Pirimqul Qodirov Yulduzli tunlar 480. indd



Yüklə 1,78 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə7/39
tarix17.05.2023
ölçüsü1,78 Mb.
#110873
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   39
yulduzli tunlar 0

SAMARQAND ZAFARVA KULFAT
Boburning qo‘shini Samarqandni butun yoz va kuz bo‘yi qamal 
qildi. Boysunqur mirzo yetti oy shahar darvozalarini berkitib yotdi-
yu, axiri ochlik va tanqislikka bardosh berolmay, sovuq qish kecha-
laridan birida yaqin odamlari bilan Samarqanddan yashirincha chi-
qib, Hisor tomonga qochdi.
Shaharda qolgan beklar bundan xabar topganlaridan keyin qal’a 
darvozalarini ochtirdilar.
Boburning uch mingga yaqin qurolli kishilari zafar kuyini chalib, 
qo‘sh naqoralar va karnaylar sadosi ostida shaharga kira boshladilar.
Bobur besh yasharligida ko‘rganlari yaxshi esida qolmagan ekan. 
Samarqandning har yer-har yeridan moviy tog‘lar kabi ko‘kka bo‘y 
cho‘zib turgan ulug‘vor gumbazlarning qaysisi Ulug‘bek madrasasi-
niki ekanini, qaysisi Bibixonim madrasasiga mansubligini yonida bo-
rayotgan Qosimbekdan so‘rab bildi. Faqat arkka yaqinlashganda chap 
tomonda ko‘ringan ulkan obidaning Amir Temur maqbarasi ekanini 
jangchining dubulg‘asiga o‘xshash gumbazning afsonaviy go‘zal 
taram-taramlaridan tanidi. Qancha davrlar o‘tsa ham, bo‘yoqlari 
xuddi bugun surilganday yap-yangi turgan bu ajoyib binolar, ularn-
ing tantanavor ko‘rinishi va oftobda g‘alati tovlanishi Boburning qal-
bidagi zafar zavqiga yana zavq qo‘shardi.
Ark joylashgan balandlikka ko‘tarilayotganlarida Bobur o‘ngu 
so‘lda ko‘ringan ayvonli uylar va hovlilarga ko‘z tashladi-yu, birdan 
o‘zining asira qallig‘i Oyisha begimni esladi.
Ajab emaski, begim mana shu uylardan birida darcha tirqishidan 
g‘oliblarga qarab turgan bo‘lsa. U bechora endi barcha azob-uqubat-
lardan qutulib, Samarqand qizlari orasida eng mo

’tabari bo‘lishini, 
hamma uni «yosh podshohimizning qallig‘i», deb e’zozlashini bilar-
mikin?
Bobur otini Qosimbekning otiga yaqinlashtirib, past ovoz bilan 
so‘radi:
– Asirlardan xabar olishga odam tayinlandimi?
Qosimbek bu savolning yashirin ma’nosiga tezda tushunolmadi:
– Amirzodam, qaysi asirlarni aytursiz?
Bobur otasi tengli Qosimbekning oldida qallig‘ini tilga olishdan 
uyalar edi. U allanechuk iymanib qovog‘ini solganidan Qosimbek gap 
nimadaligini fahmladi-yu:– Ha, asiralarmi? – deb, Bobur aytolmagan 
so‘zni o‘zi aytdi. – Bu ishga No‘yon Ko‘kaldoshni tayin etganmen. Av-


99
valo Sulton Ahmad mirzoning farzandlaridan xabar olinur. Qulingiz 
aytganmen. Kechqurun No‘yon sizga axborot berur.Ark ichiga kirdi-
lar. Bu yerdagi eng ulkan va salobatli bino – to‘rt qavatli Ko‘ksaroy 
edi. Ko‘ksaroyda juda ko‘p fojialar bo‘lgan, talay shahzodalar shu 
yerda o‘ldirilgan. Shuning uchun Samarqandning so‘nggi tojdorlari 
Ko‘ksaroyda turmas edilar, faqat mashhur Ko‘ktosh ustiga chiqib, 
tantana bilan taxtga o‘tirish marosimini o‘tkazar edilar. Bobur ham 
arkning o‘ng tomonida joylashgan Bo‘stonsaroyga tushdi.
Oqshom Bo‘stonsaroyda qandillar yondirilganda Bobur o‘tirgan 
xonai xosga No‘yon Ko‘kaldosh kirib keldi. Zar bilan naqshlangan 
bu xona juda sovuq edi. Ular ikkovi po‘stinlarini va telpaklarini 
yechmasdan ko‘rpacha ustida o‘tirib gaplasha boshladilar. No‘yon 
Ko‘kaldoshning ovozida iliq bir hayajon sezildi. Bobur podshoh 
bo‘lganidan beri ulug‘ beklar atrofini o‘rab olib, No‘yon Ko‘kaldoshday 
tengdoshlari ancha chetga chiqib qolgan edi. Bugun oralari yana 
ilgarigiday yaqin bo‘lib qolganidan quvongan No‘yon to‘lqinlanib 
so‘zlay boshladi:
– Amirzodamning nomlaridan oltin bilaguzuklar, asl matolar, 
subhoni o‘riklar, lavzinalar olib bordik. Ulug‘ xolangiz Mehr Nigor 
xonim peshvoz chiqdilar...
Bobur o‘z onasini esladi. Mehr Nigor xonim – Qutlug‘ Nigor xon-
imning tug‘ishgan opasi va Sulton Ahmad mirzoning katta xotini 
edi. Oyisha begimning onasi yoshligida o‘lib ketgan, uni farzandsiz 
Mehr Nigor xonim tarbiyalab o‘stirgan, hozir ham unga ona o‘rnida 
g‘amxo‘rlik qilar edi. Shuning uchun Mehr Nigor xonim Boburga ham 
xola-yu, ham bo‘lajak qaynona edi.

Ozib ketibdilar, – deb davom etdi No‘yon. – Oshliqdan* juda qi-
ynalmishlar. «Qahatchilik bo‘lib, pulga oshliq topilmay qoldi», dey-
dilar. «Zog‘ora nonga ham zor» bo‘ldik, deb yig‘lab yubordilar. O‘tin-
cho‘plari ham yo‘q ekan. «Sovuqda diydirab o‘ltiribmiz» deydilar.

Boysunqur mirzo shu qadar noinsoflik qilibdirmi, a?

Mirzoning o‘zi ham oxirgi paytlarda qorni to‘yib taom yem-
agan bo‘lsa kerak, amirzodam. Yetti oy qamalda yotish osonmi? 
Ko‘chalarda ochdan o‘lgan odamlarning o‘liklari yotibdi. Faqiru be-
choralar ochdan o‘lmaslik uchun eshak go‘shtini, it go‘shtini yeyish-
gacha yetib bormishlar... Biz bundan bexabar ekanmiz. Dar-hol qay-
tib kelib, Qosimbek qavchinga uchradim. Bir arava un, guruch, bir 
arava o‘tin, o‘nta qo‘y oldik. Ke-yin hammasini yana o‘zim eltib top-
shirdim. Shunda meni ichkari uyga taklif qildilar. No‘yon Ko‘kaldosh 


100
sirli kulimsirab, bir lahza taraddudlanib turdi. Bobur uning hozir Oyi-
sha begim haqida gapirmoqchi ekanini sezib, sabrsizlandi:

So‘zlang, No‘yon, so‘zlang!

Tillakori uyda Oyisha begim yuzlariga oq ipak parda yopib 
qarshimdan chiqdilar... – No‘yon bir to‘xtab oldi. Oyisha begim un-
ing ko‘ziga juda kichkina, norasida o‘smir qizchadek ko‘ringan edi. U 
buni Boburga aytishga jur’at etmadi. – Juda nozik ko‘rindilar. «Xush 
kelibsiz», dedilar. Ovozlari shunday mayin, shunday sof.
Bobur Andijondan Oyisha begimni o‘ylab kelib, endi ko‘rishol-
masligi, balki sabrsizlik qilgan kabi qiz tomonni ham ranjitishi unga 
bedavo bir dard bo‘lib tuyuldi. No‘yon Ko‘kaldosh bu dardga dori top-
moqchiga o‘xshab qo‘yniga qo‘l soldi-yu, jajjigina oq ipak xaltacha oldi.

Oyisha begimning nomidan sizga buni Mehr Nigor xonim berib 
yubordilar. Bobur xaltachani qo‘liga olganda ichida hech narsa 
yo‘qday tuyuldi. Bog‘ichini ochib xaltachani kaftiga sekin ag‘dargan 
edi, ikki dona gavhar tushdi. Har biri guruchdan sal kattaroq, ammo 
xiyla salmog‘i bor. Jilosi nafis va ulug‘vor.

Sirtiga ham qarang, – dedi No‘yon.
Nozik munchoqlar bilan bezatilgan xaltachaning sirtiga kashtaga 
o‘xshatib tikilgan chiroyli ipakyozuvni Bobur endi ko‘rdi. «Najot-
korimizga» degan birgina so‘z unga butun bir muhabbatnomadek 
shirin tuyuldi. Oyisha begim bu ipak yozuvni oldindan tika boshlagan 
bo‘lsa kerak. Aks holda, No‘yon borgan zahoti tikib ulgurmas edi. De-
mak, u Boburning najot keltirishiga ishongan!

Amirzodam, qo‘lingizdagi gavharlarning tarixini eshiting, – 
deb davom etdi No‘yon. – Bular Sulton Ahmad mirzoning sallalariga 
qadalgan asl gavharlardan ekan. Uning mungliqlari tilak bildirdilarki, 
Sulton Ahmad mirzoning shu gavharlari siz bilan birga yana Samar-
qand taxtiga chiqsinu, sizning aziz boshingizda yuz yil bezavol por-
lab tursin! Sulton Ahmad mirzo tilga olinganda Boburning ko‘ngli bir 
xira tortdi. Ammo uning qo‘lidagi gavharlar shunday musaffo tovla-
nar ediki, ularda porlagan go‘zal nur qallig‘ining ko‘zlaridan nishona 
berib turganga o‘xshardi.

Mayli, mungliqlar tilagandek bo‘lsin! – dedi Bobur No‘yonga. 
So‘ng sekin qarsak chalib, dastorpechni chaqirtirdi.
Dastorpech bu gavharlarni Boburning tantanali marosimlarda 
o‘raydigan sallasiga qadab qo‘ydi.
Shu oqshom Bobur g‘oyibona mehr qo‘ygan qallig‘ini ko‘rgisi ke-
lib, g‘azal yoza boshladi:


101
Jamoling vasfini, ey oy, necha eldan eshitgaymen Ne kun bo‘lg‘ay 
visolingga meni dil xasta yetgaymen?
Qish chillasi avjida. Izg‘irinli yellar esadi. Qo‘l-oyoqlariga kishan 
solingan, kiyimlari yirtiq mahbuslar Samarqandning Registon may-
donida sovuqdan qaltirab, shahar qozisining hukmini tinglaydilar.
Ishonchli amaldorlarning aniqlashlariga qaraganda, bular Bobur 
mirzoga xiyonat qilganlar – qamal paytida unga maxfiy odam yu
-
borib, «kechasi kelinglar, darvozani ochib berurmiz», deganlar. Bo-
burning bir dasta botir navkarlari G‘ori Oshiqon oldidan qal’aga os-
hib o‘tganda, xiyonatchilar ularni dushmanlariga tutib berganlar.
– Biz emas! Tutib berganlar qochib ketmishlar! – yig‘lamsirab 
qichqirdi mahbuslardan biri.
Ammo uning so‘ziga hech kim e’tibor bermadi. Farmoni oliyga 
binoan jallod ularning qo‘llarini or-qalariga bog‘lab, maxsus chuqur 
oldiga cho‘kkalatib qo‘ydi-da, bo‘g‘izlariga xanjar tortdi. Qatl etilgan-
larning issiq qoni maydonning toshlariga sachrab, sovuqda hovur 
chiqarib bug‘lanar edi.
Kechasi bo‘ralab yoqqan qor buning hammasini bekitib, borliqni 
oppoq qilib ketdi. Ertasi kuni tushdan havo yumshab, gumbazlarning 
qorlari erib tusha boshladi.
Peshin namozidan keyin Bobur mirzo otlanib Samarqand rasta-
larini aylanishga chiqdi.
Yonida eshik og‘a Qosimbek, Ahmad Tanbal va Xonquli degan 
yana bir bek orqaroqda navkarlar bilan kelishmoqda. Shaharning 
qayerida nima borligini yaxshi biladigan samarqandlik keksa shoir 
Javhariy ularga yo‘l ko‘rsatib, oldinda boryapti.
Ulug‘bek qurdirgan ulkan gumbazli xonaqodan o‘tganlaridan 
keyin Javhariy kunchiqish tomondagi ko‘chani ko‘rsatdi.

Amir Alisher Samarqandga kelganlarida mana shu ko‘chadan 
ko‘p o‘tar edilar. Mazkur ko‘chaning oxirida Alisherbekning ustozlari 
faqih Abdullays istiqomat qilur edi. Uylari hali ham bor.

Siz Mir Alisherning suhbatlarida bo‘lganmisiz? – so‘radi Bobur.
– Ha, yoshimiz Alisherbek bilan teng edi, ammo faqir u zotni us-
toz o‘rnida ko‘rur edim, mudom ash’orlarimni o‘qib berib, maslahat 
olur edim. Unutmagan ekanlar, «Majolisun nafois» nomli kitoblarida 
faqirni ham tilga olmishlar.
Soqollari oppoq, qoshlariga ham oq tushgan Javhariy hozir Bo-
burning havasini keltirdi. Qani u ham Navoiyning nazari tushgan 
shoirlardan bo‘lsa! Ammo Bobur hali mashq she’rlar yozishdan nar-


102
iga o‘tgan emas, ularni birovga ko‘rsatishga uyaladi. Shunday bo‘lsa 
ham katta shoir bo‘lish orzusini hech tark etmaydi. Mana shu orzun-
ing ta’sirida bugun Bobur o‘ziga yo‘l ko‘rsatuvchilikka Samarqandn-
ing mashhur beklarini emas, Navoiyni ko‘rgan mo

’tabar shoirni tak-
lif qilgan edi.
Javhariy ularni novvoylar mahallasiga boshladi. Ko‘chalar allane-
chuk huvillagan. Bosilmagan qor otlarning tizzasiga chiqadi. Soya 
joylarda izg‘irin yuzni yalab o‘tsa ham, oftob tushib turgan paxsa de-
vorlar va tom bo‘g‘otlari erigan qordan ho‘l bo‘lib borar edi. Bobur 
tomlarga qaradi. Birortasi kuralmagan. Tom kurayotgan bironta 
odam ko‘rinmaydi. Novvoylik rastasiga kelsalar, qator do‘konlarning 
hammasi yopiq. Boburning taajjubi ortib, Javhariyga qaradi:

Mavlono, novvoylar ko‘chib ketganmilar?

Mirzo hazratlari uch oydirki, rastaga non chiqmaydi. Chunki 
un yo‘q. Qamalda ko‘p novvoylar ochdan o‘lib ketdi. Odamlar holdan 
toygan. Tomga chiqib qor kurashga ham madorlari yo‘q.
Bobur bunga sababchi bo‘lgan odamdek o‘ng‘aysizlanib Qosim-
bekka qaradi. Qosimbek esa shoirga kesatibroq gapirdi:

Novvoylarning tirik qolganlari ham bordir, mavlono?

Albatta, bor. Lekin yordamga muhtoj. Qani, endi amirzodam 
buyursalaru novvoylarga un berilsa. Rastalar yana ochilsa, Samar-
qandning mashhur nonlaridan odamlar to‘yib yesa.
Bobur Javhariyning aytganini qilmoqchi bo‘layotganini sezib, Qo-
simbek buning oldini olishga intildi:
– Amirzodam, bizda ham oshliq oz qoldi. Qo‘shinga zaxira kerak. 
Rastalarga hozir un berolmasmiz. Balki keyinroq...
Keksa shoir Boburga umid bilan qarab turibdi... Shu payt uning 
qora movut chakmonimi, xiyol egik yelkasimi, kalta qirqilgan soqoli-
mi, nimasidir Boburga Navoiyning Behzod chizgan rasmini eslatdi. 
Bobur mavlononi noumid qilsa, Navoiyning umidini ham oqlolmay-
diganday bo‘ldi. U Qosimbekka buyruq ohangida gapirdi:

Biz unni rastalarga emas, novvoylarga bermog‘imiz kerak. Is-
honchli bir kishi nazorat qilsin, novvoylar non yopib, bizning nomim-
izdan ochlarga tarqatsinlar. Besh-olti qop un bilan qo‘shin zaxirasiz 
qolmas. Jizzaxga yuborilgan karvon erta-indin oshliq olib qaytgusi!

Saxovatingizga ofarin, Mirzo hazratlari! – deb Boburning 
so‘zlariga faqat Javhariy quvonch bildirdi.
Semiz to‘riq ayg‘irning jilovidan tortib turgan Ahmad Tanbal ma-
vlonoga qarab po‘ng‘illadi:


103
– Amirzodam Boysunqurdan qolgan ochlarning qaysi biriga osh-
liq yetkazsinlar? Biz bularni boqishga keldikmi?
Ahmad Tanbal, «amirzodam» deb, go‘yo Boburga jon kuydirib 
gapirgan bo‘lsa ham, aslida Boburning hozirgi buyrug‘idan noroziligi 
sezilib turardi. Ahmad Tanbal O‘shda Xonzoda begimga odam qo‘yib 
niyatiga yetolmaganidan beri Boburga qarshi adovati avvalgidan o‘n 
hissa ortiq bir kuch bilan xuruj qilmoqda edi.
– Janob Ahmadbek, – dedi Bobur. – Biz Samarqandni boqish 
uchun kelmagan bo‘lsak, talash uchun ham kelgan emasmiz!
Tanbal kecha zargarlarni talatganini eslab, ko‘zlari bir bejo bo‘ldi. 
Ammo o‘zini osoyishta ko‘rsatib:
– So‘zingiz to‘g‘ri, Mirzo hazratlari, – dedi. Biroq shuncha jangu 
jadal bilan olgan shahrimizdan ozgina o‘ljador bo‘lishga nahotki haq-
qimiz yo‘q? Axir g‘oliblarning o‘lja olishi ota-bobolarimizdan qolgan 
rusum-ku!
Tanbalning gapi navkarlar orasida turgan Xonqulibekka juda yo-
qib tushgani uning kulimsirab bosh irg‘aganidan bilindi. Ko‘pchilik 
navkarlar ham Ahmad Tanbalni haq deb bilar edi. Samarqanddan 
durust o‘lja ololmagan beklarning barchasi norozi bo‘lib yurgani 
ma’lum edi.
Shu topda Bobur o‘zini ikki o‘t orasida qolganday sezdi. Beklaru 
navkarlarning ko‘ngliga qaray desa, bu yoqda raiyyat ocharchilik-
dan o‘lyapti. Raiyyatni ochlik changalidan qutqazay desa, beklaru 
navkarlar: «Bular nega bizning nasibamizga sherik bo‘ladi?» – deb 
dod soladi.
Bobur Qosimbekka umid bilan ko‘z tikdi-yu:
– Ocharchilikka faqat Boysunqur mirzo sababchimi?– dedi. – 
Agar biz shaharni yetti oy qamal qilmasak, bu baxtsizlik bo‘lmasligi 
mumkin edi-ku!
Qosimbek Boburning Tanbal qarshisida yakkalanib qolishini is-
tamadi-yu, munozarani tezroq tugatishga tirishdi:
– Amirzodamning so‘zlari qulingizga sari toj bo‘lsin! Ertagayoq 
novvoylarga un berib, ochlarga non yoptirib tarqatishni men o‘z zim-
mamga olurmen!
Bobur Qosimbekka minnatdorona ko‘z tashlab:
– Gap tamom, – dedi. So‘ng Javhariyga yuzlandi.– Qani endi sah-
hoflar* rastasiga o‘taylik.
Javhariy ularni qing‘ir-qiyshiq bir ko‘chaga boshlar ekan, Ahmad 
Tanbal, qovoq-tumshug‘i osilib, Boburning ketidan ergashdi. Keng 


104
bir sahnga chiqdilar. Yopiq turgan sahhoflik do‘konlari ko‘rindi. Ikki 
do‘kon oralig‘idagi ikki tavaqalik darvoza ichidan avval qandaydir 
shovqin eshitildi, so‘ng oyoq yalang, bosh yalang bir kampir dod solib 
chiqdi:

Voy bolamni o‘ldirgan xudoning o‘zi o‘lsin! Och qolib shishib 
o‘lsin! Kampirning ketidan o‘rta yashar ozg‘in bir erkakyugurib chiq-
di-yu, otliqlarni ko‘rib, qo‘rqqanidan bir lahza ag‘rayib turib qoldi. 
Kampir hamon bor ovozi bilan baqirib xudoni qarg‘ardi:

Xudoning o‘zi qamalda qolib o‘lsin! Iloyo mening bolamday och-
dan o‘lsin! O‘lsin!!! Javhariy otini erkak kishi tomonga burib:

Mulla Qutbiddin, nima bo‘ldi? – deb so‘radi.
Mulla Qutbiddin endi hushini yig‘ib, kampirga qarab chopdi. 
Ozg‘ingina, madorsiz kampirni sudrab hovliga olib kirib ketdi-da, en-
tikib qaytib chiqdi. Qo‘l qovushtirib otliqlar tomonga kelar ekan:
– Afv etgaysizlar, – dedi. – Og‘amning zaifasi farzand dog‘idan tel-
ba bo‘lib qoldi. Bechoraning o‘g‘ilchasi ochlikdan kunjara yegan ekan, 
shishib o‘ldi.
Og‘ir sukunatda Boburning:
– Yana bu sho‘rliklardan o‘lja olmoqchi bo‘lurlar!– degan kinoyali 
so‘zlari eshitildi-yu, Ahmad Tanbal bilan Xonqulibekka o‘qday tegdi.
Mulla Qutbiddin Samarqandning taniqli sahhoflaridan edi. Ma
-
vlono kim kelganini sahhofga sekin aytdi. Mulla Qutbiddin ko‘pdan 
beri ochilmagan do‘konini shosha-pisha ochdi. Bobur otdan tush-
ib, mavlono bilan birga do‘konga kirdi. Mulla Qutbiddin bisotida 
bor eng nodir kitoblarni bir-bir olib, changlarini artib, Boburga 
ko‘rsata boshladi. Qimmatbaho zarhal muqovalar ichida Mahmud 
Koshg‘ariy, Abdurahmon Jomiy... Sharafid-din Ali Yazdiyning Be
-
hzod suratlari bilan bezangan «Zafarnomasi»... Abdurazzoq Samar
-
qandiy... Ha, mana. Navoiyning «Mezonul avzoni». Bu kitobni Bobur 
ko‘pdan beri so‘roqlab yurgan edi. U oltinga topilmaydigan ajoyib 
kitoblarning ko‘pligini ko‘rib, afsonaviy xazinaga kirib qolganday 
hayajonlanar, nuqul:
– Yana ne bor? Yana? – deb so‘rardi.
Mulla Qutbiddin ham biri-biridan noyob kitoblarni uning ol-
diga qalashtirib tashladi. Mashhur xattotlar katta pullar evaziga 
ko‘chirgan, har bir varag‘iga nafis bezaklar ishlangan bu qo‘lyozma 
kitoblarning har biri bir necha ming dinor turishini Boburning yo-
nida turgan Qosimbek ham bilar edi. U Samarqand xazinasi ship-
shiydam ekanini, Andijondan olib kelingan oltinlar esa ko‘pga bor-


105
masligini o‘ylab qarab turardi. Nihoyat, Bobur ajratib olgan kitoblar 
o‘ndan oshganda, Qosimbek sekin shipshidi:
– Amirzodam, hozir xizonachi yo‘q...
Kitoblardan boshqa narsani unutgan Bobur Qosimbekning sha-
masini tushunmadi.

Xizonachini yuborurmiz, – dedi va tanlagan kitoblarini sahhof-
ga ko‘rsatdi: – Hammasini hisoblab qo‘ying. Kitobdor bilan xizonachi 
pulini to‘lab olib keturlar. Mulla Qutbiddin qo‘l qovushtirib:

Bosh ustiga! – dedi-yu, ammo uning nimanidir aytolmay tarad-
dudlanayotgani Boburga sezildi.

Ne tilagingiz bor, mullo? Ayting, tortinmang. Kitoblaringiz be-
baho!
Bobur bu kitoblar uchun mol-dunyosini ayamaydiganday 
ko‘rindi. Sahhof dadillanib:
– Mirzo hazratlari, – dedi. – Hozir pulga oshliq topilmaydi. Bolala-
rim, «non» deb yig‘lab, har kuni yurak-bag‘rimizni ezurlar. Agar iloji 
bo‘lsa, ozgina un...
Boburning ko‘z oldiga boyagi telba kampir keldi-yu, sahhofning 
muhtojligini oldinroq sezmagani uchun o‘zidan koyindi. Qosimbekn-
ing novvoylik rastasidagi e’tirozlari esiga tushib, unga hech nima de-
madi. Yana beklarning jinini qo‘zg‘amaslik uchun sahhofga kerakli 
narsani saroy oshpazidan berib yuborishni ko‘ngliga tugdi. Sahhofga 
past tovush bilan:
– G‘am chekmang, – dedi. – Tilagingiz amalga oshur. Xayr!
Bobur tashqariga chiqdi. Ahmad Tanbal hamon otidan tushmay 
o‘shshayib turar edi. Shu kuni shomda kitoblarni olib ketishga kelgan 
kitobdor va savdarlar sahhofga so‘ragan pulini berishdi-yu, uning 
uyiga bir qop un va bitta semiz qo‘y tushirib ketishdi. Ertasi kuni nov-
voylik rastasiga Qosimbekning navkarlari bir arava un olib kelgan-
liklari, qor tagida sovib yotgan tandirlarga o‘t qalanib, issiq non hidi 
atrofga taral-gani, otliq jarchilar podsho nomidan ochlarga non ul-
ashilishini e’lon qilgani hammaning qulog‘iga borib yetdi. Novvoylik 
rastasiga kelib, xushbo‘y bug‘doy nonining ta’midan ko‘zi charaqlab 
ochilayotgan ochlar Boburdan nechog‘liq mamnun bo‘lsalar, tama-
gir bek va navkarlar: «Bizning og‘zimizdan olib, avboshlarga berdi!» 
– deb, yosh podshohdan shunchalik norozi edilar. Samarqanddagi 
ochlik va tanqislikdan bezgan bir qism jangchilar Andijonga qaytib 
ketishga intila boshladilar.


106
Tandirdan uzilgan nonlarni qopga solib chiqib ochlarga ulash-
ayotgan navkarlardan biri – Tohir edi. Avval u ham: «Menga nayza 
sanchib, onamning o‘limiga sabab bo‘lgan yog‘iylarga xizmat qil-
gani kelganmi men?!» deb achchiqlandi-yu, lekin uvada kiyingan, 
bo‘yinlari qiltiriqday bo‘lib qolgan och o‘smirlarga, chollarga, ayol-
larga ko‘zi tushganidan keyin hovuri bosildi. Ichkaridan ola qopda 
issiq non ko‘tarib chiqar ekan: «Balki bu ayollarning orasida Robiya 
ham bordir?– deb o‘ylandi. – Yoki Robiyani ko‘rgan-bilganlar
uchrab 
qolar?»
Tohirning boshida tulki telpak, egnida pochapo‘stin, so‘nggi oy-
larda mudom otliq yurib, qadam olishi xiyla o‘zgargan. Uzangiga 
o‘rganib ketgan oyoqlari yerda avvalgiday ravon odimlay olmaydi. 
Ammo qo‘llari chavandozcha bir chaqqonlik bilan qopga tez tushib 
chiqadi.
Ko‘zlari lo‘q ochlar Tohirning o‘zini emas, non ulashayotgan 
qo‘llarini ko‘rishadi, xolos.
Ularning ko‘pi imillab, kichik-kichik qadam tashlab juda sekin 
harakat qilishadi. Yo‘llarida kichkina ariq yoki do‘nglik uchrab qol-
sa, o‘tolmay to‘xtab qolishadi. Baquvvatroqlari suyab, ko‘maklashib 
o‘tkazib qo‘yishadi.
Tohir odamlarning har birini sinchiklab ko‘zdan kechiradi. Nahot-
ki ularning orasida Robiyani ko‘rgan-bilgan birorta odam bo‘lmasa?
Ana, bir ayol to‘n yopinib, yarim o‘girilib turibdi. Tohir uning yo-
nidagi kampirga qarab:

Xolalar, oralaringda andijonlik yoki quvalik ayollar bormi? – 
deb so‘radi. Kampir tojikcha talaffuz bilan:

Undoqlar yo‘q, aylanay, – dedi.
Tohir yuzlab marta aytgan so‘zlarini takrorlab:

Singlimni izlab yuribman, – dedi. – Sulton Ahmad mirzoning 
askarlari Quvadan olib qochib ketganiga to‘rt yil bo‘ldi.

Bechora! – deb qo‘ydi kampirning yonidagi ayol.
Nariroqda nonga ko‘z tikib turgan bir kishi sabr-sizlanib yo‘taldi. 
Tohir non ulashishda davom etar ekan, o‘ttiz besh yoshlardagi, siyrak 
malla mo‘ylovli novcha bir kishining qarshisida to‘xtadi.
– Siz ilgari navkar bo‘lganmisiz?
Yuzi shishinqiragan bu odam xavotirli tovush bilan:

Ha, – dedi.

Qachon?

Ko‘p jil
 
bo‘ldi.


107

Andijonga borganmisiz?

Jo‘q... berirog‘idan qaytkanmiz.
Bu odamning talaffuzi o‘shanda Robiyani qopga solib olib ketgan 
«jo‘q»chi yigitlarni eslatdi-yu, Tohirning vujudi qaltirab ketdi. Ehtimol, 
bu o‘sha bosqinchilarning biridir? Tohir orqasiga o‘girilib, novvoyxona 
tomonda turgan sherigini chaqirdi. Qopning tagida qolgan nonlarni 
unga berdi-yu, malla mo‘ylovli kishini bilagidan olib bir chetga bosh-
ladi. U odam qo‘rquvdan bo‘shashib, kalovlanib, to‘xtab qoldi:
– Ukajon, men bir bechora odamman! Meni qo‘yib jubaring! 
Nong‘a kelib edim... Nong‘a!...
Tohir kalavaning uchini shu odam topib berishi mumkinligini 
sezib, muloyimroq gapirishga tirishdi.

Non olasiz. Sizga ko‘proq non beramen. Menga rostini ayting. 
Sulton Ahmad mirzoga navkar bo‘lganmisiz?

Bo‘g‘anmen.

Andijondan beridagi Quvaning ko‘prigidan o‘tganmisiz?

Qaysi ko‘prik? Sinib ketib, bizni xarob qilg‘an ko‘prikma?

Xuddi o‘zi! – dedi Tohir g‘azab aralash quvonch bilan. Mana, 
o‘sha bosqinchi! Tohir unga hozir xanjar ursa bir alamdan chiqar edi. 
Ammo Robiya nima bo‘ladi? Buni o‘ldirsa, Robiyani kimdan so‘roqlab 
topadi?
Tohir malla mo‘ylovli yigitni yoqasidan olib qahr bilan silkitdi:
– Robiya qani? Ayt tezroq!
Ochlikdan darmoni ketib, zo‘rg‘a yurgan yigit Tohirning silta-
lashidan to‘kilib, parchalanib ketadiganga o‘xshardi. U nafasi ichiga 
tushib:

Qa-qaysi Rokiya? – dedi.

Rokiya emas, Robiya? U qizni Quvadan olib qochib qayoqqa olib 
bordilaring? Hozir qayerda? Rostini aytmasang, kallangni olamen! Ayt!

Uka! Ukajon! Men Robiya degan qizni ko‘rganim jo‘q. O‘ldirsang, 
mayli, o‘ldir, lekin mendan bekorga gumonsirama, o‘shanda men qiz 
obqochadigan ahvolda emas edim. Tug‘ushgan ukam ko‘prikdan 
jig‘ilib, suvg‘a og‘ib o‘ldi. Qamishlarning orasidan uch kun qidirib 
o‘ligini topolmadim. Balchiq jutib ketgan ekan.
Tohir o‘sha ko‘prikni o‘zi buzganini esladi, malla mo‘ylovli yigit-
ning ko‘zlari yoshlanganini ko‘rdi-yu, uning yoqasini qo‘yib yubordi.
Robiyani qopga solayotgan «jo‘q»chi yigitlardan biri ikkinchisi-
ni «Juman» deb atagani Tohirning yodida qolgan edi. U qarshisida 
ko‘zlari mo‘ltirab turgan odamga tikilib:


108

Oting nima? – dedi.

Otim Mamat.

Mamatmi yo Jumanmi?

Uka, ishonmasangiz, mana shu mahallaning odamlarini chaqir-
ib so‘rang. Otim Mamatligini hamma biladi. O‘zim ko‘nchi kosibman.
Tohir o‘zicha o‘ylandi: «Agar ukasi Quvada balchiqqa botib o‘lgan 
bo‘lsa, bu ham mening giribonimdan olishga haqqi bor!» Shu o‘y 
ta’sirida Tohir jahlidan tushdi. Mamatga yana «siz»lab gapira boshladi:
– Jumanni bilarmidingiz?
Mamat peshonasini ushlab, nimanidir eslashga tirishdi:

To‘xtang, to‘xtang, Juman maymoq deganimiz bo‘lar edi. 
Sheriklari bilan o‘sha yoqdan ikkita qiz obqochib kelgan, deb eshitib 
edim.

Samarqandga olib kelganmi?

Qizlarnimi? Bunisini bilmadim. O‘ratepaning naryog‘ida Oqsuv 
degan soy bor. Oqsuvga jetganimizda podshomiz o‘lib qoldi. O‘shanda 
bir alg‘ov-dalg‘ov boshlandi, mana haligacha bosilmaydi. Navkarlik 
ham jonimga tegdi, bo‘shab ketdim.

Juman maymoq hozir qayerda?

Bilmadim-ov. Uch-to‘rt jildan beri ko‘rgan emasmen. Battarin 
jigit edi, o‘lib ketdima yo boshqa podshoning xizmatiga o‘tib ketdima. 
Podsho ham ko‘p-ku. Toshkentda Mahmudxon degani, Turkistonda 
Shayboniyxon degani, Hisorda yana birovi.

Bu podsholarning urush-janjallari boshlaridan qolsin! – dedi 
Tohir kuyunib. – Siz bir kosib bo‘lsangiz. Men bir dehqon edim. Kelib-
kelib bizday zahmatkashlarni bir-birimizga dushman qilib qo‘ygan 
zamonaning uyi kuysin!
Mamat Tohirning xanjar izi qolgan yuziga endi botinibroq qaradi:

U qiz kimingiz bo‘lar edi, uka? Singlingizmidi?

Ko‘zimning oqu qorasi edi!
Mamat gap nimadaligini fahmlab, Tohirga xiyol hayratlanib tikil-
di. So‘ng uning armon to‘la ko‘zlarini ko‘rib, bu yigitga o‘zini allane-
chuk yaqin sezdi va unga tasalli bergisi keldi:
– Xudo xohlasa, toviladi! Mening tanish-bilishlarim ko‘p, uka. 
So‘roqlayman. Xotinimga aytaman. Ayollardan surishtiradi.
Mamatning astoydil yordam bermoqchi ekanini sezgan Tohir uni 
yengidan oldi-yu:

Bu yoqqa yuring, – dedi. Mamatni novvoyxonaning yo‘lagiga 
olib kirdida, ichkaridan to‘rtta non olib chiqdi.


109

Oling! Siz bu yerga nonga kelgan edingiz.
Mamat nonlarni titroq qo‘llari bilan olib, qo‘yniga tiqdi. Issiq 
bug‘doy nonning hidi va taftidan og‘ir-og‘ir nafas olib, ustma-ust 
yutindi. U har qancha och bo‘lsa ham Tohirning oldida darhol non 
kavshashdan o‘zini tutdi. Faqat nonning hididan mast bo‘lganday 
ezma-lanib gapira boshladi:

Nonday aziz bo‘ling, uka. Biz ko‘rgan kunlarni hech ko‘rmang. 
Qo‘ldan berganga qush to‘ymas. Jotib jesang bu non ikki kunga ham 
jetmaydi. Lekin men shuning kuchi bilan qishlog‘imga jetib olaman. 
Ana u tovning orqasida og‘a-inilarim bor. Biz o‘zbekning qo‘yanquloq 
urug‘idanmiz. Qishlog‘imga jetib borsam, bir-ikki qop g‘alla tovib 
kelaman. Lekin bo‘sh qop tik turmas ekan, uka. Bitta cho‘bir otim bor 
edi, kuzda so‘yib jeb qo‘ydik. Piyoda ketay desam, och odam tovda 
jig‘ilib sovuqda qotib o‘laman, deb qo‘rqdim. Mana en-di qo‘rqmasam 
bo‘ladi...

Men sizni qayerdan topamen? – dedi Tohir unga avvalgi 
va’dasini eslatib.

Ko‘nchilik guzarida uyim bor. Mamat polvon desangiz, hamma 
biladi. Bir vaqtlar polvon edik, uka. Mana endi gavdamizni zo‘rg‘a 
ko‘tarib juribmiz.

Esingizda bo‘lsin, qizning oti Robiya.
Mamat polvon bu nomni bir-ikki takrorlab xotirasiga joylagach:

Agar xabari chiqsa, sizni qayerdan tovaman? – dedi.

Qosimbekning navkarimen. Otim Tohir.

Xo‘p, Tohirbek, men sizni qidirib tovamen. Bizning odam-
lar sizga jamanliq qilgan bo‘lsa, siz menga jaxshiliq qildingiz. Bu 
jaxshilig‘izni albatta qaytaraman. Xayr! Tohir uning orqasidan qarab 
qoldi. «Quvada ukasining balchiqqa botib o‘lganiga men sababchi 
bo‘lganimni bilsa nima qilarkin?» deb o‘ylandi.
Mamat esa nariroqqa borib shosha-pisha qo‘yniga qo‘l tiqdi-yu, 
issiq nondan bir burda uzib olib, tez og‘ziga soldi.
Andijonlik bek va navkarlar «Samarqandni olsak hamma mush-
kullarimiz oson bo‘ladi», deb o‘ylagan edilar. Biroq eng katta ishkal-
liklar Samarqand olingandan keyin boshlandi. Uch ming kishilik 
qo‘shinning besh-olti ming ot-ulovi bor. Qahraton qishda qamaldan 
abgor bo‘lib chiqqan shaharda na ochlarni to‘ydirib bo‘ladi, na 
qo‘shinga oziq-ovqat yetkazib bo‘ladi, na otlarni yem-xashak bilan 
ta’minlab bo‘ladi. Shahar darvozalari ochilgan, bu yog‘i O‘ratepagacha, 
bu yog‘i Qarshigacha barcha tomonlarga tuya karvonlari jo‘natilgan, 


110
bozor va rastalarni tiriltirish uchun turli choralar ko‘rilayotgan bo‘lsa 
ham poytaxtda hayot hali-beri izga tushadiganga o‘xshamas edi. Sa-
marqand so‘nggi yillarda ko‘p marta qo‘ldan-qo‘lga o‘tib, dahshatli 
talon-torojlardan qashshoqlanib qolgan edi.
– Bu mushkulotlar ko‘z ochib-yumguncha o‘tib ketgay,– deb, 
mashvaratlarda Boburning ustozi Xo‘ja Abdulla andijonlik beklarni 
sabr-qanoatga chaqirar edi:– Bahor yaqin, pishiqchilikka yetsak, og‘ir 
kunlarni ko‘rmagandek bo‘lib keturmiz. Tanqisliklar o‘tur, ammo bu 
yog‘i Qarshiyu Shahrisabzgacha, u yog‘i O‘shu O‘zgangacha – shun-
day ulug‘ mamlakat qolur. Tangrim bizga shunday katta kishvarni in-
oyat qilgani uchun, biz Samarqandday olamshumul dorussaltanaga 
muyassar bo‘lganimiz uchun shukronalar aytmog‘imiz kerak. Bobur 
mirzoning orzulari shulkim, Movarounnahr yana Ulug‘bek davridagi 
kabi birlashsa, poytaxt asliga qaytsa, hamma viloyatlar hamjihatu 
obod bo‘lsa. Amirzodamning bu orzulari sizu bizning muqaddas 
maqsadimizdir. Ilohi omin, parvardigori olam bizni bu maqsadimiz-
ga ham yetkazsin!
Bu gaplar Xonqulibek va Ahmad Tanbalga o‘xshagan beklarning 
g‘ashiga tegsa ham, ular mashvaratga to‘plangan boshqa beklar qa-
tori:
– Ilohim omin! – deyishib, yuzlariga fotiha tortadilar. Chetdan 
qaragan odam buni yakdillik belgisi deb o‘ylaydi.
Ammo beklar mashvaratdan yangi bir vazifani zimmalariga olib, 
uy-uylariga
tarqalganlaridan keyin xilvatda ikkita-uchtadan bo‘lib olib, 
g‘iybatga tushib ketishadi:
– Xullasi kalom. Bobur mirzongiz Ulug‘bekdek ulug‘ odam 
bo‘lmoqchi ekanlar-da, Ahmadbek? – so‘raydi Xonqulibek istehzo 
qilib.
Ular baxmal ko‘rpa yopilgan issiq sandalning ikki chetida o‘tirib 
kechki taomni birga yemoqda edilar. Ahmad Tanbal qazidan bir par-
ra olib, kinoya bilan kuldi:

Ha, Bobur mirzoingiz ulug‘ odam bo‘lishlari uchun yana birgina 
narsa yetmay turganmish...

Xo‘sh?

Bugun mashvaratda aytdilar-ku! Samarqand dehqonlari 
ocharchilikda urug‘lik donlarini yeb qo‘ygan emishlar. Biz Qarshiga 
karvon yuborib olib kelgan donlarimizni dehqonlarga qarz berur em-
ishmiz.


111

Dard ustiga chipqon!

Iloj qancha, Xonqulibek! Yosh podshohimiz ulug‘ bo‘lishlari 
uchun hammasiga chidaysiz. Yana bu kishim Samarqandga kuyovlar, 
qalliqlari bor. Domod raiyyatga o‘zlarini yaxshi ko‘rsatmoqlari zarur. 
Bu ham yetmaganday, yosh podshohimiz har haftada shoirlarni 
to‘plab mushoira o‘tkazmoqdalar.

Shoir ham bo‘lmoqchilar shekilli-da!

Ha, bizning nasibamizga qayoqdagi shoirlarni ham sherik qil-
ganlari ana shu sababdan! Xazinadagi oltinlarni sovurib, qator-qator 
qimmatbaho kitoblar olishlari ham ana shundan!
Xonqulibek soqolini g‘ijimlab:
– Etak silkib Andijonga ketay desam, ruxsat bermaydir, – dedi. – 
Tangri haqqi, Boburingizdan to‘ydim, Ahmadbek!
Ahmad Tanbal zaharxanda qilib kuldi-da, o‘rnidan turib eshikni 
zichlab yopdi. Joyiga kelib o‘tirgach:

Xonqulibek, – deb tovushini pasaytirib gapira boshladi, – beklar 
bo‘masa, podshohlarning ilkidan hech ish kelmaydir. Navkarning 
ko‘pchiligi bizniki. Jangni biz qildik. Azobni biz tortdik. Endi bunday 
mute bo‘lib, yosh yigitchadan ruxsat so‘rab o‘tirmog‘imiz ne kerak?

Gapingiz rost! – shivirladi Xonqulibek. – Podsho bo‘lsa o‘ziga! 
Ruxsat bermasa bermasin, men baribir keturmen!

Men ham bu yerda xor bo‘lib yurmoqchi emasmen. Omon 
bo‘lsam, podshoh topilur. Axsida Jahongir mirzo bor. Buxoroda Sul-
ton Ali mirzo bor. Bularning urug‘i ko‘p. Hammasiga sizu bizdek 
beklar kerak. Sizga mening maslahatim – Andijonda ko‘p turmang. 
Ilikka tushib qolursiz.

Axsiga boraymi?

Ha, Axsida Uzun Hasanga uchrang. Sizni Jahongir mirzoning 
xizmatiga olur.

Olurmikin? Balki Jahongir mirzo Boburga qarshi borolmas?

Sizu bizday beklari ko‘paysa borur! Jahongir mirzo Andijon tax-
tiga ishqiboz...
... Ikki bek shu kuni gapni bir joyga qo‘ydilaru ertasi kuni kechasi 
Ahmad Tanbalning ishonchli odamlari Feruza darvozasida soqchi-
lik qilayotgan paytda Xonqulibek elliktacha navkari bilan sekin shu 
darvozadan chiqib qochdi. Oradan bir hafta o‘tgach, Ahmad Tanbal-
ning o‘zi Zominga karvonni kuzatib borish bahonasi bilan navkar
-
larini ergashtirib ketdi-da, Samarqandga qaytmay, to‘g‘ri Axsiga yo‘l 
oldi. Shundan keyin shahardan tashqariga zarur ish bilan yuboril-


112
gan bek va navkarlarning qaytib kelmaslik hollari tobora ko‘paya 
boshladi. Kechalari qal’a devorlaridan oshib tushib qochayotganlar 
buning ustiga qo‘shildi. Qishning oxiriga borib, Samarqandga Bobur 
bilan kelgan bek va navkarlarning yarmi ham qolmadi. Odami juda 
siyraklashib qolgan Bobur ketganlarni qaytarib kelish uchun eng 
sodiq beklardan birini Andijonga yubordi. Biroq oradan yigirma kun 
o‘tgach, bu bekni Ahmad Tanbal va uning tarafdorlari Andijon bilan 
Axsi oralig‘ida tutib olib o‘ldirganligi haqida xabar keldi. Farg‘ona 
vodiysida yomon bir fitna boshlanganiga endi shubha yo‘q edi.
Fitnachi beklarning bir qanchasi Xo‘ja Abdullaga qo‘l berib, unga 
murid bo‘lganliklari ma’lum edi. Bobur Qosimbek bilan maslahat-
lashib, oxiri Xo‘ja Abdullani Andijonga yubordi. Bobur taxtga o‘tirgan 
kezlarda Xo‘ja Abdullaning gapiga kirgan Uzun Hasan va boshqa 
fitnachi beklar bu gal uning nasihatlariyu va’dalariga mutlaqo quloq 
solmadilar. Nihoyat, fitnachilar Andijonga hujum qildilar. Xo‘ja Ab
-
dulla boshliq sodiq beklar shahar darvozalarini berkitib, qamalda 
qoldilar.
Bu mudhish xabar Samarqandga yetib kelganda Bobur qattiq be-
tob bo‘lib, Bo‘stonsaroyning ikkinchi qavatidagi xobgohda isitmalab 
yotgan edi. Andijondan kelgan chopar o‘ram qilib so‘rg‘ichlangan 
maktubni yasovulga ko‘rsatdi-yu, ammo bermadi:
– Hazrati xonim «amirzodaning o‘z iliklariga bering», deb buyur-
ganlar!
Bobur har kuni necha qayta: «Andijondan chopar bormi?» – deb 
so‘rar edi. Yasovul choparni darhol yuqoriga boshladi.
Xobgoh eshigi oldida ularni Boburning shaxsiy tabibi bo‘lgan ki-
chik jussali mo‘ysafid to‘xtatdi:

Bu kitobatni avval Qosimbek o‘qimoqlari kerak. Agar xushxa-
bar bo‘lsa, keyin amirzodamga berursiz.

Onalari, buyurganlar, ustodlari Xo‘ja Abdulla ham tayinlagan-
lar, amirzodamning o‘zlari o‘qimoqlari kerak.

Yomon xabar Mirzo hazratlarini xarob qilishi mumkin! – dedi 
tabib kuyunib. – Asli o‘zlari tumovlab tuzalish arafasida edilar. Tash-
vish ustiga iztirob, iztirob ustiga kulfat, hammasi qo‘shildi-yu, muo-
lajani oxiriga yetkazmay turib ketdilar. Mana bugun uzlikib ahvollari 
og‘irlashib yotibdilar!

Andijon xavf ostida. Agar tezroq bildirmasak, keyin kech bo‘lur, 
bizdan norozi bo‘lurlar!

Yo‘q, men hozir ijozat bermaydirmen!


113

Janobi tabib... -Yo‘q,yo‘q!
Bu bahs ichkarida yotgan Boburning qulog‘iga chalindi. U baland 
tovush bilan:
– Chopar bo‘lsa kirsin! – deb buyurgandan keyin, tabib choparga 
yo‘l berdi. Bobur katta tanobiy xonaning to‘rida yerdan bir gazcha 
baland qilib solingan parqu to‘shakda yotgan edi. Chopar to‘shakdan 
ancha berida yukundi-da, tizzasida sirg‘alib borib, maktubni Boburga 
ikki qo‘llab uzatdi.
Isitmaning zo‘ridan bo‘g‘riqib yotgan Bobur yonboshga turib, 
maktubni titroq qo‘llari bilan ochdi. Ichma-ich ikkita xat. Birida Xo‘ja 
Abdullaning imzosi. Birini Qutlug‘ Nigor xonim yozgan. Ular ikkovi 
ham Andijonning dahshatli ahvoli, qamal tafsilotlari haqida yozish-
gan. Boburdan boshqa najotkorlari yo‘qligini aytishib, tezroq yetib 
kelishini iltijo qilishgan edi.
Andijon qurshovda! Fitnachi beklar Andijon taxtiga Jahongir 
mirzoni o‘tkazmoqchilar. Ahmad Tanbalni lashkarboshi qilishib, 
Boburdan ota yurtini tortib ol-moqchilar! Bobur ularni bunchalikka 
boradi, deb hech o‘ylamagan edi. To‘satdan uning ustidan bir chelak 
sovuq suv quyilganday bo‘ldi-yu, a’zoyi badani muzlab, bo‘shashib, 
boshi yostiqqa «shilq» etib tushdi. Tamom!
Tanbal bilan Jahongir g‘alaba qilsa, ularning tomoniga qochib 
o‘tuvchilar yana ko‘payadi. Bobur kim bilan qoladi? Balki hozir ham 
Tanbal tomonga qochib o‘tayotganlar bordir? Balki Qosimbekning 
o‘zi ham... Kutilmaganda xayoliga kelgan bu o‘ydan Bobur shunday 
dahshatga tushdiki, butun kuchini to‘plab, o‘rnidan sapchib turdi:

Qosimbek qani??!

Hozir kelurlar, odam yubordik, – dedi tabib muloyim tovush bi-
lan. – Amirzodam, yoting, sizga orom kerak!
Boburning xasta xayolida birdan qilich tutgan Tanbal gavda-
landi. Bobur bu qilichni tanidi. O‘shda Tanbal shu qilichni o‘pib, «to 
o‘lgunimcha sodiq qulingizman», degan edi. Tanbal o‘sha qilichni 
hozir go‘yo Boburning boshi ustida o‘ynata boshladi... Tanbalning 
oyog‘i os-tida tog‘dan xurjunga solib kelingan kallalar yumalab yotip-
di. Ularning biri tanishga o‘xshadi. Qutlug‘ Nigor xonimning boshi... 
Bobur alahsirab ko‘z oldiga keltirgan bu qo‘rqinchli xayol uni go‘yo 
to‘shakdan otib yubordi. U gilam ustida ichki kiyimda oyoq yalang 
turganicha:

Shamshirni bering! – deb qichqirdi. – Menga shamshirni bering! 
Tabib uni mahkam quchoqlab oldi:


114

Amirzodam, xastasiz, yotmog‘ingiz kerak... Amirzodam! – Tabib 
Boburni go‘yo Tanbalning qilichiga tutib bermoqda edi. Bobur uning 
quchog‘idan yulqinib chiqib eshikka intildi:

Ot keltiring! Men Andijonga boramen! Shamshir qani? Beklarga 
xabar bering! Tezroq tayyorlansinlar!
Tabib uning ketidan yugurdi. Dastorpech Boburning kimxob 
to‘nini olib borib yelkasiga yopdi, oyog‘iga kavushini berdi. Bobur 
kavushning bir poyini kiydi-yu, ikkinchisini kiyishga toqati yetmadi. 
Uning boshi gir-gir aylanar, havo yetishmay, nafasi qisilar edi. Ko‘z 
oldida hamon o‘sha qonli qilich va kesik kallalar.
– Xoin! – dedi u Tanbalga qarata. – Qonxo‘r!
Bobur ayvon eshigiga qarab chopdi. Lekin eshik oldida gandirak-
lab yiqildi. Tabib bilan dastorpech uni behush ahvolda to‘shakka 
ko‘tarib kelib yotqizishdi. So‘ng u yarim kechaga borib sal hush-
iga keldi. Ko‘zini ochib, og‘ziga paxtadan suv tomizayotgan tabibni 
ko‘rdi. Nazarida, tili shishib, shunday katta bo‘lib ketgan ediki, butun 
tanasini tog‘day bosib yotardi. Bobur ko‘zini ochganini sezib, Qosim-
bek uning tepasiga keldi:
– Xayriyat-e!.. Amirzodam, bizni muncha qo‘rqitdingiz?
Bobur ko‘zlari mo‘ltirab nimadir demoqchi bo‘ldi, ammo behad 
og‘irlashib ketgan tilini qimirlatolmadi.
– Endi yaxshimisiz, amirzodam?
Bobur jim. Qaraydi-yu, gapirolmaydi. Uning tildan qolganini sez-
gan Qosimbek ko‘zidan tirqirab chiqqan yoshni ko‘rsatmaslik uchun 
yuzini chetga burdi.

Yüklə 1,78 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   39




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©genderi.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə