovatli tuti barcha-barchasi juda tabiiy 
tasvirlanadiki, ko`z oldimizda real va jonli qishloq hayoti gavdalanadi. Ayniqsa, 
qarg‘ishni ham ezgu tilaklar bilan bildiradigan keksa nuroniy chol-kampirning 
gap-so‘zlari juda mahorat bilan qissada ifodalangan:
“Kirib borishingiz bilan doka ro‘molini u yoqqa, bu yoqqa tashlagan 
Habiba buvi peshvoz chiqadi. 
- Voy uyingga bug‘doy to‘lgurlar, voy ko‘paygurlar, kela qolinglar, - deydi 
ovozi tovlanib. O‘sha zahoti bolalar tutga tarmashadi. Tut ham egasiga o‘xshagan. 
Hovlining yarmini egallab yotadi-yu, ammo tik o‘sganmas. Shoxlari tarvaqaylab 
ketgan. Bemalol osilib chiqaverasiz. Shundoq bo‘lsayam, Habiba buvi bolalarni 
tutga chiqarmaydi. 
- Hoy ko‘paygur, osilma! - deydi chirqillab, - yiqilib ketasan. Hozir 
buvangni chaqiraman! 
Zum o‘tmay ayvon yonboshidagi pastak hujradan hassasiga tayanib Ermon 
buva chiqadi-yu: 
- Iye, iye, qoravoylar, kep qobsizlar-da! - deydi quvonib. — Qani kampir, 
chodirni opchiq”
23
.
Ermon buva bilan Habiba buvi ruhan bir-biriga mos, hayotda ham bir-biriga 
suyanib qolishgan. Ularning gap-so‘zlari ham o‘xshab ketadi. Zinhor yomon 
qarg‘ishlarni tilga olishmaydi. Ularning tilidan nuqul “uyingga bug‘doy 
to‘lgurlar”, “o‘zingdan ko‘paygurlar” degan samimiy, o‘zbekona, ezgu tilakli 
gaplar chiqadi. Ermon buva esa muallif o‘zi e’tirof etganidek, har bir gapida 
bolalarni “qoravoylar” deb erkalaydi. Adib Ermon va Habiba chol kampirlar 
obrazi yaratar ekan, ularda o‘zbekona, nuroniy keksalar timsoli naqadar mahorat 
23
Hoshimov O‘. Dunyoning ishlari. -Toshkent: Sharq, 2008. -B. 59.


bilan aks ettirilganini kuzatamiz. To‘g‘ri, hikoyada urg‘u, asosan, Ermon buvaga 
qaratiladi. Ermon buva ham farzand, ham suyanchig‘i turmush o‘rtog‘idan ayrilib 
qolgach, bu ruhiy iztirobga dosh bera olmay telba bo‘lib qoladi. Adib hikoyada 
bir oilaning fojeasiga, baxtsizligiga “urush” sababchi degan badiiy g‘oyani ilgari 
suradi. Habiba buvi obrazi, uning o‘zbekona onalik qiyofasi “Dunyoning ishlari” 
qissasida kichik bir chizgilar bilan, ozgina badiiy turtkilar bilan ochilgan bo‘lsa, 
mazkur obrazning keng badiiy ifodasi O‘tkir Hoshimovning navbatdagi hikoyasi 
“O‘zbeklar”da yorqin ifodalangan. 
“O‘zbeklar” hikoyasi millat ma’naviy-axloqiy qiyofasini falsafiy 
umumlashtirgan sara badiiy durdonalardan biri hisoblanadi. Unda o‘zbek 
ayollariga xos bag‘rikenglik, mehr-oqibat, diyonat va adolat tuyg‘ulari yuksak 
lirik pardalarda kuylanadi. 
1983 - yilda yozilgan, dastlab “Mahallaning onasi”, keyinchalik 
“O‘zbeklar” sarlavhasi ostida nashr etilgan hikoyada ona siymosi badiiy tasviri 
“Dunyoning ishlari” qissasidagi Habiba buvi haqidagi hikoyaga nisbatan ancha 
quyuqlashadi. “O‘zbeklar”da Otinoyi qiyofasining tasviri bayoniga urg‘u 
beriladi. Muallif ayol xarakterini ochishga qaratilgan, onaxonning boshqalardan 
ajralib turuvchi jihatlarini quyidagi badiiy detallarga joylashtiradi: “Mahallada 
qaysi kampirni uyidan topa olmasangiz to‘ppa-to‘g‘ri Otinoyinikiga boravering! 
Otinoyining hovlisi past ko‘chaning etagida. Uyi ham boshqalarnikidan ajralib 
turadi. Ikkita darvozali pastak uy. Boshqalarning derazasi oldida gilos bo‘lsa, 
Otinoyinikida ikki tup tut bor. Boshqalarning tomi tunuka bo‘lsa, Otinoyining 
tomi shifer. Hammaning tomida televizor antennasi bor, Otinoyinikida yo‘q. 
Ammo uning uyi hamisha gavjum bo‘ladi. Doim ochiq turadigan pastak 
darvozadan kirishingiz bilan, eng avval, dimog‘ingizga gup etib rayhon isi 
uriladi”
24
.
Otinoyining uyi tasviri beixtiyor Ermon buva bilan Habiba buvining uyi 
tasvirini yodga soladi: “Aslida Ermon buvaning uyi hammamizniki. Ayniqsa, tut 
oqarishi bilan qishloqning hamma bolasi Ermon buvanikiga ko‘chib boradi. 
24
Hoshimov O‘. Oʻzbeklar. – Toshkent: G’afur G’ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2011. -B. 32. 


Uning devori juda past. Eshak minib o’tsangiz, hovlisi ko’rinib turadi. Lekin bu 
hovliga devorning ham keragi yo’q. Eshik doim ochiq turadi”
25

Kuzatganimizdek, pastak uy, tut, rayhon, ochiq eshik tasvirlari har ikkala 
qahramonlar uyining o’xshashligini ko’rsatib turibdi. Hatto asar qahramonlari 
Otinoyi bilan Habiba buvining gapirish manerasi, bolalarga murojaati ham 
o’xshab ketadi. Otinoyi ham Ermon buva va Habiba buvi singari yumshoq tilli, 
muloyim gapiradigan ayol. Jumladan, “Otinoyi o’rikni qizg’anganidan emas, 
bolalarga achinganidan chirqillaydi: “Hoy, uyingga bug’doy to’lgur takalar, tush, 
yiqilib ketasan!”
26

O’tkir Hoshimov o’zbek ayoli, ona timsolini ko’klardan emas, yerdan, 
oddiy odamlar orasidan izlaydi. Zero, mazkur “O’zbeklar” hikoyasi qahramoni 
Otinoyi ham oddiy mahalladagi to’y-ma’rakalarda dasturxonchilik qilib, el-yurt 
mehrini qozongan odamshinavanda ayol sanaladi. Uning o’g’li Iskandar 
Vahobovich esa fan nomzodi, jamiyatda yuqori mavqega erishgan. Yozuvchi 
qiyosiy-analogik tahlil vositasida milliy irodasi va e’tiqodi mustahkam ona obrazi 
qiyofasini asosiy o’ringa chiqaradi. Qahramon ichki kolliziyasidagi evrilishlar 
milliy koloritni yorqin ifodalaydi. Shu boisdan ham asar sarlavhasini “O‘zbeklar” 
deb nomlanishi maqsadga muvofiqdir.
Hikoyada Otinoyi va uning o‘g‘li munosabati sujet chizig‘i asosini tashkil 
etadi. Asar to‘g‘ridan to‘g‘ri fojiaviy nuqtadan boshlanadi. Ona vafotining 
Iskandar dunyoqarashida keskin o‘zgarishga sabab bo’lganligi mantiqiy izchillik 
kasb etadi.
Yozuvchi falsafiy mushohadani berishda Otinoyining adabiyotshunoslar qayd 
qilganidek “tayyor holdagi” xususiyatlaridan foydalanadi. Farzand xarakteridagi 
parokandalik Otinoyi qiyofasining mukammalroq tasvirlanishiga turtki beradi. 
Hikoyada xotiralar yordamida shakllanadigan lirik hissiyot hayotiy tafsilotlar 
bilan beriladi. “Bu qo‘llar uni yo‘rgaklagan, unga ko‘krak tutgan, shamollaganda 
25
Hoshimov O‘. Dunyoning ishlari. – Toshkent: Sharq, 2008. – B. 59. 
26
Hoshimov O‘. Oʻzbeklar. – Toshkent: G’afur G’ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2011. -B. 33. 


badaniga qo‘y yog‘i surtgan. Bu qo‘llar sigir soqqan, tappi qilgan, kir yuvgan, 
ovqat pishirgan, non yopgan… 
Non! Onasining nazarida nondan tabarruk narsa yo‘q edi”
27

Ma’lumki, hikoyada qahramonning ruhiy dunyosidagi o‘zgarishlar tipik 
vaziyat bilan bog‘liq holda yoritiladi. O‘tkir Hoshimov tiriklik paytida onasining 
qadriga yetmagan farzand ichki dunyosining dialektik ziddiyatlarini shtrixlar 
orqali tasvirlaydi. Psixologizm zalvori yozuvchining inson ruhiyatini kengroq va 
chuqurroq ifodalashiga xizmat qilgan. 
Shuni ham ta’kidlash lozimki, psixologizm tushunchasi qahramon ruhiy 
dunyosining ochib berilishi bilan cheklanmaydi, balki xarakter tasvirida 
ijtimoiylik belgilari to‘laroq namoyon bo‘lishi shartligini mezon darajasiga 
ko‘taradi. 
Adib xarakter shakllanishini turli xil tarzda talqin qiladi. Inson irodasining 
o‘zgarmas tabiati (Otinoyi) va hayot pillapoyalarida o‘zgargan qiyofa (Iskandar) 
tuyg‘ular realizmini jonlantiradi. 
Hikoya janrining ijodiy imkoniyatlari cheklanganligi muallifning 
xotiralarga murojaat qilishiga olib keladi. Shuningdek, hayotiy tafsilotlar badiiy 
qimmatini oshiradigan ichki va tashqi omillar mushtarakligi, milliy ma’naviyat 
hamda sog‘lom e’tiqod asar badiiy pafosi oshishiga xizmat qiladi. 
Umuman, hikoyada imon, e’tiqod, diyonat singari tushunchalar millat 
sajiyasining umumiy belgilarini ifodalaydi. Muallif o‘zbek ayoli qiyofasini chizar 
ekan, ona siymosining ulug‘vorligini hayotiy ziddiyatlar uyg‘unligida talqin etadi. 
Bu ulug‘vorlik salbiy xatti-harakatlar ruhiy bosimida ham o‘z mohiyatidan 
uzoqlashmaydi. Shu tariqa, yozuvchi millatga xos bag‘rikenglik, yuksak 
insonparvarlik haqidagi qarashlarini ilgari suradi. 
Otinoyi garchi ijtimoiy hayotda yetakchi mavqega ega bo‘lmasa ham xalq 
jipsligi, orzu-istaklarini o‘zida mujassamlashtirgani bilan kitobxon e’tibori 
tortadi. Birinchidan, tasvirda xususiylikdan umumlashmaga o‘tish holati ko‘zga 
tashlanadi. Aniqroq aytganda, ayol obrazi millat ramzi qirralarini o‘ziga 
27
Hoshimov O‘. O‘zbeklar. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2011. – B.38. 


singdirgan. Ikkinchidan, lirik ta’kid xalq turmush tarzini tabiiy holda ifodalash 
vazifasini bajaradi.
Yozuvchi o‘zbek millatiga xos kayvoni ona timsolini yaratar ekan, uning 
har qanday manfaat va g‘arazlardan yuqori turishini, el-yurt quvonch-u 
tashvishlari uchun doimo kamarbastaligini xolis tasvirlashga urinsada, o‘zining 
hissiyotlarini yashira olmaydi. Buni “Dunyoning ishlari” qissasida muallif “men”i 
- xotiralar davomiyligi davomida ham ko‘rishimiz mumkin. 
“Esingizdami, oyi, siz ukamga alla aytardingiz. Men allaning ohangiga 
mast bo‘lib uxlab qolardim. O‘sha beshikda men ham yotganman. Allangizdan 
men ham orom olganman. Nima qilay, oyi, men alla aytishni bilmayman. 
Qabringizni silab qo‘ysam orom olasizmi... Mana, oyijon, mana...Yo‘q, yo‘q, 
yig‘laganim yo‘q. Hozir o‘tib ketadi”
28

Parchada lirik hissiyot ko‘lami ikki taraflama hayot haqiqati-o‘zaro 
dialektik aloqadorlik qonuniyati hamda xarakter ruhiyati teranligini 
shakllantiradi. Binobarin, ona va lirik “men” orasidagi munosabat inson tiynati 
mukammalligini belgilab beradi. 
“Oyi, men keldim... Eshityapsizmi, oyi, men yana keldim... Esingizdami, 
nevaralaringiz terib kelgan boychechaklarni ko‘zingizga surtib, “omonliq-
somonliq” qilardingiz... 
Bugun... o‘zingizning ustingizdan boychechak o‘sib chiqibdi... Yo‘q, yo‘q, 
oyijon... yig‘layotganim yo‘q. Bilaman, men yig‘lasam siz bezovta bo‘lasiz. 
Hozir... hozir o‘tib ketadi. Mana bo'ldi…”
29

Muallifning mahorati shundaki, u lirik kechinma va epik ko‘lam 
mushtarakligi tabiatiga ham ma’naviy-axloqiy masalalar yechimi, ham inson 
psixologiyasi teranligini singdira oladi. Turmush tafsilotlari, hayotiy-maishiy 
detallar, hissiyot quyuqligi adib izlanishlarini g‘oyaviy mazmun bilan boyitadi. 
28
Hoshimov O‘. Dunyoning ishlari. -Toshkent: Sharq, 2008. - B. 207. 
29
Hoshimov O‘. Dunyoning ishlari. - Toshkent: Sharq, 2008. - B.207. 


O‘tkir Hoshimov asarlarida tuyg‘ular silsilasi va epik ko‘lam munosabati milliy 
mentalitet, estetik qadriyatlar mezoni bilan o‘lchanadi. 
Ijodjor izlanishlarida milliy xarakter ifodasi markaziy o‘ringa chiqadi. 
Tushunchaning keng mazmuni asarda turli xil tarzda namoyon bo'ladi. Jumladan, 
“Urushning so‘nggi qurboni”, “O‘zbeklar”, “Ikki eshik orasi”, “Nur borki, soya 
bor” kabi badiiy ijod namunalarida ruhiy munosabatlar ijtimoiy hayot hamda davr 
tabiati vositasida oydinlashsa, “Tushda kechgan umrlar”, “Bahor qaytmaydi”, 
“Odamlar nima derkin” kabi asarlarda inson ichki dunyosi kolliziyasi chuqur 
ishlanganligining guvohi bo‘lamiz.
“Ikki eshik orasi” romanida voqealar tizmasi uch epik o‘lchamda ikkinchi 
jahon urushi arafasi, urush davri va urushdan keyingi yillardagi manzaralarni aks 
ettiradi. Romanning markazida urush yillaridagi o‘zbek qishlog‘i hayoti, 
urushning kishilar taqdiriga ko‘rsatgan chuqur ta’siri, ular qismatida, dilida 
qoldirgan jarohatlari muammosi turadi. Yozuvchi ikkinchi jahon urushi insonlar 
uchun zo‘r sinov bo‘lgani, bu sinov paytida o‘zbek kishisiga xos bo‘lgan noyob 
fazilatlar favqulodda bir kuch bilan yuzaga chiqqani, insonlardagi vatanparvarlik, 
cheksiz muruvvat, sadoqat tuyg‘ularini qalamga olgan. Adib o‘sha sinov 
kezlarida faqat o‘z jonini, mafaatini o‘ylab, munofiqlik qilgan, xiyonat ko‘chasiga 
kirgan ayrim kimsalar qilmishini qoralaydi, ularning ma’naviy inqirozini, 
fojiasini ochib beradi. Qahramonlar qismati vositasida yozuvchi yashashning 
ma’nosi, insonning insonlik sha’ni, burchi, mas’uliyati, e’tiqodi masalalarini 
ko’taradi. Qanday yashash kerak degan savol asarning yetakchi falsafasi 
darajasiga ko‘tariladi. Bu asar qahramonlaridan biri — ko‘pni ko‘rgan Orif 
oqsoqol tomonidan berilgan ikki eshik orasi to‘g‘risidagi xalqona hikmatda ham 
o‘z ifodasini topgan. U: “Bir xil odamlar bor: u eshikdan kirib bu eshikdan chiqib 
ketayotganida qo‘lidan kelgancha savob ish qiladi. Hayot degan imoratga aqalli 
bitta g‘isht qo‘yib ketadi. Yana bir xillari bor: o‘sha imoratdan aqalli bitta g‘isht 
o‘g‘irlab ketgisi keladi. O‘g‘irlab-ku hech qayoqqa borolmaydi, narigi eshik 
oldiga borganda baribir tashlab ketadi. Ikki orada imoratni buzgani qoladi...”. 


Asarda o‘nlab katta-kichik personajlar mavjud. Ularning barchasi davr 
dard-tashvishi bilan nafas oladi. Yozuvchi bosh qahramonlar, xususan, Muzaffar, 
uning tuqqan onasi Ra’no, boqqan onasi Robiya, otasi Shomurad, o‘gay otasi 
Umar zakunchi, sevgilisi Munavvar, “Qora amma”, Husan duma, Orif oqsoqol, 
Bashoratxon, Komil tabib obrazlarini, ularning qalb dunyosini keng va har 
tomonlama ochib beradi. Yozuvchi qahramonlar taqdiri talqinida hamisha 
romandagi bosh konsepsiyadan, ya’ni urushning odamlar qismatiga ko’rsatgan 
ta’siridan kelib chiqib ish ko’radi. Umar zakunchi va boshqa ayrim personajlarni 
aytmaganda, barcha qahramonlar urush jafosini chekkan odamlardir. Lekin 
shunda ham ular o‘zligini, insoniyligini saqlab qolgan, har qanday sinovlarda ham 
o‘z e’tiqodlariga qarshi bormagan kishilardir. 
Muallif ko‘p o‘rinlarda qahramonlarning g‘oyat keskin, murakkab, 
mushkul daqiqalardagi ruhiy holatlarini mahorat bilan ifoda etadi. Ayniqsa, 
Oqsoqolning olomon oldida kelinini ko‘ngil qo‘ygan nogiron yigitga nikohlab 
berish lavhasi, o‘sha murakkab lahzalardagi Oqsoqolning ruhiy holati; Komil 
tabibning Robiyaga jangda halok bo‘lgan o‘g‘li ko‘ngil rozini izhor etishdagi 
dramatik kechinmalari, jangda yarador bo‘lib qaytgan Shomurodning sevikli, 
go‘zal xotini xiyonatidan voqif bo‘lgan kezlardagi iztiroblari, Ra’nodagi 
ikkilanish holatlari, so‘ng aldanib chekkan alam va pushaymonlari, adadsiz qalb 
qiynoqlari har qanday kitobxonni larzaga soladi. 
Yozuvchi qahramonlarning ruhiy olamini ochish bilan birga ularning qalb 
boyligini va saxovatini ham ko‘rsatadi. Bir qancha personajlar tabiati va xatti- 
harakatida mehnatkash xalqimiz xarakteriga xos fazilatlar, o‘zbek xalqi turmush 
tarzi yorqin ifodasini topgan. Xususan, Husan duma, Oqsoqol, Komil tabib 
obrazlari, ularning oilasidagi tartibotlar o‘zbek xalqi turmush tarzining ko‘p 
yaxshi an’analarini ko‘rsatib turadi. Bu uch shaxs go‘yo mehnatkash xalq hayoti, 
xarakterining uchta muhim qirrasini ifodalaydi: Orif oqsoqol el-yurt xizmatiga 
kamarbasta, xalq orasida katta nufuzga ega yo‘lboshchi, Husan duma — yerning 
tilini biladigan mirishkor, cho‘rtkesar dehqon, Komil tabib esa ziyoli.


Orif oqsoqol mehnatkash xalq orasidan chiqqan, butun hayotini shu 
mehnatkash xalq manfaatlari yo‘liga tikkan, kecha-yu kunduz shu mehnat ahli 
tashvishi bilan nafas oluvchi, biroz dag‘al ko‘rinsada yuzidan nur yog‘ilib 
turuvchi nuroniydir. Qishloq ahli uni nihoyatda hurmat qiladi, uning har bir so‘zi 
el uchun qonun. Chunki oqsoqol hech qachon elni aldamagan, faqat uning g‘amini 
yegan, manfaatini o‘ylagan. U raislikdan chetlatilganda ham bir daqiqa bo‘lsin, 
el-yurtdan uzoqlashmaydi, qishloq ahli esa uni hamisha o‘zlarining ma’naviy 
rahnamosi deb biladi. Bu odam oilasida og‘ir ko‘rgiliklar yuz berganda boshga 
tushgan musibatlar tufayli dil-dildan o‘rtangani holda, baribir o‘zgalar baxti, 
oromini o‘ylab ish ko‘radi. 
Husan duma ham do‘sti oqsoqol kabi qalbi daryo odam. Duma oilasi 
adolatsizlik tufayli sarson qolgan Robiyani asrab, o‘z farzandidek tarbiyalab 
voyaga yetkazadi. Husan duma ham urush tufayli og‘ir judoliklar jabrini tortadi. 
Shu og‘ir judoliklarni yengib el-yurt manfaati yo‘lida tinimsiz ter to‘kadi. Bu 
odam - asl mehnatkash, tadbirkor dehqon. Uning tadbirkorligi, mehnat shijoatidan 
el-yurt ko‘p naf ko‘rgan. Husan dumani asirga tushgan jangchining otasi bo‘lgani 
uchun zakunchi siquvga oladi. Shunda u hech kim o‘ylamagan ishni qiladi. Ya‘ni 
u hovlima-hovli yurib “sharbat” yig‘adi va uni ekinlarga to‘kadi. Uning ust-
boshidan qo‘lansa hid keladi. Donishmand qariya nega bunday ishga qo‘l uradi? 
Chunki, birinchidan, u o‘z atrofidan imonsiz odamlarni shu yo‘l bilan haydaydi. 
Ikkinchidan, u hamisha o‘zi bilan o‘zi bo‘ldi. Ehtimol, yaratgandan gunohsizligini 
qalbi ko‘rlarga tushintirib qo‘yishni, yakka-yu yolg‘iz o‘g‘lini panohida asrashni 
iltijo qilgandir. Husan duma vafot etganda xalq uni ehtirom bilan hurmatini 
joyiga qo‘yib so‘nggi manzilga kuzatadi. 
Komil tabib ham xuddi Oqsoqol va Husan duma kabi urush jafosini 
chekkan inson. U ham dilda alam-iztiroblari bilan o‘zgalar dardi, jarohatiga chora 
qidiradi, uning shifobaxsh qo‘li ko‘plarning og‘rig‘iga malham bo‘ladi. E‘tibor 
berilsa, Komil tabib o‘z muhitidagi eng ziyoli, ma’rifatli odamligi seziladi. Uning 
farzandlari ham otalaridagi bu ma’naviy yetuklik ta’sirida voyaga yetganlar. 
Xususan, Ochilboy ham ziyoli, badiiy adabiyotni sevadi, she’rlar yozadi. Muhimi, 


u Robiyadagi ma’naviy go‘zallikni, ruhiy barkamollikni o‘zgalardan ilgariroq 
sezadi. Olimjon tomirlarida ham Komil tabib — asl ziyoli qoni oqayotganligi 
ma’lum bo‘ladi. Umar zakunchi kaltagini rosa yegan, o‘lar holatga kelgan 
Olimjon katta odam bo‘lib yetishadi. Muhimi shundaki, u Umar zakunchidan qasd 
olmaydi: past bilan tenglashmaydi.
Qishloqdagi ko‘pchilik odam Komil tabibning qadriga yetmaydi. Qari 
bilganni pari bilmaydi, deganlaridek, Orif oqsoqol-u yana bir-ikki odamgina uni 
e’zozlaydi. “Oqsoqol Komil tabibni qattiq izzat qiladi. Luqmoni hakimning nafasi 
tekkan, deydi. Butun No‘g‘oyqo‘rg‘onda faqat shu odamni sizlab gapiradi. 
Tabibning o‘ziyam chaqaloq bolagacha “sizlaydi”. Cholimning aytishicha, tabib 
sigirini ham sizlab chaqirarkan. “Chu” demay, “chuing” derkan... ”
30

Yozuvchining mahorati, san’ati faqat jonli, hayotiy milliy xarakterlar 
yaratish, qahramonlar tabiatiga xos insoniy fazilatlarni, dilidagi tashvish, 
tug‘yonlarni mohirona ifoda etishdagina emas, xarakterlar ruhiyatidagi o‘ta nozik, 
tushunish, tushuntirish mushkul bo‘lgan murakkab kechinmalar silsilasi tasvirida 
ham namoyon bo‘ladi. Masalan, Muzaffar oradan o‘n yil o‘tsa-da, halok bo‘lgan 
sevgilisi Munavvar yodi bilan yashaydi, boshqa birovga ko‘ngil qo‘yolmaydi. 
Onasining o‘limi xabarini eshitganda iztirob chekadi, taziyasiga otlanadi, ammo 
onasi xonadoniga yaqinlashganda o‘lim xabari tufayli dastlab ko‘nglida 
uyg‘ongan farzandlik mehri so‘nib, ortga qaytishni o‘ylab qoladi. 
Bunga sabab, Muzaffarning onasiga bo‘lgan sovuq munosabati 
toshbag‘irlik emas. Gap shundaki, Muzaffar halol, vijdonli, xiyonatni also 
ko‘tarolmaydigan yigit. U farzand sifatida onasini unutolmaydi, biroq ona 
xiyonati, bu xiyonat tufayli otasi hamda o‘zining hayoti alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib 
ketganligini ham esdan chiqarolmaydi. 
Umuman olganda, qahramonlar ma’naviy olamining kengligi, ularning 
muayyan muhit farzandi sifatida gavdalanishi va o‘zida butun bir millat taqdirini 
umumlashtirishi, shuningdek, badiiy obrazlar xarakteridagi milliy belgilarning 
30
Hoshimov O‘. Tanlangan asarlar, V jild. Ikki eshik orasi. – Toshkent: Sharq, 2012. -B. 157-158. 


umuminsoniy mohiyat bilan tutashishi O'tkir Hoshimov ijodiga xos 
xususiyatlardandir. 
Mazkur faslda o‘rganilgan muammo yuzasidan quyidagi xulosalarga kelish 
mumkin: 
- O‘tkir Hoshimov ijodida insoniy munosabatlar tizimi va ularning milliylik 
belgilari qahramonlarning ichki dunyosida o‘z ifodasini topadi;
- asarlari qahramonlari ma’naviy olamining rang-barangligi bilan ajralib 
turadi. Ular xarakterida o‘zbekona jihatlar bor bo‘y-basti bilan ko‘z oldimizda 
namoyon bo‘ladi; 
- adib asarlarida inson qalbi, uning ma’naviy dunyosi, ruhiy kechinmalari 
keng tahlil qilinadi; 
- yozuvchi qahramonlar qiyofasini chizar ekan, ularning irodasi va e’tiqodi 
mustahkamligini asosiy o‘ringa chiqaradi. Qahramon ichki kolliziyasidagi 
evrilishlarni batafsil sharhlaydi; 
- umuman, O'tkir Hoshimov asarlarida iymon, e’tiqod, diyonat, sadoqat 
kabi tushunchalar millat sajiyasining umumiy belgilari sifatida ifodalaniladi. 

Yüklə 1,19 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   28




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə